Sinov yoʻsinida ishlamoqda

Bobur qurdirgan maqbara topildi

Bobur Mirzo bizning bobomiz, bizning qonimiz, bizning bolalarimizga g‘urur bilan aytadigan buyuk ajdodimizdir. U Andijonda tug‘ildi, Andijonda kamol topdi. Mana shunday ajdodlarimiz borligi, mana shular Andijon farzandi ekanligini hech qaysimiz, hech qachon unutmasligimiz kerak. O‘zligimizni anglashni shundan boshlashimiz lozim. — Sh.M. Mirziyoyev


Bobur xalqaro ilmiy ekspeditsiyasining 2017 yil dekabr oyidagi safari Qirg‘iziston Respublikasining Olabuqa tumani, Oqtom kenti fuqarolar yig‘iniga qarashli Safedbulon qishlog‘iga qaratilgan edi. Ekspeditsiya O‘sh shahri bo‘sag‘asidagi «Do‘stlik» (O‘zbekiston-Qirg‘iziston) chegara bojxona postidan o‘tib, O‘shni o‘ng qo‘lda qoldirib, O‘zgand tomon yo‘lga tushdi. O‘zgandga yetganda shahardagi eng qadimiy qabristonning chekkarog‘ida XI asrda yashab o‘tgan ulug‘ siymo Burhoniddin Qilich qabr-maqbarasini ziyorat qildik. Maʼlumotlarga ko‘ra, bu shayx va mudarrisning umri asosan O‘zgand, Andijon va Xo‘jand madrasalarida kechgan. «Zahiriddin Muhammad Bobur ensiklopediyasi»da ham Boburning piri Xoja Mavlono Qozi shajarasi Burhoniddin Qilichga borib bog‘lanishi alohida qayd etilgan va Burhoniddin Qilich xususida quyidagi maʼlumotlar berilgan: «Shayx Burhoniddin Qilich o‘rta osiyolik shayx, sayyidlar tomonidan Ilikxonlar avlodi, O‘zgandda tug‘ilgan Qoraxoniylardan Bug‘roxon Abu Ali al-Hasan ibn Sulaymonga (1059–1077 yillar) zamondosh bo‘lgan. Farg‘ona vodiysi, Koshg‘ar, Samarqand va Badaxshonda katta obro‘-eʼtibor qozongan. Rivoyatlarga ko‘ra, u o‘ziga yasab olgan yog‘och qilichi po‘lat qilichday keskir bo‘lgani uchun «Qilich» laqabini olgan».

Xoja Mavlono Qozi Shayx Burhoniddin Qilich avlodi sifatida “Bobur ensiklopediyasi”da tilga olingan». Boshqa xorijiy ensiklopediyalar va qo‘lyozma manbalarda ham uning Andijon va Xo‘jandda ko‘p marotaba va uzoq muddat bo‘lgani haqida maʼlumotlar qayd etilgan. Bizningcha, Shayx Burhoniddin Qilichni Andijon va Xo‘jand diniy-maʼrifiy va madaniy-adabiy muhiti ko‘proq o‘ziga jalb etgan bo‘lsa kerak.

O‘zganddagi Shayx Burhoniddin Qilich maqbarasidagi bir qayroqtosh diqqatimizni tortdi.Undagi yozuvdan hozircha «Shayx Burhoniddin» so‘zlarini hijjalay oldik, xolos. Buni o‘rganish ham galdagi vazifalarimizdandir.

So‘ngra Jalolobodga jo‘nadik. Jalolobod shahrida «Shoh Fazl tarixiy-meʼmoriy majmuasi» qarorgohini topib, majmua direktori Erkin hoji Begimqulov bilan uchrashdik. Majmua rahbari shahidlar manzili nomida o‘n uch asrdan buyon shuhrat qozongan mazorat va Shoh Fazl tarixiy-meʼmoriy majmuasi haqida maroq bilan gapirib berdi va o‘z qalamiga mansub «Shahidlar makoni», «Ollohga shukur» kitoblarini bizga taqdim etdi. Shu o‘rinda, Erkin hojining quyidagi fikrlarini alohida qayd etishni lozim topdik:

— Hozir Safedbulon deb nomlangan qadimiy qishloq hududlarida VII–X asrlarda yirik tarixiy hodisalar ro‘y bergan, bu yer butun Axsi vohasi hamda Farg‘ona vodiysi shahar va qishloqlariga islom dinini yoyish va barqaror etish markazi bo‘lgan. Hozirgi vaqtda biz Boburning otasi Umarshayx Mirzoning Shoh Fazl maqbarasiga ko‘milgani va bu muhtasham yodgorlik bilan bog‘liq ko‘plab tarixiy faktlarni yig‘ish bilan mashg‘ulmiz. O‘ylaymanki, O‘rta Osiyo Uyg‘onish davrining buyuk vakili Zahiriddin Muhammad Bobur adabiy-ilmiy merosini o‘rganayotgan jamoalar bilan hamkorlikda bu muammolarning yechimiga erishamiz.

