Hindiston va Kichik Osiyo o‘rtasidagi munosabatlar dastlab iqtisodiy (savdo) aloqalarida, so‘ngra madaniy va siyosiy aloqalarda o‘z ifodasini topgan. Geograf Strabon (mil. avv. 63 – milodiy 28 yil) va Rim tarixchisi Gay Pliniy Sekundning (24-79 yy.) ma’lumotiga ko‘ra, Hindistondan zira, nil bo‘yog‘i, fil suyagi, marvarid, olmos, ipak gazlamalar, bronza va chinni buyumlar Markaziy Osiyo bozorlari orqali Vizantiya va Rimga olib borilgan (Nizomiddinov I. O‘rta Osiyoning chet el Sharqi bilan munosabatlari. –T.: O‘zDavnashr, 1961.–B.5-6. (Ushbu maqola muallifining izohi)). Abdurazzoq Samarqandiyning (1413-1482) yozishicha, O‘rta Osiyoga Hindiston, Misr, Suriya, Rum, Iroq, Eron, Ozarboyjon, Xitoydan savdogarlar kelib, savdo-sotiq va mol almashish bilan shug‘ullanganlar. Zahiriddin Muhammad Bobur (1483-1530) Agrada saroylar qurdirayotgan vaqtlarida Istanbuldan mashhur bir me’morni yuborishni so‘rab, Usmoniylar sultoniga elchi yo‘llaydi. Bu taklif Usmoniylar sultoni Qonuniy (1520-1566) Istanbulni qurayotgan paytiga to‘g‘ri kelgani uchun Usmoniylarning mashhur me’mori Sinon Hindistonga shogirdi Yusufni jo‘natadi (Javoharla’l Neru. Dunyo tarixiga nazar //Jahon adabiyoti. -1997. -№ 4, – B.181. (Ushbu maqola muallifining izohi)). 1533 yili Gujarot (Gujarot – Hindistonning g‘arbida joylashgan katta viloyat. (Ushbu maqola muallifining izohi)) hokimi Bahodirxon, Humoyunning (1508-1556) unga qarshi hujumga tayyorlanayotganini eshitib, Usmoniylar sultoni Sulaymon Qonuniyga elchi orqali maktub yo‘llaydi va yordam berishini so‘raydi. Gujarotdagi siyosiy holatdan xabar topgan Portugaliya vaziyatdan foydalanib, Div bandargohini qo‘lga kiritish payiga tushadi. O‘z navbatida Usmoniylar sultonining ham Hind okeani qirg‘oqlaridagi bandargohlarni egallash mo‘ljali bor edi. 1538 yil 13 iyunida Bahodirxonning taklifini bahona qilib, Sulaymon Qonuniy buyrig‘i bilan Usmoniylarning 80 ta dengiz harbiy kemasi Suvayshdan Gujarotga qarab yuradi (Azimjonova S. Seydi Ali Rais va uning «Mir’otul mamolik" asari haqida. –T.: O‘zR FA, 1963.– B.9. (Ushbu maqola muallifining izohi)). Usmoniylar floti yo‘lda portugaliyaliklar bilan jang qilib, ularni mag‘lubiyatga uchratadi va Div bandargohiga kirib boradi. Lekin ular yetib kelguncha, Gujarotda siyosiy vaziyat o‘zgaradi, aniqrog‘i, hukmdor Bahodirxon vafot etib, o‘rniga Malik Mahmud taxtga o‘tiradi va u Usmoniylarga emas, balki Portugaliyaga yon bosadi. Usmoniylar harbiy dengiz kuchlari Suvayshga qaytib ketishga majbur bo‘ladi (O‘sha asar. – B.28. (Ushbu maqola muallifining izohi)). Usmoniylarning Hind okeani portlarini egallash bo‘yicha harbiy harakatlari keyinchalik ham davom etgan bo‘lsa-da, biroq u ham muvaffaqiyatsiz tugagan. Chunonchi 1553 yilda sobiq qo‘mondon Payribekning o‘rniga Seydi Ali Rais tayinlanadi. U o‘z qo‘l ostidagi flotdan bir necha marta kuchli bo‘lgan Portugaliya flotining qarshiligiga uchraydi, boz o‘rniga turk kemalarining bir qismi kuchli va dahshatli to‘fon tufayli parchalanib ishdan chiqadi. Natijada bir necha omon qolgan kemalar bilan Ho‘rmuzdan chiqib, Gujarot qirg‘oqlariga arang yetib keladi va quruqlik orqali vatanga qaytmoqchi bo‘ladi. Seydi Ali Rais Dehliga Humoyun oldiga keladi uni katta izzat-ikrom bilan kutib oladilar. Humoyun unga o‘n million rupiy hadya beradi va Xarch viloyati