«Boburnoma»da o‘zbek va fors tillaridagi o‘nlab she’riy parchalar mavjud. Ular bayt yoki ruboiy, yoki qit’a shaklida keltirilgan. Bu she’riy parchalarni keyingi taqdiriga qarab ikki qismga ajratamiz:
1)shunday she’riy parchalar borki, ular keyinchalik tahrir qilinib shoirning devoniga kiritilgan;
2)faqat «Boburnoma»dangina o‘rin olgan nazmiy parchalar.
Odatda, har bir asarning o‘ziga yarasha tug‘ilish jarayoni va tarjimai holi bo‘ladi. Shu jihatdan ham bu she’riy parchalar diqqatga sazovordir va ular Bobur muxlislari qalbida rag‘bat uyg‘otadi.
Adabiyotshunoslikning ham, adabiyot tarixining ham, adabiy tanqidning ham tub maqsadi adabiyot ravnaqiga, yozuvchining ijodiy kamolotiga xizmat qilish ekan, muayyan asar tarixini o‘rganish qanchalar ahamiyatli ekanligi yaqqol ayon bo‘ladi.
Bormoqqa ne maskan muyassar,
Turmoqqa ne davlat muqarrar.
Bu biz «Boburnoma»da dastlab yo‘liqqan bayt. Masnaviy shaklidagi mazkur fard asarning 1498-1499-yil voqealari bobida berilgan. Ko‘rib turganingizdek, fardni Bobur mirzo o‘sha kezdagi o‘z hasbi holidan kelib chiqib aytgan. Avvalo, fard o‘zining mazmuniy hayotiyligi va realligi bilan xarakterlansa, ikkinchidan, shoirning qay chog‘dan she’r mashq qila boshlaganini aniqlashga ham imkon beradi. Binobarin, Bobur mirzo o‘n besh yoshidan baytlar ayta boshlagan.
Bobur mirzo g‘azallarini o‘qigan har bir odam ularni birinchi navbatda an’anaviy ishqiy g‘azallar sifatida anglaydi va shunday qabul qiladi. Lekin professor olim Nuriddin Shukurovning aytganidek: “Boburnoma”da berilgan ma’lumotlar ayrim g‘azallarning konkret sarguzashtlar, muayyan hodisalar ta’sirida yozilganligidan, shunga ko‘ra ularning zamirida aniq hayotiy kechinmalar, kuchli ijtimoiy mazmun yashiringanligidan dalolat beradi.”
Asarning 1499-1500 voqealari bobida: “Korhoro ba vaqt boyad just, Kori be vaqt sust boshad, sust” baytini o‘qib, biz Boburining turkiy baytlar bilan bir vaqtda forsiy baytlar ham aytganining shohidi bo‘lamiz. Shu bobning o‘zida muallif yozadi: «Bu ikkinchi navbat Samarqandni olg‘onda, Alisherbek tirik edi. Bir navbat menga kitobati ham kelib edi. Men ham bir kitobat yiborib edim. Javob kelguncha, tafriqa va g‘avg‘o bo‘ldi» Bu jumlalar ko‘p narsalardan shohidlik beradi va bizga ko‘p narsalarni aytadi. Bu jihatdan, Bobur mirzoning buyuk zamondoshiga nisbatan ixlosu e’tiqodidan shohidlik bersa, ikkinchidan, bu yozishmalar ustoz bilan shogird munosabatlarining boshlanmasi ham edi. Muallifning maktubidan ustoz qalbida umidvorlik tuyg‘usi uyg‘onib, munosib vorisi borligidan uning ko‘ngli to‘lgandir, ehtimol…
Bobur shu bobda yana forsiygo‘y shoir Binoiyning ruboiysiga javob aytib mushoira qilganini yozadi: «Ul fursatlarda birar-ikkirar bayt aytur edim. Vale g‘azal tugatmaydur edim. Birgina turkiy ruboiy aytib yibordim.
Ruboiy:
Ishlar bori ko‘ngulungdagidek bo‘lg‘usidur,
In’omu vazifa bori buyrulg‘usidur.
Ul g‘allau muhmalki deb eding, berdim,
Muhmalga bo‘yu g‘alladin uy to‘lg‘usidur».
