Shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 532 yilligiga
Temurbek degandirkim: “Mening bir bog‘ im borkim, uzunasiga o‘ttiz yig‘ochdur (270 km). “Boburnoma”.
Bir rivoyatda aytilishicha, safar chog‘ ida Sohibqiron yong‘ oq ko‘chatini o‘tkazayotgan nuroniy qariyani uchratibdi va ajablanib hazil tariqasida so‘rabdi: “Otaxon, bu ko‘chatingiz qachon hosilga kiradi, sizga uning mevasi nasib qilarmikan?” Qariya: “Bolam, menga bo‘lmasa, avlodlarimga nasib qilar”, - deb javob beribdi. Bu gapdan to‘lqinlanib ketgan Sohibqiron otaga bir tillo in’om etibdi. Shunda otaxon: “Mana, ko‘rdingizmi, o‘g‘lim, ekkan ko‘chatim hosil bera boshladi”, - degan ekan. Cholning hozirjavobligidan xursand bo‘lgan Amir Temur unga bir tillo beribdi.
Muarrixlarning shohidlik berishicha, bog‘dorchilik tarixi 5 ming yildan ham nariga borib taqalar ekan. Miloddan avvalgi XV asrda barpo qilingan Misr, milodgacha bo‘lgan VII-VI asrlarda barpo etilgan Bobil bog‘larining ta’rifi bugungi kunimizga qadar yetib kelgan. Shubhasiz, jahon tamadduni o‘choqlaridan sanalgan bugungi O‘zbekiston zaminida ham qadimdan bog‘dorchilik rivoj topib kelgan.
Tariximizning eng yorqin sahifalaridan sanalgan Sohibqiron Amir Temur va temuriylar davriga kelib, barcha sohalar qatori bog‘dorchilik san’ati ham gurkirab rivojlanganini ko‘ramiz.
Rivoyat qilishlaricha, Sohibqiron qo‘shinlari Baxmal tog‘larida harbiy mashqlar o‘tkazayotgan bir paytda Sangzor tevarak-atrofidagi aziz joylarni birma-bir ziyorat qilib chiqadi. Shundan so‘ng mulozimlaridan yana qanday ziyoratgohlar borligini so‘raydi.
- Ulug‘ amirim, - deydi mulozimlaridan biri otini Molguzar tog‘i tomon burib. – Rub’i maskunda Ko‘hi Orifondek aziz maskan sanoqlidir. Mana shu tog‘ cho‘qqisida sahoba Malik Ajdarning qadamjosi bor. Biz hozir o‘sha ziyoratgohning poyida turibmiz.
Temurbek otdan tushib tog‘ poyiga cho‘kadi va sahoba haqiga duo o‘qiydi.
- Qadamjoga obi g‘ishtdan mo‘jzagina xonaqoh bino qilish bizga farz bo‘ldi, toki ul muhtaram zot sha’niga qilgan bu arzimas xizmatimiz oxiratda vasiqai barotimiz bo‘lsin. Ko‘hi Orifondan boshlanmish mening bog‘im borkim, yo‘li o‘ttiz yig‘ochdur (270 km).
Hanuzgacha Molguzar tog‘ining 2620 metr balandlikdagi cho‘qqisida Sohibqiron bog‘i bor. Bu rivoyat tarix sahifalarida Temurbekka “Buyuk jahongir” degan sahifa ochilayotgan davrlardan hikoya qiladi.
