Dunyo olim va adiblarining Boburshoh ijodiga munosabatini, asosan, to‘rt yo‘nalishda kuzatiladi: Boburning podshoh sifatidagi siyosiy faoliyati (1), bevosita buyuk shoir ijodiga ulug‘ san’atkor sifatida murojaat etishi (2) va «Boburnoma»ga kamyob tarixiy manba sifatida uni tarjima qilishi va istifoda etishi natijasida (3) hamda Boburshohning shaxsi va jasorati xususida badiiy asarlar (4) yozish orqali munosabatda bo‘lganlar. Ayni mana shu yo‘nalishlar Rossiya boburshunosligida ham kuzatiladi.
Jahon ilmida Bobur siymosi va asarlarining vujudga kelishi hamda taraqqiyotida Rossiya olimlarining o‘z ulushi bor. Rossiyada Bobur ijodiga e’tibor XIX asrning o‘rtalarida vujudga kelgani manbalarda qayd etilgan. «Ensiklopedik leksikon»da (SPb, 1835) da «Boburnoma»ga «Buyuk mogol Boburning tarixiy xotiralarining sarlavhasi» deya qisqa izoh bilan Rossiya boburshunosligi bashlanadi. «Boburnoma»ning matni Qozonda N.I.Ilminskiyning «Boburnoma» yoki Sulton Boburning xotiralari» so‘zboshisi bilan e’lon qilingan (1857)dan so‘ng Bobur shaxsiga qiziqish ortgan va shu yilning o‘zida I.N,Berezin tomonidan tuzilgan «Turk xrestomatiyasi»ning I-qismida (226-272 betlar) Bobur asarlaridan namunalar chop qilingan. Bu ilmiy harakat boshida turgan N.Ilminskiy «Universitetda (Qozon univ.) turk-tatar kursi uchun Kirish ma’ruzasi»da «Boburnoma» materialiga tarixiy chig‘atoy tili nuqtayi nazaridan yondashgan (1865) va ayrim grammatik shakl (-g‘oy) ahamiyatiga doir maqola e’lon qilgan (1888). Ayni shu davrda rus munaqqidi N,Dobrolyubov «Ost-Indiyaning tarixi va hozirgi holatiga nazar» (1857) asarini o‘zi muharrirlik qilayotgan «Sovremennik» jurnalida e’lon qilgan. Asarda Hindistondagi boburiylar asos solgan saltanat, Panipat jangi, Boburshoh, Akbarshoh, Avrangzeb haqida so‘z yuritgan. Ost-Indiya kompaniyasining ingliz bosqinchilik harakatidagi rolini qoralagan.
Mojar sharqshunosi A.Vamberining O‘rta Osiyoga safari natijasida uning rus podshohiga yozgan Hisobotida Bobur faoliyati mufassal bayon etilgan, keyinroq ushbu muallif «Buxoro yoxud Movarounnahr tarixi: qadimgi davrlardan hozirgi kungacha» (Pesht, 1873) asarida Bobur va boburiylar tarixini izchil yoritishga kirishgan. Ayni paytda F.Toll tomonidan tuzilgan «Nastolniy slovar»ning ilova qismida «Boburnoma»ga oid maqola (1875) e’lon qilingan edi. N.I.Pantusov «Boburnoma»dan Farg‘ona va Samarqandga oid tasvirlarni (1884), Samarqand shahriga oid ma’lumotlarni V.V.Vyatkin (Samarqand, 1896), Farg‘ona tarixiga oid qismini esa M.I.Polyakov (Toshkent, 1904) tarjima qilib, chop ettirgan.
