Sinov yoʻsinida ishlamoqda

Aslida ham shundaydir...

Zahiriddin Muhammad Boburning lirik merosida ikki yuzdan ortiq ruboiy bor. Ularning ko‘pchiligida sof muhabbat, sevgiga sadoqat tuyg‘ulari, vatanparvarlik ohanglari g‘oyat samimiy va ta’sirchan kuylanadi, yuksak insoniy fazilatlar ulug‘lanadi.Ayni zamonda avtobiografik xarakterga ega bo‘lgan, shuningdek, ma’lum ijtimoiy voqea-hodisalar munosabati bilan bitilgan yoki aniq tarixiy shaxslarga nomalar tarzida yozilgan ruboiylar ham oz emas. Bu tur ruboiylarda muallifning bevosita o‘z his-tuyg‘usi, dardu tashvishi, sevinchu quvonchi nihoyatda hayotiy tarzda ifodalanadi, voqea va shaxslarga bergan bahosi hamda munosabati lo‘nda, yaqqol yuzaga chiqadi. Biroq ruboiylarning aksariyatida shaxsning kimligi va qanday voqea to‘g‘risida so‘z borayotganligi o‘quvchilarga noma’lum qoladi: Bu haqda mavjud faktlarni qiyoslab,faqat taxmin etishgina mumkin. Favqulodda mazmunga ega bo‘lgan quyidagi ruboiy xuddi shular jumlasidandir:


Eykim, bari she’r ahliga sen xon yanglig‘!

She’ring bori she’rlarga sulton yanglig‘!

Mazmuni ani xatti savodiy ichra

Zulmat orasida obihayvon yanglig‘!


Murojaat ohangi va xitob ruhi bilan uyqash bu tantanavor va o‘ta haroratli misralar kimning sha’niga qaratilgan? Bobur kimni “Bari she’r ahliga xon”, deb ulug‘lamoqda? Kimning “She’rlari bori she’rlarga sulton" deya sharaflanmoqda? Qaysi bir ulug‘ ijodkor asarlarining mazmuni umuman yaratilgan barcha asarlar (“xatti savodiy’’) ichida “zulmat orasidagi obihayvon yanglig‘” insonlarga yangi hayot, kuch-quvvat, umid va shodlik baxsh etadi?


Chindan ham, Boburdek she’riyatning nozik va talabchan bilimdonining bunday yuksak bahosiga sazovor bo‘lgan shaxs kim ekan?


Avvalo, shunday xulosaga kelish mumkinki, madhiya-ruboiy yo‘nalishidan unda o‘z davrida butun xalq orasida ulkan obro‘ga ega bo‘lgan va ijodiy faoliyatini davom ettirayotgan ulug‘ shoir to‘g‘risida so‘z borayotgan bo‘lmog‘i kerak. Yana bir ravshan xulosa shuki, ruboiy o‘zbek tilida qalam tebratuvchi ijodkorga bag‘ishlangan. Demak, ruboiyni Bobur o‘ziga zamondosh, barhayot hamda yaratgan asarlari bilan yaqindan tanish bo‘lgan o‘zbek shoirlaridan biri sha’niga aytganligi, shubhasiz. Xo‘sh, ruboiy kimga bag‘ishlangan?


Bobur o‘tmish va zamondosh o‘zbek va fors shoirlari ijodini yaxshi o‘rgangan. Chunonchi, u "Risolai aruz» asarida yetmishga yaqin ijodkorlar merosidan namunalar keltiradi. “Boburnoma”da ham o‘nlab shoirlar tilga olinadi. Shuni alohida ta’kidlash kerakki, nozik she’rshunos si fatida u she’riyatga katta mezon, jiddiy talabchanlik bilan yondoshgan. Didsiz, o‘z ta’biri bilan aytganda, «bemaza» asarlarni, qobiliyatsiz «shoirchalar»ni ayovsiz tanqid qilgan Boburning bu mezoni nazarda tutilsa, keltirilgan ruboiy misralari yanada mazmundor jaranglaydi, ulardagi yuksak baho va e’tirof, cheksiz hurmat va ixlos, ko‘tarinkilik va qoniqish ruhi yanada yorqinroq yuzaga chiqadi.


