Sinov yoʻsinida ishlamoqda

Masʼul muharrirdan

Nexushkim, o‘lkamiz xursandliklarning makonidur,

Ulug-yosh shodu xurram, ayshu no‘shning paytu, onidur,

Sahar bulbul tilida komronlig dostonidur,

Bahor ayyomidur, dogi yigitlikning avonidur,

Ketur, soqiy, sharobi-nobkim, ishrat zamonidur.


Aziz o‘quvchi, Siz bu go‘zal muxammasni o‘qib, Amonullo Valixonov deganlari eski madrasalarda tahsil ko‘rgan, aruzdan chuqur xabardor mo‘ysafid bir kishi bo‘lsa kerak, deb o‘ylamang. Yo‘q, Amonullo Boqir XX asr ikkinchi yarmining odami, kasbi oddiy o‘qituvchidir. Shunga qaramay uning Boburdek ulug‘ sanʼatkor g‘azaliga bas keladigan muxammas bog‘lashi shoyoni tahsindir.

Ha, domla Valixonov zamonamizning yetuk ziyolilaridan, sheʼriyat mulkining xazinaboni va ishonchli posbonlaridan edi. Shu bilan birga, fikri tiniq olim, falsafiy mushohadaga boy mutafakkir, do‘stlar o‘ltirishlarida esa, serzavq ulfat ham edi.

Kamina u kishi bilan o‘tgan asrning 50-yillari boshlaridan to umrlarining oxirlarigacha – 40 yilcha hamfikr do‘st, hamdard jo‘ra sifatida birga bo‘ldik. 20 yillar chamasi institutda birga ishladik.

Ikkinchi jahon urushidan keyingi dastlabki yillari Andijonning eski shahar qismida Respublika uyg‘ur drama teatri ochilib, biz endigina ulfatchilikka o‘rgangan yigitchalar, teatr qoshidagi choyxonaga chiqqanimizda goho shoirlar Muhammadxon Mahjuriy, Abduvahob Sayfiy, Imodiddin Ulfat, Abdulahad Anisiy, sanʼatkor Qosimjon Oxunovlar to‘pini uchratar edik. 1946 yilning kech kuzi bo‘lsa kerak, bir kuni shu guruh bilan shoir Sobir Abdulla va yoshgina shoir Amonulloxon ham birga choyxonaga kirib kelishdi. Amonullo novcha, ko‘zga tezroq tashlanar edi. Odamlar orasida iymanish bilan birga hurmat aralash bezovtalanish sezildi. O‘tirganlarda «To‘ram qamalgan edilar, qutulibdilar», – degan shivir-shivir ran oraladi. Keyin bildimki, urush yillari Amonulloxon to‘ra qandaydir sabab bilan qamoqxonada ham yotib chiqqan ekan. U kishini birinchi ko‘rganim va taniganim shundan boshlandi. 50-yillardan esa do‘stligimiz boshlandi. Amonullo Valixonov shahar buxgalterlar tayyorlash kursida matematika o‘qituvchisi, men esa SAGUni bitirgan aspirant – sharqshunos inoqlashib, do‘stlashib ketdik.

Amonulloxon xipcha qomatli, o‘ychan, atrofdagilarga sinchkovlik bilan boqadigan, kipriklari uzun-uzun, bug‘doyrang yigit edi. U suhbatlarda ham doimo o‘ychan tutar edi o‘zini. Bir kuni do‘stimning Taxtako‘prik mahallasidagi uyida gurunglashib o‘tirganimizda, u shaxsiy kugubxonasidan Navoiyning «Muhokamatul-lug‘atayn» asarini olib, 20 ga yaqin tushunilishi qiyin so‘zlar maʼnosini izohlab berdi. O‘shandayoq matematika o‘qituvchisining til bobidagi bilimiga qoyil qolganman.

Amonulloxonning Andijondagi shoir–ustoz akaxonlari Mahjuriy, Ulfat, Anisiy, Sayfiy, ular orqali atoqli adiblar G‘afur G‘ulom, Sobir Abdullo, Habibiy, domla Boqiy va boshkalar uning sheʼriy mashklari bilan tanish edilar. Dastlabki mashqlarini o‘qiboq Amonulloga: «Sen shoirsan», deyishgan. Ammo u kamtarligidan, qolaversa, sheʼriyatga bo‘lgan ixlosidan uzoq vaqt shoirligini oshkor qilmay yurgan (mavzudan tashqari bo‘lsa ham aytayin: yosh shoirlarimiz mana shu sifatga alohida eʼtibor bermoqlari lozim). Ammo hayotga,ona tabiatga, go‘zallikka mehr-muhabbati shunday kuchli, ehtirosli ediki, xolisona suhbatlarida ham ishq-muhabbat ohangi ufurib turar edi. Darhaqiqat, shoir uchun bundan ham yaqinroq mavzu bormi? Ishq vujudimizning maʼnaviy rahnamosi, inson ruhiy olamining charog‘boni-ku! Mana shu ishq yosh Amonulloning qalb gulshanida erta o‘sgan, keyincha butun hayoti mazmuniga aylangan javhar bo‘lib qoldi. Mening kuzatishimcha, Amonulloxon ko‘proq Fuzuliyga va Navoiyga ergashardi. Urushdan keyingi yillari G‘afur G‘ulom Andijonga bir kelganida do‘stlari yosh Amonulloning ijod nihollari bilan tanishtirganlar. G‘afur aka shoir ijodi mumtoz sheʼriyatimizga hamohang ekaniga eʼtibor qilgan. Xususan, Fuzuliyning

«Ulparivashkim, malovat mulkining sultonidur, Amroning amridur, farmonaning farmonidur»

matlaʼli g‘azaliga Amonulloning:

«Ul go‘zalkim, xukmu farmonining el qurbonidur, * Hukm – oning xukmidur, farmon – aning farmonidur» matlaʼi bilan boshlanuvchi nazirasi ustozga maʼqul tushgan va Amonullo G‘afur akadan ko‘p maqtovlar eshitgan.

