Abstrakt. Alisher Navoiy asarlari tili XV asr adabiy tilning nodir yodgorligi sifatida jahonda shuhrat qozonganligi ma’lum. Uning asarlarida ijtimoiy hayotning barcha sohalariga oid katta leksika aks etgan, o‘zbek klassik adabiy tilning fonologik va grammatik tizimi uning asarlari tufayli muayyan me’yorlarga tushdi va klassik asarlar tili sifatida o‘zining mavqeini hozirgacha saqlab qolmoqda. Alisher Navoiy asarlari tili, garchand, adabiy
tilning yuksak namunasi sifatida e’tirof etilsa-da, bu adabiy til qaysidir sheva negizida shakllangan bo‘lishi tabiiy, chunki adibning o‘zi ham qaysidir shevaning vakili bo‘lganligi uchun ham uning asarlariga shu sheva yoki lahja nisbatan ko‘proq qamrab olinishi tayin. Boshqacha aytganda, uning asarlari tiliga o‘sha qaysidir sheva tayanch sheva vazifasini bajargan bo‘ladi. Adib asarlari uchun tayanch bo‘lgan sheva masalasi ko‘p yillardan beri ilm ahlini qiziqtirib kelmoqda hamda munozaraga sabab bo‘lib kelmoqda. Bu munozaraga Boburning Andijon shahri ta’rifida aytgan so‘zlari asos bo‘lmoqda. Bunga ko‘ra, adib asarlari tili Andijon shevasiga mos keladi. Bu borada taniqli turkologlar va o‘zbek tilshunoslari o‘z mulohazalarini bildirganlar. Ushbu maqolada bu munozaralar tahlil qilingan va Boburning fikri yangi talqinda, ya’ni Andijon shevasi qarluq shevalarining biri sifatida qaralishi tavsiya etilgan.
Kalit so‘zlar: sheva, tayanch dialekt, eski o‘zbek adabiy tili, adib, idiom, singarmonizm, old qator va orqa qator unlilar, qarluq.
The Language of Alisher Navoi’s Works and Andijan Dialect
Abstract. The language of Alisher Navoi’s works have gained worldwide fame as a rare monument of the literary language of the XV century. His works reflected a large vocabulary pertaining to all spheres of social life, due to his works, the phonological and grammatical system of the Uzbek classical literary language has fallen into certain norms and retains its status as the language of classical works to this day. Although the language of Alisher Navoi’s works is recognized as a great example of literary language, it is natural that this literary language is formed on the basis of some dialect,
because the author himself is a representative of a certain dialect, it is natural that his works should be covered more in this dialect or dialect. In other words, the works lead to the language and again the dialect serves as the base dialect. The problem of dialect in the direction of the writer’s work has been the subject of an ongoing debate involving scholars for several years. The words of Babur in the description of the city of Andijan
are the basis for this debate. According to this, the language of works of Alisher Navoi corresponds to the Andijan dialect. Famous turkologists and Uzbek linguists commented on this. This article analyzes these discussions, and it is recommended that Bobur’s opinion be considered in a new interpretation, that the Andijan dialect is one of the Karluk dialects.
Key words: main dialect, old Uzbek Literary Language, discussion, writer, idiom, singarmonizm, front and back vowels, karluk.
Kirish
Ma’lumki, o‘zbek adabiy tili uzoq tarixiy taraqqiyot yo‘lini bosib o‘tdi. To XIII asrning oxiri va XIV asrning boshlariga qadar eski turkiy til negizida rivojlangan bo‘lsa-da, XV asrda o‘zining gullagan davriga ko‘tarildi. Bu jarayon, albatta, Alisher Navoiy asarlari tili bilan bog‘langan edi. Alisher Navoiy sa’y-harakatlari tufayli eski o‘zbek adabiy tili nomi bilan yuritilgan bu til barcha jabhada adabiy til talablariga javob bera olgan. Shu tufayli ham unga o‘zbek adabiy tilining asoschisi degan buyuk e’tirof manzur ko‘rilgan. To‘g‘ri, Alisher Navoiyga nisbatan aytilgan o‘zbek adabiy tilining asoschisi degan fikrga keyingi davrda e’tiroz bildiradigan olimlar ham paydo bo‘ldi [Berdaq Yusuf 2020, 309]. Bunday qarashlar bir tomonlama bo‘lib, bu unvonga Alisher Navoiyning qanchalik loyiq ekanligi haqida Husayn Boyqaroning e’tirofi bilan tanishmaganlar uning tub ma’nosini yaxshi anglab yetmaydilar. U yozadi: “... Mir Alisher, aslahallohusha’nahukim, taxallusi Navoiyg‘a mashhurdurur va ash’orida bu taxallusi mastur, turk tilining o‘lgan jasadig‘a Masih anfosi bila ruh kiyurdi va ul ruh topqanlarg‘a turkiyoyin alfoz toru pudidin to‘qulg‘an hullavu harir kiyurdi va so‘z gulistonida navbahoriy tab’idin ravonoso yog‘inlar bila gunogun durlar sochti” [Бойқаро 1991, 13].
