Taniqli ingliz adibasi Anna Flora Stilning “Toj kiygan darvesh” degan ajoyib kitobi ko‘pdan buyon jahon ziyolilari orasida jahongashta asar sifatida kezib yuribdi.
Asarning bosh qahramoni–yurtdoshimiz, siz-u bizning buyuk ajdodimiz Zahiriddin Muhammad Bobur Mirzodir. Olis Angliyada yashagan adibaning Boburni bunday deb ta’riflashiga sabab, avvalo, shoirning olijanob va kamtarin, tavakkalchi va mard, saxovatpesha inson bo‘lganidir, deb o‘ylayman.
“Tarixi Rashidiy” kitobining muallifi Mirzo Haydarning quyidagi so‘zlari ana shu taxminlarimizni tasdiqlayotgandek tuyuladi: “Bobur Mirzoning muborak nomi behad ko‘p fazilatlar va hisobsiz xislatlar burkab turadiki, ular orasida ul zotning mardligi va muruvvatpeshaligi barchasidan ustundir”.
Shu o‘rinda ingliz sharqshunosi Eduard Xoldenning ushbu fikrini ham eslatib o‘tish joiz: “Bobur olijanoblik bobida insonga xos qanday hislatlar bo‘lsa, ularning hammasini egallagan shaxsdir”.
Go‘zal Farg‘ona vodiysining Andijon shahrida dunyoga kelib, “charxi kajraftor”ning sinovlarini mashaqqat va sabot bilan yengib o‘tgan, dunyo tarixida alohida o‘ringa ega buyuk boburiylar saltanatiga asos slogan Bobur haqida fikr yuritganda, birinchi galda uning qalb izhori bo‘lmish “Boburnomaga, so‘ngra u haqida mavjud yuzlab badiiy, ilmiy, tarixiy manbalarga tayanish mumkin. Shoh va sarkarda, olim va shoir, ulug‘ mutafakkir Bobur Mirzo xususida besh asrdan buyon turli mamlakatlarda ko‘plab ana shunday asarlar yaratib kelinadi.
Bobur ijodi va shaxsiga bo‘lgan bunday ulkan qiziqishning sababi shundaki, uning qomusiy asarlari - “Boburnoma”, “Risolai Volidiya”, “Mubayyin”da, she’riy asarlarida insoniylik, do‘stlik, muhabbat, iymon-e’tiqod tuyg‘ulari, davlat, siyosat, Vatan, axloq, til kabi hayotiy masalalar asosiy o‘rin egallaydi.
Bobur bilimdon olim, shoir, sarkarda va ulkan arbob sifatida nafaqat Osiyo xalqlari, balki butun ma’rifiy dunyo tomonidan tan olingan buyuk shaxsdir. Shu bois Yevropa, Osiyo, Amerika va boshqa qit’alarda Boburning o‘z asarlari bilan birga u haqida o‘nlab ilmiy tadqiqotlar, badiiy kitoblar ham yaratilgan. Bunday asarlar sirasiga Rashbruk Uilyamsning “O‘n oltinchi asr bunyodkori”, Harold Lembning “Bobur – yo‘lbars”, A.F.Stilning “Toj kiygan darvesh”, Abraham Eralining “Buyuk boburiylar(mo‘g‘ullar)”, Uilyam Erskinning “Bobur davridagi Hindiston tarixi”, Rumer Goddenning “Gulbadan” singari bir qancha muhim manbalar borki, ular mustaqillik tufayli bizga endigina yetib kelib, boburshunos olim va adiblarimiz tomonidan tadqiq va tarjima qilinmoqda.
Mana shunday asarlarda buyuk Boburshohning dunyo madaniyatida egallagan nufuzi, olijanob insoniy fazilatlari haqida xolis va haqqoniy baholar berilgani, ayniqsa e’tiborli. Chindan ham, g‘arblik olimlardan birining ta’biri bilan aytganda, Boburning tarixdagi o‘rni o‘tmishdagi hukmdorlar, shoh va shahzodalar orasida eng yuksak tahsinga sazovordir”.
Bobur Mirzoning bu bebaho asari hamda muallifning shaxsiy, insoniy xislatlarini boshqa biror kimsaga qiyoslash o‘ta murakkab va mas’uliyatli ishdir.
