Sinov yoʻsinida ishlamoqda

Bobur tilga olgan “mutasavvif”lar kim?

Bobur “Boburnoma”da Husayn Boyqaro davlati sadrlari (vaqf mulklari hisob-kitobini olib boruvchi mutassaddilar) haqida maxsus so‘z yuritar ekan, ular jumlasidan sanalgan Kamoliddin Husayn Gozurgohiy to‘g‘risida ham to‘xtalib: “Yana Kamoliddin Husayn Kozurgohiy edi. Agarchi so‘fi emas edi, mutasavvif (1) edi. Alisherbek qoshida mundoq mutasavviflar yig‘ilib, vajd va samo’ (2) qilurlar ekandur. Aksaridin muning uslubi yaxshiroq ekandur. G‘olibo (3) sababi rioyati usuli bo‘libtur. O‘zga degudek haysiyati yo‘q edi…” (4)


Bu yerdagi “so‘fi” va “mutasavvif” atamalari ustida olimlarimiz o‘rtasida anchagina tortishuvlar bo‘lib, kimdir so‘fi deganda tarki dunyo qilgan darvish-so‘fi ko‘zda tutilgani, mutasavvifdan maqsad esa tasavvuf olimi anglanishi borasidagi fikrni ilgari surgandi. (To‘g‘ri, bu bahs-munozaralarda ko‘pincha mazkur ikki atamadan qay birining Alisher Navoiyga nisbat berilgani yoki qay birini Alisher Navoiyga nisbat berish to‘g‘ri bo‘lishi borasidagi da’volar o‘rtaga tashlandi. Ammo, ta’kidlash lozimki, Bobur yuqorida ko‘rganimiz ma’lumotnomada ikki atamadan hech birini Alisher Navoiyga nisbatan ishlatmagan. Shuning uchun ushbu maqolada ham so‘zimiz asosan Bobur ishlatgan mazkur ikki atama mazmunini ochib berish yuzasidan bo‘ladi.)

Ayrim arabshunos olimlar bu fikrga qarshi chiqib, har ikki atamaning o‘zagi bitta bo‘lgani uchun ularning ikkitasi ham faqat bitta ma’no – tasavvuf ahlini bildirishini ta’kidlashgandi. Bunday dalildan esa, Bobur u holda nega “so‘fi” va “mutasavvif” atamalarini alohida ajratib ko‘rsatgani faktiga aniq javob olib bo‘lmagandi.


Qizig‘i shundaki, bu ikki tarafdan hech biri so‘fi va mutasavvif atamalarining o‘zlari da’vo qilayotgan Alisher Navoiy yoki bu atamalarni keng o‘quvchilar ommasiga tanish “Boburnoma” asarida ishlatgan Boburga zamondosh olimlar ta’rifida qanday talqin qilingani borasida bironta so‘z aytmagan, ya’ni o‘z da’volarini bunday usul bilan dalillashga urinmagan edi.


Ular suyangan Qushayriy, Hujviriy, Suhravardiy, Abubakr Muhammad bin Is’hoq Kalobodiy, Fuod Ko‘prulzoda, Ye. E. Bertels va Malik Oripov singari olimlar fikrlarida yoki “Islom qomusi” kabi boshqa asarlarda ham bu ikki istiloh ma’nosi aniq va to‘g‘ri ochib berilmagan.


Boburning katta zamondoshi Abdurahmon Jomiy o‘zining “Nafahot ul-uns” asari muqaddimasida tasavvuf istilohlari ta’rifi turli davr olimlari tomonidan turlicha talqin etilib, doimo o‘zgarishga uchrab turganini ta’kidlab, quyidagilarni yozgan: “Abu Abdurahmon Muhammad bin Husayn as-Sullamiy an-Nisoburiy din ulug‘lari va yaqin (e’tiqod, ishonch) ahli buyuklari hamda zohiriy va botiniy ilmlar o‘rtasini bog‘lovchi tariqat mashoyixining xislat va ahvoli bayonida bir kitob tartib bergan va unga “Tabaqoti us-so‘fiya” deb nom qo‘ygan… Hazrat shayx ul-imom Abu Ismoil Abdulloh bin Muhammad al-Ansoriy al-Heraviy (v. 1088) esa bu kitob ma’lumotlarini va’zxonlik davralarida aytib yurganlar hamda unga boshqa shayx va o‘zlaridan ham ilhom zavqlarini qo‘shganlar. Muxlis va muridlardan bittasi bularni yig‘ib, kitobat qaydiga kiritgan. Bu asar ham so‘fiyaning oriflik haqiqatlarini o‘z ichiga olgan sharif majmua bo‘lgan. Biroq uning alfozi hirotliklarning o‘sha paytda rasm bo‘lgan eski tili vositasida yuzaga chiqqan edi. Undan tashqari kotiblarning ilgarigi matnlarni xato o‘qish, yangisini esa buzib talqin etish kabi kamchiliklari shu darajaga borib yetganki, asarning ko‘p o‘rinlarida maqsadni anglash qiyin bo‘lib qolgan… Shu sababli, bilganlarimni zamonamizda rasm bo‘lgan iboralar vositasida bayon ipiga tersam… va asarni mukammal qilsam, degan fikrga keldim. Bu ish menga 901-yil (1495-yil 21- sentyabr – 1496-yil 9-sentyabr oralig‘i)da darvishlarga do‘st va e’tiqodli ixlosmand, dunyoviy ishlardan bezor, faqr yumushida botir Amir Nizomiddin Alisher maylu istakli va ko‘ngilli holda davlat mansabining oliy martabasidan voz kechib, faqru fano yo‘lining sulukini olqishlagach, bu fikrni amalga oshirishni ko‘nglimdagidek tarzda iltimos qildi…”


