Navoiy davrining nuktadon munaqqidlaridan biri – Zaynuddin Mahmud Vosifiyning naql qilishicha, hazrat Mir Alisher Navoiy «she’rshunoslikni shoirlikdan ham ulug‘ sifat» deb qadrlagan ekanlar (Zaynuddin Mahmud Vosifiy. «Badoyi’-ul-Vaqoye’». Tsh., 1979, 126-bet. (Ushbu maqola muallifining izohi)). Bir she’r o‘qib mag‘zini chaqish, uning qatida yotgan inja sirlaridan ogoh topib, buni boshqalarga anglatish salohiyati chindan ham ulug‘, har kimga ham nasib qilavermas xislatlardandir. Lenin yolg‘iz birgina she’r tahlili bilan cheklanib qolmay, butun she’riyatning go‘zalliklari, uniig sohir siru asroridan xabar topib, o‘z zamondoshlarini ham nafis adabiyot dunyosiga yetaklash shoir aytgan ulug‘ sifat – «fikri komil»lik bilan birga yuksak fasohat ham talab qiladi. «Fasohat, - deb yozadi nozik she’rshunoslardan biri Botirxon Akrom, - she’riy nutq go‘zalligi, uning xos inja qonun-qoidalari»dir (Botirxon Akrom. «Fasohat mulkining sohibqironi». Tsh., 1991, 5- b. (Ushbu maqola muallifining izohi)). Biroq adabiyotshunos uchun «yuksak fasohat» bilan barobar o‘zi tagiga yetgan «mantiqi solim»ni ommaga tushuntirishda go‘zal til va betakror uslub ham darkor ekanki, buni professor Fitratning nazariyotchi olim sifatidagi tajribasi dalillaydi. Bundan oltmish besh yil avval tartib berilgan «Adabiyot qoidalari»ga (Fitrat. Adabiyot qoidalari. Adabiyot muallimlari ham havaslilari uchun qo‘llanma. Tsh., 1926. (Ushbu maqola muallifining izohi)) taqriz yozgan Oybek domla olimdagi o‘sha salohiyatni nozik ilg‘aydi: «... kitobning yana bir xususiyati adib Fitratning jozib, go‘zal uslubidir» (Oybek. «Adabiyot qoidalari». «Qizil O‘zbekiston», 1926 yil 3 dekabr. Oybek. Mukammal asarlar to‘plami. XIV tom, Tsh., 1979, 40 -bet. (Ushbu maqola muallifining izohi)). Xullas, o‘z davrida «maktab o‘quvchilari uchun go‘zal qo‘llanma bo‘lgan» (Oybek taqrizidan) esa-da, 20-yillar beto‘xtov «adabiy janjal»larining qahramonlaridan biri sanalgan mu’jazgina bu risolaning sifatlaridan so‘z ochishdan avval o‘sha davr adabiy hayotiga qisqa nazar solaylik.
O‘zbek adabiyoti, xususan, dramaturgiyaning tamal toshini qo‘ygan, g‘animlar qo‘lida bevaqt shahid bo‘lgan Behbudiyning hali tuprog‘i sovimay turib, unga ta’na va dashnom toshlari yog‘ildi. O‘zbek romanchilik maktabini yaratgan Abdulla Qodiriy «O‘tkan kunlar»ini to‘la nashr etmay turib, «ur-kaltaklar» ostida qoldi. She’riyatda Cho‘lpon yog‘dusi charaqlab nur socha boshlaganda, uning anvoridan ko‘zi qamashgan kimsalar «tanqid» niqobi ostida uni toshbo‘ron qila boshladi. Fitratday atoqli olim va adibni Moskvaga (Manba’da goho «Moskva», gohida «Maskov»tarzida keladi. (Sh.R.)) surib, bir oz nafasini rostlagan hamkasblari yana qayta hujumga o‘tgan 20- yillarning o‘rtalari edi bu davr. Adabiy tanqid esa, yangi bosilib turgan badiiy asarlarni kitobxon hali o‘qib ulgurmay turib, «marksistik ustanovka»dan turib tekshirishga kirishgan va «sovet turmush tarzi»ni yaxshi aks ettirmagani uchun ular tagiga suv quyish bilan band edi.
Ana shu to‘fonli kunlarda adabiyot nazariyasi sohasidagi dastlabki kurtaklar A.Sa’diyning o‘rta maktablar uchun yozgan darslik va maqolalari, (A.Sa’diy. «Amaliy ham nazariy adabiyot darslari». Tsh., 1924; «Go‘zal san’at dunyosida», «Inqilob, 1922, 2- son; «Adabiy ijod maydonida», «O‘zgarishchi yoshlar», 1924, 7- son. (Ushbu maqola muallifining izohi)) V.Mahmudning «Bugungi she’rlarimiz va san’atkorlarimiz» nomli turkum chiqishlari (V.Mahmud. «Bugungi she’rlarimiz va san’atkorlarimiz». «Maorif va o‘qituvchn, 1925, 3- son. (Ushbu maqola muallifining izohi)) kuzatildi.
Otajon Hoshimning dastlabki tadqiqotlari (Otajon Hoshim. Dialektika va dialektik usulda o‘ylash «Maorif va o‘qituvchi», 1925 3- son. (Ushbu maqola muallifining izohi)) «O‘zbek adabiyotining hozirgi muhim masalalaridan» so‘z ochishga jur’at etgan Sotti Husaynning ilk maqolalari (Sotti Husayn. O‘zbek adabiyotining hozirgi muhim masalalari «Qizil O‘zbekiston», 1929, 25, 28 yanvar. (Ushbu maqola muallifining izohi)) e’lon etila boshladi. Biroq hali bu tadqiqotlar juda g‘o‘r, o‘z milliy adabiyotshunosligi to‘plagan ming yillik tajribani ayrim G‘arb mafkurachilarining «ijtimoiy g‘oya»lariga ayirboshlab, san’at tabiatidan uzoq tushunchalarni go‘zal san’atlar dunyosiga bog‘lash uchun bosh qotirayotgan urunishlar ekanini unutib bo‘lmaydi. Bu kabi maqola va ishlarni eslagan sayin (biz ularning ayrimlarinigina keltirdik), ular orasida Fitrat kitobining o‘rni aniqroq ko‘rinadi va sezgir kitobxon, Fitrat yozganday, ixcham bir nazariy umumlashmalar beradigan qo‘llanmaga ehtiyoj tug‘ilganini ilg‘ab oladi.
