Sinov yoʻsinida ishlamoqda

Madaniy hayot

Akbarshohning fe’l-atvoridagi eng muhim xususiyatlaridan biri uning xatti-harakatida aniq ko‘zga tashlanib turadigan bag‘rikenglik xislatidir.

U o‘z millatdoshlariga qanday munosabatda bo‘lsa, hindlarga ham ana shunday muhabbat va ehtirom bilan muomala qilardi.

O‘z xalqining san’atini qanchalik ardoqlasa, ularning san’atini ham shunchalik mehr bilan e’zozlardi. (Jeyms Fergyusson).


Hindistonning uzoq davom etgan tarixida hind va musulmon xalqlari san’ati Akbarshoh davridagichalik teng va yuksak darajada rivojlanmagan. Unga meros qolgan turkiy-eroniy madaniyat qobiliyatli san’atkorlar tomonidan muntazam ravishda boyitilib turdi. Lekin Akbarshohning g‘amxo‘rligi hind musiqasiga, she’riyatiga, tasviriy san’atiga, falsafasiga, adabiyotiga va me’morchiligining rivojlanishiga katga yordam berdi. Britaniyaliklar ham diniy va ma’muriy masalalarda barcha millatlarga baravar munosabatda bo‘lgan bo‘lsalar ham, ularning hukmronligi davri anchagina chalkashliklarga olib keldi. Chunki mamlakatda hukmron sinf tili bo‘lgan ingliz tili barcha udumlar ustidan hukmron til bo‘lib qoldi. Hindistonning ko‘p aqlli kishilari ana shu til ta’siri ostida g‘arb madaniyatiga berilib ketdilar.


DAVR FOZILLARI.

Abulfazlning ushbu sarlavha bilan bizga xabar berishicha, Akbarshoh besh toifa olimlar va fozillarni juda hurmat qilgan, ularga katta ehtirom ko‘rsatgan. Abulfazlning asarida ulardan bir yuz qirq kishining ro‘yxati beriladi. Birinchi toifa olimlar shayx Muborak yetakchiligida yigirma bir kishidan iborat bo‘lib, ulardan to‘qqiz kishi hindlardan bo‘lgan. Ikkinchi toifa olimlar o‘n besh kishidan iborat bo‘lib, Sekrilik shayx Salim Chishtiy ana shu toifaga mansub bo‘lgan. Uchinchi toifa esa o‘n ikki kishidan iborat bo‘lib, ularning barchasi musulmonlardan edi. To‘rtinchi toifa ikki qismga ajratilgan bo‘lib, uning birinchi qismida yigirma ikki kishidan iborat faylasuflarning ismi-shariflari keltirilgan. Ulardan o‘n besh kishi hindlardan edi. Ro‘yxatning ikkinchi qismida yigirma to‘qqiz tabibning nomlari keltirilgan bo‘lib, ulardan to‘rttasi hindlardan edi. Oxirgi beshinchi toifada qirq bir kishining ismi ko‘rsatilgan. Ulardan ikki kishi hindlardan edi.


TARJIMACHILIK KENGASHI.

Akbarshoh saroyidagi ko‘pmillatli tarkibga ega bo‘lgan mulozimlari tomonidan erishilgan muvaffaqiyatning eng shirin mag‘zi saroyda tashkil etilgan tarjimachilik kengashi tomonidan yaratilgan noyob asarlardir. Bu kengash a’zolari, asosan, shoh atrofidagi fozil kishilar bo‘lib, ularning qilgan ishlari yaqqol ko‘zga tashlanib turadi. A. Badouniyning xabar berishicha, shoh buyrug‘iga binoan, Fotihpurdagi saroy kutubxonasi qoshida maxsus “maktabxona” tashkil etilib, bu maktabda olimlar tarjimachilik ishi bilan shug‘ullanganlar. Abulfazlning aytishicha, bu maktabda filologlar hind, yunon, arab va fors tillarida yozilgan noyob kitoblarni boshqa tillarga tarjima qilish ishi bilan shug‘ullanganlar. Shoh farmoni asosida tarjima qilingan kitoblar ro‘yxatiga qarab, Akbarshoh fanning qaysi sohalari bilan qiziqqanini bilish mumkin.


“Singxasan Rattisi” roja Bikramaditya haqidagi o‘ttiz ikki hikoyani o‘zida mujassam etgan asar. A. Badouniy tomonidan bir brahman yordamida hind tilidan fors tiliga o‘girilgan.

“Hayot-u-l-hayvon” hayvonlar hayoti haqidagi kitob. Shayx Muborak tomonidan arab tilidan fors tiliga tarjima qilingan.

“Lilavati” arifmetikaga oid hind tilida yozilgan asar. Fayziy tomonidan fors tiliga tarjima qilingan.

“Tajak” astronomiyaga oid asar. Muhammadxon Gujaratiy tomonidan fors tiliga o‘girilgan.