«Boburnoma»da uchraydigan nazmiy parchalarning aksari muallif uchun tashlama vazifasini bajargan, ular keyinchalik muayyan ruboiy yoki g‘azal yoki qit’aga asos bo‘lgan. O‘ratepada, Oqburdon degan joyda, chashma yoqasidagi toshga uch baytni bitganini qayd etib yozadi: «Ul ko‘histonda bu rasmdurkim, toshqa qazib abyot va nimalar biturlar». Mazkur toshlardagi bitiklarni ham Bobur mirzoning o‘zi aytgani shubhasizdir, albatta.
«Boburnoma»ning yana bir bebaho qimmati shundaki, uning yordamida Boburning ijodiy biografiyasini va asarlari tarixini bemalol tiklash mumkin. Chunonchi, muallif: «Ushbu Maschoda ekanda mullo Hijriy shoir Hisor tarafidin kelib mulozamat qildi. Bu matla’ni ushul ayyomda aytib edim:
Takalluf har necha sur’at tutulsa, ondin ortuqsen
Seni jon derlar, ammo betakalluf jondin ortuqsen»,
-deb e’tirof etadi.
Toshkentda, tog‘asi Mahmudxon qoshida, bo‘lganini yod etib yozadi: «Bu ruboiyni aytib edim, ma’mul qofiyasida taraddudim bor edi, ul mahalda she’r mustalaqotig‘a muncha tatabbu’ qilmaydur edim, xon xushtab’ kishi edi, she’r aytur edi, agarchi saru somonliq g‘azali kamroq edi, bu ruboiyni xonga o‘tkarib, taraddudimni arz qildim…»,-deydi-da, «Ruboiy budur» ishorasi bilan “Yod etmas emish kishini mehnatta kishi,” quyidagi ruboiysini keltiradi: Va keyin tubandagi nazariy fikrni izhor qiladi: «So‘ngra ma’lum bo‘ldikim, turkiy lafzida mahal iqtizosi bila «to» va «dol», yana «g‘ayn» va «qof» va «kof» bir-birlari bila mubaddal bo‘lurlar emish».
1501-1502-yil voqealari bobida yana yozadi: «Ul g‘azalekim, tugattim, ushbu kun ushbu yurtta tugattim. Ul tugangan g‘azal budur:
Jonimdin o‘zga yori vafodor topmadim,
Ko‘nglumdin o‘zga mahrami asror topmadim.
Bu g‘azal yetti bayt turur. Mundin so‘ng har g‘azalkim tugandi, ushul tartib bila-o‘k bitildi». Shoh Hasan Shohbekning uyidagi suhbat chog‘i badiha (ekspromt) tarzida quyidagi ruboiyni aytib yuborganini yozadi:
Ahbobki bazmida guliston husntur,
Yo‘q lek alar bazmida bizga dastur,
Ul jam’da gar huzuri jam’iyati bor,
Yuz shukr, bu jam’ behuzur emastu.
Ushbu kuzatishlarimizdan ko‘rinib turibdiki, «Boburnoma» memuari Bobur asarlari va lirikasi biografiyasini bayon etishda va tarixini sharhlashda ham asosiy manba’dir. Ijodkor o‘zligini o‘z she’rida, o‘z so‘zida anglaydi.
Bobur poetikasi ham muallifni tasavvurimizda gavdalantirish mumkin bo‘lgan, uni anglashimizdagi asosiy manbadir. O‘z tariximizni o‘rganishimizda ham she’riyatning o‘rni katta, tarixda haqiqatdan ko‘ra yolg‘onlar ko‘p uchraydi. She’rda esa shoir his-tuyg‘usini boricha izhor etadi va mana shu tuyg‘ularni insoniyatga singdiradi. Shuning uchun shoirlar ijodiyoti har bir davrning ko‘zgusi. She’riyat yordamida bemalol muallif tarjimai holi tadrijini va hayot yo‘li xaritasini chizish mumkin. Bobur har nafasda, har qadamda tafakkur qilishga majbur edi. U yashayotgan va faoliyat ko‘rsatayotgan muhit va voqelik shuni taqozo etar edi. Har kuni, har soatda turli-tuman kishilar bilan muloqot-muomalada bo‘lgan. U olam va odam, odamning olam ichra tutgan o‘rni, besh kunlik foniy dunyoda qanday yashab o‘tmoq borasida muayyan to‘xtamga kelishga, bu to‘xtamlarning umumlashtirishga ehtiyoj sezgan.
Xosiyat Bekmirzayeva.
Xurshid Davron kutubxonasi sayti.
11.02.2017
Fikr qoldirish#