Bundan tashqari, bu davrda maktab va maorif sohasida ham fidoyi millatparvar adiblarning adabiyotdan «dars kitoblari» yaratildi, chunonchi, A.Avloniyning «Birinchi muallim», «Ikkinchi muallim», Hamzaning «O‘qish kitobi», «Qiroat kitobi» darsliklari, mumtoz va hozirgi adabiyotdan saboq beradigan bir necha bayoz va majmualar jamlandi (Elbek, «Armug‘on». Tsh., 1921; «Go‘zal yozg‘ichlar». Tsh., 1924. (Ushbu maqola muallifining izohi)). Vaqtli matbuot sahifalarida «yangi zamon shoirlari»ning saboq bo‘larli she’rlari bosilib turdiki, bularning hammasi qandaydir ibtidoiy tarzda bo‘lsa ham biror ilmiy risolada nazariy jihatdan umumlashtirilishi lozim edi. Bu davr ehtiyojiga qo‘llanmadan javob topgan Oybek: «bu kitob hozirgi adabiy hayotimizning sust davrida muhim bir narsadir. Adabiyot darsliklariga ehtiyoji zo‘r bo‘lgan maktablarimizga har holda birmuncha yordam ko‘rsatdi», deb yozadi. (Oybek. «Adabiyot qoidalari», Mukammal asarlar to‘plami, XIV jild, 40- b. (Ushbu maqola muallifining izohi)).
Davr ehtiyojidan tashqari, Maskovdan (Manba’da goho «Moskva», gohida «Maskov»tarzida keladi. (Sh.R.)) professor bo‘lib qaytgan, 40 yoshlar bo‘sag‘asidagi yetuk olim Fitratning ijodiy yo‘lida bu kabi nazariy umumlashma kitobning tug‘ilishi qonuniy ediki, buni adibning bu davrga qadar yaratgan o‘ndan ortiq she’riy va nasriy kitoblari, falsafiy-axloqiy yo‘nalishdagi risolalari dalillaydi. Qolaversa, bu yorqin iste’dod sohibi o‘zining ziddiyatli hayot yo‘lida teatr ishqibozligidan o‘nga yaqin «tomosha» asarlari sahnaga chiqqan mashhur dramaturg, jurnal va gazetalarni yashirin o‘qib yurgan oddiy gazetxondan bir necha nashrlar muharriri, madrasadagi toliblikdan Buxorodagina emas, balki Istanbul, Maskov va Peterburgdagi oliy ilmgohlarda ma’ruzalar o‘qigan mudarris, oddiy jadidchilikdan jumhuriyat Nozirlar kengashi raisining muovinigacha bo‘lgan mas’ul vazifalarda ishlagan tashkilotchi bo‘lib ham tanildi. Shular bilan birga Fitrat bu davrga qadar adabiyotshunoslikka oid talaygina tadqiqot va maqolalar yaratib ham ulgurdiki, o‘z navbatida, «Adabiyot qoidalari» uchun o‘ziga xos xamirturush vazifasini o‘tagan ilmiy ishlarning asosiylarini shu o‘rinda eslash joiz ko‘rinadi. Fitrat 1917 yilda «ibtidoiy maktablarning so‘ng sinf o‘quvchilari uchun» darslik tayyorlab, (Fitrat. «O‘quv. Ibtidoiy o‘rta maktablarning so‘ng sinflari uchun». Boku, 1917. (Ushbu maqola muallifining izohi)) unda adabiyotning eng umumiy va asosiy jihatlarini bayon etdi. Unga Navoiy, Bobur kabi mumtoz shoirlar ijodidan tortib, XX asr o‘zbek adabiyoti vakillarigacha namunalar kiritib, adabiyotdan o‘ziga xos «saboqnoma» tayyorladi.
1918 yili Fitrat tashkil etgan «Chig‘atoy gurungi» to‘garagi til, imlo va san’at masalalari bilangina cheklanmay, Chig‘atoy adabiyotining vujudga kelganidan tortib, uning zamonaviy ko‘rinishigacha bo‘lgan ulkan tarixini dunyoga tanitishda jiddiy faoliyat ko‘rsatdi. Olimning «She’r va shoirliq» adabiy mubohasasida (Fitrat. She’r va shoirlik «Ishtirokiyun» 1919, 24, 25 iyul, 1, 30 avgust. (Ushbu maqola muallifining izohi)) «she’rni she’r qilgan vazn va qofiyagina emas, uning go‘zallik qonuniyatlariga asoslanadigan qator badiiy sifatlari borligini» tushuntirdi.
Ayni shu yillarda turkiy xalqlar yaratgan boy ma’naviy merosini to‘plash, o‘rganish va nashr qilish harakati boshlandi. Bu faoliyatning ilk mevasi sifatida «Insoniyat haqida Navoiy qanday fikrda?» risolasi dunyoga keldi (risolada muallif nomi kursatilmagan bo‘lsa-da, uning uslubi va zamondoshlarining shahodatlaridan kelib chiqib, bu asar Fitrat qalamiga mansub ekanini isbotlashga urungandik) (Insoniyat haqida Navoiy kanday fikrda? «Musulmon ishtirokiyun firqalarining o‘lka byurosi huzuridagi nashriyot sho‘basi». Tsh., 1919. Bu haqda qarang: H.Boltaboyev. «Mir Alisher Navoiy Fitrat talqinida» «O‘zbek tili va adabiyoti», 1992, 1-son. (Ushbu maqola muallifining izohi)). Risolada Navoiy njodi, inson mavzusi borasidagina emas, balki Navoiy va tasavvuf, Navoiy va badiiy ijod, shoirning san’atkorligi xususida ham chuqur kuzatishlar mavjud. Fitratning Maskovdalik davrida ulug‘ Sharq Mutafakkiri haqida «Bedil» badihasi chop qilinadi (Fitrat, «Bedil» (Bir majlisda). Moskva, Millat ishlari Komissarligi qoshidagi markaziy «Sharq» nashriyoti, 1923. (Ushbu maqola muallifining izohi)). Asarda muallif ma’naviy hayotimizda keng tarqalgan «bedilxonlik» tasviri bahonasida ulug‘ shoirning falsafasi, tasavvufga munosabati, u yozgan asarlarning tasnifi, shoirona uslubini g‘oyat noziklik bilan tahlil etib, chuqur xulosalarga keladi. Bu kitobda muallif bayon qilgan nazariy umumlashmalar doirasi birgina Bedil ijodi doirasida qolib ketmaydi: «Bedil mutafakkir bir adibdir. Uning so‘zlarida biz uchun unumli ko‘p fikrlar bor.