A. Badouniy “Atxarva Veda” nomli qadimgi hind (sanskrit) tilida yozilgan asarni bilimdon bir brahman yordamida fors tiliga o‘girishga urinib ko‘rgan. Lekin asarning ayrim o‘rinlarini bilimdon brahman ham tushunishga ojizlik qilgan. Keyinroq bu asarni Hoji Ibrohim Sindiy tarjima qilgan.


Boburshohning xotiranomasi («Boburnoma») ham birinchi bor mana shu yerda turkiydan Abdurahim xoni xonon tomonidan fors tiliga o‘girilgan. Kashmir tarixiga oid yana bir asarni Badouniy sanskrit tilida boshqatdan yozib chiqdi va bu asarni Mulla Shomuhammad Shohobodiy sanskritdan fors tiliga o‘girdi. Geografiyaga oid “Mo‘jamu-l-buldon” deb nomlangan asarni bir necha arab olimlari hamkorlikda arab tilidan fors tiliga o‘girdilar.


Abulfazlga Injilni fors tiliga o‘girish vazifasi yuklatilgan edi. Krishna hayotiga bag‘ishlangan “Haribas” deb nomlangan asarni Mavlono Sheriy hind tilidan fors tiliga tarjima qildi. Shu bilan bir qatorda Abulfazl “Kalila va Dimna” asarini “Ayyor Donish” nomi bilan soddaroq usulda boshqatdan yozib chiqdi. Avvalroq olimlar bu asarni kamroq metaforalar va qiyin jumlalar qo‘llab tarjima qilishgan edi.


Sanskrit tilida yozilgan “Mahobhorat” va “Ramayana” eposlari ham fors tiliga o‘girilgan. “Mahobhorat”ni fors tiliga tarjima qilish ishini musulmon olimlarga topshirishdan avval Akbarshoh hind olimlaridan bir nechasini to‘plab, asarning qisqacha mazmunini o‘zi uchun bir necha kun ichida yozib berishlarishi talab qildi va Naqibxon uni shohga batafsil o‘qib berdi. Ana shundan keyin Akbar Naqibxon, Abduqodir Badouniy, Fayziy, Mulla Sheriy va Sulton Hoji kabi olimlarni to‘plab, ularga asarning to‘la tarjimasini yaratish ishini topshirdi. Asarning tarjimasini “Ramznoma” deb atadilar. Keyinroq ana shu tarjimonlar “Ramayana”ni ham tarjima qildilar.


Ashaddiy musulmon bo‘lgan Badouniy o‘ziga hindcha kitoblarni tarjima qilishga to‘g‘ri kelganidan afsuslanganligi ko‘rinib turadi. Unga “Mahobhorat”ni tarjima qilish ishi topshirilganda ranjib, “Men shariat taqiqlagan narsani iste’mol qilishim kerakmi? Men sholg‘om yeyishim kerakmi? Afsus, peshonamga shunday ishlarni qilish yozilgan ekan-da!” deb e’tiroz bildiradi. “Ramayana” ning tarjimasi yakunlangach esa, biroz yengil tortib “Dahriylik haqidagi kitobni tarjima qilish dahriylik qilish degani emas. Nega endi mening maslagimga to‘g‘ri kelmaydigan bu kitobdan qo‘rqishim kerak?” deb yozadi.


ShE’RIYAT.

“Shoir o‘z asarini badiiy tasavvur asosida yaratar ekan, deydi Akbar, uning asarini jiddiy narsa deb qabul qilib bo‘lmaydi. Dorboz o‘z san’atini qo‘l-oyoqlarini mahorat bilan ishlatib ijro etadi. Shoir bo‘lsa tili bilan yaratadi. “Oyini Akbariy”ning “Davr shoirlari” deb atalgan qismida o‘sha davrda yaxshi shoirlar ham, yomon shoirlar ham bo‘lgani ta’kidlanadi. Ba’zi shoirlarning she’riy lavhalarida nozik did barq urib turgani holda, ba’zilarida buning aksini ko‘rish mumkin.


Haqiqat bilan yolg‘on, donolik bilan nodonlik, gavhar bilan oddiy tosh bir-birlaridan yiroq bo‘lsalar ham, ularda qandaydir o‘xshashlik bor. Shunga o‘xshab shoirlarning asarlarini ham xolisona baholash mushkul ish. Shu bois bo‘lsa kerak, Oliy Hazrat shoirlarni unchalik qadrlamaydi. Shuning uchun ham ayrim nodonlar shohni she’riyatni tushunmaslikda va shoirlarni qadrlamasliqda ayblaydilar. She’riyat badiiy to‘qimaga va tasavvurga bog‘liq bo‘lgani uchun ham podshohning she’riyatga unchalik xushi yo‘q edi. Aftidan, Akbarshohning “badiiyat”, “badiiy to‘qima”, “tasavvur”, “lirika” kabi tushunchalar va iboralarga tukisroq e’tibor berishga vaqti ham bo‘lmagan ko‘rinadi. Shu bois bu tushunchalarga ahamiyatsiz bir narsa, deb qaraydi. Biroq falsafiy, diniy va tarixiy mavzudagi she’riy asarlarga hafsala bilan quloq tutardi. Bolaligidanoq mistik she’r va g‘azallarga qiziqish bilan qarardi. Ustozi Abdullatif so‘fi bilan tanishgan chog‘laridayoq, Hofiz qasidalarini yoddan bilardi. Keyinroq Jaloliddin Rumiy va Hofiz Sheroziy devonlarini yod olgan edi. Akbar hind eposi “Mahobhorat” va “Ramayana”ni juda qadrlardi. Chunki bu asarlar o‘zining falsafiy, diniy va tarixiy qimmati bilan hind xalqi ongi va ruhiyatining o‘sishi, rivojlanishiga katta ijobiy ta’sir ko‘rsatadi, deb hisoblardi.


