Sinov yoʻsinida ishlamoqda

“Boburnoma”da Amir Temur

Temurbek. «Boburnoma»da bir yarim mingga yaqin tarixiy shaxslarning ismi-sharifi keltirilgan. Ular orasida eng mashhuri, shubhasiz, buyuk sohibqiron Amir Temurdir.

Zahiriddin Muhammad Bobur ulug‘ bobosi nomini Temurbek deb bitgan: «Samar¬qand arkida Temurbek bir ulug‘ ko‘shk solibtur...».

Asarda Temurbek nomi turli munosabat bilan 31 marta tilga olingan bo‘lsa, bir o‘rinda «Temuriya» istilohi ishlatilgan: «Ul fursatlar Temuriya salotini dasturi bila to‘shak ustida o‘lturur erdim» («Boburnoma», T.: «Sharq», 2002, 53-bet). Husayn Boyqaroga bag‘ishlangan ta’rifda esa Sohibqironning nomi hozir biz ishlatadigan «Amir Temur» tarzida berilgan: «Sulton Husayn mirzo binni

Mansur binni Boyqaro binni Umarshayx binni Amir Temur».

Bobur mirzo bobosi Temurbek nomini ilk bor otasi Umarshayx mirzo ta’rifida keltirgan:

«Valodat va nasabi: sekkiz yuz oltmishda Samarqand¬ta edi. Sulton Abusa’id mirzoning to‘rtunchi o‘g‘li edi. Sulton Ahmad mirzo, Sulton Muhammad mirzo, Sulton Mahmud mirzodin kichik edi. Sulton Abusa’id mirzo Sulton Muhammad mirzoning o‘g‘li edi. Sulton Muhammad mirzo Mironshoh mirzoning o‘g‘li edi. Mironshoh mirzo Temurbekning uchunchi o‘g‘li edi. Umarshayx mirzo bila Jahongir mirzodin kichik, Shohrux mirzodin ulug‘ edi.

Sulton Abusa’id mirzo avval Kobulni Umarshayx mirzog‘a berib, Boboyi Kobuliyni bek atka qilib, ruxsat berib edi. Mirzolarni sunnat qilur to‘yi jihatidin Darayi Gazdin yondurub, Samarqand eltti. To‘ydin so‘ngra, ul munosabat bilakim, Temurbek Ulug‘ Umarshayx mirzog‘a Farg‘ona viloyatini bergandur, Andijon viloyatini berib, Xudoyberdi Tug‘chi Temurtoshni bek atka qilib yibordi» (37-bet).

Bu ma’lumotdan shuni anglash mumkinki, temuriy hukm¬dorlar har ishda sulola asoschisining tutumlariga rioya qilishga intilganlar. Yana shuni ta’kidlash joizki, yillar o‘tib, Kobul hukumati baribir Umarshayx mirzoning o‘g‘liga, ya’ni Bobur mirzoga nasib etdi.


Temurbek rioyat qilg‘on..

«Navoiy asarlari lug‘ati»da «rioyat qilmoq» — «hurmatlamoq» ma’nosini berishi qayd etilgan. Hozir tilimizda «rioya qilmoq» — «amal qilmoq» ma’nosida ishlatiladi. Lekin Samarqand qishloqlari shevasida bu ibora shaklini sal o‘zgartirgan holda asl ma’nosini saqlab qolgan. Yoshligimizda rahmatli otam biz o‘g‘illariga biron ish buyurganida shunday der edi: «Ukang hali kichkina, roya qaranglar». Yoki yoshi ulug‘ kimsaga nisbatan hurmatsizlik qilganlarni qishlog‘imizda haliyam «roya qaramadi» deyishadi.

«Boburnoma» muallifi onasi Qutluq Nigorxonim Toshkent hokimi Yunusxonning ikkinchi qizi ekanini ta’kidlar ekan, shunday faktni keltirib o‘tadi: «Yunusxonning onasi turkistonliq qipchoq beklaridin Temurbek rioyat qilg‘on Shayx Nuriddinbekning qizi yo nabirasi bo‘lur» (39-bet).

