“O‘qituvchi” nashriyot-matbaa uyi yaqinda xayrli ishni amalga oshirdi: “Boburnoma”ning yana bir yangi nashri chop etildi. Mazkur nashr oldingilaridan farq qiladi. Kitobning ayrim sahifalaridan olingan quyidagi parchalarni o‘qiboq, bunga ishonch hosil qilish mumkin:
“Bismillahir rohmanir rohiym.
Sakkiz yuz to‘qson to‘qqizinchi(1494) yil voqealari.
Tengri taoloning inoyati va koinot sarvari bo‘lgan hazrat Rasuli akramning shafoati, pok-ko‘ngil chahoryorlarning himmati bilan seshanba kuni, ramazon oyining beshinchisida, sakkiz yuz to‘qson to‘qqizinchi yili Farg‘ona viloyatiga o‘n ikki yoshda podshoh bo‘ldim”;
“Podshohning mehribonchiligiga sig‘ingan turk, tojik, arab, ajam, hindi, forsiy fuqaro va sipoh – butun millatlar, hamma inson toifalari bu mangu baxshishga suyanib, umid tutib, abadiylikka birikkan davlatimiz duosiga mashg‘ul bo‘lsinlar va bu hukmlar ijrosidan tashqari chiqmasinlar va burilmasinlar, farmonga muvofiq ish olib borsinlar”.
Ushbu satrlarni o‘qib, Boburning tili hozirgi o‘zbek tili bilan bir xilga o‘xshab qolganmi, degan savolning tug‘ilishi tabiiy. Xuddi shunday. Gap shundaki, “Boburnoma” hozirgi tilimizga tabdil qilinib nashr etildi. Endi uni keng kitobxonlar ommasi hech bir qiyinchiliksiz zamonaviy tilimizda o‘qish imkoniga ega bo‘ldilar. Uni Porso Shamsiyev, Sodiq Mirzayev, Eyji Mano va Saidbek Hasanov nashrga tayyorlagan “Boburnoma” nashri (Toshkent, “Sharq”, 2002) asosida filologiya fanlari nomzodlari Vahob Rahmonov hamda Karomat Mullaxo‘jayeva amalga oshirishgan. (Tabdil mas’ul muharriri Mahmud Sa’diy, maxsus muharriri Najmiddin Komilov.)
Muhtaram Prezidentimiz I.A.Karimov “Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch” asarida ta’kidlab o‘tganlaridek, “Albatta, har haysi xalk yoki millatning ma’naviyatini uning tarixi, o‘ziga xos urf-odat va an’analari, hayotiy kadriyatlardan ayrim holda tasavvur etib bo‘lmaydi. Bu borada, tabiiyki, ma’naviy meros, madaniy boyliklar, ko‘hna tarixiy yodgorliklar eng muhim omillardan biri bo‘lib xizmat qiladi.
Bizning qadimiy va go‘zal diyorimiz nafaqat Sharq, balki jahon sivilizatsiyasi beshiklaridan biri bo‘lganini xalqaro jamoatchilik tan olmoqda va e’tirof etmokda. Bu tabarruk zamindan ne-ne buyuk zotlar, olim-u ulamolar, siyosatchi va sarkardalar yetishib chiqqani umumbashariy sivilizatsiya va madaniyatning uzviy qismiga aylanib ketgan dunyoviy va diniy ilmlarning, ayniqsa, islom dini bilan bog‘liq bilimlarning tarixan eng yuqori bosqichga ko‘tarilishida ona yurtimizda tug‘ilib kamolga yetgan ulug‘ allomalarning xizmatlari beqiyos ekani bizga ulkan g‘urur va iftixor bag‘ishlaydi”. Zahiriddin Muhammad Bobur va u qoldirgan ulkan tarixiy-adabiy meros ham mana shunday g‘urur va iftixor omillaridan biridir.
“Boburnoma” o‘tmishda yaratilgan ulkan madaniy-adabiy merosimiz silsilasidagi eng nodir, eng qimmatbaho javohirlardan. Bir so‘z bilan aytadigan bo‘lsak, uni o‘zbek mentalitetining o‘n oltinchi asrda yozilgan qomusnomasi, deb atash mumkin. Asarda xalqimizning tarixi, uzoq va mashaqqatli kurash yo‘li, urf-odatlari, an’analari, fani, madaniyati, san’ati, adabiyoti takrorlanmas tarzda aks etgan.