Akbarshohni poetik asarlarga befarq bo‘lganlikda ayblab bo‘lmaydi. Agar shunday bo‘lganda edi, u saroydagi ellik to‘qqizta shoir va boshqa qobiliyatli kishilarni o‘z himoyasiga olmagan bo‘lardi. Ular yaratgan asarlarni esa huzur qilib tinglamagan bo‘lardi. Ajdodlari singari u ham saroyda she’riyat ustalariga beriladigan “Fors sheriyati bilimdoni”, “Hind she’riyati bilimdoni” kabi faxriy unvonlar ta’sis etab, yetakchi shoirlarga berar edi. Ushbu unvonga sazovor bo‘lganlar orasida Akbarshohning yaqin do‘stlaridan Fayziy va Birbol bor edi.


Tarixnavis olim Abulqosim Farishtaning xabar berishicha, Akbarshoh unchalik mukammal shoir bo‘lmasa ham, ba’zan g‘azallar ham mashq qilib turardi. Ba’zan boshqa shoirlarning bitiklariga tuzatishlar kiritar va ba’zan esa o‘rni kelganda g‘azallardan baytlar ijod qilib turar ekan. Shohning ammasi Gulbadan begim, xotini Salima Sulton begim ham g‘azallar bitgani ma’lum.


Akbarshoh saroyidaga shoirlar sardori Fayziy edi. U arab va fors tillarida g‘azallar bitar, nasriy asarlar ham ijod qilar edi. Uning hind rojasi Nal va uning sevgilisi Damayanti o‘rtasidagi sevgi-muhabbat qissasi masnaviy usulida yozilgan. Bu asar to‘rt ming ikki yuz misradan iborat bo‘lib, keyingi uch yuz yil ichida hech bir hind shoiri shunchalik ko‘p va xo‘b masnaviy yoza olgan emas. Akbarshoh bu asarni mamnuniyat bilan qabul etib, uni chiroyli bezaklar bilan kitob shaklida nashr etish haqida buyruq bergan edi.


Fayziyning nasriy asarlari ichida Qur’oni karimga arab tilida berilgan sharh alohida ahamiyat kasb etadi. Muallif bu asarni arab alifbosidaga zir-zabarlar talab etilmaydigan so‘zlardan foydalanib yozgan edi. Bu esa kishidan juda katta sabr-toqat va mahorat talab qiladigan ish edi. Fayziy qalamiga mansub bo‘lgan asarlar soni bir yuz bittani tashkil qiladi. Otasi shayx Muborak va ukasi Abulfazl singari Fayziy ham so‘fiyona dunyoqarashdaga musulmon kishi edi. U g‘azallaridan birida “Qiyomat kunida Ka’baning gunohlari ham nasroniylar cherkovining gunohlari bilan bir qatorda kechiriladi”, ya’ni qiyomatda diniy ajratish bo‘lmaydi, degan mazmunni ifodalovchi fikr bayon qilgan edi.


Bayramxon forsiy va turkiyda bir devon yaratgan edi. Uning o‘g‘li Abdurahim ham o‘z davrining yetuk adiblaridan bo‘lib yetishdi. U turkiyda va forsiyda, shuningdek, hind va arab tillarida bemalol qalam tebrata olardi va Hindiston shoirlari orasida yetakchi o‘rinda turardi.


Hind tilida ijod qilgan musulmon shoirlari ichida shayx Burhon ismli shoir ham bo‘lib, ashaddiy tasavvuf shoiri edi.


A. Badouniy bir kecha shoir huzurida bo‘lib, uning g‘azal va qasidalaridan bahramand bo‘lganini yozadi. Uning aytishicha, shayx Burhonning g‘azallari shakkoklikdan saqlanish, Yaratganga sadoqat va undan qo‘rqib yashash, Alloh huzuriga talpinish, Haq taoloning yagonaligini tan olish va bu foniy dunyo lazzatlariga berilmaslikka chaqiruvchi asarlardir.


