Tarix sahifalarini varaqlaganimizda o‘rta asrlarda hukmdorlar huzurida qissaxonlik, yaʼni kitobxonlik kechalari o‘tkazilganiga guvoh bo‘lamiz. Majlislarda va maxsus yig‘inlarda payg‘ambarlar va avliyolar hayotidan hikoya qiluvchi asarlar, yaʼni “Qissai ul-anbiyo”, “Hazrat Ali haqida o‘n to‘rt qissa”, “Ibrohim Adham qissasi” kabi yuzlab qissalar tinglangan. Mutaxassislarning taʼkidlashicha, Sohibqiron Amir Temur inson qalbiga ziyo olib kiradigan bunday maʼnaviy-maʼrifiy kechalarni ko‘p bora tashkil etishga buyruq bergan. Ibn Arabshoh o‘zining “Amir Temur tarixi” asarida bu haqda shunday yozgan: “Temur tarix kitoblari — Allohning rahmati va salomu bo‘lg‘o‘r-anbiyolar qissalarini, avval o‘tgan podshohlar siyratlari va qadim salaflar haqidagi hikoyatlarni safarda bo‘lganida ham, hadarda (bir joyda muqim) turganda ham (qissaxonlarga) o‘qitib, qunt bilan tinglar edi. Ushbu hikoyatlarning qayta-qayta takrorlanib o‘qilishi, nag‘malarining o‘z qulog‘iga muttasil chalinishi natijasida Temur ushbu hikoyatlar jilovini qo‘liga batamom o‘zlashtirib, go‘yo o‘z mulki misoli “egallab” olgan edi. Agar o‘qiyotgan qissaxon biror xatoga yo‘l qo‘ysa, Temur uning xatosini tuzatib qo‘yardi”. “Temur huzurida Nizomiy Shomiy, Ibn Arabshoh, Ali Yazdiy kabi tarixchilar bo‘lgan. Uning dargohida ko‘plab qissaxonlar ham bo‘lgan. Ammo ko‘pchiligining nomi aniq emas.
U davrlarda tarixiy kitoblar bilan badiiy-diniy qissalar o‘rtasida mushtarak xususiyatlar ko‘p bo‘lib, ularning hech birini badiiyatsiz tasavvur etish qiyin edi. Shu maʼnoda bunday asarlar buyuk sohibqironga faqat bilim, maʼlumot emas, badiiy zavq berganiga ham shubha yo‘q”. “Temur tuzuklari” kitobxonlik kechalarida Amir Temur tinglagan qissalar haqida muayyan tasavvur beradi. U o‘z kundaliklarida, “Odam Atodan boshlab to Hotamgacha va undan to hozirgi damgacha (Amir Temur davrigacha) o‘tgan sultonlarning qonunlarini va turish-turmushlarini donolardan so‘rab-surishtirdim. Har qaysilarining yo‘l-yo‘riqlari, turish-turmushlari, qilish-qilmishlari, aytgan gaplarini xotiramda saqladim va yaxshi axloqlari, maʼqul sifatlaridan o‘rnak olib, ularga amal qildim. Davlatlarining tanazzulga uchrashi sabablarini surishtirdim va davlatu saltanat zavoliga sabab bo‘luvchi ishlardan saqlandim, naslni buzuvchi ocharchilik, vabo kasalini keltiruvchi zulmu buzuqchilikdan saqlanishni o‘zimga lozim bildim”, deydi o‘tmishdagi qissalardan chiqargan xulosalarini esga olib.
