Sinov yoʻsinida ishlamoqda

Xoja Kalon manziliga safar

Uzoq yillar huquqshunoslik sohasida ishlab, nafaqaga chiqqan Yoqubjon Jalolov (Alloh rahmatiga olgan bo‘lsin) hamrohligida Andijondan Xo‘jaobod tumaniga qarashli Dilkusho qishlog‘iga yetib borganimizda soat hali yetti ham bo‘lmagan edi. Yo‘lovchining rizqi yo‘lda deganlariday, kiyim-bosh-u boshqa anjomlari bilan taxt bo‘lib turgan ushbu safar tashabbuskori - Turdixo‘ja aka Ehsonov (Alloh rahmatiga olgan bo‘lsin)ning yon qo‘shnisi, Bobur ixlosmandi Ro‘zixo‘ja qistovi bilan Dilkushoning husaynisi-yu to‘y nonidan totib, ikki piyoladan achchiq ko‘k choy ichib, yo‘lga tushdik.


O‘zbekiston va Qirg‘iziston Ryespublikalari Prezidentlari uchrashuvlari munosabati bilan ikki qo‘shni davlatlararo “Do‘stlik” chegara-bojxonalaridan o‘tish rasmiyatchiliklari ancha soddalashgani bois ortiqcha muztarliklar chekilmadi hisob.

Bobur “Boburnoma” asarida mo‘tadil, sof-toza havoliq deb ta’riflagan Tabriz, O‘sh va Kosonni esladik. O‘shni ham ziyorat, ham tomosha qilib o‘tish maqsadida shahar oralab yurdik. Ancha-muncha yangi inshootlar qad ko‘targan, ko‘chalar tig‘izlashib, yo‘l bo‘ylari va xiyobonlardagi daraxtlar qalinlashibdi. Axir, O‘sh bilan Andijon Bobur zamonlaridan, balki undan ham avvaldan odamlari bir-birlariga talpinib turadigan, o‘zaro qadrdon, qadimiy kentlar-ku.

Shahar adog‘idan janubi g‘arb sari ketdik. Darvoqe, biz Zahiriddin Muhammad Boburning ishonchli amirlaridan birining nomiga qo‘yilgani taxmin qilinayotgan Xoja Kalon (mahalliy lahjada Xo‘ja Kelen) qishlog‘i ziyoratini mo‘ljallab safarga chiqqandik.

Biz borayotgan yo‘nalishdagi eng mashhur joy va nomlar Oqbo‘ra daryosi-yu uning asosiga qurilgan Papan suv ombori edi. Daryoda suv kamayib, shiddat susaygani bois, omborning mahobati ham bir muncha pasayganday ko‘rinardi.

Yo‘l Oqbo‘radan goh uzoqlashib, aylanib-aylanib yana uning qirg‘og‘ida keng, dam tor o‘zanda paydo bo‘ladi. Garchi aniq sezilmasa-da, sekin-asta yuqoriga borayotganimiz aniq edi. Chunki nam yerlardan uzoqlashib, qaqroq adirlarga yondashib ketayotgandik. Shunda biz Andijon shahri dengiz sathidan 370 metr, O‘sh esa 900 metr balandlikda joylashganini eslab, ikkala yurtning iqlimi, tabiatini muhokama qilishga tushamiz.

Birdan oldinda yashil hudud ko‘zga tashlandi. Bu Papan qishlog‘i, Oqbo‘raga tutash, aniqrog‘i daryoning ikki sohilida joylashgan mazkur ovul chindan ham serdaraxt, soya-salqin. Ayniqsa, mirza terak ko‘p edi. Oqbo‘ra bir vaqtlar katta daryo bo‘lgan, Sirdaryoga quyilardi.

Papandan o‘tib, bir oz yurganimizdan keyin shag‘alli dovon yo‘li boshlandi. Yo‘l tor — bir ulovga mo‘ljallangan bo‘lib, ro‘paradan kelayotgan mashina yo‘lning nisbatan kengroq joyida tog‘ tomonga qapishib kutib turardi. Yo‘l ba’zi o‘rinlarda tog‘lar orasidan qisilib o‘tadi, goho yalanglikka chiqib qoladi. Ko‘chaning qachon shag‘allanganini chamalash qiyin. Lekin qadimiyligi aniq. O‘tmishda Farg‘ona vodiysi bilan Qashqarni bog‘lagan bu yo‘l va undagi dovonlardan Amir Temur, Bobur Mirzolarning ham yurishganini taxmin qilish mumkin.

