Afgʻonistonda “Boburnoma” va “Boburiy xat” nashr etildi. “Mushafi boburiy” dunyoda yagona nusxa.
Ruboiylar
Har yerdaki gul boʻlsa, tikon boʻlsa, ne tong?!
Har qandaki may duridan boʻlsa, ne tong?!
She’rimda agar hazl, agar jid, kechqurung,
Yaxshi borida agar yomon boʻlsa, ne tong?!
* * *
Bu olam aro ajab alamlar koʻrdum,
Olam elidin turfa sitamlar koʻrdum,
Har kim bu “Vaqoe’”ni oʻqur, bilgaykim,
Ne ranju ne mehnatu ne gʻamlar koʻrdum.
Afgʻoniston islom davlati konstitutsiyasining 16-moddasiga koʻra, oʻzbek tili rasmiy til sifatida qabul qilingan. Natijada uni rivojlantirish boʻyicha keng koʻlamli ilmiy va amaliy faoliyatlar olib borilmoqda. Misol tariqasida ayrim oliy oʻquv yurtlari, jumladan, Mazori Sharif universiteti, Shibirgʻon pedagogika insitutida oʻzbek tili va adabiyoti kafedrasi, Kobul universitetida turkiy tillar kafedrasi, Afgʻoniston Fanlar akademiyasida Oʻzbek va Turkman tillari hamda adabiyoti instituti, Maorif vazirligi ta’lif va tarjima rayosatida oʻzbek tili boʻlimi ishlab turibdi.
“Faryob”, “Joʻzjon”, “Yulduz” gazetalari va boshqa bir qancha gazeta-jurnallarda oʻzbek tilida ilmiy, adabiy va tarixiy maqolalar chop qilinib, “Oyna” telekanali oʻzbeklar tarixi, ilmi, madaniyati va musiqasi boʻyicha qiziqarli programmalar tarqatmoqda. Shu silsilada yaqinda oʻzbek tilida bir necha kitob va risola nashr etildi.
Ma’lumki, Hindistonda Koʻragoniylar imperiyasiga asos slogan Zahiriddin Muhammad Bobur dunyoning eng yirik siyosat va davlat arboblaridan biri sifatida boshqalardan ajrab turadi. U haqiqiy muarrix, adib, adabiyotshunos olim va oliymaqom shoir edi.
“Boburnoma” juda koʻp tillarga, jumladan, ingliz, nemis, fransuz, fors, arab, urdu, yapon, rus tillariga tarjima qilinib, nashr etilgan. Ingliz, fransur, urdu kabi tillarga esa, “Boburnoma” ikki marta tarjima qilingan.
Ushbu nafis asarning oʻzbekcha matni ham chet elda yaponcha tarjimasi bilan nashr etilgan.
Bugunga qadar “Boburnoma”ning oʻzbekcha matni arab alifbosida bizda nashr etilmagan edi. Yaqinda Afgʻoniston Fanlar akademiyasi ilmiy xodimi – tadqiqotchi olima va shoira doktor Shafiqa Yorqin ushbu asarning Afgʻonistonga tegishli qismini nashrga tayyorladi.
384 sahifadan iborat bu kitob 2007-yili Afgʻoniston Fanlar akademiyasining Oʻzbek va Turkman tili hamda adabiyoti insituti nomidan “Zahiruddin Muhammad Boburshoh. Boburnoma” (Afgʻonistonga tegishli voqealar)” nomi ostida Fanlar akademiyasi nashriyot rayosati tomonidan bosib chiqarilgan.
Qisqacha kirish soʻzida doktor Shafiqa Yorqin ta’kidlaydiki, “Boburnoma” Boburning oʻz koʻzi bilan koʻrib, oʻz boshidan kechirgan voqealar bayonidir. U bu voqealarni chinsoʻzlik va tarafsizlik qoidalariga rioya qilgan holda, oʻta badiiy mahorat bilan yozgan. Bu asarda X hijriy-qamariy (XVI melodiy) asrga doir tarixiy voqealar tasviri bilan birga, juda katta bir jugʻrofiy hudud, ya’ni Movarounnahr, Kobul (bugungi Afgʻoniston) va Hindiston (bugungi Hindiston va Pokiston) borasida turli aniq ma’lumotlar toʻplangan.