Har narsaga yuzadangina qarab hukm qilguvchi bizlar bunga ham yuzadangina qaraymiz. Uning so‘zdagi ustaliklariga, kuchiga, hunariga, o‘yinlariga berilamiz. Butun «voy-voy»larimiz, «ofarin»larimizni Bedilning so‘zlari uchungina aytamiz. Uning tub fikrlarini esa, hech tushunmaymiz yo tushunmak istamaymiz. Bedilning biz uchun-da, o‘zi uchun-da muhim fikrlarini ajratmoq, tortib ko‘rmok, saralamoq, munoqasha qilmoqni kerak topmaymiz» (Fitrat, «Bedil» 10-11- betlar. (Ushbu maqola muallifining izohi)). Fitratning bu istehzosidan seziladiki, badiiy asarni tushunish faqat undan ta’sirlanish, zavq olish uchungina emas, balki uning zamiridagi fikrlarni aql tarozusida tortib ko‘rmoq, uni zamondoshlari ijodi bilan muqoyasa qilib, shoirning «tub tilak»lari orqali ifodalanayotgan haqiqatni topmoq va boshqalarga anglatmoq hamdir. Fitrat Bedil asarlari tahlilida bunga erishgan bo‘lsa ham, endi ana shu she’riyat masalalarini keng miqyosga olib chiqish va badiiy asar tahliliga oid shaxsiy tajribalarini o‘z zamoni bilan payvandlab, kitob shaklida umumlashtirishga jur’at etdi.
Adib «Adabiyot qoidalari»da ko‘proq maqsadni badiiy asarning tahliliy jihatiga qaratadiki, kitobning asosini tashkil etgan bu masalani ham taqrizchi Oybek yaxshi sezgan: «Kitobdagi materiallar sistematik tuzilib, adabiyot qoidalari to‘g‘risida ma’lumot berilgan ham yangi shoirlarimizning parchalari bilan cheklanmasdan, o‘rtoq Fitrat Navoiy, Bobur ... kabi eski shoirlarimizdan ham misollar olgan va durustgina tahlil etgan» (Oybek. Mukammal asarlar to‘plami, XIV jild, 40- b. (Ushbu maqola muallifining izohi)). * «Adabiyot qoidalari» muallifning san’atga bergan ta’rifi bilan ochiladi. Albatta, bu ta’rif san’atga njtimoiy ong shakllaridan biri deb qaragan ma’lum nazariyani takrorlamaydi. Chunki, Fitrat san’atni bir yoqlama mafkuraviy nigoh bilan tahlil etish uning boy va go‘zal imkoniyatlarini cheklab qo‘yishini yaxshi tushunadi. Shuning uchun ham garchi u Maskovdalik davrida materialistik dunyoqarashga yaqinlashgan bo‘lsa ham, masalaga u san’atning kelib chiqishi nuqtai nazaridan, bugungi ilmiy ibora bilan aytganda, istorizm nuqtai nazaridan kelib chiqib yondashadi. Fitrat san’atning asosiy xususiyati sifatida boshqalar ma’naviyatiga «ta’sir etishi»ni tayin qiladi va san’at asarining kuchi kitobxonni qay darajada to‘lqinlantirishiga bog‘liq degan (garchi ibtidoiy bo‘lsa-da talablar bilan yondashadi). Bu fikrlar garchand kitobda o‘ta qisqa va bir oz hukmnoma tarzda bayon etilgan bo‘lsa-da, adibning bu mavzuga yana qaytib, alohida maqola e’lon etganini uning o‘quvchilari yaxshi bilishadi (Qarang: Fitrat. «San’atning manshai» (kelib chiqishi – H.B.) «Maorif va o‘qituvchi», 1927, 5- son. (Ushbu maqola muallifining izohi)). Biroq, munaqqidlar, hatto kitobning eng asosiy jihatlarini yaxshi tushunib, unga o‘rinli baho bergan Oybek ham Fitratni ayni mana shu masalada ayblaydi: «Fitrat san’at va adabiyotga bu kungi ko‘z bilan (markscha) qaramagan. Biz butun hodisalarni marksizm prizmasi orqali ko‘rishimiz, tekshirishimiz, marksistcha ijtimoiy tahlil (marksistsko-sotsiologicheskiy analiz) qilishimiz lozimdir. Hodisalarning sirlarini oydinlatadigan yolg‘izg‘ina shu metoddir» (Oybek, Mukammal asarlar tuplami, XIV jild, 41-b. (Ushbu maqola muallifining izohi)).
Fitrat san’at turlari haqida so‘z yuritib, ular uchun umumiy bo‘lgan jihatlarni («yurak, fikr, tuyg‘u to‘lqinlarini... jonlantira chiqarib, boshqalarda ham shu to‘lqunni yoratmoq hunari») ajratib ko‘rsatadi, ilmiy adabiyot ta’biri bilan aytganda, san’atning hissiy (ekspressiv) jihati, ya’ni obrazlilik uning barcha turlarida aks etishi ta’kidlanadi. Fitrat ta’biricha, san’at turlari qanday qilib o‘sha to‘lqunni (hissiyot to‘lqini, obrazni) yaratayotganiga, yana ham aniqrog‘i, o‘sha «to‘lqun» yaratuvchi vosita va qurollarga («so‘z, tovush, bo‘yov («Bo‘yoq»? (Sh.R.)), shakl, harf, harakat kabi materiyollar») ahamiyat beradiki, hozirgi adabiyotshunosligimiz ham san’at turlarini farqlashda ayni shu yo‘ldan boradi. Fitrat bu xususiyatlardan kelib chiqib, go‘zal san’atlarning olti turini («musiqa, rasm, haykalchilik, me’morlik, o‘yin, adabiyot») farqlaydi. Ularning «bir-biriga yoqinlashmoq e’tibori bilan ikki turkumga ayriladir» deb yozadi hamda «adabiyot, musiqa, o‘yun – bir turkum; rasm, haykal, me’morliq bir turkum bo‘lish»ligini belgilaydi. Fitrat nazariy umumlashmalarining umriboqiyligini ta’kidlashdan o‘zimizni tiysak ham, har holda u san’atga «ijtimoiy ideologiyani tashuvchi» deb qaramagan, balki amalda uning tub mohiyatini o‘rgana borib, jamiyatdagi kuch va qudratini o‘zicha his kilib, shunday nazariy umumlashmalarga kelgan deb, xulosa qilishimiz mumkin. Chunki, Fitrat san’atning turlari, xususan, so‘z san’ati bo‘lgan adabiyotga ta’rif berarkan, ko‘proq so‘z san’atining sharqona ma’nisidan kelib chiqadi va uning xususiyatlarini inkishof etishda ham asosan, Sharq she’riyatining go‘zal va boy tajribasiga tayanadi.
