Sinov yoʻsinida ishlamoqda

Boburiylardan biri

Hindistonning Haydarobod shahrida faoliyat ko‘rsatayotgan “Buyuk mo‘g‘ullar jamiyati”ning bosh kotibi, Hindistondagi so‘nggi boburiy hukmdor – Bahodirshoh Ikkinchi – (Zafar)ning chevarasi janob Ziyoviddin Tusiy 1993-yilning dekabr oyida ukalari Masihiddin va Shajoiddin bilan birga O‘zbekistonga tashrif buyurgan edi. Ular bobokalonlari Zahiriddin Muhammad Boburning 510-yillik tavallud to‘yida Prezidentimizning shaxsiy mehmonlari sifatida ishtirok qildilar. Suhbatlarning birida janob Ziyoviddin Tusiy: “O‘zbekistonda ham boburiylarning bugungi avlodlari bormi?” deb so‘rab qoldi. Bu savolga daf’atan javob topish mushkul bo‘ldi, shu bois so‘zni muxtasar qilib: “Biz hammamiz boburiylarmiz”, deb qo‘ya qoldik.

Ammo keyinchalik men bu xususda ko‘p o‘yladim. Chindan ham, nahotki, Vatanimizda hazrati Bobur va uning shavkatli sulolasidan biron-bir zurriyot qolmagan bo‘lsa? Nahotki, o‘lkamizda boburiylarning bevosita bugungi avlodlari bo‘lmasa? Nainki, ularning barchasi tarix to‘fonlarida yitib-unutilib ketgan bo‘lsa?..

1983-yilning yozi, yanglishmasam, iyul oyi edi. Andijonda Bobur Mirzoning 500-yillik to‘yi munosabati bilan she’r va qo‘shiq kechasi o‘tkazilishi haqida xabar keldi. Sevimli shoirimiz Abdulla Oripov bilan men ham shu tadbirga taklif etildik.

Bu yillarda Boburning nomi atrofida tag‘in qora bulut aylanib qolgan edi. Ya’ni navbatdagi sho‘ro rahbarlaridan biri milliy ma’naviyat va qadriyatlarga qarshi “urush e’lon qilgan”, tabiiyki, birinchi zarbaga shonli tarix va madaniyatimizning yalovbardorlaridan bo‘lmish Bobur Mirzo duch kelgan edi.

Shunday bir vaziyatda Andijon shahrida hazrat Bobur tavalludini nishonlashga jur’at etilishi tahsinga sazovor bir jasorat edi.

Shu bois ham Abdulla aka ikkalamiz taklifni mamnuniyat ila qabul qilib, jazirama issiqqa qaramay mashinada yo‘lga chiqdik va oqshom chog‘i Andijonga kirib bordik.

Bu safar sarguzashtlarining o‘zi bir tarix. Vaqti-soati yetib bu xususda ham batafsil hikoya qilarmiz, ammo hozir asosiy maqsaddan chalg‘imaylik.

Alqissa, ertasi kuni kechqurun Andijonning o‘sha mashhur yozlik bog‘ida boburona fayzli bir anjuman yasaldi. Farg‘ona vodiysining to‘rt tomonidan kelgan otashnafas hofizlar Bobur Mirzo qo‘shiqlarini harorat bilan kuyladilar, shoirlar bayt-u g‘azallar o‘qidilar.

Shu oqshom keyinchalik nihoyatda mashhur bo‘lib ketgan “Anda jonim qoldi mening” qo‘shig‘i ilk bora yangradi.

Xalq bu kabi nafis bir majlisni ko‘pdan sog‘ingan ekan, butun vujudi quloq bo‘lib some’lik qildi.

“Bugun hazrati Bobur Andijonga, sizlarning huzuringizga qaytib kelgandek bo‘ldi”, deya lutf qildi Abdulla aka va bu fikr, darhaqiqat, o‘sha jamoat kayfiyatining yaqqol ifodasi edi.

Bobur Mirzo to‘yining to‘yboshisi – ellik yoshlar chamasidagi oq-sariq yuzli, xatti-harakatlaridan g‘ayrat va qat’iyat yog‘ilib turgan bir kishi e’tiborimni tortdi. Bu odam ulkan izdihomni mohirona boshqarar, qiyofasida nihoyasiz shodumonlik aks etar – baayni o‘z otasining to‘yini o‘tkazayotgandek jonsarak va masrur bir kayfiyatda yurar edi.

