Sinov yoʻsinida ishlamoqda

«Mardonalig‘ingizni bori el bildi»

Bobur xalqaro fondi va ilmiy ekspeditsiyasining 30 yilligi


1992-yil milliy maʼnaviy hayotimizda muhim voqealardan biri yuz berdi. Buyuk ajdodlarimizning ilmiy-adabiy merosini o‘rganish, xorijda dafn etilgan ota-bobolarimizning qabr va qadamjolarini aniqlash va obodonlashtirish, qo‘lyozmalarni Vatanimizga olib kelib ilmiy isteʼmolga kiritish kabi xayrliva ulug‘vor ishlarni maqsad qilgan Bobur nomidagi xalqaro jamoat fondi hamda uning ilmiy ekspeditsiyasi tashkil etildi.


Bugun, oradan 30 yil vaqt o‘tib, Fond va uning ilmiy ekspeditsiyasi amalga oshirgan ishlarga nazar tashlarekanmiz, ko‘z oldimizda to‘laqonli ilmiy-tadqiqot instituti yoxud kichikroq bir akademiya jonlangandek bo‘ladi.

Fondning bevosita ishtiroki bilan shu kungacha o‘nlab mashhur shoir va allomalar, davlat va jamoat arboblari hayoti va ijodi, ilmiy faoliyatlariga doir izlanishlar olib borilib,1000 ga yaqin nodir qo‘lyozma va kitoblarning asl nusxalari va nusxalari yurtimizga olib kelindi. Shuningdek, «Boburnoma»ning to‘rtta nashri, «Zahiriddin Muhammad Bobur ensiklopediyasi», «Habib us-Siyar», «Zaxiriddin Muxammad Babur. Baburidы. Bibliografiya»kabi ellikka yaqinkitoblarning chop etilgani, Bobur nomidagi xalqaro mukofot taʼsis etilib, hozirga qadar o‘nlab o‘zbekistonlik va xorijiy olimu adiblarning ushbu mukofot bilan taqdirlangani – bular ikki og‘iz jumlada aytib o‘tiladigan misollar bo‘lsa-da, ularning ortida chekilgan zahmatu mashaqqatni, tunlarni tonglarga, tonglarni shomlarga ulab qilingan mehnatni tasavvur etishimiz qiyin emas.

Endigina mustaqil bo‘lgan mamlakatimiz murakkab iqtisodiy-ijtimoiy vaziyatni boshdan kechirayotgan, odamlar tirikchilik g‘amida o‘zini o‘tga-cho‘qqa urib yashayotgan bir paytda, issiq o‘rnini sovutib, oddiy avtoulovda uzoq va mashaqqatli safarga otlanish uchun kishida qanday xislatlar bo‘lmog‘i kerak, bugun biz – umrimizning eng gulgun va jo‘shqin damlari istiqlol davrida, dorilomon kunlarda kechayotgan yoshlar, ochig‘i, to‘liq tasavvur etolmaymiz.

Ehtimol, buning uchun juda katta eʼtiqodga – Allohga bor vujudi bilan tavakkul qilishdan tortib, Vatan,millat, maʼnaviyat qayg‘usi bilan yashash, umrini, jonini xatarga qo‘yib bo‘lsa-da, o‘z hayotiy prinsiplariga, yoshlik orzu-umidlariga sadoqat tuyg‘usiga ega bo‘lish kerakdir.

1992 yilning avji bahor kunlarida tashkil etilib, 19 may kuni yo‘lga chiqqan 14 kishidan iborat ilmiy ekspeditsiya aʼzolarining oltmish kechayu oltmish kunduzlik safar davomida 18 ming kilometrdan ziyod masofani bosib, cho‘lu sahrolar, tog‘u dovonlar osha kezib, ne-ne qiyinchilik, mashaqqatlarni tortsa-da, barchasiga sabr-toqat, iroda bilan bardosh berganlarini ko‘rib, bunga qayta-qayta ishonch hosil qilamiz.