Erkin hoji tadqiqot ishlari natijalari, risolalari, tosh bitiklarga yozilgan ilmiy matnlar, Shoh Fazl majmuasi tarixi, arxeologiyasi, epigrafikasiga doir materiallaridan, boshqa muallif kitoblaridan bir nusxadan bizga sovg‘a qildi.

Guruhimiz salkam 400 kilometr yo‘l bosib, Safedbulon qishlog‘iga yetib keldi. Safedbulondagi «Shoh Fazl tarixiy-meʼmoriy majmuasi» direktori o‘rinbosari Tojixon Toshpo‘latova jamoasi bilan bizni kutib oldi. Qosh qorayib qolgani uchun ziyoratni ertangi kunga qoldirib, Tojixon aya uyida mehmon bo‘ldik. U kishi Safedbulon qishlog‘i hamda ziyorati to‘g‘risida mufassal maʼlumotlar berdi. Shoh Hakim Xolisning «Safedbulon qissasi» («G‘azotnomai Shoh Jarir») dostonini va mazkur tarixiy-meʼmoriy majmuaning sobiq rahbari tarixchi Tursunboy hoji Abdunabi o‘g‘lining «Safedbulon tarixi» kitoblarini bizga sovg‘a qildi.

Olabuqa tumani Oqtomkentiga qarashli Safedbulon qishlog‘idagi «Shoh Fazl tarixiy-meʼmoriy majmuasi» juda qadim tarixga ega ulkan ziyoratgoh bo‘lib, uning tarkibiga quyidagilar kiradi: Shoh Fazl maqbarasi, Bulon maqbarasi (Safedbulon ismli xizmatkor qiz qabri), Qirg‘in masjid, Kallaxona, Mozor tepa, Xoja Alamdor (arab lashkarining bayroqdori va uning o‘g‘lining) qabrlari, Do‘lana shahar, Jomeʼ masjidi, Arab va fors tillaridagi bitiktoshlar.

Shoh Fazl majmuasining markazida darveshlar kulohi shaklidagi bir ulkan obida (balandligi 15,7 metrli gumbazli maqbara) bor. Safedbulon qishlog‘ida yillar davomida kompleks tadqiqotlar o‘tkazgan professor V.D.Goryacheva bu haqda kitob yozgan. Safedbulon qishlog‘idagi ulkan maqbara X–XI asrlarga mansubligini qayd etgan.

O‘rta Osiyo meʼmorchiligining durdonalaridan biri Shoh Fazl maqbarasi turkiy xalqlar madaniyati, sanʼatini o‘zida mujassamlashtirgan tarixiy, meʼmoriy inshoot hisoblanadi. Ushbu o‘zgacha meʼmoriy uslubdagi mahobatli yodgorlikning yaratilishi haqida olimlarning fikrlari turlicha. Ayrimlari yodgorlik X–XI asrlarga mansub bo‘lib, qoraxoniy hukmdor Muiz-ad-davla Arslontegin Abulfazl Abbos bin Muhammad tomonidan otasi Muhammad ibn Nasrga atab qurilganini tasdiqlashsa, boshqa bir qismi esa bu ulkan yodgorlikni tiklash Amir Temur buyrug‘i va mablag‘i bilan shahid ketgan islom dini fidoyilari xotirasi uchun barpo etilgan va qurilish Sohibqironning o‘g‘li, Farg‘ona viloyatining hukmdori Umarshayx Mirzo nazoratida bo‘lgan, deb hisoblashadi.

Har ikkala fikrni o‘rtaga tashlab, muhokama qilgan V.D.Goryachevaning o‘zi ham yodgorlik uchki qismining ingichkaligini, nomutanosibligini hisobga olib, yodgorlik vayrona holatga kelib, qayta tiklangan, deb yozadi. Shuningdek, u A.N.Bernshtam fikrini ham inobatga olib, yodgorlik XIV asrda tiklangani ehtimolini ham qayd etadiki, bundan Sohibqiron Amir Temur xizmatini ko‘rish mumkin.

V.D.Goryacheva olimlarning bu boradagi mulohazalarini tahlil qilarkan, yana bir yangicha yondashuvga diqqatimizni tortadi. Uningcha, bu binoning pastki qismi ilgari so‘fiylar uchun xonaqoh sifatida qurilgan. Chunki imoratning ikki tomonida unga tutash binolar bo‘lgan. Keyinchalik shu yerlik biror aziz avliyo yoki arbobga atalib, ustki qismi bilan qayta qurilgan va binoga maqbara maqomi berilgan bo‘lishi ham mumkin. Muallif bu fikrini Safedbulon qishlog‘i haqida ilk maʼlumot qayd etilgan Jamol Qarshiyning «Mulhaqot us-Suroh» kitobida (XIII asr) shahidlar haqida maʼlumot borligi, biroq unda Shoh Fazl yodgorligi tilga olinmagani bilan dalillaydi. «Demak, Shoh Fazl shaxsi hali lozim darajada eʼtirof etilmagan bo‘lsa kerak», degan mulohazani ham aytadi. Bu kabi fikrlardagi har xillikka Tursunboy Abdunabiyevning «Safedbulon tarixi» kitobida qisman aniqlik kiritilganday: «Bu haqda «Safedbulon qissasi» asarida Mirzo Boburning otasi Umarshayx Mirzo tomonidan taʼmirlangani aytiladi», deb yozadi muallif.