Amir Temur tarixidan ma’lumki, Shayx Nuriddinbek Sohibqironning ishonchli amirlaridan biri bo‘lgan. Ko‘p jangovar yurishlarda, jumladan Hindistonni zabt etishda qahramonlik ko‘rsatib, ulug‘ sarkardaning ishonchiga, hurmatiga sazovor bo‘lgan. Shuning uchun Bobur mirzo uni «Temurbek rioyat qilg‘on», ya’ni hurmat qilgan inson sifatida ta’riflagan.

Amir Temurning hurmatiga eng ko‘p sazovor bo‘lgan amirlardan biri Iygu Temur bo‘lgan. «Boburnoma»da Sulton Ahmad mirzoning umarosi ta’rifida uning ham nomi keltirilgan: «Yana bir Darveshbek edi. Temurbek rioyat qilg‘on Iygu Temurbekning naslidin edi» (46-bet).

«Temur tuzuklari»da Sohibq¬iron Iygu Temur haqida shunday degan: «Barlos ulusining bahodir yigitlarini o‘z atrofimga to‘plab, ularni birlashtirdim. Menga bo‘ysunib ko‘makdosh bo‘lmoqlik uchun rozilik bergan birinchi kishi — Iygu Temur bo‘ldi…» («Temur tuzuklari» 21-22-bet.


…Meni podshoh degaylar

Zahiriddin Muhammad Bobur yashagan davr temuriylarning tanazzuli avjiga chiqqan davr edi. Shunday vaziyatda tarix sahnasiga Shayboniyxon chiqib keldi va Bobur mirzo yozganidek, Shayboniyxon va u bilan birga kelgan o‘zbeklar: «...jami’ Temurbekning avlodining iligidagi viloyatqa mutasarrif bo‘ldilar» (159-bet, 1507-1508-yil voqealari).

Bu paytda taqdir shamollari temuriy shahzodalarning eng tirik-tetigi bo‘lgan Bobur mirzoni Kobul tomonlarga boshlab ketgan edi. Hozirgi Afg‘oniston hududida mustahkam o‘rnashib olgach, ya’ni hijriy 913, milodiy 1507—1508 yilgi voqealar bayonida u shunday yozadi: «Ushbu tarixqacha Temurbekning avlodini bovujudi saltanat mirzo derlar edi, ushbu navbat buyurdumkim, meni podshoh degaylar» (160-bet).

Bobur podshohning ushbu qarori ham uning temuriy mirzolar orasida o‘zgachaligini, o‘ziga xos iqtidor va salohiyat egasi ekanligini dalillaydi. Bobur podshohning ushbu qarori ham uning temuriy mirzolar orasida o‘zgachaligini, o‘ziga xos iqtidor va salohiyat egasi ekanligini dalillaydi. Temuriylar davri tugab, endi boburiylar davri boshlanayotganiga ishora ham edi bu go‘yo…


Temurbek naslidin…

Muallif uch o‘rinda «Temurbek nas¬lidin» iborasini qo‘llagan. Birinchisi Husayn Boyqaro haqida: «Temurbek naslidin hech kim ma’lum emaskim, Sulton Husayn mirzocha qilich chopmish bo‘lg‘ay» (128-bet).

Ikkinchisi Husayn Boyqaroning farzandlari bayonida: «Yana bir qizining oti Fotima Sulton edi, Temurbek naslidin Yodgor Muhammad mirzog‘a berib edilar» (131-bet).

Uchinchisi — Husayn Boyqaroning amirlaridan biri haqida so‘z yuritar ekan, uning Amir Temur naslidan ekanini ta’kidlab o‘tgan: «So‘ngra kelganlardinkim, Shoh Ismoil Iroq va Ozarbayjonga mutasarrif bo‘l¬g‘onda, andin Xuroson kelib edilar, bir Abdulboqiy mirzo edi, Temurbek naslidindur, Mironshohiydur» (Husayn Boyqaroning umarosi ta’rifida, 136-bet).