Nihoyat, Qorag‘ul ovulidan keyin Xoja Kalonga kirib bordik. Qishloqning gir atrofi baland tog‘lar, odam o‘zini xuddi osmono‘par qo‘rg‘onga kirib qolganday his etardi. Bir joyning o‘zida bu qadar rang-barang tog‘larni ko‘rmagandik: kungay yoni yaydoq, salqin tarafi archazor.

O‘zini Ilyos ova deb tanishtirgan mo‘ysafidning tog‘ etaklari bilan tutash hovlisida yuz-qo‘llarimizni chayib, nafas rostlash asnosida oqsoqol bilan bir oz hangomalashdik. U bizning farazlarimizni tasdiqlab, shu yerdan Katta Oloy, Kichik Oloy tomonlarga yo‘l borligini, shuningdek, ovulchada uch yuz xo‘jalik yashashini aytdi. Shahar va guzarlardan olis ushbu manzilda qishning katta qorli pallalarida qariyb chetga chiqishmas ekan. Ovaning bizga non-choy tutgan kelini Kenjaxonning hovlida pildirab yurgan besh o‘g‘il-qizning onasi ekanini aytishganida hammamiz tang qoldik: ixcham jussali, pastroq bo‘yli juvonni nari borsa yigirma besh yoshga kirgan deb o‘ylash mumkin edi. Ha, bu musaffo va shifobaxsh tog‘ havosining sharofati, degan xulosaga keldik. Zero, oltmishdan oshgan Ilyos ovaning o‘zi ham soqol-mo‘ylov bilan salobatli ko‘rinsa-da, tiniq yuzlarida tirish kam, dadil-baquvvatligi sezilib turardi.

Xoja Kalon dafn etilgan joygacha piyoda yetib borishga ko‘zimiz yetmadi. Chunki haydovchimiz Ahmadjon u yog‘ga borib azmoyish olib kelgan, aytishicha, masofa besh yuz metrdan ziyod bo‘lib, muttasil tepaga ko‘tarilib borar va barcha tog‘ yo‘llari kabi o‘nqir-cho‘nqir, yurish noqulay va mashaqqatli ekan.

Biz uy egasidan ulov borasida yordam so‘radik.

– E, yo‘l juda yaqin. Hech qiynaladigan joyi yo‘q, - dedi Ilyos ova. – Bizda hozir ulov ham yo‘q. Eshaklarni qo‘yib yuborganmiz. Ular bari tog‘da.

Biz keksaroqlarimizning oyoqlarimiz og‘rishini aytib, iltimosimizni takrorladik. Ova katta nabirasiga eshak topib kelishni buyurdi.

Anchadan keyin bir qoramtir eshakni olib kelishdi.

Qisqasi, birlarimiz piyoda, birlarimiz ulovda tepaga qarab jo‘nadik. Chindan ham yo‘lga o‘xshamaydi, boz ustiga shox-shabba, o‘tin-cho‘p to‘kilgan, chang edi. Yigirma daqiqalar yurganimizdan keyin hansirashlar boshlandi. To‘xtab, qirshovga (g‘arb tomoni keng, ammo sayoz jarlik bo‘lib, quyidagi ariqda jildirab suv oqardi) cho‘nqayib bir oz nafas rostladik-da, yana yurishda davom etdik. Yo‘lning eng baland joyidan keyingi qismi quyiga tik qiyalab borardi. Bir amallab tushib, mo‘ljaldagi manzilga yetgach, yengil nafas oldik.

Tog‘ etagi bo‘ylab yigirma-o‘ttiz qadamcha naridagi yolg‘iz qabr yoniga bordik. Sayyohlar va boshqa ziyoratchilar uchun ikkita o‘tirg‘ich yasab qo‘yilgan ekan. O‘tirib, buyuk boburiylar va ushbu mozorda yotgan Xoja Kalon haqqiga tilovat qildik. Qabr oddiy, ko‘rimsiz va qarovsiz, usti-yu atrofi buta va har xil o‘tlar bilan qoplangan edi. Achina-achina, muhokamaga tushdik. Bu qabr asli qay bir Xoja Kalonga tegishli ekan?..