Bu maqolada biz uning o‘zbek adabiy tili asoschisi ekanligini isbotlash emas, balki uning asarlari tiliga asos bo‘lgan dialektni belgilash ekanligini ta’kidlaymiz. Til nazariyasiga ko‘ra, har Alisher Navoiy asarlari tili va Andijon shevasi qanday adabiy til o‘zining tayanch dialektiga ega bo‘ladi. Shu jumladan, Alisher Navoiy asarlari tili ham o‘zining oziqlangan dialektiga ega bo‘lgan. Mana shu dialektni aniqlash masalasidagi munozaralar hamon davom etmoqdaki, ushbu maqolada shu masalaga oydinlik kiritish maqsad qilib qo‘yildi.
Tahlil usullari
Maqolada Alisher Navoiy asarlari tilining tayanch dialekti bo‘yicha haqiqatni belgilash vazifa qilib qo‘yildi va uni hal qilishda dastlab mavjud fikrlar tahlili amalga oshirildi. Materiallardagi bir-birini takrorlovchi faktlar va oppozitiv fikrlar nisbati aniqlandi va tarixiy faktlar va hozirgi o‘zbek shevalari qiyoslandi. O‘zbek shevalarining keyingi davrdagi taraqqiy qilish xususiyatlari tahlil qilindi. Eng muhimi, haqiqatni o‘rnatishda Alisher Navoiyning o‘z so‘zlariga tayanildi va tegishli xulosa chiqarildi.
Adabiyotlar tahlili
Mazkur masalani hal qilishda dastlab o‘zbek tili tarixiga oid adabiyotlar, jumladan, G‘.Abdurahmonov, E.Fozilov, A. N. Shcherbak, F. Abdullayev, A. Rustamov, X. Doniyorov asarlari va maqolalari, so‘ngra o‘zbek dialektologiyasiga oid adabiyotlar tahlil qilindi, qarluq lahjasiga oid ma’lumotlar o‘rganildi.
Alisher Navoiy asarlari tilining tayanch dialekti masalasi
Alisher Navoiy o‘zbek adabiy tilining o‘z davrida va keyinchalik ham rivojlanishini ilmiy va amaliy jihatdan asoslagan buyuk adib ekanligi adabiyotlarimizda ta’kidlangan. Ayni zamonda XV asr adabiy tili, shu bilan birga, Alisher Navoiy asarlari tilining tayanch dialekti masalasi uzil-kesil hal qilingan emas. To‘g‘ri, bu masalada darslik, qo‘llanma va maqolalarda fikrlar bildirilgan. Ushbu maqolada shu munozaralar va ularning mohiyatini tahlil qilgan holda, muammoga ayrim aniqliklarni kiritish maqsad qilib qo‘yilgan.
Eski o‘zbek tilining tayanch dialektini belgilashda, albatta, Alisher Navoiy asarlari tili asos bo‘ladi, chunki adib asarlari tili tufayli eski o‘zbek adabiy tili tushunchasi keng ommaga tanildi va shuning uchun ham shu nomdagi adabiy til Alisher Navoiy ijod etgan adabiy til bilan tenglashadi. Shuni aytish kerakki, ba’zi ishlarda Alisher Navoiyga buyuk ehtirom belgisi o‘laroq “Ulug‘ Alisher Navoiy asos solgan klassik o‘zbek adabiy tili” [Абдуллаев 1968, 238], degan ibora ham ishlatilgan, lekin bu iborani shundayligicha emas, balki o‘zbek adabiy tilining XV asrdagi mukammallashishi va uning an’analari keyingi davrlarda ham davom etishi adib shaxsi bilan ham bog‘langanligi deb tushunish joiz, chunki o‘zbek adabiy tili Alisher Navoiygacha ham bo‘lgan, uni o‘zi ham, tadqiqotchilar ham [Абдуллаев 1968, 240] ta’kidlashgan.