Samarqand ta’rifida

«Boburnoma»da Samarqand mavzusi alohida o‘ringa ega. Chunki Bobur mirzo Samar¬qandni juda sevar edi, chunki Samarqand taxtiga astoydil intilgandi, chunki Samar¬qand taxti o‘sha paytlar temuriy mirzolarning mavqeini belgilab beradigan taxt edi, chunki ota-bobolari bu ulug‘ shaharda tug‘ilib voyaga yetgan edi, chunki Samarqandni buyuk Sohibqiron ulkan davlatiga poytaxt qilgan edi: «Mo‘g‘ul va turk ulusi Semirqand derlar. Temurbek poytaxt qilib edi. Temurbekdin burun Temurbekdek ulug‘ podshoh Samarqandni poytaxt qilg‘on emastur» (59-bet).

Har ishda to‘g‘ri tadbir qo‘llaydigan Amir Temur mamlakat poytaxtini tanlashda ham to‘g‘ri yo‘l tutgani «Boburnoma»da shunday ta’riflangan: «Temurbekning zodu budi Keshdin uchun, shahr va poytaxt qilurig‘a ko‘p sa’y va ehtimomlar qildi, oliy imoratlar Keshta bino qildi.

…Chun Keshning qobiliyati shahr bo‘lmoqqa Samarqandcha emas edi, oxir poytaxt uchun Temurbek Samar¬qandni-o‘q ixtiyor qildi» (61-bet).

Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, hozir O‘zbekistonda yetishtiriladigan meva-sabzavotlarning deyarli 20 foizi Samarqand viloyati hissasiga to‘g‘ri keladi. Bu mamlakatimizda yetishtiriladigan meva-sabzavotlarning beshdan bir qismi degani. Bu bejiz emas, chunki Bobur davridayoq bu diyor bog‘-rog‘lari bilan dovrug‘ qozongan edi: «Yaxshi tumonoti bor. Ul jumladin, So‘g‘d tumani va So‘g‘dg‘a payvast tumanlardur. Boshi Yoryayloq, oyog‘i Buxoro, bir yig‘och yo‘l yo‘qturkim, kent va ma’mura bo‘lmog‘oy. Andoq mashhurdurkim, Temurbek degandurkim: mening bir bog‘im borkim, tuli o‘ttuz yig‘ochtur. Bu tumonotni degandur» (61-bet).

Samarqand va Temurbek so‘zlari birga kelgan quyidagi parcha ham Samarqand, Amir Temur va temuriylar tarixiga oid muhim faktni ifodalagani bilan qimmatlidir: «Temurbek Samar¬qandning hukumatini Jahongir mirzog‘a berib edi. Jahongir mirzoning favtidin so‘ng, ulug‘ o‘g‘li Muhammad Sulton Jahongirga berdi» (61-62-bet).


Sohibqironning bunyodkorligi

Amir Temur va temuriylar qurgan bino, imorat va inshootlarning aksariyati hali hamon ajdodlarimiz zakosidan xabar berib, butun dunyo ahlini hayratga solib kelmoqda. Birgina Samarqandni olsak, bu ko‘hna shahar «The Huffington Post» internet nash¬ri tomonidan inson o‘z umri davomida hech bo‘lmasa bir marta borib ko‘rishi shart bo‘lgan dunyodagi 50 shahardan biri sifatida e’tirof etilishiga, albatta, Sohibqiron bobomiz va uning avlodlari tomonidan bunyod etilgan muhtasham saroylar, masjidu madrasalar, bog‘-rog‘lar ham sababdir.

«Boburnoma»da o‘qiymiz: «Temurbekning va Ulug‘bek mirzoning imoroti va bog‘oti Samarqand mahallotida ko‘ptur. Samarqand arkida Temurbek bir ulug‘ ko‘shk solibtur, to‘rt oshyonliq, Ko‘ksaroyg‘a mavsum va mash¬hur va bisyor oliy imorattur» (59-bet).