Ma’lumki, 1992-yil Andijon shahrida tashkil etilgan Bobur nomidagi Xaldaro jamg‘arma va uning ilmiy ekspeditsiyasi Bobur va boburiylar merosini o‘rganish madsadida muayyan ishlarni amalga oshirdi. Biz Bobur Mirzo izidan Sharq mamlakatlari bo‘ylab uyushtirgan ilmiy safarlarimiz davomida ulug‘ yurtboshimiz naqadar boy va betakror meros qoldirganiga qayta-qayta guvoh bo‘ldik.
Bu Benazir inson qalandar kabi jahon kezib, sayyoh-tabiatshunos olim nazari bilan go‘zal tabiat manzaralarini sinchkovlik bilan kuzatgan, tog‘ tizmalarini hayvonot dunyosini, o‘simliklar olamining tasvir va tavsifini mahorat bilan qog‘ozga tushirgan. Buyuk bobomiz nazari tushgan bu joylarni tomosha qilish, o‘rganish biz uchun ham g‘oyat zavqli, maroqli kechdi. Ammo bu jarayonlarni har tomonlama tadqiq etish, chuqur kuzatish maxsus ilmiy ekspeditsiyalar tashkil qilish, alohida yondashishni taqozo qiladi.
O‘tgan yili xorijiy mamlakatlarga sakkizinchi marotaba avtomobilda safarga chiqqan xalqaro ilmiy ekspeditsiyamiz a’zolari har galgidek ko‘plab ilmiy ma’lumotlar va boy taassurotlar bilan qaytdilar. Jumladan, biz Xitoy Xalq Respublikasining Koshg‘ar shahridagi muzey va kutubxonalardan birida saqlanmoqda, deb taxmin qilingan, Bobur qalamiga mansub “Asrori musiqiy” (Musiqa sirlari) asarining qo‘lyozmasini izlab ko‘rdik. Afsuski, bu izlanishlar ijobiy natija bermadi. Biroq shu jarayonda biz boshqa bir tarixiy manba — ‘Tavorixi musiqiyon” (Musiqalar tarixi) risolasini qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘ldik. Bu risolada bir qancha allomalar singari Boburning ham musiqa san’ati hadidagi qimmatli fikrlari bayon etilgan ekan. Hozir mazkur asar boburshunos olim Nematilla Otajonov tomonidan o‘zbek tiliga tarjima qilinmoqda. Biz uni yaqin kelgusida chop etish niyatidamiz.
Jamg‘armamizning Afg‘oniston bo‘limi rahbari, olima va shoira Shafiqaxonim Yorqin bilan hamkorlikda, bir yil davomida olib borilgan ilmiy izlanishlar natijasida Bobur Mirzoning Istanbul shahrida saqlanayotgan, 224 bayt, uchta maktub, aruz vaznlariga doir ayrim fikrlari bitilgan noyob qo‘lyozma nusxasini O‘zbekistonga olib kelishga muyassar bo‘ldik. Qo‘lyozma mutaxassislar tomonidan atroflicha o‘rganib chiqilgach, uni ham Jamg‘arma homiyligida chop etmoqchimiz.
Bobur Mirzo davlatni idora etishda el-uyurt tinchligi, osoyishtalik, obodonchilik manfaatlarini ko‘zlab ish tutgani bois, u asos slogan saltanat uzoq yillar bardavom bo‘ldi. Boburning nomi, avvalo, madaniyat, ma’naviyat, bunyodkorlik sohasidagi ishlari bilan tarix sahifalaridan munosib o‘rin oldi. Uning ilm-ufan, san’at, hunarmandchilik rivojiga katta e’tibor bilan qaraganiga u qurdirgan ko‘plab inshootlar, masjid-madrasalar, saroy-qasrlar, yo‘l va ko‘priklar, go‘zal bog‘-rog‘lar misol bo‘la oladi.
Biz safarimiz chog‘ida Bangladesh davlatida ham bo‘ldik. Mamlakat poytaxti Dakka shahrida 1678-1688-yillar mobaynida Bobur avlodlaridan bo‘lmish Avrangzeb farmoni bilan qizil qal’a majmuasi barpo etilgan. Bugungi kunda u yerdagi ikki qavatli binoda muzey tashkil qilingan bo‘lib, u maxsus boburiylar tarixi va madaniyatiga bag‘ishlangan. Muzeyda juda ko‘p qimmatli eksponatlar mavjud. Fikrimizcha, ushbu madaniyat va ilm-fan maskanini kelajakda maxsus o‘rganish, yurtimizdagi muzeylar va mazkur dargoh o‘rtasida hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish maqsadga muvofiq bo‘lur edi.
