Sinov yoʻsinida ishlamoqda

Kirish so‘zi

 Zahiriddin Muhammad Bobur milodiy 1483 yilda O‘rta Osiyoning tog‘lar bilan o‘ralgan va unchalik ko‘zga tashlanmaydigan kichik bir vodiysining markaziy shahri Andijonda dunyoga keldi. Ko‘p katta bo‘lmagan bu mulkka u ham otasi, ham onasi tomonidan hukmdorlik qilishga haqdor edi. Ona tomonidan uning ajdodlari mo‘g‘ul ulusining sardori va biz bilgan dunyoning kattagina qismida o‘z hukmini o‘rnatgan Chingizxonga borib taqalardi, otasi tomonidan esa dunyoga tanilgan mashhur turklar sardori Amir Temur avlodlaridan edi. Shu bois ham uning vujudida uzoqni ko‘ra biladigan, mard va qat’iyatli, g‘ayrat-shijoatli bo‘lgan turkiylarga xos bo‘lgan shiddat bor edi. 

 Markaziy Osiyo hududida istiqomat qiladigan ko‘chmanchi qabilalar qadimdan chorvachilik va ommaviy tarzda ov qilish bilan tirikchilik qilishardi. Ular daryo va irmoqlarga yaqin yerlarda yashashar, yerga esa vaqtinchalik, ya’ni uning hayot uchun zarur bo‘lgan zaxirasi tugaguncha egalik qilishar, cho‘l hududlarida yaylovlar va o‘rmon bilan qoplangan tog‘ oldi hududlari ular uchun umrguzaronlik qiladigan asosiy boshpana bo‘lib xizmat qilardi. Ular o‘z ixtiyoridagi qo‘yu yilqi- lari va yig‘ma kigiz o‘tovlari bilan dovonlar osha sero‘t yaylovlarga ko‘chib hayot kechirishar edi. Zarur hollarda o‘sha qavm sardori yetakchiligida ikkala tomoni charxlangan qayrilma qilich va ka- monlar bilan qurollangan, simdan to‘qilgan sovut va charm to‘n kiygan otliq erkaklardan qudratli qo‘shin tashkil qilinar va ularga qarshi turgan raqibga qaqshatqich zarba berilardi. Ba’zan esa bu qabilalar uzoq muddat davom etgan qurg‘oqchilik yoxud o‘zidan kuchliroq qabilalarning tazyig‘i ostida, yo bo‘lmasa, yaqin atrofda joylashgan o‘troq aholining mulkini talash ishtiyoqida o‘zlari- ning ko‘nikib qolgan issiq joylarini tashlab, bir joydan ikkinchi joyga ko‘chishardi. Ko‘chmanchi qabilalarning turmush tarzi o‘sha jamiyat uchun xos bo‘lgan yozilmagan qonuniyat asosida ro‘y berar- di. O‘ziga xos turmush tarzi asosida o‘z qobig‘iga o‘ralib yashaydigan yevropaliklar xunnlar, avarlar, bulg‘orlar, turklar va mo‘g‘ullar haqidagi xabarlar va ularning harakatidan kelib chiqib esadigan voqealar to‘lqinini Yaratganning qahri deb bilishar, yoxud “Ya’juj va Ma’juj” deb atalgan dah- shatli kuch deb qabul qilishardi. 

 Bobur masalasiga kelsak, bunday turmush tarzi uning uzoq ajdod- lariga xos bo‘lib, uning hayotida ko‘chmanchilik izlari juda kam ko‘zga tashlanardi, zero, u umr bo‘yi ko‘chmanchi dashtlik qavmlar bilan to‘qnashib kelgan va ular Boburning ashaddiy dushmani bo‘lib kelgandi. 

