O‘zbekiston Respublikasining mustaqillik davridagi taraqqiyoti hayotimizniig barcha qirralarida bo‘lgani singari madaniy-maʼrifiy sohalarda ham tarixiy o‘zgarishlarni yuzaga keltirmoqda. Istiqlol mafkurasi tufayli muhtaram Prezidentimiz I.A. Karimov g‘oyat o‘rinli eʼtirof etganlaridek «Tilimizni, dinimizni, urf-odatimizni, maʼnaviy qadriyatlarimizni butkul yo‘qotib qo‘yish xavfidan saqlab, asrab-avaylab, ularning azaliy mazmuni va qudratini tiklash» darajasiga erishdik. Qadimiy merosimiz ildizlarini ko‘rsatish, o‘tmishdagi boy anʼanalarni, milliy qadriyat va maʼnaviy boyliklarimizni yangi jamiyat qurilishiga tadbiq etish bugungi hayotimizning bosh vazifalaridan biriga aylandi. Diniy-tasavvufiy ruhdagi badiiy asarlarni adabiyotimiz tarixining ajralmas uzviy qismi sifatida o‘rganish tamoyilining yuzaga kelishi milliy istiqlol mafkurasi mevasidir.
Istiqlolga qadar Zahiriddin Muhammad Bobur ijodi adabiyotshunoslikda kam darajada o‘rganilgan edi, desak haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Uning badiiy, ilmiy va tarixiy merosi to‘g‘risida ko‘plab ilmiy tadqiqotlar yaratilgan, asarlari qayta-qayta nashr etilgan. Lekin mustabid tuzum davrida diniy-tasavvufiy adabiyotni zararli deb tushunish, baʼzan uning vakillari ijodini qoralash natijasida Bobur yaratgan diniy-maʼrifiy ruhdagi asarlarni o‘rganish eʼtibordan chetda qolib kelmoqda edi. So‘nggi yillarda Ahmad Yassaviy, So‘fi Olloyor, Sulaymon Boqirg‘oniy, Huvaydo, Haziniy, Xilvatiy, Muhyi singari shoirlarning diniy ruhdagi adabiy merosining nashr etilishi, adabiyotimiz tarixidagi yirik mutafakkir siymolar badiiy yaratmalarida mafkuraviy tazyiq tufayli nazardan chetda qolgan asarlarning tiklanishi o‘tgan asrda yo‘l qo‘yilgan xatoliklarga barham berish borasidagi xayrli qadamlardan biri bo‘ldi. Masalan, Alisher Navoiyning «Xamsa» asari bir necha bor nashr etilishiga qaramay, uning birinchi dostoni «Hayrat ul-abror» tarkibidagi hamd va naʼtlarning g‘oyaviy-badiiy qimmati istiqlol yillarida birinchi marta xolisona ilmiy bahosini topdi [85, 76]. Aslida esa Alisher Navoiyning ijodiy yutuqlarini diniy eʼtiqod va islomiy g‘oyalarsiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Bu o‘rinda professor A. Hayitmetovning quyidagi fikrlarini keltirish joizdir: «Alisher Navoiy ijodiyotining shakllanishi va rivojlanishida eng muhim rol o‘ynagan omillardan biri islom va uning asosini tashkil etgan «Qurʼ on» hamda Muhammad payg‘ambar hadislaridir. Lekin navoiyshunoslikda bu masala juda kam o‘rganilgan». Professor R. Vohidov esa bu mavzuda maxsus asar yaratdi va adabiyotshunoslik fani nuqtai nazaridan chuqur tadqiqot ishini amalga oshirdi.
Masalaga shu nuqtai nazardan qaraladigan bo‘lsa, Zahiriddin Muhammad Bobur ham o‘z davrida ilohiyot masalalariga murojaat etgan shoirlardan biri edi. Lekin uning bu boradagi xizmatlari yaqin yillargacha yetarli bahosini olmay keldi. Adibning diniy ruhdagi asarlari to‘la nashr etilmadi. Boburning shariat farzlariga bag‘ishlangan «Mubayyin» kitobi g‘oyaviy yo‘nalishi nuqtai nazaridan Alisher Navoiyning «Siroj ul-muslimin» masnaviysiga mantiqan yaqin turadi. Shoir hazrat Xoja Ubaydulloh Ahrorning «Risolai volidiyya» asarini turkiy tilga tarjima qilish bilan katta savobga daxldor bo‘ldi va diniy-tasavvufiy g‘oyalar talqiniga qaratilgan sheʼriy asarlari tufayli o‘zbek adabiyoti taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shdi.