Amir Temur Samarqandi poytaxt sifatida tanlaganidan so‘ng ulkan miqyosda qurilishlar, shahar atroflarida so‘lim qishloq va bog‘-rog‘lar barpo etishga jiddiy kirishadi. Saltanat qudratini behisob qo‘shinda deb bilgan o‘sha davr hukmdorlaridan farqli ravishda, bunyodkorlik va adolatni ustun bilgan ulug‘ bobokalonimiz yaratgan bog‘larning dovrug‘i yetti iqlimga ketgan. Bog‘i Naqshi jahon, Bog‘i Behisht, Bog‘i Amirzoda Shohrux, Bog‘i Dilkusho, Bog‘i Shamol, Bog‘i Davlatobod, Bog‘i Buldu, Bog‘i Maydon, Bog‘i Baland, Bog‘i Chinor, Bog‘i Jahonnamo, Bog‘i Nav deb atalib, nomlari tillarda doston bo‘lgan 12 bog‘ ularning mashhurlari edi.
Samarqandga Ispaniyadan elchi bo‘lib kelgan Rui Gonsales de Klavixo shaharning ko‘rkamligini ko‘rib hayratlangan. U shaharning bog‘ va uzumzorlar bilan o‘ralganini, poytaxt tashqarisida joylashgan bog‘larda ko‘plab uylar, shoh saroylari, omborlar bo‘lganligiyu, shaharga kirib borganida u go‘yo baland daraxtlar bilan qoplangan o‘rmonning o‘rtasida turganday tuyulganini yozadi.
Ko‘hna Samarqand hamma davrlarda ham xususan, Sohibqiron hukmdorligi paytida Sharqning eng go‘zal shahriga aylangan. Bog‘lar barpo etishda hududning iqlimi, baland-pastligi, suv manbaining miqdori va tabiatining boshqa xususiyatlariga alohida ahamiyat berilgan.
Bog‘larni yaratishda zamonasining qo‘li gul dehqon ustalari bilan birga xorijlik dongdor bog‘bonlar ham jalb qilingan. Samarqand bog‘lari ikki xil usulda, ya’ni handasaviy shaklda (inson o‘zi istagan to‘rtburchak, to‘g‘ri burchak kabi shakllarda yaratilgan bog‘lar) va tabiat manzaralari asosida barpo etilgan (tabiiy manzaraga ba’zi tuzatishlar kiritilgan holda) bog‘lardan iborat bo‘lgan.
Bog‘lardan oqib o‘tgan ariq suvlaridan tashqari sun’iy sharsharalar ham doimo mavj urib turgan. Ular ariqlar ustiga o‘rnatilgan charxpalaklardan shovullab tushayotgan suv kabi o‘z zarrachalarini atrofga purkash barobarida sehrli ovoz chiqarib, bog‘larni jonlantirib turgan.
Qadimdan ota-bobolarimiz hovuzlarni bog‘ husniga husn qo‘shuvchi omil deb bilishgan. Ayniqsa, ularda suzib yurgan o‘rdak va g‘ozlar bog‘ manzarasiga ko‘rk qo‘shgan. Hovuzlar doimo to‘lib turgan va qurg‘oqchilik ro‘y bergan vaqtlarda bog‘ uchun kichik suv ombori vazifasini o‘tagan. Shu kabi bog‘dagi saroylar atrofini o‘ragan handaqlar ham hamisha suvga to‘la bo‘lgan. Klavixoning ma’lumotiga qaraganda, Davlatobod bog‘ida oltita hovuz bo‘lib, bir-biri bilan chetlariga har xil daraxtlar o‘tkazilgan yo‘llar orqali bog‘langan ekan.
Amir Temur yaratgan bog‘lardagi favvoralar ham nihoyatda did bilan ishlangan. Ularning ko‘rinishi qanday bo‘lganini bizgacha yetib kelgan ko‘plab miniaturalar orqali tasavvur qilish mumkin. Dilkusho bog‘ida bo‘lgan Klavixo quyidagilarni yozadi: “Podshoh maxsus qo‘yilgan baland o‘rindiqda o‘tirar, uning oldidagi suvda tepaga otilib turgan favvorada qizil olmalar qalqib turardi”.
