Sinov yoʻsinida ishlamoqda

Matonatli malika

Mustaqillik davri sohibqiron Amir Temur, temuriylar, xususan, temuriy malikalar tarixini o‘rganish, ular haqida ilmiy tadqiqotlar olib borish, turli janrlarda badiiy asarlar yozish imkoniyatini yaratdi. Ularning o‘z sulolari, qolaversa, tarix va insoniyat oldidagi xizmatlari o‘zining xolis bahosini topdi va topmoqda. Sharqshunoslardan Turg‘un Fayziyevning «Temuriy malikalar», Botirali Yo‘ldoshevning «Nurjahon Begim» nomli tadqiqotlari, Pirimqul Qodirovning Ulug‘bek Mirzoning onasi Gavharshodbegim to‘g‘risidagi «Ona lochin vidosi» tarixiy romani, Xurshid Davronning Saroymulkxonimga bag‘ishlangan «Bibixonim qissasi» kabi tarixiy asarlar buning yorqin dalilidir. Agar Amir Temur hamda temuriylarga bag‘ishlangan ko‘plab ilmiy tadqiqotlarda bu malikalar turli munosabatlar bilan tilga olib o‘tilsa, badiiy asarlarda ularning tarixiy siymolari bilan bog‘liq badiiy tasvir-u chizgilar o‘z ifodasini topganligini ko‘rishimiz mumkin. Kelajakda bunday ilmiy izlanishlar hamda badiiy asarlar xususida alohida tadqiqotlarni amalga oshirish mumkin. Biz esa quyidagi maqolamizda temuriy malika – Xonzodabegim to‘g‘risidagi o‘z fikr-mulohazalarimizni bayon qilmoqchimiz.

Chunonchi, Umarshayx Mirzo va Qutlug‘ Nigorxonimning qizi, Bobur Mirzoning opasi, xususan, te-muriy malika Xonzodabegim haqida aytilgan ayrim «ta’nu ta’rif»larni o‘qiganda beixtiyor yodimizga Bobur Mirzoning quyidagi misralari tushadi:

Ulusning ta’nu ta’rifi manga, Bobur, barobardur, * Bu olamda o‘zumni chun yamon-yaxshidin o‘tkardim.

Tarixdan ma’lumki, hukmdorlarga (valiahd shahzodalarga) qo‘yiladigan talab-u dasturlar qaysidir darajada malika-begimlarga ham taalluqli bo‘lgan. Bundan temuriy malika Xonzodabegim ham mustasno emas edi. Malika-begimlarga davlat, yurt, el, siyosat odami sifatida kengroq nazar tashlasak, birinchidan, ular ham davlat, toj-u taxt, sulola boshqaruvi, hazrat Navoiy va boshqa mutafakkirlar ta’biri bilan aytganda «mulk ishi»dagi turli xolis-u noxolis, to‘satdan ro‘y beradigan holatlarga, hatto toj-u taxt, sulola boshqaruvi qo‘lida bo‘lgan merosxo‘r valiahd shahzodani salomat asrash uchun nafaqat nikoh shartiga, balki o‘z aziz jonini tovon sifatida to‘lash lozimligiga ham maxsus o‘qitilgan, o‘rgatilgan. Ular ham Qur’on, hadis, tafsir, tib, tarix, fiqh, hikmat singari asosiy fanlardan maxsus saboq olishgan (Navoiy Shirin va Layli misolida buni badiiy aks ettirgan), davlat boshqaruvi, siyosatdan ham muayyan darajada xabardor bo‘lishgan (Mehinbonuning Xusravdek shohga ko‘rsatgan muomala-munosabatini eslaylik). Malika sulolaning yagona vakili bo‘lib qolganda ham, u taxt vorisi, hukmdor sifatida o‘zi mustaqil qaror qabul qila olishi, faoliyat yuritishi qonuniy holat (malika To‘maris, Umay onalarni yoki «Tarixi muluki Ajam»da zikr qilingan uch nafar malikani yodga olaylik) hisoblangan. Demak, Xonzodabegimning favqulodda yuz bergan tang holatda Shayboniyxon nikohiga kirishi malikalarga qo‘yiladigan talablardan biri, xolos. Bunday kutilmagan nikohga, uning oqibatiga Xonzodabegim ruhan va ma’nan tayyor bo‘lgan, deyish mumkin. Malika sifatida siyosiy hayotdan chetda qolishi mumkin bo‘lmagan bu chigal va murakkab taqdir sohibasi chekiga tushgan sinovga jon qulog‘i bilan quloq soldi va taqdirga tadbir topib, temuriy shahzoda Bobur Mirzoning va onasi Qutlug‘ Nigorxonimning omonat jonini saqlab qoldi. Muhimi ham, chorasi ham, ibrati ham shu emasmi? Taxt vorisi mulkgir Bobur Mirzo omon qolib, temuriylar sulolasi u yoki bu yurtlarda davom etdi, keyinchalik esa Hindistonda barqaror, markazlashgan boburiylar davlatiga asos solindi va u 332 (1526-1858) yil hukm surdi, dunyo tamadduniga ulkan hissa qo‘shdi.

