Sinov yoʻsinida ishlamoqda

«Boburnoma» va «Shajarayi turk»dagi mushtarakliklar

Zahiriddin Muhammad Bobur faqat nazmda emas, balki nasrda ham o‘zining iqtidorini ko‘rsata olgan ijodkordir. Hozirgacha dunyo adabiyotida munosib o‘rin tutib kelayotgan «Boburnoma» tarixiy-memuar asari ajdodlar tarixini o‘rganishda muhim manba sifatida e’tiborlidir.

Abulg‘ozi Bahodirxonning hukmdor sifatidagi faoliyati va ijodi mahsuli, tarixchi, shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Boburni eslatadi. Abulg‘ozi Bahodirxon ham Bobur singari o‘z davrining yetuk bilimdoni, tadbirli sarkarda hamda o‘zbek adabiyoti tarixiga o‘zining munosib hissasini qo‘shgan olim va adibdir.Abulg‘ozi toj-u taxtni boshqarish bilan birga «Shajarayi tarokima», «Shajarayi turk» va «Manofe’ ul-inson» asarlarini yaratdi. Uning “Shajarayi tarokima” asari an’anaviy xususiyatga ega bo‘lsa-da, unda mahalliy xalqlarning kelib chiqishi, qadimiy tarixi, turklarning podshosi O‘g‘uzxon va uning avlodlari haqida qiziqarli ma’lumotlar mavjud.

Asarning yaratilish tarixi haqida muallifning o‘zi shunday yozadi: «Mundin ko‘p yillar o‘tti, turkmanning mullolari va shayxlari va beklari mening tarixni yaxshi bilurimni eshitib tururlar. Taqi bir kun borchalari kelib arz qildilarkim, - «bizning ichimizda «O‘g‘uznoma» ko‘pturur. Ammo hech yaxshisi yo‘q, borchasi g‘alat va birisi - birisig‘a muvofiq ermas. Har qaysisi bir turluk va bir durust e’tibor qilg‘udek tarix bo‘lsa erdi, yaxshi bo‘lur erdi», teb o‘tun qildilar. Ersa, onlarning o‘tunlarini qabul qildim» (Kononov. A.N. Rodoslovnaya turkmen. Sochineniye. Abul-Gazi. Moskva – Leningrad: Akademii nauk SSSR, 1958. – S. 3.).

“Boburnoma”muallifining badiiy mahorati, uslubining o‘ziga xos va an’anaviylik xususiyatlari ko‘rsatiladi. Shu nuqtayi nazardan «Shajarayi turk” tarixiy-badiiy asari bilan qiyoslanadi. Ishning tahlil uslubi qiyoslash bo‘lganligi sababli memuar xarakterdagi badiiylashgan tarixiy nasr namunasi bo‘lgan “Boburnoma” va «Shajarayi turk” asarlarining o‘ziga xos xususiyatlari muallif badiiy mahorati doirasida o‘rganiladi.

«Shajarayi turk» va «Boburnoma» tarixiy-badiiy asarlari hozirgi kunga qadar ingliz, fransuz, lotin, rus, fors va turk tillarida nashr qilinib, keng kitobxonlar ommasiga taqdim etildi.Akademik V.Zohidov «Shajarayi turk» asariga baho berib, «Abulg‘ozining mashhur «Shajarayi turk»i xuddi «Boburnoma» bilan egizakka o‘xshaydi desa bo‘ladi» (Zohidov V. Boburning faoliyati va ilmiy-adabiy merosi haqida. Boburnoma. – T.: O‘zSSR FA nashri, 1960. –B. 5-52), - degan edi.Ikki hukmdorning asosiy o‘xshash jihatlaridan biri shuki, ular davlatni boshqarish bilan birga ijod ham qilganlar. Ijodlarining mahsuli sifatida ikki yirik tarixiy-memuar asar «Boburnoma» va «Shajarayi turk» maydonga keldi. Bu ikki asarning yozilishida mualliflarning o‘ziga xos maqsadi va faoliyati aks etgan.

«Boburnoma» va «Shajarayi turk»ning yozilishi o‘ziga xos tarixga ega.

