O‘zbekiston mustaqil demokratik davlat deb eʼlon qilinganligi sharofati bilan xalqimiz hayotining barcha sohalarida, jumladan, maorif-fan sohasida ham tub o‘zgarishlar yuz berdi. Allohga ming qatla shukurlar bo‘lsinki, ijtimoiy fanlarda unutilayotgan qo‘hna va buyuk tariximizni keng o‘rganish, mashhur va mumtoz ajdodlarimiz siymosini, xizmatlarini, obro‘ va hurmatini, mavqeini ko‘tarish va o‘z joyiga qo‘yish uchun Respublikamiz Prezidenti Islom Karimovning tashabbusi va saʼy-harakatlari bilan katta imkoiiyatlarga muyassar bo‘ldik.
O‘zbekistonning tabarruk zaminida tug‘ilib o‘sgan buyuk daholar va tariximizni nurafshon etgan aziz-mo‘tabar ajdodlarimizdan biri hazrat sohibqiron Amir Temur edi. Uning buyukligini boisi shundaki, o‘sha davrdagi Movarounnahrda yirik markazlashgan davlatga asos soldi. Bu esa o‘z navbatida uzluksiz ro‘y berib turgan qonli urushlarni, vayronagarchiliklarni barham topishiga olib keldi. Natijada mamlakatda tinchlik-osoyishtalik o‘rnatilishiga, ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy hayotni rivojlanishiga qulay sharoitlar va imkoniyatlar yaratib berdi.
Amir Temur buyuk saltanatni boshqarishda o‘ziga xos demokratiya va adolatni o‘rnatishga katta eʼtibor bergan edi. Hindistonning yirik davlat va jamoat arbobi, mutafakkir Javoharlaʼl Neru taʼkidlagan edi: Amir Temur haqida maxsus tadqiqotlar olib borilmagan bo‘lsada, buyuk jahongir va uning avlodlari insoniyatning maʼnaviy xazinasiga ulkan hissa qo‘shgani kundek ravshan va haqiqatdir. Bobur va uniig farzandlari, nevara-chevaralari: Humoyun, Akbar, Jahongir, Shohjahon, Avrangzeb Hindistonning taraqqiyotida mislsiz rol o‘ynadilar.
Ular nima yaratgan va qanday xayrli ishlar qilgan bo‘lsalar hammasi hind zaminida abadiy qoldi. Ayniqsa, qariyb 50 yil hukmronlik qilgan Akbarshohning xizmatlari unutilmasdir. Amir Temur va uning avlodlari yaratuvchi va bunyodkor zotlar bo‘lishgan («Xalq so‘zi», 10.03.1995.).
Hindistonda Bobur asos solgan davlat 332 yil umr ko‘rdi. Bobur avlodidan olti shaxs: Bobur, Humoyun, Akbar, Jahongir, Shohjahon va Avrangzeb – Olamgirlar 181 yil podshohlik qildilar. Bu davr Hindiston uchun katta ijobiy davr bo‘ldi. Yirik davlat arbobi Javoharlaʼl Neru taʼkidlashicha «Bu yillar zo‘r qudrat, shon-shuhrat yillari bo‘ldi. Buyuk mo‘g‘ullar (Boburiylar – I.H.) dovrug‘i butun Osiyo va Ovro‘poga tarqaldi» (J.Neru. Vzglyad na vsemirnuyu istoriyu. M., 1975, 75-bet.).
