Qaysi qalʼa, qaysi shaharni zabt etmasin, qay yurtga bormasin, u yerning taniqli kishilari, mashhur olimlari bilan suhbat o‘tkazish, ular bilan bahslashish Amir Temurning sevimli mashg‘ulotlaridan biri edi. Sohibqiron bilan uchrashib, suhbatlashish sharafiga muyassar bo‘lgan shunday zotlardan biri shimoliy afrikalik mashhur tarixchi olim, faqih Ibn Xaldundir.
Olimning to‘liq nomi Valiuddin Abu Zayd Abdurahmon ibn Muhammad ibn Xaldun bo‘lib, u 1332 yil 27 mayda, Tunisda boy aslzodalar oilasida dunyoga kelgan. Boshlang‘ich taʼlimni o‘z otasidan olgan Ibn Xaldun tunislnk mahalliy olimlar qo‘lida o‘qib, Qurʼoni karim, tafsir, hadis, fiqh, arab sheʼriyati, grammatika, mantiq, ritorika kabi o‘sha davrlardagi anʼanaviy ilmlarning hammasini egalladi.
Tunisda tarqalgan vabo kasalligi o‘n yetti yoshida Ibn Xaldunni ota-onasi va ko‘pgina ustozlaridai ayirdi. Oradan uch yil o‘tar-o‘tmas, u Tunisda hukmronlik qilgan hafsiylar (1229-1574) sultoni Abu Isʼhoq saroyida «sohibu-l-alomat» (hujjat yurituvchi shaxs) lavozimiga tayinlanadi. Lekin, ilm-fanga bo‘lgan ishtiyoq Ibn Xaldunni saroyda uzoq ushlab turmadi. U fan va madaniyat markazi, mariniylar (1195-1488) davlatining poytaxti. Fas shahriga borib, ko‘p olimlar bilan tanishib hamsuhbat bo‘ldi. Shu bilan birga Ibn Xaldun Fasda siyosiy ishlarga ham aralashadi, 1356 yilda u sulton Abu Inon saroyida xizmat qilib yurganida siyosiy fitna qurboni bo‘lib, qamoqqa olinadi.
1358 yili Abu Inon vafotidan keyingina Ibn Xaldun qamoqdan ozod etiladi va yangi taxt sohibi Abu Salim saroyida masʼul vazifalarda xizmatda bo‘ldi. O‘n yil mariniylar huzurida xizmat qilib, 1362 yilda u Fasni tark etadi va Andalusiyaning G‘irnota (Grenada) shahriga boradi. Sulton Ibn al-Ahmar va uning vaziri, mashxur andalus shoiri Lisonuddin Muhammad ibn al-Xatib olimni izzat-ikrom bilan kutib olishdi. 1363 yilda sulton Ibn al-Ahmar uni o‘zining elchisi sifatida Kastiliya qiroli Pedro I huzuriga Kastiliya va G‘irnota o‘rtasidagi do‘stlik sulhini imzolash uchun yuboradi. Ibn Xaldun bu diplomatik vazifani aʼlo darajada bajarib, G‘irnotaga qaytib keladi.
Amir Abu Abdulloh Muhammad 1364 yil Buji shahrida hokimiyatni qo‘lga oladi va do‘sti Ibn Xaldunni o‘z saroyida xizmat qiliщga taklif etadi. Lekin Ibn Xaldunning Bujidagi faoliyati uzoqqa cho‘zilmadi. 1366 yil 2 mayda Bujini hafsiylar sultoni Abu-l-Abbos qo‘lga oladi va Ibn Xaldunni u yerning hokimi etib tayinlaydi. Ammo olim bu taklifdan voz kechib, Bujini tark etadi.
Shundan so‘ng Ibn Xaldun Biskrada abdulvadidlar saroyida xizmat qildi. 1370 yilda Biskra mariniylar qo‘liga o‘tadi va Ibn Xaldun u yerdagi mariniylarning vakili sifatida siyosiy ishlar bilan shug‘ullanib, hukumatga qarshi ko‘tarilgan isyonlarni bostirishda mahorat ko‘rsatadi.
1384 yilda Ibn Xaldun Andalusiyaga ketishga ruxsat oladi. Lekin, u Andalusiyaga ketmasdan oilasi bilan Kalat ibn Salom degan saroyga joylashadi va o‘zining mashhur «Kitob al-ibar» («Ibratlar kitobi») nomli tarixiy asarini yozishga kirishadi. Ibn Xaldun to‘rt yildan ko‘proq vaqtini shu yerda o‘tkazadi va 1378 yilda, yigirma olti yillik darbadarlikdan so‘ng, o‘z ona yurti Tunisga qaytib keladi. U 1381 yili tarixiy asarining birinchi variantini yozib tugatib, sulton Abu-l-Abbos kutubxonasiga taqdim etadi.