Ushbu qissadagi maʼlumotga ishonsak, Umarshayx mirzo ibn Abusaid mirzo emas, balki uning o‘g‘li – Zahiriddin Muhammad Bobur bu qishloqqa kelib, Shoh Fazl maqbarasiga «...gumbaz ayladi. Uch yuz ellik tillo berdi, anga marqad ayladi. Gumbazini biturub, koshin qilay deb chog‘ladi». Buni o‘qib hayratga tushdik, xursand bo‘ldik.

Endi «Safedbulon qissasi» kitobidan Shoh Fazl maqbarasi egasi kimligi haqidagi maʼlumotga kelsak, quyidagi parcha Bibi Ubaydaning o‘g‘li Shoh Fazlni qabrga qo‘ygandagi nolasidan:

Kelturub oxir sani yo‘l boshida go‘r ayladim,

Motamingda yig‘lay-yig‘lay ko‘zlarim ko‘r ayladim,

Furqatingda oqibat o‘zimni ranjur ayladim,

Gumbaze qilsa bino deb elga mashhur ayladim.

Necha yil so‘ng Mirzo Bobur keldi, gunbad ayladi,

Uch yuz ellik tillo berdi, anga marqad ayladi.

Gunbadini biturib, koshin qilay deb chog‘ladi,

Fatarot bo‘ldi zamona, ayg‘onidek bo‘lmadi,

Bu shahidlar ichida mashhur mazorim, yolg‘uzum.

(«Safedbulon qissasi», 143-bet)


Ko‘ryapmizki, Tursunboy hoji negadir ushbu Bobur qurdirgan «mashhur mazor» — gumbazli maqbara va sag‘ana haqidagi aniq maʼlumotni hisobga olmay, asarda bo‘lmagan holat — Umarshayx Mirzo taʼmir qilgani haqida so‘z yuritgan. Shu o‘rinda dostonning uch-to‘rt misrasiga eʼtibor qarataylik. Ona o‘z o‘g‘li Shoh Fazlni tuproqqa topshirdi: «Kelturub oxir sani yo‘l boshida go‘r ayladim». Demak, hali gumbaz yo‘q. Ona niyat qilmoqda: «Gumbaze qilsa bino deb elga mashhur ayladim». Hanuz gumbaz qurilmagan. Ona va muallif orzusini eshitdik. Endi kitob muallifi va ona maʼlumotlari mujassami:

Necha yil so‘ng Mirzo Bobur keldi gumbad ayladi.

Uch yuz ellik tillo berdi anga marqad (sag‘ana) ayladi.

Gumbadini biturub, koshin qilay deb chog‘ladi...


Demak, Mirzo Bobur kelib, Shoh Fazlga maqbara bunyod etib, sag‘ana qo‘ygan va ichu tashini koshin qilishga navbat kelganda harbiy to‘polonlar ishni to‘xtatib qo‘ygan.

Biz «Safedbulon qissasi» dostonidagi haqiqat: Mirzo Boburning bu yodgorlikka gumbaz qurdirgani, uch yuz ellik tillo berib, marqad (sag‘ana) bunyod ettirgani, endi koshinlashga navbat kelganida favqulodda harbiy vaziyat yuzaga kelib, so‘nggi niyat chala qolgani haqidagi maʼlumot bilan ham tanishdik.

Dostonda muallif ziyoratchilarga yo‘l ko‘rsatib, shahidlar mozorida Qurʼon tilovat qilishga daʼvat etarkan, gumbaz ichiga kirib, Shoh Fazlga ham fotiha o‘qishni taʼkidlaydi:

O‘qub «Qurʼon» alarga ham duo qil,

Ki andin so‘ng kirib gumbazga, ey yor,

Qiling Shoh Fazlga fotiha bisyor.


Maʼlum bo‘ladiki, bu ulkan yodgorlik Qoraxoniy hukmdorga emas, balki Shoh Fazlga atalib, Zahiriddin Muhammad Bobur tomonidan bunyod etilgan maqbara ekan.

Xullas, tarixiy, adabiy tadqiqotlarga ko‘ra, O‘rta Osiyoda meʼmoriy shakli jihatidan o‘xshashi bo‘lmagan ushbu ulkan obida o‘sha zamonda xalq orasida Islom dinini tarqatish markazi bo‘lganligi va uning yaratilishida islom diniga o‘ta yuksak eʼtiqodli sohibqiron Amir Temur, o‘g‘li Umarshayx Mirzo va Zahiriddin Muhammad Boburning buyruqlari, moddiy ehson va eʼtiborlari muhim ahamiyat kasb etgani aniqdir.

Biz hozirgacha Boburning O‘shdagi Sulaymon (Baroko‘k) tog‘ida Oq uy — hujra qurdirganini «Boburnoma»dan bilardik va O‘shga borib, ziyorat ham qilgan edik. Mana, Boburning o‘z Vatanida amalga oshirgan bunyodkorligining ikkinchi bir namunasi bugun ko‘z o‘ngimizda bor bo‘y-basti bilan sharqona meʼmoriy uslubda qad ko‘tarib turibdi.

