Sinov yoʻsinida ishlamoqda

Matn aniqligi qo‘lyozma bilan

Zahiriddin Muhammad Bobur sheʼriyatidan namunalar yurtimizda ilk bora prof. Fitrat tomonidan 1926 yil nashr etilgan xrestomatiyada chop etilgan edi. Shundan beri shoir sheʼrlari to‘plam holida o‘n martadan ortiq nashr etildi. Biroq, bu nashrlarning barchasida ham Bobur sheʼrlari matni to‘g‘ri va sahih ravishda berilgan, deya olmaymiz. Buning bosh sababi, nashrga tayyorlash ishlarida Bobur devoni qo‘lyozmalaridan foydala-nish masalasidir. Chunki, shoir sheʼrlarining aksar to‘plamlari o‘zidan avval chop etilgan nashrlar asosida ro‘yobga chiqqandir.

Quyida matn va qo‘lyozma bilan bog‘liq baʼzi misollarga to‘xtalsak. Masalan, Boburning:

G‘urbatta ul oy hajri meni pir qilibtur,

Hijron bila g‘urbat manga taʼsir qilibtur...

deya boshlanuvchi juda sermazmun va tarixiy asnoga ega besh baytli g‘azali bor. Ushbu g‘azal boshqa g‘azallardan farqli ravishda Bobur devonining ikki nusxasidangina o‘rin olgan (Rampur va Istanbul Universiteti qo‘lyozmasi). 1528 yilda bitilganiga ko‘ra u shoirning oxirgi sheʼrlaridan biri. Sheʼr matnidagi ayrim farqlarni hisobga olmaganda, u shu kungacha deyarli to‘g‘ri tabdil etib kelingan. Ammo g‘azaldagi eng muhim bayt, aniqrog‘i misradagi bir so‘z yanglish o‘qilgan. Bu esa sheʼrning asl mazmunini anglashga xalaqit qiladi. Uchinchi bayt shu tarzda berib kelingan:

Taqdirdur ul yonu bu yon solg‘uchi, yo‘qsa,

Kimga havasi Sanbalu tatyir qilibtur?

Bobur sheʼrlarining ayrim zamonaviy nashrlarida “havas Sanbalu, tatyir” (1982), “havasi Sanbalu Tatyir” (1994, 2007, 2008) deb berilgan hamda “Sanbal” va “Tatyir” “Hindistondagi joylar nomi” deya izohlangan. Baʼzilarida hatto“sunbuli tatyir” (1976) yoki “sunbulu taqdir” (1996) tarzida g‘alat berilgan.

“Sanbal” chindan Hindistondagi bir viloyat va bu nom “Boburnoma”da ham kechadi. Lekin, “tatyir” so‘zi mavhum bo‘lib qolmoqda. Bunday joy nomi “Boburnoma”da ham, Hindistonda ham yo‘q.

Aslida baytda Bobur nafaqat o‘z, balki, o‘g‘li Muhammad Humoyun taqdiriga ham ishora qilmoqda. Chunki, voqealarning tarixiy yechimi, bizga aynan shu o‘rinda Humoyun hayotidan bir hikoya qalamga olinganiga urg‘u beradi.

Masalani ravshanlashtirish maqsadida “Boburnoma”ga murojaat etsak.

Asarning hijriy 932 (milodiy 1525) yil voqealari bayon etilgan qismida Bobur 13.844.000 tanga daromadga “...Sanbalni dag‘i Humoyung‘a inoyat qildim...” deya taʼkid etadi. Shuningdek, asar oxiridagi (936/1528-1529 yil) voqealar qismidagi so‘nggi tarixiy hodisa ham aynan Sanbal viloyatiga yuborilgan Humoyun hayotining bir qiyin dami bilan bog‘liq:

“...Va Muhammad Humoyun, Sanbalg‘akim, aning joygiri edi, ruxsat berildi. Olti oygacha anda edi; zohiran ani yer va suyi xush yoqmadi. Isitma tutar ekandur, bora-bora uzoqqa tortar. To onki biz eshittuk, farmon berildikim, Dehlig‘a kelturub, Dehlidin kemag‘a solib keltursinlarkim, hakimi hoziqlar ko‘rub, dardig‘a davo qilsunlar. Bir necha kunda daryo yo‘li bilan kelturdilar va tabiblar har necha doru darmon berdilar, yaxshi bo‘lmadi...” (Boburnoma. -Toshkent: Sharq, 2002. 266-bet.)