“Temur tuzuklari”dagi Mir Sayyid Jurjoniyning Temurga yo‘llangan maktubida Sohibqiron yod bilgan qator qissalar bayon etilgan: — Islom dini zaiflashgan pallada nizolarni bartaraf etib, haq dinga rivoj bergan ummaviylar xalifasi Umar ibn Abdulaziz qissasi; — Xalifa Maʼmun ibn Xorun ar-Rashidning islom dinida paydo bo‘lgan yetmish ikki turli botil mazhablarga barham berib, haq mazhabi — ahli sunnat val jamoatni rivojlantirganligi hamda Ali ibn Muso Jaʼfarni valiahd deb eʼlon qilib, uning maslahati bilan mamlakatni idora qilganligi qissasi; — O‘n ikkinchi asrning birinchi yarmida dinsizlar va johillar islomni za-iflashtirganda, ularga qarshi kurashib, dinni rivojlantirgan saljuqiylar hukmdori Sulton Sanjar qissasi; — Mo‘g‘ullar istilosi oqibatida zaiflashgan dinga rivoj bergan, mamlakat va shaharlarda shariatni barqarorlashtirgan, G‘ozonxon ibn Arg‘unxon ibn Huloguxon qissasi;Olimlar bilan bahsga kirishib, dinu shariatga rivoj bergan Uljaytu Sulton qissasi.
Sohibqiron diqqatini o‘ziga jalb etgan ibratli asarlardan biri abbosiylar xalifaligi vaziri xoin Ibn Alqamiy qissasidir. Xiyonatkor vazir Huloguxon bilan til biriktirib, o‘z hukmdori arab xalifasi Mustaʼsim Billohni taxtdan ag‘daradi. Qissadan hissa shuki, Temur “asli toza, nasli pok, ulug‘ zotlarni vazir etib tayinlashni” maslahat beradi. Eron sarkardasi Bahrom Chubin qissasini tinglab, Sohibqironning tajribasi ortgani va bundan tegishli xulosa chiqargani ham baayni haqiqat. Naql qilishlaricha, turklar hoqoni Shaba uch yuz ming askar bilan Eronga bostirib kiradi. Sosoniylar shohi Hurmuz ibn Nushirvon sipohsolor Bahrom Chubinni 320 ming askar bilan hoqonga qarshi urushga yo‘llaydi. U hoqon lashkari bilan to‘qnashib, uni jangda yengadi va butun o‘ljani Hurmuzga jo‘natadi. Ammo Eron shohi huzuridagi majlisda hasadchilar “Bahrom o‘ljaning hammasini yetkazmagan”, deya lashkarboshiga tuhmat qiladilar. Hurmuz esa bu bo‘htonga ishonadi va qahramonni xoin deb ataydi. Bahromga ayollar yopinchig‘i, bo‘g‘ov va zanjir yuboradi. Bahrom Chubin bo‘yniga bo‘g‘ov, oyog‘iga kishan solib, ayollar libosini kiygan holda amirlar, qo‘shin boshliqlari va saroy aʼyonlari oldiga chiqadi. Hamma Bahromning xizmatlarini unutgan Hurmuzga taʼnayu dashnomlar yog‘diradi. Sipoh Bahrom bilan ittifoq tuzib, Hurmuzni saltanatdan tushirib, taxtga Xusrav Parvizni o‘tqazadi. Qissaxondan bu qissani eshitgan Temur O‘rusxonni yengib qaytgan sarkardasi amir Iygu Temur haqida xuddi Bahrom Chubin kabi o‘ljalarni o‘zlashtirgan deya to‘qilgan ig‘volarga ishonmasdan, uni xizmatiga yarasha mukofotlaydi. Nega Amir Temur qissalar tinglashni xush ko‘rgan, degan haqli savol tug‘iladi? Buning sababi haqida Sohibqiron Temur shunday deydi: “Muhaddislar (hadisshunoslar), (payg‘ambar, uning avlodlari va sahobalari) haqida rivoyatlar naql qiluvchilar (noqillar) hamda qissaxonlarni