Negaki, faqat mustahkam eʼtiqodgina insonga shunday iroda va sabr baxsh eta oladi. Ko‘ngilda o‘zi qilayotgan ishga, tanlagan yo‘lga ishonch va muhabbatgina odamni olg‘a qadam bosishga undaydi, tanu joniga, ruhiyatiga kuch-quvvat bag‘ishlaydi.

Ko‘z oldimizga bir keltiraylik. Afg‘oniston. Urushu nizolar girdobida qolgan, undan chiqishga yo‘l topolmayotgan mazlumu mahzun o‘lkaning Jalolobod shahri. Ekspeditsiya aʼzolari uzoq va mashaqqatli safarining hal qiluvchi pallasiga – hazrati Bobur xoklari yotgan manzilga yaqinlashmoqda. Oqshom cho‘kkan. Ular charchoqlarini yozish, bir pas orom olish ilinjida o‘zlari uchun bir sokin joy, xobgoh istamoqdalar. Ammo, qani o‘sha istirohatgoh? Qani o‘sha sokin, oromijon go‘sha? Qani o‘sha halovat?

Ekspeditsiya aʼzosi, taniqli adib, xalqimizning sevimli yozuvchisi Xayriddin Sulton «Boburiynoma» maʼrifiy romanida shunday hikoya qiladi:

«Afg‘oniston hududiga o‘tishimiz bilanoq tabiat manzaralarida va iqlimda aniq bir o‘zgarishni payqadik. Arabiston va Pokistonning namchil, kishini lohas qiladigan havosi o‘rniga tog‘u toshlardan dilbar nasimlar esa boshlaganini sezdik. Dalalar, dashtlar, qishloqlar va yashil vohalarning ko‘rinishlari, daraxtzor va ekinzorlar shundoqqina O‘zbekistonimizni eslatib turardi.

Ammo tevarak-atrofdagi vayrona imoratlar, yo‘l yoqasida qalashib yotgan hisobsiz harbiy texnika, portlatilgan ko‘priklar, kultepaga aylangan kentlaru ovullar, pichan va tappi bosilgan tomlar tepasida tumshug‘i yo‘lga qaratib qo‘yilgan to‘p va pulemyotlar, yetti yasharidan yetmish yasharigacha qurol osib olgan sirli, begona odamlar... yurakka beixtiyor vahima solardi.

Dam-badam ketmonsoqol, tundbashara, vajohati qo‘rqinchli kimsalar yo‘limizni to‘sadi, mashinamiz ichiga alanglab nazar soladi. Qo‘rqqanga qo‘sh ko‘rinar, deganlaridek, har bir narsa bizga shubhali tuyuladi. Goh olislardan, goho esa yaqinginadan gumburlagan o‘q tovushlari eshitiladi. Hammamiz nafasimizni yutib, o‘z o‘y-xayollarimiz bilan kelmoqdamiz...»

Ekspeditsiya aʼzolari shunday tahlikali, xatarli yo‘llardan yurib, nihoyat, shahardagi yagona mehmonxonadan joy olishadi. Buni qarangki, og‘ir ijtimoiy vaziyat va sharoit taqozosiga ko‘ra, u ham harbiy shifoxonaga aylantirilgan ekan. Ushbu ayanchli manzara adib tilidan shunday tasvir etiladi:

«Shahardagi hukumatga qarashli yagona mehmonxona bo‘lgani uchun yo‘lboshchilarimiz bizni shu yerga olib kelishibdi. Mayib-majruh urush nogironlari birpasda bizni qurshab olishdi. Birining qo‘li kesilgan, birining ikkala oyog‘i yo‘q, birining basharasi abjaq bo‘lib ketgan, qo‘ying-chi, urushning neki xunrezligi bo‘lsa, mana shu sho‘rlik va notavon kimsalarning pajmurda vujudiga qarab, bu haqda tasavvur hosil qilish mumkin. Barchasi alamnok, jabrdiyda insonlar, birortasining chehrasida tabassum nishonasini ko‘rmaysiz...

