Sinov yoʻsinida ishlamoqda

"Aruz risolasi"dagi she’rlarning qiyosiy talqini: xalqaro e’tirof

XV-XVI asarlarning o‘ziga xos tomonlaridan biri O‘rta Osiyo va Yaqin Sharq yerlarida mumtoz turkiy va fors-tojik adabiyotlarida arab she’riyatining qonun-qoidalari, tizimlari, shu jumladan, aruz vaznining til va adabiyot sohalarida keng tarqalganidir. Tabiiyki, ushbu she’riy vazn haqida o‘z zamonasining yetuk shoir va mutafakkirlari bir qancha risola va asarlar yaratgan. Ular sirasiga o‘zbek she’riyatidagi aruz ilmiga oid Alisher Navoiyning «Mezon ul-avzon» asarini, arab va fors-tojik she’riyati tizimi haqida Ibn Hojibning «Ilm al-aruz», Vohid Tabriziyning «Jam’i muxtasar», Shamsiddin Muhammad ar-Roziyning «Al-mu’jam fi ma’oyiri ash’or il-ajam», Xoja Nasiriddin Tusiyning «Me’yor ul-ash’or», Sayfiy Buxoriy risolasi va boshqa asarlarini kiritsak bo‘ladi.


Jumladan, Zahiriddin Muhammad Boburning aruz haqidagi risolasi XX asrning birinchi yarmidan boshlab Sharq va G‘arb olimlarining diqqat-e’tiborini tortib kelmoqda. Ushbu asarni 1561 yilning iyun oyida Hoji Muhammad Samarqandiy ko‘chirgan bo‘lib, Fransiyaning Parij shahri Milliy kutubxonasida saqlanadi.


E’tiborli tomoni shundaki, Bobur mazkur asarda turkiy aruzni arab va fors-tojik aruzlari bilan solishtirib, ularning yozilishi va vaznlaridagi o‘xshashliklarni mukammal o‘rgangan.


«Risolai aruz» borasidagi ilk tadqiqot ishlarini 1923 yili turk olimi Fuod Ko‘pruluzoda Parij Milliy kutubxonasida 1308-raqam bilan saqlanayotgan qo‘lyozma ustida olib bordi. 1928 yilda esa, mazkur risolaga bag‘ishlangan ilmiy izlanishini «Turkiyot majmuasi»ning ikkinchi jildida e’lon qiladi. Keyinchalik, fransuz olimi E.Bloshe o‘zining «Parij Milliy kutubxonasida saqlanayotgan Sharq (arab, fors va turk) qo‘lyozmalari katalogi» nomli kitobida ham Boburning bu risolasi haqida ma’lumot bergan. «Aruz risolasi» qo‘lyozmasi 172 varaqdan iborat bo‘lib, F.Kupruluzodaning fikricha, risolani Bobur 1525-1528 yillarda yozgan bo‘lishi kerak. Bu borada sharqshunos olim V.Rahmonov bo‘lsa «Muxtasar qachon yozilgan?» nomli maqolasida risolaning 1527 yilda bitilganini ta’kidlaydi.


Turkshunoslardan I.Aslanov «Voprosы yazыkoznaniya» jurnalida bosilib chiqqan maqolasida qo‘lyozma haqida fikr bildiradi. A.Shcherbak ham Boburning aruz haqidagi risolasi va uning Navoiy ijodini o‘rganishdagi ahamiyati haqidagi maqolasini («Adabiy meros», № 2, 1971) e’lon qildi.


Bundan tashqari, qozog‘istonlik uyg‘urshunos olim M.Hamroyev risolaning bir qismini kitobiga ilova tarzida bergan. Biroq asar uyg‘ur alifbosiga o‘girilgani, tilning o‘ziga xos xususiyatlari sababli unda bir qator kamchiliklar mavjudligini olimlarimiz aniqlagan.


O‘zbekistonda Boburning «Aruz risolasi» bo‘yicha tadqiqot ishlarining yo‘lga qo‘yilishi 1968 yili professor Hamid Sulaymonning Angliya va Fransiyaga qilgan ilmiy safari bilan bog‘liq. Uning izlanishlari natijasida qo‘lyozma haqidagi mikrofilm Alisher Navoiy nomidagi adabiyot muzeyiga olib kelinadi va Hamid Sulaymonning muharrirligida Saidbek Hasanov birinchi marotaba «Muxtasar» nomi bilan nashrga tayyorlaydi.


Mazkur maqolamizda ham aynan shu kitobga suyangan holda, Boburning turkiy she’riyatini asarda zikr etilgan boshqa shoirlarning fors-tojik lirikasi bilan qiyoslashga harakat qilamiz. Tahlil uchun Badriddin Hiloliy she’ri tanlab olindi.


Ma’lumki, aruz vaznidagi bahrlar izohini birmuncha yengillashtirish maqsadida bir-biriga nisbatan yaqin juzvlar (she’r vaznining eng kichik bo‘lagi bo‘lib, bir necha uzun va qisqa bo‘g‘inlardan iborat) va o‘xshash bahrlardan doiralar tuzilgan.


Alisher Navoiy «Mezon ul-avzon» asarida o‘sha davr uchun ma’lum 6 doiraga yana bittasi (Mujtami’a)ni qo‘shib, yettinchisini yaratadi. Bobur aruz vaznining bahrlarini o‘rganib, ularni aruz ilmi haqida yaratilgan arab, fors-tojik va o‘zbek adabiyotlari bilan taqqoslagan holda doiralar sonini 9 ta (Mujtaliba-i muxtaria)ga olib chiqadi.