Boburning Hindiston shimolida hukmronlik qilishidan boshlab, bu mamlakatda yangi davr, davlat – boburiylarning markazlashgan saltanati boshlanadi. Bu esa mamlakat ichidagi xonliklar, rojalar o‘rtasida uzluksiz davom etayotgan mudhish va qonli kurashlarga barham berib, tinchlik-omonlikni o‘rnatadi. Natijada ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy hayot yuksala boshlanadi. Shu bilan birga saltanatiing xorijiy mamlakatlar bilan siyosiy-diplomatik, savdo-sotiq va madaniy aloqalari ham rivojlanadi. Boburiylar davlati esa buyuk saltanat sifatida jahon bo‘ylab tan olinadi. Bularning barchasi hind jamiyatigagina emas, bashariyat tarixi va madaniyatiga qo‘shilgan mislsiz, ulkan hissa bo‘ldi. Shuning uchun ham Hindistondagi boburiylar saltanati to hanuzgacha faqat Hindiston tarixida emas, umumjahon tarixida yorqin iz qoldirgan shonli zarvaraqlardan hisoblanadi.
Shuni xam taʼkidlab o‘tish lozimki, hind va barcha xorijiy olimlar Hindistondagi boburiylarni temuriylar – Amir Temur avlodlari deb tan oladilar. Masalan, hind olimlari R.Ch. Majumdor, X.Ch. Raychaudxuri, Kalikinkar Dattalar o‘z asarlarida Bobur va boburiylarni «Barlos turklar», «Chig‘atoy guragoniylar» yoki «Mo‘g‘ul xoqonlari» – imperatorlari deb taʼkidlaydilar, keyin «Mo‘g‘ul» so‘ziga izoh berib, Movarounnahrdagi mo‘g‘ullar asosan Chingizxonning ikkinchi o‘g‘li Chig‘atoydan keyin chigatoy deb atalmish turklariing bir shahobchasidir. Chig‘atoy Markaziy Osiyo, Movarounnahrning hokimi bo‘lgandi. Bu yerlar esa turklarning yerlari edi, deb yozadilar. Hind olimlari Boburga taʼrif berib, Chig‘atoy turklaridan bo‘lmish Bobur ota tomonidan Amir Temurga va ona tomonidan Chingizxon avlodlari bilan tutashib ketadi» (R.S. Majumdar, N.S. Raychaudhuri, Ka1ikinkar Datta. Ap Advanced History of India. London. 1963. p. 425.), deb taʼkidlaydilar. Demak «Buyuk Mo‘g‘ullar» atamasini qo‘llagan g‘arb va sharq olimlari Boburiylarni ayoli Mo‘ng‘go‘liyalik mo‘ng‘o‘llar deb tushunmaganlar, aksincha, ularni turkistonlik turklardan Chig‘atoy ulusi deb atalmish o‘zbeklarning ajdodlari deb bilganlar. Axir, Boburning onasi Qutlug‘ Nigorxonim Mo‘g‘uliston xoni Yunusxonning qizi emasmi? Bu mo‘g‘ullar Movarounnahrda yashovchi islom dinini qabul qilgan turklar edilar. Bobur ham «Boburnoma» yodnomasida mo‘g‘ullar ulusini ko‘p tilga oladi. Ular Bobur qo‘shini safida ham bo‘lib, Boburga ko‘pincha pand berganliklarini kuyunib taʼkidlaydi. Shu sababli ham bo‘lsa kerak, g‘arb olimlari boburiylarni mo‘g‘ullar deb atagan bo‘lishi mumkin.
Maʼlumki, Avrangzebdan so‘nggi boburiylar saltanatining yemirilishi va tugallanish davri 151 yil davom etadi va bu davrda boburiylardan to‘qqiz kishi podshohlik qiladi. Hind olimlari ularni so‘nggi temuriylar deb ataydilar. Ammo bu davrda Ovro‘po – Portugaliya, Fransiya, ayniqsa, Buyuk Britaniya mustamlakachilarini Hindiston ichkarisiga jadal kirib borishi natijasida ularning siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy huquqlari chegaralanib boradi va tarixda muhim ahamiyat kasb etmaydilar.