Bu kishi Andijon shahar ijroiya qo‘mitasining raisi Zokirjon aka Mashrabov ekan.

Anjuman avvalida u “Bobur – lirik shoir” degan mavzuda ma’ruza qildi. Ma’ruzani botiniy bir ehtirom bilan qiroat qilarkan, dilidagi hayajoni shundoqqina sezilib turardi.

Uning Bobur Mirzo haqidagi har bir so‘zi, har bir harakatida “tadbir” emas, taqdirning nafasi zuhur etardi.

Yarim kechaga qadar davom etgan boburxonlik adog‘iga yetgach, shahar ijroqo‘mining salqin bog‘ida bir piyola choy ustida yana Bobur Mirzoning noyob fazilatlari haqida so‘z bordi.

O‘sha yilning boshida “Saodat sohili” degan mo‘’jazgina bir qissam “Yoshlik” jurnalining ilk sonida chop qilingan edi. “Ijroqo‘m buva” hazrati Bobur haqidagi shu asarni o‘qigan ekan, suhbat asnosi nozik bir zarofat ila shu haqda eslatib o‘tdilar.

Men esa beixtiyor “Saodat sohili” bois boshimga yog‘ilgan malomatlarni eslab ketdim.

Ey, ajoyib zamonlar ekan-da! Shu kichkinagina qissa uchun meni – na adabiy, na hayotiy tajribasi bo‘lgan g‘o‘r bir qalamkashni Yozuvchilar uyushmasining kotibiyat yig‘ilishida zabardast bir munaqqid obdon “do‘pposlagan” edi: “Nega BAM (– Baykal – Amur magistrali, o‘tgan asrning 80-yillarida amalga oshirilgan zarbdor qurilish) haqida emas, Bobur haqida yozadi?”, “Qonxo‘r shohni ideallashtirishdan qanday siyosiy maqsadni ko‘zlagan?”, “Axir, u Oybyek emas-ku, nega tarixiy asarga qo‘l uradi?”, “Kuda smotrit rukovodstvo jurnala “Yoshlik”?” (Tabiiyki, o‘zbek tilida adabiyot yaratadigan O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining majlislari ham o‘sha yillari, zalda birorta rus bo‘lmasa-da, rus tilida o‘tkazilardi).

G‘oyaviy hayotimizning darg‘alaridan bo‘lmish bu domlaning gurzisi meni xiyla gangitib qo‘ygan bo‘lsa-da, Bobur Mirzo siymosiga bo‘lgan m-uhabbatimni zarracha kamaytira olgani yo‘q, aksincha, yanada alanga oldirdi.


Bayt:

Bobur, necha bu dahr meni zor aylar,

Sabrimni kam-u g‘amimni bisyor aylar.

To dahr durur, budur aning rasmikim,

Oyrib kishini azizidin xor aylar.


Chindan ham, kishini e’tiqod qo‘ygan aziz siymo va tushunchalaridan ayirib xor qilish – o‘sha davrning oddiy holga aylangan odati edi...

Ertasi kuni Abdulla aka bilan samolyotga o‘ltirib Toshkentga qaytdik. Andijondagi otashin boburparvar Zokirjon akani ikkimiz ham dam-badam eslab yurdik. Ammo u kishining keyingi taqdiri qanday kechganini bilmay qoldik.

Muhtaram jurnalxon, endi ikki og‘iz so‘zni andijonlik tarixchi domlamiz, professor Sayfiddin Jalilovdan eshitsak. U kishi “Bobur va Andijon” degan kitobida bunday hikoya qiladi:

“1981-yili ikki yildan so‘ng Andijonda Boburning 500-yillik yubileyi tantana bilan nishonlanishi haqida xushxabar tarqaldi. Yubileyga tayyorgarlik ishlari boshlanib ketdi.

Bu yerda m-uhim tadbirlardan biri Bobur muzeyini va haykalini yaratish edi. Xolisanlillo aytish kerakki, bu ishda Andijon shahrining o‘sha yillardagi ijroqo‘mi raisi Zokirjon Mashrabov boshqalarga o‘rnak bo‘larli darajada tashabbus ko‘rsatdi. “Ark ichi” mahallasi yonidagi XV asrda qurilib, so‘ng vayron bo‘lib ketgan madrasa bo‘lg‘usi muzey uchun qayta tiklandi. Bobur haykaliga buyurtma berildi. Uni bronzadan quydirish uchun Mitishi shahriga Zokirjon Mashrabovning o‘zi ikki marta borib keldi. Unga sarflanadigan xomashyo – salkam ikki tonna bronzani olish uchun ittifoq madaniyat vazirligi bilan gaplashdi.

