Kuni kecha Samarqandda O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha “O‘zbekiston madaniy merosi — yangi Renessans asosi” VII Xalqaro kongressi o‘z ishini boshladi. Forum ishida 40 dan ortiq davlatdan 300 ga yaqin olim va mutaxassis ishtirok etmoqda.
Kongress doirasida “O‘zbekiston madaniy merosi” turkumidagi kitob-albomlarning yangi 61-70-jildlari taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Ozarbayjon, Hindiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya (jumladan, Tatariston) va Turkiyadagi O‘zbekistonning madaniy merosi to‘plamlariga bag‘ishlangan kitob va albomlar shular jumlasidan.
Aynan 70-jildga “Boburnoma”ning fors tiliga qilingan tarjimasi, ya’ni “Voqeoti Boburiy” Hindistondagi Xudo Baxshon Sharq kutubxonasi to‘plamiga kiritilgan. E’tiborlisi, mazkur kitoblar to‘plami kutubxonalarga bepul taqdim etilmoqda.
Shuningdek, Butunjahon jamiyatining boshqa nashriyot loyihalari — “Sharq miniatyurasida tarixiy shaxslar”, “Klavixo: Samarqanddan Temur saroyiga sayohat kundaligi (1403-1406)”, “Rishton kulolchiligi”, “O‘zbekiston san’ati durdonalari”, “Orol va Amu bo‘ylarida: qoraqalpoq san’ati”, “Badiiy atamalar ensiklopediyasi” albomlari, “Bezak ensiklopediyasi” mavzulariga bag‘ishlangan rejadagi nashrlar, “O‘zbekiston gilamlari”, “114 Qur’on”, “Sharqning 100 nodir qo‘lyozmasi” loyihalari ham kongress ishtirokchilariga havola qilinayotir.
Ayni maqola xalqaro anjumanda so‘z yuritiladigan ayrim mavzular va yangi tarixiy ma’lumotlar asosida tayyorlandi.
“Boburnoma” memuar asari badiiy adabiyot, adabiyotshunoslik, tilshunoslik, etnografiya, tarix, geografiya, falsafa fanlari va o‘zbek (turkiy), fors, arab, ma’lum ma’noda, afg‘on, hind, urdu tillari, shuningdek, milliy davlatchiligimiz tarixi uchun ham noyob manba sanaladi. Zero, Sohibqiron Amir Temur va temuriylarning davlat boshqaruvi, davlatchilik masalalari, diplomatik munosabat, idora usuli, hukmdorlar nomi, faoliyati, xonadoni, beklari, sudurlari, qalam ahli, shaharsozlik madaniyati, tarixda o‘tgan buyuk shaxslar ta’rifi, harbiy ishlar, taktika masalasi keng bayon qilingan. Ayni paytda muallifning ularga bo‘lgan munosabati hayratlanarli tarzda ifodalangan.
“Boburnoma”da olg‘a surilgan muhtasham g‘oyalar, boqiy fikrlar talqini muallifning chuqur mushohadalari bilan bog‘liq keng tasvir va lavhalarda, yuksak pafosda bitilgan. Hind mutafakkiri Javoharla’l Neru ta’biri bilan aytganda, “Uyg‘onish davrining tipik hukmdori” ko‘rgan-kechirgan voqea-hodisalar o‘quvchiga memuar xarakterida va o‘ta ta’sirchan uslubda yetkazilgan. “Boburnoma” bo‘yicha ko‘plab maqolalar yozilgan, ilmiy ishlar qilingan bo‘lsa ham, uning ko‘lami va ahamiyati, qimmatli jihatlari yana ko‘plab tadqiqotlarga munosibdir.
Biz ushbu maqolamizda “Boburnoma”ni Nosir Xisravning “Safarnoma”, Ibn Battutaning “Sayohatnoma” asarlari bilan qiyosiy aspektda Samarqand, Kesh, Buxoro, Vobkent tasviri, oqila va mudubbira ayollar hamda mualliflarning kitob, nomalari bilan bog‘lab tahlil va talqin qilishga urindik.