«Sho‘raviylar mening otamni, onamni, uch farzandimni o‘ldirgan», der edi ularning biri.

«Mening uyimni yondirib, kulini ko‘kka sovurgan – kofirlar», deydi ikkinchisi.

«Sizlarning soldatlaringiz mening ko‘zlarimni ko‘r qildi», deydi uchinchisi.

Biz esa ularga nima deb ham javob berar edik?

«Urushni xalq emas, siyosatdon rahbarlar boshlagan edi, bugun endi ularning barchasi qoralandi», deb aytganimiz bilan ularning ko‘ngli yorisharmidi? Vujudlaridagi, yuraklaridagi azobu uqubatlar, alam-armonlar sal bo‘lsa-da kamayarmidi?..

Sarbonlarimiz ularga uzoq nimanidir tushuntirishdi. Bir mahal Qori domla ajab bir ish qildi: kasalxona ahliga idishda olib kelayotgan Obi Zamzam suvidan quyib uzata boshladi. Shundagina ularning tund yuzlaridagi shubha va gumonlar tarqagandek bo‘ldi. Duolar qilib, muqaddas suvni barcha shifotalab bemorlarga ulashildi...»

Biri tarixchi olim, fan doktori, biri yozuvchi, yana biri jurnalist, biri diniy ulamo, xullas, barchasi ilmli, ziyoli kishilar bo‘lgan, o‘tgan ulug‘ olimu fozil bobolarimiz qadami yetgan manzillarda bo‘lib, Vatan, xalq, millat yo‘lida o‘zlari uchun muhim narsalarni kashf etib, qalblarida yuksak orzu-rejalarni pishitib kelayotgan ekspeditsiya aʼzolari Afg‘on diyorida shunday sinovlarga duch kelamiz, deb o‘ylashganmikin?

Yo‘q, gap ular yo‘llarda uchragan jismoniy xavf-xatar, xususan, Pokiston cho‘llarida qaroqchi – ashrorlar taʼqibiga uchragani yoki Afg‘on zaminida zambaragu tanklar, avtomatlar bilan qurollangan jangarilar tizilishib turgan yo‘llardan yurak hovuchlab o‘tganida emas, aslo! Yoxud yosh, mustaqil davlatimizning hali na elchixonasi, na biror vakolatxonasi ochilgan o‘lkalarning chegara postlaridagi sarg‘ayib kutishlar, sargardonliklarda ham emas!

Zotan, ular tinch-osoyishta diyorimizdan otlanishar ekan, oldinda o‘zlarini yo‘l azobidan tashqari mana shunday og‘ir sinovlar, xavf-xatarlar ham kutayotganini his etishardi!

Hamma yerda ham o‘zlarini quchoq ochib kutib olmasliklarini, barcha borar manzillari ham muqaddas Kaʼbatulloh joylashgan Makkai mukarrama yoxud Rasululloh sallollohu alayhi vasallam mangu orom topgan Madinai munavvara emasligini bilardilar!

Ammo mana bu taxlit iztirobli, g‘oyat qayg‘uli manzaraga duch kelish, alamli savollar, hasratli nigohlar, ayanchli taqdirlar qarshisida qolish xobu xayollariga kelmagan edi.

Ha, osmon – uzoq, yer – qattiq. Mazlum askarlarga bandasi so‘z bilan taskin berolmaganda ilohiy kuch nusrat beradi. Yo‘l yurgan odam turfa holatlarni boshidan kechirar ekan-da.

Qalbi ham, tani ham majruh insonlar davrasidan chiqib, ekspeditsiya aʼzolari myehmonxonaning birinchi qavatidan ikkitagina xonaga joylashishadi.