Soʻzboshida aytilganidek, bu asar Jaloluddin Muhammad Akbar davridan bugungacha jahonning muhim tillariga tarjima qilinib, turli milliy hoshiyalar, izohlar, soʻzliklar va fehristlar bilan boyitilib kelinmoqda.
Shafiqa Yorqin Boburning Kobulga boʻlgan munosabati haqida ham toʻxtalib oʻtadi: Bobur Kobulni chin koʻngildan sevardi, uning koʻrkamligi va obodonligi uchun qaygʻurib, har yili Hindiston xirojidan katta pulni Kobulda bogʻu bogʻchalar, yoʻllar va rabotlar, chiroyli shohona imoratlar qurish, ariq va korizlar qazish uchun ajratardi. U Kobulni shunchalik oʻziga aziz, qadrli va yaqin sezardiki, uni hatto aziz avlodlariga ham ishonmay, oʻz xolisasi deb e’lon qilgandi. Soʻnggi vasiyati esa, uning Kobulda dafn etilishi edi.
Boburning bunday samimiy va xolis muhabbati, qilgan xizmatlarini Afgʻoniston hukumati qarori bilan hijriy 1382-yili Afgʻoniston Fanlar akademiyasi ikki kunlik xalqaro ilmiy seminar oʻtkazib, uning xizmatlarini munosib qadrladi.
Shafiqa Yorqin yozishicha, seminar soʻngida bir necha qaror qabul qilinadi. Ulardan biri “Boburnoma”ning oʻzbekcha matnini tayyorlash va bugungi dariy tiliga tarjima qilish edi. Qarorga binoan bu mas’uliyatli ish unga topshiriladi. Olima “Boburnoma”ning Kobulga tegishli qismini dariy tiliga tarjima qilib, nashrga topshiradi. Asar tarjimasi va uni nashrga tayyorlashda doktor Muhammad Ya’qub Vohidiy kabi olimlar maslahat va yordam bergan.
Doktor Shafiqa Yorqin ta’kidlashicha, ushbu nashr etilgan “Boburnoma”ning Kobul voqealari qismi matni asosan oʻzbekistonlik olim Porso Shamsiyev nashrga tayyorlagan va kirill alifbosida 1960-yili Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi tomonidan nashr etilgan “Boburnoma” matniga suyanib nashrga tayyorlangan. Kitob oxirida ismlar roʻyxati (40 bet), joy nomlari roʻyxati (31 bet), elatlar va urugʻlar nomlari (3 bet), bibliografiya (26 bet) berilgan.
Shafiqa Yorqin soʻzboshi oxirida yaqin kelajakda “Boburnoma”ning toʻliq matnini dariy tiliga tarjima qilib, oʻzbekcha matnini kerakli izohlar va ma’lumotlar bilan nashr etish niyatidamiz, deb yozadi.
Shafiqa Yorqin tomonidan arab yozuvida chop etilgan “Boburnoma”ning Kobul voqealari qismining oʻzbekcha matni afgʻonistonliklar uchun katta ahamiyatga ega. Yoshlar ushbu barhayot asarni Bobur tilida, Bobur yozgan badiiy uslubda oʻqib, keng tarixiy ma’lumotga ega boʻladilar.
Oʻzbek tilida nashrdan chiqqan yana bir muhim kitob oʻzbek tili va adabiyoti tadqiqotchisi Muhammad Halim Yorqin tomonidan yozilgan “Boburiy xat” risolasidir.
