“Ulug‘ xon qo‘riqning yonida mening ulug‘ onam — Eson Davlatbegimning bog‘igakim, Qo‘sh tegirmonga mavsumdir, tushdi. Ikki kundin so‘ng O‘shdin keldim, Ulug‘ xonni Qo‘sh tegirmonda ko‘rdim”. (“Boburnoma”, 93-bet).
“Boburnoma”dan olingan ushbu iqtibosda gap Zahiriddin Muhammad Boburning katta onasi bo‘lmish Eson Davlatbegimning Andijonning Qo‘sh tegirmon dahasi yaqinidagi katta bog‘i haqida bormoqda. Bobur uni ko‘pincha “Chorbog‘” deb ham tilga oladi. Chorbog‘ deganda devor bilan o‘rab olingan ko‘shk, tartib asosida tuzilgan qo‘rg‘onli bog‘ tushuniladi. Qo‘rg‘on devori atrofiga bo‘ychan daraxtlar, so‘ng mevali daraxt va turli gullar ekiladi.
Chorbog‘ bino qilish temuriylar davrida ravnaq topgan. Sohibqiron Amir Temurning Samarqanddagi o‘n to‘rt bog‘i ham aslida chorbog‘lar bo‘lgan. Shuningdek, boburiylar ham Afg‘oniston va Hindistonda ko‘plab chorbog‘lar yaratganlar. XIX asrda Buxoroda qurilgan “Sitorai mohi xossa”, Andijonning Oyim qishlog‘ida barpo etilgan Mohlar oyim chorbog‘i shunday obod manzillardir.
Boburning katta onasi — Eson Davlatbegim chorbog‘i deganda Umarshayx Mirzoning qaynonasiga atab, Andijon atrofida qurgan hashamatli chorbog‘ni tushunmoq kerak. O‘sha Chorbog‘ o‘rnini aniqlash uchun ko‘p saʼy-harakat qilishga to‘g‘ri keldi.
Chorbog‘ haqida “Boburnoma”ning bir-ikki yerida keltirilgan qisqa xabardan boshqa maʼlumot uchratmadik. Keksalar bilan olib borilgan suhbatlar, shu atrofda joylashgan mahalla va hovlilar oralab yurib o‘tkazgan tekshirishlarimizda oz bo‘lsa ham saqlanib qolgan ayrim eski bino qoldiqlari va baʼzi qadimiy qabr-mozorlar, shuningdek, joy nomlari sinchiklab o‘rganildi. Chorbog‘ o‘rni Andijon shahrining shimoli-g‘arb tomonida joylashgan “Qo‘shariq” dahasi atrofida ekan. To‘g‘rirog‘i, Chorbog‘ bugungi “Qo‘shariq”ning yana ham g‘arbrog‘ida joylashgan. Izlanishlarimiz tanaffuslar bilan bir necha yilga cho‘zildi. Tekshirishlarimizda shu narsa aniqlandiki, bugungi “Qo‘shariq”ning “Xo‘ja mahalla” deb ataladigan mavzesi va shu atrofdagi eski “Xo‘jalar qabristoni” ham o‘sha davrdan qolgan ekan.
“Qo‘shariq” dahasi qariyalaridan Muxtor qori Tojiboyevning eslashicha, bu qishloq XIX asr oxirida kichrayibroq qolgan qadimiy ikkita ariqdan suv olib, birida “bir toshli” tegirmon ishlab turgan. Qadimiy katta tegirmonlar allaqachon buzilib ketgan ekan. Endilikda kichkina ariqlar saqlanib qolgan.
Eson Davlatbegim chorbog‘ining aynan Andijonda barpo bo‘lganining sababi ustida ham bir oz to‘xtalib o‘tsak. Maʼlumki, Yunusxonning uch qizidan ikkitasi Abu Sayid Mirzoning ikki o‘g‘liga uzatilgan: katta qizi Mehr Nigorxonim — katta o‘g‘il Sulton Ahmad Mirzoga, o‘rtanchasi Qutlug‘ Nigorxonim esa — Umarshayx Mirzoga nikoh qilingan edi.* Katta kuyov Sulton Ahmad Mirzo Samarqand hokimi edi, biroq nega qaynona Andijonda — kichik kuyov qurib bergan chorbog‘da turib qoldi? Garchi, manbalarda ko‘rsatilmagan bo‘lsa ham, Umarshayx Mirzoning Qutlug‘ Nigorxonimga uylanish to‘yi, albatta Andijonda o‘tgani shubhasiz. Chunki Umarshayx Mirzoning poytaxti Andijonda edi. Yo‘l-yo‘lakay shuni ham taʼkidlab o‘tish lozimki, Abu Said Mirzo Farg‘ona mulkini Umarshayx Mirzoga berganida (1462 y.) Axsikent poytaxt qilib tanlangan edi. Biroq uni mo‘g‘ullar bosib oladi va poytaxt Andijonga ko‘chiriladi. To‘g‘ri, besh yildan so‘ng Axsikent yana qaytarib olinadi, ammo Andijon poytaxtligicha qoladi. Aftidan to‘ydan so‘ng qaynona Eson Davlatbegim Andijonda turib qoladi.