Bog‘ deganda albatta, ko‘z o‘ngimizga turli-tuman mevali, manzarali daraxt va gular keladi. Sohibqiron Amir Temur tashabbusi bilan yaratilgan Samarqand bog‘ lari mehmon bo‘lgan Klavixo u yerda daraxtlarning ko‘pligini, shuningdek, alohida uzumzor maydonlar bo‘lganini, nonushta vaqtida dasturxonga qovun, uzum, shaftoli va boshqa qator mevalar qo‘yilganini yozadi.
Klavixo tashrifi xususida “Zafarnoma”da bitilganki: “Hazrat Sohibqiron andin Bog‘i Dilkushoga bordi… Va anda Farang (Ispaniya) viloyatining podshohidin elchi kelib, ko‘p peshkashlar (sovg‘alar)kim, barcha tansuq narsalar erdi, kelturub tortdi (topshirdi)…
Va ul to‘yda Farangdan kelgan elchi hozir erdi”. (290-bet).
Tarixchi Sharafiddin Ali Yazdiy ushbu asarida Dilkusho bog‘ida xilma-xil mevalar yetishtirilganligi to‘g‘risida yozib, ulardan eng yaxshi navlarining nomlarini eslatib o‘tgan.
Yozma manbalarda keltirilgan dalillarga qaraganda, bu davrlarda nafaqat Samarqand, balki Buxoro, Xo‘jakent, Toshkent kabi shaharlarda ham mevali daraxtlar ko‘p o‘stiriligan. Hirot yerlarida uzumning yuz xil turi yetishtirilganligi ma’lum. Bog‘ larda mevali daraxtlardan tashqari tol, terak, chinor, sarv, archalar bo‘lgan. Ayniqsa, hovuz bo‘ylariga ekilgan majnuntollar ajib bir go‘zallik kasb etgan. Qariyalarning ko‘p yillik tajribalaridan ma’lum bo‘lishicha, bu daraxtlarning kishi sog‘ligiga foydasi juda kattadir. Samarqand bog‘ laridan birining nomi Bog‘i Chinor deb atalishining o‘ziyoq u yerda chinor daraxti ko‘p ekilganidan dalolat beradi.
Bog‘larda har xil ko‘kat va gullarga ham alohida joy ajratilgan. Ularda hamishabahor, savsani rasmiy, xanjariy, ko‘k binafsha, sadbarg, zarafshon, nargis, bog‘ lolasi, tog‘ lolasi, dardari gul, dardari kokiliy, savsanning bir nechta turi, nilufar, qaranfulgul, gultojixo‘roz hamda beda kabi har xil ko‘katlar o‘stirilgan.
Bog‘larda ohular, tustovuqlar, ov qilish uchun emas, balki tabiatni bezatish maqsadida saqlangan. Hatto Bog‘i Bixishtda “hayvonot bog‘i” bo‘lganligi to‘g‘ risida ma’lumotlar bor. Ajoyibi shundaki, dunyoning turli taraflaridan Sohibqiron ziyoratiga oshiqqan elchilar o‘z yurtlarining o‘zga mamlakatlarga antiqa tuyuladigan hayvon va qushlardan ham keltirishgan. Sharafiddin Ali Yazdiy “Zafarnoma”da qayd etikki: “Ul mahalda Mangli Buhan Hojibkim, Barquqshohning beklaridan erdi… Malik an-Nosir Farajkim Misr tahtida podshoh erdi, aning qoshidin elchilikka keldi va ko‘p peshkashlar kelturub va ajoyibu g‘aroyib narsalar benihoya kelturub va ul jumla ajoyibidin biri zarrofa (jirafa) erdikim, Haq taolo san’atlaridan turur va to‘qqiz shuturmurg‘ (tuyaqush) kelturub tortdi (hadya qildi). Temur davri bog‘ saroylar ta’rifiga e’tibor qilgan kishi ularda ikki mustaqil san’at bog‘dorchilik va me’morchilikning uyg‘unlashib ketganiga amin bo‘ladi.