Muallif risolani yoishda 26 manbani koʻrib chiqqan. Ular orasida “Bobur devoni” va “Boburnoma” haqida turli mamlakatlarda bosilgan kitobu maqolalar, Vil Durant, Abdulhay Habibiy, Fozil Nishoburiy, Javohir La’l Nehru, Alp Arslon, Muhammad Tohir ibn Qosim, Muhammad Rahmoniyfar, Natan Mallayev kabi mashhur olimlarning asarlari mavjud.
Muhammad Halim Yorqin risolani oʻzining bobosi – shoir, adib, yetuk olim, mohir xattot va xatshunos ustoz Qori Muhammad Azim Azimiy ruhiga bagʻishlagan.
Bobur yaratgan yangiliklardan biri uning boburiy xat nomli yangi alifbosidir. Ushbu xatga Bobur zamonidan boshlab olimlar, muarrixlar va tadqiqotchilar qiziqib kelganlar, ayniqsa, Oʻzbekiston, Afgʻoniston, Eron va Turkiya olimlari olib borgan tadqiqotlar salmoqlidir.
Muallif ta’kidlaydiki, 2004-yili Bobur xalqaro jamgʻarmasi ilmiy hay’ati oʻz safari jarayonida Eronda ham boʻlib, u yerdan “Mushafi boburiy” va bu haqdagi ilmiy-tadqiqotlar materiallarini Oʻzbekistonga olib kelgan edi. Shu oʻrinda muallif jamgʻarma rahbariyatiga Mushaf va materiallardan foydalanishga yordam berganligi uchun minnatdorlik izhor etadi. U risolada Boburiy xatning tarixi, mufradati, xatning xususiyatlari va madaniyat tarixida tutgan oʻrnini yoritishga muvaffaq boʻlgan.
Risola Boburning quyidagi bayti bilan boshlanadi:
Turklar xatti nasibing boʻlmasa, Bobur, ne tong,
Boburiy xatti emasdur, xatti sigʻnoqiydurur.
Muallif yozuv ixtirosi insoniyat tarixida qoʻyilgan muhim qadam ekanligiga ishora qilib, mashhur tarixchi olim Vil Durant oʻzining “Madaniyat tarixi” nomli moʻtabar kitobida mixiy xatning paydo boʻlishi va taraqqiyoti bilan shumer xalqi jahon madaniyatiga katta hissa qoʻshganligini aytadi.
Shumershunos olimlarning soʻnggi tadqiqotlariga koʻra, shumerlarning asl kelib chiqqan vatani turkiylarning ona vatani sanalmish Oʻrta Osiyodir. Ular 4-5 ming yil oldin shu yerdan Gʻarbga koʻchib Baynannahrayn – Mesopatamiyaga borib joylashganlar.
Shumershunos olimlarning tadqiqotlari koʻrsatadiki, shumerlarning tili “iltisoqiy” til boʻlib, Oʻrol-Oltoy tillari oilasiga mansubdir. Ayniqsa, Frez Humal shumerlar tili yuzasidan keng va izchil tadqiqotlar olib borib, 350 shumercha soʻzni turkiy tillarga taqqoslab, oʻrganib chiqqandan keyin bu ikki xalqni mushtarak oltoy qavmi deb e’lon qilgan.
Amerikalik arxeolog olim professor Vuliyning Baynannahraynga borib, Ur mintaqasida uzoq muddatli arxeologik izlanishlar olib boirgandan keyin, oʻz kitobida “Shumerlar 3500 yil muqaddam rivojlangan madaniyatga erishib, madaniyat yoʻlini Misr, Oshur, Kichik Osiyo va yunonliklarga ochib berganlar” degan xulosasi muhimdir.
Muhammad Halim Yorqin Oʻrta Osiyoda oromiy, oʻrxun, monaviy, sugʻdiy, xorazmiy, avesto, suryoniy, uygʻuriy, sigʻnoqiy, moʻgʻuliy, arabiy va boshqa xat turlari qadimdan ishlatilib kelinganligi haqida soʻz yuritib, ulardan oʻrxun va uygʻuriy xatlar turkiy xalqlar tomonidan ixtiro qilingan boʻlib, ular tarafidan keng miqyosda uzoq muddat davomida qoʻllanib kelingan, deydi.