Xo‘sh, endi Bobur va boburiylarning xizmati va oliy himmatlari nimalardan iborat? Maʼlumki, Bobur 11 yoshida otasi Umarshayhdan qolgan Farg‘ona mulki taxtiga o‘tiradi. U ko‘p umr ko‘rmadi, 47 yil yashadi, xolos! Shundan 36 yilini taxt sohibi sifatida uch mamlakatda: Movarounnahrda, Afg‘onistonda va Hindistonda o‘tkazdi, yaʼni Boburning yoshlik va yigitlik 20 yil umri Movarounnahrda – o‘z vatanida, 22 yili Qobulda va 5 yili Hindistonda o‘tdi. 1526 yil 24 aprelda Bobur qo‘shini Ibrohim Lodi davlatining poytaxti Dehliga kirib boradi va 27 aprelda shahar jomeʼ masjidida Bobur nomini xutbaga qo‘shib o‘qishadi. Shunday qilib Bobur shimoliy Hindistonda yangi markazlashgan davlatga asos soladi va uning hukmdori bo‘ladi. Ammo u tashkil qilgan davlat tinch, xavf-xatardan xoli emas edi. Mahalliy rojalar-xonlar Bobur davlatiga ko‘nika olmagan va uni yo‘qotish niyatida hujumga payt poylab turgan edilar. Shunga qaramay Bobur 1527 yili rojputlarga va 1529 yili lo‘dilar avlodi afg‘onlarga zarba berib, yangi davlat hududini ancha kengaytiradi va mustaxkamlaydi. Bobur hadeb harbiy yurishlar bilan mashg‘ul bo‘lmadi. U isteʼdodli inson, katta aql-zakovatli, nozik didu tabiatli, adabiyot va sanʼatga muhabbati yuksak shaxs edi. Shu bois u jozibali sheʼrlar yozish, yodnomalar bitish, shaharlarni obodonlashtirish, quduqlar va ariqlar qazib suv chiqarish, hovuzlar va go‘zal bog‘lar yaratish bilan mashg‘ul bo‘ldi. Ammo uning umri qisqa ekan, 1530 yili 26 dekabrda Agrada vafot etadi. Uning jasadi Agra shahrining Jamna daryosi bo‘yidagi Bog‘i orom degan go‘zal bog‘ga ko‘miladi. Uning vasiyati bo‘yicha maʼlum vaqtdan so‘ng jasadi Kobuldagi Bog‘i vafo degan joyga olib kelib ko‘miladi. Hozir bu bor Bog‘i Bobur nomi bilan mashhur. Uning qabrini nevaralari va chevaralari – Akbarshoh, Jahongirshoh, Shohjahonlar ziyorat etadilar va tamal toshlari qo‘ydilar.
Bobur vasiyatiga binoan uning vafotidan uch kundan keyin, to‘ng‘ich o‘g‘li Humoyun 23 yoshida Hindiston taxtiga o‘tiradi. Ammo bu davrda mamlakatda ichki siyosiy ahvol juda mushkul va keskinlashgan edi. Uni har tomoidan muxolif kuchlar qurshab olgan va ular juda katta xavf tug‘dirayotgan edilar. Boburning ukalari va saroy aʼyonlari o‘rtasida taxt uchun kurash avj olib ketadi. Xullas, Boburning Humoyunga qoldirgan merosi mustahkam jipslashmagan yaxshi tashkil etilmagan, hind xalqi uchun mutlaqo begona ajnabiylar davlati edi. Bu davlatni mustahkamlash maqsadida Humoyun maʼmuriy islohotlar o‘tkazadi. Saroy aʼyonlarini yoki davlat arboblarini uch qismga bo‘ladi: ahli davlat, ahli saodat va ahli murod. Bular uchun Humoyun shaharning bir qismida Dini panoh deb atalgan katta va go‘zal shahar barpo etadi. Davlat esa to‘rt mahkama – chor unsur nomi bilan mashhur bo‘lgan usul bilan idora qilinadi. Humoyun ham otasi singari davlat hududini kengaytira boshlaydi, qo‘shni xonliklarni zabt etadi. Ammo 1540 yil mayda Humoyun Hindistondagi afg‘onistonlik guruhlar hujumi va tazyiqiga uchrab Kobul tomon chekina boshlaydi va taxtni qo‘ldan boy berib, 15 yil sarson-sargardon va quvg‘inlikda yuradi, 1555 yil fevralda yana Hindiston taxtini egallaydi. Ammo baxtsiz bir hodisa tufayli u 1556 yil 24 yanvarda 49 yoshida baqo olamiga rihlat etadi. Humoyun Hindiston taxtiga qaytgach, davlatni mustahkamlash uchun yangi tadbir-choralar, islohotlar o‘tkazish rejalarinn quraboshlagan edi. Ammo bevaqt kelgan o‘lim uning rejalari, orzu-umidlarini amalga oshirishni merosxo‘r o‘g‘li yosh Akbar zimmasiga yuklaydi.