Hindiston tarixida, xususan, Akbarshoh hukmronligi davrida yashab ijod qilgan shoirlar ichida eng mashhuri Tulsi Das bo‘lgan. U yaratgan “Ramayana” asari hatto hozirgi kunda ham hindlar uchun muqaddas kitoblardan biri hisoblanadi. U saroy shoiri bo‘lmasa ham o‘sha davr muhitidan bahramand bo‘lgan adibdir. O‘sha davrning shoirlaridan yana biri Sur Das bo‘lib, uning Krishna hayoti va xalqning unga bo‘lgan muhabbatiga bag‘ishlab yozgan lirik kechinmalari hozirgacha tahsinga sazovor asarlardan bo‘lib qolmoqda. Saroy sozandalari haqida so‘z yurita turib, Abulfazl uning ham nomini eslatib o‘tadi. Umuman olganda, Akbarshoh hukmronlik qilgan davr she’riyati forsiy va hind adabiyotining eng gullagan davrini aks ettiradi.


NASRIY ASARLAR.


Akbarshoh hukmdorlik qilgan davrda nasriy asarlar yaratish borasida ulkan muvaffaqiyatlarga erishildi. Ular orasida ko‘zga tashlanib turadigani Abulfazlning “Akbarnoma” asaridir. Bu asar uch jildlik tarixiy asar bo‘lib, uning birinchi va ikkinchi jildi temuriy shahzodalar tarixini yoritishga bag‘ishlangan. Unda Akbarshoh hukmronligi davrigacha bo‘lgan davr qisqacha bayon etalgan. Asarning asosiy maqsadi, Akbarshoh davrini mufassal yoritib berishdan iborat edi. Asarning uchinchi jildi “Oyini Akbariy” (“Akbarning idora qilish usullari”) deb nomlangan bo‘lib, unda shoh saltanatida mavjud bo‘lgan ma’muriy tashkilot va muassasalar haqida hamda saltanat iqtisodiy, madaniy hayotidan olingan ma’lumotlarga sharh berilgan. Ushbu asarning hozir qo‘l ostimizda bo‘lgan inglizcha nusxasida tarixiy voqealar bayoni berilgan “Akbarnoma” deb atalgan jildi uch qismdan iborat bo‘lib, har biri 667, 577 va 1262 betdan iborat hajmga egadir. “Oyini Akbariy” deb atalgan jildi ham uch qismdan iborat bo‘lib, ularning har biri 689, 420 va 524 betdan iborat hajmga ega.


Bunday hajmdagi noyob asar faqat Abulfazlning sa’y-harakati bilangina yuzaga kelgan emas. Bu asarning hosil bo‘lishida shoh Akbarning ham bevosita ishtiroki bor. Asarga material to‘plash jarayonida saltanatning har burchiga podshoh imzosi bilan xatlar yuborilib, ularda zikr qilingan masala yuzasidan kimda qanday tarixiy ma’lumotlar, daliliy ashyolar va hujjatlar, shuningdek, fikr-mulohazalar bo‘lsa, yozma ravishda Abulfazl ixtiyoriga yuborishlari so‘ralgan edi. Dunyoning hech qayerida hukmdor haqida bunchalik mufassal tarixiy yodgorlik qoldirilmagan.


1587-yilda Akbarshoh Abulfazlga o‘zining g‘olibona yurishlari va hukmdorligi davomida ro‘y bergan tarixiy voqealar haqida batafsil va xolisona tarzda bir asar yaratish vazifasini topshirdi. Bu mas’uliyatli vazifani Abulfazl aytilganidan ziyoda qilib bajardi. A’lo Hazratning fe’l-atvori va sa’y-harakatlari haqida u hukmdorlik qilgan davrdagi yaqin mulozimlari va ushbu sulolaning keksa vakillari fikr-mulohazalari bayon etilgan ma’lumotlarni to‘plash, ularni saralash va umumlashtirish borasida Abulfazl beqiyos darajada mas’uliyatli va sharafli ishni uddalagan edi.


Bundan tashqari Abulfazl saltanat saroyida 1575-yildan boshlab ta’sis etilgan yozuvlar (protokol – tarj.) bo‘limi xodimlari tomonidan qog‘ozga tushirilib, kelayotgan barcha materiallarni olib, ulardan ham kerakli ma’lumotlarni saralab oldi, shuningdek, viloyatlardan saroydan yuborilgan farmonlar, buyruq va ko‘rsatmalarning asl nusxalari yoki ularning ko‘chirmalari olindi. Vazirlar va saltanat ma’muriyatida yuqori lavozimlarda ishlagan mansabdorlardan ham mamlakat hududida va chet ellarda bo‘lib o‘tgan muhim voqealar haqida ma’lumotlar to‘plandi.


Albatta, Abulfazlning o‘zi ham ko‘p voqealarda ishtirok etgan va ko‘plarini o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan, saroydagi mish-mishlar-u uydirmalardan shaxsan xabardor bo‘lgan. To‘plangan materiallar sinchkovlik bilan o‘rganilib umumlashtirilgach, bir kun saroy majlisida bayon etilgan ma’lumotlarning ko‘plariga podshohning noyob xotirasida qolgan esdaliklar asosida ularga ko‘plab aniqliklar kiritildi. Shu asnoda yaratilgan ma’lumotlar asosidapodshohning siyosiy portreti va biografiyasi dunyoga keldi.