Xo‘sh, Shoh Fazl kim edi? Nima uchun Bobur Mirzo uning qabri ustiga maqbara tiklagan va sag‘ana toshi qo‘ygan?

«Safedbulon qissasi» aytilishicha, ushbu mungli qissa asli arab tilida yozilgan. Uni Xo‘jandiy taxallusli shoir fors tiliga tarjima qilgan. Shoh Hakim Xolis bu tarjimadan qoniqmagan va o‘zi dostonni qayta 1811 milodiy (1226 hijriy) yilda o‘girgan. Oldingi tarjima masnaviy shakldagi doston holida bo‘lsa, Shoh Hakim Xolis o‘z tarjimasiga – doston mazmuni yanada taʼsirchan chiqishini ko‘zlab muxammas va murabbaʼlar kiritgan.

Bu dostonni tarix fanlari doktori, professor Mahmud Hasaniy va Tursunboy Nabiyev uch nusxa qo‘lyozmani taqqoslab nashrga tayyorlab, 1994 yili G‘afur G‘ulom nomidagi «Adabiyot va sanʼat» nashriyotida chop ettirishgan.

«Safedbulon qissasi» mazmuniga ko‘ra, hazrati Usmonning farzandi Shoh Jarir O‘rta Osiyoga ko‘p mingli lashkar bilan kelib, Kosonsoyni oladi va O‘ng‘or hokimi Karvonbasga maktub yo‘llaydi. Kosonsoy hokimi Ixshid Karvonbas bilan til biriktirib, Shoh Jarirga bo‘ysunish va musulmon bo‘lishga tayyor ekanliklari haqida soxta maktub yo‘llashadi. Hatto ishonchni qozonish uchun O‘ng‘or shohi Karvonbas qizi Ubaydani Shoh Jarirga uzatgan ham. Aslida yerli hokimlar qulay fursat kutib, bir juma kuni namoz paytida mahalliy aholini islomga chorlash uchun kelgan 2772 nafar arab lashkarini qirib tashlagan. Shoh Jarir Bibi Ubayda bilan qochib, Madinaga borishgan. U yerda Shoh Jarir vafot etadi. Bibi Ubayda norasida o‘g‘li Fazlni kamolga yetkazgan. O‘g‘il qirq yoshga yetib, Kosonsoy va O‘ng‘or xalqini Islomga qaytarish uchun lashkar tortib kelib, Axsi vohasini egallagan. U ham Kosondan uylanib, o‘g‘li o‘n ikki yoshga yetganda, uni Kosonsoyga hokim tayinlab, to‘y bergan va to‘yda Shoh Fazl zaharlab o‘ldirilgan. Bibi Ubayda Shoh Fazlni tuproqqa topshirib, o‘n ikki yoshli nevarasini olib, Arabistonga qaytayotganida Qo‘qon atrofidagi hozirgi Buvayda qishlog‘ida sobiq cho‘lda ular qor bo‘roniga uchrab xalok bo‘lishadi. Doston Bibi Ubaydaning Shoh Fazlni ko‘mgani va aza tutgan fojeali voqeasi bilan yakunlanadi.

Buvayda tumanidagi ziyoratgohlar Bibi Ubayda va Shoh Fazlning farzandi Jarir Muhammad bilan aloqador ekanligi elga maʼlumdir. Xalq yodida Jarir so‘zi Jalil holiga kelib qolgani ham sir emas.

Zahiriddin Muhammad Bobur Safedbulon qishlog‘idagi shahidlar mozori va Shoh Fazl qabri ziyoratidan kuchli taʼsirlangan va elni Islom nuri bilan munavvar aylagan Shoh Fazlga maqbarasini taʼmirlab, gumbazli qilib yuksaltirib, sag‘ana qo‘ygan.

Tarixiy maʼlumotlarga ko‘ra, Safedbulon qishlog‘ining qadimiy nomi Ispidbulon bo‘lib, keyinroq XX asrdagi nomi Mazor edi. So‘ng u Guliston nomiga almashtirilgan va nihoyat, hozirgi nomi Safedbulondir.

Safedbulon ismli qiz Shoh Jarir va Bibi Ubaydaning xizmatkori bo‘lgan. U qirg‘in paytida boshqa joyda bo‘lgan va kelib Shoh Jarir hamda Bibi Ubaydaning boshlarini topish uchun minglab kallalarni yuvgan, deyiladi dostonda. Chunki u Shoh Jarir va Bibi Ubaydaning qochib qutulganliklaridan bexabar bo‘lgan. Bu xizmati uchun bo‘lsa kerak, bora-bora shahidlar mozori «Safedbulon» nomi bilan shuhrat qozongan.

“Safedbulon” ziyoratgohining hozirgi qiyofaga kelishida Erkinhoji Begimqulov va Tojixon Toshpo‘latovalarning savobli mehnatlarini qayd etib, bu hayrli ishlarida ularga omadlar tiladik. O‘ylaymizki, davlatimiz rahbarining oqilona siyosati tufayli Qirg‘iziston bilan O‘zbekiston xalqlari hamdo‘stligi kuchayganidan “Safedbulon” majmuasi kelgusida butun O‘rta Osiyo xalqlari uchun aziz ziyoratgohlardan biriga aylanishiga shubha yo‘q.