Bugun bizning zamonaviy tushunchamiz bo‘yicha, mehmonxona degani – naq istirohatgohning o‘zi. Osoyishta dam olish uchun barcha sharoit va qulayliklarga ega shinam va yorug‘ xonalar, bir og‘iz so‘zingga mahtal bo‘lib turguvchi xizmatchilar, lazzatli taom va ichimliklar. Yo‘q, maʼzur tutasiz, hurmatli o‘quvchi. Biz hikoya qilayotgan manzilda bu sifatlardan birortasi yo‘q edi.

Derazalari chil-chil singan, eshiklari qulflanmaydigan, yo‘laklarida mayib-majruh askarlar og‘riq azobidan betoqat, beorom kezib yurgan aftodahol bir qo‘nalg‘a. To‘g‘ri, Mirzo Bobur taʼriflagancha bor, bu diyorning havosi xush, tabiati fusunkor. Jumladan, Jalolobod shahrida ham o‘sha tun havo salqin, yoqimli, borliq benihoya maftunkor edi! Ammo... Ammo uyqu-huzur qayda deysiz!

Bu bir o‘zi ajib sinoat: sen o‘zing mehr qo‘ygan odamingga o‘xshaysanmi yoki kimgadir muhabbat, chin yurakdan ixlos qo‘ysang, taqdiring, hayoting unikiga o‘xshab qoladimi?

Buni qarangki, besh yuz yil avval yashab o‘tgan bir zotning etagidan tutib, unga mehr va ixlos qo‘yib, u yurgan yo‘llardan yurib, uning maʼnaviy merosini o‘rganib, unga bag‘ishlab asarlar yozib kelayotgan insonlar ko‘p jihatdan o‘sha zotning taqdirini takrorlab tursalar?

Axir, Mirzo Bobur emasmidi, ayni yosh, navqiron kezlarida Karnon degan bir maskanda yog‘iy qo‘lida qurshovda qolib, o‘lim vahmini boshidan kechirgan va faqatgina Allohning marhamati bilangina aziz joni omon qolgan?

«Olamda jon vahmidin yomonroq nima bo‘lmas emish. Men dedimkim, rostlig‘ini ayt. Agar ish o‘zgacharoq bo‘lg‘udektur, xud vuzu qilay. Yusuf ontlar ichti, vale aning ontig‘a kim inonadur? O‘zumda betoqatlig‘e fahm qildim...» («Boburnoma»dan).

Boburparvar vatandoshlarimiz ham o‘sha kecha o‘lim vahmini his etdilar.

«Tun bo‘yi yaqin atrofdagi shiddatli otishma ovoziga quloq tutib, uxlamay to‘lg‘anib chiqdik, – deya hikoya qiladi «Boburiynoma» muallifi, o‘sha damlarni xotirlab. – Kim kim bilan urushyapti, nega urushyapti – aslo bilib bo‘lmaydi. Beixtiyor boyagi nogiron askarlarning savollarini o‘zlaridan qaytarib so‘ragim keladi: «Xo‘p, ilgarilari-ku, kofirlarga qarshi, so‘ng ularning tarafdori bo‘lgan Najibulloh tuzumiga qarshi kurashgan ekansizlar. Endi mujohidlar hokimiyatni qo‘lga olibdi. Nega yana o‘zaro jang qilyapsizlar? Nahotki, musulmon musulmonga qarshi qurol ko‘tarsa?»

Hayot – beshafqat narsa, aql va mantiqqa bo‘y bermaydigan o‘z qonuniyatlari bor. Begunoh qon to‘kilavergach, odamzotning diydasi ham qotib ketarkan. Afg‘oniston diyori bugungi kunda shunday beqaror bir vaziyatni boshidan kechirayotibdi. Urush – mamlakat xalqining asosiy kasb-koriga aylanib ketgandek taassurot qoladi baʼzan...»