Adabiyotimiz tarixining yirik bilimdonlaridan biri — marhum ustoz A.Hayitmetov to‘g‘ri ko‘rsatganidek, “O‘zbek klassik adabiyoti tarixida “Boburnoma”, “Shayboniynoma” kabi asarlarning katta o‘rin tutishining bosh sabablaridan biri shuki, ularda avtorlarning tarixiy voqealarga shaxsiy munosabatidan qati nazar, ulardan uzoq o‘tmishning badiiy tasviri orqali biz ba’zan xalqimiz hayotining hech bir tarixiy kitoblarda yoritilmagan tomonlarini bilib olamiz”.
Jahon ahlining Bobur shaxsiga qiziqishi tasodifiy emas. Ular Boburni buyuk sarkarda va davlat arbobi, yirik adabiyotshunos va hassos shoir, fiqh ilmining chuqur bilimdoni, ulkan tilshunos, elshunos, san’atshunos, nabotot va hayvonot olamining nodir tadqiqotchisi sifatida e’tirof etishadi. Shu bilan birga, Boburga mashhur “Boburnoma”ning muallifi sifatida ham alohida ehtirom ko‘rsatishadi. Asarda bu xislatlarning barchasi juda go‘zal tarzda o‘z ifodasini topgan.
Bunday mo‘tabar asarning asl nusxasini o‘qish, afsuski, hammaga ham yengilgina mashg‘ulot bo‘lolmasligi tabiiydir. Xuddi shuning uchun ham mazkur tabdil keng kitobxonlar ommasi uchun munosib tuhfa sifatida qabul qilinishi mumkin.
Avvalo, tabdil mualliflarining o‘z ishlariga yuksak talabchanlik va astoydil jiddu-jahd bilan yondashganliklarini ta’kidlash o‘rinli bo‘ladi. Ulardagi mumtoz adabiyotga oid chuqur bilim, keng dunyoqarash, katta tajriba juda qo‘l kelgan.
“Boburnoma” bugungi noshirchilikda qo‘lga kiritilgan eng yaxshi yutuq va an’analarga tayanilgan holda, yuksak poligrafik talablar asosida nashr etilgan. Qog‘ozning sifati, sahifalarning, muqovaning bezagi nafis va munosib.
Tabdil mualliflari va muharrirlari boburshunoslik fani qo‘lga kiritgan barcha yutuqlar zaminida ish olib borishgan. Har holda, bugun yurtimizda “Boburnoma”ning qator nashrlari amalga oshirilgani yaxshi ma’lum.
Bir narsani alohida ta’kidlash joizki, mumtoz adabiyotimizning bilimdonlari, bu sohada ish olib borayotgan tadqiqotchilar oz emas. Ammo o‘tmish adabiyotimizning go‘zal namunalarini hozirgi tilimizga tabdil qilishdek murakkab va mas’uliyatli ishni o‘z yelkasiga olishga qodir mutaxassislarimizning ko‘p emasligini ham tan olishga to‘g‘ri keladi. Bu borada navoiyshunosligimizda o‘ziga xos ibrat maktablari yaratilganini iftixor bilan tilga olish mumkin. Afsuski, amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlarimiz bu paytgacha qilinganlariga qaraganda ancha ko‘prokdir. Vaholanki, bunday savobli ishlarga xalqimizda juda katta ma’naviy ehtiyoj mavjud.