hokimligini ham taklif qiladi. Seydi Ali Rais vataniga qaytish niyati borligi sababli, bu taklifni qabul qilaolmasligini ma’lum qiladi. Lekin u Humoyun saroyida bir qancha vaqt qolib ketadi, (Qarang: Seydi Ali Rais. Mir’ot ul-mamolik. –T.: O‘zFA, 1963. (Ushbu maqola muallifining izohi)) so‘ngra safarga otlanib, Sind, Panjob, Afg‘oniston, O‘rta Osiyo, Xuroson, Ozarboyjon va Eron orqali yo‘l bosib, 4 yildan so‘ng vataniga yetib boradi va «Mir’ot ul-mamolik» («Mamlakatlar ko‘zgusi») deb atalgan asarini yozadi. «Mir’ot ul-mamolik» XVI asrda Usmoniylar Hindiston, O‘rta Osiyo va Erondagi siyosiy vaziyatni yaxshi bilgan, davlatlar o‘rtasiagi diplomatik munosabatlardan xabardor bo‘lgan muallif tomonidan yozilganligi sababli, muhim manbalardan biri hisoblanadi. Manbada XVI asrda Boburiylar va Usmoniylar davlati o‘rtasidagi siyosiy munosabatlarga oid qimmatli ma’lumotlar mavjud. Boburiylar va Usmoniylar munosabatlarining Shayboniylar tarixi bilan ham ancha bog‘liq tomonlari bor. Usmoniylar sultoni Salim I (1512-1520) o‘zining 1514 yilda Ko‘chkinchixonga (1510-1530) yozgan maktubida Boburning Safaviylar bilan munosabatlari haqida to‘xtalib o‘tadi (Mustafa Badak. Osmanli-Özbek ilişkilerinin başlanişi //Avrasiya etyudlari. 1995. № 4. –S.79. (Ushbu maqola muallifining izohi)). Abdullaxon II (1583-1598) davrida Shayboniylarning Safaviylar bilan munosabatlari keskinlashadi. Abdullaxon II bu davrda Boburiylar bilan yaqinlashishga, kuchayib borayotgan Eron shohi Abbos I ga qarshi kurashda ittifoq tuzishga intiladi. Uning ushbu maqsadda yo‘llagan elchisi Oltamash 1572 yili (Abdullaxon aslida 1583 yili rasmiy raishda taxtga o‘tirgan bo‘lsa-da, biroq undan oldin ham otasining nomidan mamlakatni boshqargan. (Ushbu maqola muallifining izohi)) Dehliga yetib boradi (Nizomiddinov I. O‘rta Osiyoning chet el Sharqi bilan munosabatlari. –T.: O‘z Davnashr, 1961. – B.14. (Ushbu maqola muallifining izohi)) va har ikkala mamlakat o‘rtasida davom etib kelayotgan do‘stlik aloqalarini kuchaytirish haqidagi maktubni topshiradi. Maktubda Abdullaxon II podshoh Akbarga (1542-1605) Usmoniylar sultoni bilan do‘stlik aloqalarini davom ettirib kelayotganini ma’lum qilgan va bu do‘stlik Safaviylarga qarshi kurash asosida tashkil topganini ta’kidlagan (Nizomiddinov I. XVI-XVIII asrlarda O‘rta Osiyo – Hindiston munosabatlari. –T.: Fan, 1966.–B.5-6. (Ushbu maqola muallifining izohi)). Usmoniylar bilan birgalikda Safaviylarga qarshi kurashish rejasi 1578-1590 yillardagi Safaviylar – Usmoniylar urushi chog‘ida amalga oshdi. Unda mazkur taklifning tashabbuskori Usmoniylar bo‘lgan, ya’ni Usmoniylar sultoni Murod III (1574-1595) Abdullaxon II ni Safaviylarga qarshi kurashga chaqirgan, biroq Abdullaxon II mamlakatdagi vaziyatdan kelib chiqib, faqat 1582 yildagina bu taklifni qabul qiladi (Kutukoglu B. Osmanli-Iran siyasi munasabetleri (1578-1590). –Ïstanbul, 1960. -100 s. (Ushbu maqola muallifining izohi)). 1588 yili Usmoniylarning Sardor posho boshchiigidagi qo‘shinlari Safaviylar davlatiga hujum qiladi va kelishuvga ko‘ra Abdullaxon II Xurosonga bostirib kirib Mashhad va Nishopurni egallaydi. Ikki tomondan uyushtirilgan hujumdan mushkul ahvolda qolgan Abbos I (1586-1629) Usmoniylar bilan sulh tuzishga harakat qiladi va 1590 yilda bunga muvaffaq bo‘ladi (Nizomiddinov I. O‘rta Osiyoning chet el Sharqi bilan munosabatlari. –T.: O‘z Davnashr, 1961. – B.21. (Ushbu maqola muallifining izohi)). Natijada Abdullaxon II Xurosonda qo‘lga kiritgan yerlarni qoldirib, orqaga qaytadi. 