Alisher Navoiy o‘zbek xalqining farzandi sifatida u ham muayyan shevaning vakilidir. Bu sheva Afg‘onistonning Hirot atrofi shevasi bo‘lganligini ham inobatga olish mumkin. Aksariyat manbalarda uning barlos urug‘laridan ekanligi aytiladi [asia-trave. uz], biroq barloslar shevasi Navoiy asarlari tiliga qay darajada ta’sir o‘tkazgan degan savol javobsiz qoladi, chunki uni tasdiqlovchi hech qanday ma’lumot yo‘q. Alisher Navoiy asarlari tiliga asos bo‘lgan sheva masalasi munozara bo‘layotganiga ko‘p yillar bo‘ldi. Shu o‘rinda “Alisher Navoiy o‘zbek adabiy tilining asoschisidir” maqolasi muallifi, taniqli olim A. K. Borovkovning: “... adabiy til, albatta, o‘zbek shevalari bilan zich bog‘langan, Navoiy tiliga xos bo‘lgan asosiy fonetik va morfologik xususiyatlar o‘zbek shevalaridagina aks etgan, o‘zining ajoyib dostonlari va she’riyatini yaratishi hamda adabiy nutqni mustahkamlashi va yuz yillar davomida ularning saqlanishi Alisher Navoiy bu shevalardan biriga asoslanganligidan dalolat beradi” [Боровков 1946, 107], - degan fikrini keltirish har jihatdan adolatli bo‘ladi. To‘g‘ri, har qanday adabiy til o‘zining tayanch dialektiga ega bo‘lganidek, Alisher Navoiy ham o‘zbek shevalaridan birining vakili sifatida va adabiy til an’anasiga rioya qiluvchi shaxs sifatida o‘z asarlarida qaysidir shevaning biroz ustunligini saqlagan bo‘lishi tabiiydir, chunki hech bir adabiy til biror dialektga teng kelmaydi va hech bir dialekt adabiy tilga tenglashtirilmaydi [Ashirboyev 2016, 86].
Alisher Navoiy asarlari tilining dialektal asoslari masalasidagi munozaraning paydo bo‘lishiga Zahiriddin Muhammad Boburning: “Eli turkdur. Shahr va bozorisida turki(y - A.S.) bilmas kishi yo‘qtur. Elining lafzi qalam bila rosttur. Ani uchunkim, Mir Alisher Navoiyning musannafoti bovujudkim Hiriyda nash’u namo topibtur, bu til biladur” (Bu iqtibosni olishda olimlarimiz mazmunga ta’sir etmaydigan ayrim noqisliklarga yo‘l qo‘yishgan. Jumladan X. Doniyorov “uchun kim”, “topibtur”, F. Abdullayev “rostdir”, “aning uchun kim”, “musannifot” tarzida yozishgan. Matnni tayyorlovchilarda ham e’tiborsizlik bor: turkdur, topibtur so‘zlari asliga muvofiq turktur va topiptur tarzida transliteratsiya qilinishi zarur edi). (Бобур 1989, 6), - degan so‘zlari sabab bo‘lib kelayotir. Bu qaydga ko‘ra, Alisher Navoiy asarlari tili Andijon shevasiga mos keladi. Boburning bu fikri tilshunoslarimiz tomonidan turlicha talqin qilingan. X. Doniyorov Boburning bu so‘zlarini tahlil qilishda V. V. Bartold va A. Y. Yakubovskiylarning fikrlarini keltiradi.
“U o‘zining (V.V.Bartold nazarda tutilmoqda) “Мир Али-Шир и политическая жизнь” asarida Boburning bu so‘zlarini o‘sha davrdagi madaniy shahar bo‘lgan Andijonda to‘g‘ri til, ya’ni adabiy tilga yaqin til bilan gapirishgan deb tushunmoq kerak. Chunki Mir Alisher Navoiy Andijonda bo‘lgan emas, deb ko‘rsatadi [Дониёров 1968, 280].
“A.Y. Yakubovskiy o‘zining “Черты общественной и культурной жизни эпохи Алишера Навои” nomli asarida Boburning Alisher Navoiy tili bilan Andijon shevasining mosligi to‘g‘risidagi yuqoridagi fikrlarini qayd qiladi va o‘zi Boburning o‘sha fikriga qo‘shilganini “Едва ли Бaбур здесь что-нибудь преувеличил” degan so‘zlar bilan izhor qiladi” [Дониёров 1968, 280]. Ko‘rinadiki, bu o‘rinda gap Boburning mulohazasini aynan tushunish kerakmi yoki uni Andijon shevasiga yaqin bo‘lgan sheva deb talqin qilish kerakmi, degan masala ustida bormoqda. Haqiqatan ham, Alisher Navoiy asarlari tilining Andijon shevasiga yaqinmi yoki aynan shu shevami, degan masalani hal qilish qiyin masala. Buning bir qator o‘ziga xos tomonlari borki, ularning aksariyati to‘g‘risida fikrlar aytilgan. Muhimi, Alisher Navoiy asarlari bundan besh asr oldin qaysi til an’anasida yozilgan bo‘lsa, shundayligicha bizgacha yetib kelgan, bu davr ichida o‘zbek tili, uning shevalari to‘xtovsiz rivojlanib keldi.