 Ana shunday hayot kechirishga moslashib qolgan Markaziy Osiyo xalqlarida turmush muhiti talab qilgan qator ijobiy fazilatlar shakllangan. Shu jumladan, tinimsiz shamol va to‘- fonlar esib turadigan dasht iqlim sharoiti mahalliy aholida chidamlilik va iroda kuchini shakl- lantirgandi. Shu bois ularda xavf oldida o‘zini yo‘qotmaslik, oiladagi zaifalarni o‘z himoyasi ostiga olish, uy-joylari va mol-mulkini dushmandan himoya qilish tuyg‘usi, shuningdek, tarqoq xalqni bir joyga to‘plab, ularga yetakchilik qilish qobiliyati kuchli rivojlangandi. Shu sababdan bo‘lsa kerak, yumshoq xarakterdagi o‘troq shahar aholisi bilan bo‘ladigan janglarda odatda dasht sharoitida chiniqqan ko‘chmanchi navkarlar g‘olib chiqardilar. Bunday g‘oliblik, tabiiyki, qattiq shafqatsiz muhit sharoitida shakllangan ko‘chmanchi navkarlardagi chiniqish, ziyraklik va vaziyat- ni to‘g‘ri baholash va uni boshqarish qobiliyatining takomillashgan natijasi ekaniga shubha bo‘li- shi mumkin emas. Yevropaliklar va osiyoliklar o‘rtasida bo‘lib o‘tgan muhorabalarni ko‘rgan rimlik missionerlardan biri o‘z xotiranomasida yevropalik askarlar osiyolik navkarlarga nisbatan ko‘proq vahshiylik qilganliklarini ta’kidlaydi. 

 Boburdan bir-ikki avlod avvalroq yashagan Usmonli turklar yengilmas deb hisoblangan Konstantinopolni jismoniy mahorat bilan emas, balki aqliy tafakkur bilan, ya’ni Bosfor bo‘g‘ozi suv yo‘lini to‘sish, qal’a istehkomlarining no- zik joylarini aniqlash va ularni tarixda birinchi bor qo‘llanilgan to‘plar va zambaraklardan mohirona foydalanish orqali qamalni yorib o‘tish bilan taslim etishgan. 

 Markaziy Osiyoda hukmronlik qilgan xon va sultonlar harbiy yurishlarni mohirlik bilan tashkil qilar va osonlik bilan g‘alabani qo‘lga kiritishardi. Chingizxonning shafqatsiz yurishlari natijasida vayronaga aylangan shahar va qishloqlar oradan ikki avlod o‘tmasdanoq qayta tiklana boshladi. Mo‘g‘ullar “Ulkan o‘tov” deb atagan Xitoyda uning hukmdori Xubilayxon “Ulug‘vor ishratxona” qurishga far- mon berdi va Marko Poloning yozishicha savdo yo‘llarini qayta tikladi. Mo‘g‘ul xonlari uzoqni ko‘zlab keng miqyosda ish olib borishardi. Ularning Yuan sulolasi Xitoyda ulkan hududni egalla- gan imperiyani boshqarardi. Eron hukmdorlari esa ancha rivojlangan va takomillashgan Tabrizdan turib hukm yuritar va o‘z faoliyatida ko‘pincha boshboshdoqlikka yo‘l qo‘yishardi. 

 Usmonli turklar esa markazi Konstantinopol bo‘lgan qudratli imperiyaga asos soldilar. Bu harakatlarning nati- jasi o‘laroq o‘tmishda bir-biridan ancha yiroq bo‘lgan Xonbaliq, Tabriz va Konstantinopol o‘rta- sida diplomatik aloqalar va savdo-sotiq ishlari yo‘lga qo‘yildi. Bu aloqalar natijasida o‘rnatil- gan tinchlikni ko‘pincha “mo‘g‘ullar osoyishtaligi” deb atashardi. Bu osoyishtalik harbiy yurishlar natijasi emas, balki o‘zaro tinch qo‘shnichilik munosabatlari natijasi edi. Mo‘g‘ullar kelishidan bir necha asrlar ilgari Rim imperiyasi hududida o‘rnatilgan osoyishtalik aynan ana shu tamoyil- lar asosida o‘rnatilgandi. 