Abulfazlning akasi Fayziy ham umrining oxirigacha ukasi amalga oshirayotgan ulkan va mas’uliyatli vazifani muvaffaqiyatli yakunlanishida o‘zining munosib hissasini qo‘shib bordi. To‘plangan ma’lumotlarni tahlil qilish, ularning tili va bayon uslubiga sayqal berib, maromiga keltirish uning zimmasiga yuklangan edi. Abulfazl o‘sha davrning yetakchi olimlari bilan ma’lumotlarda bayon etilgan voqealarning mukammal xronologiyasini tuzib chiqdi. Tayyor holga keltirilgan qo‘lyozmani besh marta sinchkovlik bilan ko‘zdan kechirib chiqdi va oltinchi bora ko‘zdan kechirmoqchi bo‘lib turganda boshqa tashkiliy ishlar ko‘payib ketib, 1597-yilda ko‘lyozmani podshoh ixtiyoriga havola etdi. Shundan so‘ng keyingi yillarda qilinadigan ishlar rejasini tuzish bilan band bo‘ldi. 1602-yil avgust oyida raqiblari Abulfazlni shafqatsizlik bilan o‘ldirishganda Akbarshoh hukmdorligining qirq oltinchi yili fevral-mart oylari voqealari tafsilotlari bayonini tayyorlash bilan band edi. Undan keyingi voqealarni Inoyatulloh ismli tarixchi olim davom ettirib, to Akbarshoh vafotigacha bo‘lgan voqealar bayonini nihoyasiga yetkazdi.


Asarning haqiqiy voqealarni o‘zida mujassam ettanligi, unda bayon etilgan voqealar xronologiyasining mufassalligi bois Akbarshoh hukmdorligi tarixiga bag‘ishlangan asarlar mana shu “Akbarnoma”ga asoslanishi mumkin. Asardagi Akbarshohning g‘ayritabiiy qudratiga bag‘ishlangan o‘rinlar unchalik ishonchli bo‘lmasa-da, lekin voqealarni bayon qilish uslubi va tarixiy faktlarni tahlil qilishdagi onglilik, xolislik kishi diqqatini o‘ziga tortadi. Asarda Akbarshohning o‘quvchiga ma’qul tushavermaydigan, ya’ni o‘quvchi dadil hazm qilavermaydigan xatti-harakatlari tushirib qoldirilmay, to‘laligicha bayon qilingan. Akbarning yosh talabalik davridagi o‘qishga bo‘yni yor bermay darsdan qochishlari, uning qasoskorlikka moyilligi, 1573-yilda uning kayf ustida o‘zini qilichga urish uchun qilgan qiziqqonligi, Kashmir hokimi Yusufga va Xondesh hokimi Bahodirga ularning taxtini o‘zlariga qaytarib berishga va’da berib, ularni bo‘ysundirib olgach, va’dasini bajarmaganligi, Xoja Shomansurning yetarli dalillarsiz qatl ettirilishi, shuningdek, uning olovga, chirog‘ga, quyoshga sig‘inishi kabi g‘ayriislomiy xatti-harakatlari hammasi asarda bayon etilgan. Albatta, hukmdorning kamchiliklari haqida so‘z borgan o‘rinlarda muallif tomonidan shohning xatti-harakatini oqlash maqsadida qo‘llanilgan iboralar o‘quvchiga nomaqbul ko‘rinishi tabiiy bir holdir.


“Oyini Akbariy” juda ko‘p mavzularni qamrab olgan. U besh kitobdan iborat bo‘lib, ulardagi tafsilotlarning mukammalligi haqida ba’zi bir tafsilotlarni keltirish mumkin. Asarning “Xushbo‘y pardoz buyumlari” deb nomlangan bobida kishi badani va sochini moylash uchun ishlatiladigan gullardan moy olish usullaridan o‘n ikki xili tavsiya etilgan. Undan so‘ng o‘ttiz to‘rt xil turli xushbo‘y pardoz buyumlari nomlari va ularning narxlari ko‘rsatilgan. Ulardan so‘ng yigirma bir xil xushbo‘y gullar va 29 xil manzarali gullar haqida ma’lumot berilib, ulardan o‘n besh xil xushbo‘y pardoz buyumlari tayyorlash haqida ko‘rsatmalar berilgan. Va nihoyat, qirq besh turdagi xushro‘y va xushbo‘y gullarning har biriga qisqacha sharh berilgan.


Saroydagi tuyalar haqida berilgan ma’lumotlarda tuyalar iste’mol qiladigan ovqatlarning turlari va miqdori, ularni jilovlash usullari, burun teshiklarini moylash yo‘llari, tuyalarning zotlari, tuyaboqarlar, ulardan talab qilinadigan bilim va ko‘nikmalar haqida ma’lumot berilgan.


Hindistonda musulmonlar hukmronlik qilgan davrlar moboyinida ko‘plab tarixnavislar yetishib chiqqan. Lekin ular orasida Abulfazl kabi “Oyini Akbariy”dek qomusiy asar yaratganlari yo‘q.