Kitobning asosiy bo‘limlaridan biri «yozish qoidalari» deb nomlanadi. Bunda Fitrat yozuvchining hayotga dastlabki nigohidan tortib, badiiy asarga so‘nggi nuqta qo‘yilishigacha bo‘lgan ijodiy jarayondagi asosiy bosqichlarni (mavzu, mundarija, tartib, ifoda va uslub) belgilaydi. Albatta, badiiy asar tahlilida shakl va mundarijaning uzviy birligiga va uni tashkil etgan har bir tomonning uzvlari (mundarija-mavzu, g‘oya va masala; shakl esa, obraz, syujet, kompozitsiya va badiiy til) munosabatiga asoslanib yondoshadigan hozirgi adabiyotshunosligimiz uchun bu yo‘l ancha ibtidoiy ko‘rinishi mumkin. Biroq, Fitrat badiiy asar tahlili uchun yo‘riqnoma berayotgani yo‘q, balki «zehniy yumush»ning natijasi o‘laroq dunyoga keladigan ijod jarayonini tushuntirishga harakat qilyaptiki, bu yo‘nalishda muallif keltirgan bosqichlar va ularning o‘zbekona istilohlar bilan atalishi e’tiborga loyiqdir: g‘oya – tilak, tartib – syujet, ifoda – shakl va hokazo.
Masalaning mohiyati har bir tushunchaga munosib so‘z (atama) tanlab, ifoda qilishdagina emas, balki o‘sha ifoda orqali hodisa yoki tushunchani kitobxonga ochiq va lo‘nda qilib tushuntira bilishdadir. Fitrat bu o‘rinda faqat ta’rif berish bilan cheklanmay, badiiy asarning go‘zalligi va butunligini ta’minlagan xususiyatlar ayni mana shu «mavzu tollash», «mundarijani tayin etish», «adib tilagi»ni o‘ziga mos «ifoda»lar bilan «tartib»li hamda betakror «uslub»da aks etishi lozimligini ham talab qiladi. Bu jarayonda o‘sha talabga rioya qilmaslik, ya’ni me’yorning buzilishi qanday «ifrot» (chegaradan chiqish)lar yetkazishini aytadi: «bu turli yozilg‘an hikoyalar, dostonlar bir turli, bir tusda, o‘zgarishsiz, harakatsiz yurib borg‘ani uchun o‘quvchilarni bezdiradir, miyaga og‘irliq qiladir».
Qo‘llanmaning eng ahamiyatli va nazariy jihatdan chuqur yozilgan qismi uslub haqidadir. «Adabiy hayotimizning sust davri» (Oybek) bo‘lgan 20-yillarning o‘rtalarida emas, hatto hozirgi kamolot davrida ham o‘zbek adabiyotshunosligining uslubshunoslik deb atalgan qismi juda kam rivojlangan. Bir-ikki yirik ijodkorlar uslubiga bag‘ishlangan ayrim risolalarni hisobga olmaganda, keng va chuqur nazariy umumlashmalar beradigan risolalar nihoyatda ozdir.
Fitratning bundan yarim asrdan avvalroq yozilgan quyidagi satrlarini eslaylik: «Shoirning xayol, o‘y, tushunish shakllari tugal, komil bo‘lg‘ach, o‘ziga yarasha uslubi ham borliqqa chiqqon bo‘ladur ... bir asardagi fikrlar, ma’lumotlarning eski, boshqa shoirlar tomonidan aytilgan bo‘lishi mumkindir. Ularning eskiligini bizga sezdirmasdan, bildirmasdan ifoda qilib, uni bizga o‘quta olg‘on kuch uslubdadir.
Eski adabiyotimizda «Layli-Majnun» dostoni bor. Buni fors shoirlari, turk shoirlari necha daf’alar yozg‘anlardir. Hammasida hikoya birdir va voqea bir turlidir. Biroq forscha-turkcha bilgan bir kishi ularning forsiylaridan Nizomiyni, ondan keyin Jomiyni o‘qiydir. Xisravga kelgach, Navoiyni albatta ularga tarji’ qiladir. Fuzuliyni ko‘rgach, Navoiyning «Layli-Majnun»ini tokchaga qo‘yub, Fuzuliyni o‘qishga majbur kabi bo‘ladir. Mana bular uslubning ishidir» (Fitrat. Adabiyot qoidalari. Adabiyot muallimlari ham havaslilari uchun qo‘llanma. Tsh., 1926. (Ushbu maqola muallifining izohi)). Mana shunday sodda va aniq tushuntirishni yetmish yo‘l (Manba’da: «yo‘l» tarzida xato yozilgan; to‘g‘risi: «yil» . (Sh.R.)) davomida sog‘inmaganmidik, sog‘inib kutmaganmidik?! Hatto, ijodkor o‘ziga xosligini ham u yaratgan asarlarning «g‘oyaviy mundarijasidan kelib chiqib baholash barobarida buni sotsialistik realizmning sharofati» deb o‘rganmaganmidik. Adabiyotning, san’at asarining milliyligi uning bosh sifati ekanini bila turib, u haqda darsliklarimizning eng so‘nggi sahifalarida, shunda ham baynalmilallik va umuminsoniy jihatlardan so‘z ochish uchungina besh-to‘rtta noaniq jumla bilan cho‘chibgina yozmasmidik? Xuddi mana shunday nazariy taraqqiyotimiz davomida uslubning milliy hodisa ekani, har bir millatning dunyoni badiiy o‘zlashtirishda orttirgan o‘ziga xos tajribasi bo‘lishi mumkinligini inkor etib bo‘lganimizda, nogahon yana sahifalar qa’ridan olimning so‘zlari kutib turgan bo‘ladi: «yozg‘uvchi-adibning zehnida mavzu’ ham u to‘g‘rida ma’lumot belgili bir tilning so‘zlari, gaplari bilan ifoda etilishi kerakdir. Shuni «ifoda» etish bilan asar maydonga keladur... Bu kun Elbek, Cho‘lpon, Botu, Qodiriy, Sh. Sulaymon kabi o‘zbek adib-shoirlari bor. Bularning «ifoda»lari, albatta, o‘zbekchadir... mana bunlar har millatning ayricha bir uslubi borligini ko‘rsatadir» (O‘sha kitobda. (Ushbu maqola muallifining izohi)). Demak, uslubning milliyligi, biror-bir xalq adabiyotining milliyligi kabi hammaga oydin hol ekan. Har qanday badiiy asarning milliyligi, dastlab o‘sha millat tilida yozilgani va avvalo o‘sha millat yoki o‘sha tilda so‘zlashuvchilar uchun qaratilgani kabi hodisalarda oydinlashar ekan, o‘sha millatning voqea va hodisalar tasvirida betakror, faqat o‘sha millat egalarigagina xos ifoda yo‘sini, ya’ni uslubi borligini bila turib, «milliy uslub» tushunchasiga qarshi o‘t ochib keldik...