Ma’lum bo‘ladiki, Xonzodabegim bor-yo‘g‘i malikalarga qo‘yilgan talabni, tadbirlarni ulug‘ enasi Eson Davlatbegim boshchiligida og‘ishmay bajardi. Ota o‘limi sabab yuz bergan favqulodda siyosiy, parokanda vaziyatni nafaqat Bobur Mirzo yoki «mudabbira ona» Eson Davlatbegim, balki oqila malika Xonzodabegim ham qo‘lga oldi va temuriy malikalar orasida o‘ziga alohida bir nurli sahifa ochdi, deyishimiz va bundan faxr tuyg‘usini tuyishimiz mumkin.

Xonzodabegim temuriy malikalar orasida alohida ajralib turadigan porloq tadbir sohibasidir. Bobur Mirzo ta’biri bilan aytganda, «mardona kishikim, royi va tadbiri bisyor yaxshi» ish bergan malika. Sohibqiron Amir Temur «mard kishilarni Alloh ham sevadi, insonlar ham sevadi», deb ta’kidlaganidek, Xonzodabegim mardning ishini qildi, ukasi Bobur Mirzoning jonini asrab, ta’qiblargabalogardon bo‘ldi.

Bobur Mirzo «Boburnoma»da otasi Umarshayx Mirzo haqida tarixiy ma’lumot berar ekan, uning o‘ndan ziyod fazilatlarini alohida sanaydi. Chunonchi otasining e’tiqodi m-ustahkam, sobit kishi ekanligini, Xoja Ubaydulloh Ahrorning uni «farzand» deb e’zozlashini, ravon savodi borligini yoki davlat va mulk ishidan ortib «Temur tuzuklari»ni, Nizomiy Ganjaviy, Xusrav Dehlaviy «Xamsa»larini, Jaloliddin Rumiy «Masnaviy»sini, Firdavsiy «Shohnoma»sini hamda boshqa tarixiy kitoblarni muntazam mutolaa qilib turishini, adolati, saxovati, xulqi martabada, ya’ni yuksak maqomdaligini, fazilat darajasiga yetganligini va chiroyli so‘zlash salohiyatiga ega notiqligini, umuman, har sohada mohir va mardona kishi ekanligina tilga olgan.

Umarshayx Mirzoning to‘ng‘ich farzandi sifatida Xonzodabegimni otasining bevaqt vafoti erta ulg‘aytirgan, aqlini peshlagan. O‘zida otasining ayrim fazilatlari borligi sabab ham ukasi – taxt vorisi Bobur Mirzoga qaysidir darajada mas’ul shaxslardan biri ekanligini doimo his qilgan. Demak, u Bobur Mirzoga yaqinlikda, mas’ullikda birinchi shaxslardan bo‘lishi kerakligini tushunib yetgan. Zero, u otasi kabi berilib «Shohnoma», «Masnaviy», «Xamsatayn»larni va boshqa tarixiy kitoblarni o‘qigan «ravon savodi bor» malika edi. Ayni jihatidan uni ma’naviy jasorat sohibasi deyish ham mumkin. Bobur Mirzo o‘zining mashhur «Yaxshilig‘» radifli g‘azalida ifodalagan «Qoldi falondin yaxshilig‘» singari beqiyos iqrori va hikmatida go‘yo opasi malika Xonzodabegimni ham nazarda tutgandek:

Bori elga yaxshilig‘ qilg‘ilki, mundin yaxshi yo‘q – * Kim, degaylar dahr aro qoldi falondin yaxshilig‘.

Endi Bobur Mirzo o‘z memuarida qisman ikki xil shaklda qo‘llangan «tushub edi» va «iligiga tushti» birikmalari talqiniga e’tibor qaratsak. Bobur Mirzo ushbu birikmalarni qo‘llagan holda opasi Xonzodabegimning turmushga chiqish voqeasini «Boburnoma»ning ikki lavhasida bitilgan xabarida alohida-alohida qayd etadi. Birinchi xabarda u otasi Umarshayx Mirzo haqida so‘z yuritib, uning uch o‘g‘li va besh nafar qizini nomma-nom sanab ko‘rsatar ekan, opasi Xonzodabegim haqidagi ma’lumotda aynan «tushub edi» birikmasini ishlatgan: «Bori qizlardin ulug‘ Xonzodabegim edi, mening bila bir tuqqon edi, mendin besh yosh uluq edi...