Bizning ixtiyorimizda yana ikkita biografik asar borki, bu asarlar tarixchi bo‘lmagan mualliflar tomonidan yozilgan va Abulfazl “Oyini Akbariy”ni yozishga kirishganda unga yordamchi material sifatida foydalangan edi. Ularning biri Boburshohning Dildor begim ismli xotinidan tug‘ilgan qizi Gulbadan begim qalamiga mansub asardir. Gulbadan begim 1523-yilda akasi Hindoldan to‘rt yil keyin dunyoga kelgan. Ularning ikkalasi ham Humoyunning onasi Mohim begim tarbiyasiga berilgan edi, chunki bu malikaning Humoyundan keyingi to‘rtta bolasi go‘dakligidayoq vafot etgandilar.


Ikkinchi kitob muallifi kishi bo‘lib, yoshligidanoq Humoyun xizmatiga kirgan va shoh vafot etgunga qadar uning hayotida qadam-baqadam unga hamrohlik qilgan. U oftobachilik qilardi. Gulbadan begimning asari “Humoyunnoma” deb atalgan bo‘lsa ham, u Akbarshohning “Boburshoh va Humoyun haqida nimaiki bilsangiz, yozingiz”, degan topshirig‘iga binoan, yozishga kirishganini aytadi. Shu bois bu asar Boburshohning Farg‘ona davlati taxtiga chiqish voqealaridan boshlanib, Komronning ko‘ziga mil tortish sahnasi bilan voqealar bayoni uzilib qoladi. Chunki asarning qolgan sahifalari yo‘qolgan edi.


Gulbadan begimning bu asari muhim ahamiyatga molik asar-dir. Chunki bu asarda bayon etilgan voqealar tafsiloti va ular haqida bildirilgan mulohazalar o‘sha davrda yaratilgan boshqa asarlarda uchramaydi. Asarda Boburshoh va Humoyunning oilaviy hayoti, saroydagi oqila ayollarning turmush tarzi va mashg‘ulotlari haqida qiziqarli ma’lumotlar beriladi. Asarda Boburshoh o‘z hamrohlariga, qarindosh-urug‘lariga nisbatan g‘amxo‘r, saxovatli inson bo‘lgani, oila a’zolariga ziyraklik va cheksiz mehr bilan muomala qiladigan ota sifatida tasvirlab beriladi. U ayniqsa, xolalarining turmush farovonligi haqida ko‘proq g‘amxo‘rlik qilardi. Har hayit va bayram kunlarida ularni ziyorat qilar va sovg‘a-salomlar bilan ularni siylab turar edi. Saroy me’moriga xolalar istiqomat qiladigan binolar uchun qanday mazmundagi va qanchalik hajmdagi ish bo‘lishidan qati nazar, ular “so‘zsiz va darhol ijro etilishi” lozimligini ta’kidlab turardi.


Ushbu asarda muallif Humoyunning safardan qaytishi, uning taxtga chiqishi, shuningdek, Hindolning uylanish marosimida ishtirok etgan xonimlar va bekalarni hamda kelin tushadigan uylarning bezaklarini mohirlik bilan tasvirlab beradi. Humoyun asarda aysh-u ishratga moyilroq hukmdor sifatida tasvirlanadi. Hamidabonu va Hindolning e’tiroziga qaramay, Humoyunning Hamidabonuga uylanishi tafsilotlarini juda jonli til bilan bayon qiladi. Akasi Hindolning vafoti munosabati bilan afsus-nadomat ila kuyunib, “Mening quyoshim bulutlar ortiga yashirindi”, deb nola chekadi.


1575-yilning oktyabr oyida Gulbadan begim va Akbarning xotini Salima Sulton begim haj safariga borish uchun Sekridan Makkaga jo‘nab ketadilar. Ularga Askariy Mirzoning bevasi, Komron Mirzoning ikki qizi va bir necha boshqa ayollar hamroh bo‘lib boradilar. Ular o‘sha paytda Surat shahriga yetib kelganlarida dengiz safariga chiqa olmay, o‘sha yerda bir yil turib qoladilar.


Chunki dengiz yo‘li o‘sha paytda portugallar nazorati ostida zdi. Hojilar Makkada uch yarim yil qolib ketdilar. Safardan qaytishda esa kema halokati tufayli Aden shahrida yetti oy, shuningdek, Gujaratda ham ancha vaqt turib qoldilar. Chunki bu paytda Akbarshoh poytaxtda emas, Kobulda edi. Nihoyat, 1582-yilda ular Fotihpurga yetib keldilar.


Javhar Oftobachi o‘z xotiranomasini 1587-yildan boshlab yoza boshlaganini ma’lum qiladi. Asarda o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan va bilgan voqealarni hikoya qilib beradi va asarini “Tazkiratu-l-voqe’ot” (“Voqealarning zikri”) deb ataydi. Asarning qimmati shundaki, unda Humoyunning Eronda bo‘lishi voqealari hech qanday mubolag‘a va maqtovlarsiz shundayligicha hikoya qilib berilgan. Muallif bayoniga qaraganda Eron shohi Taxmasp730ning Humoyunni kutib olish uchun ko‘rgan tadbirlaridan kutilgan maqsad Humoyunga ko‘rsatilajak ehtiromni emas, balki sunniy mazhabdagi yuqori martabali mehmonga shia mazhabi udumlarini tan oldirishdan iborat edi. Humoyun shaxsini ta’riflashda muallif ochiq ko‘ngillik bilan rost gapiradi. Muallif nazarida odamlarni o‘z ortidan ergashtirishda Humoyun biroz noshudlik qiladi. Safar va yurishlar davomida uning hamrohlarining ko‘plari undan yuz o‘girib ketadilar. Sarkarda sifatida esa uni Sherxon sur bilan taqqoslab bo‘lmas edi. Humoyunshohning qarorlari qat’iy va ta’sirchan emas edi.