Fitrat biz kabi bunday ehtiroslarga berilmay, ilmiy kuzatishlarini yana ham chuqurlashtiradi: «Go‘zal san’atlarda har millatning o‘ziga maxsus uslubi bo‘lgani kabi har zamonning o‘ziga maxsus uslubi bordir... Navoiy, Bobur, Boyqarolar zamonidag‘i uslub bilan Umarxon, Fazliylar zamonidagi uslub bir emasdir… Navoiy, Bobur, Boyqaroning uch g‘azalini bir yonda, Botu, Cho‘lpon, Elbekning uch she’rini bir yonda qo‘yib qarasoq oralaridag‘i uslub boshqalig‘i ochiq ko‘rinadir»… (O‘sha kitobda. (Ushbu maqola muallifining izohi)). Bizning adabiyotshunosligimiz ayni mana shu «zamon uslubi»ni ko‘p ishladi, ishlaganda ham «o‘tmish adabiyotining qorong‘u, tuban va nursiz» ekanini tushuntirishda ayni shu tushunchadan zambarakning uni sifatida foydalandi. Biroq davr tushunchasi bilan yonma-yon ijodkor shaxs tushunchasi ham borki, busiz zamon, davr haqida fikr yuritib bo‘lmaydi. Hatto zamon uslubini belgilagan Navoiy, Umarxon, Cho‘lpon kabi shoirlarning ijodiy (Manba’da: «ijodiy» tarzida xato yozilgan; to‘g‘risi: «ijodi». (Sh.R.)) o‘ziga xosligidirki, biz «zamon uslubi»ni anglatishda, uni buyuk iste’dodlar nomi bilan qo‘shib aytamiz (Navoiy davri, Umarxon davri, Chulpon davri) uslubi kabi. Fitrat buni juda noziklik va izchillik bilan tushuntiradi: «... shuning bilan Navoiy, Boyqaro, Boburdan har birining o‘ziga maxsus bir uslubi bo‘lgani kabi Botu, Chulpon, Elbeklarning ham o‘zlariga maxsus uslublari bordir. Demak, uslub zamon bilan o‘zgargani kabi shaxs bilan ham o‘zgaradir» (O‘sha kitobda. (Ushbu maqola muallifining izohi)). Olim ijodkor shaxs usulubining (Manba’da: «usulubining» tarzida xato yozilgan; to‘g‘risi: «uslubining». (Sh.R.)) uziga xos sifatlarini, avvalo, o‘sha san’atkor yaratgan asarlarning uziga xos sifatlaridan kelib chiqib tushuntiradiki, «hatto, bir oz chuqurroq borib bir kishining sochim-tizim (nasriy va she’riy asarlar – H.B.) yozg‘anida ham uslubining o‘zgarib qolg‘anini ko‘ramiz». Bu o‘rinda Fitrat ijodkor uslubidan u qo‘llayotgan adabiy turning ifoda yo‘suniga qarab fikr yuritmoqdaki, uslubiy tahlilda bu muhim «bekat»lardan sanaladi. Bu uslubiy hodisani tushuntirishda Fitrat Navoiyning «Sahar hovar shahi uzra ...» deb boshlanuvchi g‘azali bilan «Mahbubul qulub»dan bir nasriy parcha, Boburning mashhur «Qoldimu?» radifli g‘azali bilan ayni tasvirga yaqin «Boburnoma»dan parcha keltirib, Chulponning «Tola yo‘llarida» she’ridagi tuyg‘ular tahlili bilan «Qor qo‘ynida lola» hikoyasidagi yo‘l tasvirini solishtirib: «Navoiyning uslubi tizimda hashamatli ohang bilan yuradir; sochimda esa og‘irlashib qoladir», degan xulosaga keladi. Albatta, bu xulosa Navoiyning butun ijodiga emas, tahlil etilayotgan asarlarigagina tegishlidir. Biroq, mana shu ikki asar yozilish yo‘sunini qiyosan o‘rganish oqibatidagi umumlashmalar, Navoiy boshqa asarlari tahlilida ham aks etishi mumkinligini unutmaylik. Olim esa, yana ham chuqurlashadi: «Yana bir oz ingichkarak qarag‘anda bir shoir uslubining asarning mavzu’iga ko‘ra o‘zgarganini ham ko‘ramiz. Navoiyning «Layli-Majnun»idag‘i o‘ynab qaynag‘an uslubini uning «Lisonut-tayr»ida ko‘rib bo‘lmaydir» (O‘sha kitobda. (Ushbu maqola muallifining izohi)). Demak, uslub ayrim xususiy hollarda badiiy asar mavzui bilan bog‘liq bo‘lsa ham, «biroq bu o‘zgarishlar (ya’ni: asarning shakli yo mavzu’iga ko‘ra bo‘lg‘on o‘zgarishlar) asosiy emasdir. Navoiy ham Cho‘lponning uslublari tizim-sochimda, yo mavzu’iga ko‘ra o‘zgarmak bilan ularning «o‘zlik»larini (shaxsiyatlarini) yo‘qotmaydir. Cho‘lponning Cho‘lponligi, Navoiyning Navoiyligi bu shoirlarning tizim-sochim asarlarida mavzu’ o‘zgarishiga qaramasdan ko‘runib turadir» (O‘sha kitobda. (Ushbu maqola muallifining izohi)). Olim anglamoqchi bo‘lgan haqiqatga endi yetib keldik: milliy uslub yoki zamon uslubi kabi tushunchalar uslub mavzuiga va shaklga (ifodaga) qarab o‘zgargani bilan mohiyatan shaxs, ya’ni ijodkor uslubidagina o‘zining yuksak, komil bosqichiga ko‘tarilar ekanki, bunday tushunchalararo qiyosiy tahlildan maqsad ayni o‘sha Navoiyning Navoiyligini, Cho‘lponning Cho‘lponligini tanishga kitobxonni da’vat etishdir.