Endi «Boburnoma»dan o‘qiymiz:

«O‘zumni o‘lumg‘a qaror berdim, – deya qayg‘uli qissasini davom ettiradi Bobur Mirzo. – O‘shal bog‘da bir suv oqib keladur edi, vuzu qildim, ikki rakaat namoz o‘qudim, boshimni munojotqa qo‘yib, tilak tilaydur edimkim, ko‘zum uyqug‘a boribtur...»

Atrofda otishma ovozi tinmayotgan kechada xuddi Bobur hazratlari singari o‘zlarida «betoqatlig‘» fahm qilib yotgan yurtdoshlarimiz ham boshini munojotga qo‘yib, Xudodan panoh tilar edilar. Karami keng Alloh Mirzo Bobur singari uning bu zahmatkash izdoshlarini ham O‘zining hifzu himoyasida asradi.

«O‘shal holda xushhol bo‘lib uyg‘ondimkim, – deya hikoya qiladi «Boburnoma» muallifi, – Yusuf dorug‘a va hamrohlari bir-biriga maslahat qiladurlarkim, bahona qilib hayal qiladur, tutub bog‘lamoq kerak.

Bu so‘zni eshitib men dedimkim, sizlar bu yo‘sunluq so‘zlashursiz, ammo ko‘rayinkim, qaysingiz mening qoshimg‘a kela olursiz?.. Ushbu so‘zning ustida edimkim, bog‘ning devoridan tashqari qalin otliqning kelur ovozi keldi...»

Bu – juda mashhur voqea. Bobur bobomiz hayoti davomida ko‘p janglarniko‘rgan, dubulg‘asiga qilich tegib, shahid bo‘lishiga bir baxya qolgan paytlar ham bo‘lgan, necha bor bemorlik boshidan o‘tsa-da, hamisha Yaratgan Parvardigor u zotni panohida asrab, joni omon qolgan. Ammo mazkur hodisa, dushmanlar qurshovida qolib, dahshatli o‘lim vahmini tanida his qilgan holat bir marta bo‘lgan.

Endi «Boburiynoma»dan o‘qing:

«Bomdod namozidan so‘ng kechagi posbonlarimiz – Abdul Vadud va Farid yetib kelishdi. Hol-ahvol so‘rashib, bizni Jalolobod bozoriga boshlab borishdi. Bu yerda bir avtoustaxona oldida to‘xtadik. Pahlavon bir usta hash-pash deguncha mashinamizni sozlab, ballonlarini mustahkamlab berdi. So‘ngra Farid nonushtaga taklif qildi... Nihoyatda sodda va to‘yimli yemak bilan qanoatlanib, Kobul sari yo‘l olar bo‘ldik...»

Vatandoshlarimiz mana shunday o‘t-olovli manzillar, pastu baland yo‘llar, goh ayrim davlatlardagi byurokratik to‘siqlardan o‘tib, goh yaxshilarning mehru saxovati, xayrixohligidan bahramand bo‘lib, zimmalaridagi vazifani sharaf bilan ado etgancha yurtga yorug‘ yuz bilan qaytdilar. Bu hali ularning yaxlit ekspeditsiya aʼzolari o‘laroq dastlabki xorijiy safarlari edi.

Keling, shu o‘rinda o‘zbek ilm-fani va madaniyati, xususan, boburshunosligi tarixidan mustahkam joy olgan mazkur eskpeditsiya tarkibidagi fidoyi yurtdoshlarimiz nomini bir eslab o‘tsak.

Ular: geologiya-mineralogiya fanlari nomzodi Zokirjon Mashrabov (ekspeditsiya rahbari), tarix fanlari doktori, professor Rustambek Shamsiddinov, tibbiyot fanlari doktori, professor Sayfiddin Tursunov (marhum), jurnalist, tarix fanlari nomzodi Sobirjon Shokarimov (marhum), Abdug‘ani Hamidov (marhum), yozuvchi Xayriddin Sultonov, jurnalist Farrux Rasulov, arab va fors tillari tarjimoni Muhammadsodiq Qosimov, ingliz tili tarjimoni, o‘sha paytda Andijon davlat tillar institutining prorektori bo‘lgan Mahmudjon Rahimov (marhum), Andijon shahridagi musiqa bilim yurti muallimi, hofiz Adhamjon Ismoilov,sanoat xodimlari Shuhrat Madazimov va Orifjon Urayimov (ikkalasi ham marhum), haydovchilarBahrom Zokirjonov va Rustamjon Xolmirzayev...