Shu bilan bir qatorda muallif Humoyunni ukalariga nisbatan mehr-shafqatli, ularning qiliqlari, g‘animlik harakatlariga nisbatan sabr-toqatli, navkarlar va qo‘l ostidagi mulozimlarga nisbatan g‘amxo‘r hamda saxovatli bo‘lganini, sarboz sifatida esa jasoratli jangchi, mohir qilichboz va mergan kamonboz bo‘lganini alohida ta’kidlaydi. Shuningdek, Humoyunning san’atga va adabiyotga qiziqishi yuqori bo‘lganini eslatib, Komron bilan bo‘lgan janglarning biridan so‘ng so‘ragan birinchi savoli “Kitoblar qani?” bo‘lganiga alohida urg‘u beradi.


Javhar Oftobachi bu asarda Komron Mirzoning ko‘ziga mil tortish jarayonida guvoh bo‘lganini yozadi va bu dahshatli manzarani batafsil tasvirlab beradi. Asar 1530-yilda Humoyunning taxtga chiqish marosimidan boshlanib, 1556-yilda uning vafoti bilan yakunlanadi. Asarda Humoyunshohning Eronda bo‘lish voqealari tafsilotlarida ayrim noaniqliklar ham kuzatiladi.


1582-yilda Akbar saltanatdagi bir necha yetakchi tarixnavis olimlarni to‘plab, ularning oldiga Payg‘ambar (s.a.v.) vafotidan keyin o‘ggan ming yillik dunyo tarixi tafsilotlarini bayon qiluvchi bir asar yaratish vazifasini qo‘ydi. Taklif qilingan tarixchilar orasida Abulfazl, Badouniy, Naqibxon, Fathulloh va Nizomiddin Ahmad kabi taniqli olimlar bor edi. Bu asar “Tarixi alfiy” (“Ming yillik tarix”) deb atalib, uning kirish qismini Abulfazl yozdi. Asarning “Tabaqoti Akbariy” (“Akbar faoliyati”) deb atalgan qismini saroy tarixchisi Nizomiddin Ahmad, “Muntaxabut-tavorix” («Tanlangan tarixlar») qismini A. Badouniy yozdi.


Nizomiddin Ahmadning otasi Boburshoh, Humoyunshoh va Akbarshoh saroylarida mas’ul vazifalarda ishlab yaxshi obro‘ qozongan mulozimlardan edi. Nizomiddinning o‘zi esa Akbarshoh saroyidagi markaziy hukumatda baxshi lavozimida va boshqa mas’ul lavozimlarda, shu jumladan, Gujarat viloyati hukuma-tida baxshi lavozimida ishlagan edi.


Ushbu asar Hindiston tarixini to‘g‘ridan to‘g‘ri yoritib beradigan asardir. Bu asarni yaratish jarayonida o‘tkazilgan mukammal tadqiqotlar, haqqoniy dalillar va to‘g‘ri xulosalari tufayli tarixchilar nazarida juda qimmatbaho va noyob manbadir. Muallif o‘z asarini yaratishda “Akbarnoma”dan samarali foydalangani bois bu asarga katta urg‘u beriladi. “Akbarnoma”ning oxirgi qo‘lyozmasi Akbarshohga 1597-yilgacha ham taqdim etilmagan edi. Nizomiddin Ahmadning tarixi 1593-yilgacha bo‘lib o‘tgan voqealarni o‘z ichiga oladi. Chunki u 1594-yilda vafot etgan va “Akbarnoma”ning dastlabki xomaki nusxalari bilan tanishib chiqqan bo‘lishi kerak.


Nizomiddinning «Tabaqoti Akbariy» asari 9 jilddan iborat bo‘lib, juda keng qamrovli manbadir. Unda boburiylar saltanatiga qadar mavjud bo‘lgan Dehli sultonlari tarixidan boshlab to Gujarat, Dekkon, Molva, Bengal, Jonpur, Kashmir, Sind va Multon viloyatlari tarixi ham tarixiy dalillar asosida mufassal yoritib berilgan.