Ma’lumki, Markaziy Osiyoda yashab o‘tgan Nosir Xisrav mashhur shoir, faylasuf, sayohatchi sifatida nom qozongan. Asarlarini fors va arab tillarida yozgan. Shulardan biri noyob “Safarnoma” asaridir. Muallif unda yetti yil davomida Turkiston, Misr, Shom, Iroq, Qohira, Iskandariya, Damashq, Basra, Hijoz, Halab, Makka, Madina, Ozarbayjon, Armaniston, Falastin, Eron va Hindiston bo‘ylab qilgan safarlari davomida ko‘rgan-kechirganlarini bayon qilgan.
“Safarnoma”da u Samarqand shahri va unda ishlab chiqariladigan qog‘oz xususida alohida qaydlar bitgan. Shomga bo‘lgan safari davomida ham u yerda tayyorlangan qog‘oz va u qanday usulda ishlab chiqarilganiga e’tibor qarata- di. Xususan, Shomda tayyorlangan qog‘ozga Samarqand qog‘ozini qiyoslab tilga olgan: “Aytishlaricha, shaharning yigirma ming aholisi bor ekan. Atrofda ham qishloq va manzilgohlar juda ko‘p. Bu yerda Samarqand qog‘oziga o‘xshash qog‘oz tayyorlashadi. Bu shahar Misr sultoniga qarashlidir”. Nosir Xisrav Samarqand va Taroblis qog‘ozining farqli jihatlarini yaxshi bilgan va sifati bo‘yicha ham ma’lumotlar berib o‘tadi.
Shu o‘rinda mavzuga oid ayrim tarixiy ma’lumotlarni keltirib o‘tsak. O‘simlik tolalaridan tayyorlangan yupqa qog‘ozni dastlab xitoyliklar I asrda kashf qilgan. Manbalarda qog‘oz tayyorlash arablarda ham yaxshi yo‘lga qo‘yilgani aytilgan. VII asrning boshlarida Samarqand ustalari qog‘oz olishga muyassar bo‘lgan va XIX asrning 1-yarmigacha bu yerda chiqarilgan qog‘ozlar dunyoda juda mashhur bo‘lgan. Shu bois, ko‘plab manbalarda kitob, qo‘lyozma qog‘ozi haqida gap ketganda, “Samarqand qog‘ozida ko‘chirilgan”, degan alohida ta’kidlarni uchratish mumkin. Bu yozuv qog‘ozi boshqa turlariga nisbatan juda silliqligi bilan ajralib turgan.
Temuriylar Uyg‘onish davrida qog‘oz ishlab chiqarish ham sifati, ham salmog‘i jihatdan takomillasha borgan. Samarqand qog‘ozi Movarounnahr, Xuroson, Turkistondagina emas, balki qo‘shni davlatlarda ham xaridorgir edi. Bobur ham Samarqand haqida “Boburnoma”da bir-biridan ta’sirli, qiziqarli, qimmatli ma’lumotlarni ko‘proq yozib qoldirishga harakat qilgan. Xususan, ko‘hna shahar tarixini, ulug‘ bobokaloni Amir Temur poytaxt qilgani xususida qayd etib o‘tgan. Samarqandda yashab o‘tgan buyuk shaxslar, shahar tabiati, iqlimi, rivojlangan hunarmandchilik sohalari, o‘ziga xos bozori, bu yerda bo‘lib o‘tgan jang-u jadallar, shaharsozlik madaniyati, bunyodkorlik ishlari xususida ham ma’lumotlar bergan.