Ekspeditsiya safari davom etar ekan, biz Shimoliy Hindiston hududida joylashgan Patna shadridagi Xudobaxsh kutubxonasi va Laknav shahridagi universitet qoshidagi Robindranat Tagor kutubxonasi, shu yerdagi Islom universitetiga qarashli Sharqshunoslik kutubxonasida bo‘lib Boburiylar tarixiga oid qo‘lyozma asarlar va noyob kitoblar bilan tanishdik hamda ularning ayrimlarini qo‘lga kiritishga erishdik.
Eronning Mashhad shardi markazidagi Imom Rizo majmuasi hududida joylashgan Qur’on muzeyi va kutubxona bizning e’tiborimizni o‘ziga jalb etdi. Ushbu muzeyning ko‘zga tashlanadigan joyida qalin oyna ichida mo‘jazgina bir qo‘lyozma turibdi. U bir uchun e’tiborli va ahamiyatlidir.
Ma’lumki, Bobur Mirzo arab alifbosini turkiy talaffuz qoidalariga moslashtirish maqsadida uni isloh qilib, xatti Boburiy deb atalgan alohida alifbo yaratgan va ana shu alifboda Qur’oni Karimni ko‘chirtirib Makkaga yuborgan. Taqdir taqazosi bilan mazkur qo‘lyozma shu muzeyda saqlanadi.
Biz muzey mutasaddilari bilan muloqot olib borib, bu tabarruk qo‘lyozmadan bir necha sahifaning kseronusxasini olishga muyassar bo‘ldik.Shuningdek, buyuk alloma Ulug‘bek Mirzoning ukasi Boysunqur Mirzoning husni xati bilan bitilgan va shu muzeyni bezab turgan Qur’oni Karimni ham ko‘rib tomosha qildik.
Barchamizga yaxshi ma’lumki, sohibqiron Amir Temur va uning avlodlari bo‘lmish Boburiy hukmdorlar o‘z bunyodkorlik faoliyati bilan butun dunyoga mashhur bolganlar. Oradan zamonlar o‘tishi bilan ular tomonidan yaratilgan beqiyos imoratlar, saroylar, me’morchilik obidalari, bog‘-u rog‘lar o‘sha davr tarixini yodgorliklariga aylanib, jahon ahlini lol qoldirmoqda.
Ilmiy safarlarimiz chog‘ida bir qator Sharq mamlakatlari hududida temuriylar-boburiylar shuhratining bunyodkorlik belgilari asrlar davomida saqlanib kelayotganini ko‘rib behad quvondik.
Shunisi muhimki, mustaqillikka erishganimizdan so‘ng ajdodlarimizning ana shu yaratuvchanlik ishlari mamlakatimizda jadal ravnaq topmoqda. Prezidentimiz Islom Karimov rahbarligida yurtimizda bunyod etilayotgan yangi-yangi zamonaviy inshootlar, me’moriy yobidalar shu qutlug‘ an’analarning ijodiy davom ettirilayotganidan dalolat beradi.
Ekspeditsiyamiz ishining yana bir muhim tomoni shundaki, biz keying sakkiz yil ichida O‘zbekistondan to Hind okeani va Afrika qit’asiga qadar avtomobilda ikki yuz ming kilometrdan ziyod masofani bosib o‘tib zaminimizdan yetishib chiqqan, jahon sivilizatsiyasiga o‘lmas hissa qo‘shgan Ibn Sino, Beruniy, Ahmad Farg‘oniy, Forobiy, Navoiy, Xusayn Bayqaro, Bobur, Mashrab, Furqat singari ulug‘ ajdodlarimizning qabr-maqbaralarini ziyorat qildik, ularning hozirgi holatini o‘rgandik, foto-video tasvirga tushirib, jamoatchilik e’tiboriga yetkazdik, tegishli taklif va tavsiyalar tayyorladik.