Ma’lumki, “Boburnoma”da ikki nafar Xoja Kalon — yigirmadan ziyod o‘rinda Zahiriddin Muhammad Boburning mashhur beklaridan biri Mir Xojai Kalon, besh-olti sahifada Movarounnahrdagi xojagon-naqshbandiya tariqatining peshvolaridan biri Xoja Ahrori valiyning chevarasi Xoja Kalonning ism-shariflari qayd qilinadi. Mir Xoja Kalon haqida “Boburnoma”dan tashqari Muhammad Haydarning “Tarixi Rashidiy”, Nizomiddin Ahmadning “Tabaqat-i Akbar-shohiy”, Amir Mahmud Xondamirning “Tarixi Shox Ismoil va Shoh Tahmosp Safaviy” asarlarida ham ma’lumot berilgan. Demak, Xoja Kalon ancha nufuzli, taniqli tarixiy shaxslardan bo‘lgan. Darhaqiqat, Amir Xoja Kalon – Sulton Abusaid mirzo o‘g‘li Umarshayx mirzo saltanati va islom dinining ulug‘ ustunlaridan biri Mavlono Muhammad Sadrning o‘g‘li edi, deyiladi “Tarixi Rashidiy”da. Shu asarda ta’kidlanishicha, Xoja Kalonning yana besh og‘a-inisi ham Bobur Mirzo xizmatida yurishgan, janglarda faol ishtirok etib, mardlarcha halok bo‘lishgan. Jumladan, Xoja Kalonning akasi Kichikbek ham Bobur mirzoning hurmat-e’tiborini qozongan mulozimlardan biri bo‘lganini quyidagi ta’rif orqali bilib olish mumkin: “Qalotga yetganda beyaroq va beasbob yetgan bila-o‘q har taraftin urush solduk, xeyli urush bo‘ldi. Xoja kalonning og‘asi Kichikbek xeyli mardona yigit edi, necha navbat mening olimda qilichlar chopib edi, nechukkim bu tarixta mazkur bo‘lubtur”.

Xo‘sh, Xoja Kalon va uning og‘a-inilariga padari buzrukvor bo‘lmish Mavlono Muhammad Sadrning o‘zi kim edi? U Umarshayx mirzoning sadri – masjid, madrasa, xonaqolar ta’minoti bo‘yicha mas’ul podsholik mansabdori edi. Uning o‘g‘illaridan biri Xojagi Mullo Sadr esa Boburning sadri bo‘lib, 1497-yili Samarqandni olish uchun bo‘lgan jangda lashkarning ichki beklar tarkibida qatnashgan.

Mir Xojai Kalonga kelsak, u Boburning ishongan, qadrdon safdoshi, yirik sarkarda va davlat arbobi bo‘lgan. “Boburnoma” asarining oxiridagi ilova tarzida berilgan sahifada “musavvidi avroq” ( kimligi noma’lum ko‘chiruvchi, kotib) shamshir va qalam sohibi, qobil va saodatmand podshohning she’r, san’at, ilm borasidagi doimiy va eng yaqin hamsuhbatlari sanog‘ida Xoja kalon nomini ham zikr etar ekan. Uning Boburning xos amirlaridan biri, fozillik va saxiylik bobida barchaga o‘rnak bo‘lgulik fazilatlar egasi ekanligi alohida ta’kidlangan. Endi Bobur Mirzoning ushbu xotiralariga e’tibor qarataylik:

“Hindustonni fath qilg‘on yil bu bandni (G‘aznadagi to‘g‘on) yasamoq uchun Xoja Kalondin yarmoq (mablag‘) yiborildi. Tengri inoyatidin umid borkim, bu band obodon bo‘lg‘ay”. “Chahorshanba kuni, muharram oyining o‘nida sayr qila otlanib, Bajavr qal’asig‘a borib, Xoja Kalonning uyida shurb majlisi bo‘ldi”. “Yakshanba kuni, oyning o‘n to‘rtida Xoja Kalong‘a tug‘ inoyat qilib, Bajavr qo‘rg‘onig‘a ruxsat berildi. Xoja Kalong‘a ruxsat bergondin bir-ikki kun so‘ng bug‘ina qit’a xotirg‘a keldi. Xoja Kalong‘a bitilib yiborildi:


Qaror-u ahd ba yor inchunin nabud maro,

Gazid hajr-u maro kard beqaror oxir.