Nihoyat, yubileyga – 1983-yil aprel oyiga muzey uchun bino ham, u yerga qo‘yiladigan haykal ham tayyor bo‘ldi.

Biroq Markazqo‘mdan Bobur yubileyi tantana qilinmasin, Bobur baribir bosqinchi, uni ko‘tar-ko‘tar qilib bo‘lmaydi, degan mazmunda ko‘rsatma bo‘lib, 20-aprel kuni viloyat teatri binosida bir yarim soatgina ilmiy anjuman o‘tkazildi. Akadyemiyaning vitse-prezidenti boshchiligida kelgan olimlar tushlikdan so‘ng yana Toshkentga qaytib ketdilar. Andijonda boshlangan barcha ishlar chala qoldi: uy-muzey ochilmadi. Bobur haykali esa omborxonaga olib kirib qo‘yildi. Hafsalalar pir bo‘lganidan tadqiqot ishlarini ham vaqtincha to‘xtatib qo‘ydik.

Ikki yil o‘tgach, jumhuriyat g‘oyaviy hayotida nosog‘lom kayfiyat hukm surib, hatto “Bobur” degan nomni ichimizda aytadigan bo‘lib qoldik. Bobur nomini abadiylashtirish ishida tashabbus ko‘rsatgani uch-un shahar ijroqo‘mi raisi Zokirjon Mashrabov ishdan olindi...”

Tarixchi domla bu gaplarni oradan ancha vaqt o‘tib, ya’ni 1993-yili raqam etdi. Ammo bu davrga yetib kelish uchun hali qaramlik changalidagi salkam o‘n yillik umrni sabr-toqat bilan yashab o‘tmoqlik lozim edi.

Bu yillar “tariximizning eng kir, qora kunlari”dan bir sahifa bo‘lib moziydan joy oldi.

Butun taraqqiyparvar insoniyat cheksiz hurmat bilan nishonlagan Bobur Mirzoning byesh asrlik tavallud to‘yi uning tarixiy vatani – sovet O‘zbekistonida shu tariqa “bayram” qilindi.

Sho‘ro mafkurasining lashkarboshilari mo‘ljalni aniq olgan edilar: hazrati Bobur xalq g‘ururining o‘lmas timsoli edi. Xalq ruhini sindirmoq, uni mudom itoat va qaramlikda tutmoq uchun esa, avvalo, o‘sha milliy g‘urur chinorlarini qulatmoq lozim edi.

Ammo Boburning g‘animlari bir narsada adashdilar: Olloh qulatmagan kimsani banda qulatolmas ekan. Xalq yuragiga e’tiqod bo‘lib o‘rnashgan tuyg‘uni yo‘q qilib bo‘lmas ekan.

Shuning uchun ham rasmiy doiralar Bobur Mirzoni yomonotliq qilishga qanchalik zo‘r berib tirishsalar, xalqning, madaniy jamoatchilikning u zoti sharifga, boburshunos va boburparvarlarga ehtiromi shunchalik ziyoda bo‘lib boraverdi.

Bobur Mirzoning hayot kitobidan ibratlar olgan Zokirjon aka taqdirning bu zarbasidan dovdirab qolgani yo‘q. By “o‘zboshimchalik”ning qanday oqibatlarga olib kelishi mumkinligini u avvaldan yaxshi bilar, shu bois hamisha bunga ruhan tayyor edi. Eng m-uhimi, Bobur Mirzoning m-uhtasham haykali yaratilgan, u omborxonada bo‘lsa-da, mavjud, binobarin, vaqti-soati yetib munosib o‘rnini egallashiga Zokirjon akaning ishonchi komil edi.

Sho‘ro arboblari jahl ustida haykalni eritib yo‘q qilib tashlashga amr etmaganlari uchun sobiq “ijroqo‘m” o‘zida yo‘q xursand edi.

