Sinov yoʻsinida ishlamoqda

«Surati xush va siyrati dilkash...»

«Boburnoma»ni varaqlasak, unda birinchi bo‘lib tarixiy shaxslardan Navoiyning tabarruk nomini o‘qiymiz, go‘yo mumtoz asar Navoiyning ulug‘ nomi bilan boshlangandek. Agar asarning memuar asarlarga xos tuzilishi, syujet chizig‘i, voqealar bayoni, obrazlar olamiga diqqat qilsak, memuar asar o‘z davri anʼanalariga ko‘ra vojib ul-tasnif odobiga binoan qisqa xarakterdagi basmala, Ollohga hamd, Muhammad (s.a.v.)ga naʼt kabi anʼanaviy qismlar bilan boshlangan. Undan keyin Farg‘ona viloyatining taʼrifi bitilgan. Andijon shahri to‘g‘risida, xususan, eli, tili haqida muallif bebaho maʼlumotlarni yozar ekan, mazkur lavhada bitgan o‘z maʼlumotlariga tamsil sifatida va qiyoslash uchun «bu til biladur» deb izoh bitib, Navoiy asarlarining tili xususida so‘z yuritadi va uning sharafli nomini esga oladi. Demak, muallif muhtasham asarida ilk qalamga olgan atoqli shaxs, temuriylar Uyg‘onish davrining ulug‘ siymosi Navoiy: «Eli turkdur. Shahri va bozorida turkiy bilmas kishi yo‘qtur. Elining lafzi qalam bila rosttur. Aning uchunkim, Mir Alisher Navoiyning musannafoti bovujudkim Hirida nashʼu namo topibdur, bu til biladur».


«Boburnoma»da ulug‘ shoirning nomi tilga olingan ikkinchi qiziqarli maʼlumot taniqli fozil inson sifatida tarixda qolgan, Hirotda o‘n yil va Samarqandda ham maʼlum muddat hokimlik qilgan Ahmad Hojibek bilan bog‘liq tarixiy lavhada yodga olingan. Bobur kitobning Sulton Ahmad Mirzoning «Umarosi» nomli faslida ushbu temuriy hukmdorning sakkiz nafar umarolaridan biri Ahmad Hojibek ekanligi haqida alohida lavha yozgan va ushbu lavhada Navoiy nomini zikr qilgan. Uning Samarqandda 1466-1469 yillarda kechgan hayotini sharhlar ekan, o‘sha vaqtda temuriylar davlati boshqaruvida bo‘lgan Movarounnahrning poytaxti Samarqand shahrining hokimi bo‘lgan va «Vafoiy» taxallusi bilan yaxshi sheʼrlar bitgan sohibdevon shoir Ahmad Hojibekning unga o‘z vaqtida ko‘rsatgan «murabbiy va muqavviy»ligini esga olgan.