(Ushbu maqolamiz davomida Zahiriddin Muhammad Boburning otasi, ziyoli podshoh Umarshayx mirzoning qabri qayerdaligi haqida so‘z boradi.)


***

“Sayxun suvining... janubiy tarafidagi shaharlardan biri Andijon o‘rtada joylashgan. Farg‘ona viloyatining poytaxtidir”.

“Boburnoma”


“Safedbulon” ziyoratgohidan O‘zbekistonga qaytishda Kosonsoy tumani bojxonasidan o‘tib, yangi Axsi tomon yo‘lga tushdik. Endi Zahiriddin Muhammad Boburning otasi Umarshayx mirzo ibn Abusaid mirzoning mangu qo‘nim topgan joyini aniqlashga harakat qildik.

Mirzo Bobur yozadi: «Kengash qilmoqqa otamning maqbarasining janubiy ayvonida yig‘ildik». Axsida otasining maqbarasi yonida Boburning harbiy kengash chog‘ida, Ahmad Tanbal ikki ming kishilik lashkar bilan Axsiga kirib, Boburni chekintirgani voqealari aytilgan. Shunda Bobur ozgina navkarlari bilan shimol tomondagi toqqa chekinishga majbur bo‘ladi. Avval Puli Ravon, so‘ngra Gunbazi Chamanga, va nihoyat, Sang qishlog‘iga yetadi. Ushbu chekinishda Bobur Axsi bilan Sang orasi ikki sharʼiy, yaʼni to‘rt kilometr ekanligini yozadi («Boburnoma», 2002 y. 95–97-betlar).

Bobur Sang suvi yuqorisi bo‘ylab yurib, Karnon soyiga yetishib, Karnonning mahallalaridagi xilvat bog‘larning biriga borib to‘xtaganligini bayon etadi. Bobur Ahmad Tanbal kishilariga: «Rostingni ayt, agar ish o‘zgacharoq bo‘lgudek bo‘lsa, men tahoratimni olay», deydi. O‘limni bo‘yniga olib, ikki rakaat namoz o‘qiydi. O‘sha holatda Boburning yaqin navkarlari Andijondan yetib kelib, uni qutqarib, poytaxt Andijonga olib ketishadi. («Boburnoma», 2008 y, 95-99-betlar).

Yuqorida keltirilgan voqealardan ko‘rinib turibdiki, Eski Axsiga Amur Temur va temuriyzodalar Umarshayx Mirzo va Bobur Mirzoning aloqador joyi yo‘qdir. Chunki Axsikent XIII asrdayoq vayrona ahvolda bo‘lib, bugungi o‘lik shahar ko‘rinishi holiga kelgan. Demak, Bobur Mirzoning padari buzrukvori Umarshayx Mirzo Yangi Axsiga dafn etilgan bo‘lib, asrlar davomida Sirdaryoning o‘ng qirg‘og‘ini suv yuvishi hisobiga Yangi Axsi xarobalarini Sirdaryo oqizib ketgan.

Afsuski, «Axsi — Farg‘ona shaharlarining onasi», «Turist va ziyoratchilar uchun yo‘l ko‘rsatkich» kitoblarini «Navro‘z» nashriyotida chop ettirgan mualliflar T.Qozoqov, M.Mirsaydullayev, B.Sattorov, B.Ro‘zinovlar temuriylar saltanati davridagi, poytaxt shaharlarga xos belgi (XV–XVII asr) bo‘lgan Axsi madaniy-adabiy muhiti haqida biror og‘iz so‘z aytmaganlar, ko‘p hollada tarixiy manbalarni hisobga olmaganlar. Hatto «Boburnoma»ni va Ibratning «Farg‘ona tarixi» asarlarini ham yaxshiroq o‘qib-o‘rganishmagan ko‘rinadi.

Kitob mualliflari 11 kilometr masofada joylashgan, yo‘q bo‘lib ketgan Eski Axsi va Yangi Axsi shahar xarobalarini o‘tmishda bitta shahar bo‘lgan, deb yozadilar. Shuningdek, qadimiy Andijonni o‘rta asrda Farg‘ona vodiysidagi 7 ta qishloqdan biri bo‘lgan deb iddao qiladilar.

To‘raqo‘rg‘onlik mutafakkir Isʼhoqxon Ibrat «Farg‘ona tarixi» kitobida va «Turkiston» gazetasining 1913 yil, 48-sonida: «Hozirgi Axsi ikki yerda bo‘lib, birini Eski Axsi, birini Yangi Axsi derlar. Eski Axsini buzilgan tarixi 1030 milodiyda bo‘lgan ekan. Andin buyon mazkur Axsini hech podshohlardin yoki fuqarolardin obod qilgani yo‘q», deb yozadi. («Farg‘ona tarixi». 325-bet). Yana Isʼhoqxon Ibrat yozadi: «Andijon to‘rt ming yil muqaddam ham shahar bo‘lgan. Andijon Farg‘ona shaharlari ichida eng qadimiysidir. Afrosiyob Turon podshohi bo‘lib, Andijonni poytaxt qilgan. «Tarixi farishta» asarida yozilibdurki, Umarshayx o‘g‘li Boburxon Andijonga o‘n ikki yoshida podshoh bo‘ldi». («Farg‘ona tarixi». 324-bet).