Xususan, davlatimiz rahbari muhtaram Islom Karimovning topshirig‘iga binoan Hirot shahrining Musallo maydonida joylashgan Alisher Navoiy, Husayn Boyqaro, G‘azna shahridagi Abu Rayzon Beruniy va boshqa buyuk allomalarning urush tufayli qarovsiz holga tushib qolgan qabr-madbaralarini tiklash ta’mirlash borisada Jamg‘arma va uning tasarrufidagi “Mador” injinerlik ishlab chiqarish birlashmasi mutaxassislari bu joylarga uch marta safar uyushtirib, zarur injinerlik-geoseysmologik qidiruv ishlarini bajardi.
Bugungi kunda mazkur inshootlarning loyihalari tayyorlanib, qurilish-ta’mirlash ishlarini Jamg‘armaning moddiy-moliyaviy imkoniyatidan kelibchiqib boshlash taraddudida turibmiz.
Shuni alohida qayd etish lozimki, ekspeditsiya xorijiy mamlakatlardagi ilm-fan va madaniyat dargohlaridan temuriylar-boburiylar hayotiga oid, shuningdek, yurtimiz tarixi bilan bog‘liq ko‘plab ilmiy-tarixiy ma’lumotlar, qo‘lyozmalarining nusxalarini, to‘rt yuzdan ziyod nodir kitoblarni to‘pladi. Bu qimmatli manbalar hozirgi kunda Andijondagi “Bobur va jahon madaniyati” muzeyida saqlanmoqda va mutaxassislar tomonidan ilmiy iste’molga kiritilmoqda.
Chet ellarga qilingan ana shunday ilmiy safarlar mahsuli sifatida To‘lqin Ro‘ziyev, Farruh Rasulov, Meli Mahkamov, Tolib Hamidov singari ijodkorlarning sa’y-harakatlari bilan 20 dan ortiq hujjatli kino-video filmlar yaratilib, markaziy televidenie orqali namoyish qilindi.
Ekspeditsiya safarlari natijasida Laylo Ummaxonim, Ziyoviddin Tusiy, Pokiza Sulton Begim, Tohira Sulton Begim singari boburiylarning bugungi avlodlarini topishga va ular bilan yaqin hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yishga muyassar bo‘ldik.
Ilmiy izlanishlar mobaynida buyuk qomusiy olimlar – Ahmad Farg‘oniyning Qodiriy va Abu Rayhon Beruniyning G‘azna shahridagi qabrlarida olingan tuproq allomalar yurti – O‘zbekistonga olib kelindi.
Jamg‘armaning bugungi kundagi faoliyati hadida so‘z yuritadigan bo‘lsak, aytish kerakki, hozirgi vaqtda uning Lohur (Pokiston), Haydarobod (Hindiston), Bilefeld (Germaniya), Kioto (Yaponiya), Moskva (Rossiya), London (Angliya), O‘sh (Qirg‘iziston), shuningdek, Namangan va Toshkent shaharlarida bo‘limlari tashkil etilgan.
Ilmiy ekspeditsiyamiz hozirga qadar o‘z e’tiborini ko‘proq sharq mamlakatlari va sharq manbalariga qaratgan bo‘lsa, endilikda biz temuriylar va boburiylarga taalluqli noyob hujjatlar ko‘plab saqlanayotgan g‘arb davlatlariga safarlar tashkil qilishni o‘ylayapmiz. Bu borada Germaniya, Rossiya, Angliya, Fransiyadagi tariximizga daxldor manbalarni o‘rganish yuzasidan boshlangan dastlabki ishlarimiz xayrli natijalar berganini aytib o‘tish lozim. Jumladan, biz germaniyalik hamkorlarimiz bilan birgalikda jahon bo‘yicha Bobur va boburiylar nomi bilan bog‘liq 114 mingdan ziyod ko‘rsatgichlar ro‘yxatini tuzib, uning elektron variantini ham yaratishga muvaffaq bo‘ldik.
Keyingi yillarda mamlakatimiz va chet ellarda boburshunoslik bo‘yicha yangi-yangi asarlar yozilayotgani bizni, ayniqsa, quvontiradi. Jamg‘armamiz imkon qadar bunday asarlar va ularning mualliflarini qo‘llab-quvvatlashga harakat qilmoqda. So‘nggi vaqtlarda Jamg‘armamiz homiyligida X.Sultonovning “Boburiynoma”, Z.Mashrabov va S.Shokarimovning “Asrlarni bo‘ylagan Bobur”, P.Qodirovning “Mardlik”, R.Vohidovning “Biz bilgan va bilmagan Bobur”, Q.Kenjayevning “Hind sorig‘a” va “Boburiylardan biri”, A.Ibrohimovning “Boburnoma – buyuk asar”, O.Tojiboyevaning “Bobur armoni” kabi o‘ndan ortiq badiiy, ilmiy kitoblarini nashr etildi.