Shu o‘rinda qiziqarli ma’lumotlardan biri bu — Samarqand qog‘ozi haqida. Bobur ham Nosir Xisrav kabi Samarqand qog‘oziga to‘xtalar ekan, uni juda yuqori baholagan. Chunonchi: “Olamda yaxshi qog‘oz Samarqanddin chiqar. Juvozi qog‘ozlar suyi tamom Konigildin keladur. Konigil Siyohob yoqasidadurkim, bu Qora suvni Obi Rahmat ham derlar”. Demak, temuriylar Uyg‘onish davrida kitobat san’ati rivojlangan, madaniy muhit yuksalgan sari sifatli qog‘ozga ham talab oshgan va Bobur yuksak baholagan Samarqand qog‘ozi juda sifatli, talab darajasida ishlab chiqarila boshlaganidan xabar beradi.
Nosir Xisrav bilan Bobur asarlaridagi yana bir mushtarak tarixiy hodisa shundaki, har ikki asarda tadbirkor, mudabbira ayollar, malikalar bilan bog‘liq tasvir, xabarlarning yozilishidir. Nosir Xisrav “Safarnoma”da Misr shahri tarixida bir oqila tadbirkor arab ayoli haqida qimmatli ma’lumot bitgan. Bu Nil daryosi bilan bog‘liq xabarlarda aytilgan. Jumladan, Misr aholisining ichimlik suvga bo‘lgan ehtiyojini tadbirkor ayolning hal qilishini va 5000 odamni ish bilan ta’minlaganini hayrat bilan tasvirlaydi: “Misr shahri Nil daryosi qirg‘og‘i bo‘ylab ancha joyga cho‘zilgan. Juda ko‘p ko‘shk va shiyponlar daryo labida joylashgan va ularga arqon bilan suv chiqariladi. Lekin shaharda suvni meshkobchilar ba’zilari tuyalarida, boshqalari yelkalarida tashishadi. Damashqiy jezdan yasalgan va o‘ttiz mann suv sig‘adigan ko‘zalarni ko‘rdim, yaltiroqligidan oltindan yasalgan- ga o‘xshardi. Bir odam menga shunaqadan 5000 ta ko‘zasi bo‘lgan bir ayol haqida hikoya qilib berdi. U har bitta ko‘zani oyiga bir dirham ham evaziga ijaraga berar ekan. Ijarachilar muddat tugagach, ko‘zani beshikast qaytarishni uhdalariga, ya’ni zimmalariga olishar ekan”. Lavhada u ma’lum ma’noda xalq hayotidan ham hikoya qiladi.
“Safarnoma”ning “Basra muzofotlari tarixi” nomli o‘qishli faslida boy va tadbirkor fozila ayolning bunyodkorligi haqida yozgan qisqa ma’lumot bilan tanishamiz. Ubulla anhorining quyilish joyida katta girdob bo‘lib, su- zib o‘tayotgan ayrim kemalar shu o‘pqonga tushib, cho‘kib ketar ekan. Bunday tabiiy ofatni eshitgan tadbirkor ayol arablardan tonna-tonna hajmda xurmo danagini sotib olib, shu o‘pqonni berkitgan ekan. Natijada kemalar Ubullada bemalol suzadigan bo‘lgan. Buni eshitgan Nosir Xisrav bu oqila ayolning odamiyligi, karami, ehsoni oldida lol qolganini ham aytib o‘tgan. Chunonchi: “Aytishlaricha, ilgari Ubulla anhorining quyilish joyida ulkan girdob bo‘lib, kemalar o‘ta olmas ekan. Shunda Basraning eng boy — badavlat kishilaridan bo‘lmish bir ayol 400 ta kema qurdirib, ularni xurmo danagi bilan to‘ldirib, ustini mahkam yopib o‘sha joyga cho‘ktirishni buyuribdi. Shundan so‘ng kemalar bemalol o‘tadigan bo‘libdi”.
Bu ma’lumot orqali biz tadbirkor ayollarning hamma davrlarda ham ijtimoiy faolligi, mulkdorligi, qo‘l ostidagi xususiy mulkini yurt, jamiyat, millat manfaati uchun ehson qilganidan xabardor bo‘lamiz.