ham o‘zimga yaqinlashtirdim. Payg‘ambarlar va avliyolar haqidagi qissalarni, o‘tgan podshohlar to‘g‘risidagi xabarlarni, ularning saltanat taxtiga qanday yetishganlarini, davlatlarining qanday sabablarga ko‘ra zavol topganini ulardan so‘rab bilardim. Har qaysisining qissalari va xabarlari, ishlari va so‘zlarini eshitib tajribam ortdi. Olamda bo‘layotgan voqealarni ulardan eshitardim va jahon ahli ahvolidan xabar topar edim”. Temuriylar davri olimi Husayn Voiz Koshifiy “Futuvvatnomai sultoniy”da qissa o‘qish va qissa eshitishning foydasi katta, deydi. Chunki kishi o‘tgan ajdodlarning ishi va ahvolidan xabardor bo‘ladi, g‘aroyib va ajoyib voqea, sarguzashtlarni eshitsa, fikri teranlashadi va ko‘zi ochiladi. Bundan maʼlum bo‘ladiki, o‘tmish ajdodlarning qissalarida foyda ko‘p, agar bo‘lib o‘tgan voqealar bo‘lsa, aytuvchi va o‘quvchi bilan birga eshituvchi ham undan nafʼ topadi”.Amir Temur muhaddislar, noqillar, muarrixlar, xabarchilar va roviylar qatori qissaxonlarni nihoyatda qadrlagan. Tarixda “qissaxonlik ikki xil bo‘lgan, deyiladi “Futuvvatnomai sultoniy”da. Birinchisi, hikoyat aytish bo‘lsa, ikkinchisi sheʼrxonlikdir.Qissaxonlikning ham o‘z tartib, qoidalari bo‘lgan. Qissaxon — afsona, rivoyat va dostonlarni ifodali qilib aytish yoki badiiy o‘qish mahoratiga ega bo‘lgan professional ijrochi bo‘lgan. Qissaxonlar turli yig‘inlarda yoki maxsus qissaxonlik kechalarida xalq dostonlarini, qiziqarli tarjima, voqea-hikoyalarni, mumtoz adabiyot namunalarining “folklorlashtirilgan variantlarini” va har xil jangnomalarni yoddan yoki matn asosida o‘ziga xos ohangda o‘qiganlar. Qissaxon repertuari janr va g‘oyaviy-tematik jihatdan rang-barang bo‘lgan.Qissaxonlik kechalarida qissaxonga turli talablar qo‘yilgan. Birinchidan, qissaxon ustoz ko‘rgan bo‘lsin, qissalar hech qachon xayolidan ko‘tarilmasin. Ikkinchidan, chapdastlik bilan dadil so‘zga kirishsin, xomlik va lanjlik ko‘rsatmasin. Uchinchidan, majlis qanday qissani qabul qilishini anglasin va el rag‘bati ko‘proq bo‘lgan asarlarni tanlasin. Ammo meʼyorni saqlasin. To‘rtinchidan, hikoya davomida nasrni gohi-gohi nazm bilan qo‘shib olib borsin, lekin bu eshituvchilarga malol kelmaydigan darajada bo‘lsin. Ulug‘ ustozlar, nazm qissaxonlikda bamisoli taomga solinadigan tuzdir, agar kam bo‘lsa, taom taʼmsiz bo‘ladi va agar ko‘paysa sho‘r bo‘ladi, deganlar. Bas, meʼyorni saqlash lozim. Beshinchidan, yolg‘on va ishonarsiz so‘zlarni gapirmasin, toki elning nazaridan qolmasin. Oltinchidan, kinoyali, tushunilmaydigan so‘zlarni aytmasin, chunki bu eshituvchilarni ranjitadi. Yettinchidan, qissaxonlikni tez tugatmasin va haddan ziyod cho‘zmasin ham, o‘rtalikni saqlasin. Muxtasar aytganda, Amir Temur o‘zi tinglagan qissalardan nafaqat ibrat, o‘rnak, balki kuch va ilhom olgan.
Sherxon Qorayev.
Yangi O‘zbekiston gazetasi. 2021 y. № 62.
Fikr qoldirish#