Bu masalada F. Abdullayevning Bobur qarashiga qo‘shilish qiyinligi haqidagi fikrlarini tahlil qilishga o‘tamiz:
1. F. Abdullayev Alisher Navoiyning hech qachon Andijonda bo‘lmaganligini aytadi. Yuqorida ko‘rganimizdek, V. V. Bartold ham bu fikrni aytgan. Bizningcha, u yoki bu ijodkorning biror shahar yoki aholi joylarida bo‘lishi uning asarlari tiliga qay darajada ta’sir etishi to‘g‘risidagi fikrni ilmiy jihatdan asosli deb bo‘lmaydi. Boringki, u Andijonda bo‘lgan deb hisoblaylik. X. Doniyorov Alisher Navoiyning Samarqandda bo‘lgan davrida Andijonga ham borgan degan V. Abdullayevning ehtimolini keltiradi [Дониёров 1968, 291]. Bu ehtimolning masalani hal qilishga, deyarli, dahli yo‘q. Demak, adib asarlari tilining asosiy xususiyatlarini u yoki bu shaharda bo‘lganlik va bo‘lmaganlik hal qila olmaydi. Bu fikrni ilmiy mulohaza sifatida qabul qilish mumkin emas.
2. F. Abdullayev “Bobirning o‘z asarlari tili mazkur shevaga yaqin deb faraz qilsak, Navoiy va Bobir asarlari tili o‘rtasida ancha dialektal farqlar bor”ligi haqida fikr yuritadi [Абдуллаев 1968, 238]. Ma’lumki, har bir adib muayyan davrda ijod qiladi va o‘zi yashagan davr tilini aks ettiradi. Bu ikki adib yoshi orasida farq bo‘lsa-da, ular deyarli bir tarixiy davrda yashab ijod qilganlar. Bu esa davr tilini aks ettirishda umumiylikni saqlashga xizmat qiladi. Ayni o‘rinda har bir adibning individualligini ham e’tiborga olish lozim. Bu esa so‘z tanlash va uslubda o‘ziga xoslikni keltirib chiqaradiki, adiblar tilini qiyosiy o‘rganish asosida ularning individualligi namoyon bo‘ladi. Afsuski, Alisher Navoiy va Bobur asarlari tili hanuzgacha qiyosiy o‘rganilgan emas. F. Abdullayev tomonidan tilga olingan “dialektal farqlar” shu tufayli ham asossiz bo‘lib chiqadi, chunki bu fikr isbotsiz aytilmoqda.
3. Haqiqatan ham, Alisher Navoiy tili murakkab, bu masalada F. Abdullayevga qo‘shilish mumkin, lekin bir tilni bir dialekt yoki lahjaga sig‘dirish haqidagi fikriga e’tiroz bildirish joiz, deb bilamiz, chunki tilning ichki imkoniyatlariga tilni sig‘dirish tushunchasi nazariy jihatdan xato bo‘ladi. Ma’lumki, har bir til bir idiom bo‘lib, u sheva, dialekt, lahja va adabiy tildan iborat bo‘ladi [Ashirboyev 2016, 8], shu tufayli tilni idiom tarkiblaridan biri bo‘lgan dialekt yoki lahjaga sig‘dirish haqidagi fikr til nazariyasiga ziddir. Qolaversa, har bir adabiy tilning dialektal asosi, ya’ni tayanch dialekti deganda muayyan shevaga to‘liq mosligi ham ko‘zda tutilmaydi, balki adabiy
til normasi keng tushuncha bo‘lib, tayanch dialektdan eng asosiy shakllarni olishi bilan birga, deyarli, boshqa dialektlarning xususiyatlarini ham aks ettiradi, aks holda, u shu til tizimidan chiqib ketadi. Har bir til, uning adabiy shakllari tayanch dialektdan tashqari, boshqa dialektlar, so‘z o‘zlashtirish uchun tanlangan tillar hamda aloqador tillar ta’sirida bo‘ladi. Demak, bu rang-baranglikni til tarixining keyingi davriga emas, balki uning muayyan tarixiy davriga nisbatan ham aytish mumkin. Aslida Andijon shevasiga bugungi ko‘z bilan qarab baho berish, hozirgi Anjijon shevasida Alisher Navoiy tiliga xos bo‘lgan xususiyatlar yo‘qligi jihatidan yondoshishni yoqlamagan bo‘lar edik, chunki Alisher Navoiy asarlari 9 unlili shevaga asoslanganligi jihatidan Andijon shevasiga mos keladi Shu bilan birga adib ifoda, uslub ko‘targan o‘rinlarda turli tillarga (turkiy tillar, arab, fors, hindiy, xitoy kabi) oid so‘z va grammatik boyliklardan foydalangan. Bu badiiy adabiy tilning o‘ziga xos xususiyati hisoblanadi. Buni hozirgi adiblarimiz ijodida ham ko‘rishimiz mumkin.