Ul fataratta Xonzodabegim Muhammad Shayboniyxong‘a tushub edi, bir o‘g‘ul bo‘lub edi, Xurramshoh otliq, maqbul o‘g‘lon edi. Balx viloyatini anga berib edi...».

Bobur Mirzoning ushbu «tushub edi» deb yozgan xabari biz uchun juda muhim xabar bo‘lib, unda gap Xonzodabegimning xonga turmushga chiqishi haqida ketyapti, xolos. Ta’kidlash mumkinki, asirga tushish haqida gap ham yo‘q. Ziyrak kitobxon buni tasvirdan o‘qib, anglab olishi qiyin emas. Bobur Mirzoning o‘z asarida opasi Xonzodabegimning hayot yo‘li haqida bitilgan mazkur ma’lumot-u xabarlarini Mirzo Haydarning «Tarixiy Rashidiy», Gulbadanbegimning «Humoyunnoma» singari asarlariga nisbatan eng mukammali deyishimiz mumkin. Demak, ushbu qisqa ma’lumot asosida Xonzodabegimning hayot yo‘lini quyidagi lavhalarga tasniflash mumkin. Birinchisi, Xonzodabegim Umarshayx Mirzo qizlarining to‘ng‘ichi ekanligi va Bobur Mirzo bilan bir onadan tug‘ishganligi hamda yoshlari orasidagi farq besh yosh ekanligi. Ikkinchisi, fataratta, ya’ni taloto‘p-u urush davrida Xonzodabegimning xon nikohiga kirishi. Uchinchisi, xondan bir o‘g‘il farzand ko‘rishi, o‘g‘li Xurramshohning esa maqbul o‘g‘il bo‘lib ta’lim va tarbiya topishi. Xurosonning har jihatdan diqqatga molik viloyatlaridan biri hisoblangan Balx viloyatini boshqarishda Xonzodabegimni oqila va hamda hokima ona sifatidagi o‘rni va xizmatlarining borligi. To‘rtinchisi, Xonzodabegimni yolg‘iz va hokim o‘g‘lidan ayrilgan ruhi siniqqan mushtipar ona deb bilishimiz. Beshinchisi, Marvni qo‘lga kiritgan g‘olib Shoh Ismoilning Bobur Mirzo sharofati bilan Xonzodabegimni salomat, izzat-hurmatda ukasi huzuriga, ya’ni Qunduz shahriga jo‘natishi va ularning Olloh inoyati bilan qayta ko‘rishishlari tafsiloti.

Endi ikkinchi ma’lumotga e’tibor qilsak: «Bu mahalda Shayboqxon sulh so‘zini oraga soldi. Agar bir tarafdin umidvorlig‘ bo‘lsa edi, yo zaxira bo‘lsa, sulh so‘ziga kim quloq solur edi. Zaruriyat bo‘ldi, sulhguna qilib, kechadin ikki pahar bo‘la yovushib edikim, Shayxzoda darvozasidin chiqildi. Volida xonimni olib chiqtim. Yana ikki xotun kishi chiqti: biri Bichka xalifa edi, biri Minglik ko‘kaldosh edi. Mening egachim Xonzodabegim ushbu chiqqonda Shayboqxonning iligiga tushti». Bu xabarda Bobur Mirzo «iligiga tushdi» birikmasini qo‘llagan. Har ikki xabardan ham Bobur Mirzo Xonzodabegimningxonning nikohiga kirishi, nikoh to‘yi voqeasini «iligiga tushti» iborasi bilan izohlayapti. Demak, Bobur Mirzoning har ikki xabaridan biz uning bir hodisani, ya’ni nikoh to‘yi kechasi hamda o‘zining Samarqanddan omonlikda chiqib ketish voqeasi to‘g‘risida bilib olishimiz mumkin. «Boburnoma», «Shayboniynoma» ma’lumotlariga ko‘ra, to‘yda qiz tomonidan mudabbira ona Eson Davlatbegim boshliq qudalar ishtiroki ta’minlanganligi aytiladi. Xullas, «tushib edi», «iligiga tushdi» birikmalari «qo‘lga tushmoq», «asirga tushmoq», «garovga olinmoq» ma’nolarida emas, balki «turmushga chiqdi» ma’nosida qo‘llanilgan. Hozir ham xalqimiz nutqida, so‘zlashuv uslubida bu jumla «qizim qo‘shni qishloqqa yoki shaharga tushdi», «qizim falon xonadonga tushdi» shaklida tez-tez qulog‘imizga chalinib turadi. Bu jihatdan ba’zi fikrlarimiz isboti uchun «Shayboniynoma» asariga murojaat qilsak.