Katta kuyov Ahmad Mirzo Mehr Nigorxonimdan farzand ko‘rmayotgan edi. “Mirzodan hech o‘g‘il va qiz bo‘lmadi” — deb yozadi Bobur. (To‘g‘ri, bir o‘g‘il tug‘ilgan edi, ammo bir yoshga to‘lmasdanoq o‘lib ketgan). Binobarin, Eson Davlatbegim o‘g‘il nabira ilinjida Samarqandda emas, Andijonda turishni maʼqul ko‘rgan bo‘lsa kerak. Kuyov unga shahar shimoli-g‘arbidagi Bobur tilga olgan “Qo‘sh tegirmon” mavzesida hashamatli chorbog‘ qurib beradi. Qaynona esa onalarga xos orzu — o‘g‘il nabira umidida chorbog‘da yashaydi. Zahiriddin Muhammad Bobur Eson Davlatbegimning o‘rtancha kuyovi bo‘lmish Umarshayx Mirzo xonadonida tug‘ilgan birinchi o‘g‘il nabira, Umarshayxning ham to‘ng‘ich o‘g‘li edi.
Tarixdan shuni bilamizki, taxt vorisining dunyoga kelishi podshohlar xonadonida katta voqea hisoblanadi. Kobulda Humoyun Mirzo tug‘ilganda ham bu yerda shohona marosimlar o‘tkazilgani maʼlum. Chunonchi, bu haqda Bobur shunday deb yozadi: “Besh-olti kundin so‘ng Chorboqqa chiqib Humoyun valodatining to‘yi bo‘ldi. Bek va begot, ulug‘-kichik sochiq (sovg‘a) keltirdilar, qalin oq tanga o‘kuldi (juda ko‘p kumush tanga to‘plandi), ondin burun oncha qalin oq yormoqni bir yerda ko‘rilmaydur edi, xeyli yaxshi to‘y bo‘ldi”. (“Boburnoma”, T., “Sharq”, 160-bet).
Binobarin, Bobur tug‘ilganda ham tantanali marosimlar o‘tkazilganini tasavvur qilsa bo‘ladi. Chaqaloqqa ism qo‘yib berishni Umarshayx Mirzo piri Xoja Ahrordan so‘rab, unga maxsus odam yuborgani tarixdan maʼlum. Shu o‘rinda quyidagi holatga to‘xtalib o‘tsak. Boburning Andijonda tug‘ilgani aniq. Ammo, shaharning qaysi go‘shasida tug‘ilgan: ark qo‘rg‘onidami yoki katta onasining chorbog‘idami? Eson Davlatbegim Andijondagi chorbog‘ida istiqomat qilgan ekan, modomiki, bo‘lg‘usi Bobur qaynonaning birinchi o‘g‘il nabirasi ekan, demak, Qutlug‘ Nigorxonim ham chorbog‘da onasi bilan birga turgan va “bosh qorong‘ulik”ning so‘nggi oylarini shu yerda o‘tkazgan bo‘lishi mumkin. Binobarin, mantiqan o‘ylaganda, Bobur ham katta ona chorbog‘ida tug‘ilgan bo‘lishi ehtimoldan uzoq emas.
Taniqli ingliz adibasi Margaret Rumer Godenning (1907-1998) Boburning qizi Gulbadanbegimga bag‘ishlangan asarida berilgan to‘rtta miniatyuradan birida Boburning katta ona Eson Davlatbegim bilan suhbati tasvirlangan. Miniatyurada chorbog‘ ichki-tashqi devorining darvoza qismlari aks ettirilgan. Suratda tashqi devor darvozasiga pillapoyada ko‘tarilib kelayotgan kishini darvoza soqchisi kutib olib, nimadir tushuntirmoqda. So‘ngra ichki devor qismi, uning ham eshigi va atrofida xizmatchilar aks ettirlgan. Eng tepada — ko‘shk ayvonda Bobur, katta onasi bilan suhbatlashib o‘ltiribdi.