Akbar 13 yoshida 1556 yil 14 fevralda Jaloliddii Muhammad Akbarshoh nomi bilan Hindiston taxtiga o‘tiradi. Unga otasi va buvasiga sodiq xizmat qilgan asli turkman Bayramxon homiylik qiladi. Uning boshchiligida Akbar boburiylar davlatiga qarshi kuchlarga birin-ketin barham beradi, tinchlik o‘rnatadi va davlati hududini sharqiy va janubiy Hindiston hisobiga kengaytirishga kirishadi va aksariyat hollarda bunga erishadi, oqibatda mustahkam markazlashgan buyuk saltanat barpo etadi. Endi Akbarshoh 14 yillik g‘alabakor harbiy yurishlarni to‘xtatib, davlatni-saltanatni mustahkamlash uchun ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar o‘tkazishga kirishadi, mamlakatni obod, xalq hayotini farovon qilib, maʼnaviy-madaniy hayotni yuksaltirishga kirishadi. Bu ulkan saltanatni tinch idora qilish uchun undagi turli xalq va elatlarni yaqinlashtirish, ahil-inoq etish, bir-biriga mehr-oqibatli qilish masalasi eng muhim vazifa ekanini to‘g‘ri tushungan Akbarshoh yangi din – dini ilohiyni hayotga tadbiq qila boshlaydi.
Aholi o‘rtasida tinchlik, ahillik o‘rnatilgan mamlakatda hayotning ko‘p sohalarida muhim islohotlar amalga oshiriladi, yangi go‘zal shaharlar Fathpur-Sekri va boshqalar barpo etiladi, yirik qurilashlar, obodonchilik rivojlanadi, ilm-fan taraqqiy etib, nodir qo‘lyozma asarlar «Akbarnoma» va boshqalar paydo bo‘ladi, sanʼatning barcha turlari nafis rassomchilik-miniatyura, meʼmorchilik takomillashadi. Saltanatni sharq va g‘arb mamlakatlari bilan siyosiy-diplomatik, savdo-sotiq va madaniy aloqalari juda rivojlanadi. Natijada Akbar hukmronligining oxirgi yillarida Akbarshoh saltanati buyuk mo‘g‘ullar, yaʼni boburiylar saltanati nomi bilan mashhur bo‘ladi, shuhrat qozonadi. Hindistondagi boburiylar davlati Akbarshoh davrida mustahkam zaminga ega bo‘ladi. Akbarshoh davri tarixini yozgan hind mualliflari «insoiparvar Akbarshoh, ijtimoiy islohotlar o‘tkazdi, adabiyot va sanʼatga homiylik qildi, uning hukmronlik qilgan yillari Hindiston tarixining porloq, shon-shuhrati yuksalgan davrlardan biri hisoblanadi» (R.S.Majumdar, N.S.Raychaudhuri, Ka1ikinkar Datta. Ap Advanced History of India. London. 1963. p. 462.), deb yozadilar. Akbarshoh 1605 yil 17 oktabrda vafot etadi.