Alloh o‘tganlarini o‘z rahmatiga olib, borlarining tanu jonlarini salomat, umrlarini uzoq qilsin, ilohim!

Eh-he, o‘tgan o‘ttiz yil davomida ekspedisiya aʼzolari yana qancha mushkulotlarni yengib o‘tishlariga to‘g‘ri kelgan, buni biz – bu kun osoyishta dargohda, bir piyola choy yoki qahva ho‘plab, kompyuter qarshisida, klaviatura tugmasini erinib bosayotgan kimsalar ming uringanimiz bilan to‘liq tasvirlab ham, taʼriflab ham berolmaymiz.

Ularning mashaqqatini his etmoq uchun kamida ekspeditsiya rahbari, 90 yoshni qarshilayotgan Zokirjon ota Mashrabovdek dunyo kezishimiz kerakdir. Yo‘q, biz adashdik. Dunyo kezish, pensiyani belga tugib, oppoq kepkalarni boshga qo‘ndirib, samolyotma-samolyot, Pariju London, Dubayu Istanbullarni kezishga har kim ham qodir bo‘lishi mumkin.

Biroq dunyoning narigi chekkasida biror ajdodimiz hayotiga oid bitta belgi, uchqunning daragi yetsa, o‘sha joyga albatta borib, o‘z ko‘zi bilan ko‘rib, imkonu ilojini topsa, uni Vatanga qaytarish umidida jiddu jahd ko‘rsatish hammaning ham qo‘lidan kelmaydi. Ehtimol, kelar, lekin barcha ham bunga qunt-hafsala qilavermaydi.


Bayt:

Asru ko‘p emish jurʼatu himmat Sizga,

Ro‘ziy qilgay Xudoy nusrat Sizga.

Mardonalig‘ingizni bori el bildi,

Rahmat Sizga, hazor rahmat Sizga!

Zahiriddin Muhammad Bobur


O‘ziga o‘xshagan yuzlab kishilarning boshini qovushtirib, bu ishga hissa qo‘shishga undash, Bobur Mirzo hamda boshqa ulug‘ ajdodlar merosini o‘rganish, tadqiq etish maqsadida 40 dan ziyod mamlakatga safar uyushtirish, Afrikadan Hindiston yarimoroligacha, Yevropadan Amerikaga dovur bo‘lgan hududlar bo‘ylab avtomobil va havo kemalarida 400 ming kilometrdan ziyod yo‘l bosish – bu Zokirjon Mashrabov va uning jonkuyar safdoshlari amalga oshirgan ishlarning fasadi –old ko‘rinishi, xolos. Holbuki, bu ishlarning ichiga – mag‘ziga kirib borganimiz sari, mehnatlarining mohiyatini anglaymiz, qadriga yetamiz.

O‘tgan yillar davomida Bobur nomidagi xalqaro jamoat fondi nafaqat mamlakatimiz, balki o‘nlab xorijiy yurtlardagi boburshunos olim va adiblarni, madaniyat va jamoat arboblarini o‘z atrofida birlashtirdi.

Dunyo boburshunoslari yakdillik bilan eʼtirof etganlaridek, bugungi kunda O‘zbekiston – Toshkent va Andijon shaharlari boburshunoslik ilmining markaziga aylandi.

Bu ham bo‘lsa, davlatimiz rahbariyati olib borayotgan tinchlikparvar siyosat, mamlakatimizda ilm-fan va madaniyat, adabiyot va sanʼat rivojiga qaratilayotgan yuksak eʼtibor samarasidir.

