Sinov yoʻsinida ishlamoqda

«Mubayyin» va barkamol shaxs tarbiyasi

Komil inson muammosi faqat islom tarbiyasidagina emas, umuman, barcha davrlarda jamiyat oldidagi bosh vazifalardan biri hisoblangan. Diniy-tasavvuf adabiyotda komil inson deyilganda, Odam Ato zurruyotlari orzu qilgan barcha ezgu xislatlarning ifodachisi, Olloh bilan insoniyat o‘rtasidagi vositaga aylangan shaxs tushuniladi. Tasavvufshunos olim N. Komilov komil inson kim degan savolga shunday javob beradi: «Komil inson – bir ideal, barcha dunyoviy va ilohiy bilimlarni egallagan, ruhi mutlaq ruhga tutash, fayzu karomatdan serob, siyratu suratdan saranjom, qalbi ezgu tuyg‘ularga limmo-lim pokiza zot»dir. Komil inson tarbiyasi hamma davrlar, shu bilan birga mafkuralarning ham asosiy g‘oyasi hisoblangan. Insonni komillik ruhida tarbiyalash masalalasi istiqlol mafkurasining ham asosiy vazifasidir. Komillik masalasiga istiqlol davridagidek mukammal hamda ilmiy-nazariy tamoyillar bilan yo‘g‘rilgan mukammal sharh berilmagan. Milliy istiqlol g‘oyasi dasturlarda komil insonni tarbiyalash masalasiga shunday taʼrif beriladi: «Komil inson g‘oyasi – ham milliy, ham umumbashariy mohiyatga ega bo‘lgan, odamzodga xos yuksak maʼnaviy va jismoniy mukammallikni o‘zida mujassam etgan, uni hamisha ezgulikka undaydigan olijanob g‘oyadir. Bu g‘oya nafaqat alohida shaxslarni, balki, butun-butun xalqlarni yuksak tarakqiyot sari yetaklagan. Ularni maʼnaviyat va maʼrifat sohasida tengsiz yutuqlarga ilhomlantirgan. Komillikni orzu qilmagan, barkamol avlodlarni voyaga yetkazish haqida qayg‘urmagan xalqning, millatning kelajagi yo‘q. Bunday xalq va millat tanazzulga mahkum».

Demak, islom taʼlimotida komil insonni tarbiyalash masalasi o‘ziga xos umumbashariy qimmatga ega bo‘lgan. Maʼnaviy-axloqiy pok insonni tarbiyalash «Mubayyin»da ko‘zlangan yuksak g‘oyaviy maqsadlardan biri sanaladi. Kitobda insonni barkamollikka daʼvat etuvchi, uning ongi va shuurini shakllantiruvchi ko‘plab axloqiy-taʼlimiy qarashlar keltirilgan. Ollohga eʼtiqod komillikning birlamchi shartidir. Ollohning birligini tan olgan, uning ko‘rsatmalarini bajargan kishi maʼnaviy-ahloqiy jihatdan sof inson hisoblanadi. Bobur «Eʼtiqodiyya»da insho etgan quyidagi baytlarga nazar solaylik:


O‘z boshingcha Xudoga ot demagil,

Ham taʼaqqul qilib sifot demagil.

Kim o‘zi oni yod qilg‘an-dur,

Ahli din eʼtiqod qilg‘an-dur.


Ollohga eʼtiqod qo‘yish, uni tan olish din ahliga, islomga eʼtiqod qo‘yish belgisidir. Barkamol inson Ollohni kamsitmaydi, unga noo‘rin sifatlar bermaydi. Bobur komil insonning yuksak namunasi sifatida Muhammad alayhissalomni ko‘rsatadi. Orzu qilingan barcha ezgu fazilatlarni Muhammad payg‘ambar siymosida ko‘radi:


Bordurur barcha elga fazllari,

Xoh bo‘lsin farishta, xoh pariy.

Borchaning afzali Muhammad-dur,

Borchaning akmali Muhammad-dur.

Borchaning fazlini yig‘ishtursang,

Bor kishida borin sig‘ishtursang.

Fazli Ahmadcha bo‘lmag‘ay ul ham,

Bo‘lmag‘ay Ahmad fazilatidin kam.


Bu baytlardagi Ahmad ismi ham Muhammad Mustafoning nomlaridan biridir. Demak, dunyodagi barcha ezgu fazilatlarni yig‘ishtirsak-da, Muhammad alayhissalomda bo‘lgan xislatlarga yetmaydi. Bobur komillik haqida so‘z yuritar ekan, podsholarning atvori haqidagi axloqiy-taʼlimiy qarashlarini bayon etadi:


Xalq aro kim-ki podshohdurur,

Toatin qilmasang gunohdurur.


Demak, toat Ollohga eʼtiqod ko‘yish, iymon keltirish, musulmonchilik farzlarini bajarish shohu gadoga tengdir. Bobur shu fikrni davom ettirar ekan, podshoh islom elida hokim bo‘lsayu ammo zolimlikni ixtiyor etsa, shariat nizomida unga bu harakatlar harom deb baholanishini taʼkidlaydi:


Podshohe agar-chi zolimdur,

Ahl-i islom ichra hokim-dur.