Temuriylar tarixida Ko‘ksaroy qanday o‘rin tutganini ushbu parcha nihoyatda aniq ifodalaydi: «Temurbek solg‘on oliy imoratlardin biri Ko‘ksaroydurkim, Samarqandning arkida voqi’ bo‘lubtur. Ajab xosiyatliq imorattur. Temurbek avlodidin har kim bosh ko‘tarib taxtqa o‘ltursa ham munda o‘lturur, har kim taxt doiyasi bila bosh qo‘ysa ham munda qo‘yar, hattokim, kinoyati bo‘lub erdikim, falon podshohzodani Ko‘ksaroyg‘a chiqardilar, ya’ni o‘lturdilar» (54-bet).

Amir Temur maqbarasi kim tomonidan bunyod etilgani ham «Boburnoma»da ko‘rsatib o‘tilgan: «Temurbekning nabirasi, Jahongir mirzoning o‘g‘li Muhammad Sulton mirzo Samar¬qandning tosh qo‘rg‘onida — chaqarda bir madrasa solibtur. Temurbekning qabri va avlodidin har kimki Samarqandta podshohlik qilibtur, alarning qabri ul madrasadadur» (59-bet).

Sohibqiron o‘z davrida Samar¬qand¬ni dunyoning eng go‘zal shahriga aylantirish uchun ko‘p sa’y-harakat qilgan. Xususan, o‘zi zabt etgan mamlakatlarning eng yaxshi ustayu me’morlarini Samarqandga chorlab, ularning imoratlar barpo etishiga sharoit yaratib bergan. Bu haqda «Temur tuzuklari»da o‘qiymiz: «Muhandislar bilan ittifoqda oliy imoratlar barpo etib, bog‘u bo‘stonlarning tarhini chizdirardim» (94-bet).

«Boburnoma»da Temurbek nomi eng so‘nggi marta 1525-yil voqealari bayonida tilga olingan: «Nechukkim “Zafarnoma”da Temurbekning “masjidi sangin” imoratini qilurda Mullo Sharaf mundoq mubolag‘a bila bitibdurkim, Ozarbayjon va Fors va Hinduston va yana o‘zga mamolik sangtaroshlaridin har kunda ikki yuz kishi masjidda ish qilurlar edi» (209-bet).

Amir Temur faqat Turon o‘lkasini emas, qayergaki zafarli qadami yetgan bo‘lsa, o‘sha yerlarni ham obod etishni o‘zining burchi deb bilgan: «Yana amr qildimki, xarob bo‘lib yotgan yerlarda korizlar qursinlar, buzilgan ko‘priklarni tuzatsinlar, ariqlar va daryolar ustiga (yangi) ko‘priklar solsinlar, yo‘l ustida har manzilgohga rabotlar bunyod etsinlar…

Yana amr etdimki, katta-kichik har bir shahar, har bir qishloqda masjid, madrasa va xonaqohlar bino qilsinlar, faqiru miskinlarga langarxona solsinlar, kasallar uchun shifoxonalar qursinlar va ularda ishlash uchun tabiblar tayinlasinlar» («Temur tuzuklari», 145-bet).

Langarxona — yo‘lovchilar qo‘nib o‘tadigan yer; miskin va yetim-yesirlarga taom beriladigan joy, g‘aribxona. «Boburnoma»da 1506-1507-yil voqealari bayonida muallif Hirotdan Kobulga qaytayotganda shunday langarlardan biriga, ya’ni Temurbek langariga qo‘nganlarini yozadi: «Temurbek langaridin Muhammad Andijoniy otliq Qosimbekning nav¬kari To‘qboydin Kobuldog‘i beklarga bu yerga kelganimizning kayfiyatini bitib yiborduk» (Hirotdan Kobulga qaytish, 149-bet).

Hindiston


Asarda Temurbek nomi uch o‘rinda Hindiston nomi bilan birga kelgan.