Yetuk adabiyotshunos olim to‘g‘ri taʼkidlaganidek, Ulfat, Anisiy, Boqir aruzda go‘zal g‘azallar yaratsalar-da, «...lekin nashr ettirishga shoshilmaydilar. Ular go‘yo o‘zlari uchun, yor-do‘stlari uchun yozadilar. Eng go‘zal sheʼrlari ulfatlari orasida o‘qilib, hammaga manzur bo‘lgan taqdirda, shahardagi hofizlar repertuaridan joy oladi, kuyga tushib, to‘y-tomoshalarda xalqimizga zavq-shavq bag‘ishlaydi» (To‘xtasin Jalolov, «O‘zbek shoiralari», T. 1960 y. 336-bet). Sayfiy, Habibiy, Sobir Abdulla kabi o‘zbek sheʼriyatining «aruz qanotida uchadigan» shoirlari suhbatini va tarbiyasini olgan yosh Amonulloxon Boqir taxallusi bilan o‘zbek sheʼriyatining Andijon gulshanida alohida g‘uncha bo‘lib yetildi va umrining oxirigacha ushbu gulshanda o‘ziga xos hid taratadigan gul bo‘lib ochildi. Boqir hazrat Navoiyning «etaklari»dan mahkam tutib, uning sheʼriyati ummoniga sho‘ng‘ib ketdi.

Amonullo Valixonov – Boqir shoirligidan tashqari navoiyshunos olim ham edi. Uning bir qator ilmiy ishlari qo‘lyozma holida qolib ketdi. Navoiyxonlikka bag‘ishlangan tadqiqotlarini mavzularga ajratgan holda 3-4 ta kitob qilmoq niyatida bo‘lganligiga o‘zim guvohman. Olim ulardan faqat ikkita mavzuni – Navoiy ijodida gul va musiqa mavzuini maxsus tadqiq qilib nashr ettirishga ulgurdi (A. Valixonov. «G‘azal nafosati», G‘. Gulom nomli nashriyot, 1985.) Kamina ushbu asar mohiyati, ilmiy-badiiy qimmati haqida so‘z yuritishdan ojizman. Faqat shuni bilamanki, Erkin Vohidov, Ibrohim G‘afurov, Yoqubjon Isʼhoqov kabi Navoiy muxlislari Amonullo Valixonovning ushbu tadqiqotiga alohida eʼtibor qaratdilar.

Zukko olim, noziktaʼb shoir Amonullo Valixonov Boqir Andijonda O‘zFA Navoiy nomli adabiyot muzeyining filialini oyoqqa turg‘izish va rivojlantirish borasida iqtidorli tashkilotchi ekanligini ham namoyon etdi. Muzeyning asosini tashkil etuvchi nodir qo‘lyozmalar, Andijonda o‘tgan shoiru adiblarning arxivlarini to‘pladi va muntazam ravishda muzey xazinasini boyitib, hatto bu yerda baholi qudrat tadqiqot ishlarini ham boshlab, samarqandlik katta olim, akademik Vohid Abdullayevning muzeyga tashrif buyurishiga erishdi.

Biz Amonullo Boqirni shoir va olim sifatida ko‘proq bilar edik. Ammo uning hozir Toshkentda yashayotgan shogirdlari Mahkam Mahmud Andijoniy va Irfon Otajonning aytishlaricha, Boqir tarixiy mavzularda latif hikoyalar ham yozgan. Darhaqiqat, uning «Sharq mashʼali» jurnalida chop etilgan, Navoiy hayotiga oid «Dafʼi xumor» nomli hikoyasi so‘z latofati va nazokati bilan o‘quvchiga alohida zavq bag‘ishlaydi.

Boqirdan anchagina badiiy va ilmiy meros qolgan. Uning ushbu merosi adabiyot muzeyida saqlanmoqda.

Boqir hayot bo‘lganida bu yil 80 yoshga to‘lar edi. Marhumning qizlari Muzayyana xonim qalamiga mansub ushbu esdalik asar aynan uning tavallud kunlariga bag‘ishlangandir. Umid qilamizki, esdaliklar shoir va olim hayoti hamda ijodiy olami haqida ko‘p narsalarni o‘quvchilar yodiga soladi.


Sayfiddin hoji JALILOV. 2004 y., dekabr. // Muzayyana Amonulloxon (Boqir) qizi. Boqirnoma yoxud dadam haqida. Xotiralar.

Masʼul muharrir – Faxriy professor Sayfiddin hoji Jalilov

Taqrizchi – filologiya fanlari nomzodi Abdulaziz Abdulhamidov. – Andijon, «Andijon nashriyot-matbaa» OAJ, 2006 yil. 108 bet. – B. 3-5. (O‘zbekcha); Музайяна Амонуллохон (Бокир) кизи. Бокирнома или воспоминания об отце.

Fikr qoldirish#


O‘qish tavsiya qilinadi
Yosh shoirning shakllanishi yoki Bobur Mirzo Farg‘ona viloyati podshohi (1494-1504)

Zahiriddin Muhammad Bobur 1483 yil 14 fevral kuni Andijonda Farg‘ona...

Hukmdorlarga o‘rnak bo‘ladigan, dunyo olimlari havas qiladigan umr e’tirofi

This article explores the historical significance of Babur and the...


Maqolani baholang
0.0