 Rimda joriy etilgan metindek qattiq boshqaruv tamoyillari shafqat- siz qonunlar asosida tashkil qilingan bo‘lsa, mo‘g‘ullar jamiyatidagi boshqaruv Chingizxon ishlab chiqqan kodeks (yasoq)lar asosida tashkil qilinardi. Ushbu qonunda o‘tovlarda yashaydigan ko‘chmanchi aslzodalar dehqonchilik bilan shug‘ullanuvchi mahalliy aholiga nisbatan yuqoriroq mavqeda turi- shi ko‘zda tutilgan edi. Bu dashtlik aslzodalarning asosiy tayanchi o‘rda qoshida tashkil qilingan qo‘shin bo‘lib, xuddi shu o‘rda keyinroq Oltin O‘rda deb atala boshlagan edi. O‘rdaning faoliyati Chingizxon davlatiga sodiq bo‘lgan, harbiy mahoratga ega bo‘lgan lashkarboshilar, ya’ni “no‘yon”lar maslahati bilan boshqarilar edi. Aftidan, Chingizxon keyingi avlodlarning tashqi dunyo ta’siri- da qayta tarbiyalanishlari mumkinligini hisobga olmagan ko‘rinadi. 

 Keyingi ikki avlod hayoti davomida mo‘g‘ullarning kattagina qismi shaharlarga ko‘chib o‘troq turmush tarziga moslashib qol- dilar. Shuni eslatib o‘tish o‘rinliki, Chingizxonning nevarasi Xubilayxon boshqaruv tizimi sust- lashib qolgan Sunglar sulolasi hukmronlik qilayotgan Xitoyni bosib oldi, Xitoy yana qaytadan boshqaruv tizimini Xubilayxondan tortib oldi. Oltin O‘rdaning inqirozga yuz tutishida aholi- ning diniy e’tiqodi ham sezilarli rol o‘ynadi. Ular hukmronligi davrida turk-mo‘g‘ul qavmlari otashparastlar bo‘lib, dunyodagi boshqa dinlarga nisbatan befarq edilar. Mahalliy Eron aholisi esa islom dinini qabul qildilar. Shu tarzda Bobur yashagan davrga kelib islom dini o‘rnatgan qat’iy shariat qonunlari muz bilan qoplangan Tibet cho‘llaridan tortib to Volga bo‘ylarigacha bo‘lgan hududda mo‘g‘ulcha yasoq o‘rnini egalladi. 

 Shunday qilib, Chingizxonning merosxo‘r avlodla- ri rivojlanib borayotgan tashqi dunyoda bir-birlaridan uzoqlashib, “mo‘g‘ul no‘yonlari” deb atal- mish dashtlik aslzodalar asta-sekin mahalliy mulk egalari, savdogarlar hamda din peshvolari bo‘lmish turkiy tarxonlar bilan aralashib keta boshladilar. Ayrim hollarda esa, tabiiyki, ular orasida ziddiyatlar kelib chiqa boshladi. Chunki Chingizxonning ikki o‘g‘liga meros qilib qoldi- rilgan Yevroosiyoning ikki qismi ko‘chmanchi turmush tarziga sodiq qolib, o‘z hayotlarini u yoki butarzda yasoq talablari asosida davom ettirdilar. 

 Turkiy-mo‘g‘ul qavmlarining birgalikda olib borgan harbiy yurishlari natijasida Kiyev Rusi va, hatto, feodal tizimdagi Polsha va Litvaning Dunay daryosigacha bo‘lgan hududda katta siyosiy o‘zgarishlar yuz berdi. Mo‘g‘ul qavmlarining asosiy qismi ko‘chmanchi turmush tarzini saqlab qoldi, ular orasida tez-tez mahalliy ahamiyatga molik bo‘lgan ziddiyatlar yuz berib turardi. 