Fitrat uslub tushunchasi orqali anglashimiz lozim bo‘lgan ma’no belgilarini tahlil qilar ekan, bizning adabiyotshunosligimiz orqali tushuntiradigan yuqori uslub, quyi uslub atamalarini ham qo‘llaydi va bunda «uslublari yuqori darajadagi shoirlar» (Navoiy, Boyqaro, Umarxon) bilan bir qatorda «sirtdag‘i dabdabaga ko‘ra samimiylikni sevgan, elga qaratib yozg‘an» (Yassaviy, Qul Sulaymon, Andalib) adiblar ham borligini aytadi. Garchi «bularning uslublari bilan yuqori daraja shoirlarimizning uslublari orasida ham tog‘lar qadar ayirma, boshqaliq» bo‘lsa ham, olim hech vaqt ularni o‘zaro qarama-qarshi quymagan, birini suyib, «yuqori» deb, ikkinchisini «tuban» bilmagan. Taassufki, buning raddi bo‘lgan fikrlarni oliy maktab talabalari uchun chop etilgan hozirgi darsliklarimizda o‘qib qolamiz: «Yozuvchi uslubi (stili) ning shakllanishida uning qaysi tabaqa o‘quvchilariga muljallab yozishi katta ahamiyatga ega ... Bu – o‘rta asrlarda adabiyotning podshohlar saroyida yaratilib, faqat ma’lumotli o‘quvchilarga mo‘ljallanganligi natijasidir. Alisher Navoiy asarlarining tili «yuqori uslub» deb atalmish shunday uslubning namunasidir. Shunday uslub (o‘z zamonida «oliy uslub» deb hisoblangan bayon tarzi) o‘zbek adabiyotida to XIX asrning oxirigacha katta o‘rin tutib keldi, ya’ni ma’lum darajada «feodal davr uslubi» bo‘lib qoldi» (Izzat Sulton. «Adabiyot nazariyasi». Toshkent, 1980, 389-390- betlar. (Ushbu maqola muallifining izohi)). Ushbu iqtibosga izoh bermasak ham, ziyrak o‘quvchi muhtaram olimimiz o‘zi «bayon tarzi» deb atagan hodisadan katta siyosiy xulosalar chiqarayotganini anglaydi. Bu esa, Fitrat nazarda tutgan «ifoda yo‘suni» bilan «davr uslubi» tushunchalarining yetarli farqlanmasligi oqibatidir.
Ma’lumki, ijodkor uslubi asar tili orqali ro‘yoga chiqadi. Tilda yozuvchining o‘ziga xosligi ham, hayot haqiqatini qayta tiriltira olish salohiyati ham, badiiy tasvir vositalaridan foydalana bilish mahorati ham aniq ko‘rinadi. Shuning uchun ham uslubshunoslik ham, adabiyot ilmi ham tilshunoslik ilmining ajralmas bo‘lagi kabi qabul qilinadi. Tilshunoslikning uslubiyat qismi, avvalo, har bir soha, shuningdek, ilmiy asarlar va badiiy adabiyotning yozilish tarzlarini farqlaydiki, Fitrat bu borada bunday deb yozadi: «Umuman, jug‘rofiyo, hisob, handasa kabi ilmiy, fanniy masalalar to‘g‘risida yozilg‘on asarlarning uslubi bilan adabiy, she’riy parchalarning uslubi orasida ko‘zga ko‘rinarlik ayirma bor. Fanniy, ilmiy asarlardan maqsad tuyg‘ularimizni o‘quvchilarga o‘tkarib, ularda bir turli hayajon (ruhiy to‘lqun) qo‘zg‘atmoq emas, ilmiy bir haqiqatni onglatishdir... Mana shu ayirmani ko‘zda tutib, adabiyot kitoblarida uslubni «sodda uslub», «bezalgan yo tasviriy uslub» deb ikki ajratadirlar». Bu kabi ilmiy va badiiy uslub masalalari bizning davrimizda ko‘p ishlangan mavzu hisoblansa ham Fitrat uslubshunoslikda yana ham chuqyppoq kuzatishlar qiladi va uslubning «umumiy» hamda «xususiy hollari» tahliliga kirishadi «... shuncha o‘zgarishgan, bir holda turmarur bo‘lg‘an uslubning xususiy, umumiy hollarini ajratib, aniqlab qoida shaklida ko‘rsatmak mumkin bo‘lmag‘an bir ishdir. «Og‘irdir» (O‘sha kitobda. (Ushbu maqola muallifining izohi)). Albatta, bu kabi masalalarni o‘rganishga bizning uslubshunoslarimiz (tilshunoslik yo‘nalishidan borsalar ham, adabiyotshunoslik yo‘nalishidan borsalar ham) hali yetib kelganicha yo‘q.
Fitrat «uslubning umumiy hollari» deganda «har bir uslubda topilishi matlub bo‘lg‘an holatlar»ni belgilab, ularni tuzuklik, soflik, ohang (ohangdoshlik), ochiqlik, uyg‘unlik kabi sifatlarga ajratadi va badiy (Manba’da: «badiy» tarzida xato yozilgan; to‘g‘risi: بديعى «badiiy». (Sh.R.)) asarda me’yor va muvofiqlikning qoidasi darajasiga ko‘taradi. Shy bilan birga, bu «qoidalarga» amal qilmaslik nomuvofiqliklarga, saktaliklarga olib kelishini eslatish bilan cheklanmay, ulardan qutulish yo‘llapini ham o‘z o‘rnida eslatadiki, o‘zbek adabiyotshunosligida hali bu masalalar Fitrat davri darajasida ham o‘pganilgani yo‘q.
«Uslubning xususiy hollari» deb Fitrat bizning adabiyotshunosligimiz badiiy til vositalari (I. Sulton) yoki tasviriy vositalar (N. Hotamov) deb tushuntirayotgan adabiy hodisalarni nazarda tutadi. Bular asosan badiiy asar uslubida qo‘llanilgani uchun «uslubning umumiy hollari» kabi ilmiy uslubda ishlatilmaydi. Sifatlash, o‘xshatish, istiora, kinoya, majoz, jonlantirish, so‘rash, mubolag‘a, undash, qarshulik, qaytish (ruju’), kesish va boshqa vositalar haqida mumtoz adabiyotshunosligimizda ayrim ilmiy asarlar yozilgani ma’lum. Abdurauf Fitrat ham bular talqinida o‘shanday asarlar sirasidan Atoulloh Husayni kitobini ko‘rgan bo‘lishi tabiiy. Biroq, Fitrat bu o‘rinda ulug‘ alloma «ma’naviy san’atlar» deb atagan unsurlar tahliliga kirishibgina qolmay, ularga imkon boricha zamonaviy adabiyotdan misollar axtaradi va topganlarini mumtoz asarlardan olingan namunalar bilan qiyoslab, ularga munosib baho berib o‘tadi.
Kitobning «So‘z o‘yunlari» deb atalgan bobida muallif adabiyot tarixida lafziy san’atlar deb qaralgan tajnis, laffu nashr, saj’, ta’rix, muammo kabi hodisalarni alohida kuzatadi. Fitrat kuzatishlari shu jihatdan e’tiborliki, bizning she’rshunoslikda hamon «lafziy san’atlar» bilan «ma’naviy san’atlar» yetarli farqlanmay talqin qilinayotganini sezganidanmi, ulardan birini «uslubning xususiy hollari», ikkinchisini «so‘z o‘yunlari» deb atab, o‘rtadagi farqni yana ham ayiribroq ko‘rsatishga intiladi.