Mazkur xabar va ishora asarning Navoiy faoliyati bitilgan yana boshqa ikkita lavha bayonida xabar ichida xabar tarzida ham tamsillar qilingan. Umuman, memuarda yozilishicha, «murabbiy va muqavviy»lik temuriy hukmdorlar, yirik mulkdorlar maʼnaviyati, fazilati, uslubiga aylanganini ko‘rsatadi. Chunonchi: «Mir Alisher Navoiy Hiridin Samarqandg‘a kelgan fursatlarda Ahmad Hojibek bila bo‘lur edi. Sulton Husayn Mirzo podshoh bo‘lg‘ondin so‘ngra Hirig‘a keldi. Asru ulug‘ rioyat topdi». Agar mazkur maʼlumotga diqqat qilsak, unda bir qator tarixiy voqealar bayoni bor. Yaʼni: yigirma besh yoshlardagi shoir yigitning temuriylar davlati boshqaruvidagi, yaʼni Bobur tili bilan aytganda, «Temurbekning yurtida» – Xuroson davlatining poytaxti Hirotdan Movarounnahr davlatining poytaxti Samarqandga kelishi, temuriylar Uyg‘onish davrining mashhur faqihi Abullays Samarqandiydan uning xonaqohida ikki yil davomida fiqh, hadis ilmlari bo‘yicha olgan darslari, bag‘rikeng, fozil ustozi tomonidan ilmiy, adabiy iqtidori yuksak qadrlanib «farzand» maqomida ko‘rilishi; ikkinchidan, fozil shahar hokimi Ahmad Hojibek bilan uning do‘stona munosabatlari aslida Hirotdan boshlanib poytaxt Samarqandda davom qilgani; uchinchidan, Sulton Husayn Boyqaro 1469 yilda Xuroson davlatining temuriy hukmdori sifatida dorus-saltanat Hirot taxtiga o‘tirar ekan, u qosid – rasmiy chopar orqali unga rasmiy maktub jo‘natib, musohibi Navoiyni o‘z huzuriga, Hirotga chaqirib olishi; to‘rtinchidan, Sulton Husayn Boyqaroning Xuroson hukmdori sifatida taxtga o‘tirish marosimida Navoiyning Sultonga qutlov sifatida mashhur «Hiloliya» qasidasini bitib, taqdim qilishi va unga muhrdorlik keyinchalik esa, ulug‘ amir lavozilarining berilishi; beshinchidan, Bobur maʼlumotda hukmdor do‘stidan «Asru ulug‘ rioyat topdi», deb Navoiyning saroydagi o‘ttiz besh yillik xayrli faoliyatiga, qizg‘in ijodiga urg‘u berishi; oltinchidan, Navoiyning ham o‘z navbatida Sulton Husayn Boyqaroga, xonadoniga, xususan, temuriylar davlati boshqaruvining barqarorlashuviga sadoqat bilan qilgan fidokorona xizmatlari, ko‘rsatgan siyosiy irodasiga hamda erishgan tengsiz obro‘yi, temuriylar Uyg‘onish davrining «Shams ul-millat»i va «Makorim ul-axloq»i deb topilishiga, shon-sharafga to‘la mazmunli, ibratli shonli hayot yo‘liga ishora qilishi; yettinchidan esa u o‘zining «Tarixi muluki Ajam» asarida «Agar bo‘lsa umrumga muhlat fizoy», yaʼni agar umrim vafo qilsa, Sulton Husayn Boyqaroga bag‘ishlab tarixiy asar yozaman, deb ulug‘ niyat qilishi. Fikrimizcha, Boburning ulug‘ shoir haqidagi ushbu qisqa maʼlumotlarining ayrim tarixiy izoh, tafsilotlarini Navoiyning «Xamsa», «Majolis un-nafois», «Nasoyim ul-muhabbat», «Vaqfiya», «Tarixi muluki Ajam», «Lison ut-tayr» kabi durdona asarlari hamda hasbi hol xarakteridagi fasohatli sheʼrlarida ham o‘qish mumkin.


Masalan, ushbu talqinda uning «Majolis un-nafois»da temuriylar Uyg‘onish davrining fozil shaharlari hisoblanmish Hirot, Samarqandning fozil hokimi va o‘zining «murabbiy, muqavviy»siga bag‘ishlab yozgan «Ahmad Hojibek» nomli fiqrasidir. Navoiy va Bobur yozgan tarixiy maʼlumotlarda o‘zaro mushtarak tarixiy, adabiy hodisalarni ko‘ramiz, Boburning «Mir Alisher Navoiy Hiridin Samaraqandg‘a kelgan fursatlarda Ahmad Hojibek bila bo‘lur edi», deb aytgan izohining mohiyatini to‘laroq anglaymiz, ulug‘ shoir yozgan fozil hokimning hasbi holi bilan bog‘liq ishonchli maʼlumotlar bilan tanishamiz. Uning o‘z zamonida o‘ta madaniyatli shaxs, muomala odobi yuksak va maʼnaviyatli hokim bo‘lganini ifodalovchi «Surati xush va siyrati dilkash, axloqi hamida va atvori pisandida yigitdur», deb bitgan eʼtirofidan xabardor bo‘lamiz. Uning lirikasidan namuna sifatida tazkirada keltirilgan fors tilida bitgan bir go‘zal va nihoyatda mazmunli matlasi bilan tanishamiz.