Shu kunlarda tashkil etilganiga 30 yil to‘lgan Bobur nomidagi xalqaro jamoat fondi hamda uning ilmiy ekspeditsiyasiniZokirjon Mashrabovsiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Taʼbir joiz bo‘lsa, Fond ham, ekspeditsiya ham Zokirjon otaning farzandidek bo‘lib qolgan.

U kishi xuddi okean to‘lqinlari, dovul-bo‘ronlari aro kyemani Allohning madadi va irodasi bilan eson-omon boshqarib boradigan mohir darg‘a kabi ularga rahbarlik qilib kelayotir.

Otaxonning hayoti ham po‘rtanalarga to‘la, kurashlarga boy. Eng qizig‘i, u kishi ana shu kurashlardan zavq oladi. Mashaqqatlar oldida oyog‘i qaltiramaydi, bunga o‘sha ilk mashhur safar davomida o‘n beshinchi hamroh – kitobxon bo‘lib birga yurt kezgan har bir o‘quvchi amin bo‘lishi mumkin.

Yana bir muhim jihati – ekspeditsiya safarlari uning faoliyatida ishtirok etgan ko‘plab ijodkor ziyolilarga ilhom va ishtiyoq bag‘ishlab, yangi-yangi ilmiy va badiiy asarlarning dunyoga kelishiga sabab bo‘ldi. Xususan, Zokirjon Mashrabov va Sobirjon Shokarimovning «Asrlarni bo‘ylagan Bobur», Rustambek Shamsiddinovning «Bobur izidan», Qamchibek Kenjaning «Andijondan Dakkagacha», «Buyuklar izidan», «Buyuk Sohibqiron o‘tgan yo‘llarda»,Zokirjon Mashrabovning «Bori elga yaxshilik qilg‘il» kitoblari, O‘zbekiston xalq shoiri To‘lan Nizomning Bobur Mirzo haqidagi dostoni, «So‘zga aylangan qilich» sheʼriy romani, taniqli adabiyotshunos va matnshunos olim Vahob Rahmonning yo‘l xotiralari, Farrux Rasulov, To‘lqin Ro‘ziyev, Ahmadjon Qosimov kabi tele va kino, radio jurnalistlarining qator hujjatli film, ko‘rsatuv va eshittirishlari boburshunoslik yo‘nalishida yangi sahifalar ochishga xizmat qildi.

Darvoqe, Bobur xalqaro ilmiy ekspeditsiyasi faoliyati haqida O‘zbekiston xalq shoiri Abdulla Oripov bundan o‘ttiz yil muqaddam «O‘zbekiston adabiyoti va sanʼati» gazetasida shunday fikrlarni bildirib o‘tgan edi:

«Makkai mukarramada, Mino vodiysida bo‘lgan paytimizda isteʼdodli yozuvchi ukam Xayriddin Sultonov va uning andijonlik boburshunos do‘stlarini ko‘rib quvonib ketdim. Ular ulug‘ bobomiz Zahiriddin Muhammad Bobur izidan yurib, bir qancha mamlakatlar hududida ilmiy-ijodiy ishlarni amalga oshirayotgan ekanlar. Ular ham Makkada bo‘lib, muqaddas Haj arkonlarini ado etib hoji bo‘ldilar. So‘ngra biz bilan xayr-xo‘shlashib, avtomobillarida yana yo‘llarida davom etdilar. O‘zbekiston tarixida bundoq xayrli va o‘ziga xos ilmiy safar g‘oyat noyobdir. Uning o‘zi bir tarix bo‘lib kechmishimizda o‘chmas harflar bilan yozilib qolishiga ishonaman».

Ha, benazir shoirimiz g‘oyat topib aytgan ekanlar. Bobur xalqaro ilmiy ekspeditsiyasi bugun ham izlanishdan, safarlardan tingani yo‘q.

