Sinov yoʻsinida ishlamoqda

Temuriylar renessansi va Alisher Navoiy (“Boburnoma” misolida)

Abstrakt


Maqolada Temuriylar Uyg‘onish davri va Alisher Navoiy mavzusini yoritishda, asosan, Alisher Navoiy haqida fikr yuritilsa-da, ammo talqinda Bobur “Boburnoma”da tilga olgan o‘sha davr ilmiy va madaniy hayotining yirik vakillaridan shoh va shoir Sulton Husayn Boyqaro, Kichik Mirzo, Sharafiddin Ali Yazdiy, Abdurahmon Jomiy, shoir Binoiy, amir Shayxim Suhayliy, Zayniddin Mahmud Vosifiy, Bobur asarlari, she’rlari to‘g‘risida ham mulohazalar yuritilgan. Boburning mazkur shaxslar haqidagi fikri, mulohazalari, bergan bahosi tahlil qilingan. Temuriylar Renessansining ulug‘ shoiri, buyuk mutafakkiri, taniqli davlat hamda jamoat arbobi Alisher Navoiy shoh va shoir Boburning hayot hamda ijod yo‘lida alohida o‘rin tutadi. “Boburnoma”da Alisher Navoiy haqida o‘n ikkita qimmatli ma’lumot va lavhalar bitilgan. “Boburnoma”dagi ma’lumotlar orqali temuriylar davridagi adabiy-madaniy muhit haqida ham yoritib borilgan.


Kalit so’zlar: Temuriylar uyg’onish davri, boburiylar uslubi, ijod, adabiy muhit, tarixiy va qiyosiy jihatlar, umumiylik.


Renaissance of Temurids and Alisher Navoi (on the example of «Babur-name»)


Abstract


Although the article focuses on the Renaissance and the creators of the Temurids, mainly Alisher Navoi, but in the interpretation, the great representatives of the scientific and cultural life of that time, which Babur referred to in «Babur-name», and also there were also comments and interpretations about the works of Amir Sheikh Suhayli, Zayniddin Mahmud Vasifi, Babur’s works and poetries. Bobur’s opinions, comments and thoughts about these individuals are analyzed. The great poet, great thinker, famous statesman and public figure of the Temurids Renaissance, «the most cultural person of his time» Alisher Navoi holds a special place in the life and work of the padishah and poet Babur. The «Babur- name» contains twelve information and articles about Alisher Navoi. The information in «Boburnoma» also informs the literary and cultural environment of the Timurid period.


Key words: Renaissance of Temurids, Babur-name style, creature, literary environment, historical and comparative aspect, commonality.


Kirish


Temuriylar Renessansining ulug‘ shoiri, buyuk mutafakkiri, taniqli davlat hamda jamoat arbobi, «o‘z davrining eng madaniy kishisi» [Шайх- зода 1972, 78] Alisher Navoiy shoh va shoir Boburning hayot hamda ijod yo‘lida alohida o‘rin tutadi. «Boburnoma»da Alisher Navoiy haqida o‘n ikkita qimmatli ma’lumot va lavhalar bitilgan. «Boburnoma»da keng «masnu’» shaklida bitilgan tarixiy voqealar bayoni temuriylar davlat boshqaruvi, ya’ni «Temurbekning yurtida» (Bobur memuarda Amir Temur va temuriylar boshqaruvida bo‘lgan mulklarga, xususan, Movarounnahr, Xuroson davlatlariga nis- batan «Temurbekning yurtida» so‘z birikmasini ishlatgan. Biz ham tadqiqotimizda bu so‘z birikmasini ilk marta shu ma’noda qo‘lladik – B.R.) bo‘lgan Xuroson davlatining poytaxti Hirot taxtida o‘tirib, o‘ttiz yetti yil davomida uzluksiz davlat boshqargan temuriylar Renessansining kordon hukmdori, sohibdevon, shoh va shoir Sulton Husayn Boyqaro to‘g‘risidagi fiqradir. Bobur ushbu «masnu’» xarakteridagi fiqrani katta tayyorgarlik bilan yozgani bilinadi. Mazkur fiqrada ham «Bobur, ayniqsa, o‘zbek mumtoz adabiyotining faxri, o‘z ijodi, ilmiy-adabiy faoliyati bilan jahon adabiyoti xazinasiga ulkan hissa qo‘shgan buyuk Alisher Navoiy haqida zavq-shavq bilan so‘zlaydi» [Ҳасанов, Отажонов, Жамолов 2002, 28]. Shuni alohida ta’kidlash kerakki, ushbu fiqra adabiyotshunoslikda Alisher Navoiy va Bobur haqidagi ilmiy tadqiqotlar va ijodiy suhbatlarda barcha navoiyshunoslar, boburshunoslar [Шайхзода 1972, 20–22; Султонов 2010, 359-360; Ўзбек адабиёти тарихи 1978, 75-76; Ҳасанов 1981, 79; Қодиров 2005, 131-210; Сирожиддинов 2011, 293-295; Ҳошимова 2014, 10–34], umuman, ziyolilar qatlami eng ko‘p murojaat qilgan firqa hisoblanadi.


«Xususiyati bisyor ekandur»


Mazkur tarixiy ahamiyatga molik fiqrada Sulton Husayn Boyqaroning hasab va nasabda mashhur bo‘lgan Muhammad Burunduq barlos, Muzaffar barlos kabi umarolaridan keyin ulug‘ amir Alisher Navoiyning hayoti, ijodi, vafoti tafsiloti, umuman, «Temuriylar Uyg‘onish davri Alisher Navoiy» talqini yirik lavhada batafsil zikr qilingan, asarlarining nomi va Boburning mehr bilan «Xususiyati bisyor ekandur» degan e’tirofi, iliq, samimiy munosabati ifodalangan oltinchi ma’lumotga murojaat qilamiz. Maqolada aytilgan fikr va talqinlarimizda ma’lum bir uzilish va tarqoqlik bo‘lmasligi uchun bu lavhani to‘liq berishga harakat qildik:


1. Sulton Abusaid Mirzo, Sulton Husayn Boyqaro, Ahmad Hojibek va ulug‘ amir Alisher Navoiy munosabatlarining qisqa bayoni. Agar bu lavhaga qo‘shimcha sharh qiladigan bo‘lsak, ma’lumki, Alisher Navoiy Amir Temurning to‘rtinchi o‘g‘li Shohrux Mirzo zamonida tug‘ilgan va Abulqosim Bobur, Sulton Abusaid Mirzo, Sulton Husayn Boyqaro davrida yashab, ijod qilgan, vafoti ham zamon podshohi Sulton Husayn Boyqaro hukmronligining so‘nggi besh yilligida ro‘y bergan. Chunonchi: «Yana biri Alisher Navoiy edi, begi emas edi, balki musohibi edi, kichikligida hammaktab ekandurlar. Xususiyat bisyor ekandur. Bilmon , ne jarima bila Sulton Abusa’id Mirzo Hiridin ixroj qildi. Samarqandg‘a bordi, necha yilkim, Samarqandta edi. Ahmad Hojibek murabbiy va muqavviy edi. Alisherbekning mizoji nozukluk bila mashhurdur. El nazokatini davlatining g‘ururidin tasavvur qilur edilar. Andoq emas ekandur, bu sifat anga jibilliy ekandur. Samarqandta ekanda ham ushmundoq nozuk mizoj ekondur» [Бобур 2002,132].