Ba ishvahoi zamona chi chora sozad kas,

Bajavr kard judo yorro zi yor oxir”.


“Odina kuni, safar oyining uchida Panjkura suyi bila Bajavr suyining qotilishig‘a tushuldi.

Yakshanba kuni, oyning beshida bu yurttin Bajavr borib, Xoja Kalon uyida chog‘ir suhbati bo‘ldi.

Tonglasi ko‘chub, Xoja Xizrdin o‘tib tushdik. Xoja Kalong‘a bu yurttin ruxsat berildi”. “Ushbu majlisda-o‘q Sulton Tarohiydin bu sorig‘a kelgan kayfiyatni mashruh bitib, Bajavrg‘a Xoja Kalong‘a yiborildi. Farmon hoshiyasida bu baytni bitidim:

Sabo, ba lutf bigo‘ on g‘azoli ra’noro,

Ki sar ba ko‘h-u biyobon tu dodai moro. (Ya’ni: Ey sabo, ayt ohu ko‘zli ra’noga, Uni izlab keldik tog‘-u sahroga.).”

Bunday ta’rif-tasniflar ko‘p va bejiz emas. Zero, Xoja Kalon Bobur tomonidan avval Qandahor, keyin G‘azni, Gardiz, Hazarojat viloyatlariga hokim etib tayinlangan va u yerlarda tartib o‘rnatib, o‘zini ko‘rsata olgan. Shuningdek, u o‘z mahorati va tadbiriy choralari bilan Panipatdagi tarixiy jang g‘alabasining ta’minlanishi va Hindistonning zabt etilishiga juda katta hissa qo‘shgan amirlardan biri edi. Qolaversa, Hindistonning boshqa shahar va qal’alarini, jumladan Bajavrni ishg‘ol qilishda ham alohida xizmati singgan edi. Yana shuni qo‘shimcha qilish kerakki, Bobur Mirzo Patnadagi zafardan so‘ng Agrani qo‘lga kiritib, xazinani egallash uchun Humoyun Mirzo, Shoh Mansur barlos, Yunus Ali va Abdullo Vali kabi eng ishonchli kishilari qatorida Xoja Kalonni ham yuboradi.

Umuman, yuqorida ta’kidlanganiday, Bobur bilan Xoja Kalonning o‘zaro juda yaqin va qadrdon bo‘lishgani ayon. Bu yaqinlikning Bobur Mirzoning o‘g‘li Humoyunga yozgan xatidagi ushbu jumladan ham faraz qilish mumkin: “Xoja Kalon men bilan tortinmay muomala qilishga o‘rgangan edi. Men Xoja Kalonga qanday munosabatda bo‘lgan bo‘lsam, sen ham o‘shanday muomala qilgin”.

Bobur Mirzo u haqda qayda va qay sabab bilan so‘z yuritsa, mazkur qadrdoniga mehri jo‘shib turgani va har bobda unga ishongani, suyanganini anglab olish qiyin emas. Hatto unga nisbatan o‘pka-ginasi aks etgan o‘rinlarda ham ko‘ngil yaqinlik, samimiyat balqib turadi.

Hindistonning yuqori haroratli iqlimiga dosh berolmagan sarkarda va navkarlarning ayrimlari Boburdan o‘z yurtlariga qaytishga izn so‘raydilar. Ular orasida, taassufki, Xoja Kalon ham bor edi. Bobur Mirzo unga noiloj ijozat beradi. Xoja Kalon Xurosonga ketish oldidan Dehlidagi uyi devoriga fors tilida “Agar Sind daryosidan sog‘-salomat o‘tib olsam, Hindistonni yana havas qilsam yuzim qora bo‘lsin” degan mazmundagi baytni yozib qoldiradi. Bundan xabar topgan va dili ozurda bo‘lgan do‘st Bobur quyidagi to‘rtlikni badiha tarzida aytib, Xoja Kalonning ortidan jo‘natib yuboradi:

Yuz shukr de, Boburki, karim-u G‘affor,

Berdi senga Sindu Hind-u mulki bisyor.