Bobur “Boburnoma”da esa tadbirkor, mudabbira ayol sifatida o‘zining ulug‘ enasi Esondavlatbegimni tanishtiradi. “Kuch alarda edi”, deb yuqori baholaydi va Esondavlatbegimning tadbiri sabab 12 yoshda davlatni, ota taxtini o‘zida saqlab qolgani yoki Andijonda bog‘lar barpo qilgani xususida faxr va g‘urur bilan gapirib o‘tgan. Yoki “Boburnoma” an’anasida “Humoyunnoma”ni bitgan qizi Gulbadanbegimni eslash mumkin.
Nosir Xisrav va Bobur memuarlarida maktublar haqida ham xabarlar uchraydi. Masalan, Nosir Xisrav “Safarnoma”da Shom voliysiga yozgan o‘z maktubini tamsil qilgan. Chunonchi: “Qaysidir yili Shom voliysi o‘z maktubida shunday deb yozibdi: “Bu yil zaytun yog‘i kam olindi. Agar farmoni oliy bo‘lsa, biz masjidlarga turp va sholg‘om urug‘idan olinuvchi yog‘, ya’ni “zayti xor” beramiz”. Unga shunday javob jo‘natishdi: “Sen vazir emas, balki xizmatkorsan. Xudoning uyi uchun nimaiki lozim bo‘lsa, ular o‘zgarishsiz va kechiktirilmasdan berilishi shart!”.
Asarning “Misrdan qaytmog‘imiz bayoni” nomli faslida o‘zi bilan bog‘liq bir maktub mazmunini quyidagicha bayon qilgan: “Men Jidda amiri qabulida bo‘ldim. Myenga hurmat ko‘rsatib, boj to‘lashdan ozod qildi, hatto Makkaga “Bu odam donishmand, undan hech narsa olmaslik kerak”, degan mazmunda xat jo‘natdi. Juma kuni namozgar payti men Jiddani tark qildim va jumodul oxir oyi so‘ngida yakshanba kuni Makka darvozasi oldiga yetib keldim”.
Nosir Xisrav va Bobur ham o‘zlarining ma’naviy ko‘char mulki, ya’ni kitoblari haqida ham ibratli xabar bitgan. Jumladan, Nosir Xisrav yozadi: “Hajni ado etgach, men Misrga qaytdim, chunki u yerda kitoblarim qolgan edi. Bu yil Misrga Madina amiri tashrif buyurdi. U Husayn ibni Ali salavotullohi alayhumo avlodidan bo‘lgani uchun sulton unga yillik mablag‘ tayinlagan va shuni olishga borgan edi. Men u bilan kemada Qulzumga birga bordim. Undan Misrga ham birga ketdik”.
Bobur memuarida o‘zining “Vaqoye’”, “Mubayyin”, “Aruz risolasi” devoni kabi kitoblari hamda Navoiy, Jomiy va boshqa shoirlarning asarlari haqida ham qimmatli ma’lumotlar bitgan. Ayni paytda Ibn Battuta ham o‘zining kitoblari xususida ma’lumotlar qoldirgan. Bunday tasvirlar orqali biz ularning kitobga bo‘lgan katta ixlosi, baland e’tiqodidan xabardor bo‘lamiz.
Tarixdan ma’lumki, mashhur arab sayyohi Ibn Battuta 1228-yil Tanjan shahridan chiqib, to Xitoygacha borib, 1256-yilda yana vataniga qaytgan. Shu tariqa buyuk sayyoh 28-yillik sayohatlari, safarlari natijasida arab tilida “Sayohatnoma” nomli muhtasham kitobini yozgan. Kitobda Ibn Battuta ham o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan voqealar, uchrashgan buyuk shaxslar, muhtasham saroylarda qabul qilgan hukmdorlar nomi, suhbatlari, davlat, idora usuli bilan bog‘liq tasvirlari, ma’lum muddat yashagan shaharlari, ularning tabiati, iqlimi, geografiyasi, o‘zining muhaddis sifatida yo‘l-yo‘lakay ko‘plab muhaddislardan hadislar o‘rgangani xususida faxr tuyg‘usi bilan xabarlar yozgan.