2. Alisher Navoiy ijodining umumiy tavsifi, jami o‘ttiz to‘rtta asaridan o‘n beshta lirik, nasriy asarlarining nomi va ayrim o‘ziga xos uslubiy jihatlari bilan temuriylar Uyg‘onish davri ilmiy, madaniy muhitida tutgan yuksak maqomi, rahbarlik va «murabbiy va muqavviy»lik o‘rni va roli, do‘sti Abdurahmon Jomiy bilan o‘zaro adabiy aloqa va ta’sir masalalari hamda Boburning e’tirofi, tanqidiy fikrlarining bayoni. Umuman, Boburning mazkur ma’lumotlarini sinchiklab o‘rgangan navoiyshunos olim Sh.Sirojiddinov uning tanqidiy fikrlari borasida «Ta’kidlash zarurki, Boburning Navoiy ijodi haqidagi tanqidiy qarashlari XX asr adabiyotshunoslarining ushbu masalaga bag‘ishlangan tadqiqotlarida tasdiqlanmadi» [Сирожиддинов 2011, 294], deb to‘g‘ri qayd etgan, biz ham olimning qimmatli fikrlariga qo‘shilamiz.

Ya’ni: «Alisherbek naziri yo‘q kishi edi. Turkiy til bila to she’r aytubturlar, hech kim oncha ko‘p va xo‘b aytqon emas. Olti masnaviy kitob nazm qilibtur, beshi «Xamsa» javobida, yana biri «Mantiq ut-tayr» vaznida «Lison ut-tayr» otliq. To‘rt g‘azaliyot devoni tartib qilibtur: «G‘aroyib us- sig‘ar», «Navodir ush-shabob», «Badoye’ ul-vasat», «Favoyid ul-kibar» otliq. Yana ba’zi musannafoti borkim, bu mazkur bo‘lg‘onlarg‘a boqa pastroq va sustroq voqe’ bo‘lubtur. Ul jumladin insholarini Mavlona Abdurahmon Jomiyg‘a taqlid qilib jam’ qilibtur. Hosili kalom, har kimg‘a har ish uchun har xatkim bitibtur, yig‘ishturubtur. Yana «Mezon ul-avzon» otliq aruz bitibtur, bisyor madxuldur: Yigirma to‘rt ruboiy vaznida to‘rt vaznda g‘alat qilibtur. Ba’zi buhurning avzonida ham yang‘ilibtur, aruzg‘a mutavajjih bo‘lg‘on kishiga ma’lum bo‘lg‘usidur. Forsiy devon ham tartib qilibtur. Forsiy nazmda «Foniy» taxallus qilibtur, ba’zi abyoti yomon emastur, vale aksari sust va furudtur. Yana musiqada yaxshi nimalar bog‘labtur. Yaxshi naqshlari va yaxshi peshravlari bordur» [Бобур 2002, 132].


3. Temuriylar Uyg‘onish davrida Xuroson hukumati va mamlakat devonida va moliyaviy ishlar hamda kadrlar boshqaruvida Alisher Navoiyning ijobiy ta’siri, uning amalga oshirgan «murabbiy va muqavviy», «tarbiya va taqviyat» kabi ishlarining hamda shoh va shoir Bobur hayrati- ning bayoni. Yana bu bayonda Bobur Alisher Navoiy zikri sabab boshqa birlamchi manbalarda ham tilga olingan, shu davrning musiqa san’ati xazinasiga katta hissa qo‘shgan, ustod unvonini olgan Ustoz Qulmuhammad, Shayxiy Noiy, Husayn Udiy kabi san’at ahli hamda temuriylar Uyg‘onish davrining rangtasvir san’atini yuqori ko‘targan, XV asr oxiri va XVI asr boshlarida rassomchilikda bir necha maktablarning shakllanishi va bu davr madaniy hayotida rassomlik – miniatyura sohasida ustodlik unvoni bilan yaxshi tanilgan Kamoliddin Behzod, Shoh Muzaffarlarning nomi, yangi ijodiy miniatyura yo‘nalishiga asos solishi, bebaho san’atlari borasida ham xabarlar bitgan. Muallifning bu ma’lumotlaridan shu narsa ayon bo‘ladiki, tasvir san’ati, xususan, miniatyura temuriylar Renessansi davrida Alisher Navoiy rahbarlik qilgan ilmiy va madaniy muhit sabab Ustoz Kamoliddin Behzod, Shoh Muzaffarlarga o‘xshash iqtidorli rassomlarni ham yetishtirgan. Chunonchi: «Ahli fazl va ahli hunarg‘a Alisherbekcha, murabbiy va muqavviy ma’lum emaskim, hargiz paydo bo‘lmish bo‘lg‘ay. Ustoz Qulmuhammad va Shayxiy Noiy va Husayn Udiykim, sozda saromad edilar, bekning tarbiyati va taqviyati bila muncha taraqqiy va shuhrat qildilar. Ustoz Behzod va Shoh Muzaffar tasvirda bekning sa’y va ehtimomi bila mundoq mashhur va ma’ruf bo‘ldilar. Muncha binoyi xayrkim, ul qildi, kam kishi mundoqqa muvafaq bo‘lmish bo‘lg‘ay» [Бобур 2002, 133].

Bobur Ahmad Hojibekka nisbatan qo‘llagan «murabbiy va muqavviy» so‘z birikmasini Alisher Navoiyga nisbatan ham ishlatgan va ulug‘ amirning ham vaqt o‘tib «murabbiy va muqavviy»likka tengsiz darajada ko‘tarilganini «Ahli fazl va ahli hunarg‘a Alisherbekcha, murabbiy va muqavviy ma’lum emaskim, hargiz paydo bo‘lmish bo‘lg‘ay» degan hayrat bilan sharhlagan. Bu ma’lumotning ba’zi bir isbotini, izohlarini muallif «Boburnoma»ning Hirot bo‘ylab qilgan sayri, sayohati va ziyorati aks etgan lavhada yana batafsil bayon qilgan. Demak, Bobur memuarda qo‘llagan «murabbiy va muqavviy», «tarbiyati va taqviyati» so‘z birikmalarini faqat o‘z asarida tilga olgan temuriylar Uyg‘onish davri vakillariga nisbatan ishlatgan va bu holat ularning yaratuvchanlik qobiliyatlariga hamda moddiy va ma’naviy sohalarda amalga oshirgan bunyodkorlik, saxovat, futuvvat xarakteridagi ishlariga, aql va qo‘l ixtirolarining yaratilishi, joriylanishiga va ko‘payishiga bosh qo‘shganiga ham ishoradir. Yana shuni alohida qayd etish kerakki, Bobur bu so‘z birikmasini asarda ilk marta Xoja Ahrori Valiyga nisbatan qo‘llagan. Qizig‘i shundaki, vaqt o‘tib Boburning o‘zi ham atrofiga turli ilm, fan namoyandalarini va shoir, adiblarni to‘plab, ularning ilmiy, ijodiy ishlariga «murabbiy va muqavviy»lik qildi hamda «tarbiyati va taqviyati»ni amalga oshirdi. Boburning moddiy va ma’naviy sohadagi bunyodkorlik faoliyati mamlakatimiz va xorijlik boburshunos olimlar tomonidan alohida e’tirof etilgan hamda o‘rganilgan. Masalan, britaniyalik taniqli sharqshunos va tarixchi Vilyam Rashbruk uni «o‘n oltinchi asrning bunyodkori», deb yuksak baholagan va Bobur haqida aynan shu nom bilan «O‘n oltinchi asr bunyodkori» [Rashbruk 2011, 208] nomli asar yozgan. Bu asar Bobur nomidagi xalqaro jamoat fondi tomonidan ingliz tilidan o‘zbek tiliga tarjima qilinib, nashr qilingan va ilmiy muomalaga kiritilgan.