Javoharlaʼl Neru taʼrificha Akbar shukuhli shoh va ajoyib inson, donishmand edi... u o‘z faoliyatini Hindiston xalqining baxt-saodati, farovonligiga bag‘ishlaydi. Dono davlat rahbari, jasur va isteʼdodli lashkar boshlig‘i edi.
Akbarshoh vafotidan bir hafta o‘tgach, uning o‘g‘li Salim 1605 yil 24 oktabrda 36 yoshida Agrada taxtga o‘tiradi va Nuriddin Muhammad Jahongir podshoh G‘oziy nomini oladi. Jahongir hukmronlik qilgan 22 yil mobaynida ham Hindistonda boburiylar davlatining mustahkamlash va hududini yana kengaytirish harakati davom etadi. Davlatni mustahkamlash, idora qilishni ixchamlashtirish maqsadida u o‘z faoliyatini maʼmuriy islohotlar o‘tkazishdan boshlaydi. Amma u muvaffaqiyatlardan mast bo‘lib, aysh-ishratga berilib ketadi, davlat ishlarini bo‘shashtirib yuboradi. Bunday masʼuliyatli va muhim masalalar bilan asosan rafiqasi Nurjahon mashg‘ul bo‘la boshlaydi. Ichki siyosiy kurashlar avj olib ketadi. 1627 yil 27 oktabrda Jahongir vafot etadi.
Endi boburiylar saltanati taxtiga 1628 yil fevralda Jahongir vorisi – farzandi Shohjahon o‘tiradi. U hukmronlik qilgan 30 yillik davr ham ota-bobolari davridagi singari ichki kurashlarga boy va mamlakat hududini kengaytirish uchun qo‘shni viloyatlarga harbiy yurishlar uyushtirish kabi voqealar bilan to‘lib-toshgan edi. Bu davrda mamlakatda xalq isyonlari ko‘payadi. Ular shohning katta mablag‘ini yemiradi. Saltanat hududini kengaytirish va ichki kurashlarni bostirish bilan band bo‘lishiga qaramay Shohjahon qyrilish, obodonchilik bilan ham shug‘ullanadi, fan va sanʼatga homiylik qiladi va go‘zal masjid, madrasa va imoratlar qurdiradi, jahonda tengi yo‘q. Tojmahal maqbarasini oq-harir marmardan bunyod etib, boburiylar saltaiati kuch-qudratini, shon-shuhratini jahon bo‘ylab abadiylashtirdi. Shu sababli bo‘lsa kerak, Shohjahon davrini tarixchilar boburiylar saltanatining oltin davri deb ham ataydilar.
1659 yili Shohjahonning uchinchi o‘g‘li Avrangzeb otasini taxtdan mahrum etadi va o‘rniga o‘tiradi. Otasini Agra qalʼasidagi bir xonaga qamab qo‘yadi, unga qizi Jahonarobegim mehr-shafqat ko‘rsatib turadi. Shohjahon 1666 yil 22 yanvarda vafot etadi. Shohjahon qattiq betoblikka chalinib, hali boqiy dunyoga rihlat etmasdan turib, uning to‘rt farzandi o‘rtasida taxt uchun kurash kuchayib ketadi. Uchinchi o‘g‘li qahri qattiq oqibatsiz Avrangzeb bu kurashda g‘olib bo‘lib, 1659 yil iyunda boburiylar saltanatining oltinchi shohi va Muhiddin Muhammad Avrangzeb – Olamgir deb eʼlon qilinadi.