Biz bu yo‘nalishdagi ishlarni davom ettirish harakatidamiz. Shu kunlarda Jamg‘armamiz buyurtmasiga ko‘ra Rashbruk Uillyamsning “O‘n oltinchi asr bunyodkori”, Harold Lembning “Bobur – yo‘lbars”, A.F.Stilning “Toj kiygan darvesh”, Rumer Goddenning “Gulbadan” asarlari taniqli tarjimon va yozuvchilar tomonidan o‘zbek tiliga tarjima qilinmoqda. Ularning yaqin kelgusida chop etilishi mo‘ljallanmoqda.
Ma’lumki, 2003-yilda Bobur Mirzo tavalludiga 520 yil to‘ladi. Ana shu qutlug sanaga bag‘ishlab, “Boburnoma”ni qayta to‘ldirilgan, tanqidiy matni bilan birgalikda, yuksak badiiy va matbaa sifati bilan chop etish orzusidamiz . Bu yo‘lda amaliy harakatlar boshlab yuborilgan.
Shuningdek, 2001-yili “Sharq” nashriyotida Jamg‘arma homiyligida bir qancha asarlarni bosib chiqarish ham ko‘zda tutilgan. Ular orasida Jamg‘armamizning Germaniya bo‘limi rahbari, doktor Yan Xonzel tomonidan Hamburgdan keltirilib, Shafiqaxonim Yorqin tarafidan ilk bor nashrga tayyorlangan, Husayn Boyqaroning farzandi Shohg‘aribMirzo –G‘aribiyning devoni, professor Sayfiddin Jalilovning “Boburva Sezar” tadqiqoti, yozuvchi Qamchibek Kenjaning “Firdavs makon zotlar izidan” nomli kitobi bor .
Bobur nomidagi Xalqaro jamg‘armaning ilmiy-ma’rifiy faoliyatini yanada takomillashtirish uchun uning tasarrufidagi “Mador” injenerlik-ishlab chiqarish birlashmasi, davlat va nodavlat buyurtmachilardan topos’yomka, geologiya, qurulish maydonlarining seysmik holatini aniqlashda loyihalash ishlarini bajarib, o‘zini va Jamg‘armani mablag bilan ta’minlab kelmoqda.
Manbalardan ma’lumki Samarqand, Buxoro, Xiva, Toshkent, Marv, O‘sh, O‘zgan, Shaxrisabz, Termiz shaharlari Markaziy Osiyodagi qadimiy va boy tarixga ega shaharlardan hisoblanadi. Ana shunday shaharlardan biri bo‘lgan Andijonning ham yoshini aniqlash, uning tarixini batafsil o‘rganish maqsadida to‘rt yillik dasturga asosan 2000-yildan boshlab Fanlar Akademiyasining Yahyo G‘ulomov nomidagi Arxeologiya instituti va “Mador” birlashmasi hamkorlikda ilmiy tadqiqot va arxeologik qidiruv ishlarini olib borishga kirishdi.
Bobur nomidagi Xalqaro jamg‘arma tashabbusi bilan har yili ulug‘ vatandoshimizning tavallud kuni va ijodiy faoliyatiga bag‘ishlab, muntazam ravishda turli ilmiy anjumanlar o‘tkazib kelinmoqda.
Tarixdan ma’lumki, Boburshoh Ibrodim Lo‘diy ustidan g‘alaba qozonib Hindistonda o‘z hukmronligini o‘rnatgach, qo‘lga kiritilgan boylikning kattagina qismini yordamga muhtoj kishilarga – Samarqand, Andijon, Qashg‘ar va Erondagi yaqinlariga bo‘lib beradi. Makkai mukarrama va Madinai munavvaradagi yor-birodarlari ham bu ulug‘ insonning ushbu saxovatidan benasib qolmaganlar. Shu bois bo‘lsa kerak, bunday marhamatdan voqif bo‘lgan saroydagi ayrim ruhoniylar Bobur Mirzoni “Qalandar shoh” deb atagan ekan.