4.Alisher Navoiy hasbi holi va dardining tuzalishiga umid yo‘qligi haqida o‘zining bashorati talqin qilingan noyob bayt hamda vafoti tafsilotining qisqa bayoni. Mazkur bayonda, birinchidan, «Shams ul-millat»ning umrni ahlu ayolsiz, farzandsiz «farida va jarida» tarzda o‘tkazishi, ikkinchidan, «Temurbekning yurtida» davlat ahamiyatiga molik Astrobod shahrida ma’lum muddat hokimlik qilishi, o‘sha sarhadlarni mustahkamlashi, uchinchidan, Sulton Husayn Boyqaroning harbiy amirlaridan biri ekanligi va harbiy amirlik faoliyatidan o‘z ixtiyori bilan iste’foga chiqishi, to‘rtinchidan esa yirik mulkdor sifatida davlat xazinasiga ham katta miqdorda «Mirzodin nima olmas, balki yilda Mirzog‘a kulliy mablag‘lar peshkash qilur edi» tarzida ulush berib turishi kabi nihoyatda muhim voqealar ham qamrab olingan. Umuman, bu lavhada Alisher Navoiy nafaqat daho so‘z san’atkori, buyuk shaxs ekanligi, balki uning muhrdor, bek, fozil hokim, harbiy amir kabi lavozim va darajalari ham avoyil, avosit, avoxir tarzida tartib bilan tilga olingan.


«O‘g‘ul va qiz va ahlu ayol yo‘q, olamni tavre fard va jarida o‘tkardi. Avoyil muhrdor edi, avosit bek bo‘lub, necha mahal Astrobodta hukumat qildi, avoxir sipohiyliqni tark qildi. Mirzodin nima olmas, balki yilda Mirzog‘a kulliy mablag‘lar peshkash qilur edi. Sulton Husayn Mirzo Astrobod cherikidin yong‘onda istiqbolg‘a keldi, Mirzo bila ko‘rushub qo‘pquncha, bir holate bo‘ldi, qo‘polmadi, ko‘tarib eltdilar. Tabiblar aslo tashxis qila olmadilar. Tonglasig‘a-o‘q Tengri rahmatig‘a bordi. Bir bayti hasbi hol voqe’ bo‘lubtur:

Bu dard ilaki o‘larmen, maraz chu zohir emas,

Tabiblar bu balog‘a ne chora qilg‘oylar» [Бобур 2002, 132–133].

Alisher Navoiyning o‘z kasalligi to‘g‘risida bitgan ushbu she’rining an’anasini Bobur ham ijodida davom ettirgan. «Mubayyin» asarining «Vuzu’ navoqizining bayoni» nomli faslida o‘zining kasalligi, dardi va Ollohdan shifoi komil, ofiyat so‘rab qilgan iltijolari haqida badiiy uslub bilan shunday hazinga yo‘g‘rilgan misralar yozgan:

Bo‘ldi yillarki, beda’vodurmen,

Bu balo birla mubtalodurmen.

Har qachonkim, tahorat aylarmen.

Ilgari nam ko‘rarmen, aksarmen.

Lek bir vaqtni bu shug‘l etmas,

Muddatedurki, mendin ul ketmas.

Shug‘l bir vaqt qilsa muddatta,

Yana bir vaqt yo‘qtur, albatta.

Yoz aksar tahoratim sinmas,

Qish sinardin tahoratim tinmas.

Hech bilmanki, ne da’vo qilayin,

Kimga bu mushkulim ado qilayin.

G‘aybdin bir shifo Xudo bergay,

Dardima Tengri-o‘q da’vo bergay [Бобур 2014, 56].


Bobur o‘z kasalligi haqida ushbu yozganlari bilan cheklanib qol- maydi. Devonidan o‘rin olgan masnaviylarining yettinchi masnaviysida an’anaviy timsol sabo (yel)ga murojaat usulidan foydalanib, kasallik ahvolini mufassal bayon qilgan va masnaviy ichida «Mubayyin»da kasalligi, og‘riqli qalbi to‘g‘risida avval ham yozganini alohida bir baytda talmeh asosida eslatib ham o‘tgan:

Bordur andoqki, ayon aylabmen,

Men «Mubayyin»da bayon aylabmen [Бобур 1994, 125].

«Boburnoma»da yozilgan ulug‘ shoir to‘g‘risidagi yettinchi ma’lu- motning o‘ziga xos tomoni shundaki, Bobur Sulton Husayn Boyqaroning umarolari qatorida Alisher Navoiyning ukasi Darvesh Alibek haqida ham u yoki bu darajada ma’lumotlarni bitar ekan, ulug‘ amirni ikki marta zikr qiladi. Ma’lumotda asosiy e’tibor «Beklik qobiliyatidin dur va ichkilik salohiyatidin mahjur...» Darvesh Alibekka qaratilgan bo‘lsa ham, ammo muallif ukaning kamoloti uchun Alisher Navoiy ko‘rsatgan yordami, g‘ayrati va mashaqqatlariga alohida urg‘u bergan hamda lavhada Navoiyning mehribon aka sifatidagi qiyofasini, obrazini ham tasvirlab bergandek:

«Yana Darvesh Alibek edi. Alisherbekning tuqg‘an inisi edi. Necha mahal Balxning hukumati munda edi. Balxda yaxshi bekliklar qildi.Tiyramag‘z va mudaffi’ va behunarroq kishi edi. Sulton Husayn Mirzo avval Qunduz va Hisor ustig‘a kelganda tiyramag‘zlig‘idin tutturdilar. Balx hukumatidin ma’zul bo‘ldi. Tarix to‘qquz yuz o‘n oltida men Qunduz kelganda qoshimg‘a kelib edi, masx va mabhut edi. Beklik qobiliyatidin dur va ichkilik salohiyatidin mahjur edi. G‘olibo Alisherbek vositasidin muncha rioyat topqandur» [Бобур 2002, 134].