Alisher Navoiy tilining singarmonizmga munosabati
O‘tmishda barcha shevalarimiz singarmonizmli bo‘lgan. Qarluq lahjasiga oid aksariyat shevalarning singarmonizm qonuniyatidan chekinishi professor Y. D. Polivanov tomonidan asoslangan [Поливанов 1933, 17]. Aynan shu masala Alisher Navoiy asarlari tilining tayanch dialektini belgilashda muhim asos bo‘lib xizmat qiladi. Bu masala turkologiyada ham, o‘zbek tilshunosligida ham o‘rganilgan, lekin, bizning nazarimizda, u bir tomonlama hal qilingan. Bu borada G‘.Abdurahmonov va A.Rustamovning “Navoiy tilining grammatik xususiyatlari” asarida uzil-kesil fikr aytilgan [Абдураҳмонов, Рустамов 1984, 25] bo‘lsa-da, boshqa olimlar tomonidan ungao‘zgach a munosabat ham bildirilgan. Ma’lumki, singarmonizmning asosiy belgilaridan biri unlilarning kamida 8ta bo‘lishi va ular oppozitsiyani hosil qilishidir. Turkologlar qadimgi turkiy tilda 8 unli, uning eski turkiy tilda cho‘ziq variantlari bilan birga 16ta bo‘lganligi [Серебренников, Гаджиева 1968, 8] gipotezasini bildiradi. Bu qarash Q.Sodiqov tomonidan ham ma’qullanadi [Sodiqov 2009, 112].Ko‘rsatilgan barcha unlilarning oppozitsiyasi mavjud: ӓ ~ a, i ~ ï, ӧ ~ o, ȕ ~ u. Bu qatorda hozirgi o‘zbek tili kirill yozuvida so‘z boshida keladigan “э” hamda lotin alifbosida so‘z boshida va dastlabki bo‘g‘inda keladigan “e” unlisi ko‘rinmaydi, chunki bu davrda hali “ӓ” va “e” unlilari differensiatsiyasi yuz bermagan edi. Eski turkiy til davridan boshlab bu unlilar mustaqil qo‘llana boshlagan [Абдураҳмонов, Шукуров, Маҳмудов 2008, 46-47]. Alisher Navoiy asarlari tilida ham bu unlilar farqlangan [Дониёров 1968, 286-287], lekin oppozitsiyani hosil qilmagan. Demak, “ӓ” va “e” unlilari kelib chiqish manbai jihatidan umumiy bo‘lib, ularning farqlanish-farqlanmasligi singarmonizmga dahli yo‘q va ushbu maqolamiz uchun ahamiyatli ham emas. Bu o‘rinda bizni tilshunoslar tomonidan Alisher Navoiy asarlarida i ~ ï unlilari oppozitsiyasini tilga olmasliklari qiziqtirdi. Shuni aytish kerakki, turkologiyada [Боровков 1946, 106] va o‘zbek tilshunosligida ӓ ~ a, ӧ ~ o, ȕ ~ u oppozitsiyalari tan olingani holda i ~ ï oppozitsiyasining yo‘qligi to‘g‘risida ham fikr yuritadilar. Hatto, bu holat darsliklarda ham aks etgan [Абдураҳмонов, Шукуров, Маҳмудов 2008, 46-47], ya’ni faqat indifferent “i” unlisigina qayd qilinadi. Bu holat singarmonizmning amal qilishiga ta’sir etadi va shu munosabat bilan eski o‘zbek tilida, xususan, Alisher Navoiy tilida “ ï ” unlisining mavjudligi masalasini hal qilish zarur bo‘ladi.
Albatta, Alisher Navoiy tiliga xos xususiyatni aniqlashda adibning o‘ziga murojaat qilish [Рустамов 1968, 259] haqidagi fikr o‘rinli, lekin Alisher Navoiy so‘zlarini qanday talqin qilish masalasida olimlarimizda hisobga olinmagan nozik nuqtalar ko‘zga tashlanib qoldi.