1382 yilda Ibn Xaldun haj qilish uchun sultondan ruxsat oladi va Misrga keladi. Bu paytda, nomi va asarlari maʼlumu mashhur bo‘lganligi uchun ham, Ibn Xaldunning Misr olimlari va hukmdorlari davrasiga kirishi qiyin bo‘lmadi. Mamluklar sultoni Barquq unga yer berib, o‘z himoyasiga oldi. Bir necha yil u al-Azhar, az-Zahiriyya va Qamhiyya madrasalirida mudarrislik qildi.
1384 yalda Ibn Xaldun molikiyya mahabining qozisi etib tayinlanadi. Bu davrda olimning boshiga yana bir og‘ir kulfat tushadi. Tunisdan uning oldiga kelayotgan oilasi dengizda suvga cho‘kib, halok bo‘ladi.
1385 yilda Ibn Xaldunning dushmanlari uni qozilik lavozimidan chetlatishga muvaffaq bo‘lishadi. U 1387 yilda Makkaga borib, haj amallarini bajarib qaytadi va tarixiy asari «Kitob al-ibar»ni mukammallashtirish bilan mashg‘ul bo‘ladi.
1399 yilda olim yana qozilik lavozimiga tayinlanadi. Lekin Sulton Barquq vafotidai keyin uch oy o‘tar-o‘tmas, u yana vazifasidan chetlashtiriladi.
Bu paytda Amir Temur Old Osiyoga yurish boshlagan edi va bu yurish tarih sahifalarida «yetti yillik urush» nomi bilan joy olgan. U 1400 yilning oxirlarida Shomning (Suriya) Ho‘ms, Halab shaharlarini zabt etib, Damashq tomon yura boshladi. Shom o‘sha paytlarda Misrdagi mamluklar tasarrufida bo‘lib, sulton Barquq vafotidan so‘ng taxtga uning o‘n yoshli o‘g‘li Faraj o‘tirgan edi. Temur qo‘shinlarining Damashqda yaqinlashib qolganligini eshitgach, sulton Faraj qo‘shin to‘plab, himoyaga otlanadi. Ibn Xaldunni ham sultonning amirlari yurishda ishtirok qilishga majbur etishadi.
Karvon 1400 yil noyabr oyining o‘rtalarida safarga chiqadi va Damashq yaqinidagi Qubbatu Yalbug‘o degan joyda to‘xtaydi. 30 dekabr kuni Baalbak shahridan Damashq tomon yurish boshlagan Amir Temur qo‘shini bilan o‘rtada ikki-uch marta jang bo‘lib o‘tadi. Ammo Misrda isyon boshlanganini eshitgan Sulton Faraj va uning amirlari 1401 yilning oltinchi yanvaridan yettinchisiga o‘tar kechasi, o‘zlari bilai kelganlarning ko‘pchiligini, jumladan Ibn Xaldunni ham qoldirib, orqaga qaytib ketishadi. Bu voqeadan sarosimaga tushgan Damashq ahli Amir Temurga taslim bo‘lishiga kelishadilar.
Sohibqiron o‘zining oldiga kelgan vaqillarga Ibn Xaldun bilan uchrashish istagi borligini bildiradi. Ertasi kuni olim qalʼa devoridan osilib tushib, sohibqiron huzuriga boradi va u bilan birinchi uchrashuvini shunday tasvirlaydi: «Tanishtirish uchun nomimni (Temurga) eʼlon qilganlarida «mag‘riblik molikiyya qozisi» degan (iborani) ham qo‘shdilar. U meni chaqirdi. Men chodirga kirganimda u tirsagiga suyanib (yonboshlagan holda) o‘tirar, uning oldidan ovqat solingan idishlarni chodir yonida to‘p-to‘p bo‘lib o‘tirgan mo‘g‘ullarga olib o‘tishayotgan edi. Men kirib salom berdim va bo‘yin egdim. U boshini ko‘tarib, qo‘lini cho‘zdi va men (uning qo‘lini) o‘pdim. Meni turgan joyimga o‘tirishga buyurdi, so‘ngra o‘z odamlari orasidan xorazmlik faqih Abduljabbor ibn an-Nuʼmonni o‘rtamizda tilmochlik qilish uchun chaqirdi» (4, 730-731).
