Muhammad Bayramxon asli turkmanlarning bahorli qabilasidan bo‘lib, Sayf Alibek oilasida 1504 yilda dunyoga keldi. Muhammad Bayramxonning ota-bobo- lari hukmron tabaqa vakillaridan bo‘lib, ularning bir tomoni Zahiriddin Bobir avlodiga borib taqaladi. Ana shu muhitda tarbiya ko‘rgan Bayramxon Zahiriddin Bobir hayot vaqtida uning o‘g‘li Humoyun xizmatiga kiradi va Bobir vafotidan so‘ng Hindiston hokimi bo‘lgan Humoyunning eng ishonchli va yaqin kishilaridan bo‘lib qoladi. Bayramxonning harbiy masalalarda orttirgan ta- jribalari Bobiriylarning Hindiston uchun olib borgan kurashlari vaqtida ancha qo‘l kelgan edi. Humoyun Bayramxonning davlat arbobi sifatidagi qobiliyatlarini nazarda tutib, unga xoni xonon darajasini inʼom qilib, o‘g‘li Akbarga uni otaliq qilib tayinlagan edi. Humoyun o‘lgach (1556), Bayramxon yosh Akbar nomidan hukmronlikni o‘z qo‘liga oldi, Bobiriylar hukmronligiga qarshi bosh ko‘targan feodallar va hokimlarni shafqatsizlik bilan yengib, o‘z mavqeini mustahkamladi. Ammo Karl Marksning qayd qilishicha, muvaffaqiyatlardan esankirab qolgan Bayramxon unga qarshi bosh ko‘targanlarning hammasini, shu jumladan Akbarning do‘stlarini ham qirg‘in qilishni buyurgan edi. Bu holdan foydalangan 18 yoshli Akbar hukmronlikni o‘z qo‘liga oldi va Bayramxonning huquqlarini cheklab qo‘yib, uni saroydan chetlashtirdi. Keyinroq esa Bayramxonning uzr so‘raganligini hisobga olib, Akbar uni o‘ziga yaqinlashtirsa-da, ammo u haj bahonasi bilan safarga otlanib, Gujarat viloyatiga keladi. Shu yerda 1561 yilning 31 dekabrida Muborak Lohan tomonidan o‘ldiriladi. Bayramxon davlat arbobi sifatida Bobiriylarning Hindistondagi hukmronligini har qanday yo‘l bilan mustahkamlashga harakat qilgan, shuning bilan birga, o‘z atrofiga adabiyot va sanʼat ahlini to‘plab, o‘zi ham badiiy ijod bilan shug‘ullangan shaxslardan biri edi. Bayramxonning bizgacha yetib kelgan adabiy merosi uning o‘zbek va fors-tojik tillarida yozgan lirik sheʼrlarini o‘z ichiga olgan devonidir. Albatta, bu devon Bayramxon adabiy merosining hammasini to‘liq qamrab ololgan emas. Shunga qaramay, mavjud adabiy meros uning ijodi haqida maʼlum tasavvurga ega bo‘lishga ko‘maklashadi. Bayramxon aslan turkman qabilalaridan bo‘lsa-da, ammo u eski o‘zbek va fors-tojik tilida ijod qilgan. Bayramxon devonidagi sheʼrlar til va uslubi jihatidan Zahiriddin Bobir qo‘llagan til – eski o‘zbek tili xususiyatlari bilan hamohangdir. Shuning uchun Bayramxonni faqt turkman shoiri deb emas, balki o‘zbek hamda turkmanshoiri deb qarash voqeaning mohiyatini ifoda etadi. Bayramxonning bizgacha yetib kelgan, nashr ettirilgan devoni o‘zbek va fors-tojik tillarida yozilgan g‘azal, ruboiy, qitʼa, qasida, fardlardan iborat bo‘lib, ularning umumiy hajmi ikki mingga yaqin misrani tashkil etadi. Bayramxon lirikasining asosiy mavzui oshiqona kayfiyatlardan iborat bo‘lib, bu kayfiyat anʼanaviy tarzda bayon etiladi. Bayramxonning o‘zbek va fors-tojik tillarida yozilgan g‘azallarida kuylagan ishq va oshiqona kayfiyat iloh va ilohiyat bilan aloqador bo‘lmay, real inson va uning his-tuyg‘ulari bilan bog‘liqdir. Mana, u tasvirlagan maʼshuqa: Ey chamani jon aro, sarvi xiromong‘inam,
Umr gulistonida g‘unchai xandong‘inam.
Ko‘zga meni ilmag‘an, bir nazare qilmag‘an,
Ko‘nglim olib bil- mag‘an, dilbari nodong‘inam.
Ham o‘zi yaxshig‘inam, ham ko‘zi yaxshig‘ina,
Ham so‘zi yaxshig‘ina, yori suxandong‘inam.
Ey, yuzi gul-gulg‘ina, v-ey, sochi sunbulg‘ina,
Qilma tag‘ofulg‘ina, bo‘lma pushay- mong‘inam.
Ey, qadi chobukgina, v-ey, labi nozikg‘ina,
V-ey, so‘zi utrukg‘ina, vaʼdasi yalg‘onginam.
Vositai davlati vasling agar bo‘lmasa,
Mehnati hijron aro chiqqusidir jong‘inam.