Jomiy “Nafahot ul-uns”da so‘fining Haq yo‘lida dunyoviy lazzatlardan butunlay tiyingan kishilar ekaniga izoh berib, ularning bir nechta toifaga bo‘linishini eslatgach, so‘fiylik yo‘lida yana ikki toifa borligini aytadi. Bu Haq toliblaridan birinchisi “mutasavvif”lar bo‘lib, Jomiy ularga shunday ta’rif beradi: “Mutasavvufa ul jamoatdirkim, nafsning ayrim sifatlaridan xaloslik topishgan va so‘fiylarning ayrim ahvol va avsofi bilan tavsiflanib, alarning ahvoli nihoyotining ilk alomatlariga ega bo‘lishgan. Lekin hali qalbi tubida nufus sifotining qoldiqlari yopishib qolgandir. Shu sababli ular ahli qurb (Xudoga yaqin kishilar) va so‘fiyaning o‘ta va cheksiz vusuli (ulanishi)dan chekingan bo‘ladilar.”


Demak, so‘filar o‘z nafslarini butunlay tiygan kishilar bo‘lishsa, mutasavviflar hali dunyo ishlaridan to‘laligicha xaloslik topmagan Haq yo‘li kishilari ekan!


Shu ta’rifdan kelib chiqib aytsak, Bobur “Boburnoma”da tilga olgan so‘fi va mutasavvif atamalari istiloh sifatida ayri-ayri ma’noga ega bo‘lib, ularni bir xil tushunish yoki so‘fiy olim o‘rnida ko‘rish aslo mumkin emas.

Xondamir “Habib us-siyar”da Kamoliddin Husayn Kozurgohiyning asli Tabas shahridan bo‘lib, ona tomonidan sayyidlar avlodidan ekani, ilmlar egallagani, shuningdek, fol boqish va boshqa sohalar qatori so‘fiylik tariqatiga ham kirgani, Ozarbayjondan Hirotga kelgach, Husayn Boyqaro uni shaharning Gozurgoh mavzesidagi avliyo Abdulloh Ansoriy maqbarasiga mutavalli va shayx etib tayinlagani haqida yozadi.


Yana Xondamir aytishicha, Kamoliddin Husayn Gozurgohiy sal o‘tib, vaqf mulki ishlari bo‘yicha davlatning sadrlik mansabiga ham ko‘tarilgan va bu borada shoirlar ta’rixlar bitishgan.


“Boburnoma” orqali bilamizki, Bobur Mirzo Samarqand atrofida Shayboniyxonga qarshi kurashda Husayn Boyqarodan harbiy yordam so‘rayotgan 1500 yili bu temuriy o‘z qarindoshi Bobur Mirzo huzuriga emas, aksincha, ana shu Kamoliddin Husayn Gozurgohiyni do‘stlik aloqalarini o‘rnatish maqsadida Shayboniyxon oldiga elchi qilib yuboradi. Bobur ta’rifi ham mazkur jihatdan Kamoliddin Husayn Gozurgohiga nisbatan nafratli va alamli tus olgan.


Demak, so‘fiylik yo‘liga kirgan Kamoliddin Husayn davlat ishlarida ham ishtirok etgani sababli chin so‘fi maqomiga ega bo‘la olmay, Bobur tomonidan, Abdurahmon Jomiy ta’riflaganidek, mutasavvif sifatida tilga olingan.


Shu o‘rinda Alisher Navoiyning hajga bora olmagan 1498 yilda Husayn Boyqarodan ruxsat so‘rab, bir necha oy faxriy ravishda Abdulloh Ansoriy maqbarasida mujovir bo‘lib turganini eslang. O‘shanda bu muqaddas haziraning rasmiy shayxi Kamoliddin Husayn Gozurgohiy bo‘lib, Navoiy undan faxriy ravishdagi shayxlikni qabul qilarkan, boshiga shayxlarning halaqasi uzun sallasini o‘rab, egniga so‘fiylar ridosini kiygan.


Bu esa, Jomiy eslatganidek, Alisher Navoiyning ham rasman so‘fiylik maslakiga kirgani, ammo uning bu ravishi so‘fiylikdagi “mutasavvif” – dunyoviy orzu-havaslardan to‘liq voz kechmagan bir maqomga ega bo‘lganini ko‘rsatadi.

Xulosa qilib aytganda, har qanday tarixiy istiloh to‘g‘risida so‘z yuritar ekanmiz, ilm olamiga chalkash fikrlar tiqmasligimiz uchun dastlab ma’lum bir davr olimlari ta’rifi bilan ham tanishib olishimiz zarur bo‘ladi.


Ismoil Bekjonov

“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati”, 2014- yil. 12- sentyabr.

Fikr qoldirish#


O‘qish tavsiya qilinadi
Yosh shoirning shakllanishi yoki Bobur Mirzo Farg‘ona viloyati podshohi (1494-1504)

Zahiriddin Muhammad Bobur 1483 yil 14 fevral kuni Andijonda Farg‘ona...

Hukmdorlarga o‘rnak bo‘ladigan, dunyo olimlari havas qiladigan umr e’tirofi

This article explores the historical significance of Babur and the...


Maqolani baholang
0.0