 Xo‘sh, ruboiy kimga bag‘ishlangan? Boburdek yuksak didli she’rshunos ko‘nglini qaysi ijodkor maftun eta olgan ekan? Yana Boburning o‘z iqroriga – “Boburnoma” sahifalariga murojaat qilamiz. Uning ko‘p o‘rinlarida beistisno, har doim katta izzat va ikrom bilan Alisher Navoiy tilga olinadi. Navoiy bilan shaxsan uchrashish sharafiga muyassar bo‘la olmagan Bobur keyinchalik uning «bosgan izlarini» ziyorat etadi, yigirma uch kun davomida shoir yashagan uyda istiqomat qiladi, qabriga, Navoiy qurdirgan madrasa, shifoxona va boshqa inshootlarga boradi. Bobur Navoiyning davlat hamda jamoat arbobi sifatidagi faoliyatiga ham, mutaffakkir va shoir sifatidagi ijodiy faoliyatiga ham yuksak baho beradi, ayniqsa, uning she’riy iqtidoriga qayta-qayta tahsinlar o‘qiydi. U bir o‘rinda: “Alisherbek naziri yo‘q kishi erdi. Turkiy tili birla to she’r aytibturlar, hech kim oncha ko‘p va xo‘b aytqon emas”, deb yozsa, boshqa sahifada: “Mir Alisher Navoiyning musannafoti (asarlari – A.A.) Hiriyda nash’u namo topibtur...”, deb qayd etadi.


Bu oliy baho, chuqur ixlos va e’tirofning ruboiy misralari bilan aloqasi yo‘qmikin? Ular bu ruboiydagi «she’r ahliga sen xon, she’rning barcha she’riyatiga sulton» so‘zlariga juda yaqin emasmi? Shunday ekan, ruboiy ham Navoiy sha’niga aytilmaganmikin? Davlatshoh Samarqandiy, Xondamir va boshqa ko‘plab zamondoshlar Navoiy sha’niga xuddi shu ruhda madhiya, qasidalar bitishgan ediku!? Axir, ulug‘ Navoiydan o‘zga qaysi bir zamondosh o‘zbek shoirini Bobur shunday sharaflashi mumkin? Bunga qo‘shimcha qilib aytsak, aruz nazariyasiga bag‘ishlan gan ilmiy asarida ham Bobur fors-tojik adabiyotining Firdavsiy, Sa’diy, Xusrav Dehlaviy, Jomiy kabi namoyandalari qatorida Navoiyni ham «ustod» va «ulug‘ shoir» unvonlari bilan atab o‘zining samimiy hurmat va chuqur ehtiromini izhor etadi.


Bir keltirgan dalillardan mantiqiy xulosa chiqaradigan bo‘lsak, ruboiy Navoiyga bag‘ishlangan. Shunday ekan, u qachon va qanday voqea munosabati bilan yozilgan? Bu xususda ham o‘z taxminlarimiz bor...


Alisher Navoiy 1489 yilda Astrobod hokimligidan iste’fo berib, Hirotga qaytgandan so‘ng, garchi “muqarrabi hazrati sultoniy” unvonida saroyda katta hurmat-e’tiborga ega bo‘lsa-da, rasmiy davlat ishlaridan saqlanishga intilgan. Keyingi o‘n-o‘n ikki yilda u asosan jiddiy ijodiy faoliyat bilan band bo‘ldi, qator adabiy, ilmiy va memuar xarakteridagi asarlar yaratdi. Ayniqsa, 90 yillarning oxirlari shoir uchun samarali bo‘ldi. 1498- 1499 yillarda u ulkan “Xazoyin ul-maoniy”ga tartib berdi, “Lison ut-tayr” dostonini tugatdi. “Mahbub ul-qulub”ni yozishga kirishdi. Xuddi shu yillarda shoir “Muhokamat ul-lug‘atayn” va “Majolis un-nafois” kabi ilmiy-nazariy asarlar ustida qizg‘in ish olib bordi. Ma’lumki, “Majolis un-nafois” tazkirasi 1491 yil oxirlarida tugatilgan edi. Lekin, Navoiy oradan o‘tgan 6-7 yil ichida adabiyotga kirib kelgan yoshlarni ham o‘z tazkirasiga kiritishni lozim topdi. Navoiy yosh shoirlar qatorida og‘a-ini Bosunqur va Sulton Ali mirzo nomlarini ham zikr etdi. Ammo bu asarda Boburning nomini uchratmaymiz. E’htimol, Navoiy bu vaqtda Boburning ijodiy faoliyati haqida yetarli ma’lumot to‘plashga ulgurmagandir. Ehtimol, shu maqsadda birinchi imkoniyat tug‘ilishi hamonoq u Boburga maxsus maktub yo‘llagandir. Bu maktub haqida Boburning o‘zi quyidagicha guvohlik beradi: “Bu ikkinchi daf’a Samarqandni olg‘onda (905 hijriy, 1500 melodiy yil – A.A.) Alisherbek tirik edi. Bir navbat manga kitobati (maktubi – A.A.) ham kelib edi. Men ham bir kitobat yiborib edim. Orqasida turkiy bayt aytib, yiborib edim...”