Anga qilmoq xuruj bo‘ldi harom,

Budurur sharʼ ichra rabt-u nizom.


Islom axloqida insonni komil qilib tarbiyalashning usullari ko‘p. Bobur islomdagi besh farz – iymonning bayonini keltirar ekan, oxir zamonning muqarrarligiga bir necha satrlar bag‘ishlaydi. Diniy asarlarda oxir zamon xaqidagi, jumladan, bu turkumdagi adabiy lavhalarda ifodalangan qabr azobi, pulisirot ko‘prigi, do‘zax kabi manzaralarga oid tasvirlar fanning dunyodagi insonni tarbiyalashning o‘ziga xos vositasidir. Inson vafotidan so‘ng foniy dunyodagi qilmishlari uchun jazolanishi, do‘zax qiynoqlariga solinishiga tiriklik paytida o‘z axloqini tuzatishi, gunoh ishlarga qo‘l urmaslikka oid qaydlar katta tarbiyaviy ahamiyatga ega. O‘shalarni inobatga olgan inson harakat qiladi. Inson ongida paydo bo‘lgan bunday tushunchalar uni komillikka boshlaydi, axloqan pok, maʼnaviy jihatdan shakllanish yo‘liga kiritadi. «Ishorat-i-do‘zax» faslidagi quyidagi baytlar o‘shanday maqsadda yaratilgan ko‘rinadi:


Kim-ki do‘zaxqa tushsa kofirdin,

Chiqmagay jovidon o‘shal yerdin.

Har azobe-ki el tasavvur etar,

Do‘zaxilarga ul azob yetar.

Tushsa gar mo‘min jahannamga,

Gunohina qolur o‘shal g‘amga.


Musulmonchilikdagi besh farz – iymon, salot (namoz), zakot, savm (ro‘za), haj shartlarini bajarish insonning komilligini ko‘rsatuvchi belgilardir. Albatta, bu farzlar insonning islom diniga eʼtiqodini kuchaytirishga xizmat qiladi. Ana shu farzlar mazmunida insonning komilligi o‘zining chuqur ifodasini topadi.

Birinchidan, iymonli kishi Ollohni tan oladi, Muhammad alayhissalomga xos komillik fazilatlarini o‘rganadi, oxir zamonda bo‘ladigan azoblardan qo‘rqib, oniy dunyoda gunoh ishlardan o‘zini tiyadi.

Ikkinchidan, namoz o‘qish insonning Ollohga bo‘lgan eʼtiqodini kuchaytiradi. Eʼtiqodli kishi iymonli, Ollohning ko‘rsatmalarini bajarishdan mamnun, birovning haqiga xiyonat qilmaydigan, diyonatli zotdir. Bunday tamoyillar insonda komillik sifatlarini shakllantiradi.

Uchinchidan, zakot insonning komillik darajasini oydin namoyon etuvchi farzdir. Inson o‘z davlatidan zakot berishi, bu zakot beva-bechoralar, hayotda qiynalgan majruh ojizlarga ehson etilishi, odamlar o‘rtasida mehr-oqibat yuzaga kelishi, inson insonga mehr-muruvvat hissi bilan qarashiga olib keladi. Birgina islomiy tarbiyada emas, bizning zamonamizda ham mehr-oqibat komillikning asoslaridan biridir.

To‘rtinchidan, savm (ro‘za) farzi amallarini bajarish ham insonning komilligini ko‘rsata oladi. Ro‘zada inson o‘zining Ollohga va Muhammad dayhissalomga bo‘lgan eʼtiqodini yana bir sayqallaydi. Qurʼonning nozil bo‘lishi, uning oyatlarida bayon etilgan axloqiy-taʼlimiy fikrlarni yurakdan his etadi. Ro‘za farzini bajarishda zakot farziga amal qilinadigan insonparvarlik fazilatlari ham namoyon bo‘ladi. Ro‘za tutishga qurbi, salomatligi yetmagan kishilar miskin-bechoralarning ko‘nglini xushnud qiladilar. O‘z ixtiyoridagi nozu neʼmatlarni ularga ro‘za tutish uchun beradilar. Yoki hayit kunlarida beva-bechoralarga xayr-ehson ulashadilar. Ro‘za farziga xos bunday fazilatlar ham komillikni ixtiyor etgan kishilarda shakllanadi.