Zahiriddin Muhammad Boburning Movarounnahrda o‘tgan 22 yillik umrining 12 yili shahzoda valiahd bo‘lib, poytaxt Andijonda o‘tdi, podshohlik yillari esa asosan Andijonda, qisman Samarqandda va Hushyor qishlog‘i va uning atrofida kechdi. Mirzo Bobur shu o‘tgan oxirgi 10 yil davomida og‘ir musibatli kunlarni boshidan kechirgan. Hali 18 yoshga ham kirmagan hukmdor bobosi sohibqiron Amir Temurning davlatini, taxtini tiklash maqsadida o‘zini o‘tga ham, cho‘qqa ham urdi. Ilk bor Samarqandni olganida 14 yoshda, ikkinchi bor 19 yoshda va uchinchisida 27 yoshda edi.

Tajribali, ko‘p askarli g‘anim — Shayboniyxonga Samarqandni topshirishga majbur bo‘lgan. «Boburnomada» yozadi: «Ota yurtim Andijon ikki yilga yaqinlashgan ediki, qo‘ldan chiqqan edi. Tangri inoyati bilan 1499 yili yana menga Andijon muyassar bo‘lib egallandi».

Maʼlumki, Amir Temur 1370 yili hokimiyat tepasiga kelgach, turli viloyatlar va shaharlarga o‘z vakillarini tayinlaydi. Farg‘ona viloyatining poytaxti Andijonni boshqarishga, ikkinchi o‘g‘li amirzoda Umarshayxni qo‘yadi. Umarshayx Mirzo chorak asr poytaxt Andijonni boshqaradi, Amir Temurning g‘arbga qilgan 5 yillik yurishida qatnashadi va tasodifan otilgan o‘qdan halok bo‘ladi. Uning jasadi vaqtincha Sherozga qo‘yilib, so‘ngra Kesh-Shahrisabzga ko‘chiriladi. Farg‘ona viloyatini boshqarish Mirzo Umarshayxning 15 yasharli o‘g‘li amirzoda Iskandarga va keyinchalik uning ukasi Ahmadga topshiriladi.

Shohruhning vafotidan keyin hukmronlik Mironshoh avlodlariga, yaʼni sulton Abusaid Mirzoga o‘tadi. Sulton Abusaid Mirzo olti-etti yashar kichik o‘g‘li Umarshayx Mirzoning sunnat to‘yini o‘tkazib, Amir Temur poytaxt Andijonni boshqarishni ikkinchi o‘g‘li Umarshayx Mirzoga belgilanganligini inobatga olib, bu hukmdor ham Andijonni boshqarishni kichik o‘g‘li Umarshayxga topshirib, Xudoyberdi Tug‘chi Temirtoshni bek atka qilib yuboradi.

Mo‘g‘ullar – Eson Bug‘axon boshliq shimol tarafdan poytaxt Andijonga hujum uyushtirib, vayron qilib ketgan bir paytda Umarshayx Mirzo vaqtincha oz muddatga yozgi qarorgoh — Yangi Axsini poytaxt qilishga majbur bo‘ladi. Poytaxt Andijon tartibga solinib, taʼmirlangach, tez muddatda saltanat yana qadimiy poytaxt Andijonga ko‘chib o‘tadi. Yuqorida keltirilgan, tarixiy voqelikni soxtalashtirib yozilgan kitob mualliflari esa viloyat va respublika ro‘znomalarida chop etilgan «Ilmiy haqiqatlarga sodiq bo‘laylik» nomli maqoladan to‘g‘ri xulosa chiqara olmagan ko‘rinadi. Ular «Axsikent — qadimgi Farg‘ona poytaxti» kitobida arxeologiya, geologiya-seysmologiya fanlari bo‘yicha ham so‘z yuritib, qo‘pol xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘yganlar.

Avvalo, Eski va Yangi Axsilarning yo‘q bo‘lib ketish sabablarini ro‘y bergan zilzilalar bilan bog‘lash noto‘g‘ri. Negaki, yer yuzida hozirgacha sodir bo‘lgan ko‘plab zilzilalar tufayli biror shahar butunlay yo‘q bo‘lib ketgani maʼlum emas. Eski va yangi Axsi xarobalarining bugungi ko‘rinishi Sirdaryoning o‘ng qirg‘iog‘ida joylashgan yer (tuproq) qatlamlarining hosil bo‘lishi – geotektonik jarayonlari bilan bog‘liq. Eski Axsidan o‘tayotgan Sirdaryoning o‘ng qirg‘og‘i qattiq toshsimon qatlamlardan tashkil topgani bois u yerda daryo o‘zining yo‘nalishi o‘zgarmagan. Eski Axsi maydonini suv yutib ketolmagan.

Yangi Axsida esa Sirdaryoning o‘ng qirg‘og‘ida joylashgan tuproq-qatlamlari cho‘kindi tog‘ jinslaridan tashkil topganligi sababli daryo o‘zanining yo‘nalishi shimol tomonga o‘zgarib, asrlar davomida Yangi Axsi joylashgan yer maydonini Sirdaryo yuvib ketgan.

