Sinov yoʻsinida ishlamoqda

Saroy oshxonasi

Shoh oilasi tamaddi qiladigan oshxona va oshpazlar faoliyati Mir Bakovul nazorati ostida bo‘lib, uning qo‘l ostida turli mamlakatlardan keltirilgan o‘z ishining ustalari bo‘lgan oliymaqom oshpazlar, go‘laxlar, taom tatib ko‘ruvchi bakovullar, xazinachilar kabi xizmatchilar ishlardilar. Mir Bakovulga yuklangan mas’uliyat bosh vazirnikidan qolishmasdi. Akbarshoh odatda bir kunda bir mahal taom yer va qorni to‘ymasdanoq taom yeyishni to‘xtatishni odat qilgan edi. Kundalik taomni iste’mol qilish vaqti aniq belgilanmagan bo‘lib, shoh taom iste’mol qilishni xohlagan zahotiyoq bir soat ichida taom tayyor bo‘lishi shart edi.


Shohga taom tortiladigan idishlar yuzdan ortiq bo‘lib ular sof oltindan, kumushdan (Ma’lumki, shariat hukmi bo‘yicha musulmonlar uchun oltin va kumush idishlardan foydalanish man’ qilingan. Bundan ayollar zebu ziynatlari va taqinchoqlari mustasnodir. (Sh.R.)), qimmatbaho toshlardan ishlangan yoxud sopol idishlarda tortilar edi. Taom iste’mol qilishdan oldin oshxona ixtiyoridagi bog‘dan yangi uzilgan mevalar dasturxonga tortilardi. Taomdan avval shoh sut yoki qatiq ichardi. U mevalar iste’mol qilishni yoqtirardi, mahalliy mevalar bilan bir qatorda Kobul, Qandahor, Kashmir, Badaxshon va Samarqand mevalarini sevib iste’mol qilardi. U musallas, shu bilan bir qatorda ma’jun yoki ko‘knor ham iste’mol qilib turardi (Qarang: «The Ain-i-Akbari», v. 1, r. 59-61. (Ushbu maqola muallifining izohi); Sanab o‘tilgan mast qiluvchi sharob va giyohvand moddalarni iste’mol qilish shariat hukmi bo‘yicha man’ etilgandir. (Sh.R.)). Ayniqsa, yoshlik chog‘larida mayparastlikka ruju qo‘ygan edi.


O‘sha kezlardan birida o‘ta kayf holatda devorga osib qo‘yilgan qilichga o‘zini urishga ham urinib ko‘rgan edi. Hayriyatki, bunday ichkilik rujusi o‘z vaqtida barham topib, shoh huzuriga kayf holatda kelganlarga qattiq jazo belgilanadigan bo‘lgan. Rohib Monseratning yozishicha, chanqagan paytlarda ko‘knori suvi qo‘shilgan gulob yoki suv ichardi, biroq musallas kam iste’mol qilardi (Monseratte, A ., Father, The Commentary... on His Journey to the Court of Akbar. Translated by J.C. Hoyland, London, 1922, p. 199. (Ushbu maqola muallifining izohi)). Poytaxtda turganda yoki yurishlarda Gang daryosining suvidan ichardi. Ichimlikni sovitish uchun tog‘lardan har kuni qayiqda qor keltirilar edi (Qarang: «The Ain-i-Akbari», v. 1, p. 57-58. (Ushbu maqola muallifining izohi)).


Har mavsumda podshoh uchun mingta shohona sarpo tikilar, o‘n ikki sandiqda bir yuz yigirma qator sarupo hamisha kiyish uchun tayyor holda saqlanar edi. Monseratning yozishicha, Akbarshoh tilla iplar bilan kashta tikilgan zardo‘zi bezakli kiyimlar kiygan. Uning harbiy yurishlarda kiyadigan chakmoni tizzasigacha tushar va etiklari qo‘njisi tizzasini qoplab turardi. U tilla bezaklar, yoqut va gavharlar bilan bezatilgan ovro‘pacha usulda ishlangan qilich taqardi. U ispancha ko‘ylaklarni yoqtirar va o‘z qarorgohida bo‘lgan kezlarda ularni kiyib yurardi (Qarang: O‘sha acap, p.57-58; Monseratte, A ., Father, The Commentary... on His Journey to the Court of Akbar. Translated by J.C. Hoyland, London, 1922, p. 202. (Ushbu maqola muallifining izohi)).