Diqqat etilsa, Boburning eʼtiroflari haqqoniyligi bilan o‘ziga maftun qiladi. Modomiki, masala shunday ekan baytdagi “tatyir” umuman xato bo‘ladi. Sheʼr to‘g‘ri va aniq berilgan Rampur nusxasida bu so‘z “nazir” deb, Istanbul Universiteti nusxasida esa so‘zdagi “yo” harfi nuqtali, qolgan harflar nuqtasiz berilgan. Balki shuning uchun yanglishliklar kelib chiqqandir. Demak baytni:

Taqdirdur ul yonu bu yon solg‘uchi, yo‘qsa,

Kimga havasi Sanbalu nazir qilibtur?

deya o‘qish kerak.

Endi, “Boburnoma”dan keltirilgan voqelar bilan bog‘lasak, (chunki sheʼr aynan shu vaqtda yozilgan,) qo‘shmisraning mazmuni aniqlashadi. Yaʼni, kishini dam u, dam bu tomon yo‘llaguvchi taqdirdir; agar shunday bo‘lmasa edi (Hindistonning) Sanbal (degan joyi)ni o‘z farzandiga nazir (teng) qilishni kim ham havas qilardi. Chunki taqdir bo‘lmasa edi, o‘sha tomon borilmagan bo‘lurdi. G‘azalning keyingi baytlarining mazmuni ham shunday yechimga keltiradi.

Yoki, “topilmas” radifli g‘azalidagi mana bu baytga eʼtibor qilaylik.

Bu shaklu shamoil bila xud huru parisen

Kim, jinsi bashar ichra bu miqdor topilmas...

Bobur devonining Istanbulda saqlanayotgan ikki qo‘lyozmasida baytdagi “jinsi bashar” iborasi “husni bashar” tarzida berilgan. Bashariyat – insoniyatning husni bo‘larlik darajasidagi yor taʼrifi maʼqul. Biroq, sheʼr maʼnosiga ko‘ra, o‘zining go‘zal shaklu shamoili bilan hur va paridek bo‘lgan maʼshuqa tengi “bashar jinsi” – insoniyat toifasi orasida topilmaydi. Mana shu mazmun umummatnga uyg‘un tushadi.

Bu ayrim g‘azallar baytini qo‘lyozmalar aro qiyoslashdan keyingi natija. Vaholanki, devondagi o‘nlab sheʼrlar matnidagi yanglishliklar faqat va faqato‘zaro qiyoslarda maʼlum bo‘ladi.

Matnlardagi o‘zgarish va farqlar nafaqat so‘zlarning turlicha kelishida balki, butun-butun misralarda ham uchraydi. Aytaylik, “Qilg‘udek” radifli g‘azalning ikkinchi bayti Parij, London va Haydarobod nusxalarida:

Ko‘nglumizga javri behad qildi ul nomehribon,

Jonima yuz ming g‘amu mehnatni hosil qilg‘udek –

deb berilgan. Istanbuldagi har uch qo‘lyozmada esa:

Ko‘nglumu ko‘zum yuziga volihu hayron bo‘ldum,

Jonima yuz ming g‘amu mehnatni hosil qilg‘udek –

tarzidadir.

Bu kabi o‘rinlarda, avvalo, qo‘lyozmaning qadimiyligi va mo‘tabarligi nuqtai nazaridan baytning birinchi varianti olinadi. Ikkinchi variant esa matn ostida ko‘rsatib ketiladi.