Dostonda xotin-qizlar taqdiri yoritilgan o‘nlab tarixiy-badiiy tasvirlarni o‘qishimiz mumkin. Ulardan uchtasida temuriy malika Xonzodabegim haqida gap boradi. Dastlab el-ulusning shayxulislomga qilgan murojaatida malika Xonzodabegim «Mirzoning hamshirasi», ya’ni tug‘ishgan opasi deya tilga olingan. Ular o‘z takliflarida olti oylik qamal fojialarini birma-bir bayon qilar ekanlar, endi Bobur Mirzo sulh taklifi bilan chiqqan xon bilan sulh tuzsin, degan qarorlarini bildirishadi.

Dostondagi keyingi tasvirlarda xon ham malika Xonzodabegimning sifatlari-yu fazilatlarini eshitib, g‘oyibona oshiq bo‘lib, o‘z ishqini izhor qilish bilan ma’shuqasini qo‘lga olishga harakat qiladiki, bu kabi tafsilotlarni dostonning «Imom uz-zamon g‘oyibona oshiq bo‘lib, ishq bila ma’shuqini qo‘lig‘a olg‘oni...» nomli XXXV bob sarlavhasidan ham bilishimiz mumkin. Shoir mazkur bobda xon tilidan malika Xonzodabegimni «sanami zebo», «dilbarin», «diljo‘», «Layli», «Uzro» deya ko‘ngliga yaqin olib madh etadi, ta’riflaydi.

Keyingi voqealar rivojida esa xonning Xonzodabegimga bo‘lgan mehr-u muhabbati, o‘z navbatida el orasida, ya’ni shaharda tarqalishi haqidadir. Xon malika Xonzodabegim sharafiga g‘azal bitadi va unga hadya sifatida jo‘natadi. Doston muallifi bu kabi voqealarni dostonning «So‘zning maxtasari» nomli faslida batafsil tasvirlaydi. Doston syujeti bo‘yicha Bobur Mirzoning keyingi taqdiri ham shu faslda shoir tomonnidan mahorat bilan chizilgan tasvirda, ya’ni xon tilidan yumshoqlik bilan malikaga qarata aytgan murojaatida qo‘llagan «Unga yomonlik tilamayman, yomonlik sog‘inmayman» xalqona hikmati, jon-darmon, zor-giriftor, boshing-qarindoshing, yovutmog‘oli-tutmog‘oli, borsun-horsun qofiyalari hamda takror qo‘llagan «borsun, borsun» buyruq-istak fe’li yordamida aniq beriladi.

Shuningdek, dostonda xonning Samarqandda Xonzodabegimga shohlar rasmi bilan rosmona sha’riy nikoh asosida to‘y qilib uylanishi, nikoh to‘yi tadbirlariga malika tomonidan onasi Qutlug‘nigorxonim o‘rnida ulug‘ enasi Eson Davlatbegim o‘z oqilona tadbiri, kuchi bilan ishtiroki borasidagi lavhalar ham keng yoritilgan.

Ma’lum bo‘ladiki, Samraqand qamalida Xonzodabegimning xonga «tushub edi» va xonning «iligiga tushti» degan xabaru tasvirlar temuriy malikaning diplomatik munosabatlar qurboni bo‘lganligini anglatmaydi. Biz yuqorida tilga olgan manbalardan keltirilgan iqtiboslarimiz talqini va tahlili uning o‘z oilasi, o‘zi mansub shonli sulola kelajagini saqlab qolishdek ezgu niyatda, maqsadda bu nikohga ongli ravishda, Olloh rizosi uchun rozi bo‘lganligini bildiradi.


Burobiya RAJABOVA, filol. f. n. // O’zbekiston adabiyoti va san’ati. № 7 (4354). 2016. 13-fevral. – B. 4. (O‘zbekcha); Твердость характера королевы.

Fikr qoldirish#


O‘qish tavsiya qilinadi
Yosh shoirning shakllanishi yoki Bobur Mirzo Farg‘ona viloyati podshohi (1494-1504)

Zahiriddin Muhammad Bobur 1483 yil 14 fevral kuni Andijonda Farg‘ona...

Hukmdorlarga o‘rnak bo‘ladigan, dunyo olimlari havas qiladigan umr e’tirofi

This article explores the historical significance of Babur and the...


Maqolani baholang
0.0