«Boburnoma»ning 1494 yil voqeliklari bayonida: «Sayxun suvining shimoliy tarafidagi shaharlardan biri Axsidir. Jahongir Mirzo, beklar va ahli haramlar Axsidan poytaxt Andijonga keldilar. Andijonda aza rasmi bajo keltirilib, osh tortilib, viloyatlarni tartib-intizomga keltirishga va obodonlashtirishga kirishildi. Andijon hukumati eshik og‘alikni Hasan Yaqubga berildi. O‘sh hokimligi Qosim Qavchinga berildi. Axsi va Marg‘inon Uzun Hasanga va Ali Do‘st Tag‘oyiga tayinlandi», deb yozadi Bobur Mirzo («Boburnoma», 2008 y, 32-bet).

Agar Axsi poytaxt bo‘lganda edi, Axsidan va boshqa vodiy shaharlaridan shuncha odamlar poytaxt Andijonga kelisharmidi? Mirzo Bobur yozganidek, Axsi va Marg‘inon yerlari Uzun Hasanga va Ali Do‘st Tog‘oyiga tayin bo‘larmidi? Qoolaversa, Axsi poytaxt bo‘lganida, u yerda adabiy-madaniy muhit shakllanib, Mirzo Boburning otasi Umarshayx Mirzodek ziyoli podshohning qabr-maqbarasi qarovsizlikdan yo‘q bo‘lib ketarmidi?

Bizningcha, Umarshayx Mirzoning nomini abadiylashtirish uchun uning ramziy qabr-maqbarasini Yangi Axsi atrofida bunyod etilsa, tarixiy haqiqat tiklangan bo‘lar edi.

Eski Axsi Xorazmshoh va mo‘g‘ullar tomonidan XIII asrda butunlay vayron qilingan bo‘lib, ikki asr o‘tib, sohibqiron Amir Temur XIV asrda Yangi Axsiga asos solgan va XVII asrgacha yozgi qarorgoh bo‘lib xizmat qilganligi tarixiy manbalardan maʼlum.

1970 yillari O‘zFA Arxeologiya ilmiy tadqiqot institutining ilmiy xodimi I.Ahrorov olib borgan arxeologik qazishmalarga ko‘ra, Yangi Axsi yodgorligida shaharsozlik madaniyatini belgilovchi shahriston, mudofaa devorlari topilmagan. (I.Ahrorov hisoboti. 20 varaq. Samarqand). Demak, poytaxtga arzigulik manbalar yo‘qligi, bu joyning yozgi qarorgoh bo‘lganligini bildirib turibdi.

Bobur yozadi: «Shoh Ismoil Shayboniyxonni Marvda yenggan mahali, Andijon viloyati men tomonga boqib, baʼzi qo‘rg‘onbegilarni quvib, baʼzi yerlarini berkitib, menga kishi yubordilar».

«Men Sulton Saidxonga barcha navkarimni topshirib, ko‘mak qo‘shib, tug‘ilib o‘sgan yerim Andijon viloyatini unga bag‘ishlab, xon qilib yubordim». («Boburnoma». 2008 y. 153-bet)

Maʼlumki, Movarounahr va Xuroson hududlarida poytaxt shaharlarning eng asosiy belgilaridan biri shakllangan adabiy-madaniy muhit va ilm-fan, taraqqiyoti, bunyodkorlik ishlarining rivojlanganidir. Buyuk sohibqiron Amir Temurning farzandlari Mirzo Umarshayx va uning o‘g‘illari Iskandar, Boyqaro, Ahmad, Said Ahmadlar, Sulton Abusaid Mirzoning o‘g‘li Umarshayx Mirzo va Mirzo Boburlar poytaxt Andijonda turib 130 yildan ko‘proq vaqt davomida, hokimiyat Shayboniylar qo‘liga o‘tgunga qadar farmonbardorlik qilib keldilar. Abusaid Mirzoning kichik o‘g‘li Umarshayx Mirzo va uning farzandi Mirzo Bobur yashagan davrda poytaxt Andijonning adabiy-madaniy muhiti yanada rivojlangan edi. Boburning otasi Umarshayx Mirzo adabiyotni sevar edi. U siyosiy va harbiy faoliyat bilan band bo‘lishiga qaramay, ko‘p kitob o‘qir edi. Boburning ona tomonidan bobosi Yunusxon ham nazmiy taʼbga ega inson edi. Shu bois, sheʼr va adabiyotga did, havas bilan munosabat bildirgan. Bobur oilasida alohida o‘rin tutgan yaxshi xislatlar bolaga otasidan va bobosidan o‘tgani aniq.