«Boburnoma»ning janri, qachon yozilganligi kabi bir qator masalalar ko‘p vaqtlardan beri turli bahs, taxmin va farazlarga sabab bo‘lib kelmoqda. «Boburnoma»ni ko‘pchilik olimlar Boburning kundalik daftari sifatida izohlab, uni Bobur umri davomida yozgan deb talqin qilganlar. Asarda bu alohida qayd qilinmagan, berilmagan yillar voqealarini esa yozilmay qolgan yoki yo‘qolgan deb hisoblaydilar.«Boburnoma» 1526-1530-yillar orasida yozilgan. Uning to Hindiston urushigacha bo‘lgan qismi 1526-1528-yillarda; undan keyingi qismi 1529-1530-yillarda yozilgan. Asar chala, tugallanmasdan qolgan. Bobur shohlikni Humoyunga vasiyat qilganidan keyin qattiqroq ishlagan. Biroq Boburga asarni nihoyasiga yetkazish nasib bo‘lmaydi. Keyinchalik, Akbarshohning topshirig‘i bilan Boburning qizi Gulbadanbegim go‘yo asarning davomini alohida bir kitob qilib («Humoyunnoma»), unda Humoyun tarixini ham bayon qiladi.

Abulg‘ozi hech bir podshoh o‘z tarixini o‘zi yozmagan, «uksuk o‘z kindigini o‘zi kesar» deganlaridek, o‘z tariximni o‘zim yozishga majbur bo‘ldim, zero, boshimdan kechirgan sarguzashtlarimni o‘zimdan yaxshiroq biladigan boshqa odam topilmaydi, degan ma’noda xijolatomuzlik qilgan bo‘lsa-da, - uning Zahiriddin Muhammad Bobur hayotidan bexabar bo‘lganligiga ishonish qiyin.

Q.Tohirov «u, (Abulg‘ozi) albatta, bu mamlakatlar tarixiga doir asarlarni o‘qib chiqqanligi, ayniqsa, Rashididdin, Sharafiddin Ali Yazdiy, Mirxond, Zahiriddin Muhammad Bobur kabilar asarlarini chuqur o‘rganganligi hamda turli kishilardan tarixiy hikoyat va rivoyatlarni ko‘plab eshitganligi natijasi edi» (Tohirov Q. Abulg‘oziy Bahodirxon. Shajarayi tarokima. – Samarqand: 1995. – B. 12. // «Boburnoma»-tarixiy memuar asar // Ziyokor. 2002. № 4.-B. 3), - deb ta’kidlaydi. Q.Tohirov bunda «Shajarayi tarokima”ni nazarda tutgan bo‘lsa-da, biroq «Shajarayi turk» «Shajarayi tarokima”dan keyin yozilgan. Demak, Abulg‘ozi «Shajarayi turk»ni yozayotganida tarixiy asarlar qatorida Zahiriddin Muhammad Boburning «Boburnoma» asaridan ham xabardor bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Shuning uchun u Bobur an’analarini o‘z asari misolida davom ettirgan.

Zahiriddin Muhammad Boburning «Boburnoma», Abulg‘ozi Bahodirxonning «Shajarayi turk» asarlari tugallanmay qolgan, mualliflar asarni nihoyasiga yetkazmay olamdan ko‘z yumishgan. Abulg‘ozi asarining davomini o‘g‘li Anusha Muhammad topshirig‘iga asosan Muhammad Zamon Urganjiy nihoyasiga yetkazgan bo‘lsa, Zahiriddin Muhammad Bobur voqealarini nabirasi Akbarshoh topshirig‘i bilan Gulbadanbegim davom ettirgan va go‘yo Bobur voqealarini oxiriga yetkazgan.

Bizningcha, asarning asosiy qismi Abulg‘ozi Bahodirxon tomonidan yozilgan. Chunki asar uslubiga e’tibor qaratilsa, bu yaqqol ko‘zga tashlanadi. Asarning ba’zi o‘rinlarini, sarlavhalarini bir qismi Urganjiy tomonidan tahrir etilgan. Abulg‘ozi asar muqaddimasida asariga “Shajarayi turk” deb ot qo‘ygani va 9 bob qilganini aytadi. 9 bobning sarlavhalarini ham ko‘rsatadi. Demak, bu sarlavhalar Urganjiy tomonidan aniqlashtirilgan va tahrir etilgan.