Ulug‘vorligi bilan o‘z vaqtida ko‘rkini olam uzra ko‘z-ko‘z qilib, endilikda avlodlar xotirasida faqatgina yorqin nomlarigina saqlanib qolgan bu qadim yodgorliklar tabiat va ona vatanini sevgan, qadrlangan ota-bobolarimiz qilgan ibratli ishlardan namunadir.
Sohibqiron Amir Temur avlodlari orasida Mirzo Boburning jahon ilm fani va madaniyatiga qo‘shgan hissasi g‘oyat salmnoqlidir. Shu bois biz temuriy shahzoda Zahiriddin Muhammad Bobur va uning avlodlari tomonidan Kobul va Hind diyorida amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari, xususan, u yaratgan bog‘lar haqida to‘xtalamiz.
Bobur va u asos slogan sulolaning zabardast vakillari Hindiston madaniyatining rivojlanishiga ulkan hissa qo‘shdi.
Boburiylar saltanati davrida aynan bog‘-rog‘lar yaratish haqida ham bir qancha asarlar yozilgan.
Tabiat go‘zalligini chuqur his qiladigan Bobur Kobul atrofidagi manzarali daraxtlar va bog‘-rog‘larni ta’riflab ketgan. Bu yerda u o‘zining sevimli ishi bo‘lmish bog‘-rog‘lar yaratish bilan shug‘ ullanadi. Tarix kitoblarida bitilishicha, Bobur Kobul usulida hukmronlik qilgan yigirma yildan ortiqroq davr mobaynida unga bog‘ barpo qilgan: Bog‘ i Shahroro, Chorbog‘ , Bog‘i jilovxona, Yortabog‘ , Suvratbog‘ , Bog‘ i mohtob, Bog‘i ohuxona va bundan tashqari yana 3 ta kichikroq bog‘.
1526-yilning oxirida Bobur Hindiston yurishidagi g‘alabasidan keyin Panipatda bog‘ barpo etishini buyuradi hamda Dehli va Agraga yo‘l olishdan oldin mana shu yerda bir necha muddat hordiq chiqaradi.
Bobur “Boburnoma”da Jamna daryosi sohilida hozir Rombog‘ deb atalmish Zarafshon bog‘ ini qanday barpo etishga kirishganini batafsil hikoya qiladi: “Ograga kelganimizdan bir necha kun keyin mana shu ishni deb Jun daryosidan o‘tib, bog‘ qurish uchun yerlarni ko‘rib chiqdik. Bu yerlar shu qadar ko‘rimsiz va harob ediki, uni ko‘nglimiz tortmay va qoniqmay yana suvdan kechib ketdik. Bu yerning ko‘rimsiz va yoqimsizligi tufayli chorbog‘ haqidagi fikrlarim ham hayoldan ko‘tarildi. Ammo Ograga buncha yaqin boshqa bo‘sh yer ham yo‘q ediki, bir necha kundan so‘ng ilojsiz shu yerning o‘zida ish boshladik. Avval katta quduq qazildi, hozir hammom suvi o‘sha yerdan olinadi. Yana anbili daraxtlari o‘sib yotgan va sakkiz burchakli hovuz qurilgan. Bir bo‘lak yerda ishladik. Undan so‘ng katta hovuz va hovli barpo bo‘ldi. Keyin toshimorat oldidagi hovuz va tolor qurildi. Undan so‘ng “Hilvatxona” bog‘ chasi va uylari bino bo‘ldi. Undan so‘ng hammom qurildi. Bunday ko‘rimsiz va betartib Hindda yaxshi, tartibli binolar va tekis bog‘lar barpo etildi. Har go‘shada, har bir burchakda yoqimli gulzorlar, har bir gulzorda tartib bilan ekilgan yaxshi gul va nastarinlar yetildi”.