Tasavvufiy-diniy adabiyotning g‘oyaviy-badiiy, maʼrifiy-maʼnaviy qimmatini belgilash adabiyotshunosligimizda dadil ravnaq topayotgan yangi sohadir.
Adabiyotimiz tarixida diniy-tasavvufiy ruhda asarlar yozgan shoirlar ijodida mavzuning yoritilishi va obrazlar talqini jihatidan o‘zaro o‘xshashlik tomonlari mavjud. Chunki bu adabiyotning asosini Qurʼoni karim oyatlari, hadislar, payg‘ambar hamda taniqli din arboblarining hayotiga murojaat etish, shariat ahkomlarini targ‘ib qilish masalalari tashkil etadi. Shu sababli diniy-tasavvufiy ruhdagi asarlar o‘rganilganda ulardan har birining o‘ziga xos g‘oyaviy-badiiy xususiyatlarini ochish, eng muhimi, bu asarlarning hozirgi davrimizga xizmat qiladigan axloqiy-taʼlimiy qirralarini ko‘rsatish yanada dolzarblik kasb etadi.
Zahiriddin Muhammad Boburning o‘zbek xalqi tarixi va adabiyoti, shu jumladan, jahon xalqlari madaniyati tarixida tutgan o‘rni keng o‘rganilgan. Ulug‘ shoir, olim, tarixchi, musiqashunos, geograf va etnograf, umuman, qomusiy bilimlar sohibi bo‘lgan bu mutafakkir shaxs va maʼrifatparvar hukmdor haqida yaratilgan kitoblar boburshunoslik fanini yuzaga keltirgan, desak xato bo‘lmas. Lekin Boburning diniy-tasavvufiy ruhdagi merosini o‘rganish masalasiga XX asrning 90-yillaridan boshlab kirishildi.
Maʼlumki, Zahiriddin Muhammad Bobur o‘zining qisqa, ammo jo‘shqin va sermazmun hayoti davomida turkiy tildagi sheʼriyatning Alisher Navoiydan keyingi davr taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shdi. Maʼlumotlarga ko‘ra, Bobur o‘zining sheʼriy merosidan ikki devon tartib bergan bo‘lib, ulardan biri 1519 yilda Kobulda, ikkinchisi esa 1528-29 yillarda Hindistonda tuzilgan. Keyingi devon olima S. Azimjonova tomonidan nashr ettirilgan. Boburning sakkiz sheʼriy janr namunalaridan iborat asarlarini o‘z ichiga olgan birinchi devoni esa 1983 yilda afg‘onistonlik olima Shafiqa Yorqin tomonidan Kobul shahrida «Devoni Zahiriddin Muhammad Bobur» nomi bilan nashr ettirildi. Adabiyotshunos olim A. Abdug‘afurov Bobur devonining hozircha eng mukammali bo‘lgan Kobul nusxasining Sh. Yorqin chopi asosida 1994 yilda, hozirgi joriy yozuvda O‘zbekistonda eʼlon qilindi. Toshkent nashrida Boburning biz tadqiqot manbai sifatida tanlab olgan sakkiz masnaviysi o‘rin olgandir. Shoirning islom shariati masalalarini talqin etuvchi «Mubayyin» va tariqat ilmiga bag‘ishlangan «Risolai volidiyya» masnaviylari nashr ettirilgan bo‘lsa-da, hanuzga qadar yetarli ilmiy tahlilini topgan emas.
Bobur hayoti, ilmiy-adabiy, sheʼriy merosi o‘zbek adabiyotshunosligi fanining yirik namoyandalari V. Zohidov, H. Yoqubov, R. Nabiyev, S. Azimjonova, N. Mallayev, A. Qayumov, B. Valixo‘jayev, A. Hayitmetov, H. Qudratillayev, H. Hasanov, S. Hasanov, X. Nazarova tadqiqotlarida yoritilgan bo‘lsa-da, akademik B. Valixo‘jayev haqli taʼkidlaganidek «bu qutlug‘ ishni Boburning o‘zi «Boburnoma»da boshlab bergan edi. Shundan so‘ng Movarounnahr, Afg‘oniston va Hindistonda yozilgan tazkira va tarixiy asarlarda Bobur haqada maʼlumot berish kuzatiladi». Olim bu jihatdan Boburning qizi Gulbadanbegimning «Humoyunnoma», Muhammad Haydar Dug‘latning «Tarixi Rashidiy» asarlariga alohida eʼtibor qaratadi. U Bobur hayoti va ijodining XVIII asrdan boshlab G‘arbiy Yevropada o‘rganilishi haqida ham mufassal maʼlumot beradi.