Abulg‘ozi III bob – «Chingizxonning o‘n uch yoshindin to qirq yoshing‘acha qilg‘an ishlarining zikri» - sahifasida shunday yozadi: «Biz tarixni mo‘g‘ul-da, o‘zbek-da o‘tgan yaxshi podshohlar va kengashli biylarning aslini va qilg‘on ishlarini va aytg‘an so‘zlarini barchasini bir-bir aytib ulug‘ kitob qilmoq ko‘nglimizda bor erdi». Bundan ko‘rinadiki, Abulg‘ozi «Shajarayi turk» asarini yaratishni oldindan ko‘ngliga tugib yurgan. Yana u yuqoridagi fikrini davom ettirib, «aytayin teb yurugan vaqtda xasta bo‘ldum. Xastam uzoqqa tortdi ... Taqi to‘rt navisandani o‘lturtdim. Taqi to Odamdin Jo‘chixong‘a kelguncha goh ko‘hna tarixlarning yuzina boqtim, goh boqmay aytdim, aning uchun barchasin yod bilur erdim. Shaboniyxondin to o‘zimga kelguncha hech kitob yuzina boqmadim. O‘zimning yodimda erdi aytdim» (“Shajarayi turk”, 50-bet). Demak, Abulg‘ozi xastaligi sabab «Shajarayi turk»ni o‘z dastxati bilan yozmagan. Balki u tarixni yoddan aytib turgan (ba’zan yodidan chiqqan voqealarni aytishda ko‘hna tarix kitoblariga murojaat qilgan) kotiblar uning aytganlarini qog‘ozga tushirib borgan. Shundan kelib chiqib aytish mumkinki, asarning asosiy qismini Abulg‘ozi aytib turgan va kotiblar yozgan. Abulg‘ozining vafotidan keyin asarning ma’lum qismini Muhammad Zamon Urganjiy nihoyasiga yetkazgan. Shu fikrlarimiz asosida «Shajarayi turk»ning «Boburnoma»dan yana bir farqli tomoni ko‘zga tashlanadi. Bu farq shundan iboratki, Abulg‘ozi Bahodirxon «Shajarayi turk»ni o‘z dastxati bilan yozmagan. Zahiriddin Muhammad Bobur esa «Boburnoma»ning ilk nusxasini o‘zi yozgan edi. «Boburnoma» va «Shajarayi turk»ning yozilish jarayoniga doir fikrlarimizga shunday xulosa yasash mumkin bo‘ladi.

Boburning «Boburnoma»ni yozishdan asosiy maqsadi temuriylarning keyingi vakillaridan biri sifatida o‘zining memuarini yaratishdan iborat bo‘lgan.

Abulg‘ozi ham «Shajarayi turk»da o‘z ajdodi shajarasini, Xivada hukmronlik qilgan ota-bobolari tarixini, qolaversa, o‘zi boshidan kechirgan voqea-hodisalarni yozishni maqsad qiladi. Ko‘rinadiki, ikki hukmdorning ham ijodiy niyati va maqsadi mushtarak. «Boburnoma» va «Shajarayi turk»ning asosiy farqlaridan biri shuki, Bobur hikoyani o‘zining taxtga o‘tirganidan boshlagan bo‘lsa, Abulg‘ozi esa an’anaviy tarixnavislikdagi kabi hikoyani qadimdan boshlaydi. Bu bilan Abulg‘ozi salaflari Sharafiddin Ali Yazdiy («Zafarnoma»), Rashididdin («Jome’ ut-tavorix») an’analarini davom ettirdi. Shu o‘rinda, «Boburnoma» va «Shajarayi turk» asarlarining janr xususiyatlariga to‘xtalib o‘tishni maqsadga muvofiq deb bildik.Hozirgi kungacha «Boburnoma» va «Shajarayi turk» asarlari tarixiy nasrning noyob namunasi sifatida e’tirof etilib kelinmoqda. Keyingi tadqiqotlarda (H.Qudratullayev (Qudratullayev H.S. «Boburnoma»ning tarixiy-adabiy va uslubiy tahlili: Filol.fanlari.d-ri. diss. – T.: 1998. – 355 b.), N.Otajonov (Otajonov N. «Boburnoma» jahon adabiy jarayonida: Qiyosiy- tipologik tahlil. Filol.fanlari.d-ri diss. –T.: 1994. - 290 b.), A.Abrajeev (Abrajeev A.I. Abug‘ozi Bahodirxon «Shajarayi turk» asarining adabiy ahamiyati. – T.: O‘zdavnashr, 1944. -48 b.), H.Hudoynazarov(Xudoynazarov H. «Shajarayi turk» va uning o‘rganilishi. – T.: O‘qituvchi, 1993.- 128 b.) bu ikki asarda badiiylikning o‘ziga xos unsurlari mavjud ekanligi ham ta’kidlanmoqda.G‘.Xo‘jayev «Boburnoma» janrini belgilashdagi bu hol memuar va uning o‘ziga xos badiiy shakli haqida alohida to‘xtalishni taqozo etadi. Albatta, bu mavzuni tadqiq etish lozim»-deb o‘rinli ta’kidlagan edi (Xo‘jayev F. «Boburnoma» an’analari // Adabiy meros. T.: 1989 -№2 –B. 228-230).