Bobur ta’riflagan bunday doiralarning ikkinchisi Mujtaliba, deb atalib, muallif uni quyidagicha izohlaydi: «Yana hazaju rajaz va ramal doirasidurkim, mujtaliba derlar. Bu uch bahrning binosi biror subu’iy rukn biladurkim, takror topar».


Shuni ta’kidlash joizki, fors- tojik va turkiy adabiyotlarda eng keng qo‘llanilgan aruziy doira ana shunisi bo‘lib, Alisher Navoiy g‘azallarining ko‘pchilik qismi ramal bahrida yozilgan. Bundan tashqari, Sulton Husayn (Husayniy) ham asosan aynan shu bahrda ijod qilgan. Bobur devonidagi g‘azallarning 40 foizdan ziyodi (51 ta) ramal bahriga tegishlidir.


Ana shu Mujtaliba doirasiga mansub ramali musammani maqsur (oxirgi rukn bitta cho‘ziq hijoga qisqargan bo‘ladi) bahrida bitilgan Boburning «Ul parining tig‘idin qo‘rqutma meni, ey raqib», deb boshlanuvchi g‘azali bilan Badriddin Hiloliyning fors- tojik tilidagi she’rlarini tahlilimiz uchun olsak bo‘ladi.


Boburo, hargiz quloq she’ringg‘a ul gul solmadi, * Gulga ne parvoki yuz faryod qilsa andalib. (Bobur)


Bastam ba turrai tu dil, rastam az g‘amat, * Ore, iloji oshiqi devonaband buvad. (Hiloliy)


Foilotun – foilotun – foilotun – foilun


(Ma’nosi: Soching jingalagiga qalbimni bog‘lab, g‘am-anduhdan qutuldim. Ha-da, devona oshiqlikning davosi bog‘lash bo‘ladi).


Ko‘rib turganimizdek, ikkala bayt ham bir vaznda va 4 ruknda yozilgan. Tuzilishi hamda hijolarning soni (3 ruknda 4 ta, bittasida 3 ta) jihatidan baytlar «foilotun» qolipiga tushadi.


She’rdagi ohangni g‘azal qaysi vaznda yozilgani belgilab beradi. Misralarda to‘rtala ruknda ham 2-hijo qisqa (belgisi V) va qolgani uch hijo esa, cho‘ziq (belgisi -): / - V - - | - V - - | - V - - | - V - - / G‘azal janri Shamsiddin ar-Roziy ta’kidlaganidek, ayol (yor) haqidagi hikoya va unga bo‘lgan muhabbat, ishqiy kechinmalarning bayonidir. Bu o‘rinda Bobur va Hiloliy ham an’analarga sodiq qolgan ravishda yor, ishq-muhabbat, visol alami, hijron o‘ti mavzularini davom ettirganlar.


Hiloliyning she’rini oladigan bo‘lsak, unda Sharq she’riyati an’analariga xos barcha xususiyatlar mujassam. Jumladan, «sochning jingalagi» timsoli turkiy va fors-tojik adabiyotida mahbuba zulfi tuzog‘iga oshiq ko‘nglining ilinishi, ya’ni yorni sevib qolish, juda ko‘p uchraydi. Aynan shunday o‘xshatishni Navoiyning she’rlarida ham uchratishimiz mumkin:


Tushti zulfi domig‘a ko‘ngul qushi mayl aylagach, * Ul taraf ruxsori ko‘zgusin suv, xolin dona deb.


Bu yerda ham shoir istiora san’atidan foydalangan holda ruxsorni – ko‘zguga, ko‘zguni – suvga, yuzdagi xolni – donga va nihoyat, mahbuba zulfini – tuzoqqa qiyoslaydi.


Devonalik timsoli o‘zlikdan kechish, manmanlikdan qutulganlikni anglatadi. Bu yerda iyhom san’ati orqali ifodalangan «oshiqlikdan qutulish yo‘li»da o‘zlikni unutish «”men”dan voz kechish», degan yashirin ma’no bor. 1-misrada «bastam» va «rastam» (bog‘lamoq, tark etmoq) so‘zlari esa, saj’, ya’ni ichki qofiya bo‘lib kelgan.


Ikkinchi baytda sevikli yorning husnini ta’riflash maqsadida muallif tashbeh san’atidan foydalangan. Jumladan, «mahbuba» husnda tengi yo‘q hamda dunyoda yagona bo‘lgan fazoviy jism – oyga qiyoslanadi.


Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, har ikki baytning ham vazni, mazmun va mohiyati, qo‘llanilgan she’riy san’atlar hamda badiiy vositalar jihatidan o‘xshashlik tomonlari talaygina. Tabiiyki, fors-tojik va turkiy adabiyot tarixiy, madaniy hamda boshqa omillar sababli doimiy ravishda o‘zaro ta’sir doirasida bo‘lgan. Turkiy-forsiy tillarda ijod qilgan shoirlarning har ikkala adabiyotga murojaat qilganliklari bunga turtki bo‘lgan, desak hech mubolag‘a bo‘lmaydi.


Nilufar HADIMETOVA, Pragadagi Karlov universiteti doktoranti

Bobur va dunyo, №2, 2018 y. – B. 47-49. (O‘zbekcha);

Сопоставительное толкование стихов «Трактата об арузе».

Fikr qoldirish#