Issig‘lig‘ig‘a gar sanga yo‘qdir toqat,

Sovuq yuzini ko‘ray desang G‘azni bor.

Xoja Kalonning ham shoirligi bor edi, ushbu ruboiyni bitib Bobur Mirzoga yo‘llaydi:

Izhor-u latofat-u zarofat qilasiz,

Har nuktada yuz tuman kinoyat qilasiz.

Gar Hind ishi sardseriy emas, nechun

Issiq yerdin sovug‘ zarofat qilasiz?

Boburdan javob kelmagan chog‘i, uning ranjiganini anglagan Xoja Kalon uzrnoma sifatida yana bir bayt yozib Hindistonga yuborgan ekan:

Ey Podshohi xubon, tokay kuni tag‘oful,

Yode namekuni hech az oshiqoni Kobul?

(Ey yaxshilar podshohi, qachongacha bizga nisbatan g‘aflatda bo‘lasan, Kobuldagi seni yaxshi ko‘ruvchilarni hech esga olmaysan?).

Yozishmalardan sezilib turibdiki, Xoja Kalon va Bobur Humoyunga yozilgan nomadagiday o‘zaro erkin munosabatda bo‘lishgan. Ushbu munosabatlardan va o‘shal ko‘ngilsizliklardan keyin ham Xoja Kalonga kitobat(maktub)lar va o‘zining badiiy bitiklaridan muntazam ravishda yuborib turganligi Boburning naqadar bag‘rikeng, juda kechirimli, olijanob zot bo‘lganligining yorqin dalolatidir.

Shunday qilib, Xoja Kalon Hindistonni yelkamning chuquri ko‘rsin, deya Kobulga ketgan. Ammo “Tarixi Rashidiy”da Boburning arazlashgan qadrdoni qariyb o‘n to‘rt yildan keyin yana Hindistonda, aniqrog‘i, Sialkutda va Lohurda paydo bo‘ladi. Hatto Kashmirni zabt etishda Muhammad Haydarga yordamga kelishi kutiladi, ammo u kelmaydi (Bu “Tarixi Rashidiy”da yozilishicha, 1540-yil noyabr oyida sodir bo‘lgan voqea edi.) Xullas, Xoja Kalonning o‘shandan keyingi taqdiri shaxsan biz uchun aniq emas.

Endi savol tug‘iladi: Xoja Kalon o‘shanda o‘z lashkarlari bilan Lohurdan chiqib, Kashmirga kelmay, qayoqqa ketgan? Uning so‘nggi oromgohi bu chekka hududlarda qanday paydo bo‘lib qoldi?

Ekspeditsiya a’zolari Yoqubjon Jalolov, Turdixo‘ja aka va boshqalarimiz ham mavqe, obro‘-e’tibor va mantiqiy nuqtayi nazardan fikr yuritilsa, ushbu ziyoratgohning Bobur Mirzoning do‘sti va sarkardasi bo‘lmish Xoja Kalonga mansubligiga shubha qilinmasa ham bo‘ladi, degan to‘xtamga keldik.

Ha, hamonki Movarounnahrdan, Xurosondan Oloy, O‘sh, Qashqarga olib boradigan yo‘l shu taraflardan ham o‘tgan ekan, Xoja Kalonning ham bu yo‘ldan qatnaganligi ehtimoldan uzoq emas. Bangladesh safaridan qaytishda Shimoliy Hindiston tomondan yurib, yo‘l-yo‘lakay kutubxona-muzeylardan zarur ma’lumotlar to‘plaganmiz. O‘shanda Patna kutubxonasi mudiri “Boburning Qashqarni olishi “ mavzuidagi miniatyura-suratni taqdim etib bizni ko‘p xursand qilgan edi. Zero, mazkur tarixiy voqeada Xoja Kalon Boburga yaqin hamdastlik qilgan bo‘lishi ham mumkin. Balki Lohurdan chiqqach, ma’lum bir sabablarga ko‘ra, yurtiga shu yoqdan qaytishiga to‘g‘ri kelgandir? Agar sohibi hiyla nufuzli, e’tiborga sazovor shaxs bo‘lmaganida ushbu qabr uzoq vaqtlardan beri saqlanishi va qishloq ham uning nomi bilan atalishi dargumon edi. Nima bo‘lgan taqdirda ham qabr ta’mirga, obodonlashtirishga muhtoj edi.