O‘zbekiston xalq yozuvchisi Pirimqul Qodirov Eson Davlatbegim chorbog‘ini quyidagicha taʼriflaydi: “Shaharning shimolidagi ko‘rkam chorbog‘ baland devor bilan o‘ralgan. Darvozalarga soqchilar qo‘yilgan”. Bu — miniatyurada berilgan ko‘rinishga aynan mos keladi. Chorbog‘dagi binolar yozuvchi tasavvurida shunday namoyon bo‘ladi: ko‘shk, marmar hovuz, hovuz bo‘yida tillakori shiypon, “eshiklari nafis o‘ymakorliklar bilan bezangan” xonalar, shuningdek Eson Davlatbegimning maxsus xonasi, darsxona, mudarris xonasi. Miniatyurada garchi barcha xonalar tasvir etilmagan bo‘lsa ham, qisman ko‘shk, hovuz va baʼzi tashqi binolar tasviri bor.
Ammo, afsus va nadomatlar bo‘lsinki, asrlar shamoli, ro‘y bergan bir qator zilzilalar, boshqa tabiiy ofatlar, qo‘li gul insonlar yaratgan ko‘plab mahobatli obidalarni yo‘q qildi. “Boburnoma”da tilga olingan mashhur katta “Namozgoh” masjidi qoldiqlari, shuningdek, Andijonning uchta darvozasidan biri ham saqlanmagan. Bizning davrimizda tarixiy obida sifatida saqlanayotgan qadimiy binolarning qoldiqlari, Bobur davridagi Andijon arki ham XVIII asr boshida va 1902 yilning kech kuzida ro‘y bergan zilzilalar oqibatida omon qolmagan…
Muxtor qori Tojiboyevning eslashicha, o‘tgan asr boshida “Qo‘shariq” mavzesida “bolalar cho‘milsa bo‘lgudek” (Qori aka ifodasi) ikkita ariq bo‘lgan ekan. “Ariqlarning birida tegirmon ishlab turardi, yana birida buzilib ketgan qandaydir inshoot izlari ko‘rinib turardi, — degandi Qori aka. — Yo‘lovchi aravakashlar otlarini sug‘orib o‘tar edilar”.
Umarshayx va Bobur Mirzolar davrida Andijonga ko‘pgina olim va fozil kishilar ham kelib turib qolishgan. Ana shunday ulug‘ zotlardan biri Shamsiddin Sarbarahnadir. Uning to‘la nomi Sayyid Shamsiddin Muhammad Mir Sarbarahna. Xondamir “Xulosat-ul-axyor” (”Xayrli kishilar ahvolidan xabarlar xulosasi”) asarida yozishicha, u zot asli andijonlik bo‘lgan, keyinchalik Hirotga — Navoiy xizmatiga ketib qolgach, “Andijoniy” nomi bilan mashhur bo‘lgan. 1443 yili Hirotda vafot etgan. Aytishlaricha, doimo bosh yalang yurgani sabab “Mir Sarbarahna” nomi bilan mashhur bo‘lgan. Alisher Navoiy ham “Majolis-un-nafois” asarida uni tilga olib o‘tadi.
Muxtor qori akaning fikricha, u kishi payg‘ambarimiz avlodlaridandir. Xondamir ham unga Bobur kabi yuksak taʼrif beradi: “O‘tkir zehnli, zamon fozillari va davronning ziyrak kishilari orasida tamoman ajralib turadi. So‘zlari shirin, suhbatlari ajoyib va g‘aroyibdur”.
Muxtor qori akaning aytishlaricha, Shamsiddin Sarbarahna “Qo‘shariq” dahasining “Xo‘ja mahalla” mavzesida istiqomat qilgan. Hirotga ketguncha Umarshayx Mirzoning xizmatida bo‘lgani aniq. Mir Sarbarahnaning Hirotda vafot etgani shubhasiz bo‘lsa ham odamlar “Xo‘jalar qabristoni”dagi qadimiy bir qabrni Shamsiddin Sarbarahna nomi bilan bog‘laydilar. Qabr sag‘analari islom diniga hujum avj olgan 1930-yillari buzib yuborilgan. Shunday xulosaga kelish mumkinki, Mir Sarbarahna Hirotga kelmasdan va Husayn Boyqaro saroyida sadrlik lavozimini egallamasdan ilgari Andijonning Qo‘sh tegirmon dahasida istiqomat qilgan.
Demak, Mirzo Bobur nomi bilan bog‘liq ko‘pgina tarixiy obidalar qatori Andijonning hozirgi “Qo‘shariq” mavzesida bir paytlar mavjud bo‘lgan Eson Davlatbegim chorbog‘i ham tarixiy ahamiyatga molik qadamjodir. Bu chorbog‘ning o‘rni hozirgi “Xo‘ja mahalla” atrofidagi sayhonlik bo‘lib, shu joyda ham Bog‘ishamol tepaligidagi kabi biror mo‘jazroq bog‘mi, xiyobonmi barpo etilsa, maqsadga muvofiq bo‘lardi, deb o‘ylaymiz.
Sayfiddin Jalilov, «O‘zbekiston adabiyoti va sanʼati» gazetasining 2009 yil, 13-son.
Fikr qoldirish#