“Boburnoma”ga ishlangan miniaturalarning bir qanchasida Boburning bog‘, gulzorlar yaratish bilan bevosita shug‘ullanganligi hamda bog‘larning go‘zal manzaralari tasvirlangan.
Boburiylar bunyod etgan bog‘larda bog‘dorchilikning ikki tamoyilini farq etishgan. Birinchi tamoyil daraxtlar siyrakligi va gulzor-chamanlarga asosiy e’tibor qaratish bilan diqqatga sazovordir. Ikkinchi tamoyil esa gulzor, chamanlarni unutmagan holda bog‘ni mevali va manzarali daraxtzorlarga aylantirish bilan izohlanadi.
Birinchi tamoyilda gulzor-chamanlar turlicha qit’a-qit’a bo‘linmalardan iborat bo‘ladi. U bo‘linmalar simmetrik to‘rtburchak, uchburchak, romb shakllarida yoki chinor yaproqlari, yarim oy, yurak va boshqa shakllarda bo‘ladi. Bu shakllarni bunyod etishda gular xillarining ko‘pligiga, ayniqsa, rang-barangligiga alohida ahamiyat beriladi. Agradagi Orombog‘i (Rombog‘ ) – sobiq Zarafshon bog‘i, Srinagar shahridagi (Kashmir) Shalimar bog‘i daraxt siyrakligi va chamanlar ko‘pligiga namunadir.
Ikkinchi xil tamoyilda esa daraxtlar safi bog‘ni xiyobonlarga ajratish va xilma xil mevalai daraxtlar ekishdagi simmetriyaga maxsus e’tibor beriladi.
Bog‘da gulzor-chamanlarning asosiy o‘rin egallashi – uning bahordan kuzgacha ko‘zni yashnatishi, sayrdagi kishining kayfiyatini ko‘tarinki ruhda yaxshilashi jihatidan e’tiborlidir.
Daraxtlar asosiy o‘rinni egallagan bog‘larda esa yozgi salqin va kuzgi xazon sayrlari inobatga olingandir. Bunday bog‘larning Kashmirdagi eng yaxshi namunalari Akbar yaratgan Bog‘i Nishotdir. Ming afsuslar bo‘lsinki, xalqimiz o‘rta asrlardagi xazon sayrini esdan chiqarib yuborgan. U paytlardagi xazon sayrlari bizning bugungi may oyidagi sayrlardan qolishmaganini qayd etgimiz keladi.
Kobul yaqinidagi Odinapur tumanida Bobur bunyod etgan “Bog‘i vafo” xususida “Boburnboma”da yoziladiki: Odinapur qo‘rg‘onining oldida, janub tarafdagi bir balandlikda to‘qqiz yuz o‘n to‘rtinchi (1508) yili bir chorbog‘ soldim. U Bog‘i Vafo deb nomlangan, soyga tutash; soy qo‘rg‘ on bilan bog‘ o‘rtasidadir: norunji, turunji, turunji va anori ko‘p bo‘ladi. Paharxonni yengib Laho‘r va Dilapurni olgan yilim keyla (banan) keltirib ektirgandim, ko‘kargan edi. Undan burungi yil shakarqamish ham ekkan edilar, shakarqamishlar yaxshi bo‘lgandi. Badaxshon va Buxoroga u shakarqamishlardan yuborilgan edi. Yeri baland, oqar suvi muttasil, havosi qish payti mo‘tadil, bog‘ ning o‘rtasida bir kichikroq tepaqlik yastangan; bir tegirmon suvi bu bog‘ ning o‘rtasidan va bog‘ ning ichidagi tepalikning ustidan hamisha oqib turadi. Bog‘ ‘rtasidagi chorchaman (to‘rtburchak gulzor) shu tepalik ustida barpo etilgan. Bog‘ning ga’rbi-janubiy tarafida o‘nga-o‘n o‘lchovidagi hovuz, atrofi butunlay norunj daraxtlaridir; anor daraxtlari ham bor. Bu hovuzning tevarak-qirg‘oqlari batamom sebargazordir. Bog‘ning eng so‘lim yeri ushbudir. Norunjlar sarg‘aygan mahali ko‘p yaxshi ko‘rinadi; xiyla yaxshi bog‘ bunyod topdi”.