Fitrat asarining maxsus qismi she’riyatdagi vazn masalasiga bag‘ishlangandir. 20-yillarda keng iste’molga kirgan, kelib chiqish nuqtai nazaridan asil turk vazni hisoblangan «barmoq» she’r tizimi haqida dastlabki ilmiy umumlashmalar qilish ham Fitrat zimmasiga tushdi. U avval «barmoq»ning xususiyatlari va qo‘llanish imkoniyatlari haqida O‘zbekiston Maorif vazirligining Ilmiy kengashi (1925) da ma’ruza qildi va o‘zbek olimlari orasida birinchilardan bo‘lib bu haqda o‘z kitobida izchil ma’lumot berdi, bu vaznning tuzilishi haqida bahs yuritdi. Fitrat boshlab bergan bu yo‘ldan qator olimlarimiz borib, maxsus tadqiqot (To‘ychiyev U. «O‘zbekiston sovet poeziyasida barmoq sistemasi». Tsh., 1966. (Ushbu maqola muallifining izohi)) va maqolalar yaratishdi, o‘z darslik va qo‘llanmalari, lug‘at va maqolalarida olim asarlaridan samarali foydalandilar. Sharq she’riyatining asos poydevorlaridan biri – aruz nazariyasini, yaxshi bilmaslik, umuman, she’r san’atidan yiroqlashish bilan barobardir, degan fikrlar mavjud. Bu sohada mumtoz adabiyotshunosligimizda ko‘plab risolalar yaratilgan bo‘lsa-da, Fitrat o‘z asarida faqat «turk adabiyotining aruzi haqida ma’lumot» berishni niyat qiladi. Garchi ilmda «aruzi turkiy» nomi bilan mashhur bo‘lgan Navoiyning «Mezon-ul-avzon», Boburning «Muxtasar» («Mufassal») asarlari yaratilgan bo‘lsa-da, birinchidan, o‘sha davrda ularning ommaviy nashrlari yo‘q bo‘lib, ikkinchidan, ular kuproq fors-arab aruzining shakliy jihatlarini bayon etishga qaratilgan ediki, Fitrat ayrim o‘rinlarda xatto ustozlaridan Navoiyga: «koshki arab aruzini yozganingiz joyida turk vazni, turk musiqasi to‘g‘risida kitoblar yozsa edingiz» (Fitrat. «O‘zbek klassik musiqasi va uning tarixi». Samarkand-Toshkent, 1927. 57-bet. (Ushbu maqola muallifining izohi)) deyishgacha boradi. Fitrat turkiy adabiyotning «aruzlashishi»ni juda oddiy tushuntiradi: «Bizning tilimizga uyg‘un kelaturg‘an vazn albatta, milliy vaznimiz bo‘lg‘an parmoq (barmoq) vaznidir. Biroq, eron-arab ta’siri ostida aruz vazni ham adabiyotimizga kirgan, muhim o‘rin olg‘an, muvaffaqiyatsiz bir shaklda keng suratda bukungacha davom etib kelgan... Aruz vazni arabnikidir. Arab shu vaznlarda she’r yozg‘an. Hijriy 170 yilda o‘lg‘an imom Halil ibn Ahmad bu vaznlarni yig‘ib, belgili qoidalar ostiga kirgizdi, aruz qoidalarini tuzdi. Arab olimi tomonidan tuzilgan aruz qoidalarini forslar ham forsiy she’rlar uchun qabul qildilar. Biroq, forsiy she’r uchun qabul etilgan aruz arab aruzining xuddi o‘zi emas edi. Forslar arab aruzini tuzatdilar. Kamchiliklarini to‘ldirdilar. O‘zlarining milliy vaznlarini ham shu qoidalarga ergashtirib aruzga kirgizdilar. Mana shunday qilib, arab aruzini arab-fors aruzi holiga keltirdilar. Bizning O‘rta Osiyo turklari tomonidan qabul etilgan aruz shul arab-fors aruzidir» deb tushuntirib beradi va bu «aruzni bizning tilga yaramag‘anligini» asoslashga urunadi. Biroq, ne ilojki, bizning turk tilli she’riyatimizga chuqur o‘rnashib olgan aruz tizimini o‘rganish majburiyati oldimizda turadi. Fitrat ayni shu majburiyat bilan, «yolg‘iz o‘zbek-chig‘atoy tizimlarida qabul etilganlarinigina ko‘rsatib o‘tishni yetarli» topdi. Lekin, yuqorida tilga olganimiz majburiyat talabi bilan qariyb o‘n yillarcha muddat o‘tgach, olim aruz masalasiga qaytib, «Aruz haqida» (Professor Fitrat. «Aruz haqida». A.Nozim tahriri ostida. O‘zSSR Fanlar Komiteti nashriyoti, Tsh., 1936. (Ushbu maqola muallifining izohi)) risola e’lon qildi. Risola deyarli hozirgi davrimizga qadar bu mavzuda ish ko‘rganlar uchun asosiy qo‘llanma xizmatini o‘tab keldi.
Olim qo‘llanmada biz mulohaza yuritgan she’riyatdagi vazn masalalari, uslubning umumiy va xususiy hollari tahliliga kirishishdan avval badiiy tafakkur jarayonida farqlanishi nihoyatda zarur bo‘lgan «ifodalar» – «tizim» va «sochim» shakllariga to‘xtaladi (uslub haqidagi fikrlarning mantiqiy davomi sanalgan yuqoridagi holatlarni biz oldinroq ko‘rib o‘tdik).
Badiiy adabiyotda ikki xil ifoda yo‘sini yoki boshqacha qilib aytganda, badiiy nutqning ikki shakli mavjudligini Arastu zamonidan buyon farqlab o‘rganganmiz: Bu she’riy va nasriy ifodalar bo‘lib, Fitrat iborasi bilan aytganda, «tizim» va «sochim»dir. Bu ikki ifoda o‘zaro keskin farqlanishi bilan birga adabiyotshunosligimizda ularni adabiy tur sifatida qo‘llash (epos va lirika o‘rniga) urf bo‘lgan. Ayniqsa, hozirgi adabiy jarayon haqida fikr yuritilganda ular she’riyat, nasr, dramaturgiya kabi turlarga ajraladiki, bu xato tasnif ko‘p yillar mobaynida epos va lirikaning o‘rniga qo‘llanilayotganiga shubha yo‘qdir. Biroq, har qanday roman (epik janrda) she’riy va nasriy yo‘l bilan, har qanday doston (liro-epik janr) yana o‘sha ikki xil yo‘l bilan, fojia (dramatik janr) ham o‘sha ikki xil yo‘l bilan yozilishi hammaga ayon-ku. Shunday ekan, nasr va nazmni adabiy tur sifatida emas, balki Fitrat aytganidek, «so‘zlar, gaplarni uyushtirib tuzilgan asarlar adabiy bo‘lsun-bo‘lmasun ikki yo‘sindan birida tuziladir: «sochim, tizim (nasr, nazm)» tushuntirishni e’tiborga olsak, u adabiyotshunoslikdagi nazariy tasnif va istiloh masalalariga qanchalik noziklik bilan yondoshganining guvohi bo‘lamiz. Olim bu har ikki «yo‘sin»ni farqlab olgach, fors-arab aruzidagi «tizim shakllari»ni (bizning til bilan aytganda mumtoz she’riyat janrlarini) belgilashga kirishadi. U mumtoz adabiyotda keng tarqalgan g‘azal, qasida, qit’a, masnaviy, ruboiy, tuyuq, mustazod, musammat (murabba’, muxammas, musaddas), tarje’band va tarkibband kabi janrlarga qisqacha ta’riflar beradi, mashhur shoirlarning shu janrdagi eng mashhur asarlari misolida bularni talqin qiladi. Fitratning bu fikrlarini hozirgi zamonaviy qo‘llanmalar bilan (O.Nosirov va boshqalar. «O‘zbek klassik she’rnyati janrlari». Tsh., 1979. (Ushbu maqola muallifining izohi)) qiyoslab muallif bergan ta’riflarning naqadar aniq va lo‘ndaligi e’tiborimizni tortish bilan birga u «So‘z o‘yunlari» bobida bergan «muammo», «ta’rix» kabilar yuqoridagi kitob mualliflari tomonidan janr sifatida talqin etilgan oddiy o‘quvchini ham ajablantirishi mumkin.