“ï” unlisining mavjud bo‘lishi va mavjud bo‘lmaganligi masalasi “Muhokamatul lug‘atayn”dagi irik so‘zining lug‘aviy ma’nosini aniqlashga borib taqalmoqda. Uning asl lug‘aviy ma’nosi dag‘al, qo‘pol bo‘lib, uni lingvistik tushuncha tiliga ag‘daradigan bo‘lsak, qattiq yoki orqa qator unli deb tushunish lozim bo‘ladi. Alisher Navoiy old qator unliga nisbatan daqiq (daqoyiq) so‘zini qo‘llagan. Irik so‘zi asarda ikki o‘rinda, ya’ni “o” va “ ï ” unlilarini tavsiflashda ishlatilgan: Va to‘rki barchadin irikdur... Va tirki baridin irikdur [Навоий 2000, تور ,[ 8 (to‘r, “setka”) so‘zidagi vov til orqa “o” unlisini ifoda qilishini va turkologiyadagi transkripsiyada tor tarzida o‘qilishini anglatgan, تير (tir, “o‘q”) so‘zidagi yoy orqa qator “ ï . ” unlisini ifoda qilganligi ma’lum bo‘ladi, chunki uni adib irik so‘zi bilan atamoqda. Shu jihatdan qaraganda, tir so‘zini transkripsiya asosida t ï r tarzida o‘qish bilan barcha haqiqat o‘rnatilgan bo‘ladi. Demak, i va ï unlilari oppozitsiyasini Alisher Navoiyning o‘z so‘zlari orqali asoslash mumkin bo‘ldi hamda bu boradagi A.M.Shcherbakning eski o‘zbek tilida vov harfi o, ӧ, u, ȕ unlilarini, yoy harfi ϶, ï, i unlilarini ifoda qilganligi haqidagi fikri o‘z tasdig‘ini topdi [Щербак 1962, 68]. Bu fikrni keyinchalik Q. Mahmudov ham ta’kidlagan [Маҳмудов 1992, 13]. Shuni aytish kerakki, Alisher Navoiy til orqa “a” va til oldi “ӓ” unlisi oppozitsiyasi to‘g‘risida fikr bildirmaydi, bundan bu unlilar oppozitsiyasi bo‘lmagan degan xulosa chiqarish mumkin emas, chunki bu isbot talab qilmagan, balki old qator va orqa qator unlilar uyg‘unlashgan so‘zlarda bu hodisa yaqqol anglashib turibdi. Bizningcha, Alisher Navoiy yuqoridagi unlilar farqlanishiga maxsus to‘xtalishi ularning munozaraga sabab bo‘lishini his qilishi va shevalarimiz xususiyatini turkigo‘y bo‘lmagan shaxslarga anglatish maqsadi bo‘lgan, deb qarash lozim.
Ma’lum bo‘ladiki, Alisher Navoiy 9 unlili shevalarga asoslangan o‘zbek tilida ijod qilgan. Shu o‘rinda ikkinchi bir muammo paydo bo‘ladi. U ham bo‘lsa, 9 unlili sheva qaysi sheva ekanligini belgilash masalasidir. Ma’lumki, bunday xususiyat barcha singarmonizmli o‘zbek shevalarimizda mavjud. X. Doniyorovning Alisher Navoiy tili Andijon shevasiga mos kelishini asoslashdagi bir fikri bizni qiziqtirdi, ya’ni “... o‘sha vaqtda Andijon, Shahrisabz-Kitob shevalari o‘rtasida emas, Andijon bilan Samarqand va Buxoro, hatto Hirot shevalari o‘rtasida ham keskin farqlar unchalik bo‘lmagan; balki ular orasida o‘xshashliklar ancha ko‘p bo‘lgan bo‘lsa kerak (Navoiyning qayd qilishicha, o‘zbek shevalari orasida faqat Xorazm shevasi ajralib turgan)” [Дониёров 1968, 292]. Bu fikr, garchand, taxminiy xarakterga ega bo‘lsa-da, uni rivojlantirish mumkin, balki bu fikrni qarluq lahjasiga oid shevalar bu davrda bir-biridan hozirgidek, nisbatan yiroqlashib ketmagan edi tazida shakllantirish imkonini berar edi, chunki bu davrda Andijon, Farg‘ona, Samarqand, Chimkent, Turkiston qarluq shevalarida singarmonizm qonuni amal qilgan. Andijon [Иброҳимов 1967, 105]. Chimkent, Turkiston [Мухамеджанов 1970, 12] qarluq shevalari hozirga qadar singarmonizm qonuniga rioya qilib kelmoqda, shundan Turkiston shevasi Alisher Navoiy asarlaridagi chiqish kelishigining -din/dïn/tin/tïn affiksli shaklini [Мухамеджанов 1970, 17] saqlab kelayotgan birdan-bir sheva bo‘lib qolmoqda.