Ushbu iqtibosdan bog‘dorchilikda Boburning yangilikka o‘chligi yaqqol bilinib turibdi. Chunki Keyla va nayshakar Hindistonga xos daraxt va o‘simlikdir. Bog‘ esa Kobulga yaqin…
Akbarshoh hukmronlik qilgan davrda ham bog‘ barpo etish san’ati rivojlangan. U Fatehpur Sekriyda yangi poytaxt bunyod etgan va u yerda saroylar, hammomlar, hovuzlar, gulzoru, bog‘ lar barpo qildirgan. Bog‘ dagi anvoyi gular muattar hid taratgan, salqin xiyobonlar dilga huzur bag‘ishlagan.
Akbar Kashmir vodiysiga qadami tekkan birinchi boburiy shoh edi. Srinagardagi Dalleyk ko‘li bo‘yida u “Bog‘i Nishot” (shodlik bog‘i)ni barpo qildirgan. Boburiylar davrida bog‘lar ikki xil bo‘lgan – podshohlarning o‘zlari hordiq chiqaradigan va ularning maqbaralari joylashgan bog‘lar.
Boburiylar marhum podshohlarning ruhlari shod bo‘lsin degan niyatda maqbara-bog‘lar barpo qilganlar. Akbarshoh qurdirgan ikkita shunday bog‘ juda mashhurdir. U 1556-yilda Dehlida Humoyunga atab maqbara qurdirdi va birinchi bo‘lib uning atrofiga chorbog‘ uslubida simmetrik qilib joylashtirilgan suv havzalari va ariqlardan sug‘oriladigan bog‘ yaratdi.
Agradagi Sekandarada Akbar maqbarasi atrofida bunyod etilgan bog‘ eng ajoyib bog‘lardandir. U kattagina chorsi maydonni egallaydi va kungurador devor bilan o‘ralgan, chorbog‘ uslubida qurilgan.
O‘sha paytda boqqa sarv, chinor va palma kabi daraxtlar ekilgan. Bog‘ bir necha asr mobaynida qarovsiz qolgan. Lekin hozir Sekandaradagi bog‘ ulug‘vor va orombaxshdir.
Jahongir ham tabiatni sevgan. Unga otasi Akbarshohdan mustahkam davlat meros qoldi, shuning uchun hukmronlik qilgan yillarida (1605-1627) u sevimli mashg‘ulotlariga o‘zini to‘la bag‘ishlash imkoniga ega bo‘ldi. Jahongirni haqli ravishda ulug‘ bog‘ yaratuvchi deb ataydilar. U tasviriy san’at va bog‘ yaratish san’atining homiysi sifatida tarixga kirdi. Kashmirda u barpo qildirgan Shalmar, Athabala, Verinag bog‘larini beqiyos san’at namunasi deyish mumkin. U Pokistonda Hasan Abdol buloqlari yaqinida Voh degan bog‘ yaratgan. Kashmirga keta turib mana shu yerda hordiq chiqarish uchun to‘xtab o‘tgan. Ushbu bog‘ Islomobod-Peshovar magistrali yaqinida joylashgan.
Bog‘-rog‘lar yaratishda Jahongir birinchi bo‘lib, “Chor chinor” uslubini qo‘llagan. Bu uslubga ko‘ra, chorsi yer maydonining to‘rt chekkasiga to‘rtta chinor ekiladi va ushbu sahnning o‘rtasi hamisha salqin bo‘lib turadi.