O‘sha yillarning rasmiy taomiliga ko‘ra, “amaldan tushgan” rahbar sifatida unga bir necha past-baland lavozimlar taklif qilinadi. Ammo Zokirjon Mashrabov katta aravaning keraksiz va ko‘rimsiz bir murvati bo‘lishni istamas edi, shu sabab, bu takliflarni tashakkur ila rad etib, o‘z sohasi – geologlikka qaytishga izn so‘raydi. O‘z kuch-g‘ayrati va tashabbusi bilan Andijon shahrida respublika Fanlar akademiyasining ko‘p tarmoqli ilmiy-ishlab chiqarish markazini tashkil etadi. Bu tashkilot butun Farg‘ona vodiysida turli xil seysmologik, geodezik ishlarni amalga oshirish bilan shug‘ullanadi.

Geologiya-minyeralogiya fanlari nomzodi Zokirjon Mashrabov to hanuz shu markazga mutasaddilik qilib kelmoqda.

Shu o‘tgan yillar mobaynida u muttasil Bobur ruhi, Bobur yodi bilan yashadi.

Va nihoyat...

1992-yilning erta bahori edi. G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyotda birga ishlardik, shoir M-uhammad Yusuf yurtidan gap topib keldi: Andijonda bir ilmiy ekspeditsiya tuzilayotgan emish, maqsadi avtomobilda Bobur yurgan yo‘llardan yurib, Hindistonga qadar borish emish. Shoirni ham ekspeditsiya a’zoligiga taklif etishibdi, ammo safarning uzoq – ikki oydan ziyod davom etishi uni o‘ylantirib turgan emish.

“Mana, siz Bobur ijodi bilan shug‘ullanasiz, bormaysizmi?” dedi u. Tabiiyki, bu gapga shoir ko‘nglining tamannolari, deb qaraganim uch-un kulib qo‘yaqoldim. To‘g‘ri-da, magazinda gugurt ham anqoning ur-ug‘i bo‘lib turgan shu paytda ekspeditsiya tashkil qilish, To‘ytepadan ham nari o‘tish mushk-ul bir zamonda, buning ustiga, avtomobilda(!) o‘ndan ortiq chet davlatga borish... baayni tuyaning hammomni orzu qilganiday bir gap edi.

“Andijonlik xayolparastlar”, deb qo‘ydim ichimda.

Shu bilan bu mavzuda qaytib so‘zlashmadik. Shoir ham allaqayga muxlislari davrasida she’r o‘qigani ketdi.

Ammo bu orada u mening indamaganimni “alomati rizo” deya tushunib, kimlargadir xabar bergan shekilli, ikki kundan so‘ng ishxonamga andijonnusxa do‘ppi kiygan bir odam meni yo‘qlab keldi.

Bu kishi o‘sha eski tanishimiz – otashin boburparvar Zokirjon aka Mashrabov edi.

Shu kuni suhbatimiz kechga qadar davom etdi. Zokirjon akaning boshiga tushgan savdolardan, uning hozirgi ishlaridan ham shunda xabar topdim. Shoir aytgan ekspeditsiyaning tashabbuskori va tashkilotchisi ham ayni shu inson ekan.

Fevral oyida Zokirjon aka o‘zi singari bir necha jonkuyar ziyolilar bilan birga Bobur nomidagi xalqaro jamg‘armaga asos soldi.

Mart oyida Bobur va boburiylar izidan xalqaro ilmiy ekspeditsiya tashkil etish g‘oyasi tug‘ildi va amaliy harakatlar boshlandi.

Aprel oyida katta tayyorgarlikka kirishildi. Turli-tuman idoralar bilan muomala-m-unosabatlar, xorijiy davlatlar elchixonalaridan viza undirish, homiylar topish, har xil kabinyetlarning eshigida bir imzoga soatlab mahtal turish, Andijon – Toshkent oralig‘ida tinimsiz qatnashlar...

Bu mashaqqatli sargardonliklarga Zokirjon Mashrabovdan boshqa har qanday odamning yuragi tars yorilib ketardi. Ammo u qat’iyat, sabr-toqat va mehnat bilan bularning barchasiga bardosh berdi. O‘zi bardosh beribgina qolmay, biz hamrohlarini ham shunga ishontira bildi.

Ahli Andijon ilmiy ekspeditsiyaning bosh homiysi bo‘ldi. Tashkilotlar, korxonalar, jamoa xo‘jaliklari avvalo, Bobur Mirzo, qolaversa, Zokirjon akaning hurmat-e’tibori uch-un yordam va marhamatlarini ayamadilar.