Siz o‘ylaysizki, 90 yosh ostonasida qo‘shaloq farzandi o‘ttizni to‘ldirib qo‘ygan Zokirjon ota tinch o‘tiribdimi? Sizni ishontirib aytamizki, bu haqda bilsa-da, u kishi bu masalaga jiddiy qarayotgani ham yo‘q. Yubiley, muhim sanalar o‘z yo‘liga, Zokirjon ota va uning safdoshlari ishni, ijodni o‘ylaydi. Yana qayerda tariximizga doir yangilik bor, uni qanday qilib jamoatchilikka yetkazish kerak, yangi yozilajak kitoblar, qilinajak tadqiqotlar, borilajak manzillar – ularning yon daftarini to‘ldirgan ezgu rejalardir.

Yaratganga behisob shukur va hamdu sanolar bo‘lsinki, bugun sharoit ham, imkoniyatlar ham butkul boshqacha. Ilm qilaman, izlanaman, xorijga ilmiy ekspeditsiya uyushtirib, tadqiqot ishlarini olib boraman, degan insonga hamma yo‘l ochiq.

Yangi O‘zbekiston – Uchinchi Renessans ostonasida. Bu nima degani? Bu – ilm-maʼrifat, yuksak intellektual salohiyatning yuzaga chiqishi uchun zarur muhit, sharoit yaratildi degani. Gul, chechaklar ham zarur muhit bo‘lmasa, unmaydi. Bugun o‘tmishni o‘rganish, o‘zligimizni teranroq anglash uchun barcha imkoniyatlar bor.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning shaxsan tashabbusi bilan ulug‘ ajdodlarimizning ilmiy-maʼnaviy merosi, turli sabablarga ko‘ra chet ellarda qolib ketgan noyob qo‘lyozmalari, kitoblari o‘z tarixiy vataniga – mamlakatimizga qaytarib olib kelinmoqda, o‘rganilib, keng jamoatchilikka taqdim etilmoqda. Ilmu maʼrifat, millat ravnaqi, yurt taraqqiyoti yo‘lida kurashib, shahid ketgan qanchadan-qancha fidoyi vatandoshlarimizning pok nomlari oqlandi. Bu kabi ezgu ishlarni sanasak, adog‘i yo‘qdek. Lekin bir hikmat ayonki, qutlug‘ maqsadlar ro‘yobi, albatta, xalqimizning maʼnaviy yuksalishiga, bugun biz intilayotgan Uchinchi Renessans hodisasiga keng yo‘l ochadi.

Bu yo‘lda Bobur xalqaro ilmiy ekspeditsiyasi faoliyati ham muhim o‘rin tutadi, albatta.

O‘zbek madaniy jamoatchiligini, dunyodagi barcha boburshunos va boburparvar insonlarniBobur nomidagi xalqaro jamoat fondi hamda uning ilmiy ekspeditsiyasi tashkil etilganining 30 yilligi bilan chin yurakdan qutlab, unda faoliyat yuritiyotgan zahmatkash yurtdoshlarimizning keyingi ishlariga ham muvaffaqiyat tilaymiz.


Ulug‘bek Asrorov, Elmurod Nishonov.

“Yangi O‘zbekiston” gazetasi, 2022 yil 25 iyun, 126 -son.

“Andijonnoma” gazetasi, 2022 yil 9 iyul, 37-38-son.

“Hurriyat” gazetasi, 2022 yil 28 iyul, 24-25-son

Fikr qoldirish#


O‘qish tavsiya qilinadi
Yosh shoirning shakllanishi yoki Bobur Mirzo Farg‘ona viloyati podshohi (1494-1504)

Zahiriddin Muhammad Bobur 1483 yil 14 fevral kuni Andijonda Farg‘ona...

Hukmdorlarga o‘rnak bo‘ladigan, dunyo olimlari havas qiladigan umr e’tirofi

This article explores the historical significance of Babur and the...


Maqolani baholang
0.0