Shu o‘rinda Ibn Battutaning Shahrisabz, Kesh, Buxoro, Samarqand, Vobkentga oid bayonlari diqqatga sazovor. Sayohatchi muallif bu shaharlarga ayricha mehr bilan qaragan. U Buxoroga Imom Buxoriy qabrini ziyorat qilish uchun shoshilgan, Samarqandda esa farzand ko‘rish istaganini aytgan. Lekin Ibn Battuta Samarqandda emas, Shahrisabzda qiz farzandli bo‘ladi va u yerda ma’lum muddat yashaydi. Shu sabab Kesh shahri Battutaning qalbida bir umr saqlanib qoladi. Ma’lumki, Bobur ham Kesh haqida “Boburnoma”da to‘lqinlanib yozgan. Ayniqsa, u Amir Temurning asli Keshdan ekanini faxr bilan eslagan.
Battuta asaridagi “O‘rta Osiyo” faslining Buxoro bilan bog‘liq tasvirida Vobkent shahrining obodligi xususida shunday ma’lumot bitgan: “Vobkent shahriga yetdik. U Buxorodan bir kunlik masofa beridadir. Vobkent — chiroyli shaharcha. Unda ariqlar, bog‘lar serob. Shahar aholisi yil bo‘yida uyida uzum saqlaydi. Ularning ol-u deb ataladigan mevasi bor. Shu mevalarni quritib, qoqi qilib Hindiston va Xitoyga olib borishadi. Shu mevaning ustidan suv quyib, sharbatini ichishadi. Yangiligida shirin bu meva quritilganida nordonroq bo‘lib qoladi. Meva juda etdor bo‘lib, na Andalusiyada, na Suriyada bunga o‘xshash mevani ko‘rganman. Biz kun bo‘yi bir-biriga tutashib ketgan bog‘lar, ariqlar, daraxtzorlar va shudgor qilingan dalalar orasidan o‘tib borib, Buxoro shahriga yetib keldik. Buxoro — muhaddislar imomi Ab-u Abdulloh Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriy vatanidir”.
Battuta va Bobur ma’lumotlaridagi yana bir o‘xshashlik mevalardan bo‘lmish ol-u bol-u haqidadir. Jumladan, ushbu mevaning nomi, xususiyati, shifobaxshligi, Hindiston va Xitoyga eltib sotilishi bilan bog‘liq tasvir aynan mushtaraklik kasb etgan. Yana Buxoro tarixiga kelsak, Ibn Battuta “Sayohatnoma”ning “O‘rta Osiyo” faslida Buxoroyi sharifni mashhur muhaddis Imom Buxoriyning sharafli nomi bilan esga olgan: “Buxoro da “As-Sahih”ni tuzgan alloma imom, musulmonlar shayxi Ab-u Abdulloh al-Buxoriy qabrini ziyorat qildim. Alloh uni rahmat qilsin”. Yana o‘qiymiz: “Buxorolik boshqa allomalarning maqbaralarida ham ismi-shariflari va ilmiy meroslarining nomi yozib qo‘yilgan. Mazkur bitiklardan ko‘plarini ko‘chirib olgan edim, ammo bu yozuvlar hind zardushtiylari dengizda mollarimni tortib olgan chog‘da boshqa buyumlarim bilan birga yo‘qoldi”.