Nihoyat, barcha tadoriklar bitib, 1992-yil 19-may kuni xalqaro ilmiy ekspeditsiya Bobur va boburiylarning tarixiy izlarini izlab, ikkita “Toyota” mikroavtobusida safarga jo‘nab kyetdi.

Qariyb ikki oy mobaynida o‘n to‘rt kishidan iborat ekspeditsiya a’zolari o‘nga yaqin sharq mamlakatlarini kezib, o‘n sakkiz ming kilometrdan ziyod masofani bosib o‘tdilar.

Nasibam qo‘shilgan ekan, men ham andijonlik boburshunoslar safida bo‘ldim.

Hayotimniig eng mas’ud damlariga aylangan safar taassurotlari, xotira va hayajonlari haqida birmuncha narsalar yozdim. Ammo bu safar sarguzashtlarini, uning noyob kechinma va hissiyotlarini umrim boricha yozib ado qilolmasam kerak.

Eng m-uhimi, safar bahonasida taqdir myeni Zokirjon akaday ajoyib inson bilan oshino qilganidan benihoya mamnunman.

Tangri taoloning inoyati bilan boburiylar izlarini izlab dunyoning necha o‘nlab qadimiy va go‘zal manzil-marohillarini kezdik. Mashhad, Tabriz, Tyehron, Zohidon, Arzirum, Sivash, Anqara, Ko‘nyo, Iskanderun, Damashq, Ommon, Madinai munavvara, Makkai mukarrama, Toifi sharif, Ar-Riyoz, Ab-u Dabi, Dubay, Mo‘lton, Lohur, Islomobod, Peshovar, Jalolobod, Kobul, Mozori sharif singari shaharlarga poyqadamimiz yetdi. Qizil dengizda, Fors ko‘rfazi suvlarida yuz yuvdik.

Bu yo‘llar ko‘p qadim yo‘llar ekan, ularda g‘aroyib sarguzashtlarni boshdan kechirdik. Goh hashamatli myehmonxonalarda, goh yaydoq dala-dashtlarda bosh qo‘ydik. Goh och-nahor qoldik, goh shohona dasturxonlar to‘rida o‘ltirdik. Turli-tuman odamlar, turfa xil insoniy taqdirlarga duch keldik. Ne-ne aziz insonlarning qabr-maqbaralarini ziyorat qildik.

Balujiston sahrolarida qaroqchi – ash’rorlarning ta’qibiga duch keldik.

Hindikush tog‘larining osmono‘par Haybar dovonidan – qilko‘prikdyek omonat yo‘llardan jonimizni garovga qo‘yib oshib o‘tdik.

O‘lik dengiz yoqalab, cho‘l va dashtlar bag‘riga singib ketdik. Qum bo‘ronlari ichra qolgan kunlarimiz ham bo‘ldi.

Lohurda, boburiylar saltanatining m-uazzam va qadimiy poytaxtida ajdodlarimiz bunyod etgan Shohi Qal’a singari me’moriy mo‘jizalar qarshisida hayratdan lol qoldik.

Bandari Abbos portidan Arab dengizini kemada kechib o‘tdik.

Jalolobodda, shom qorong‘isi tusha boshlagan g‘arib bir oqshomda mashinamiz buzilib, bir to‘da qurolli, alamzada jangarilar qurshoviga tushib qoldik.

Kobulda, o‘n yetti yillik urush tufayli vayronaga aylangan bu g‘arib shaharda gumburlab turgan to‘plar vahshati ostida Bog‘i Boburdagi bobokalonimiz maqbarasini tavof etdik, muborak marqaddan bir hovuch tuproq olib, shoirning ota yurti Andijonga kyeltirdik.

Yot ellarda, jazirama issiqlarda yurib obdon horib-toldik. Ammo ko‘ngildagi murod hosil bo‘lmay qoldi – Hindistonga yetib borolmadik. Safarimizning haddan uzoq cho‘zilib ketgani, ba’zi yo‘ldoshlarimizning og‘ir iqlim tufayli qattiq betob bo‘lib qolgani bunga monelik qildi.