Boburning ushbu ma’lumotlari bizga Alisher Navoiyning «Xamsa»ni 1485-yilda ne mashaqqatlar bilan yakunlar ekan, «Saddi Iskandariy»dagi ukasi Darveshaliga bag‘ishlangan «Hokimsuratu darveshsiyrat, balki Darvesh ismi hukumat qism, ya’ni axaviy maobi davlatiyobqa mavoizoso kalom va nasoyihi molokalom demak» nomli bob bilan tamomlaganini eslatadi. Bobda Alisher Navoiy o‘zining hajm jihatidan eng katta dostonidan, so‘z mulkidan qadrli ukasi uchun nasiba, yodgorlik, ya’ni bir badiiy qism atab yozgani haqida faxriya usulida shunday ta’sirli baytlar yozgan:

Bu besh ganjdinkim, ushottim tilism,

Necha gavhar aylay senga dog‘i qism [Навоий 1993, 539].

` Yoki:

Men ar bo‘lsamu bo‘lmasam oshkor,

Bu so‘zlarni qo‘ydum senga yodgor [Навоий 1993, 561].


So‘ngra ukasiga bir-biridan ta’sirli, ibratli pand-nasihatlar, ezgu tilaklar bildirgan, u ukasi bilan Sulton Husayn Boyqarodan ko‘rgan yorug‘liklar, rizqu baraka, maqomu martabalar va Bobur tili bilan aytganda, «Asru ulug‘ rioyat»lar uchun o‘zining shukronalarini poetik talqin qilgan va ukasining ham «Asru ulug‘ rioyat»lar uchun shukronalar aytib yurishini eslatgan, o‘z o‘rnida har doimgidek tanbeh berishni ham unutmagan. Bobur ham «Boburnoma»da mazkur tarixiy bitiklari bilan G‘iyosiddin Bahodirning o‘g‘illari Alisherbek va Darvesh Alibeklarga so‘z mulkidan yodgorlik qo‘ygan. Bu lavhada Boburning Qunduz shahrida Alisher Navoiyning ukasi Darvesh Alibek bilan ko‘rishgani va muloqot qilgani haqidagi xabar ham nihoyatda qimmatli bo‘lib, mazkur uchrashuvning tafsilotini temuriylar Uyg‘onish davrining mumtoz muarrixi G‘iyosiddin Xondamir «Habib us-siyar» asarida keltirgan.


«Madaniy ko‘tarinkilik» yo‘lida

Ishonchli manbalarda bitilishicha, birinchidan, Alisher Navoiy vafotidan keyin ham u yetishtirgan kuchli, iqtidorli kadrlar o‘z yo‘lini yo‘qotishmagan va temuriylar Uyg‘onish davri yutuqlarini o‘zlarida saqlab qolib, akademik M.Xayrullayev iborasi bilan aytsak, «madaniy ko‘tarinki- lik» yo‘lida, ma’rifat, farovonlik yo‘lida og‘ishmay harakat qilishgan. Ikkinchidan, ularga ham o‘z navbatida Alisher Navoiyning «murabbiy va muqavviy»ligini, «tarbiya va taqviyat»ini olgan kadrlar sifatida ham hurmat ko‘rsatishgan, ishonch bilan lavozimlar berishgan. Bunday hayotiy misollarni ko‘plab keltirish mumkin. Masalan, Xondamir Agraga, Bobur podshoh huzuriga borgan bo‘lsa, adib Zayniddin Mahmud Vosifiy esa Toshkentda Mirzo Ulug‘bekning qizi Robiya Sulton Begimning o‘g‘illari bilan uchrashgan va shu yerda muqim qolib, o‘zining mashhur «Badoye’ ul-vaqoye’» asarini yozgan. Zayniddin Vosifiyning bu asari Markaziy Osiyo xalqlarining ilmiy, madaniy tarixi uchun muhim ishonchli manbadir. Bu asarda biz temuriylar Uyg‘onish davrining hukmdorlari, ko‘pgina adabiyot va san’at namoyandalari, xususan, «murabbiy va muqavviy»lari bo‘lmish Sulton Husayn Boyqaro, Abdurahmon Jomiy, Alisher Navoiy haqida qim- matli va muhim ma’lumotlar bilan tanishamiz. Yoki Kamoliddin Behzod Shayboniy saroyida xizmat qilgan bo‘lsa, Sulton Ali Mashhadiy esa Alisher Navoiy vafotidan so‘ng tug‘ilgan shahri Mashhadga ketadi va u yerda ham sevgan kasbi xattotlik bilan shug‘ullangan.

Sulton Husayn Boyqaroga bag‘ishlangan lavhaning «Sudur» faslida Sultonning sudurlaridan Mir Sarbarahna va Kamoliddin Husayn Gozurgohiylar to‘g‘risida yozilgan ma’lumotga duch kelamiz. Ma’lumotda Alisher Navoiyni so‘fiylar davrasida uchratamiz. Bu lavha u to‘g‘risidagi sakkizinchi muhim ma’lumotdir. Ma’lumki, u naqshbandiya tariqatiga xos bo‘lgan xufiya zikr bilan shug‘ullangan. Boburning yozgan bu ma’lumotidan shu narsa ayon bo‘ladiki, Alisher Navoiy davrasida faqat xufiya zikr vakillari emas, balki vajd va samo’ga asoslangan jahriya zikri yoki boshqa tariqat vakillari ham uning «Unsiya»sida yig‘ilib, zikrlar qilishgan. Bobur mazkur lavhada maqtagan Kamoliddin Husayn Gozurgohiyning vajd va samo’ usuli zikrning jahriya usuliga xosdir. Hayotda hech nima inson ruhiga zikrchalik orom, fayz bermaganidek, zikrlar qabul qilishda Alisher Navoiy erkin bo‘lgan, degan xulosaga kelamiz. Chunonchi: «Yana Kamoliddin Husayn Gozurgohiy edi. Alisherbek qoshida mundoq mutasavviflar yig‘i- lib, vajd va samo’ qilurlar ekandur. Aksaridin muning usuli yaxshiroq ekandur» [Бобур 2002, 136]. Boburning yozgan bu ma’lumoti bo‘yicha, Alisher Navoiy davrasida, «Unsiya»sida kechgan zikrni yaxshi tushunish maqsadida zikrinig qisqa ta’rifini keltirishni o‘rinli deb hisobladik: «Zikr (arabcha – eslash) – tasavvufda solikning Ollohga yaqin bo‘lish maqsadida takbir, tasbeh... shuningdek oyatlar yoki hadislardan olingan duolar hamda Ollohning nomlari, sifatlarini takrorlash orqali uni til yoki qalbda poklab va ulug‘lab eslash. Tasavvuf tarixining ilk davrlarida zikrni ikki turga til va sir (yoki qalb) zikriga bo‘lishgan» [Ислом энциклопедияси 2017, 185].