Bobur “Boburnoma”da Samarqand va uning atrofida yashab o‘tgan o‘n nafardan ortiq buyuk shaxslar, ya’ni shoh Iskandar, Qusam ibn Abbos — Shohizinda, Sohibqiron Amir Temur, Mirzo Ulug‘bek, Moturidiylar haqida yozgan ma’lumotida Imom Buxoriyni Xoja Ismoil Xartanak deb tilga olgan. Bobur bu o‘rinda Imom Buxoriyning 810-yilda Buxorodan chiqib Samarqand shahri yaqinidagi Xartanak qishlog‘ida qarindoshinikida to‘xtagani va betob bo‘lib vafot etgani, shu qishloqqa dafn qilinganiga ishora qilib Xoja Ismoil Xartanak deb sharaflagan hamda “Sahihi Buxoriy”ni tilga olgan. O‘qiymiz: “Yana sohibi “Sahihi Buxoriy” Xoja Ismoil Xartanak ham Movarounnahrdindur”.
Ikkinchi mushtarak tarixiy hodisalar vaqf, zoviya, e’tiqodi mustahkam taqvodor kishilar, ma’rifiy majlislar, ziyorat turizmi xususidadir. Bu kabi qadriyatlarni e’tirof qilgan Battuta shunday yozadi: “Biz Buxoroning Fathobod nomi bilan mashhur mavzeida to‘xtadik. Bu yerda eng ulug‘ avliyolardan biri, alloma shayx, go‘shanishin avliyo Sayfuddin al-Boxarziyning qabri bor. Mazkur shayx nomi bilan ataladigan va biz ko‘chib o‘tgan zoviya juda katta bo‘lib, vaqflari behisob, ziyoratchilar ana shu vaqflardan keladigan (daromadlar) hisobiga boqiladi. Shu zoviyaning shayxi Sayfuddin avlodlaridan biri bo‘lib, Makkaga haj qilgan Yahyo al-Boxarziydir. Shayx meni o‘z uyida qabul qildi, shaharning obro‘li kishilarini to‘plab ziyofat berdi, qorilar ajoyib ovozlari bilan Qur’ondan qiroat qildilar, voiz esa amri ma’ruf etdi. Hofizlar turkiy va forsiy tillarda juda yaxshi qo‘shiqlar aytdilar. Biz uchun bu eng g‘aroyib kechalardan biri bo‘ldi”.
Umuman olganda, Ibn Battuta va Boburning Kesh, Buxoro, Samarqand, Vobkent bilan bog‘liq ma’lumotlari shaharsozlik madaniyati tarixida muhim ma’lumot hisoblanishi bilan birga, o‘quvchini hayratga soladi.
Battuta “Sayohatnoma”ning 4-faslini “O‘rta Osiyo” deb atagan va unda ko‘hna Xorazm zamini, To‘rabeka ona, eri Qutlug‘murod hokim, Xorazm qovuni, xorazmlik buyuklar Najmiddin Kubro, Zamaxshariylar maqbarasini ziyorat qilgani x-ususida ham xabar bitgan. Mashhur sayyohning hayratini oshirgan shaxs bu hokima To‘rabeka ona bo‘lgan.
Ba’zi mushtarak tarixiy hodisalarni Boburning “Boburnoma” Nosir Xisravning “Safarnoma”, Ibn Battutaning “Sayohatnoma” kabi asarlari misolida o‘rgandik. Qiyosiy aspektda Samarqand, Kesh, Buxoro, Vobkent tarixi, tasviri, oqila va mudabbira ayollar hamda m-ualliflarning kitob, nomalari bilan bog‘liq lavha, xabarlarni tahlil va talqin qilishga harakat qildik. Xulosa shuki, biz talqin qilgan mushtarak tarixiy hodisalar, har uchala mutafakkirning yuksak mahoratidan va ayni paytda moziyning ko‘hna sadolaridan darak beradi.
Burobiya Rajabova, O‘zR FA O‘zbek tili, adabiyoti va folklor instituti yetakchi ilmiy xodimi, filologiya fanlari nomzodi.
Yangi O‘zbekiston gazetasi, 2023-yil 8-noyabr, 232(1021)-son.
Fikr qoldirish#