“Hazrati Bobur ham Hindistonga uch bora yurish qilib, nihoyat, uchinchi martasidagina uni zabt etishga muvaffaq bo‘lganlar. Inshoolloh, nasib etgan kuni biz ham u joyga albatta yetib boramiz”, deya taskin bergan edilar o‘shanda Zokirjon aka. Hali yo‘l charchoqlari tarqab ulgurmasidan u kishi yangi safar taraddudini boshladi.

Ayni aytganlariday bo‘ldi: ekspeditsiya ikkinchi safargi urinishda ham Hindistonga o‘tolmadi. 1992-yilning dekabrida tashkil etilgan bu ilmiy yurishda Hindistonning Ayodha shtatida ro‘y bergan etnik-diniy mojaro sababli chegaralar bekilib qoldi va ekspeditsiya o‘n besh kun mobaynida Afg‘oniston hududida kezib, Andijonga qaytdi.

1993 yilning boshida O‘zbekiston hukumati Bobur Mirzo tavalludining 510-yilligini nishonlash to‘g‘risida maxsus qapop qabul qildi. Bu qaror Vatanimizda ul zoti sharifga nisbatan nihoyat tarixiy adolat tantana qilganidan dalolat beruvchi hujjat edi.

Zokirjon akani shu kunlarda bir ko‘rsangiz edi! Oltmishni qoralab qolgan bu odam yashnab-yasharib, yosh yigitlar kabi qaytadan kuch-g‘ayratga to‘lib-toshgan edi. Odatda, biz qalamkashlar lafzimizga jindak mahobat aralashtirib, “Falon qaror falon ishlarga ruhlantirib yubordi”, deb yozamiz. Ammo Bobur Mirzo haqidagi qaror Zokirjon akani benihoya ilhomlantirib yuborgani chin haqiqat edi.

Qarorga binoan g‘oyat qisqa muddat ichida Andijon viloyatida talay ishlarni amalga oshirish – Boburning memorial xotira kompleksini yaratish, uch yuz ellik gektardan ziyod maydonda Bobur bog‘i hamda “Bobur va jahon madaniyati” deb nomlangan muzey tashkil etish, shaharda shoirning muazzam haykalini o‘rnatish singari vazifalar ko‘zda tutilgan edi.

Yubileyga tayyorgarlik boshlanib, Zokirjon akaning bosh qashishga ham qo‘li tegmay qoldi. Xalq ustalari, mye’morlar, quruvchilar, haykaltarosh va rassomlar – yurtimizdagi minglab boburparastlar ishtiyoq bilan myehnat qildilar.

Shunchalik ulkan ish-tashvishlar bilan band bo‘lishiga qaramasdan, Zokirjon aka Hindiston orzusini aslo xayolidan chiqarmadi. Va 1993-yilning jazirama yozida – Hindistonda yomg‘ir fasli boshlangan rutubatli bir paytda ekspeditsiya navbatdagi safarga jo‘nab ketdi.

Andijonlik boburshunoslar bu gal salkam ikki oy mobaynida Eron, Pokiston va Hindistonni “Toyota”da erinmay kezib chiqdilar.

Eh-he, yo‘ldagi mashaqqatlarni aytavergan bilan ado bo‘lmas! Shuning uchun, yaxshisi, m-uhtaram jurnalxon, sizning yuragingizni siqib o‘ltirmasdan, safarning amaliy natijalaridan gapira qolaylik.

Daryolarni loylatib kechgan ekspeditsiya tarixiy ajdodlarimiz izidan Hind ummoniga qadar yetib bordi. Uchala safar mobaynida jami bo‘lib oltmish ming kilometrdan ziyod masofa bosib o‘tildi. Bobur va boburiylar madaniyatiga oid ko‘plab noyob kitoblar, ilmiy-badiiy hujjat va ashyolar, kino, video, fototasvirlar to‘plandi. Bunyodkor bobolarimiz ul diyorlarda yaratgan me’moriy mo‘’jizalar sinchiklab o‘rganildi. Humoyun Mirzo, Akbar, Jahongir, Shohjahon, Avrangzeb kabi buyuk siymolarning qabrlari ziyorat qilindi.