Atrofni tomosha qilishga tutindik. Bu yerda ham dastlab va yaqqol ko‘zga tashlanadigan manzara – uch tomon – kun chiqish, shimol va kun botishdagi tog‘larning bo‘ylari qariyb barobar, ammo Xoja Kalon qishlog‘idagi kabi, shakl-shamoyili, tuslari rang-barang va pastdagidan ko‘ra-da, jozibali, ko‘rkam edi. Tepa qismlariga qandaydir ilohiymi, sirlimi, mahorat bilan simmetrik jihatdan g‘oyatda muvoziy va muvofiq “naqshlar” solgan, jinsi faqat toshdan iborat bo‘lib ko‘rinadigan tog‘lar qaraganingiz sari qaragingiz keladigan darajada go‘zal edi. Tog‘larning toshlari sovuq emasday, balki ulardan harorat ufurib turganday tuyular va ko‘nglimizdan beixtiyor toshlardan ham zavq olish mumkin ekan, degan fikr kechardi. Pastlardagi uyday, balki ikki uyday, usti tekis, chorqirra va boshqa shakllardagi toshlarni ham biz boshqa joylarda uchratmagan edik. Turdixo‘ja aka Xoja Kalon qabri orqasidagi tog‘ning peshtoqidagi shakllarni “La ilaha illalloh...” deb o‘qidi, yana boshqa “bitiklar” ham bor edi, lekin ularni uqishning iloji bo‘lmadi.

Hudud serdaraxt, salqin bo‘lib, daraxtlar asosan oqqayindan iborat edi. Ikki kishining qulochi yetmaydigan daraxtlarning yoshini yuzdan oshiq deb chamalash mumkin edi. Odatda oqqayin sarv archalariga o‘xshab tik o‘sar, yon novdalari u qadar uzun va yo‘g‘on bo‘lmas edi. Bu yerdagi oqqayinlar esa tolsimon tarvaqaylab ketgan – bunaqalarini Rossiya o‘rmonlarida ham ko‘rmagan edik. Qisqasi, bu joyning tabiati Arslonbobu Shohimardonlardan qolishmaydigan darajada so‘lim va jozibali edi.

Oqqayinlar orasidan, tog‘lar bag‘ridan sizib tushayotgan suvlarni to‘plab, ko‘paytirib to O‘shgacha va hatto Turdixo‘ja akaning qishlog‘i Dilkushodgacha olib boradigan ariq oqib o‘tgan bo‘lib, u Xoja Kalon soyi deb atalar edi.

Aslida ham qirg‘iz xalqi bilan, hozirgi Qirg‘iziston bilan yer-suvlarimiz, yo‘llarimiz, taqdirlarimiz azaldan uyqash, tutash va bundan keyin ham shunday bo‘lib qolaveradi, inshoalloh.

Qirg‘izistonga qilgan safarlarimizdan birida bizga taqdim etilgan “Safedbulan tarixi” kitobida qishloqdagi maqbara – tarixiy obidani Andijon hukmdori Umarshayx Mirzo emas, balki uning o‘g‘li “Zahiriddin Muhammad Bobur bu qishloqqa kelib, Islom dinining targ‘ibotchilaridan biri shoh Fozil maqbarasiga gumbaz ayladi. Uch yuz ellik tillo berdi, anga marxad ayladi. Gumbazni bitirub, koshin qilay deb chog‘landi” degan jumlalarni o‘qib hayratga tushgan va bu haqda gazetalarda ( “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati”, 2018-yil 21-dekabr) “Bobur qurdirgan maqbara Farg‘ona vodiysida topildi” degan maqola ham chiqargan edik.