«Boburnoma»da bitilgan Navoiyning nurli siymosi gavdalangan to‘rtinchi tarixiy lavha nihoyatda ibratli va juda taʼsirli bo‘lib, unda ulug‘ shoirning oddiy, «kichkina» odamlardek o‘ksib, o‘kinib, siqilib uzoq yig‘lagani aytilgan. XV asr hayoti, ulug‘ shoirning mulk ishi va ko‘ngul ishining bir parchasi aks etgan ushbu ibratli tasvirda ikki nafar ulug‘ siymoning tarixda juda kamdan-kam uchrashi mumkin bo‘lgan o‘zaro muloqotlari bitilgan. Hamda dialog usuliga qurilgan muloqotda rostlik, xolislik ifodalangani, sir saqlash, ahd va shart talqin qilingani bilan ham ajralib turadi. Ushbu taʼsirli lavhada davlat rahbari Sulton Husayn Boyqaro va davlat arbobi ulug‘ amir Navoiyning bir-birini nafaqat ijodda, davlat boshqaruvi bilan bog‘liq mulku millat ishlarida, balki qalban, ruhan ham yakdil, hammaslak ekanligi chin maʼnoda ochib berilgan. Agar buyuklarning o‘zaro munosabatlaridagi nozik, maxfiy nuqtalarni ramziy maʼnoda tushunib baholasak, «muhri ixfo» (mahkamlash muhri) holati aks etganini ko‘ramiz. Mavlono Jaloliddin Rumiy so‘zlari bilan aytganda esa «Ichingdagi ichingdadur» degan hikmat mujassam ekanligini anglaymiz.


Bu ibratli «muhri ixfo» holatini «saltanat dag‘dag‘asi», «mulkgirlik doiyasi»ni oltin boshidan ko‘p bora o‘tkazgan, yuragida qayta-qayta his qilgan shoh va shoir Bobur ham taʼsirlanib yozganga o‘xshaydi. Chunonchi: «Bir kun Alisherbek bila Mirzoning orasida bir suhbat o‘ttikim, Mirzoning tez fahmlilig‘a va Alisherbekning riqqati (yumshoqlik, muloyimlik, ko‘ngli bo‘shlik) qalbig‘a doldur. Alisherbek sirriy (boriy) so‘zlarni Mirzog‘a go‘shaki (burchak, xilvat, chekka joy) g‘alaba (qilib) aytti. Dog‘i dedikim: «Bu so‘zlarni unuting!» Mirzo filhol ayttikim: «Qaysi so‘zlarni?» Alisherbek bisyor mutaassir bo‘lub ko‘p yig‘ladi».


Bobur «Boburnoma»da bitgan Alisher Navoiy haqidagi maʼlumotlarning har birida, xususan yuqorida biz tilga olgan lavhalarda ham, birinchidan, genial shoir, ulug‘ amirning betakror olami, buyuk shaxsiyati, hayot va ijoddagi o‘ziga xos navoiyona uslubi mujassam bo‘lgan. Ikkinchidan esa, temuriylar uyg‘onish davriga xos taraqqiyot, qizg‘in hayot va ijod hamda bir qator tarixiy xarakterdagi adabiy, ilmiy, madaniy-maʼrifiy, ijtimoiy-siyosiy jarayonlar ham o‘z ifodasini topgan.


Burobiya RAJABOVA, filologiya fanlari nomzodi.

O‘zbekiston adabiyoti va san‘ati, № 7 (4962) 2020-yil 14-fevral. – B. 1,4. (O‘zbekcha);

Его внешность приятная и поведение привлекательное.

Fikr qoldirish#


O‘qish tavsiya qilinadi
Yosh shoirning shakllanishi yoki Bobur Mirzo Farg‘ona viloyati podshohi (1494-1504)

Zahiriddin Muhammad Bobur 1483 yil 14 fevral kuni Andijonda Farg‘ona...

Hukmdorlarga o‘rnak bo‘ladigan, dunyo olimlari havas qiladigan umr e’tirofi

This article explores the historical significance of Babur and the...


Maqolani baholang
0.0