Ma’lum bo‘ladiki, aslida Boburning yuqorida keltirilgan Alisher Navoiy asarlari tilining Andijon shevasiga mosligi haqidagi fikri haqiqatdan yiroq emas, balki bu fikrni o‘sha davrdagi barcha qarluq shevalarining xususiyati deb qarash to‘g‘ri bo‘ladi. Bu esa adib asarlari tilining tayanch dialekti qarluq shevalari bo‘lgan, deb talqin qilishga imkon beradi. Bundan Alisher Navoiy faqat qarluq shevalari asosida o‘z asarlarini yaratgan degan xulosa chiqmaydi. Yana ta’kilash joizki, har qanday tayanch dialekt adabiy tilni to‘liq belgilay olmaydi, balki undan nisbatan ko‘proq til faktlarini oladi, xolos. Alisher Navoiy nafaqat qipchoq, o‘g‘uz lahjalari, ayni zamonda turkiy va turkiy bo‘lmagan tillar elementlaridan fikrning aniqligi va badiiy imkoniyatlarni kengaytirish maqsadida foydalana bergan.
Xulosa
Yuqoridagi fikrlarni umumlashtirib, quyidagi xulosalarni qilish mumkin:
1. Alisher Navoiy tilidagi ӓ ~ a, i ~ ï, ӧ ~ o, ȕ ~ u unlilari oppozitsiyasi uning asarlari tilida singarmonizmning to‘liq amal qilganligini ta’minlaydi va uning asarlari tilining tayanch nuqtalaridan biri ekanligini belgilaydi.
2. Alisher Navoiy asarlari tili singarmonizmli shevalarga asoslangan deganda faqat qarluq shevalarinigina ko‘zda tutish maqsadga muvofiq, chunki o‘tmishda qarluq shevalari singarmonizmli bo‘lgan. Shu munosabat bilan Alisher Navoiy tili adabiyotlarda ta’kidlanayotgandek, singarmonizmni qisman saqlagan oraliq shevalariga
mos kelishi haqidagi aqida ham haqiqatdan yiroq bo‘ladi.
3. O‘tmishda shahar va qishloq shevalari, qaysi lahjaga mansubligidan qat’i nazar, jiddiy farqlanganligi to‘g‘risida ma’lumotlar yo‘q, bunday bo‘lishi mumkin ham emas. Hozir ham aksariyat shahar shevalari muayyan lahja doirasida qishloq shevalariga ko‘p jihatlan o‘xshashdir. Bizning nazarimizda, shahar va qishloq shevasi degan tushuncha o‘zbek tili uchun xarakterli emas, balki bu tushuncha g‘arb mamlakatlariga tegishli bo‘lib, keyingi (50-70) yillarda paydo bo‘lgan. Bunday tushuncha Alisher Navoiy asarlari tilining tayanch shevasini belgilash uchun ahamiyatga ega emas.
4. Alisher Navoiy asarlari tilida qipchoq va o‘g‘uz elementlarining qo‘llanishi bu lahja shevalarining ham tayanch sheva sifatida qatnashganligini bildirmaydi, balki o‘g‘uz, qipchoq va qarluq lahjalari o‘sha davrda ham o‘zbek tilining yaxlitligini ta’minlagan va bu lahjalar unsurlari bilan birga, ya’ni o‘zbek tilining barcha boyliklaridan unumli foydalanish uning maqsadi bo‘lgan. Qolaversa, Alisher Navoiy badiiy ehtiyoj qaysi til (o‘zbek, uyg‘ur, xitoy va b.) va shevani ixtiyor etsa, ular imkoniyatidan foydalanishni ma’qul ko‘rgan.
Adabiyotlar
Абдуллаев, Ф. 1968. “XV аср ўзбек адабий тилининг диалектал асослари
масаласи”. Навоий ва адабий таъсир масалалари, 238-257. Тошкент: Фан.
Абдураҳмонов, Ғ., Рустамов, А. 1984. Навоий тилининг грамматик хусусиятлари. Тошкент: Фан.
Ashirboyev, S. 2016. O‘zbek dialektologiyasi. Toshkent: Navro‘z.
Боровков, А. К. 1946. “Aлишер Навоий как основоположник узбекского
литературного языка”. Алишер Навои, 94-120. М-Л.: Из-во АН.
Бобур, Заҳириддин Муҳаммад. 1989. Бобурнома. Тошкент: Юлдузча.
Дониёров, Х. 1968. “Алишер Навоий тилининг диалектал асосларини ўрганиш масаласига доир”. Навоий ва адабий таъсир масалалари, 279-292. Тошкент: Фан.
Иброҳимов, С. 1967. Ўзбек тилининг Андижон шеваси. Тошкент: Фан.
Махмудов, К. 1992. Фонологические особенности тюркоязычных письменных памятников XIII-XIV вв.: Автореф. дисс. … доктора филол. наук. Ташкент.
Мухамеджанов, К. 1970. Туркестанский говор узбекского языка на материалe карлукской группы говоров: Автореф. дисс. … канд. филол. наук.Ташкент.