Beshinchidan, haj farzi ham insonning Muhammad alayhissalom va uning taʼlimotiga iqrorlik belgisidir. Bu farzni bajarishda ham komillikka daʼvat etuvchi amallar mavjuddir. Olloh yo‘lida qurbonlik qilish va uni odamlarga ulashish, hajga borish imkoni bo‘lmasa, biror kishini o‘z mablag‘idan jo‘natish yoki shu mablag‘ni obodonchilik ishlariga sarflash insonda komillikning ko‘ngli ochiqlik, saxiylik belgilari shakllanganligini ko‘rsatadi. Insonning hoji nomiga muyassar bo‘lishi ham uning islomiy eʼtiqodlarni chuqur egallaganligining yuksak namunasi hisoblanadi. Shu sababli ham ular el o‘rtasida islom aqidalarining komil vakili va ijrochisi sifatida hurmat qozonadilar.

Boburning «Mubayyin» kitobida insonning komilligi masalasi ana shu besh farz mantiqidan kelib chiqadi. Alisher Navoiyning «Nasoyim ul-muhabbat» asarida haj farzi komillikka daxldorligining muhim bir sharti ham qalamga olingan: «Ismoil Dabbos dedikim, haj niyati qilib, borurda Sherozga yetishdim. Bir masjidga kirdim. Shayx Mo‘minni ko‘rdimki, o‘lturub xirqasin yamay erdi, salom qildim va o‘lturdim. Mendin so‘rdikim, ne niyating bor? Dedim: haj niyatim bor. Dedi: onang bor? Dedim: bor. Dedi: Yonib onang mulozamatiga bor... Men ellik haj qilibmen – bosh yalang, ayoq yalang va zodu hamrohsiz. Barchasin senga berdim, sen onang ko‘ngli shodligini menga ber». Demak, onaning ko‘nglini xursand qilish haj safarlaridan ustundir. Komillikni egallagan kishi haj farzining bunday shaklini ham egallashi, uni tarbiyaning muhim vositasi deb tushinishi kerak. Bobur «Haj-i g‘ayr bayoni»ga aytilgan sahifalarda hajga bora olmagan kishilarning farzlari to‘g‘risida fikr yuritgan. Agar inson o‘ziga noyib tanlab, o‘sha noyibni hajga jo‘natsa ham savobi tegishini uqtiradi. Yoki o‘z merosxo‘rlariga vasiyat qilish ham farz bajarilishining bir shaklidir. Haj marosimi kunlarida qurbonlik qilib, go‘shtlarni hadya etish ham insonning boshqalarga bo‘lgan mehru muruvvati ifodasi hisoblangan. Masnaviyning «Haj bayoni» faslida farz bajarilishining shakllari bayon etilgan.

Zahiriddin Muhammad Bobur «Mubayyin» kitobining g‘oyaviy-badiiy tahlili bir qator xulosalarga kelish imkonini beradi:


1) Bobur ruboiylaridan birida shunday yozgan edi:

Yo rab, menda ne yaxshi tolyeʼ bordur,

Kim, baxti mutiʼyu yori tobeʼ bordur.

Maʼzur tut ar vaslingga kechroq yetsam,

Ne chora qilay ozgina moneʼ bordur.


Chindan ham biz Boburning butun ijodiy qiyofasi va asarlarining g‘oyaviy-badiiy mundarijasini bilishga kechroq yetishdik. Chunki o‘rtada moneʼ – qizil imperiya mafkurasi bor edi. Istiqlol yillarida Boburning diniy-ilohiy ruhdagi asarlarini o‘qish, nashr etish, maʼrifiy saboqlar olish imkoniga ega bo‘ldik.

2) «Mubayyin» – shariat qonun-qoidalarini bayon etuvchi kitobdir. Lekin bu xususiyati bilan kitob badiiy adabiyot namunasi emas, degan fikrdan yiroq turadi. «Mubayyin» Boburning diniy-falsafiy qarashlarini ifoda etgan, badiiy adabiyotning eng yetakchi shakli masnaviy imkoniyatlaridan yetarli darajada foydalanib yozilgan asardir.

3) «Mubayyin» maʼrifiy qimmatga ega bo‘lgan asar. U yoshlarimizni diniy amallarni o‘rganish, islom farzlariga rioya etish va bajarishga daʼvat etish bilan kifoyalanmaydi. Uning g‘oyaviy-maʼrifiy qimmati insonni komillikka daʼvat etish, odamlarni axloqan pok, eʼtiqodli, maʼnaviy jihatdan barkamol etishga xizmat qilish kuchiga egaligi bilan baholanadi.


D. RAJABOVA

Bobur masnaviylarida irfoniy maʼno, T, 2005. – B. 102-108. (O‘zbekcha); “Mubayyin” i vospitaniye sovershennoy lichnosti. V kn.:

Rajabova D. Smыsl poznaniya v masnevi Babura.

Fikr qoldirish#


O‘qish tavsiya qilinadi
Yosh shoirning shakllanishi yoki Bobur Mirzo Farg‘ona viloyati podshohi (1494-1504)

Zahiriddin Muhammad Bobur 1483 yil 14 fevral kuni Andijonda Farg‘ona...

Hukmdorlarga o‘rnak bo‘ladigan, dunyo olimlari havas qiladigan umr e’tirofi

This article explores the historical significance of Babur and the...


Maqolani baholang
0.0