Nisbatan yangi sanalgan «Adabiy turlar va janrlar» nomli jamoa tadqiqotida bu masalalarga aniqlik kiritish maqsadida «Lirik tur janrlarining mazmun va shakl jihatidan tasnifi»da birmuncha aniqlikka intilish sezilsa-da, tasnif o‘ta maydalashtirib yuboriladi-da, natijada «g‘azal», «ruboiy», «qit’a» kabilar «shakl mazmundorligi va tuzilishiga ko‘ra lirika janri» deb hisoblansa, «qasida», «muammo», «ta’rix» va boshqalar «estetik belgi pafos va muayyan mazmun yo‘nalishiga asoslanadigan janrlar» sifatida talqin etilganini ko‘ramiz («Adabiy turlar va janrlar». Uch jildlik. 2- jild. Tsh., 1992. (Ushbu maqola muallifining izohi)). Mumtoz adabiyotimizning Fitrat asarlari orqali qilingan tasniflari bu sohada ham aniqlik kiritilishiga yordam berar, degan umiddamiz.
Nihoyat, qo‘llanmaning so‘ngrog‘ida adabiy asarlarning turlari sifatida «Lirika», «Tomosha» (drama) va «Rivoya» (epos) tavsiya qilinadiki, Fitrat bu kabi qat’iy adabiy turlar tahlilida ham birmuncha aniqlikka erishish bilan birga turkcha (o‘zbekcha), hech bo‘lmaganda, sharqona atamalar qo‘llashga harakat qiladi. Lekin, bunday o‘zbekchalashtirish jarayoni hozirgi kunimizda bo‘layotganidek, ko‘r-ko‘rona, deyarli hamma Ovrupo so‘zlarini sharqlashtirish yo‘li bilan emas, balki ayrim tushunchalarni o‘ziga mos ifodalar bilan aytishga intilishning natijasi sifatida ko‘rinadi. Masalan, Fitrat «drama» so‘zi g‘arb adabiyotshunosligida ham adabiy tur va ham janr sifatida qo‘llanilayotganidan ajablanib, masalani oydinlashtirish uchun adabiy tur ma’nosidagi «drama» (hozirgi dramaturgiya) o‘rniga «tomosha» so‘zini, «epos», «epopeya» so‘zlari bilan asosli bo‘lgani uchun ham, abadiy tur nomi sifatida «rivoya»ni tavsiya etadiki, muallifning bu tajribasi istilohlarning o‘ndan to‘qqizi ovrupocha bo‘lgan hozirgi adabiyotshunosligimiz uchun ham o‘rnak bo‘lishi mumkin.
«Adabiyot qoidalari»ning so‘nggi bobi «adabiyotdagi oqim istilohlari»ga bag‘ishlangandir. Bunda Fitrat klassitsizm, ratsionalizm, sentimentalizm, romantizm, realizm, simvolizm, modernizm, futurizm kabi tushunchalar mohiyatini juda oddiy qilib tushuntirib beradiki, muallifning bu tushuntirishlari masalaga siyosiy tus berishdan xoliligi bilan hozirgi qo‘llanmalarimizdagi izohlardan ajralib turadi. Biroq, Fitrat talqinlari bugungi kitobxonlarimiz uchun birmuncha jo‘n tuyulishi tabiiy. Chunki, olim bu oqim va yo‘nalishlar paydo bo‘lgan davrdayoq ularning tasnifiga kirishgani, oddiy kitobxonga qandaydir tushuntirish berishga intilib, asosan, sharq adabiyotidangina misollar keltirish bilan cheklanganini zukko o‘quvchilarimiz kechirarlar deb umid qilamiz. Bundan tashqari, Fitrat bundan 65 yil avval yaratgan qo‘llanma hech nuqson va kamchiliklardan xoli emas, degan fikrni aytmoqchi ham emasmiz. Albatta, «beayb parvardigor» deganlariday, bu kichik qo‘llanmada ham bugungi nazar bilan qaralganda, talay yetishmovchiliklarni kuzatish mumkin. Biroq, ezgu niyat bilan bajarilgan xayrli ishning avvalo go‘zal tomonlarini ko‘rish maqsadida ular haqida keng to‘xtalishni joiz ko‘rmadik. Zero: o‘tib ketgan yillarda «xalq dushmani»ning faqat kamchiligini ko‘rsatib yaratilgan ilmiy ishlarimiz ham talayginaki, o‘quvchilar ulardan xabardor chiqarlar, imkon topsalar, o‘sha noo‘rin dashnomlar Fitrat asariga qay darajada aloqador ekanini o‘zlari tushunib yetarlar, degan umid bilan qo‘llanmani shu kun o‘quvchilari hukmiga havola qilishga jur’at etdik. Fitrat domla Bedil haqidagi risolasida «Bedilning kitobi katta bir dengizdirki, har kim o‘z idishiga yarasha bundan suv ko‘taradi», deb yozgan ekanlar. Kitobxonlar birgina shu kitobni o‘qib, uqib, ulug‘ olim yaratgan go‘zallik va fasohat dengizidan har kim aqli yetgancha, «idishi» ko‘targancha suv olishlariga shubha qilishga o‘rin qolmasa kerak.
Hamidulla Boltaboyev, filologiya fanlari nomzodi. Adabiyot qoidalari, T, 1995. 112 b. – B. 3-19. (O‘zbekcha); Teoreticheskoye posobiye professora A. Fitrata.
Fikr qoldirish#