Навоий, Алишер. 2000. Муҳокаматул луғатайн. Тошкент: Фан.
Поливанов, Е. Д. 1933. Узбекская диалектология и узбекский литературный язык. Ташкент: Узгосиздат.
Рустамов, А. 1968. “Навоий тилининг фонетик хусусиятлари”. Навоий ва адабий таъсир масалалари, 258-278. Тошкент: Фан.
Sodiqov, Q. 2009. Turkiy til tarixi. Toshkent: TDShI.
Серебренников, Б. А., Гаджиева, Н. З. 1986. Сравнительно-историческая грамматика тюркских языков. Москва: Наука.
Турсунов, У., Ўринбоев, Б., Алиев, А. 1995. Ўзбек адабий тили тарихи. Тошкент: Ўқитувчи.
Yusuf, Berdaq. 2020. “Navoiy va adabiy tili masalasi”. Аlisher Navoiy va XXI asr, 309-312. Toshkent.
Щербак, А. М. 1962. Грамматика староузбекского языка. М-Л.: Из-во АН.
References
Abdullaev, F. 1968. “XV asr uzbek adabij tilining dialektal asoslari masalasi”.
Navoij va adabij tasir masalalari, 238-257. Toshkent: Fan.
Abdurahmonov, G., Rustamov, A. 1984. Navoij tilining grammatik hususijatlari. Toshkent: Fan.
Ashirboyev, S. 2016. O‘zbek dialektologiyasi. Toshkent: Navro‘z.
Borovkov, A. K. 1946. “Alisher Navoij kak osnovopolozhnik uzbekskogo literaturnogo jazyka”. Alisher Navoi, 94-120. M-L.: Iz-vo AN.
Bobur, Zahiriddin Muhammad. 1989. Boburnoma. Toshkent: Julduzcha.
Donijorov, H. 1968. “Alisher Navoij tilining dialektal asoslarini urganish masalasiga doir”. Navoij va adabij tasir masalalari, 279-292. Toshkent: Fan.
Ibrohimov, S. 1967. Uzbek tilining Andijon shevasi. Toshkent: Fan.
Mahmudov, K. 1992. Fonologicheskie osobennosti tjurkojazychnyh pis'mennyh pamjatnikov XIII-XIV vv.: Avtoref. diss. … doktora filol. nauk. Tashkent.
Muhamedzhanov, K. 1970. Turkestanskij govor uzbekskogo jazyka na materiale karlukskoj gruppy govorov: Avtoref. diss. … kand. filol. nauk. Tashkent.
Navoij, Alisher. 2000. Muhokamatul lugatajn. Toshkent: Fan.
Polivanov, E. D. 1933. Uzbekskaja dialektologija i uzbekskij literaturnyj jazyk. Tashkent: Uzgosizdat.
Rustamov, A. 1968. “Navoij tilining fonetik hususijatlari”. Navoij va adabij tasir masalalari, 258-278. Toshkent: Fan.
Sodiqov, Q. 2009. Turkiy til tarixi. Toshkent: TDShI.
Serebrennikov, B. A., Gadzhieva, N. Z. 1986. Sravnitel'no-istoricheskaja grammatika tjurkskih jazykov. Moskva: Nauka.
Tursunov, U., Urinboev, B., Aliev, A. 1995. Uzbek adabij tili tarihi. Toshkent: Uqituvchi.
Yusuf, Berdaq. 2020. “Navoiy va adabiy tili masalasi”. Alisher Navoiy va XXI asr,309-312. Toshkent.
Shherbak, A. M. 1962. Grammatika starouzbekskogo jazyka. Moskva-Leningrad: Iz-vo AN.
Muallif haqida: Ashirboyev Samixon – filologiya fanlari doktori, professor, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti.
Iqtibos uchun: Ashirboyev S. 2020. “Alisher Navoiy asarlari tili va Andijon shevasi”. O‘zbekiston: til va madaniyat 1: 6–16.
About the author: Ashirboev Samixon – Doctor of Philology, Professor, University of Uzbek Language and Literature named after Alisher Navoi.
For citation: Ashirboev S. 2020. “The Language of Alisher Navoi’s Works and Andijan Dialect”. Uzbekistan: Language and Culture 1: 6–16.
Samixon Ashirboyev (Toshkent, O‘zbekiston), samixon.ashirboyev@mail.ru. Uzbekistan Language and Culture (O‘zbekiston til va madaniyat) 2020, Vol. 1, Alisher Navo'i Tashkent State University of the Uzbek Language and Literature, www.navoiy-uni.uz, www.uzlc.uz. ISSN 2181-922X
Fikr qoldirish#