«Boburnoma»da muallif bobosi Yunusxonni poytaxt Andijonga ko‘p marotaba kelganini eslaydi. Shuningdek, 1528 yil Bobur Mirzo poytaxt Agra shahrida katta to‘y qilib, Andijon, Toshkent, Samarqand, So‘x va Hushyor qishloqlaridan mehmonlar taklif qilinganligini yozadi. (Boburnoma. 2008 y. 260-bet). Ammo Axsi tilga olinmagan, yaʼni u yerda poytaxt va adabiy muhit bo‘lmaganligi tufayli ham taklif qilishga loyiq kishi topilmagan. Akademiklar Sabohat Azimjonova va Aziz Qayumovlar o‘zlarining «K istorii Ferganы vtoroy polovinы XV veka» (Tashkent. 1957 g.) va «Bobur davridagi Andijon adabiy muhiti» (Toshkent. 2009 y) asarlarida Umarshayx va Boburning poytaxt shahri Andijonda yashagan davrini, ularning siyosiy va harbiy faoliyatini yoritib, Andijon adabiy-madaniy muhiti to‘g‘risida ham muhim maʼlumotlarni berganlar. Akademik Aziz Qayumov shunday yozgan edi: «Boburnoma»da ko‘rsatilishicha, har bir savodli xonadonda (bunday xonadonlar Andijonda) ko‘p kishilar Alisher Navoiyning sheʼrlari turkiy tilning Andijon lahjasida yozilganini qayd etar va shu bilan iftixor qilar edilar. Yana mashhur musiqa ustasi Xoja Yusufning ham andijonlik ekanini g‘urur bilan tilga olib, hamma bilar edi».

Akademik S.Azimjonova, ustozi, taniqli olim N.Yu. Yakubovskiyning Alisher Navoiy haqidagi maqolasiga asoslangan holda («Alisher Navoiy davridagi ijtimoiy va madaniy hayot belgilari») Andijonda yuqori doiradagi madaniy jarayon boshqa madaniy markaz (poytaxt)lardan (Samarqand, Kobul, Lohur, Hirot, Agra) orqada emasligini alohida taʼkidlagan.

Bobur Mirzo yozadi: «Andijon eli turkdur (o‘zbekdir). Shahar aholisi va bozorga keluvchilardan turkiyni bilmaydigan kishi yo‘q. Elning tili adabiy tilga muvofiq. Shuning uchun ham Alisher Navoiyning asarlari garchi Hirotda shuhrat qozongan bo‘lsa-da, bu til bilan yozilgan» (Boburnoma. 2008 y. 29-bet). «Boburnoma»da Alisher Navoiyning bobolari temuriylar xonadonida sadoqat bilan xizmat qilgani ham qayd etilgan.

Navoiy «Vaqfiya» asarida o‘z ota-bobolarining temuriylar saroyida yuqori mavqeda bo‘lganligini yozadi. «Bu xokisorning ota-bobosi ul hazrat Sulton Husayn Boyqaroning bobo va ajdodi xizmatlarida ulug‘ martabaga sazovor va biyik manosibha bo‘lgan erdilar». Abdurazzoq Samarqandiyning «Matlaʼi Saʼdayn va majmaʼi bahrayn», Mirxondning «Ravzat us-safo» asarlarida keltirilishicha, Alisher Navoiyning bobosi Amir Temurning ikkinchi o‘g‘li Umarshayx bilan emikdosh (ko‘kaldosh) bo‘lgan.

Yuqorida tilga olingan tarixiy manbalardan kelib chiqsak,poytaxt Andijonga podshoh Umarshayx Mirzo bilan amirlar, noiblar, beklar, shuningdek, oila aʼzolariga yaqinlari-emikdosh ajdodlari ham Andijonga birga kelishgani aniq. Bundan taxmin qilish mumkinki, Alisher Navoiyning ham ajdodlari, ota-onasi sohibqiron Amir Temurning ikkinchi o‘g‘li Umarshayx mirzo bilan Andijonga kelib yashagan.

Albatta, mavzudan chekinmagan holda tarixnavis, adabiyotshunos olimlarimiz uchun chindan ham ilmiy izlanishlarga arziydigan va ayniqsa, Alisher Navoiy tarjimai holini yangi maʼlumotlar bilan boyitishga sabab bo‘ladigan omillar yetarlicha mavjud, deb o‘ylaymiz.


Zokirjon Mashrabov, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, tabiatshunos olim,

Boqijon Matboboyev, O‘zbekiston Ryespublikasi Fanlar Akademiyasi Arxeologiya tadqiqotlar instituti bo‘limi mudiri, tarix fanlari doktori, professor,

Vahob Rahmonov, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, boburshunos olim.

«O‘zbekiston adabiyoti va sanʼati» gazetasi, 2018 yil 7 va 21 dekabr, 50 (4500)- va 52 (4502)-sonlari;

«Bobur va dunyo» jurnali, 2018 yil, 6 (9)-son;

Andijonnoma gazetasi, 2018 yil, 95-96-sonlari.

«Xalq so‘zi» gazetasi 2018 yil 22 sentabr.

Fikr qoldirish#


O‘qish tavsiya qilinadi
Yosh shoirning shakllanishi yoki Bobur Mirzo Farg‘ona viloyati podshohi (1494-1504)

Zahiriddin Muhammad Bobur 1483 yil 14 fevral kuni Andijonda Farg‘ona...

Hukmdorlarga o‘rnak bo‘ladigan, dunyo olimlari havas qiladigan umr e’tirofi

This article explores the historical significance of Babur and the...


Maqolani baholang
0.0