Bobur hayotidagi eng katta, balki eng qayg‘uli mag‘lubiyatidan keyin (1501- yili Shayboniyxonga qarshi Saripul jangi) Samarqandga qaytib, «qo‘rg‘on berkitadi», ya’ni qamalda qoladi. Olti oylik qamaldan so‘ng Samarqandni tashlab chiqishga majbur bo‘ladi. Shundan so‘ng bir muddat, ya’ni «Xuroson talabig‘a otlanib» chiqquniga qadar O‘ratepa, Xo‘jand, Toshkent taraflarda sarson-sargardonlikda yuradi. O‘ratepa kentlaridan biri Dahkatda bo‘lganini shunday bayon etadi: «Men bir kalontarining uyiga tushtim, qari kishi edi, oltmish-yetmishda bor edi, vale onasi hanuz bor edi. Xeyli umr topqon xotun edi, yuz o‘n bir yoshta edi. Temurbek Hindustong‘a kirganda bu xotunning uruq-qayoshidin biri ul cherikka borib ekandur. Ul xotirida bor ekandur. Hikoyat qilur edi» (87-bet).

Hindiston orzusi yosh Bobur qalbida ilk bor o‘sha yuz yoshdan oshgan momoning hikoyalarini tinglab uy¬g‘ongandir…

Mirzo Bobur ham buyuk bobosi singari Hindistonni fath etishni orzu qilgani sababini shunday izohlaydi: «Chun hamisha Hinduston olmoq xotirda edi, bu bir necha viloyatlarkim, Bhira va Xushob va Chanob va Chanut bo‘lg‘ay, necha mahal turk tasarrufida edi, bularni xud mulkimizdek tasavvur qilur eduk.

…Temurbek Hinduston¬g‘a kirib chiqqani beri bu necha viloyatkim, Bhira va Xushob va Chanob va Chinivat bo‘lg‘ay, Temurbekning avlodining tavobi’ va lavohiqi tasarrufida edi» (166-bet).

Ma’lumki, butun dunyo tarixchilari Bobur mirzo tar¬qoq Hindistonni birlashtirgani, buning natijasida mamlakat taraqqiyot yo‘liga tushib olganini e’tirof etganlar. «Boburnoma»da muallif Hindistonni fath etguniga qadar u yerda kimlar qaysi hududlarga podsholik qilganini sanar ekan, Dehliga Amir Temur tayin¬lagan sayyidlar tabaqasi podsholik qilganini ta’kidlaydi: «Dehli Sulton Alovuddinning iligida edi. Bu tabaqa sayyidtur. Temurbek Dehlini olg‘onda Dehli hukumatini bularning otalarig‘a berib, borib edi» (196-bet).


Sulton Husayn mirzodek…

Boburgacha temuriy mirzolar orasida eng dovrug‘ qozonganlari, shub¬hasiz, Mirzo Ulug‘bek va Husayn Boyqaro bo‘lgan — biri ilmi bilan, ikkinchisi qilichi vositasida. Biri Movarounnahr, ikkinchisi esa Xuroson taxtida boshqa temuriy podsholardan ko‘ra uzoqroq vaqt o‘tirgan. Ulug‘bek mirzo Samarqandni ilm-fan markaziga aylantirgani, o‘zi ham ulkan olim bo‘lgani sabab tarixda o‘chmas iz qoldirgan bo‘lsa, Husayn Boyqaro davrida ham Hirot ilm-fan, adabiyot, san’at yuksak cho‘qqisiga chiqqan ulkan markazga aylangan. Bu haqda Bobur shunday yozadi: «Sulton Husayn mirzoning zamoni ajab zamone edi, ahli fazl va benazir eldin Xuroson, bataxsis Hiri shahri mamlu edi. Har kishiningkim bir ishga mashg‘ullug‘i bor edi, himmati va g‘arazi ul edikim, ul ishni kamolg‘a tegurgay» (137-bet).

Asarda Husayn Boyqaro haqida yana bir muhim ma’lumot keltirilgan, ya’ni: «Sulton Husayn mirzo binni Mansur binni Boyqaro binni Umarshayx binni Amir Temur. Mansur mirzo bila Boyqaro mirzo podshohliq qilg‘on emas. Onasi Feruzabegim edi, Temurbekning nabirasi. Sulton Husayn mirzo Mironshoh mirzoning ham nabirasi bo‘lur edi. Sulton Husayn mirzo karimut-tarafayn edi, asil podshoh edi» (128-bet).