 Boburning mulki bo‘lmish Farg‘ona davlatidan ancha uzoqda Ural va Irtish daryolari oralig‘idagi hudud Chingizxonning katta o‘g‘li Jo‘jixonga berilgandi. Jo‘jixonning o‘g‘li Botuxon hukmronlik davrida yevropaliklarga bu ulus “Oltin O‘rda” sifatida mashhur bo‘lgan edi. Ehtimol, Volga daryosining sharqiy qirg‘oqlarida o‘z hukmini o‘rnatgan mo‘g‘ul aslzodalarining yarqirab turgan tillarang chodir va o‘tovlari ana shunday atalishiga sabab bo‘lgan- dir. O‘sha paytda ingliz adabiyotining ilk namoyandasi bo‘lmish Jyoffri Choser “Uzoqda, tatarlar o‘lkasida ruslarga tahdid solib turadigan Xon yashaydi”, deb yozgan edi. Jo‘jixon qo‘l ostidagi xonliklar boshqa mo‘g‘ul xonliklari hududidan ancha uzoqda bo‘lgani bois, ularda alohida o‘ziga xos turmush tarzi shakllangan edi. Ular bir-birlaridan ancha uzoqda joylashgan mayda rus shaharlari bilangina bordi-keldi qilishardi. Vaqtlar o‘tib Oltin O‘rda inqirozga yuz tutib parchalana bo- shlaganda, ularning bir qismi Dashti Qipchoq tomon ko‘cha boshladilar. Usmonli turk sultonlari Konstantinopolni qo‘lga kiritgan paytda qipchoqlar orasida o‘zini “o‘zbak” deb atagan qavm shakl- lana boshladi. Vaqtlar o‘tishi bilan ular qudratli kuchga aylanib Chig‘atoyxon sulolasiga tegishli bo‘lgan hududlarga tahdid sola boshladilar. 

 Chig‘atoyxon Chingizxonning ikkinchi o‘g‘li bo‘lib, uning mulki Markaziy Osiyoning qoq markazida, ya’ni Tibet yassitog‘ligi yuqorisida joylashgandi. Uning hududi Osiyo tizmalarigacha cho‘zilgan dasht va cho‘llarni o‘z ichiga olgan bo‘lib, Tyan-Shan va Hindukush tog‘lari tutashgan yuksak Pomir tog‘larigacha bo‘lgan hududda yastanib yotardi. Uning aho- lisi ham ko‘chmanchi turmush tarziga odatlanib qolgan bo‘lib, ayrim savdo karvonlari o‘tadigan va, ayniqsa, muqaddas qadamjolar atrofida yashaydigan aholi ancha madaniylashgan tarzda turmush ke- chirar edi. 

 Chingizxonning shiddatli yurishi natijasida mahv etilgan Qashqar, Olmaliq, Beshba- liq kabi madaniyat markazlari endilikda Chig‘atoyxon avlodlari ixtiyorida edi. Ularning turmush tarzi ota-bobolari itoat qilib kelgan yasoq talablariga zid kelardi. Ular to‘plagan o‘ljalarini devor bilan o‘ralgan qal’alarda saqlab, o‘sha yerda qishlar, yozda esa o‘z qavm va qabilalari bilan daryo oqimi bo‘ylab yastangan yaylovlarga ko‘char edilar. Chig‘atoyxonning bu avlodlari hukmdorlikni taxtda o‘tirib emas, balki ot ustida, ya’ni egarda o‘tirib amalga oshirishardi. Rejalari noaniq, ko‘pincha tavakkalchilik asosida ish yuritishar, ularning yozma adabiyoti ham yo‘q edi. Ular o‘zaro ziddiyatlar qamrovida qolgan edilar. Ulkan tog‘ning sharqiy tizmasi oxirida ularning asosiy poytaxti bo‘lmish Qashqar shahri bo‘lib, xitoyliklarning ta’biricha, qaroqchi va talonchilardan farqi yo‘q edi. 

 Tog‘ tizmalarining g‘arbiy qismida mo‘g‘ul xonlari Chig‘atoyxonning asl merosxo‘r- lari sifatida hukmronlik qilardilar. Qalin devor bilan o‘ralgan Toshkentda ularning asosiy qarorgohi bo‘lib, uning atrofidagi hududdan Buyuk Shimoliy yo‘l deb atalgan Xitoyga karvonlar qatnagan. Ipak ana shu yo‘ldan keltirilardi. Ular o‘z yaylovlarini ko‘chmanchi qirg‘izlar va qozoqlar- dan himoya qilishda ancha-muncha qiyinchiliklarga duch kelar va shu bois dashtlik qavmdoshlarining janubga tomon siljishlaridan manfaatdor edilar. Chig‘atoyxonning aynan ana shu sulolasidan bo‘lgan Yunusxon Bobur mirzoning ona tarafdan bobosi edi. Uning ajdodlari Toshkent mulkiga egalik qilsalar-da, Boburning “Zahiriddin Muhammad” degan ismini to‘g‘ri talaffuz qila olish- masdi. 