«Vuzaro» faslida uning o‘n bir nafar vaziri haqida Bobur o‘ziga xos lavhalar bitgan. Ushbu faslda vazir Majididdin Muhammad bilan bog‘liq keng, xabarlarga boy, ibratomuz tasvir bor, unda tadbirkor vazir o‘zining fe’li hamda fitnasi sabab saroydagi ziddiyatli vaziyatni paydo qilgani, ya’ni «ahli mansab bila ziddona maosh qilgani» masalasini Bobur nafaqat mahoratli adib, balki hukmdorlarga xos keng va chuqur mulohaza bilan yozish va sharhlashga intilgan. Bu sharhda saroyda Sulton Husayn Boyqaroning «muqarrabi» sifatida Alisher Navoiy nomini yodga olgan. Bu esa to‘qqizinchi xabardir: «Bu ham imkoni boricha sa’y va ehtimom qilib, oz fursatta sipohiy va raiyatni rozi va shokir qildi. Xizonag‘a ham vofir yarmoq lar tushurdi, viloyatni ma’mur va obodon qildi. Vale Alisherbek boshliq jami’ beklar va ahli mansab bila ziddona maosh qildi, bu jihattin borcha aning bila yomon bo‘ldilar» [Бобур 2002, 136]. Bir hadisda «Xayru baraka, sulhu salomatlik jamoat bilan» deganlaridek, vazir Majididdin Muhammad Sulton Husayn Boyqaro saroyida adolat va insofni o‘zlarining asosiy guvohi deb bilgan Alisher Navoiy boshliq jamoa bilan kelishmaganining sabab va oqibati yaxshi yoritilgan. Muallif davlat mulozimlari, xizmatchilari uchun saboq sifatida bu kabi muhim ma’lumotlarni boburona uslubda o‘ziga xos rostgo‘ylik bilan yozib qoldirgan. Lavhada, ya’ni «Yolg‘iz otning changi chiqmas, changi chiqsa ham dong‘i chiqmas», degan dono xalq maqoli, folklorizmining falsafiy, didaktik mazmuni va ibratli jihati ham o‘z ifodasini topgan.

Sulton Husayn Boyqaro haqidagi lavhasida «Shuaro» nomli fasli ham bo‘lib, unda Sultonning o‘n bir nafar shoiri zikr qilingan, shu o‘n bir nafar shoir qatorida shoir Binoiy ham tilga olingan va ushbu zikrda uning Alisher Navoiy bilan bo‘lgan munosabati ham keng sharhlangan, Bobur yozgan ba’zi sharhlar «Majolis un-nafois»ning «Mavlono Binoiy» [Наво- ий 1997, 74] nomli fiqrasida bitilgan sharhlar bilan o‘zaro mushtaraklik kasb etgan. Demak, mazkur sharhlar Alisher Navoiy to‘g‘risida bitilgan o‘ninchi ma’lumot bo‘lib, unda Alisher Navoiy, Alisherbek, deya to‘rt marta tilga olingan. Shulardan uchtasida Alisher Navoiy va Binoiyning o‘zaro munosabatlari yoritilgan bo‘lsa, to‘rtinchisidauning ulug‘ nomi bilan atalgan o‘sha davrdagi ayrim tovar brendlari, savdo belgilari xususidadir. Fahmimizcha, Bobur yozgan shoir Binoiy haqidagi lavhani hajm va bayon tarziga ko‘ra, alohida bir hikoyat deb baholash mumkin, chunki muallif shoir Binoiyning go‘yo yaxlit, to‘laqonli bir porteretini so‘z bilan tasvirlab, chizib bergandek bo‘ladi. Ma’lumki, Bobur hayotda shoir Binoiy bilan dastlab Xoja Yahyo xizmatida uchrashgan bo‘lsa, keyinchalik shoir Binoiy uning xizmatiga kirgan, demak, Bobur uni yaqindan bilgani uchun unga ham yirik lavha yozgan. U she’rlarida qo‘llagan aruz vazni to‘g‘risida «Boburnoma»ning boshqa lavhasida ham ma’lumot uchraydi. Bobur Binoiyning ijodini yaxshi bilgani uchun ham bir o‘rinda «G‘azalida rang va hol bordur» deb ishonch bilan o‘z ijobiy bahosini aytib o‘tgan bo‘lsa, mevalar to‘g‘risida yozgan bir masnaviysini esa «bekor qilibtur» deb tanqid ham qilgan. Xullas, mazkur hikoyat xarakteridagi lavhani, yuqorida aytganimizdek, tom ma’noda shoir Binoiy to‘g‘risida bitilgan hayotiy xarakterdagi hikoyat deb baholash mumkin. Fiqrada shoir Binoiyning asli hirotlik ekanligi, otasi, kasbi, taxallusi, she’riy devoni, Alisher Navoiy bilan yuz bergan ayrim jiddiy, nojiddiy nizoli munosabat, murakkab vaziyatlar, Hirot madaniy-ma’rifiy muhitida nimalargadir erishish uchun qilgan xolis yoki noxolis harakatlari, intilishlari sabab tushgan malomatlaridan goh salomat, goh kasir chiqqanlari va Hirot, Iroq, Samarqandda kechgan hayoti bilan bog‘liq hasbi hol xarakteridagi xabarlar batafsil bayon qilingan. Ushbu lavhada Bobur «Boburnoma»da Alisher Navoiy haqida yozgan tari- xiy ma’lumotida ham ko‘k yog‘liqni ro‘mol nomi sifatida tilga olgan Alisher Navoiy nomi bilan atalgan ko‘k yog‘liq, ya’ni «nozi Alisheriy»ga biroz to‘xtalsak. «Ko‘k yog‘liq» – ro‘mol, Alisher Navoiy yashagan davrda xotin- qizlarning boshiga o‘raydigan ro‘mol turi va nomi, odatda, to‘rtburchak shaklidagi mato. Alisher Navoiy esa aynan ushbu «ko‘k yog‘liq» bilan bog‘liq peyzajni «Hayrat ul-abror»ning «Avvalg‘i hayrat» bobida yozgan va mubolag‘a va tarse’ san’atlari vositasida go‘zal timsol sifatida ko‘chma ma’noda qo‘llagan va mahorat bilan so‘zlar vostitasida shunday tasvirlar chizadi:

Gul ul o‘yung‘a chu havas ko‘rguzub,

Jaybidag‘i xurdalarin o‘tquzub.

Jola binafshag‘a urub toshini

Bog‘lab ko‘k yog‘luq ila boshini [Навоий 1991, 80].