«Boburnoma» jimjimadorlikdan xoli, samimiy va sodda jumlalarda yozilgan bo‘lsa-da, biroq tarixiy voqelik bayonida nosir Bobur bilan birga shoir Bobur mahorati ham sezilib turadi. Buni biz Boburning portret yaratish san’atida, peyzaj tasvirlarini chizishida, xalq og‘zaki ijodidan foydalanishdagi mahoratida, xullas, shohdan tortib oddiy insonga bo‘lgan munosabati misolida yorqin his qilamiz.Bobur har bir tarixiy voqeaning hayotiy-real bo‘lishi uchun harakat qiladi va bunga erishadi. Mana birgina misol: Hazrat Bobur bahor faslida «Boron yozisi», «Choshtuba dashti» va «Gulbahor domanasi» «bisyor xo‘b» bo‘lishini aytib shunday yozadi: «…Sabzasi (maysa, o‘simlik-A.M.) Kobul viloyatining o‘zga yerlarig‘a boqa, xeyli yaxshi bo‘lur, turluq-turluq lolalar ochilur, bir qatli lola anvoini buyurdumkim sanadilar, o‘ttuz to‘rt nav’ lola chiqti, nechukkim bu yerlarning ta’rifida bir bayte aytilib edi:

Sabzavu gullar bila jannat bo‘lur Kobul bahor,

Xossa bu mavsumda Boron yozisi-yu Gulbahor» (“Boburnoma”, 152-bet).

«Bir qatla lola anvoiyni buyurdumkim sanadilar, o‘ttuz to‘rt nav’ lola chiqti»,- deb tasvirlangan oddiy va samimiy jumlalarni o‘qigan kitobxon ko‘z o‘ngida «lola»ning o‘zgacha tashqi ko‘rinishi, bir-birini takrorlamaydigan rango-rangligi butun bir bahorning jozibasi namoyon bo‘ladi. O‘quvchi ta’sirli va jimjimador so‘zlardan emas, balki tabiatni o‘zligicha ko‘ra oladigan qalb gavharidan bahra oladi. Muallifning bu tasvirlarga hamohang bitilgan ikki misrasida badiiyatning o‘ziga xos unsurlari mujassam. Ana shu badiiylikning ma’lum bir qirrasi shoir Boburning birgina «jannat» so‘zida o‘z ifodasini topadi.

«Shajarayi turk»dagi badiiylik rivoyat, ertak, hikoyatlarning badiiyatiga hamohang. Chunki Abulg‘ozi tarixiy voqealar bayonida maqol va ertaklardan ijodiy foydalanadi, badiiy tasvir vositalarini ishlatadi. Shuning uchun «Shajarayi turk»da badiiy buyoqdorlik bo‘rtibroq ko‘rinadi.«…Ulug‘ o‘g‘li Boysunqurni xon qildilar. Aqlli va odil yaxshi podshoh erdi. Ko‘p ellarni o‘zina boqindirub do‘stlarig‘a yaxshilik qilib, dushmang‘a yomonliq qilib bir necha yil podshohlik qilg‘andin so‘ng o‘g‘li Tumnani o‘z yerinda o‘lturtub uzoq safarg‘a ketdi» (“Shajarayi turk”, 45-bet).Mazkur tasvirda Abulg‘ozi Boysunqurning insoniy xususiyatlarini «aqlli va odil yaxshi podshoh», «do‘stlarig‘a yaxshilik qilib, dushmang‘a yomonliq qilib» jumlalarida mohirlik bilan chizib beradiki, o‘quvchi kichik bir tasvirni tahlil qilib, keng ma’lumotga ega bo‘ladi. Abulg‘ozi o‘quvchining ortiqcha ehtiroslarga berilmasligini istab, o‘z qahramonlarining o‘limi tasvirini ajoyib ibora-o‘xshatishlarda ifoda etadi. U ba’zi qahramonlarning o‘limini «borsa kelmas tegan yurtga ketdi», «otasi keynidin ketdi», «joni uzildi» kabi jumlalarda berib o‘tadiki, bu uning o‘ziga xos badiiy mahorati mahsuli edi. Mazkur parchada Boysunqurning vafoti «uzoq safarg‘a ketdi» iborasi bilan ifodalab berilgan. Kichik bir tasvirda Boysunqurning hayoti va faoliyati tugal mohiyat kasb etgan.