Turkiy davlatlar arab yozuvidan oldin uygʻur xatidan foydalanganlar. Biroq bu xat ham turkiy tillardagi unlilarni yetarli darajada ifodalay olmasdi. Lekin, shunga qaramasdan, ushbu yozuv koʻp asrlar davomida, arab yozuvi qabul qilingandan keyin ham mazkur xalqlar tomonidan qoʻllanib keldi, hatto Istanbulgacha – Sulton Muhammad Fotih saroyiga yoʻl topdi.
1200 yil davom etgan arab yozuvidan foydalanish jarayonida turkiy tilning barcha yirik asarlari shu yozuvda yaratildi.
Risola muallifi yozishicha, uchinchi hijriy asrga kelib, Zahiruddin Muhammad Bobur podshoh ham yozuv masalasiga qiziqib, yangi bir xat ixtiro qildi. Bobur “Boburnoma”da ushbu xat borasida bir necha oʻrinda soʻzlab oʻtgan.
Bobur Kobuldalik kezlarida hijriy 910 (melodiy 1504)-yil voqealarini sharhlab “Ushbu mahallarda boburiy xattini ixtiro qildim” deb yozadi.
1504 (hijriy 911)-yil voqealari sharhida Xurosonda Murgʻob daryosi boʻyida Sulton Husayn Mirzoning oʻgʻillari va hamrohlari, jumladan, qozi Ixtiyor va Muhammad Yusuf bilan muloqot chogʻida “Boburiy xattidan soʻz chiqti, mufradotni tiladi, bitidim. Oʻshal majlisda mufradotni oʻqub qavoidini bitib, nimalar bitidi”, deb yozadi.
Boburiy xat haqida yana bir ishora hijriy 935 (melodiy 1528-1529)-yil voqealarini sharhlashda uchraydi: “Mullo Bihishtiydin Hindolgʻa murassa’ (bezatilgan) kamar va xanjar va murassa’ davot va sadafkorliq sandali va kiygan nimcha va tagband va boburiy xattining mufradotini yiborildi. Yana boburiy xatti bila bitilgan qit’alar yiborildi… Mirzobek tagʻoyidin ham Kamrongʻa tarjima va Hindqa kelgali aytqon ash’or va boburiy xatti bila bitilgan sarxatlar yiborildi”.
Bizningcha, deydi muallif, ushbu xatni ixtiro qilishdan Boburning maqsadi – oʻsha zamongacha mintaqah xalqlari, jumladan, turkiylar tomonidan qoʻllanib kelingan turli xatlardan foydalanib, mazkur xalqlar uchun yangi va qulayroq alifbo yaratish boʻlishi mumkin. Boburning ilgari turli turkiy yozuvlar va, ayniqsa, arab yozuvi boʻla turib ushbu xatni yaratib, ommalashtirish maqsadida qilgan sa’y-harakati bizni shunday xulosa chiqarishga undaydi.
Risola muallifi Boburiy xat haqida aytilgan fikr-mulohazalarni quyidagicha nazardan oʻtkazadi:
Boburning oʻzi uni “Boburiy xat” deb atagan, koʻplab olimlar ham uni bir nav xat ekanligini tasdiqlaganlar. Biroq, “Boburnoma”ning ayrim tarjimalarida, masalan, inglizcha, fransuzcha hamda Toshkentda nashr etilgan M.Salyening Ruscha tarjimalarida uni “dastxat” deb tarjima qilingan. Ba’zilar esa, bu xatni maxsus va yashirin maktublarni yozish uchun qoʻllanadigan “ramz” deganlar. Bunday fikrlar, albatta, toʻgʻri emas. Chunki Boburning oʻzi uni xat deb, oʻgʻillari, doʻstlari va ba’zi amaldorlariga oʻrgatish uchun harakat qilgan, hatto u shu xat bilan yozilgan bir Mushaf (Qur’on)ni Makkai muazzamaga yuborgan. Agar “ramz” boʻlganda edi, bu ishlarni qilmasdi.