Uchinchi safarning eng m-uhim yakunlaridan biri shu bo‘ldiki, ekspeditsiya uzoq izlanishlardan so‘ng bepoyon Hindiston o‘lkasidan boburiylarning bugungi avlodlarini topib, ular bilan uchrashishga m-uvaffaq bo‘ldi. So‘zimizning avvalida zikr etilgan “Buyuk mo‘g‘ullar jamiyati” a’zolari, xonadonning m-uhtarama bekasi Laylo Ummaxoni va uning o‘g‘illari, ularning faoliyati haqidagi ilk xushxabarni ham yurtimizga ekspeditsiya a’zolari olib keldilar. Bobur zurriyotlarining bundan keyingi taqdiri, ularning mamlakatimiz rahbariyati va jamoatchiligi bilan muloqot-munosabatlari ko‘pchilikka yaxshi ma’lum.

Ekspeditsiya materiallari asosida beshta ilmiy-badiiy kitob dunyoga keldi va bevosita Bobur nomidagi jamg‘arma homiyligida nashr etildi. “Bobur salomi”, “Bobur izidan”, “Bobur nomidagi xalqaro ilmiy ekspeditsiya” deb nomlangan hujjatli filmlar yaratildi va tomoshabinlar hukmiga havola qilindi.

Hindiston safaridan Zokirjon aka ham mamnun, ham mahzun bo‘lib qaytdi: “Hirot shahrida Alisher Navoiy va Sulton Husayn Boyqaroning qabrlarini ikki kun izlab arang topdik, – dedi xo‘rsinib. – Hazratning ko‘rimsizgina maqbarasiga bomba tushib, vayron bo‘lib yotibdi. Husayn Boyqaroning maqbarasidan esa siniq sag‘ana toshigina qolibdi. Daxmalarga eltadigan so‘qmoqlarni o‘t-o‘lan bosib ketgan, hammayoq qarovsiz. Ularning qabri boshida o‘ltirib beixtiyor yig‘ladim. E, bevafo falak, dyedim o‘zimga-o‘zim, shundoq ul-ug‘ zotlarning mozori nahot xor bo‘lib yotsa! Insonning qadri nainki shundoq bo‘lsa!..”

Shu kundan e’tiboran Zokirjon aka bu dard bilan qattiq “og‘rib” qoldi. Katta-kichik davralarda, ilmiy anjumanlarda, matbuot chiqishlarida bu haqda kuyib-yonib so‘zladi, madaniy jamoatchilik, davlatimiz rahbariyatining diqqat-e’tiborini shu masalaga qaratishga urindi va bunga muvaffaq bo‘ldi ham.

U kishining bevosita boshchiligida shu kungacha Bobur Mirzoning azamat haykallari bunyod etildi. Birinchisi – Mitishi shahrida yasalgan va ko‘plab g‘avg‘olarga sabab bo‘lgan o‘sha mashhur haykal bo‘lib, hozir u Andijondagi Bobur bog‘ida qad rostlab turibdi. Ikkinchi haykal – viloyatning ko‘rkam maydonida viqor to‘kib turgan bahodir sarkardaning otliq siymosini haykaltarosh Ravshanbek Mirtojiyev zo‘r m-uhabbat va mahorat bilan yaratdi.

Bobur avlodlari mamlakatimizga kelib ketganidan so‘ng Zokirjon aka ularning ul-ug‘ ajdodi – Bahodirshoh Ikkinchi – Zafarning fojiali qismatiga qattiq qiziqib qoldi. Boburiyzodalarning anduh bilan hikoya qilishlariga qaraganda, ingliz mustamlakachilari Bahodirshohni yetmish ikki yoshida Rangunda sipohiylar qo‘zg‘olonining rahbari sifatida ayblab o‘ldirgan ekan. Keksa shoir o‘limidan oldin turma devoriga qon bilan g‘azal bitib, o‘zini Dehliga – Humoyun Mirzo maqbarasi poyiga dafn etishni vasiyat qilgan ekan. Afsuski, charxi kajraftorning noraso ishlari tufayli uning avlodlari bu vasiyatni hanuzgacha ado etolmaganlar.

Bu qayg‘uli qissadan xabar topgach, Zokirjon aka behad mutaassir bo‘lib, suhbatlarimizning birida shunday fikrni bayon qildilar: ekspeditsiyaning yaqin kelajakdagi ish rejasiga Birmaga safar masalasini kiritish kerak – Bahodirshohning so‘nggi armonini ro‘yobga chiqarish Bobur jamg‘armasi a’zolari uch-un ham qarz, ham farz!

“Axir, o‘zingiz o‘ylab ko‘ring, bu ishlarni biz qilmasak, kim qiladi?” deydi u kishi xayolga tolib.