G‘azal- dagi o‘ynoqi ruh, yordan nazokat bilan gina qilishlik va shuning bilan bir qatorda uning insoniy fazilati-yu go‘zalligini aks ettirish hodisasi diqqatga sazovordir. Bayramxonning eski o‘zbek tilida bitgan bunday g‘azallari devonida anchagina. Bu devon mutolaasi vaqtida Bayramxonning Lutfiy va Alisher Navoiy uslubida g‘azallar yozishga intilgani ham ko‘zga tashlanadi. Bu jihatdan uning:
Ey bexabarim, xoh inon, xoh inonma,
Kuydi jigarim xoh inon, xoh inonma, – matlai bilan boshlanadigan g‘azalining malikulkalom Lutfiyning:
Sensan sevarim, xoh inon, xoh inonma,
Qondur jigarim, xoh inon, xoh inonma, – matlai g‘azalini eslatishini, Bayramxonning:
Yashil libos aro ul sarvi guluzorini ko‘r,
Ko‘ngul ochilgudek dilkusho bahorini ko‘r, – misralari bilan boshlanadigan ulug‘ o‘zbek shoiri Alisher Navoiyning:
Muvofiq kiydilar, bo‘lmish magar navro‘z ila bayram,
Chaman sarvi yoshil xilʼat, mening sarvi ravonim ham, – matlai g‘azali bilan hamohan- gligini uqtirish mumkin. Bu hol, birinchidan, Bayramxonning XV asrdagi o‘zbek adabiyotining ulkan vakillari ijodidan yaxshigina xabardorligidan, ikkinchidan esa, Alisher Navoiy va Lut- fiylarning Bayramxon yashab ijod etgan muhitda ham katta shuhratga ega ekanliklaridan dalolat beradi. Albatta, Bayramxon, o‘z sheʼrlarini ustozlarining sheʼriyatidan o‘tkaza olmagan. Shunga qaramay, til va uslub, mavzu va mazmun jihatidan ularning asarlariga monand g‘azallarning bunyod etilish fakti eʼtiborga loyiqdir. Bu hol Bayramxonning pand-nasihat xarakteridagi: Chavgoni aqlu go‘yi farosat aningdurur * Olamda yaxshilig‘ bila har kim chiqarsa ot; yoki Ilmu adab az halqai ahli nazar omuz, * Hayf ast, ki dar doirai chahl nishini, – kabi baytlarida ifoda etilgan mazmun- da ham ko‘zga tashlanadi. Shunisi diqqatga sazovorki, Bayramxon ustozlardan o‘rganar, ilhomlanar ekan, ularning ijodlarini aynan takror etmaydi. U o‘z g‘azallariga o‘zi yashab ijod etayotgan muhit ohanglarini olib kirishga, baʼzan avtobiografik momentlarni qistirib o‘tishga ham intildi. Masalan: Men edim mahramu ag‘yor mahrum etdilar jono, * Bo‘lub ag‘yor mahram, men ne deb mahrum bo‘lg‘ay men. Yoki: Fig‘onimdin quloq og‘ribmudur oromi jonimg‘a, * Yo‘q ersa ne uchun, yo rab, qu- loq solmas fig‘onimg‘a. * Qulog‘i og‘rig‘on tashvishidin ozurdadur jonim, * Berib sihhat, iloho, rahm qil, ozurda jonimg‘a.
Bayramxon ijodida originallikka intildi. Buni Bayramxonning o‘zi fors-tojik tilida yozgan bir qasidasida alohida taʼkidlab, shunday deydi: Imro‘z shoironi digar az kamoli chahl, * Az sheʼri mustaor nadorand nangu or. * Ashʼori banda chun digaron mustaor nest, * Doram hazor or zi ashʼori mustaor. Mazmuni: “Bu kungi shoirlari johilliklari tufayli birovlarning sheʼrlarini o‘zlariniki qilishdan uyalmaydilar. Mening sheʼrlarim boshqalarnikiga o‘xshab o‘zgalarning ijod mahsuli emas. Men bunday nomustaqil sheʼrlardan ming karra or qilaman”. Xullas, XVI asrda Hindistonda yashab, fors-tojik va eski o‘zbek tilida ijod etgan Bayramxon o‘sha davr adabiy muhitini o‘rganishda sezilarli iz qoldirdi. Pokiston olimi doktor Husayn Qurayshining to‘g‘ri taʼkidlaganidek, Bayramxon “kam yozgan bo‘lsa ham, ularda o‘zining mahoratini namoyish eta olgan”. Shunday qilib, XVI asr o‘zbek adabiyoti faqat oldingi davrdagi anʼanalarni davom ettirib qolmay, originallikda, mazmunan va shaklan yangi asarlarni maydonga keltirishda real hayotga yanada yaqinlashib bordiki, bu o‘z navbatida, hayotni tasvirlashda romantik tasvir uslubidan ko‘ra realistik tasvir uslubini ustunlasha borishiga hamda badiiy asar tilining soddalashuvi – xalqchillashuviga olib keldi. Muhimi shundaki, bu davrda o‘zbek adabiyotining geografik diapozoni kengayib, faqat Movarounnahr va Xurosonda emas, balki Turkiya, Hindiston, Ozarboy-jon va boshqa o‘lkalarda uning eʼtibor va taʼsir doirasi kuchayib ketdi. Natijada adabiyotlar o‘rtasida o‘zaro hamkorlik va o‘zaro ijodiy taʼsir masalasi yangicha xarakter kasb eta boradi.
O‘zbek adabiyoti tarixi. Besh jildlik. – B. 39-42. (O‘zbekcha); Мухаммад Байрамхан – туркменский поэт.
Fikr qoldirish#