Zahiriddin Muhammad Bobur Amir Temurning uchinchi o‘g‘li — Mironshoh mirzoning avlodi ekani nazarda tutilsa, demak ham ota, ham ona tarafdan temuriy podsholar avlodi bo‘lgan Sulton Husayn Boyqaro Bobur mirzoga ham ota, ham ona tarafdan qarindosh bo‘lgan.

Boburshohning Sulton Husayn mirzoga munosabati har doim ham ijobiy bo‘lmagan. Ba’zi o‘rinlarda unga hurmatini ifodalagan muallif, ayrim joylarda undan ochiqchasiga gina qilgan. Shunday ginani 1503-1504-yillar voqealari bayonida uchratish mumkin. Ya’ni, bu paytda Shayboniyxon butun Movarounnahrni egallab olib, endi Xuroson tomonlarga ko‘z tikayotgan edi. Shunday vaziyatda temuriylar orasida harbiy salohiyati eng yuqori bo‘lgan Husayn Boyqaro g‘anim ustiga yurish qilish o‘rniga Badi’uzzamon mirzo, Bobur mirzo, Xisravshoh va Zunnunga «qo‘rg‘on berkitmak»ni buyurib maktub yo‘llaydi. Xuroson hukmdorining bu qarori Bobur mirzoga yoqmaydi: «Sulton Husayn mirzoning bu xatlari mujibi noumidlik bo‘ldi. Ne uchunkim, Temurbekning yurtida bu tarixda andin uluqroq podshoh ham yosh va ham viloyat va ham cherik bila yo‘q edi.

…Sulton Husayn mirzodek Temurbek o‘runig‘a o‘lturg‘on ulug‘ podshoh g‘animning ustiga yurumakni demay, yer berkitmakni desa, el va ulus¬qa ne umidvorliq qolg‘ay?» (103-bet).

Nihoyat, 1505-yili Sulton Husayn Boyqaro Shayboniyxon «ustiga cherik tortib borishga» jazm etadi. Shu maqsadda kuchlarni birlashtirish uchun barcha o‘g‘illarini, shu qatori Bobur mirzoni ham huzuriga chorlaydi. Bu kunni uzoq kutgan Mirzo Bobur hislarini shunday bayon etadi: «Bir bukim, Sulton Husayn mirzodek Temurbek o‘runig‘a o‘lturg‘on ulug‘ podshoh yig‘noq qilib, atrof va javonibdin o‘g‘lonlarini va beklarini tilatib, Shayboniyxondek g‘animning ustiga ozim bo‘lg‘onda, el oyoq bila borg‘onda, biz bosh bila bor¬g‘oybiz, el tayoq bila bor¬g‘onda — biz tosh bila bor¬g‘oybiz» (127-bet).

Mutaxassislar shu kungacha Amir Temur haqida Sharq tillarida mingga yaqin, o‘arb tillarida esa besh yuzdan ziyod asar yozilganini, bu jarayon hozir ham davom etayotganini ta’kidlashadi. Amir Temur nomi qandaydir munosabat bilan esga olingan tarixiy, ilmiy, badiiy asarlarni esa hech kim hisoblab chiqmagan. Agar ular bir joyga to‘planganida edi, shubh¬asiz, jahonda eng katta kutubxona hosil bo‘lardi. Va albatta, shu kutubxonadan joy olgan eng nodir kitoblardan biri — «Boburnoma» bo‘lur edi.


Husan Karvonli.

«Ma’rifat» gazetasi. 2017-yil, aprel.

Fikr qoldirish#


O‘qish tavsiya qilinadi
Yosh shoirning shakllanishi yoki Bobur Mirzo Farg‘ona viloyati podshohi (1494-1504)

Zahiriddin Muhammad Bobur 1483 yil 14 fevral kuni Andijonda Farg‘ona...

Hukmdorlarga o‘rnak bo‘ladigan, dunyo olimlari havas qiladigan umr e’tirofi

This article explores the historical significance of Babur and the...


Maqolani baholang
0.0