Sinov yoʻsinida ishlamoqda

Mus’hafi Boburiy

Turklar xati nasibing bo‘lmasa Bobur netong, * Boburiy xati emasdur, xati sig‘noqiydurur.

Ma’lumki, Zahiriddin Muhammad Bobur (910/1504) yili Kobulda «Boburiy xat» nomli bir yozuv ixtiro qilgan. Boburshohning bu xatni nima uchun ixtiro qilgani fanda hozircha noma’lum bo‘lib qolmoqda. Garchi Boburshohning sa’y-harakatlariga qaramay, bu yozuv ayrim sabablarga qo‘ra ommalashmagan bo‘lsa-da, biroq u uzoq vaqtdan buyon turli o‘lkalardagi olimlar-u tadqitotchilarning e’tiborini o‘ziga jalb etib kelmoqda.

«Bob-urnoma», Bobur devoni va ayrim tarixiy manbalarning ma’lumot va ishoralaridan tashqari, «Boburiy xat» bilan bevosita aloqasi bo‘lgan ikkita muhim manba fanda ma’lum. Biri – XVI asrda kitobat qilingan «Mus’hafi Boburiy» ikkinchisi esa XVII asrda ta’lif etilgan «Ajoyibu-t-tabaqot» asaridir. Biz ushbu makolada birinchi manba, ya’ni «Mus’hafi Boburiy»ni imkon qadar to‘liqroq tanitishni maqsad qilib qo‘ydik.

Mashhad (Eron) shahridagi hazrati Imom Rizo ziyoratgohiga qarashli «Ostoni qudsi Rizaviy» kutubxonasida 50-ashyoviy raqam bilan Qur’oni karimning bir nafis va noyob qo‘lyozmasi saqlanadi. Bu nafis qo‘lyozma aslida Safaviylar sulolasining so‘nggi podshohi shoh sulton Xusayn Safaviy tomonidan hijriy 1119-yilda mazkur muqaddas dargohga vaqf qilingan ekan.

Vaqfnoma matnida Qur’on o‘n ikki imomdan birining (ehtimol sakkizinchi imom) xatida yozilgan degan fikr ham birdirilgan. Bu nafis qo‘lyozma ko‘p yillardan buyon kutubxonaning «Tolori nafois» zalida namoyishga qo‘yilar, uning xati esa hech kimga tanish emasdi.

1343/1964-yili eronlik olim Ahmad Gulchini Ma’oniy Ostoni qudsi Rizaviy kutubxonasida saqlanayotgan Qur’oni karim qo‘lyozma nusxalarining tavsifiy katalogini tuzish maqsadida Mashhad shahriga boradi. Ish jarayonida 50-ashyoviy raqamli Kur’on yning diqqat-e’tiborini tortadi. U Mus’hafni har tomonlama tekshirib, o‘rganib chiqqandan so‘ng «Mus’hafi boburiy» unvonli bir maqola yozib, uni 1344/1965-yili «Nomayi ostoni quds» nomli mazkur kutubxona jurnalida nashr ettiradi.

Gulchini Ma’oniy mazkur maqolasida Zahiriddin Muhammad Boburshoh haqida ham qisqacha ma’lumot berib, keyin qo‘lyozmaning kitobat zamoni, kashmiriy qog‘ozi, hindiy tazhibi, qolaversa xatning dag‘alligi va qiyinligini nazarda tutib, Mus’hafning xati imomlardan birining xati ekanini rad etib, uni shak-shubhasiz Zahiriddin Muhammad Bobur podshoh ixtiro qilgan «Boburiy xat» deb e’lon qiladi.

To‘g‘ri, ana shu tarixdan boshlab, mazkur qo‘lyozma Eron va boshqa yurtlardagi ilmiy markazlarda «Mus’hafi boburiy» deb atala boshlandi. Shuningdek, muallif o‘z maqolasida «Mus’hafi boburiy» xatining harflarini ham (garchand to‘liq bo‘lmasa-da) arabcha ekvivalenti (mu’odili) bilan ko‘rsatib bergan edi (1-rasmga qarang).