 Endi, Chig‘atoy mulkining janubi-jarbiy qismiga kelsak, ularning turmush tarzi boshqa chig‘atoy qabilalaridan keskin farq qilardi. Ular egalik qiladigan pasttekisliklar juda unum- dor yerlar bo‘lib, bu hudud Orol degiziga borib quyiladigan ikki daryo oralig‘iga yoyilgan edi. Bu hududda ikki qadimiy madaniyatga ega bo‘lgan shahar – Samarqand va Buxoro qad ko‘targan bo‘lib, ular o‘z turmush madaniyati bilan ko‘chmanchilarning turmush tarziga keskin qarshilik ko‘rsatishar- di. Buxoro o‘zining islomiy usulda bunyod etilgan me’moriy obidalari va madrasalari bilan mashhur bo‘lsa, Samarqand esa muhtasham binolari va yuqori darajada rivojlangan savdo ishlari bilan obro‘-e’tibor qozongan. Bu ikki shahar atrofidagi yerlarda dehqonchilik ancha taraqqiy top- gan.ikki daryo – Amu bilan Sir o‘rtasidagi hududda allaqachon Chingiziy yasoq (qonun-qoidalar) barham topgan bo‘lib, ularning o‘rnida islomiy shariat ahkomlariga rioya qilinardi. XIV asr oxi- riga kelib aynan shu yerda haqiqiy turkiy qavmga mansub hukmdor – Sohibqiron Amir Temur du- nyoga keldi. U Samarqandni o‘z mulkining poytaxtiga aylantirdi va uni g‘olibona yurishlar nati- jasida olingan o‘ljalar bilan boyitdi. Bu buyuk lashkarboshi islom ta’limotini o‘ziga shior qilib, ko‘chmanchilarga qarshi juda katta harbiy yurishlar qildi. Bu yurishlar natijasi o‘laroq, Botuxonning merosxo‘rlari, shu bilan bir qatorda, Mo‘g‘ulistondan kelgan xonlarni va Oltin O‘r- daning boshqa qolgan-qutganlarini tumtaraqay qilib quvdi. Umrining oxiriga kelib, Amir Te- mur Samarqandni yer yuzining eng go‘zal shaharlaridan biriga aylantirdi, Hindistonning shimo- liy qismini qo‘lga kiritdi, Usmonli turk sultonlarining “yengilmas” deb nom olgan armiyasini tor-mor qildi va buning natijasida “Temur” ismi uzoq yevropaliklarning ham yuragiga g‘ulg‘ula soladigan bo‘ldi. Amir Temur 1405 yilda uning shon-shuhratiga soya solib turgan Xitoy hukmdori bo‘lmish Yuanlar sulolasini mahv etish maqsadida harbiy yurishga otlangan paytda safarda vafot etdi. 

 Amir Temurning poytaxti Samarqand bo‘lsa-da, g‘arbda Eron hududini ham qamrab olgan edi.



 Sohibqironning harbiy yurishlaridan keyin temuriylarning Markaziy Osiyoda bir asrni qamrab olgan “Uyg‘onish davri” boshlandi. Samarqandda uning nabirasi Ulug‘bek homiyligida, Hirotda o‘g‘li Shohrux homiyligida butun Xurosonda san’atkorlar va mohir ustalar xuddi G‘arbda, Floren- siyada bo‘lganidek, samarali mehnat qildilar. Amir Temurning merosxo‘rlari deyarli qirq yil davomida mamlakatda osoyishtalikni saqlab turishdi. 

 1465 yilga kelib Amir Temurning nevara- si Abusaid mirzo o‘zini Kavkazdan Qashqargacha bo‘lgan hudud hukmdori deb e’lon qildi. Bu paytga kelib Jo‘jixonning avlodlari bo‘lgan dashtlik qavmlar Chingizxondan qolgan, lekin Amir Temur tomonidan bekor qilingan yasoq (qonun-qoidalar)ni qayta tiklashga urinib, hokimiyat sari inti- lardilar. 