Akbarshohning kutubxonasi qisman haramda, qisman haram tashqarisida saqlanardi. Hind, fors, yunon, Kashmir, arab tillaridagi nasriy va nazm asarlari alohida saqlanardi. Ko‘pincha, unga maxsus tayinlangan kishilar kitob o‘qib berardilar, kechalari esa qo‘liga qalam olib o‘zi o‘qirdi, o‘qilgan joylarga maxsus belgilar qo‘yib borardi. Unga kitob o‘qib beruvchilar o‘qish mahoratiga ko‘ra, tilla va kumush tangalar bilan taqdirlanardi. Shohga kitob o‘qib beruvchilar orasida Akbarshohning bolalikdagi muallimi Abdulatif domlaning o‘g‘li Naqibxon ham bor edi. Badouniyning yozishicha, Naqibxon shohga shunchalik yaqin kishi bo‘lib qolgan ediki, undan bir daqiqa ham ajralmas edi. Akbarshoh, asosan, tarix bilan ko‘p qiziqar edi. Shuningdek, aniq fanlar va falsafaga oid asarlarni ham hafsala bilan o‘rganardi.


Podshoh saroy hovlisidagi ochiq havoda taxtga chiqib o‘tirganda saroy a’yonlarining barchasi shohga ko‘rinish berib, o‘ng qo‘lini peshonasiga qo‘yib ta’zim bajo aylar va mavqeiga qarab o‘ziga belgilangan joyda tik turib shohning so‘zlariga quloq tutardilar. Ba’zan shahzodalarga o‘tirishga ruxsat etilardi. Shahzodalarga yoshiga qarab, taxtning har ikki yonidan joy berilardi. Ulardan so‘ng egallagan mavqeiga ko‘ra, saroy ayonlari, arkoni davlat joylashardi. Qolgan mulozimlar ikki qator bo‘lib o‘ng va chap tomonlardan joy olardi.


Saroy majlisi uzoq davom etgan paytlarda tanaffus e’lon qilinib, tanaffus davomida ko‘ngil ochar tamoshalarga ruxsat berilardi. Tamosha ko‘rsatadigan guruhlarda hayvonlar, kurashchilar, xonanda va raqqosalar, turli ko‘zboylagichlar ishtirok etardi. Saroy tasarrufida yuz mingdan ziyod polvonlar va kurashchilar bo‘lib, ulardan mingtasi doim tayyor holatda turardi.


Podshohning farmon va buyruqlari Miri arz hamda saroy soqchilari boshlig‘i orqali raiyatga yetkazilar edi (Qarang: «The Ain-i-Akbari», v. 1, rr. 156-59; 262-63. (Ushbu maqola muallifining izohi)). Saroyda o‘n to‘rtta voqeanavis ishlar va ulardan ikkitasi hamisha o‘z xizmatida tayyor turardi. Podshoh nima ish qilsa, nima desa, ularning muhim yoki ahamiyatsiz ekanidan qat’i nazar, ularni muntazam ravishda qog‘ozga tushirib borardilar. Bo‘lim boshliqlari shohga nima deb yoki qanday masala bo‘yicha murojaat qildilar, ularga qanday topshiriq berildi, podshoh nima yedi, nima ichdi, qachon uyquga yotdi, qachon uyg‘ondi, unga qanday kitob o‘qib berildi, qanday hujjatlarga imzo chekdi, qaysi otlar yoki fillar musobaqada qatnashdilar, qaysinisi g‘olib chiqdi, qaysi choparlar keldi-yu, qaysilari ketdi – bularning hammasi voqeanavislar tomonidan epchillik bilan qayd etib borilardi.


Kun davomida qilinajak ishlar rejasi mulozimlar tomonidan tuzilgach, podshohga tasdiqlash uchun taqdim etilardi (Qarang: O‘sha asar, 269 bet. (Ushbu maqola muallifining izohi)) va maxsus mutasaddi vazirlarga ijro etish uchun yetkazilardi. Bunday ma’muriy usul inglizlar kelguncha ham Pokiston, Hindiston va Bangladesh hukumatlari ishida kuzatiladi.


Saroy devonxonasidan chiqariladigan hujjatlarga, albatta, muhr qo‘yilardi. Bu muhrlar Abulfazlning ta’kidlashicha, besh xil toifada bo‘lib, ular huquqiy hujjatlarga, boshqa mamlakatlar rahbarlariga yuboriladigan xatlarga, haramga tegishli farmonlarga va boshqa farmoyishlarga qo‘yilardi.