Endi bevosita «Mus’hafi boburiy» qo‘lyozmasi bilan tanishsak. Ostoni qudsi Rizaviy kutubxonasidagi «Mus’hafi boburiy» xususiyatlarini A. Gulchini Ma’oniy o‘zining «Rohnamoi ganjinai Qur’on” nomli kitobida quyidagicha ko‘rsatib bergan: «Ba xati ixtiroi Zahiriddin Muhammad Bobur podshoh (932937 h.y.) muassisi silsilai Temuriy hind, kotibi noma’lum, tahrir nomayi avvali qarni dahumi hijriy, qog‘az va tazhib kashmiriy, asomiy suvar ba zar, favosili oyot zarnishon, kitobati du safhai avval ba qalami zar, har safha 17 satr, andozai jadval 5/9x7/9, 265 varaq ba qat’ 9x12/5 sm.

Jild muqavoi labador bo rukashi porchayi,

Vaqfi shoh sulton Husayni Safaviy dar soli 1119 hijriy».

Tarjimasi: Hind Temuriy silsilasinig muassisi Zahiriddin Muhammad Bobur podshoh (932-937 h.y.) ixtiro qilgan xatda, kotibi noma’lum, o‘ninchi hijriy (XVI milodiy) asrning birinchi yarmida kitobat qilingan. Kashmiriy qog‘oz va bezaklar, suralarning nomlari zar bilan, oyatlar o‘rtasidagi fosila zarnishon, boshdagi ikki bet zar qalamda kitobat qilingan. Har betda 17 satr, jadval andozasi 5/9x7/9, 265 varaq, andozasi 9x12/5 sm.

Muqovasi labador, gazlamadan qoplangan.

Hijriy 1119-yili shoh sulton Husayn Safaviy vaqf qilgan.

Qo‘lyozma haqida yana quyidagi xususiyatlarni ko‘rsatib o‘tishni lozim topdik:

– An’anaga ko‘ra «Mus’hafi boburiy»da ham har bir sura «Bismillohir rahmonir rahim» bilan boshlangan;

– Xat boshqa islomiy xatlar kabi o‘ngdan so‘lga qarab yozilgan;

– Matn xati, ayniqsa, bo‘sh yerlarida harakat belgilari, ya’ni e’rob (zer, zabar, pesh, tanvin, ...) qo‘yilgan;

– harflarning qo‘shilishi yoki ajralishi, faqat mumkin bo‘lmagan mavridlardan tashqari, xuddi boshqa arabcha yozuv turlari kabidir;

– harflarning ko‘rinishi tasavvurimizda Xitoy va Mix yozuvlarini mujassam qiladi;

– xat kursi bandlik nuqtayi nazardan nasx va suls xatlari kabidir;

– xatning sathi ko‘p, biroq davri esa boshqa arab yozuvlariga nisbatan ozdir;

– qo‘lyozmaning boshi va so‘nggi varaqlarida turli yozuvlar va tamg‘alar bor. Ba’zi yozuvlar, qo‘lyozma qachon kutubxona ro‘yxatiga kiritilganini bildirsa-da, lekin bir necha yozuv va tamg‘alar esa Mus’hafni ko‘rib ziyorat qilgan ba’zi odamlarni bildiradi (2-rasmga qarang).

– matnda xato ko‘rinishga ega bo‘lgan yoki harflari aniq ko‘rsatilmagan so‘zlar hoshiyada aniqroq qilib yozilgan;

– qo‘lyozma o‘ta nafis bo‘lib, juda yaxshi saqlangan va to‘liqdir.

By qo‘lyozmaning «Mus’hafi boburiy» deb e’lon qilinishiga bir necha tarixiy dalillar bor. Ayrim tarixiy manbalarga ko‘ra Zahiriddin Muhammad Boburshoh tomonidan Mus’haf yozilgani yoki yozdirilgani aniq, bunga hech qanday shak-shubha yo‘q. Jumladan, quyidagi uchta ishoraga e’tiboringizni qaratamiz:

Birinchi, Zahiriddin Muhammad Boburshohning qizi – Gulbadan begim o‘zining tarixiy asari «Humoyunnoma»da shunday yozadi: «... va dar Sigiri dar bog‘ ham chukandi rost karda budand. Hazrati podshoh bobom dar on chukandi nurxona barpo karda dar on nishasta Mus’haf navishtand...».