Jahongirdan keyin 1627-1658-yillarda hukmronlik qilgan Shohjahon ham nozik did sohibi edi. U Agra shahrida dunyoga mashhur Tojmahal, Dehlida Qizil qal’a kabi bir qator mahobatli inshootlar qurdirdi. Qal’aning atrofida muhtasham bog‘ barpo qilingan edi.
Tojmahalning old qismida Shohjahon ajoyib bog‘ bunyod ettirgan. Ushbu maqbara chorbog‘ uslubida qurilgan, ya’ni,bog‘ sahni to‘rt qismga taqsimlangan. O‘rtada marmar hovuz bor. Bog‘ning markazida joylashadigan boshqa inshootlardan farqli ravishda Tojmahal bog‘ning boshlanish qismida joylashgan. Favvoralar o‘rnatilgan sug‘orish kanalining chetlariga sarv daraxtlari o‘tkazilgan bo‘lib, ular to‘rtta minoraning gumbazlari bilan uyg‘unlashib ketgan. Laho‘r shahridagi Shalimar bog‘i Shohjahonning eng nodir ijodiy mahsulidir. Bu bog‘ 1634-yilda bunyod etilgan. Uning sharqiy qismida shoh xonadoni a’zolari uchun hovuzlar bo‘lgan. Bu yerda ravoqlar bilan bezatilgan to‘rtta xonada fusunkor hovuzlar bo‘lib, ularning suvi tashqaridan turib isitilgan. Mazkur benihoya go‘zal bog‘ shakllarining mutanosibligi bilan ajralib turadi. Markaziy pog‘onada uch tomondan marmar shiypon bilan qurshalgan ulkan hovuz qurilgan. Hovuzning o‘rtasida marmar supa bo‘lib, unga kambar marmar ko‘prik olib boradi. Havzadagi suv ariqdan o‘tib, katta marmar hovuzga quyiladi. Ariq va hovuzni bezab turgan 450 ta favvoraga rohatbaxsh namlik purkaydi. Bog‘da shiyponlaru marmar va qizil toshdan ishlangan uychalar son-sanoqsiz. Yozda bog‘ dilni zavq-shavqqa to‘ldiruvchi manzara kasb etadi. Tevarak-atrofni tutib ketadigan atirgullarning muattar hidi, qafaslardagi rango-rang to‘tilar dilga surur bag‘ishlagan.
Pokiston hukumati mazkur bog‘ni ko‘p jihatdan qayta ta’mirladi. Hozir u hordiq chgiqaruvchilar va sayyohlar uchun maqbul maskanga aylangan.
Buyuk boburiylardan yana biri Avrangzeb zamonida bog‘-rog‘ lar barpo qilish ishlariga shahzodalar, zodagonlar va lashkarboshilar ham ahamiyat bera boshladilar.
O‘sha davrdagi mashhur bog‘ lar ichida Pinjo‘rdagi bog‘ nisbatan yaxshi saqlanib qolgan. U Simlaga olib boradigan yo‘lda, Surajpur degan joyda tog‘li yerda joylashgan va Shimoliy Hindistondagi eng go‘zal bog‘lardan hisoblanadi. Uni 1661-yilda Avrangzebning lashkarboshisi Xon Fidoiy qurdirgan. Bog‘ning loyiha-andozasi Laho‘rdagi Shalimar bog‘idan olingan.
Amerikalik olim Stifen Frederik Deyl o‘zining “Sakkiz jannat bog‘lari” kitobida Afg‘oniston, Pokiston va Hindistonda Bobur bunyod etgan bog‘lar ramzida buyuk Bobur podshohning ilmiy tarjimai holini yaratgan. Kitobning oxirida Andijon shahar Bog‘ishamol mavzeidagi Bobur milliy istirohat bog‘idan rasmlar berib, bu jannatning to‘qqizinchi bog‘ idir, demoqchi bo‘lgan.
Zokirjon Mashrabov, O‘tkir Alimov.
“Xolis” gazetasi, 2015-yil 15-fevral, 7(977)-son.
Fikr qoldirish#