Saroy majlislari davomida Akbarshohning qo‘l ostida bir uyum tilla va kumush tangalar saqlanar, majlis jarayonida taqdirlangan shaxslarga siqimiga siqqancha oltin yoki kumush tanga hadya sifatida majlis ishtirokchilariga tarqatilar edi. Abduqodir Badouniy Xoldigatidagi jangdan o‘lja sifatida Ramprasad laqabli filni olib kelib podshohga topshirganida, unga podshoh oldidagi patnisdan bir uyum oltin tangalardan bir hovuch olib bergan edi. Hisoblab ko‘rishsa, bu tangalar 96 ashrafiyga teng bo‘lganini yozadilar (Qarang: Al-Badauni Abdulqodir Ibn Mulukshah. Muntahab ut Tavorih, v. 1, transl. by George S.A. Ranking, vol 2, transl. by W.H. Lowe, vol. 3, tr. by Wolslay Haig, Patna, 1973, p. 243. (Ushbu maqola muallifining izohi)).


Saroy ixtiyorida har biri bir shaharga teng keladigan hajmdagi yuzdan ortiq ishlab chiqarish korxonalari bo‘lib, ulardan olinadigan daromad saroy xarajatlari uchun sarflanardi. Akbarshoh tez-tez borib, bu korxonalarning ish jarayonini ko‘zdan kechirib turardi. Ularda Monseratning yozishicha, turli tasviriy san’at asarlari, hunarmandchilik mollari, zardo‘zlik, misgarlik, gilamdo‘zlik, to‘qimachilik, kashtachilik, qurolsozlik kabi ishlar bilan shug‘ullanadigan do‘konlar ishlab turar edi.


Akbarshoh bir ko‘rsang, davlat ishlari, bir ko‘rsang ot va tuyalar parvarishi bilan band, uni goh toshlarni sayqallayotgan, goh bolg‘a urib chilangarlik qilayotgan, goh yog‘ochga ishlov berayotgan holda uchratish mumkin edi. Akbarshoh chavgon o‘yini o‘ynashni yoqtirar, chunki bu o‘yin kishida epchillik va hozirjavoblik qobiliyatini tarbiyalaydi, deb hisoblar edi. Baquvat (Manbada: «Baquvat» tarzida xato yozilgan; to‘g‘risi – «Baquvvat». (Sh.R.)) kishida chavandozlik qobiliyati ham shakllanar edi. Shahar hayotidan toliqqan paytlarida Agradan yetti mil masofada joylashgan qo‘riqxonaga borib, o‘sha yerda ov qilar, chavgon o‘ynar, arab otlari poygasini tashkil qilar yoki kaptarbozlik qilar edi. Qo‘riqxona «Nagarchiyn» (oromgoh) deb atalar edi. Agra qal’asining qurilishlari boshlangach, bu oromgohga borish uchun vaqt ham topilmay qolgan edi.


Akbarshoh vafotidan keyin Jahongir saroyida bo‘lgan ingliz sayyohi Nikolas Vashingtonning yozishicha, buyuk boburiylarning saroyi shu darajada hashamatli va serviqorki, u bilan nasroniy dunyosi shohlarining saroyini taqqoslab bo‘lmaydi (Qarang: Nizamuddin Ahmad, Taboqati-Akbari (Nizomiddin Ahmad.Tabaqoti Akbariy. Forscha qo‘lyozmasi 1622 yilga taalluqli, bu haqda U. Forsterning «Hindistonga qilingan dastlabki safarlar» kitobidan ma’lumot olish mumkin). 9 volumes, Indian Office Library, Persian manuscript, dated 1622, p.394; William Fostered., «Early Travels in India», New Delhi, 1984, p. 225. (Ushbu maqola muallifining izohi)).


Berk, Akbarshoh, T, 2009. – B. 186-190. (O‘zbekcha);

Кухня (столовая) дворца [Акбар-шаха]. В кн.: Берк С.М. Акбар-шах – самый Великий из Бабуридов.

Fikr qoldirish#


O‘qish tavsiya qilinadi
Yosh shoirning shakllanishi yoki Bobur Mirzo Farg‘ona viloyati podshohi (1494-1504)

Zahiriddin Muhammad Bobur 1483 yil 14 fevral kuni Andijonda Farg‘ona...

Hukmdorlarga o‘rnak bo‘ladigan, dunyo olimlari havas qiladigan umr e’tirofi

This article explores the historical significance of Babur and the...


Maqolani baholang
0.0