Tarjimasi: «… Sigirida bog‘da shiypon bino qilgan edilar. Bu shiyponda «Turxona» [asl matnda nurxona – H.Yo.] (yuqori hujra) bino qildirib, unda o‘ltirib Qur’on yozar edilar».

Ikkinchi, muarrix Abdulqodir Badoyuniy «Muntaxabu-t-tavorix» asarida shunday yozadi: «Az jumlayi g‘aroyib ixtirooti on shohi mag‘firat panohi xatti Boburiy astki Mus’hafi badon xat navishta va ba Makkai muazzama firistoda».

Tarjimasi: «Ul mag‘firat panohi shohning g‘aroyib ixtirolaridan biri Boburiy xatdirkim, ul xat bila yozilgan bir Mus’hafni Makkai muazzamaga yuborgan».

Uchinchi, Jaloluddin Akbar saroyining tarixchisi Xoja Nizomiddin Hiraviy «Tabaqoti akbariy» asarida yozadi: «... va xat ixtiro qilib, Boburiy xat deb atagan edilar va u bilan Mus’haf yozib Makkai muazzamaga jo‘natgan edilar».

Shunday qilib, «Boburiy xat» bilan mus’haf yozilgani aniq, agarchi «Humobnnoma»da Qur’on qanday bir xat bilan yozilgani aytilmagan bo‘lsa ham.

Demak, agar «Ostoni qudsi Rizaviy» kutubxonasidagi o‘sha qo‘lyozma Qur’onni Gulchini Ma’oniyning fikriga ko‘shilib «Boburiy xat» bilan yozilgan deb faraz qilsak, xo‘sh unda bu Mus’haf qanday qilib Eronga borib qolgan?

Bu savolga quyidagi uchta javobni taxmin qilish mumkin:

1) Zahiriddin Muhammad Boburshoh bilan shoh Ismoil Safaviy o‘rtasida yaqin va iliq do‘stona aloqa bo‘lganidan ko‘pgina tarixiy manbalar xabar bergan. Shu narsani e’tiborga olgan holda, Boburshoh o‘zining do‘sti shoh Ismoil Safaviyga «Boburiy xat» bilan bitilgan bir Mus’hafni yuborgan bo‘lsa, ajab emas;

2) Zahiriddin Muhammad Boburshohning o‘g‘li Humoyun mirzo (950/1543) yili Shershohi Suriy va ukasi Komron mirzolardan yengilib, toj-u taxtdan ajralib, Eronga Safaviylarsaroyiga panoh izlab bordi va u yerda ikki yil (1543-1545) qoldi. Humoyun Safaviylar qoshida bo‘lgan chog‘ida boshqa sovg‘alar qatori «Boburiy xat» bilan yozilgan Mus’hafni ham shoh Tahmosipga sovg‘a qilgan bo‘lishi mumkin;

3) Boburshoh tomonidan «Boburiy xat» bilan yozilib, Makkai m-ukarramaga yuborilgan Mus’haf noma’lum sabablari ko‘ra yoki tasodif yuzasidan manzilga yetib bormay, yo‘l bo‘yi Eronda qolgan bo‘lsa ham ajab emas.

«Mus’hafi boburiy»ga tegishli yana bir muhim jihat xat va matnni o‘qish masalasi edi. Bu maqsad uchun Mus’haf yozuvining mukammal belgilari hamda uning o‘qish va yozish qoidarini ma’lum qilish kerak edi. Bu narsa uchun kutubxona mas’ullari tomonidan goh-gohida harakatlar va izlanishlar bo‘lib turdi. Chunonchi Gulchini Ma’oniy bu haqda shunday yozadi: «Bu mus’hafi sharif ... uzoq muddat kutubxonaning tolori nafoisida namoyishga qo‘yilgan edi va bir-ikki betining rasmi Tehron, Yevropa va Amerika xatshunos olimlariga yuborilgan edi. Biroq, uning xati tanilmagan edi.