Avrangzeb ajdodlaridan farqli o‘laroq saltanat hududini mamlakatning janubiy yerlari hisobiga kengaytirishga katta eʼtibor beradi va bu masalani amalga oshirishga erishadi. Bu ishlar albatta katta sonli qo‘shinni kurashlarga safarbar qilishni, ularni kurol, kiyim-bosh, oziq-ovqat bilan taʼminlash esa yana katta mablag‘, boylikni, harajatlarni sarflanishiga olib kelardi. Natijada xalq qashshoqlashadi, viloyat, tuman hokimlari o‘rtasida norozilik kuchayadi, ketma-ket, har joy, har joyda isyonlar ko‘tarilib turadi (Istoriya Indii v sredniye veka. M, 1968. 516-555-betlar; Sinxa N. K., Banerdji A.Ch. Istoriya Indii. M., 1961, 253-267-betlar.).
Bularning ustiga Avrangzeb islom diniga sodiqligini namoyish etib, musulmonlarga katta imtiyozlar beradi, hindularni (Manbada: «hindularni» tarzida xato yozilgan; to‘g‘risi – «hindiylarni») va boshqa din vakillarini qattiq taʼqib ostiga olib, quvg‘in qiladi. Bunday siyosat saltanatni kuchsizlanishga, yemirilishiga va parchalanishiga olib keladi. Avrangzeb davrida boburiylar saltanatining hududi nihoyatda kengayib, shimoliy g‘arbdan Qandahor va Kobuldan sharqda Chittagong viloyatigacha, shimoldan Kashmir viloyatidan, janubda Kaveri daryosining dengizga quyilish joygacha bo‘lgan yerlarni o‘z ichiga olgan edi, Hindiston yarim orolining eng janubida kichkinagina bir viloyat Madura va Malabar xonliklarining janubiy qismi mustaqil bo‘lib qolgan edi, xolos! Avrangzeb 50 yil xuqmronlik qiladi va 89 yoshida 1707 yil 3 martda bandalikni bajo keltiradi. Ko‘pchilik maʼlumotlarga qaraganda Avrangzeb ajdodlari singari adabiyot va sanʼat muxlisi bo‘lmagan, shu bois bu soha ham tushkunlikka uchrab mohir, isteʼdodli hunarmandlar, shoiru olimlar, sozandayu xonandalar uzoq va chet viloyatlarga tarqalib, o‘z ijodlarini holi-qudrat davom ettirganlar. Avrangzeb vafotidan so‘ng, 181 yil hukm surgan, ravnaq topgan buyuk boburiylar saltanatining yemirilish jarayoni juda tezlashib ketadi va nomigagina 151 yil shohlik qilgan 9 hukmdor Hindistondagi so‘nggi temuriylar bo‘lib, ular kun-yil sayin chuqur tanazzul qaʼriga kirib boradilar va oxiri ado bo‘ladilar.
Maʼlumki, Boburgacha va Boburdan keyin ham Hindistonga bostirib kirgan xorijliklar bu mamlakat halqini boyligini talon-taroj qilib, o‘z vatanlariga olib ketish bilan mashg‘ul bo‘ldilar. Bobur va uning avlodlari esa, ulardan farqli o‘laroq bu elda qolib tinchlik-omonlik va yirik birlashgan-markazlashgan davlat o‘rnatish kabi ijobiy va savobli ishlarga kirishib ketdilar. Ular bu afsonaviy el boyligini ona vatanlari bo‘lmish na Turkistonga va na Kobulga jo‘natdilar. Aksincha ular bu mamlakatda bunyodkorlik ishlariga qatʼiy kirishib, salobatli va buyuk obidalar, insonning aqli-zakovati kuchi bilan mislsiz qadriyatlar bunyod etdilar, elni obod qildilar, boyligiga boylik, shuhratiga shuhrat qo‘shdilar.