Yangi nashr mana shu ehtiyojlarga munosib javoblardan biri sifatida yuzaga kelgan. Kitob sahifalari yengil o‘qiladi, mazmunning tushunarli va ochiqligi kitobxonga qulaylik tug‘diradi, ayrim o‘rinlarining juda, jozibador va ta’sirchanligi uni maftun qiladi. Biz hyech ikkilanmasdan istalgan saxifalardan misollar keltirishimiz mumkin. Mana, ularning ayrimlari:
“Yana biri Sulton Malik Koshg‘ariyning o‘g‘li Ahmad Hojibyek edi, Hirot hukumatini Sulton Abusaid mirzo bir qancha vaqt unga bergan edi. Amakisi Jonibok o‘lgandan so‘ng, uning martabasini borib, Samarqandga yubordi. Ahmad Hojibek xushtab’ va mardona kishi edi. “Vafoiy” taxallusi bor edi. Devon tartib bergan, she’ri yomon emas edi”(41-bet);
“Bir kuni shu yerda ekanimizda, bizdek vatandan ayrilib, sargardon yurgan Xoja Abdulmakorim meni ko‘rgani keldi. Ketar-turar yerimizdan, qilar-qilmas ishimizdan so‘roqlab va surishtirib, qattiq ta’sirlanib, bizning holimizga achinib, fotiha o‘qib ketdi. Menga ham juda qattiq ta’sir qildi, siqildim” (64-bet);
“Tanbal yana bir kishi bilan safdan biroz oldinga chiqib turgandi, men Tanbalga ro‘baro‘ bo‘ldim, dubulg‘asiga tegadigan qilib o‘q otdim. Yana bir o‘qni qapqonining to‘qasini mo‘ljallab otdim. Bir o‘q oyog‘imga kelib tegdi. Tanbal boshimga qilich soldi. Qizig‘i, boshimga kiyganim dubulg‘a bo‘rk bo‘lsa ham, uning bitta ham ipi kesilmadi, ammo boshim anchagina jarohatlandi” (176-bet);
(Humoyunga yozilgan xatdan): “Ukang bilan yaxshi yashagin. Kattalar ko‘tarimli bo‘lishlari kerak, sening ham u bilan yaxshi muomalada bo‘lishingga umid qilaman. U ham imonli va yaxshi yigit, xizmat va hamjihatlikda uning ham kamchiligi yo‘q. Bundan keyin takalluf qilma, ravshan va aniq so‘zlar bilan yoz. Senga ham, o‘quvchiga ham tashvish kamroq bo‘ladi”(257 — 258-betlar).
Ayrim o‘rinlarda Bobur qo‘llagan so‘zning qoldirilgani ham o‘zini oqlaydi. Bu Bobur zamonidagi ayrim so‘zlarning qo‘llanilishini bilish uchun ham, o‘sha davr ruhini his etish uchun ham, qolaversa, ilmiy aniqlik uchun ham zarurdir. Masalan:
“Samarqand ma’mura(obodonlik)ning chekkarog‘ida bunyod topgan bo‘lib, sharqi Farg‘ona va Koshg‘ar, g‘arbi Buxoro va Xorazm, shimoli Toshkand va Shohruxiyaki, Shosh va Banokat deb yozadilar, janubi Balx va Tirmiz. Ko‘hak (Zarafshon daryosi) shimolidan oqadi, u Samarqanddan ikki kuro‘h keladi” (55-bet).
Kitobda ko‘plab lug‘at va izohlar berilgan. Bular ham o‘quvchilarning asar matnini tushunishlariga, ulardagi ma’no va mazmun qatlamlarining tagiga yetishlariga imkoniyat yaratadi. Yom oti, jibagar, zarbzan, ma’man, mistar, mo‘ljar, parvona xat, sarxat, tarkib xati, chordara, shig‘ovul, shakdor, shomiyona, yadachi va boshqalar shular jumlasidan.
Tabdilda Bobur qo‘llagan so‘zlarning ayrimlarini saqlab qolishga urinilganini ham quvvatlash kerak. Qadimgi so‘zlarni, hozirgi til amaliyotiga kiritish tilimizning boyishiga, undagi ko‘rk va latofatning ortishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Ammo, nazarimizda, bunda ham me’yor bo‘lishi lozim. Modomiki, qadimgi matn hozirgi o‘zbek tiliga tabdil qilinar ekan, bunda hozirgi adabiy til me’yorlariga tayanish o‘rinliroq bo‘ladi. Masalan, Bobur «uyqulab» so‘zini qo‘llaydi. Ammo bu shakl hozirgi tilimizda saqlanmagan, uning shakli bir oz o‘zgargan. Shuning uchun ham tabdilda uning hozirgi ko‘rinishi – “uxlab”ni beraverish kerak edi.
“Bu tog‘larda qor o‘ksumas”, deb yozadi Bobur. Tabdilda esa biz “Bu tog‘larda qor erimaydi”, deb o‘qiymiz, “o‘ksumak”ning ma’nosi erimoq emas, balki ozaymokdir. Shuning uchun uni “Bu tog‘larda qor kamaymaydi” tarzida berish maqsadga muvofiq bo‘lar edi (204-bet). “O‘ng va chap qanotlardagilar” (200-bet) iborasida ko‘plik ko‘shimchasini bir marta qo‘llash kifoya qilardi, chunki “o‘ng va chap qanot” alohida ta’kidlanganidan keyin bu iboraning “qanotlar” shakliga zarurat qolmaydi. Shunda u “o‘ng va chap qanotdagilar” tarzida yengil va ravon o‘qilardi.