Olim mashhur tarixchi Abdulqodir Badayuniyning “Muntaxab at-tavorix” asarida, Mir Alouddavla Qazviniy “Nafois ul-maosir” asarida, “Donishnomayi adabi forsiy”, Javohir La’l Nehru va Anetta Beverij xonim tomonidan boburiy xat haqida bildirilgan fikr-mulohazalarni zikr etib, Balhda ashtarxoniylarning toʻrtinchi podshohi Nadr Muhammadxon ibn Dinmuhammadxon (1050 – 1061) buyrugʻi bilan yozilgan “Ajoyib ut-tabaqot” asari hozirgacha boburiy xatning mufradoti (harflari) berilgan dunyodagi yagona asardir. Mazkur asarning soʻnggi faslida toʻqqiz nav’ xatning harflari, jumladan, boburiy xatning mufradoti ham berilgan. Muallif yozishicha, Eronning Mashhad shahridagi “Ostoni Qudsi Razaviy” kutubxonasida Shoh Sulton Husayn Safaviy vaqf qilgan notanish va gʻarib xatda yozilgan bir Mushaf (Qur’on) mavjud boʻlib, imomlarning birining xatida yozilgan boʻlishi mumkin degan fikr aytilgan. Lekin 1344-yili eronlik olim Ahmad Gulchini Maoniy oʻsha Mushafni koʻrib, har tomonlama tekshirib chiqqandan keyin oʻsha yili yozgan “Mushafi boburiy” unvonli maqolasida Mushaf imomlardan birining xati bilan yozilganligini rad etadi, uni hech qanday, shubhasiz, oʻsha – Zahiruddin Muhammad Bobur podshoh ixtiro etgan boburiy xatda yozilgan deb e’lon qiladi. Oʻshandan boshlab mazkur qoʻlyozma Eron va boshqa yurtlar ilmiy markazlarida “Mushafi boburiy” deb tanila boshlandi. Ahmad Gulchini Maoniy mazkur kutubxonada 50-raqam ostida saqlanib kelinayotgan “Mushafi boburiy” xususiyatlarini oʻzining “Rahnamoyi ganjinayi Qur’on” nomli kitobida shunday ta’riflaydi: “Hindistonda temuriylar sulolasining asoschisi Zahiruddin Muhammad podshoh (932 – 937-hijriy) yaratgan xatda (kotibi noma’lum) oʻninchi asrning birinchi yarmida kitobat qilingan...
Ushbu Mushaf 1119-yili podshoh Sulton Husayn Safaviy tomonidan vaqf qilingan”.
Afgʻonistonlik olim Abdulhay Habibiy “Ajoyib ut-tabaqot” asarida berilgan boburiy xatning 29 harfi hamda Gulchini Maoniy “Mushafi boburiy” xatidan foydalanib, forsiy muodili bilan koʻrsatib bergan harflarni taqqoslab chiqqach, ularning birorta harfi ham bir-biriga oʻxshamasligini ma’lum qilib, Gulchini Maoniyning “Ostoni Qudsi Razaviy” Mushafi boburiy xatda yozilgan degan fikirni rad etdi.
Bu oʻrinda shuni ham aytib oʻtish kerakki, Gulchini Maoniy tadqiqoti jarayonida “Ajoyib ut-tabaqot”ning 29 harfidan also xabari yoʻq ekan.
Risola muallifi yozadi: “Ostoni Qudsi Razaviy” Mushafi boburiy xatda yozilgan deb faraz etsak, xoʻsh, bu Mushaf qanday qilib Eronga, Mashhad shahriga borib qolgan ekan?!
Olim oʻz mulohazalarini bildirib, shunday deydi:
1. Bobur bilan Shoh Ismoil Safaviy oʻrtasida doʻstona munosabatlar mustahkam boʻlganligidan Bobur oʻzi ixtiro qilgan xat bilan yozilgan bir Mushafni unga yuborgan boʻlsa ajab emas.