Yuqoridagi dalillardan ko‘rinib turibdiki, «Boburnoma» va «Shajarayi turk»da badiiylikka xos jihatlar juda ko‘p. Ikki yirik asarning badiiy xususiyatlarini qiyoslab o‘rganar ekanmiz, bu o‘rinda, badiiy adabiyotning yana bir o‘ziga xos qonuniyati ko‘zga tashlanib qoladi. Ya’ni badiiy adabiyot faqatgina jozibador so‘zamollikni emas, balki samimiy kamsuxanlikni ham o‘zida namoyon etadi. Bu badiiy ijodning biz anglashga urinmaydigan jihatidir. Buni Bobur va Abulg‘ozi o‘z davrida mohiyatan tushungan hamda amal qilgan edilar.

Bundan tashqari «Boburnoma» va «Shajarayi turk» asarlari memuar xarakterga ega.Z.M.Bobur XVI asr o‘zbek adabiyotiga birinchi bo‘lib memuar janrini olib kirdi. Memuar so‘zi fransuzcha «memoires» so‘zidan olingan bo‘lib, «esdaliklar», «xotiralar» (Adabiyotshunoslik terminlari lug‘ati. – T.: O‘qituvchi, 1967. – B. 116.), – degan ma’nolarni anglatadi. Muallifning o‘zi qatnashgan yoki o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan real tarixiy voqealar haqidagi hikoyasi-asari memuar deb ataladi. Zahiriddin Muhammad Boburning «Boburnoma» va Abulg‘ozi Bahodirxonning «Shajarayi turk» tarixiy asarlari shular jumlasidandir. Aniq faktik materiallarning mavjudligi, voqealarni bayon qilish shakli, izchilligi memuarlarni kundaliklarga yaqinlashtiradi. Biroq «Boburnoma» va «Shajarayi turk» tarixiy-memuarlari mualliflarning aniq maqsadi asosida umrining oxirgi yillarida yaratilgan asarlar sirasiga kiradi. «Boburnoma» va «Shajarayi turk»dagi voqealar bayonida badiiy to‘qimaning yo‘qligi asarlarni ilmiy asarlarga yaqinlashtiradi. Shunga ko‘ra, ularda juda ko‘p fan sohalariga oid asosli ilmiy ma’lumotlar mavjud.

O‘zbek adabiyotida memuarlar asosan ikki turga bo‘lib o‘rganiladi. Bular, tarixiy-yodnoma va badiiy yodnoma. Biroq tarixiy yodnomalarda badiiylik, badiiy-yodnomalarda tarixiylik xususiyatlari bo‘lishi mumkin. «Boburnoma» va «Shajarayi turk» ham bundan mustasno emas. Biz tarixiy nasriy asarlarning janr xususiyatlarini belgilashda bu tarixiy asar, bu badiiy asar yoki memuar deb chegara qo‘ymoqchi emasmiz. Balki har uchala janrning xususiyatlari tarixiy nasr namunalarida mavjudligini ta’kidlamoqchimiz. Chunki XVI-XVII asrda yaratilgan asarlarga butun bir jamiyatning tafakkuri mahsuli sig‘dirilgan. Hozirgi nasrga qo‘yiladigan talablar o‘sha davrda mavjud bo‘lmagan. Bu esa asar yaratilayotgan davrning tabiiy qonuniyati bilan belgilangan. Shundan kelib chiqib, «Boburnoma» va «Shajarayi turk»ning janriy xususiyatlari haqidagi fikrlarimizga xulosa yasasak, bu ikki asarni memuar xarakterdagi badiiylashgan tarixiy nasr namunasi sifatida e’tirof etmoq maqsadga muvofiq ko‘rinadi. Abulg‘ozining «Shajarayi turk» asari memuar xarakterga ega emas, deguvchilar ham bor. Biz esa, bu o‘rinda, Abulg‘ozining «Uksuk o‘z kindigini o‘zi kesar» (O‘z tarixini o‘zi yozmoq ma’nosida-A.M.) degan so‘zlarini hamda asarning so‘nggi 9-bobi bevosita Abulg‘ozi Bahodirxon hayoti va faoliyatiga bag‘ishlanganligini eslatib o‘tishni ma’qul ko‘ramiz.Masalan, asarda bosh qahramon siymosi har bir davr voqeasida u yoki bu darajada ko‘rinib turadi. Abulg‘ozi o‘zi guvohi bo‘lmagan qadimgi davr voqealarini yozayotganda ham o‘rni-o‘rni bilan o‘z taassurotlarini qo‘shib yuboradi. Keyingi davr voqealarida bosh qahramonning bolaligi, sarson-sargardonligi, yurishlari, siyosiy-hayotiy faoliyati aniq bayon etiladi. Natijada bosh qahramon siymosi asar voqealarini biriktiruvchi syujet o‘zagi vazifasini o‘taydi. Asardagi bu jihat memuarning g‘oyaviy-badiiy fazilatini namoyon etadi.