So‘nggi boburiylar davrida turli bahonalar bilan Hindistonga bostirib kirib, o‘z hukmronligini o‘rnatgan portugaliyalik, fransiyalik va, ayniqsa, Buyuk Britaniyalik mustamlakachilar Hind xalqini qullardek ishlatib, ular yaratgan boyliklarni o‘z vatanlariga tashib ketish bilan mashg‘ul bo‘ldilar. Ayniqsa ingliz mustamlakachilari Londonda turib, ashaddiy, shafqatsiz vakillari orqali Hindistonni mustamlaka sifatida idora qildilar. Ular bu mamlakatda nima yaratgan bo‘lsalar maxalliy xalq ehtiyoji uchun emas, Angliyaning hukmron doiralari manfaatlari uchun bunyod qildilar.
Shunday qilib, Hindiston Angliya mustamlakachilari zulmi ostida ikki asrdan ko‘proq azob chekdi, qashshoqlashdi, xor bo‘ldi. Hind xalqi ozodlik va mustaqillik uchun uzoq, og‘ir va mashaqqatli kurashlar olib borib, minglab berilgan qurbonlar evaziga 1947 yil 15 avgustda buyuk vatanparvarlar Mahatma Gandi, Javoharlaʼl Neru va boshqalar rahbarligida mustaqillikka erishdi va hozirgi kunlarda jahondagi yirik va rivojlangan davlatlar qatoriga kirib oldi.
O‘zbekiston respublikamiz mustaqil taraqqiyot yo‘lidan dadil, shaxdam odimlar bilan borayotgan shu mo‘tabar davrda ilmiy jamoatchiligimizning dolzarb vazifalaridan biri Bobur va boburiylar Hindistonga, jahon tarixi va madaniyatiga qanday yangilikdar, nodir obidalar, asarlar bilan hissa qo‘shdilar va nega uch asrdan so‘ng bu sulola butunlay tugatilishga to‘g‘ri keldi? degan katta muammoni mukammal taxlil qilib berishdan iboratdir, O‘zR FA Sharqshunoslik institutida bu borada ilmiy, ommabop asarlar yozib haqiqiy tariximizni keng ommaga to‘g‘ri talqin qilib berishga kirishildi. Boburiylar sulolasi tarixi va madaniyatini o‘rganish uchun ham ko‘p ishlar qilishga to‘g‘ri keladi. O‘sha davr tarixnavislari Abdulqodir Badouniy, Abulfazl Allomiy, Firishta, Abdulhamid Lohuriy, Nizomiddin Hiraviy, Muhammad Haydar, Rashid Nadviy, Xondamir, Javhar, Muhammad Soqiy va boshqalar Bobur, Humoyun, Akbarshoh, Jahongirshoh, Shohjahon va Avrangzeb – Olamgir podishohlarning hayoti va faoliyati to‘g‘risida katta-katta asarlar yozib qoldirganlar.
O‘sha qo‘lyozma asarlarning baʼzi nodir nusxalari g‘arb va sharq mamlakatlarining yirik kutubxonalarida, shu qatorda, O‘zR FA Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutining kutubxonasida ham asrab-avaylab juda ehtiyotkorlik bilan saqlanmoqda. Ular orasida yirik davlat arbobi, mashhur alloma va shoir Abulfazl ibn Muborak Allomiyning mukammal asari «Akbarnoma» yoki «Tarixi Akbarshohiy» asari mavjud, Bu asar muhim manbaʼ va xujjatlar, yodnomalar asosida yozilgan bo‘lib, Akbarshoh hukmronlik qilgan davrni to‘liq yoritadi. Bu asar uch jilddan iborat bo‘lib, uchinchi jildi muhim va mustaqil yozilgan va «Oyina-i Akbariy» deb nomlangan.
Nizomiddin al-Hiraviyning «Tabaqoti Akbarshohiy» asari Hindiston tarixini keng kamrab, Akbarshoh davrini batafsil bayon qilish bilan tamomlanadi. Jahongirshoh ham bobosi Bobur singari yodnoma «Jahongirnoma» yoki «Tuzuki Jahongiriy» asarini yozib qoldirgan. Jahongir saroyidagi katta amaldor va tarixchi Sharif ibn Dust Muhammad (Muʼtamadxon) «Iqbolnomayi Jahongiriy» asarini nodir maʼlumotlar asosida yozgan. Bu asar uch jilddan iborat bo‘lib, Akbarshoh va Jahongirshohlar davri keng yoritiladi.