2. Boburning oʻgʻli Humoyun Mirzo 1543-yili magʻlubiyatga uchragandan keyin safaviylar himoyasida (ularning saroyida) ikki yil qolgan chogʻlarida boshqa sovgʻalar qatori “boburiy xat”i bilan yozilgan Mushafni ham Shoh Tahmosibga sovgʻa qilgan boʻlishi ehtimoldan uzoq emas.
3. Bobur tomonidan Makkayi muazzamaga yuborilgan boburiy xat bilan yozilgan Mushaf noma’lum sabablarga koʻra yoki tasodifan Makkaga yetib bormay, Eronda qolgan boʻlsa ajab emas.
Muallif aytadi: eronlik xattot va xatshunos olim Fazlulloh Fozil Nishoburiy koʻp yillardan beri “Mushafi boburiy”ni xatshunoslik nuqtai nazaridan oʻrganib, faraziya, mushohada, taqqoslash va oʻxshash nuqtai nazarlarni topish uslubiga binoan ish olib borib dastlab Mushafda “Alloh” soʻzini oʻqishga muvaffaq boʻlgan. Keyinroq olim “lahum” soʻzini oʻqigan. Natijada Mushaf xatining (alif, lom, ho, mim) harflari oʻsha ikki soʻzdan ma’lum boʻlgan.
Olim izchil tadqiqot va izlanishlardan keyin oʻqilgan kalimalar yordamida “Bismillahir rohmanir rohim” jumlasini oʻqib aniqlagan.
Muhammad Yorqin ta’kidlashicha, Fazlulloh Fozil Nishoburiy 1998-yili Mashhad shahridagi “Ostoni Qudsi Razaviy” kutubxonasidagi hozirgacha ilm ahliga notanish boʻlib kelgan “Mushafi boburiy”ning matni hamda harflarini birinchi boʻlib oʻqidi va kashf etdi. Olim bu bilan tarixiy muhim bir masalani yechib, mazkur notanish xatning sirini (yozish va oʻqish qoidalarini) oshkor qildi. Risola muallifi “Mushafi boburiy” xatining mufradotini qariyb 40 yil oldin Gulchini Maoniy forscha muodili bilan birga nashr etganini nazarda tutgan holda, Fozil Nishoburiyni “Mushafi boburiy” xati mufradotining koshifi emas, balki oʻqish hamda yozish qoidalarining koshifi deb aytsak toʻgʻriroq boʻladi, deydi.
Risolaga binoan, olim Fozil Nishoburiy Mushaf xatining ayrim xususiyatlarini quyidagidek koʻrsatib beradi:
a) xat kufiy hamda hindiy xatlarining alomatlaridan tarkib topgan, keyin unga ba’zi oʻzgarishlar kiritilgan;
b) harflar hamda soʻzlarning koʻrinishi kishi zehnida xitoycha va mixiy xatlarini mujassam qiladi;
c) xat boshqa islomiy xatlar kabi oʻngdan chap tomonga qarab yoziladi;
d) xat tutgan oʻrni nuqtai nazaridan nasx va suls xatlari singari boʻlib, boʻsh joylari harakatlar (zer, zabar, pesh…) bilan toʻldirilgan;
e) harflar orasidagi fosila forscha va arabcha xatlarga nisbatan ochiqroq boʻlib, madd (harflarni choʻzib oʻqish alomati) usulidan foydalanilgan;
f) harflarning qoʻshilishi yoki ayrilishi asosan forscha va arabcha xatlardagi singaridir;
g) boburiy xatning harflari burchakli, koʻpincha uch burchak va yoy (oʻq) shaklida tuzilgan…
Muhammad Halim Yorqin Fozil Nishoburiy tadqiqoti va kashfiyoti haqidagi ma’lumotlarni uning oʻzi hijriy 1377-yili ustoz Asadullo Ozod rahbarligida yozgan risolasidan foydalanganligini ta’kidlab, mazkur risola fotonusxasi Andijon shahridagi “Bobur va jahon madaniyati” muzeyida saqlanayotganligini eslatadi.