Xulosa qilib aytganda, tarixda ham shoh, ham shoir bo‘lgan ijodkorlar juda ko‘p. Biroq ular orasida Zahiriddin Muhammad Bobur va Abulg‘ozi Bahodirxon ijodiy mushtarakligi, adabiy yaqinligi, taqdiridagi hamohanglik kishini hayratga soladi. Bu kabi qiyosiy yondoshuvlar ijodkorlarning shaxsiyati va ijodini to‘laroq o‘rganishga xizmat qilishi, shubhasiz.


FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR:

1. Kononov. A.N. Rodoslovnaya turkmen. Socheneniye. Abul-Gazi. Moskva – Leningrad: Akademii nauk SSSR, 1958. – S. 3.

2. Zohidov V. Boburning faoliyati va ilmiy-adabiy merosi haqida. Boburnoma. – T.: O‘zSSR FA nashri, 1960. –B. 5-52.

3. Tohirov Q. Abulg‘oziy Bahodirxon. Shajarayi tarokima. – Samarqand: 1995. – B. 12. // «Boburnoma»-tarixiy memuar asar // Ziyokor. 2002. № 4.-B. 3.

4. Qudratullayev H. S. «Boburnoma»ning tarixiy-adabiy va uslubiy tahlili: Filol.fanlari.d-ri. diss. – T.: 1998. – 355 b.

5. Otajonov N. «Boburnoma» jahon adabiy jarayonida: Qiyosiy- tipologik tahlil. Filol.fanlari.d-ri diss. –T.: 1994. - 290 b.

6. Abrajeev A.I. Abug‘ozi Bahodirxon «Shajarayi turk» asarining adabiy ahamiyati. – T.: O‘zdavnashr, 1944. -48 b.

7. Xudoynazarov H. «Shajarayi turk» va uning o‘rganilishi. – T.: O‘qituvchi, 1993.- 128 b.

8. Xo‘jayev F. «Boburnoma» an’analari // Adabiy meros. T.: 1989 -№2 –B. 228-230.

9. Adabiyotshunoslik terminlari lug‘ati. – T.: O‘qituvchi, 1967. – B. 116.


Marg‘uba Abdullayeva filologiya fanlari doktori, ToshDO‘TAU dotsenti, abdullayeva@navoiy-uni.uz.

Uzbekistan Language and Culture (O‘zbekiston til va madaniyat)

2020, Vol. 1, Alisher Navo'i Tashkent State University of the Uzbek

Language and Literature, www.navoiy-uni.uz, www.uzlc.uz. ISSN 2181-922X

Fikr qoldirish#


O‘qish tavsiya qilinadi
Yosh shoirning shakllanishi yoki Bobur Mirzo Farg‘ona viloyati podshohi (1494-1504)

Zahiriddin Muhammad Bobur 1483 yil 14 fevral kuni Andijonda Farg‘ona...

Hukmdorlarga o‘rnak bo‘ladigan, dunyo olimlari havas qiladigan umr e’tirofi

This article explores the historical significance of Babur and the...


Maqolani baholang
0.0