Boburshoh adabiy merosiga shoir sifatida yondashgan dastlabki olim A.Samoylovich bo‘lib, u «Imperator Boburning she’rlari» nomi ostida Bobur devonidan va «Boburnoma»dan ayrim she’rlarni (Petrograd, 1917) eski o‘zbek yozuvi [arabiy – Sh.R.]da chop ettirgan. A.Samoylovich Bobur she’riyatining poetikasiga jiddiy e’tibor qaratib, «Boburnoma»dan qilingan qisqa tarjimalar (S.I.Polyakov, D.Ross)ga taqrizlar yozgan (1907, 1911). Olimning Bobur adabiy merosiga oid ishlari G.F.Blagova tomonidan nashrga tayyorlangan «Turk tilshunosligi. Filologiya. Runika» kitobida chop etilgan (M., 2005).
V.V.Bartold Turkiston madaniy tarixini yoritar ekan, o‘z asarlarida «Boburnoma» va boburiylar haqidagi ilmiy manbalar asosida O‘rta Osiyo tarixining mo‘g‘ul istilosidan keyingi tarixini tiklashga kirishgan. Shoir asarlari tili bilan mashg‘ul bo‘lgan rus olimlari va ilmiy muammolar haqida A.N.Kononov mufassal ma’lumot bergan.
XX asr 50-yillarining ikkinchi yarmida prof. Ye.E.Bertels so‘zboshisi bilan chop etilgan Boburning «Lirika» kitobi (1957), so‘ngra K.A.Antonovaning Hindiston tarixiga oid asarlarida (M., 1959, 1965, 1973, 1979) mamlakatda kapitalistik munosabatlarning shakllanishi tarixiy nuqtayi nazaridan boburiylar tarixiga murojaat etilgan. Hindistonning iqtisodiy va sotsial tarixini tadqiq qilgan K.Z.Ashrafyan XIII-XVIII asrlar tarixini yoritish (1965, 1972, 1983)da boburiylar davridagi tarixiy manbalarga suyangan. Bobur asarlari tiliga zamonaviy tilshunoslik talablari asosida yondashgan Galina Blagova «Boburnoma»ning grammatik qurilishi xususida nomzodlik, Bobur asarlarining til xususiyatlari va Andijon shevasining adabiy tilga aylanish jarayoni xususida doktorlik dissertatsiyalarini yoqlagan. Bobur asarlarining matn xususiyatlari, «Boburnoma»ga ishlangan minatyuralar, «Qutadg‘u bilig» va «Boburnoma», «Boburnoma» va «Shajarai tarokima» munosabatlariga doir maqolalar yozgan, N.Ilminskiy va A.Samoylovich buyuk shoir merosiga doir qarashlarini tahlildan o‘tkazgan.
XX asr rus boburshunosligini I.V.Steblevaning tadqiqotlarisiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Dastlab «Arab-fors qofiyashunosligi va turkiy she’riyat» (1966), so‘ngra «Tuyuq janrining kelib chiqishiga doir» (1970), «Turk aruzi nazariyasining zamonaviy talqini masalasiga doir» (1977) ishlarida Bobur she’riyati badiiyatini tadqiq qilgan. «Aruz risolasi»ni ilmiy izohlar bilan nashr ettirgan (1972). Bobur g‘azallarining zamonaviy talqinida olimaning «Bobur g‘azallari semantikasi» (1982) tadqiqoti va shoir g‘azallarining matni muhim ahamiyat kasb etadi. Olimaning «Turk tilli mumtoz she’riyatda ritm va ma’no» (M., 1993), «Turk poetikasi: rivojlanish bosqichlari: VIII-XX asrlar» (M., 2012) kabi fundamental tadqiqotlari markazida Bobur poetikasi turadi. «Bobur she’riyatida kichik lirik janrlar» (2015) risolasida ruboiy, tuyuq, qit’a va fard janrlarida Boburning mahoratini ochib bergan. Risolaga Bobur ruboiylarining vazn ko‘rsatkichlari ilova qilingan.
Ayni davrda mumtoz Sharq qo‘lyozmalari tavsifi bilan mashg‘ul bo‘lgan olima D.V.Dmitirevaning «Boburnoma», «Mubayyin» tavsifiga doir ishlari va «Boburning adabiy merosi» tadqiqotini ko‘rsatish mumkin. Hind uslubi muayyan ma’noda Hindistonda forsiy tilda ijod qilgan boburiylarga ham daxldor ekani Ye.I.Prigarinaning uslub poetikasiga bag‘ishlangan ishi (M., 1999)da isbotlangan.