A. Badouniyning “Muntaxabu-t-tavorix” asarida muallif asarning originalligiga da’vo qilmaydi va o‘zining tan olib aytishicha, oxirgi ikki yilgi ma’lumotlardan tashqari barcha xronologik ma’lumotlar Nizomiddinning asarida keltirilgan manbalarga tayanib yozilgan. Asardagi ayrim o‘rinlarda tarixiy voqealar xronologiyasida keltirilgan materiallarda noaniqliklar bo‘lishi ham mumkinligi eslatib o‘tiladi. Shu bois bo‘lsa kerak, o‘zidan keyin siyosiy tarixga oid ilmiy-tarixiy jihatdan mukammal bir asar qoldirish uchun jon kuydirmayotgani sezilib turadi. Asar muallifining tan olishicha, ushbu asar islom dini uchun kuyunish va o‘z etiqodi bo‘lmish musulmonchilik ustida bo‘layotgan g‘avg‘olardan o‘kinish natijasida paydo bo‘lgan edi. Muallifning tili ravon va asar oson o‘qiladi. Shubhali tafsilotlar haqida so‘z ketgan o‘rinlarda muallif ularning haqqoniyligi mas’uliyatini tan olishni istamaygina “aytishlaricha” degan iborani qo‘llab qo‘ya qoladi. Muallif Akbarshohni payg‘ambarlikka da’vo qilishda ayblamaydi, biroq uning “mahdiy”lar maqomida bo‘lishi lozimligi haqidagi shoh atrofidagi xushomadgo‘ylarning maqtovlari unda “payg‘ambarona mavqeda bo‘lish” niyatining paydo bo‘lishiga turtki bo‘lgan, deb hisoblaydi.


Badouniy o‘z e’tiqodiga ko‘ra sunniy mazhabidagi musulmon bo‘lib, boshha e’tiqoddagilarning barchasini ko‘rarga ko‘zi yo‘q edi, shuningdek, musulmon shialar va so‘fiylarni ham yer yutishi kerak, deb hisoblar edi. Hindlarni esa, do‘stmi, dushmanmi, bundan qati nazar, ular faqat o‘ldirishga loyiq odamlardir, deb hisoblaydi.


Uning mahalliy hindlarga bo‘lgan nafrati 1576-yilda Man Singxning Mevor viloyati xoni ustiga qilgan yurishi tafsilotlari bayonida yaqqol ko‘rinadi. O‘shanda Man Singx qo‘shini tarkibidagi g‘ayridin hindlarni qirib tashlash uchun jangga kirish har bir ashaddiy musulmonning qalbida yonib turgan ishtiyoq ekanini ochiq tan olib yozadi. Biroq g‘ayridinlarga bo‘lgan nafratini ochiq namoyon qilish shoh Akbarga yoqmasligini juda yaxshi anglardi. Shu bois u g‘ayridinlarga qarshi jangga otlanganda shoh Akbar undan nega bu jangga ketayotganini so‘raganda, u tilyog‘lamalik bilan “Ushbu qora soqol-mo‘ylovni A’lo Hazrat shaxsiga bo‘lgan sadoqati ramzi sifatida g‘animlar qoniga bo‘yab kelish uchun” ketayottanini aytadi. Xaldigati degan joyda bo‘lib o‘tgan suronli jangda har ikkala raqobatdagi tomonlardagi rajputlar bir joyda qamalib aralashib ketganda, Badouniy lashkarboshi Asafxondan “Bizga do‘st bo‘lgan rajputlarni g‘anim rajputlardan qanday ajratib olamiz?” deb so‘ragan ekan. O‘shanda Asafxon unga bu masalada tashvish chekishga hojat yo‘qligini aytib, “rajputlar qaysi tomonda turishidan qati nazar, o‘ldirilsa, bu islom qudratini oshiradi”, deb javob bergan ekan. Demak, Badouniy va unga hamnafas bo‘lgan yo‘ldoshdari ya’juj-ma’jujlardek har tomonga taralib ketgan g‘ayridinlarni mo‘ljalga olish fikridan hech qachon voz kechmaganlar. “Shunday qilib, men g‘ayridinlarga qarshi kurashuvchilar tufayli shon-sharafga erishdim”, deya qoniqish bilan o‘z asarini yakunlaydi muallif.


Vaholanki, Badouniyning bu asari muallif kutgan natijaning aksini berdi. Bu asar Akbarshoh o‘z hukmdorlik faoliyati davomida hind va sunniy mazhabdan boshqa din va mazhablarga mansub bo‘lgan fuqarosiga yaxshilik qilish uchun qilgan intilishlarida ashaddiy fanatik dindorlarning qarshiligini yengish uchun qanchalik ko‘p kuch sarflaganini ko‘rsatib turibdi.


Berk, Akbarshoh, T, 2009. – B. 214-228. (O‘zbekcha)

Культур- ная жизнь. В кн.: Берк С.М. Акбар-шах – самый Великий из Бабуридов.

Fikr qoldirish#


O‘qish tavsiya qilinadi
Yosh shoirning shakllanishi yoki Bobur Mirzo Farg‘ona viloyati podshohi (1494-1504)

Zahiriddin Muhammad Bobur 1483 yil 14 fevral kuni Andijonda Farg‘ona...

Hukmdorlarga o‘rnak bo‘ladigan, dunyo olimlari havas qiladigan umr e’tirofi

This article explores the historical significance of Babur and the...


Maqolani baholang
0.0