Boburga xos mana shunday an’analarni davom ettirish uchun Jamg‘arma o‘z Nizomida belgilangan vazifalar bilan bir qatorda imkon doirasida xayriya ishlarini ham amalga oshirmoqda. Keyingi yillarda kam ta’minlangan oilalarning o‘ndan ortiq farzandlarining sunnat to‘ylarini o‘tkazib, ularning nomiga pullik jamg‘arma daftarchalari ochildi.Toshkent va Andijon universitetlarida a’lo b aholarda ta’lim olayotgan uch nafar talaba uchun Bobur nomidagi stipendiya ta’sis etildi. Maktablar, litsey-kollejlarning kutubxonalarini yangi adabiyotlar bilan ta’minlashda ham qo‘limizdan kelganicha yordam ko‘rsatmoqdamiz.
Albatta, bu haqda uzoq gapirish mumkin, lekin, mening nazarimda, biz ko‘proq oldimizda turgan muhim va dolzarb masalalar haqida o‘ylashimiz lozim. Jumladan, yurtimizdan har xil yo‘llar bilan xorijga olib chiqib ketilgan noyob kitoblar, qo‘lyozmalar, ilmiy va san’at asarlarining loaqal nusxalarini mamlakatimizga qaytarib olib-kelish, Bobur va uning ajdod-avlodlarning hali ma’lum bo‘lmagan merosini topish, o‘rganish, zarur bo‘lgan taqdirda, ularni o‘zbek tilida chop etib, jamoatchilikni tanishtirish, Beruniy, Farobiy, Navoiy singari ulug‘ bobolarimizning qabr-maqbaralarini tiklab-ta’mirlab, ularni ziyoratgohlarga aylantirish, olim va yozuvchilarimizni Bobur va boburiylar haqida yangi ilmiy-badiiy kitoblar yozishga rag‘batlantirish, yozilgan asarlarni Jamg‘arma homiyligida chop etib, keng o‘quvchilar ommasiga yetkazish, buyuk Bobur haqida chet ellik ijodkorlar bilan hamkorlikda to‘laqonli badiiy film yaratish, Osiyo, Yevropa, Amerika qit’alari bo‘ylab xalqaro ilmiy ekspeditsiyamiz yo‘nalishlarini davom ettirish, Bobur tavalludining 520 yilligiga bag‘ishlab xalqaro ilmiy konferensiya o‘tkazish “Boburnoma” yaratilganining 470 yilligini nishonlash, shu munosabat bilan Andijondagi Bobur bog‘ida ma’rifiy anjuman, g‘azal va qo‘shiq oqshomi tashkil etish kabi vazifalarni biz davlat idoralari, keng jamoatchilik bilan birgalikda hal qilishimiz zarur.
Bobur izidan uyushtirgan safarlarimizda, biz Sharqning yirik mamlakatlari – Hindiston va Pokiston, Eron va Misrga, Bangladesh va Afg‘onistonga, xullasi kalom, qayerga bormaylik, ulug‘ vatandoshimiz Bobur Mirzo va uning zurriyodlari nafasini tuydik, ularning nomlarini ezgu ishlar sohiblari sifatida ma’rifatli ziyolilar tilidan ham, oddiy odamlar lafzidan ham eshitdik. Ular bizning chinakam faxr va iftixorimiz ekanligini yana bir karra his qildik.
Shu bilan birga, biz buyuk bobomiz bahonasida qaysi bir dorilfunun yo kutubxonada, muzey yoki boshqa madaniy dargohlarda bo‘lmaylik, Bobur Mirzoning asl vatani bo‘lgan O‘zbekistonning hur, ozod va mustaqil mamlakatlar qatorida, xalqaro jamiyatda o‘z o‘rni va qadriga ega bo‘lib borayotgani xususida maroqli suhbatlar qurdik. Zero, istiqlol sharofati bilan tuzilgan xalqaro ilmiy ekspeditsiyamizning safaridan ko‘zlangan asosiy maqsadlardan biri ham shu, ya’ni qadimiy va navqiron yurtimizni dunyoga tanitishdan iborat edi.
Zokirjon Mashrabov, Bobur nomidagi xalqaro jamg‘arma raisi.
«Turkiston» gazetasi, 2001-yil 11-iyul, 56(14442)-son.
Fikr qoldirish#