Yangi asr rus boburshunosligi buyuk shoir ijodining nashri va talqiniga yangidan kirishdi. Bu jihatdan «Z.M.Bobur. Lirika» kitobi va unga so‘zboshi yozgan I.N.Kazarinovaning ishlari diqqatga sazovor. Manbalari aniq ko‘rsatilan, sharh va tadqiqotchilarning (V.A.Borodina, T.B.Laskova) ishlaridan namunalar hamda Bobur faoliyatining asosiy sanalari keltirilgan to‘plam (M., 2001) Bobur lirikasiga ma’naviy ehtiyoj doimiy suratda bo‘lib kelgani va ayni globalizm sharoitida ham mavjudligini ko‘rsatadi. Tarixchi olimlar ishlarida «Boburnoma»ga nafaqat tarixiy manba sifatida, balki o‘rta asrlar Markaziy Osiyo va Hindistonga doir hujjat sifatida yondashish kuzatiladi. Ayni ma’noda Ye.Yu.Vaninaning Shimoliy Hindiston madaniy tarixi va hunarmandchiligiga doir nomzodlik ishi (1984)dan tortib «Bobur buyuk imperiya asoschisi» kabi tadqiqotlar turkumi (1998)ni, Bobur taxti vorislariga doir o‘nlab maqolalar, «O‘rta asrlarcha tafakkur: hind varianti» (2007) monografiyasini ko‘rsatish mumkin. B.V.Sokolovning «Yuz buyuk urush» (2004) kitobiga kirgan «Buyuk boburiylar davlatida kurashlar» bo‘limi, L.B.Alayevning «Hindiston tarixi istoriografiyasi» (M., 2013)da berilgan Bobur va boburiylar tarixi so‘nggi davr tarixshunosligining ilmiy natijalaridan darak beradi.
B.V.Norik «O‘rta Osiyo she’riyatining biobibliografik lug‘ati (XVI-XVII asrning boshlari)»da (2011) Bobur va boburiylar hamda ular saltanatida yashagan 50 dan ortiq ijodkorlar haqida ma’lumotlar beradi hamda «Qote’i Hiraviy va uning Jahongir sulton shoirlari tazkirasi» (2007), Mutribiy va Nisoriy asarlari haqidagi kuzatishlarida boburiy ijodkorlar asarlariga sistem yondashuv kuzatiladi.
O‘zbek olimi Sh.Rustamxo‘jayevning yurtimizda va Rossiya kutubxonalarida ko‘p yillik izlanishlari natijasida yuzaga kelgan «Zahiriddin Muhammad Bobur. Boburiylar: Bibliografiya» kitobining Moskvada chop etilishi (2016) o‘zbek olimlarining tadqiqotlariga xorijda alohida ahamiyat qaratilayotganidan darak beradi.
Ko‘rinadiki, keltirilgan fakt va ma’lumotlarning o‘ziyoq Zahiriddin Muhammad Boburday zabardast odib ijodining dunyo miqyosida o‘rganilishiga kirishilganidan hech qancha vaqt o‘tmay Rossiya boburshunosligi vujudga kelgan va u taraqqiy etmoqda.
Hamidulla BOLTABOYEV, Filologiya fanlari doktori, professor
Bobur abadiyati [Matn]. «Zahiriddin Muhammad Bobur asarlarining jahon madaniyati tarixida tutgan o‘rni» mavzusidagi xalqaro anjuman materiallari. 26-27 oktyabr 2017 y. Mas’ul muharrir V.Rahmonov. – Toshkent: BAYOZ, 2018. –384 b. Bobur nomidagi Xalqaro jamoat fondi. – B. 95-99. (O‘zbekcha); Страницы Русского Бабуроведения.
Fikr qoldirish#