Yoki, “Sochiyu ko‘ziyu qoshidin boshta havodur...” deya boshlanuvchi g‘azalidagi:

Ishq ichra yoshurg‘on yurakim qonini, vahkim,

Bu seli sirishkim bori olamg‘a yayodur.../ bayti beshinchi bo‘lib kelgan va u faqat Istanbul Universiteti nusxasidagina berilgan. Qolgan qo‘lyozmalarda u yo‘q. Undan tashqari g‘azal matnining o‘zida ham bir necha farq bor. Masalan, dastlabki misra ayrim qo‘lyozmalarda:

Sochiyu ko‘ziyu qoshidin boshta havodur...

Ikki qo‘lyozmada esa:

Sochiyu qoshiyu ko‘zidinboshtahavodur

Ostiga chizilgan so‘zlarda farq ko‘rinib turibdi. Lekin mazmun-chi?!

Bir qaraganda mazmun o‘zgarmagan va bu qo‘lyozma kotibining xatosi, degan fikr tug‘ilishi mumkin. Ammo shoir ko‘zlagan maqsadga ko‘ra dastlabki misra mazmunga uyg‘un. Negaki, gap qurilishi nuqtai nazaridan sheʼrning ohangiga mos kelmoqda. Keyingi misrada garchi mazmun o‘zgarmasa-da, maʼshuqaning “sochi”, “qoshi” va “ko‘zi”ini siralashda ketma-ketlik o‘zgargan va misra ohangi buzilgan.

Maʼlum bo‘ladiki, Bobur mumtoz adabiyotning lirik janrlarida barkamol ijod qilgan. Ana shu asarlar majmuasidan iborat sheʼriy to‘plam – devon ham tuzgan. Xo‘sh bu devon qo‘lyozmasi qayerda?

Bobur Kobulda ekan u Samarqandga – “Fo‘lod Sultonga devonimni yibordim” deya “Boburnoma”ning 1520 yil voqealarida yozadi. Keyinroq bitilgan bir ruboiysida esa:

Devonima ne rabtu ne tartibedur,

Ne jadvalu ne lavhu ne tazhibedur.../ deya taʼkid etadi. Shunga ko‘ra devon hali komil ko‘rinishga kelmaganini bilish mumkin.

Demak, Bobur o‘z sheʼriy to‘plamini anʼanaviy mumtoz devonchilik qolipiga batamom solishga ulgurmagan. [Faqat, Britaniya muzeyi kutubxonasida saqlanuvchi “Devoni Bobur podshoh” qo‘lyozmasi maʼlum devon holidadir. Biroq, u ham hijriy 1190 (milodiy 1776) yilda ko‘chirilgan bo‘lib, kotib tarafidan shunday tuzilgan.] Boburshunoslikka ham, mumtoz devon tuzish anʼanasiga to‘liq rioya etib tuzilgan, shoir devonining mukammal nusxasi hanuzgacha nomaʼlum. Ammo hozirda Bobur devonining, mukammal bo‘lmasa-da, o‘n qo‘lyozmasi maʼlum va ular asosida shoir devonining to‘la hamda ishonchli matnini tuzish mumkin. Devonning sahih matniga ega bo‘lish uchun qo‘lyozma devonlarning barcha nusxalaridan foydalanish zarur. Shundagina yuqorida keltirilgan kabi matniy farqlarni ifoda etgan holda mukammal nashrni yo‘lga qo‘yish mumkin bo‘ladi


“Fan va turmush” jurnali. 2017 yil, 1-son. – B. 45-47. (O‘zbekcha); Точность текста (познается) с оригиналом.

Fikr qoldirish#


O‘qish tavsiya qilinadi
Yosh shoirning shakllanishi yoki Bobur Mirzo Farg‘ona viloyati podshohi (1494-1504)

Zahiriddin Muhammad Bobur 1483 yil 14 fevral kuni Andijonda Farg‘ona...

Hukmdorlarga o‘rnak bo‘ladigan, dunyo olimlari havas qiladigan umr e’tirofi

This article explores the historical significance of Babur and the...


Maqolani baholang
0.0