Ulkan ishda uchraydigan bunday juziy holatlar kitob salmog‘i oldida dyeyarli syezilmaydi.Tabdilning hali bir necha marta nashr etilishiga shubha yo‘q. Bu istaklar kyeyingi nashlarda e’tiborga olinsa, kitobning yanada o‘qishli bo‘lishiga yordam beradi, degan fikrdamiz, xolos.
Kitob 2000 nusxada chop etilgan. Nazarimizda bu real ehtiyojlar oldida nihoyatda arzimas adaddir. Zero, respublikamizda umumiy o‘rta ta’lim maktablari, akademik lisyey va kasb-hunar kollejlari sonining o‘zi yigirma mingga yaqin. Ularning kutubxonasida “Boburnoma”ning mazkur nashridan loaqal bir donadan bo‘lishi kerak emasmi? Agar bu ta’lim muassaslarida eng kamida uch yoki to‘rttadan adabiyot o‘qituvchisi ish olib borayotganligini nazarda tutsak, kitobning adadi eng kamida yuz ming nusxa bo‘lishi kerakligini tasavvur qilishimiz qiyin kechmaydi. Bu sanoqqa hali millionlab o‘quvchilar, bu kitobga qiziqadigan ota-onalar kiritilgani yo‘q. Bu siraga, shuningdek, oliy o‘quv yurtlari, ularning kutubxonalari, professor-o‘qituvchilari, qolaversa, filololgiya fakulьtetlarning talabalari — bo‘lg‘usi til va adabiyot fani o‘qituvchilari kirmagan, Agar ularning barchasi e’tiborga olinsa, buning ustiga mazkur tabdildan keng kitobxonlar ommasi ham bemalol foydalanish imkoniyati yuzaga kelganligi e’tirof etilsa, kitobning adadi bemalol ikki-uch yuz ming bo‘lishini qabul qilishimiz joiz. Shunda kitobning narxi ham sezilarli darajada arzonlashgan, demakki, uni sotib olish imkoniyati yanada ortgan bo‘lar edi.
“Boburnoma”ga ishlangan miniatyuralar ham ushbu nashrning davomi sifatida yuzaga kelgan. Unda 96 miniatyura jamlangan. Miniatyuralarning mazmuni nihoyatda rang-barang. Ularga o‘zbek, rus va ingliz tillarida izohlar berilgan. O‘zbekcha izohlar yuqoridagi tabdil materiallaridan olingan. O‘ylaymizki, bu nashrdan bahramand yurtdoshlarimiz, xususan, o‘sib kelayotgan yosh avlod, juda katta ma’naviy-estetik oziq oladi. Ushbu san’at asarlari yoshlarimiz yuksak san’at asarlarini chuqur nafosat bilan his etishlari muhim vosita va omil bo‘ladi.
Kitobning ma’rifiy ahamiyati juda katta, uning ta’lim-tarbiya jarayonlarida ham juda asqotishi tayin. O‘qituvchi va murabbiylarimiz kitobdan Bobur asarlarini, xususan, “Boburnoma”ni ta’limning turli boskichlarida o‘rgatishda, uning mazmunini oydinlashtirishda, tarbiyaviy tadbirlarni tashkil etish va o‘tkazishda foydalanishlari m-umkin. Bu ularga ancha qulayliklarni yaratib beradi.
Umuman, “Boburnoma”ning mazkur nashri ijtimoiy-madaniy hayotimizda voqea bo‘ldi, dyeb ayta olamiz. U xalqimiz ma’naviyatini boyitish uchun munosib, arzirli tuhfadir. Bu kitob sahifalarini varaqlab, uni har bir satridagi ma’no va mazmun gavharlarini tergan kitoblarimizning ko‘ngil xazinasi eng ardoqli va tabarruk ma’naviy dur-u javohirlar bilan to‘lishi aniq. Yangi nashr xammamizga muborak bo‘lsin!
Boqijon To‘xliyev, filologiya fanlari doktori, professor.
“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi, 2008 yil 26 sentyabr, 39 (3971)-son.
Fikr qoldirish#