 1465 yildan keyin temuriylarning hukmdorligi Samarqand hukmdori Sulton Ahmad mirzo va uning aka-ukalari o‘rtasida chiqqan nizolar va taxt uchun bo‘lgan kurashlar tufayli inqi- rozga yuz tutdi. Aka-ukalarning biri Samarqandda, ikkinchisi Hirotda, janubi-sharqda, Amudaryo bilan Sirdaryoning boshlanish bo‘g‘imida, ya’ni Hindukush tog‘oldi hududida, ukalarining uchinchi- si esa janubda, ya’ni Hindukush tizmalarining narigi tomonidagi Afg‘on yerlarida o‘z hukmini o‘rnatdi. Shahzodalarning yana biri Umarshayx mirzo esa eng uzoq hudud bo‘lmish Farg‘ona vodiysi- dagi mu’jazgina mulkni egallab, u yerda o‘z hukmronligini o‘rnatdi. Ana shu kishi shahzoda Bobur mirzoning otasi edi. 

 Temuriylar saltanati inqirozga yuz tutgan bir davrda, taqdir shamollari Boburni atrofi deyarli yil davomida qor bilan qoplanib yotadigan, tizma tog‘lar o‘rab turgan uzoqdagi bu vodiyga uchirib kelgandek tuyuladi. Bu yerga Chig‘atoy xonlarining markazi bo‘lgan Tosh- kentdan osongina kelish mumkin edi. Bu osoyishta hududdan Samarqand orqali Xitoyga karvon yo‘llari o‘tardi. Aslini olganda bu o‘lka ko‘chmanchi qabilalar va Samarqandning o‘troq aholisi o‘rtasidagi, boshqacha aytganda, dehqonlar bilan ovchilar, olimlar va dashtlik qavmlar o‘rtasidagi chegara vazifasini o‘tardi. Hukmdorlar nazaridan uzoqda joylashgan va ko‘pchilik tomonidan unu- tilgan bu vodiyning taqdiri deyarli unutilayozgandi. 

 Bobur o‘n ikki yoshidan boshlab o‘z sarguza- shtlarini izchil qog‘ozga tushirib borgan. U o‘z xotiranomasida Farg‘ona davlati tarixi va o‘z ke- chinmalarini ... turkiy tilda yozib qoldirgan. O‘sha davrda hukm surgan sukunat uzra Boburning ovozi baralla eshitilib turadi. 

 Boburning xotiranomasi deyarli besh yuz yil avval yozilgan bo‘l- sa-da, u dushman ortidan quvib, yoxud dushman ta’qibidan qochib charchagan onlarda egardan tushib, chodir yonidagi gulxan atrofida o‘tirib so‘ylab berilayotgan hikoyadek taassurot qoldiradi. Uning batafsil bayon etilayotgan voqealaridan yevropaliklarning “go‘zal Sharqni o‘z mulkiga aylantirish” niyatidagi Hindistonga kelishi arafasida bu o‘lkada hukm surgan vaziyat haqida to‘la tasavvur ho- sil qilish mumkin.


Harold LAMB. 

Lamb, Harold. Bobur – Yo‘lbars:

Buyuk boburiylarning birinchisi 

 H. Lamb; tarjimon

 G‘. Satimov. –Tsh., “O‘zbekiston”, 2015. – 296 b. – B. 7-14. (O‘zbekcha); Вводное слово.

Fikr qoldirish#


O‘qish tavsiya qilinadi
Yosh shoirning shakllanishi yoki Bobur Mirzo Farg‘ona viloyati podshohi (1494-1504)

Zahiriddin Muhammad Bobur 1483 yil 14 fevral kuni Andijonda Farg‘ona...

Hukmdorlarga o‘rnak bo‘ladigan, dunyo olimlari havas qiladigan umr e’tirofi

This article explores the historical significance of Babur and the...


Maqolani baholang
0.0