Bu odamning hayrat-havasiga, ishtiyoq va shijoatining miqyoslariga hamisha hayron qolaman. Teranroq tahlil qilib ko‘rib shu narsani angladimki, u yo ongli ravishda yoki qandaydir savqi tabiiy asosida insonning ko‘proq so‘nggi maskani – abadiy manzili bo‘lmish qabr-mozorlar haqida o‘ylab yurarkan. Shu bois ham goh Boborahim Mashrab mozorini, goh Beruniyning qabrini co‘poqlab-axtarib yuradi. Bunda mahzun va ilohiy bir hikmat borligi shubhasiz.

Axir, shoir qalbining nidosi bejiz emas-ku:

“Sarg‘aygan sahfalar aro qarab tek,

Qodiriy qabrini izlar Otabek”.

Yuk ko‘targan yuzaga chiqadi. Zokirjon Mashrabovning chekkan zahmatlari, el-yurt oldidagi xizmatlari yerda qolmadi. O‘tgan yilning noyabr oyida mamlakatimiz Prezidentining Farmoniga binoan u kishi “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi” unvoni bilan taqdirlandi.

“Milliy qadriyatlarni tiklash va madaniyatni yuksaltirish, Zahiriddin Muhammad Bobur merosini o‘rganish va targ‘ib qilishdagi fidokorona xizmati hamda ijtimoiy hayotdagi faol ishtiroki uchun”, deb qayd etildi bu oliy hujjatda.

O‘ylaymanki, Zokirjon akaning ko‘p yillik ilmiy-amaliy faoliyatiga bu so‘zlar orqali eng aniq va munosib baho byerildi.

Hikoyamiz avvalida biz Ziyoviddin Tusiyning ajabtovur savolini eslab o‘tgan edik. Ziyrak o‘kuvchilarimiz anglagandirlar: yurtimizda hazrati Boburning avlodlari barhayot ekan. Qahramonimiz Zokirjon Mashrabov ana o‘sha boburiylardan biridir.

U, ehtimol, Bobur Mirzoning qondosh-jondosh zurriyoti emasdir. Ammo uning dildosh, dindosh avlodi ekanligi shubhasiz.

Dono shoirlarimizdan biri aytganidek, yer – ishlaganniki, shoir-u olim – o‘qiganniki, qadrlaganniki.

Myen ushbu faromush satrlarni bitib o‘ltirgan kun – 1995-yilning 17-may kuni tong saharda Bobur nomidagi xalqaro ilmiy ekspeditsiya to‘rtinchi bor safarga jo‘nab ketdi. Zokirjon aka va uning me’mor, m-uhandis, muarrix, geodezist mutaxassislardan iborat hamrohlari ko‘hna Hirotni ko‘zlab yo‘lga chiqdilar.

Ularning niyatlari qutlug‘, maqsadlari olijanob: afg‘on tuprog‘ida avlodlar imdodiga mahtal bo‘lib yotgan ul-ug‘ bobolarimizning maqbaralarini obod, ruhi poklarini shod aylash.

Ezgu orzular ila mashaqqat chekib, o‘r tortib borayotgan bu ma’naviyat zahmatkashlariga Ollohdan oq yo‘l tilaylik.



Tahririyatdan:

Jurnal chop etilayotgan kunlarda Andijondan, Zokirjon akadan xushxabar oldik. Bobur nomidagi Xalqaro ilmiy ekspeditsiya qariyb bir oy davom etgan navbatdagi safardan eson-omon qaytib kelibdi. Ekspeditsiya a’zolari qadim Hirotda bo‘lib, hazrati Alisher Navoiyning qabr-maqbarasini tiklash-ta’mirlash bo‘yicha dastlabki ishlarni muvaffaqiyatli ado etibdilar.


Xayriddin SULTON.

“Tafakkur” jurnali, 1995 yil, 2-son

Fikr qoldirish#


O‘qish tavsiya qilinadi
Yosh shoirning shakllanishi yoki Bobur Mirzo Farg‘ona viloyati podshohi (1494-1504)

Zahiriddin Muhammad Bobur 1483 yil 14 fevral kuni Andijonda Farg‘ona...

Hukmdorlarga o‘rnak bo‘ladigan, dunyo olimlari havas qiladigan umr e’tirofi

This article explores the historical significance of Babur and the...


Maqolani baholang
0.0