Ko‘rinib turibdiki, Navoiy aynan «ko‘k yog‘liq»ni go‘zal bir chizgilarda tilga olishi, bir tomondan, hasbi hol xarakterida bo‘lsa, ikkinchi tomondan esa kitobxon uchun ham qiziqarli tarzdagi lirik lavhadir. Ushbu lirik lavhani hasbi hol deyishimizga sabab, balki ulug‘ shoirning onasi shu singari ro‘molni yoqtirgan yoki shoir qulog‘i og‘riganida bog‘lagan «ko‘k yog‘liq»ni muhtarama onalaridan qolgan yodgorlikdir, degan xulosaga kelishimizga ham turtki beradi. Bobur o‘zining mashhur:

Yog‘lig‘ingkim, jon bila men xastadurmen zor anga,

Xasta jonlar rishtasidindur magar har tor anga [Bobur 1994,18],

– degan matla bilan boshlanuvchi olti baytli g‘azalini balki shu yog‘liq ta’sirida yozgandir. Xullas, «ko‘k yog‘liq» haqidagi Bobur ma’lumoti hamda Alisher Navoiy «Hayrat ul-abror» dostonida yaratgan ramziy obraz so‘z ahli va kitobxon uchun davlat, iqbol, saodatning timsoli hamda ibratli ruhiy ijodiy jarayonning betakror mushtarak adabiy hodisasi, namunasi bo‘lib qoladi.


Obodonchilik faoliyati xususida

Bobur «Boburnoma»da poytaxt Hirotda ajzchi Yusuf Ali Ko‘kaldosh hamrohligida qilgan safar va ziyoratlarni, Kobul taxtida o‘tirgan hukmdor sifatida dor us-saltanat Hirotda o‘tkazgan rasmiy yoki norasmiy uchrashuvlari to‘g‘risida batafsil bayon qilishga harakat qilgan. U yozgan bu qimmatli ma’lumotlar bizga temuriylar Uyg‘onish davrida Hirot shahrida qurilgan monumental bino va inshootlar haqida to‘liqroq tasavvur beradi. «O‘rni kelganda shuni ham aytib o‘tish kerakki, Sulton Husayn Boyqaro, Alisher Navoiy zamonida Xurosonda binolarning ko‘pi, oldingi zamonlarda qurilgan katta inshoatlardek, faqatgina yuqori tabaqa – davlatmandlarning manfaatini ko‘zlagan holda yaratilmay, ularning ayrimlari xalqqa xizmat qilish uchun, ularning undan bahramand bo‘lishlarini ko‘zlagan holda yaratilganligi bilan ajralib turadi. Bu sohada Alisher Navoiy tomonidan qurdirgan bino va inshootlar juda katta umumxalq manfaatiga ega edi» [Ўзбек адабиёти тарихи 1977, 17].

Muhimi, Alisher Navoiy haqida yozilgan mazkur o‘n birinchi tasvir bizda temuriylar davlati boshqaruvida bo‘lgan Xuroson poytaxti Hirotda amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari, shaharsozlik madaniyati, poytaxt shahar infratuzilmasi, monumental bino va inshootlar qurish, bog‘-saroylar barpo qilish haqida to‘liq va haqqoniy tasavvur beradi. Ushbu lavhada Hirotning gullab-yashnashi uchun faol faoliyat, temuriylar Uyg‘onish davrida ko‘proq jamoat manfaatiga xizmat qiluvchi binolarni qurish rasm bo‘lgani va bunyodkorlik ishlarini olib borgan temuriy hukmdorlar, temuriy malikalar va boshqa yirik mulkdorlar qatorida Alisher Navoiy nomi ham ikki marta tilga olingan hamda uning o‘ndan ortiq bunyodkorlik ishlari birma- bir sanab, ta’kidlab ko‘rsatilgan. Qarorgoh hisoblangan, Jo‘yi Injil yoqasida Badiuzzamon Mirzo madrasasi yonida qurilgan «Unsiya» nomi bilan mashhur dilkusho maskan bo‘lgan uyi to‘g‘risida Bobur ikkita qimmatli ma’lumotni bitgan. Ya’ni, birinchidan, u 1506-yilning kuzida Hirotga kelganida ustozi Alisher Navoiyning «Unsiya»sida bir muddat yashaganini, bir vaqtlar Samarqand taxtida o‘tirib ulug‘ amirdan kelgan kitobatni xotirlab, uning olamshumul ijodi hamda serqirra faoliyati bilan yaqindan tanishganini, qarorgohda uning o‘ziga xos ruhiy olamidan kuch-quvvat, fayzu baraka olganini cheksiz faxr va ehtirom bilan «... Tonglasi kelib «Bog‘i Nav»da tushtum. «Bog‘i Nav»da bir kecha bo‘ldum, ani munosib ko‘rmay Alisherbekning uylarini tayin qildilar, Hiridin chiqquncha Alisherbekning uylarida edim» [Бобур 2002, 144] deya xotirlasa, ikkinchidan esa «Yigir- ma kunkim, Hirida erdim, har kunda ko‘rmagan yerlarni sayr qilur edim. Ajzchimiz bu sayrlarda Yusuf Ali Ko‘kaldosh edi», deb Hirot sayri va safari, ziyorati haqida batafsil lavhalar yozadi. Shaharning oltmishdan ziyod mashhur tarixiy, madaniy obidalari, masjidu madrasa, bog‘-saroy va bog‘chalari bilan yaqindan tanishganini birma-bir sanab, izohlaydi hamda shulardan shaxsan Alisher Navoiy barpo qilgan Alisherbek bog‘chasini, taxti Navoiyni, «Qudsiya» nomli maqbara-masjidini, «Xalosiya» va «Ixlosiya» xonaqohini, «Safoiya» va «Shifoiya» nomli hammom va dor ush-shifosini diqqat bilan ko‘rganini bayon qiladi va «...Alisherbekning o‘lturur uylarini «Unsiya» derlar» [Бобур 2002, 145] deb, kitobxon uchun alohida yana bir bora izoh ham berib o‘tgan: «...Alisherbekning o‘lturur uylarikim, «Unsiya» derlar, maqbara va masjidi jome’nikim, «Qudsiya» derlar, madrasasi va xonaqohinikim, «Xalosiya» va «Ixlosiya» derlar, hammom va dor ush- shifosinikim, «Safoiya» va «Shifoiya» derlar, borini andak fursatta sayr qildim» [Бобур 2002, 146]