Tolib Kalim Hamadoniyning «Zafarnomai Shohjahon» asari Shohjahon davri tarixini bayon etsa, Abdulhamid Lohuriyning «Podshohnoma» yoki «Shohjahonnoma» asari, Muhammad Solih Kanbuyi Lohuriyning «Amali solih» yoki «Shohjahonnoma» kitobi Amir Temurdan boshlab Shohjahon davri tarixi bilan tugallanadi. Unda boburiylar davlati bilan Movarounnahr munosabatlari ham keng yoritiladi.
Tarixnavis Muhammad Qozim ibn Muhammad Amin Munshining «Olamgirnoma» asarida Avrangzebshohning birinchi o‘n yillik hukmronlik davri mukammal yoritilgan. Muhammad Soqiy Mustaidxonning «Maʼosiri Olamgiriy» asari Avrangzeb davri tarixini to‘liq aks ettiradi (Yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan qo‘lyozma kitoblar to‘g‘risida quyidagi to‘plam va maqolalarni qarang; a) «Sobraniye vostochnыx rukopisey». T., 1952, t. I, 97-104-betlar: b) Yusupova D. Rukopisnыe istochniki po istorii Indii XVI-XVII kv. v fonde instituta vostokovedeniya AN UzSSR. Maqola quyidagi to‘plamda; «Iz istorii kulturnыx svyazey narodov Sredney Azii i Indii». T., 1986, 75-86-betlar; v) Nizamutdinov I. Maasiri Alamgiri kak istochnik po vneshne-politicheskim otnosheniyam Indii. «Indiya». T., 1973, 92-105-betlar.). Shunga o‘xshash yana turli nomdagi bir qancha asarlar borkim, ular ham boburiylar davri tarixini muxtalif tomonlarini yoritishga bag‘ishlangan.
Bu nodir qo‘lyozma asarlarni sanab va taʼkidlab o‘tishdan maqsad shuki, hind va chet el mualliflari boburiylar davri tarixini yozishda ulardan keng foydalanganlar va tarixni o‘zlaricha talqin qilganlar. Bizning olimlarning endigi vazifalari ana shu qo‘lyozma asarlarni xorijiy mamlakatlar kutubxonalarida saqlanayotgai nodir nusxalari bilan solishtirib, mukammalini o‘zbek tiliga tarjima qilishlari zarur, ularga ilmiy so‘zboshi yozib, matnni tushuntirishlar bilan to‘ldirish kerak. Ana undan so‘ng boburiylar saltanati tarixi va madaniyatini shu ishonchli manbalar asosida bir yoki bir necha jilddan iborat yozib chiqishga to‘g‘ri keladi. Bular esa, albatta, oson va qisqa vaqtda bajariladigan ishlar emas. Buning uchun fors, urdu, ingliz va o‘zbek tillarini yaxshi biladigan, isteʼdodli mutaxassislarni tayyorlash zarur va ularni to‘g‘ri yo‘naltira bilish ham kerak. Mustaqil O‘zbekistonimiz olimlarining endigi vazifalari ana shu boy nodir xazinalarimizdan yosh avlodlarimizni ham bahramand qilish, ularni xalqimizning eng yaxshi urf-odatlari, milliy anʼanalari ruhida tarbiyalash, ularga o‘z ajdodlari bilan faxrlanish to‘yg‘usini singdirishdan iborat bo‘lmog‘i lozim.
Hoshimov I.M.
Sharqshunoslik. № 7, 1996. - 208 b. B. 153-163. (O‘zbekcha);
Потомки Сахибкирана в Индии.
Fikr qoldirish#