Marhum doktor Qosim G‘ani Angliyada chop etilgan iste’moldagi, eski, arxaik tirik va o‘lik kabi dunyodagi ming xil xatlarda yozilgan Injilning bir oyatini qo‘lga kiritib, uni Uktoyi kutubxonasining (Ostoni qudsi Rizaviy) sobiq raisi ixtiyoriga berdi va u kishi ko‘p vaqt sarflagandan so‘ng, Mus’haf xati mazkur ming xil xatlarning birontasiga ham mos kelmaganligi va o‘xshamaganligini ma’lum qildi.

Eronlik xushnavis va xatshunos olim Fazlulloh Fozil Nishopuriy ko‘p yillardan beri «Mus’hafi boburiy» hatining sirini yechish, shu bilan birga uning matnini o‘qish uchun izlanishlar olib borgan. Buning uchun u mazkur Mus’hafning bir necha betlarini xatshunoslik nuqtayi nazardan sinchkovlik bilan tekshirib, o‘rganib chiqdi.

Uning yozishicha, mazkur qo‘lyozma Qur’on bo‘lganligi sababli uning tadqiqotida qo‘l kelib, katta yordam bergan. U «Mus’hafi boburiy» matnini o‘qishda farziya, mushohada, taqqoslash hamda o‘xshash nuqtalarni topish uslubiga binoan ish olib borgan. Uzoq mudatli izlanish va tadqiqotlardan, so‘ng olim birin-ketin «Alloh», «laxum», “uhil” kabi so‘zlar hamda «v» harfini o‘qishga muvaffaq bo‘lib, shu asosda suralardan birining boshida yozilgan «Bismillohir rahmonir rahim»ni ham osonlikcha o‘qiy olgan.

Shunday qilib, eronlik olim Fozil Nishopuriy 1377/1998-yili Mashhad shahridagi Ostoni qudsi Rizaviy kutubxonasining «Mus’hafi boburiy» nomi bilan mashhur bo‘lgan va shu vaqtgacha ilm ahliga xati o‘qilmay kelgan Mus’hafning matni va harflarini o‘qidi. Olim bu bilan tarixiy bir muammoni yechib, mazkur xatning siri (yozish va o‘qish qoidalari)ni oshkor etdi (1-jadvalga qarang).

Birok, shu o‘rinda eslash lozimki, «Mus’hafi boburiy» xatining mufradotini birinchi bor (bundan qariyb … yil ilgari) Gulchini Ma’oniy o‘zining «Mus’hafi boburiy» nomli maqolasida nashr etgan edi va uni afg‘onistonlik olim Abdulhay Habibiy avval «Oriyono» jurnalida (1344/1965) keyin esa Zahiriddin Muhammad Boburshoh nomli kitobi tarkibida nashr etgan edi.

Shuni ham eslash joizki, Gulchini Ma’oniy ko‘rsatgan belgilar va Fozil Nishopuriy istixroj qilgan harflarning ko‘rinishida ozgina farqlar bor va bu farqlar, bizningcha, ko‘chirish jaryonida hamda kotiblar qo‘llagan yozuvi uslubidan kelib chiqqan bo‘lishi mumkin.

Binobarin, Fozil Nishopuriy agarchi «Mus’hafi boburiy» matnidan foydalanib, uning 29 ta belgisini istixroj qilib, xat va matnni o‘qigan bo‘lsa ham, bizningcha, bu o‘rinda uni «Mus’hafi boburiy» xati belgilarining koshifi emas, balki o‘qish va yozish qoidalarining koshifi desak to‘g‘ri bo‘ladi. U o‘z ishi jarayonida Gulchini Ma’oniy ko‘rsatib bergan belgilarni ham e’tiborga olgan.