Maktublarning birontasi ham, shuningdek, Boburning ilova etilgan bayti ham ilmda ma’lum emas. Ammo taxmin etamizki, davlat va saroy xizmatlaridan chetlashib, tamomila ijodiy ish bilan shug‘ullanayotgan Navoiy hokim, fotih Boburga emas, balki, she’riyatda o‘z iste’dodini namoyish eta boshlagan shoir Boburga maktub yo‘llagan, xatning mazmun-mundarijasini ham siyosiy masalalar emas, balki, she’riyat haqidagi bahs-o‘ylar tashkil etgan. Bunday taxmin uchun yetarli asoslar bor, deb o‘ylaymiz: so‘z yuritilayotgan yillarga kelib Bobur iste’dodli shoir va ayni zamonda adabiyot ahlini qadrlovchi shaxs sifatida shuhrat qozona boshlagan edi. Aytaylik, Muhammad Badaxshiy va Binoiy kabi shoirlarning panoh va homiylik istab, Samarqandga – Bobur qoshiga kelishlari, jumladan, Binoiyning unga she’riy arznomalar bilan murojaat etishi fikrimizning tasdig‘idir. Shu sababli o‘zbek tilida qalam tebrata boshlagan yoshlar faoliyatini katta qiziqish bilan kuzatib borgan Navoiy Boburdagi tug‘ma qobiliyatni qayd etib, maktub yo‘llagan bo‘lsa ajab emas. Javob maktubiga Boburning o‘zbekcha misralar ilova etishi ham oddiy tasodif bo‘lmasa kerak: Maxsus bitilgan bu ilova yozishmalar, mazmunini she’riyat bilan bog‘liqligiga ishora etgandik bo‘ladi va ayni zamonda, maktubning she’rshunos ustozga yo‘llanganligiga shubha qoldirmaydi. Bobur orziqib javob maktubini kutadi, ammo tez orada feodal urushlar girdobiga tortiladi, “javob kelguncha tafriqa (tarqalish – A.A) va g‘avg‘o bo‘ldi” deb yozadi u. Ko‘p o‘tmay Navoiy ham vafot etadi. Shu tariqa, feodal qirg‘inlar va shafqatsiz o‘lim endigina shakllanayotgan do‘stlik aloqalarini kurtakligida- yoq bo‘g‘ib tashlaydi...


Bobur Navoiyga yozilgan maktubga qanday bayt-misralarni ilova qilgan ekan? Shoir merosida 40 ga yaqin fardlar mavjud. Ularning ichidan birortasini mazmun va ruhiga ko‘ra shu bo‘lsa kerak, deb ko‘rsatish qiyin – bunday bayt uchramaydi. Ammo... Navoiy bilan yozishmalari haqida “Boburnoma”dagi ma’lumotlarni o‘zida jamlagan bob-fasllarni Bobur oradan qaryib 20 yilcha vaqt o‘tgach, xotirotlar asosida yozgan. Shu boisdan ham muallif ko‘pgina voqea hodisalarning tafsilotini bermay, umumiy tarzda bayon etadi. Ba’zi “ikir-chikir”larni tiklashda esa, uning ayrim chalkashliklarga yo‘l qo‘ygan bo‘lishi ehtimolidan uzoq emas. Shuni nazarda tutib biz, maktubga aslida, “Boburnoma”da yozilganidek “bayt” emas, balki ruboiy ilova etilgan, degan fikrni bildiramiz. Bu taxminda biron g‘ayri tabiiylik yo‘q: o‘sha yillardayoq Bobur ruboiy janrida ham ma’lum tajriba ortirgan edi. (Navoiyga javob maktubi bitilgani arafalarda Binoiyga ham o‘zbekcha ruboiy yozib yuborganini eslaylik). Demak, bayt emas, ruboiy!


Agar bu taxmin qabul qilinsa, yuqorida so‘z yuritilgan ruboiy Navoiyga 905 hijriy, 1500 melodiy yilga yo‘llangan matubga ilova etilgan xuddi o‘sha emasmikin, degan ikkinchi taxmin yuzaga keladi. Mana, uni yana bir bor o‘qib ko‘raylik:


Eykim, bari she’r ahlig‘a sen xon yanglig‘!

She’ring bori she’rlarga sulton yanglig‘!

Mazmuni aning xatti savodiy ichra

Zulmat orasida obihayvon yanglig‘!


Chindan ham yuksak baho va samimiy ixlosni, chin e’tiqod va so‘zsiz e’tirofni o‘zida jamlovchi bu otashin misralarni faqat va faqat ulug‘ Navoiy sha’niga aytilgan, deb ishonging keladi.


Adurashid ABDUG‘AFUROV.

Guliston jurnali. 1984/2. B. 9. (O‘zbekcha); На самом деле так и есть...

Fikr qoldirish#