Bobur nomidagi xalqaro ilmiy ekspeditsiya bir necha safarida Qirg‘izistonning O‘sh va boshqa manzillari orqali o‘tgan va har gal bu yurtda tariximizga oid muhim voqeaga duch kelganmiz. Ushbu mamlakatning chegara nuqtasi Ergashtomdan ikkinchi marotaba Xitoy Xalq Respublikasiga o‘tganimizda Sharqiy Turkistonning Qashqar, Ho‘ton, Yorkent, Toshqo‘rg‘on shaharlarini, buyuk ajdodlarimizdan Ofoq Xoja, Yusuf Xos Hojib, Zokirjon Xolmuhammad o‘g‘li Furqat va boshqa azizlarning qabr-maqbaralarini ziyorat qilib, ular haqida muhim ma’lumotlar to‘plashga muvaffaq bo‘ldik. Xitoy Xalq Respublikasi chegarasida kutib olgan mazkur mamlakat vakili Van janoblari eng qadimiy chegara shaharlardan biri Toshqo‘rg‘ongacha kuzatib bordi-da, o‘sha yerda biz bilan xayrlashib orqaga qaytdi.

Biz Pomir, Tibet, Himalay tog‘lari orasida eng baland dovonlardan Pokiston hududi orqali yura boshlagan vaqtimizda, O‘zbekiston Respublikasi teleradiokompaniyasi muxbiri Farrux Rasulov avtomashinani to‘xtatib, pastga tushishimni so‘radi. Biz to‘xtagan joylar Tibet, Pokiston, Afg‘oniston va qisman Tojikiston hududlari atrofida edi. Myeni F.Rasulovning savollari biroz o‘ylantirishga majbur qildi: “Zokirjon aka! Biz Siz bilan Markaziy Osiyo tog‘lari orasida, baland dovonda turibmiz. Siz hozirgi yoshingizda nabiralaringizni yoningizga olib, sandalda mazza qilib o‘tirsangiz bo‘ladi-ku?”

“Men Qozog‘istonning O‘turar shahrida Amir Temur bobomiz qurdirib ta’mirlagan Ahmad Yassaviy hazratlarining qabr-maqbarasi yonida aytgan so‘zini esladim: u kishi meni yoshimda bo‘lgan vaqtda “Qolgan umrimni faqat Alloh Taollohga atab duoyi tadbir o‘qib quyida joylashgan yerto‘lada qolgan umrimni o‘tkazmoqchiman”, deb javob bergan ekan.

Men ham u kishidan ibrat olib, qolgan umrimni Xudo yo‘lida turli davr va sharoitlarda xorijiy davlatlarga g‘ayriqonuniy yo‘llar bilan olib chiqib ketilgan, xorijda madaniy ilmiy muassasalarda saqlanayotgan noyob qo‘lyozma asarlarni va o‘ta muhim kitoblarni asl yoki ko‘chirma nusxalarini mamlakatimizga olib kelib “Bobur va jahon madaniyati” kitob muzeyiga joylashtirmoqdaman. Biz uchun o‘ta muhimdan-muhim masalalardan yana biri. Taqdir taqozosi bilan xorijda umrguzaron qilgan buyuk ajdodlarimiz Ab-u Ali ibn Sino, Al Xorazmiy, Al Farobiy, Ahmad Farg‘oniy, Ali Qushchi, Mavlono Lutfiy, Mirzo Haydar, Alisher Navoiy, Sulton Husayn Boyqaro va boshqalarning qabr-maqbaralarini hozirgi xolatini o‘rganib va zaruratga qarab, sharqona loyihalar tayyorlab u joylarni ziyoratgohlarga aylantirishdek muhim vazifalar turibdi.

Yuqorida aytilgan vazifalarni bajarishga kirishib, oxirgi yillarda Andijondan 2150 tup manzarali daraxt ko‘chatlari olib borilib, Mavlono Lutfiy, Kamoliddin Behzod va qisman Alisher Navoiy qabr-maqbaralarini ziyoratgohlarga aylantirishga erishdik. Men qolgan umrimni shunday ezgu vazifalarni bajarishga sarflayman.

Mashhur fizik olim, Nobel mekofoti sovrindori Per Kyuri katta bir tarixiy haqiqatni e’tirof etib, shunday degan edi: “Musulmon Andalusiyasidan bizga bor-yo‘g‘i 30 dona kitob yetib keldi. Va biz o‘sha kitoblarni o‘qib, atomni parchalashga erishdik. Agar biz o‘z vaqtida Andalusiyadagi Musulmon sivilizatsiyasiga oid qolgan besh yuz ming kitobni yoqib, yo‘q qilib yubormaganimizda, ularni asray olganimizda edi, hozir fazodagi galaktikalar orasida sayr qilib yurgan bo‘lar edik”.