Muallif risola oxirida olib borgan ilmiy izlanishlariga yakun yasab, “Ajoyib ut-tabaqot”da “boburiy xat” deb berilgan sakkizta “ramz” xatlar qatorida hech bir izohsiz berilganligi hamda u asar XVII asrda ta’lif etilganligi, ammo “Mushafi boburiy” undan bir asr ilgari, ya’ni XVI asrda kitobat qilingani, qogʻozi kashmiriy, tazhibi hindiy boʻlgani hamda uning oʻrganilishi qiyin boʻlganligi bizni quyidagi xulosalarga olib keladi, deydi. Uningha:
a) “Ajoyib ut-tabaqot”da boburiy xatning mufradoti qaysi manbadan olinganligi yozilmagan va alifbo ham noqis, unda 4 forscha va turkchaga xos harflar (p, ch, j, g) yoʻq, shuning uchun undan koʻrsatilgan mufradot boburiy xatga tegishli boʻlmay, kitobdagi boshqa 8 xatdek qandaydir “ramz xati” boʻlishidan ehtimoldan xoli emas;
b) “Ostoni Qudsi Razaviy” kutubxonasida saqlanayotgan “Mushafi boburiy” boburiy xat bilan yozilgan degan xulosa, bizningcha, haqiqatga yaqinroqdir;
c) Va bu ikki muhim sanad (hujjat), ya’ni “Mushafi boburiy” va “Ajoyib ut-tabaqot”da koʻrsatilgan boburiy xat mufradoti yana ham olimlar, tadqiqotchilar va mutaxassis xatshunoslar tomonidan tekshirilib, tadqiq etilishi va, ayni holda, bu xatning izini boshqa manbalardan, ayniqsa, turkiy manbalardan qidirilishi va izlanishi kerak boʻladi.
Xulosa qilib aytadigan boʻlsak, tadqiqotchi olim Muhammad Halim Yorqin oʻzining bir necha yillik izlanishlari mahsuli boʻlmish ushbu risolada Oʻzbekiston, Afgʻoniston, Eron, Hindiston, Turkiya va ayrim Gʻarb mamlakatlari olimlari asarlaridan foydalanilgan holda, boburiy xat haqida bildirilgan fikrlar va erishilgan yutuqlarni birlashtirib eronlik olimlar – Gulchini Maoniy va Fozil Nishoburiy “Mushafi boburiy”xatining mufradotini belgilab, uni oʻqish hamda yozish qoidalarini kashf etganliklarini koʻrsatib berishga muvaffaq boʻlgan.
Risola 2005- yili Kobulda “Oydin farhangiy bunyodi” tomonidan “al-Azhar” nashriyot muassasasida chiroyli shaklda chop etilgan. Muqovasi boburiy xat namunalari va ichi Bobur portreti bilan bezatilgan.
“Mushafi boburiy” Zahiriddin Muhammad Bobur podshoh tomonidan ixtiro etilgan xat bilan yozilganligi va bizgacha bir bebaho tuhfa sifatida yetib kelib, islom madaniyati tarixida katta oʻrin tutganligi bizning iftixorimizga iftixor qoʻshadi va Zahiriddin Muhammad Boburshohning maqomini bir ijodkor va madaniyatparvar imperator sifatida koʻklarga koʻtaradi.
Hozir izlanuvchi olim Muhammad Halim Yorqin boburiy xatning barcha xususiyatlarini oʻrganib, uning hanuz sirligicha qolgan ayrim muammolarini yechib berish maqsadida boburiy xat mavzuida nomzodlik ilmiy dissertatsiyasini yozmoqda. Biz olimga bu sohada muvaffaqiyat tilab qolamiz.
Abdulhakim Shar’iy Juzjoniy, yuridik fanlari doktori.
“Oʻzbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi, 2008-yil 15-fevral, 7 (3939)-son.
Fikr qoldirish#