Mushoira va ilmiy-adabiy bahsu munozaralar o‘tkazish joyi va mumtoz muarrix Davlatshoh Samarqandiy so‘zlari bilan aytsak, «fuqarolar murojatgohi» hisoblangan «Unsiya» xususidagi ma’lumot ham biz uchun nihoyatda bebahodir. Alisher Navoiy «Xalosiya» va «Ixlosiya» madrasalarida mashhur olim va fozillar mudarrislik qilishi hamda yo‘lga qo‘yilgan ta’lim, tarbiya usullari va talabalarning fanlarni o‘zlashtirishi bilan bog‘liq o‘quv jarayonlari xususida «Vaqfiya» asarida yozgan. Yoki u qurdirgan shifoxonalar haqida professor A.O‘ralov o‘zining «Лечебно-селебные учреждение эпохи тимуридов» nomli maqolasida tilga olgan. Muhimi shundaki, professor bu ma’lumotlarni asosan Boburning «Boburnoma»sida hamda Xondamirning «Habib us-siyar»ida Alisher Navoiy haqida bitilgan ma’lumotlarga asoslanib yozgan: «В 1480-1482 гг. На окраине Герата, на живописном берегу реки Инджил Алишера Навоий построил специальный комплекс соружений медицинского назначения. В него входили больница «Шифоия», медресе «Ихло сия» и баня «Сафоия». Слова «Шифоия» здесь означало понятие здо ровья, а «Сафоия» – чистоты. Строительство здания больницы рядом с баней. То есть лечебное здание здание рядом с оздоровительно-гигиеническим, способствовало, повидимому, не только выполнению в бане таких оздоровительных процедур, как водное купание, потение, массаж, но и осуществлению вней мероприятий, связанных с лечением больных. Применение такого гармоничного единства в орга низaции медицинского обслуживания практиковалось и раньше, при строительстве в других странах Востока» [Ширинов 2014, 183– 184]. Hirot shahrida Alisher Navoiy yashagan uyga tarixiy manbalarda, jumladan «Boburnoma»da ham «Unsiya» (arabcha so‘z bo‘lib, ulfat, chin do‘st ma’nosini bildiradi – B.R.) deb nom berilganini yuqorida aytib o‘tdik. Ya’ni, bu uy do‘stlar, ijod ahli, ustoz va shogirdlar suhbat quradigan ezgulik, xayru ehson hamda temuriylar Uyg‘onish davrining ilm-ma’rifat maskani hamda shoh va shoir Husayn Boyqaro, valiahd shahzoda Badiuzzamon Mirzolar tez-tez tashrif qiladigan qarorgoh ham hisoblangan.

Demak, Alisher Navoiy hayotligida bir-ikki bora maktub yozishgan Bobur uchun yigirma kun «Unsiya»da yashash juda katta tarixiy, madaniy va ma’rifiy hodisa bo‘lgan. Bizningcha, Bobur navoiyshunos sifatida birinchilardan bo‘lib, Alisher Navoiy hayoti, ijodi va faoliyati aks etgan barcha arxiv fondi, xususan, arxiv-kutubxonasi bilan yaqindan tanishish baxtiga, imkoniyatiga muyassar bo‘lgan. Demak, Bobur Alisher Navoiyning «Unsiya»sida jamlangan arxiv materiallari asosida o‘n ikkita muhim ma’lumot, lavha kabi oltin bitiklarni memuarida yozib qoldirgan.

Bobur «Boburnoma»da yozishicha, u botiniy va zohiriy g‘uborlardan xalos bo‘lish uchun faqat bahor faslida bahor sayliga emas, balki kuzda ham xazon (kuz) sayriga chiqib turgan va xazon sayri bilan bog‘liq manzara, chizgilarni memuarida zavq va maroq bilan yozib qoldirgan [Ра жабова 2019, 4–7]. Memuarda bitishicha, u xazon sayridan qaytgach, haftaning ma’lum kunlarida amalga oshirgan o‘zining ayrim rejali ishlari xususida ham ma’lumotlar bitgan. Shunday ma’lumotlardan biri adabiyot nazariyasi fani bilan bog‘liq bo‘lib, unda gap o‘zining ilmiy xarakterdagi «Aruz risolasi»ni yozishi haqida bo‘lib, mazkur kitobiga Alisher Navoiyning «Xazoyin ul-maoniy»da jam bo‘lgan 3600 ta she’ridan terma tarzda misollar olganiga va ilmiy, ijodiy ishni omadli tamomlaganiga ishora qilgan. Chunonchi: «Odina kuni, oyning yigirma uchida Alisherbekning to‘rt devonidin buhur, avzoni tartibi bila g‘azallar abyotkim, intixob qililadur edi, itmomig‘a yetti» [Бобур 2002, 146].

Boburning ushbu qimmatli xabari bizga uning shaxsiy yoki markaziy kutubxonasida ulug‘ shoirning barcha kitoblarining borligiga va uning kitoblarini muntazam ravishda mutolaa qilib turishiga hamda mutolaa jarayonida aruz vazni haqidagi ilmiy risolasiga materiallar to‘plab borganiga ham ishoralar bor. Muhimi, ushbu xabar orqali biz qaysidir ma’noda Boburning ijodiy laboratoriyasidan, ishlash uslubidan, yakqalami haqqi va mahoratidan voqif bo‘lamiz. Yoki ushbu ma’lumot haqida taniqli boburshunos olim S.Hasanov ham fikr bildirib, shunday degan: «U 1506 yil kuzida Hirotda bo‘lganida Alisher Navoiy uyida yashagan, ulug‘ shoir asarlarining, xususan, «Xazoyin ul-maoniy»ning nodir qo‘lyozmasi bilan tanishib chiqqan va undan terma devon tuzgan» [Ҳасанов, Oтажонов, Жамолов 2002, 11].

Xulosa

Bobur aruz vazni nazariyasi bo‘yicha, birinchidan, daho shoir Alisher Navoiyning aruz haqidagi asarini o‘rganib «Yana «Mezon ul-avzon» otliq aruz bitibtur, bisyor madxuldur: Yigirma to‘rt ruboiy vaznida to‘rt vaznda g‘alat qilibtur. Ba’zi buhurning avzonida ham yang‘ilibtur, aruzg‘a mutavajjih bo‘lg‘on kishiga ma’lum bo‘lg‘usidur» [Бобур 2002, 132], deya tanqidiy fikrlarini ham yozgan bo‘lsa, ikkinchidan, shoh va shoir Sulton Husayn Boyqaro devonidan o‘rin olgan she’rlarining vazniga alohida diqqat qilib, o‘rganib «... vale Mirzoning devoni tamom bir vazndadur» deb sharh ham yozgan yoki uchinchidan esa shoir Binoiy lirikasida qo‘llangan aruz bahrlarini ham yaxshi o‘rgangan, buni uning quyidagi fikrlari isbotlaydi: «Yana bir muxtasar masnaviysi ham bor, xafif bahrida. Yana bir ulug‘roq masnaviysi bor, ul ham hafif bahrida, bu masnaviyni so‘ngralar tugatib edi» [Бобур 2002, 138].

Xulosa shuki, aslida Bobur «Boburnoma»da bitgan temuriylar Renessansining buyuk siymosi Alisher Navoiy haqidagi ma’lumotlarning har birida, birinchidan, genial shoir, ulug‘ amirning buyuk shaxsiyati, betakror olami, hayot va ijoddagi o‘ziga xos navoiyona uslubi mujassam bo‘lgan. Ikkinchidan, temuriylar Uyg‘onish davriga xos taraqqiyot, qizg‘in hayot hamda bir qator tarixiy xarakterdagi adabiy, ilmiy, madaniy-ma’rifiy, ijtimoiy-siyosiy jarayonlar ham o‘z ifodasini topgan. Uchinchidan, esa, «Bobur, Alisher Navoiy maktabining ulug‘ davomchisidir. Binobarin, u Alisher Navoiyni doimo o‘ziga ustoz deb bilgan. Haqiqatan, Alisher Navoiyning bizning adabiyotimizga qilgan xizmatini hech kim Boburcha hikmatli va chuqur baholagan emas: «Alisherbek naziri yo‘q kishi edi. Turkiy til bila to she’r aytubturlar, hech kim oncha ko‘p va xo‘b aytqon emas». Shu bahoda Alisher Navoiy ijodiyotining son va sifat tomonlariga yuksak baho berilgan. Bundan tashqari Bobur Navoiyning olijanob shaxsiyatiga oid qimmatli xotiralar beradi» [Шайхзода 1972, 21].