Shuni ham alohida qayd etish kerakki, Gulchini Ma’oniy ko‘rsatgan belgilar orasida bir necha harf va Fozil Nishopuriy tuzgan jadvalda ham arabcha «s» harfi yo‘q. Biz har ikkalasini solishtirib, alohida mukammal bir jadval tuzib ko‘rsatdik (2-jadvalga qarang).

«Mus’hafi boburiy» xatining belgilari islomiy (arabcha) xatlar bilan solishtirib ko‘rilganda, quyidagi xulosalar kelib chiqadi:

1. Butunlay o‘zgargan (o‘xshamaydigan) harflar (k, n, v, f, s, sh, ...);

2. Jihati o‘zgargan harflar (b, j, x, …);

3. Juz’iy o‘zgargan harflar (m, h, d, ’, …);

4. O‘zgarmagan harflar va belgilar («alif») so‘z o‘rtasidagi «b», e’roblar).

Shunday qilib, bugun «Boburiy xat»ga mansub to‘liq bir matn «Mus’hafi bouriy» bo‘lib, unga mansub 29 ta harf, o‘qish va yozish qoidalari bugun olimlar ixtiyorida. Biroq shuni ta’kidlash lozimki, hozircha ushbu yozuv bilan yozilgan biron-bir turkiy (o‘zbekiy) matn qo‘limizda bo‘lmaganligi bois, Boburshoh o‘zbek tilidagi unlilar masalasini o‘z yozuvida qay tarzda ko‘rsatgani yoki hal qilgani to‘g‘risida biron-bir aniq gap aytish qiyin. Demak, biz uchun o‘ta muhim hisoblangan ushbu muammoni faqat «Boburiy xat» bilan yozilgan biron-bir turkiy matn topilgandagina yechish mumkin, xolos. Lekin shunga qaramay, «Mus’hafi boburiy»ga «Boburi xat»ni o‘rganish bo‘yicha fan olamidagi eng e’tiborli va muhim hujjat sifatida baho berilib kelmoqda.

Shuni ham eslash o‘rinliki, 2004-yili Zokirjon Mashrabov rahbarligida «Bobur xalqaro fondi»ning ilmiy hay’ati Eron safarida bo‘lib, u yerdan «Mus’hafi boburiy»ning foto nusxasi va unga tegishli ayrim tadqiqot materiallarini O‘zbekistonga olib kelishga muvaffaq bo‘ldi. O‘sha yil mart oyida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida o‘tkazilgan taqdimot marosimida madaniyatimizning ushbu ajoyib va noyob merosi anjuman ishtirokchilariga tanitildi. Hozir bu nusxa Andijon shahar «Bobur va jahon madaniyati» muzeyida saqlanmoqda. Qolaversa, mazkur nusxadan ikkinchi kopiya olinib, jamg‘arma rahbarligi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Maxqamasi xuzuridagi Toshkent islom universitetiga covg‘a qilindi. Bu bilan «Bobur xalqaro fondi» boshqa ko‘pgina xayrli ishlari qatori madaniyatimizga tegishli shunday ajoyib ezgu ishni bajardi. Biz ushbu maqolani tayyorlashda jamg‘arma Erondan olib keltirgan materiallardan ham foydalanganmiz va shuning uchun jamg‘arma rahbariyatiga minnatdorlik bildiramiz.


Muhammad Halim YORQIN, tadqiqotchi (Afg‘oniston) Imom al-Buxoriy saboqlari. № 2, 2006. B-85-88. (O‘zbekcha); Мусҳафи Бобурий – Коран Бабура.

Fikr qoldirish#


O‘qish tavsiya qilinadi
Yosh shoirning shakllanishi yoki Bobur Mirzo Farg‘ona viloyati podshohi (1494-1504)

Zahiriddin Muhammad Bobur 1483 yil 14 fevral kuni Andijonda Farg‘ona...

Hukmdorlarga o‘rnak bo‘ladigan, dunyo olimlari havas qiladigan umr e’tirofi

This article explores the historical significance of Babur and the...


Maqolani baholang
0.0