1629 yili Safaviylar davlati taxtiga Shoh Safiy o‘tirdi. Usmoniylarning hujumlari davom etardi. Ayni paytda, Shoh Jahon (1627-1658), Qandahor hokimiga o‘z saroyida katta lavozim va’da qilib, 1638 yili Qandahorni o‘z davlatiga qo‘shib oldi. Usmoniylar sultoni Murod IV (1623-1640) Ashtarxoniylar hukmdori Imomqulixonni (1611-1642) Eronga qarshi birgalikda hujum qilishga chaqirib, maktub yuboradi. Biroq Imomqulixonning bu maktubga qanday javob berganligi to‘g‘risida ma’lumot yo‘q. 1642 yili Imomqulixon taxtni ukasi Nazr Muhammadga topshiradi. U o‘z hokimiyatini yanada mustahkamlash maqsadida mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotida katta o‘rin tutib kelgan amirlar mavqeini cheklash yo‘liga o‘tdi. Natijada Nazr Muhammaddan norozi amirlar uning o‘g‘li Abdulazizni (1645-1681) xon deb e’lon qiladilar. Abdulazizxon taxtni egallagani bilan hali mamlakatni butunlay o‘z hukmi ostiga birlashtirmagan edi. Balxda o‘rnashib olgan Nazr Muhammad Buxoroga bo‘ysunishni istamas edi. Shunday qilib, 1645 yildan mamlakatda qo‘sh hokimiyatchilik yuzaga keldi. Natijada Nazr Muhammad taxtni qaytarib olish ilinjida, Eron shohi Abbos II (1642-1666) va Shoh Jahonlarga maktub yo‘llab, o‘g‘liga nasihat qilishlarini so‘ragan. Boburiylar esa paytdan foydalanib, qo‘shin tortib keladi va ikki oy davomida Balx va Badaxshonda hukmronlik qiladi. 1647 yilda Boburiylar Balxni tark etishga majbur bo‘ladi. Balx yana Nazr Muhammad hukmiga bo‘ysunadi. Abdulazizxon esa otasiga biron-bir chora ko‘ra olmay, orqaga qaytib ketadi. Nazr Muhammad 1649 yili Abdumannon boshchiligidagi elchilarni Usmoniylar sultoni Mehmed IV (1648-1687) huzuriga jo‘natib, o‘g‘li bilan munosabatlarini yaxshilashga yordam berishni so‘raydi. Natijada Usmoniylar sultoni boburiylar hukmdori Shoh Jahon va Abbos II larga maktub yozib, Nazr Muhammadga o‘g‘li Abdulaxizxon bilan oralarini yaxshilashga yordam berishlarini so‘ragan (Saray M. Rus işgali devrinda Osmanli devleti ile Turkistan hanlikleri arasindaki siyasi munasabetler. –Ankara. 1994. -49 s. (Ushbu maqola muallifining izohi)). Shoh Jahon Usmoniylar sultoni Mehmed IV ga elchisi Said hoji Muhammad orqali yo‘llagan maktubida Nazr Muhammadning vafoti va taxtni Abdulazizxon qo‘liga o‘tganligi to‘g‘risida yozadi. Yuqoridagi mavzu bo‘yicha mavjud ma’lumotlar tahlilidan ma’lum bo‘ladiki, XVI-XVIII asrlarda Boburiylar va Usmoniylar davlatlari hukmdorlari siyosiy ittifoq tuzishga intilganlar. Safaviylarga qarshi rejalarda esa, Usmoniylar o‘z navbatida Shayboniylar va Ashtarxoniylarni ham mazkur ittifoqqa tortganlar, biroq har bir davlat o‘zining muayyan manfaatlarini ko‘zlabgina, ya’ni o‘z chegaralariga yaqin joylashgan hududlarda nazorat o‘rnatish maqsadi bilangina harbiy yurishlar qilgan * This article is dedicated to diplomatic relations between Boburids and Ottomans empire. Relations between India and Asia Minor were formulated in economical, cultural and political sphere.
Amir Temur va temuriylar davri, T, 2005. – B. 135-139. (O‘zbekcha & English); Раҳмонқулова, З. Из истории отношений между гос-вами Бабуридов и Османидов.
Fikr qoldirish#