Istiqlol davri boburshunosligining yirik muvaffaqqiyatlaridan biri sifatida taniqli olim Hasan Qudratillayevning «Boburnoma»ning tarixiy-adabiy va uslubiy tahlili» mavzuidagi doktorlik dissertatsiyasi yuzaga keldi. Olim Boburning diniy, ilohiy dunyo qarashi yuzasidan ham bir qator maqolalar eʼlon qildi. Biroq, mazkur tadqiqotlar doirasiga shoir masnaviylari kirgan emas.
Professor Rahim Vohidovning mutaxassislar va keng kitobxonlarga mo‘ljallangan «Biz bilgan va bilmagan Bobur» nomli kitobida shoir ijodining o‘ziga xos, daqiqun nazar tadqiqotchi nigohigagina tushadigan jihatlari haqida so‘z yuritilgani holda, uning epik sheʼriyati badiiyatiga juda oz o‘rin beriladi.
Boburning bizgacha yetib kelgan oltita ilmiy-adabiy merosi – Devon, «Boburnoma» [Boburshoh o‘zi nom qo‘ygan }عياقو{ «Vaqoyeʼ» xotiranomalari – Sh.R.], «Risolai aruz», «Mubayyin», «Risolai volidiyya» va «Xatti Boburiy» bir necha bor nashr ettirilgan va o‘zbek adabiyotshunosligida turli nuqtai nazarlardan o‘rganilgan.
XV asrda Movarounnahr va Xurosonning qirq yildan ortiq tinchligi, barqarorligi va maʼnaviy yuksalishida muhim siyosiy mavqe egallagan diniy rahnamo hazrat Xoja Ubaydulloh Ahrorning shaxsiyati, uning diniy-falsafiy qarashlari Boburning yetuk maʼnaviy arbob sifatida shakllanishida katta ahamiyat kasb etgan. Hazratga bo‘lgan hurmat ramzi sifatida Bobur «Volidiyya»ni turkiy tilga tarjima qiladi. Asar Saidbek Hasanov tomonidan nashr ettirilgan. Bobur asarlarini o‘rganish hamda nashr etishda S. Hasanovning salmoqli hissasi bor. Akademik B. Valixo‘jayev Xoja Ahror Valiga bag‘ishlangan asarida «Volidiyya»ning mavzu doirasi, asarni tarjima etishda Boburning xizmati haqida fikr yuritadi. S. Hasanov Boburning «Mubayyin» kitobini o‘rganish va nashr etishdaham xayrli ishlarni amalga oshirdi.
Alqissa, Bobur asarlari va «Devon»ining nashr qilinishi uning adabiy merosi bilan yanada mukammalroq tanishish imkonini berdi. «Devon»ning ahamiyatli tomoni shundaki, adabiy jamoatchilik Boburning kichik hajmli masnaviylari bilan birinchi marta kengroq tanishish imkoniyatiga muyassar bo‘ldi. Biroq, Boburning diniy-marifiy asarlari haqida amalga oshirilgan ayrim tadqiqotlar ushbu manzumalarda ifodalangan teran, g‘oyaviy-badiiy mazmunni aniq yoritib bera oladi deyish qiyin.
Shu nuqtai nazardan biz tadqiqotimizda Zahiriddin Muhammad Boburning yetarli ilmiy o‘rganilmagan masnaviylarini atroflicha tahlil qilishni maʼqul ko‘rdik. Risolada ushbu manzumalarni janr va qurilishi, maʼrifiy-maʼnaviy, axloqiy, tarbiyaviy ruhi, g‘oyaviy-badiiy mazmuni jihatidan tadqiq etish asosiy maqsad sifatida belgilandi.
Risola davomida boburshunosikda bizga qadar amalga oshirilgan tadqiqotlarga va milliy istiqlol mafkurasining yetakchi tamoyillariga tayanib mulohaza yuritishga harakat qilindi. Ishda maromiga yetmagan o‘rinlar, munozara uyg‘otadigan fikrlarning uchrab turishi tabiiydir. Buning uchun Sizdan uzr so‘rashga o‘zimizni burchli hisoblaymiz va Sizning tadqiqotimiz saviyasini yanada ko‘tarishga xizmat qiluvchi xolisona mulohazalaringizdan umidvormiz, muhtaram kitobxon!
D. RAJABOVA
Bobur masnaviylarida irfoniy maʼno, T, 2005. – B. 5-10. (O‘zbekcha); Предисловие. В кн.: Ражабова Д. Смысл познания в масневи Бабура.
Fikr qoldirish#