Adabiyotlar

Бобур. 2002. Бобурнома. Тошкент: Шарқ.

Бобур. 1994. Девон (Нашрга тайёрловчи ва сўзбоши муаллифи А.Абду- ғафуров). Тошкент: Фан.

Бобур. 2014. Мубаййин. Тошкент: Movarounnahr.

Ҳасанов, С. 1981. Бобурнинг «Аруз рисоласи». Тошкент: Фан.

Ҳасанов, С., Отажонов, Н., Жамолов, С. 2002. “Буюк қомусий асар”. Бобурнома. Тошкент: Шарқ.

Ҳошимова, Д. 2014. Бобурнинг қиёслаш маҳорати. Тошкент: Фан.

Ислом. Энциклопедия. А – Ҳ. 2017. Тошкент: Ўзбекистон миллий энциклопедияси Давлат нашриёти.

Навоий, Алишер. 1997. Мажолис ун-нафоис. МАТ, 13-жилд. Тошкент: Фан. Навоий, Алишер. 1991. Ҳайрат ул-аброр. МАТ. 7-жилд. Тошкент: Фан.

Навоий, Алишер. 1993. Садди Искандарий. МАТ. 11-жилд. Тошкент: Фан. Қодиров, П. 2005. Тил ва эл: Темурийлар давридаги мумтоз адабий тилимиз муаммолари: Илмий бадиа. Тошкент: Ғафур Ғулом номидаги НМИУ. Ражабова, Б. 2019. “Бобурнома”да xазон сайри”. Бобур ва дунё 3: 12-15. Тошкент.

Рашбрук, Вильям. 2011. Ўн олтинчи аср бунёдкори (Маъсул муҳаррир Х.Султонов; инглиз тилидан Ғ.Сатимов, Х.Сўфиева таржимаси). Тошкент: Шарқ.

Сирожиддинов, Ш. 2011. Алишер Навоий: Манбаларнинг қиёсий-типологик, текстологик таҳлили. Тошкент: Академнашр.

Султон, И. 2010. Навоийнинг қалб дафтари (Маъсул муҳаррир Н.Каримов). Тўлдирилган ва тузатилган учинчи нашри. Тошкент: Ғафур Ғулом номидаги НМИУ.

Ўзбек адабиёти тарихи. 1977. Беш томлик. 2-том. Тошкент: Фан. Шайхзода, М. 1972. Ғазал мулкининг султони. Асарлар. 4 Т. Тошкент: Ғафур Ғулом номидаги Адабиёт ва санъат нашриёти.

Ширинов, Т. 2014. Тарихимиз этюдлари. Тошкент: Шарқ.


References

Bobur. 2002. Boburnoma. Toshkent: Sharq.

Bobur. 1994. Devon (Nashrga tajjorlovchi va suzboshi muallifi A.Abdugafurov). Toshkent: Fan.

Bobur. 2014. Mubajjin. Toshkent: Movarounnahr.

Hasanov, S. 1981. Boburning «Aruz risolasi». Toshkent: Fan.

Hasanov, S., Otazhonov, N., Jamolov, S. 2002. “Bujuk qomusij asar”. Boburnoma. Toshkent: Sharq.

Hoshimova, D. 2014. Boburning qijoslash mahorati. Toshkent: Fan.

Islom. Jenciklopedija. A – H. 2017. Toshkent: Uzbekiston millij jenciklopedijasi Davlat nashrijoti.

Navoij, Alisher. 1997. Majolis un-nafois. MAT, 13-jild. Toshkent: Fan. Navoij, Alisher. 1991. Hajrat ul-abror. MAT. 7-jild. Toshkent: Fan.

Navoij, Alisher. 1993. Saddi Iskandarij. MAT. 11-jild. Toshkent: Fan.

Qodirov, P. 2005. Til va el: Temurijlar davridagi mumtoz adabij tilimiz muammolari: Ilmij badia. Toshkent: Gafur Gulom nomidagi NMIU.

Rajabova, B. 2019. “Boburnoma”da xazon sajri”. Bobur va dunjo 3: 12-15. Toshkent.

Rashbruk, Vil'jam. 2011. Un oltinchi asr bunjodkori (Masul muharrir H.Sultonov; ingliz tilidan G.Satimov, H. Sufieva tarjimasi). Toshkent: Sharq.

Sirozhiddinov, Sh. 2011. Alisher Navoij: Manbalarning qijosij-tipologik, tekstologik tahlili. Toshkent: Akademnashr.

Sulton, I. 2010. Navoijning qalb daftari (Masul muharrir N.Karimov). Tuldirilgan va tuzatilgan uchinchi nashri. Toshkent: Gafur Gulom nomidagi NMIU.

Uzbek adabijoti tarihi. 1977. Besh tomlik. 2-tom. Toshkent: Fan.

Shajhzoda, M. 1972. Gazal mulkining sultoni. Asarlar. 4 T. Toshkent: Gafur Gulom nomidagi Adabijot va sanat nashrijoti.

Shirinov, T. 2014. Tarihimiz jetjudlari. Toshkent: Sharq.

Muallif haqida: Radjabova Burobiya Tangirovna – filologiya fanlari nomzodi, katta ilmiy xodim, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti.


Iqtibos uchun: Radjabova B. 2020. “Temuriylar renessansi va Alisher Navoiy (“Boburnoma” misolida)”. O‘zbekiston: til va madaniyat 1: 31–45.

About the author: Rajabova Burobia T. – Candidate of Philological Sciences. Senior Researcher, Institute of Uzbek Language, Literature and Folklore under the Uzbekistan Academy of Sciences.

For citation: Rajabova R. 2020. “Renaissance of Temurids and Alisher Navoi (on the example of “Babur-name”)”. Uzbekistan: Language and Culture 1: 31–45.


Burobiya Radjabova, burobiya67@mail.ru

Uzbekistan Language and Culture (O‘zbekiston til va madaniyat)

2020, Vol. 1, Alisher Navo'i Tashkent State University of the Uzbek

Language and Literature, www.navoiy-uni.uz, www.uzlc.uz.

ISSN 2181-922X

Fikr qoldirish#


O‘qish tavsiya qilinadi
Yosh shoirning shakllanishi yoki Bobur Mirzo Farg‘ona viloyati podshohi (1494-1504)

Zahiriddin Muhammad Bobur 1483 yil 14 fevral kuni Andijonda Farg‘ona...

Hukmdorlarga o‘rnak bo‘ladigan, dunyo olimlari havas qiladigan umr e’tirofi

This article explores the historical significance of Babur and the...


Maqolani baholang
0.0