Hech shubha yo‘qki, yo‘qotilgan va bizgacha yetib kelmagan mazkur kitoblar ichida bizning ulug‘ allomalarimiz qalamiga mansublari ham ko‘p edi. Afsuski, ana shunday buyuk zotlarga, buyuk kitoblarga va buyuk voqealarga boy O‘zbekiston tarixi bugunga qadar to‘la yozib bitilganicha yo‘q, deb hisoblaymiz.

Ha, qayerda, qanday bo‘lishidan qat’i nazar, O‘zbekiston tarixi va madaniyatiga oid boyliklar, Zahiriddin Muhammad Bobur va boshqa buyuk ajdodlarimiz qoldirgan madaniy meroslar ham bashariyat mulki bo‘lib, umuminsoniy qadriyatlardir. Ularni asrab-avaylash, o‘rganish va kelajak avlodlarga bezavol yetkazish esa bizning muqaddas burchimizdir.

Biz keyingi mahalda jahondagi koronavirus balosi tufayli xorijiy yurtlarga ilmiy ekspeditsiya safarlarini vaqtincha to‘xtatib, Farg‘ona vodiysidagi Bobur Mirzoga daxldor joylarga qilgan safarlarimizning navbatdagisida yana bir tarixiy obidani topishga muyassar bo‘ldik.

Zahiriddin Muhammad Boburning Safed Bulandagi yodgorlikdan tashqari O‘shdagi Sulaymon (Baroko‘h) tog‘ida ayvonli hujra ham soldirganini “Boburnoma”dan bilar va uni bir necha bor ziyorat ham qilgan edik. Mana, boburiylarga doir bunyodkorlik ishlarining vodiy, hozirgi Qirg‘iziston hududidagi uchinchi namunasi - Xoja Kalon marqadi ko‘z o‘ngimizda namoyon bo‘lib turibdi.

Ortga qaytdik. Ertalab qiziqishda uncha bilinmagan ekan: yo‘l chindan ham uzoq va notekis joylari ko‘p edi. Yo‘l-yo‘lakay bugungi safar davomida ko‘rgan-bilganlarimiz, olgan taassurotlarimizni muhokama qilib keldik. Dilda tug‘ilgan mulohazalar tilga chiqdi. Agarda mahalliy rahbariyat himmat ko‘rsatib, Xoja Kalon mahallasidan keyingi avtoulov yura olmaydigan o‘sha 500 qadamlik masofani tekislab, epaqaga keltirishga ko‘maklashsa, Bobur xalqaro jamoat fondi tomonidan Xoja Kalon qabri tepasiga sag‘ana ko‘tarib, yon-atrofiga qo‘noqxona sifat bir bino tiklab qo‘yilsa, bu diltortar maskanning husni-ko‘rki yanada chandon latofat kasb etib, mehnatkashlar hordiq chiqaradigan oromgoh go‘shaga, sayyohlar qadami uzilmaydigan fayzli ziyoratgohga aylanib qolishi hech gap emas, unda Zahiriddin Muhammad Bobur-u Xoja Kalonlar ruhi ham shod bo‘lardi, degan mulohazani o‘zaro qo‘llab-quvvatladik va bu fikrni o‘shlik ma’naviyat va ma’rift peshvolari diqqatiga havola qilib ko‘rishni ko‘ngillarga tugib qo‘ydik.


Zokirjon MASHRABOV, Bobur xalqaro jamoat fondi raisi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi,

Qamchibek KENJA, yozuvchi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi.

“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi, 2021 yil 2 iyul, 27 (4634)-son.

Fikr qoldirish#


O‘qish tavsiya qilinadi
Yosh shoirning shakllanishi yoki Bobur Mirzo Farg‘ona viloyati podshohi (1494-1504)

Zahiriddin Muhammad Bobur 1483 yil 14 fevral kuni Andijonda Farg‘ona...

Hukmdorlarga o‘rnak bo‘ladigan, dunyo olimlari havas qiladigan umr e’tirofi

This article explores the historical significance of Babur and the...


Maqolani baholang
0.0