Sohibqiron Amir Temur Ibn Xaldunni Mag‘rib o‘lkasining Fas, Tanja, Siljimos, Sabata kabi katta-kichik shaharlari, ularning jug‘rofiy joylashish o‘rinlari haqida, savolga tutadi. Berilgan savollar Amir Temurning dunyoqarashi va maʼrifati qanchalik yuqori darajada ekanligini, hattoki Shimoliy Afrika haqida ham chuqur bilimga ega bo‘lganligini ko‘rsatadi. Ibn Arabshoh ham buni tan olib, shunday yozgan: «Temur o‘z odatiyu feʼliga ko‘ra Ibn Xaldundan Mag‘rib shaharlari va yerlari vasfini so‘rab, uning mavzelariyu yo‘llari, qishloqlariyu so‘qmoqdari, qabilayu xalqlarini (batafsil) aniq bayonlab berishni so‘radi. Bundan maqsad Ibn Xaldunni imtihon qilish bo‘lib, Temur bu narsalarga myhtoj emas edi. Chunki uning tasavvuri xazinalarida butun mamlakatlar suratlari mavjud edi…» (3, 1, 68).
Ibn Xaldun xam Mag‘rib podshohiga yo‘llagan maktubida Amir Temur haqida «U o‘ta aqili, bilimdon, farosatli, ko‘p bahslashadigan (kishi edi)» deb yozadi (4, 741). Olimning og‘zaki javoblaridan koniqmagan sohibqiron, unga Mag‘ribni yozma tavsiflab berishni buyuradi. Keyinchalik, boshqa bir uchrashuvda Ibn Xaldun yozma bayonnomani taqdim etganida, Temur uni tarjimonga turk tiliga o‘girishini amr etgan.
Sohibqiron xodimlariga olim uchun «rishta» deb ataluvchi taom keltirishni buyuradn. Ibn Xaldun bu shirin taomni tanovul qilib bo‘lgach, sohibqironni o‘ttiz-qirq yildan beri ko‘rish orzusida yurganligini gapiradi, uni va turklarni ko‘klarga ko‘tarib maqtaydi. U Temurga qarata shunday deydi: «Sizga Ollohning o‘zi madadkor bo‘lsin… Siz olamning sultoni, dunyoning podshohisiz. Odam (ato) davridan to shu payigacha siz kabi podshoh chiqqan emas. Men o‘ylamasdan gapiradiganlar (xilidan) emasman, balki ilm ahlidanman. (Shuning uchun) buni aniq ifodalab beraman va shunday deyman: Saltanatning (abadiyligi) asabiyat (Odamlarning o‘z yurti, o‘z davlati, o‘z podshohi, o‘z urug‘i, o‘z tarixi, o‘z ajdodlari, umuman o‘ziga tegishli narsaga bo‘lgan muhabbatni Ibn Xaldun davlatning mustaxkamligi, kuch-kudratini belgilovchi asosiy omil deb hisoblaydi va o‘zining «Muqaddima» asarida buni «asabiyat» deb atagan) bilan bo‘ladi. Saltanat qudrati shundaylarning ko‘pligiga bog‘lik. Ilm ahlining avvalgilari ham, keyingilari ham birday ittifoqqa kelganlarki, insoniyatning ko‘pchilik qismi ikki guruhga bo‘linadi, yaʼni turklar va arablar.
Arablar o‘zlarining Payg‘ambari (Muhammad) dini atrofiga birlashganlarida qanday (kuchli) bo‘lganliklaridan sizlarning xabaringiz bor. Turklarga keladigan bo‘lsak, ularning Eron podshohlariga qarshi kurashlari, podshoh Afrosiyob (eronliklar) qo‘lidan Xurosonni tortib olishi, ularning podshohlikdagi ildizlaridan shahodatdir. Asabiyatda ularga yer yuzidagi hech bnr podshoh Xusrav ham Qaysar ham, Iskandar ham, Buxtannasr ham teng kela olmaydi. Xusrav forslarning kattasi va shohidir. Lekin forslar qayerdayu, turklar qayerda! Qaysar va Iskandar Rum podshohlaridur. Lekin rumliklar qayerdayu, turklar qayerda! Buxtannasr bobiliylar va nabotiylarning kattasidir. Lekin ular turklarga teng kela olardimi!» (4, 733).
Ibn Xaldun Amir Temurning huzurida bo‘lgan kunlarning birida Misrdagi abbosiylarning zurrayotlaridan bir kishi xalifa mansabiga tayinlashni iltimos qilib, sohibqironga murojaat etadi va bunga «Amirlik dunyo turguncha abbosiylar uchundir» degan yolg‘on hadisni dalil qilib ko‘rsatadi. Amir Temur qozilar va faqihlarni to‘plab, majlis o‘tkazadi. Ibn Xaldun majlisda daʼvogarning gaplari asossiz ekanligini tarixiy dalillar bilan isbotlab beradi. Amir Temur esa olimning fikriga suyanib ish tutadi. Ibn Xaldunning «Tarjimai hol»ida keltirilgan bu kichkina voqea sohibkironning ilm ahliga bo‘lgan hurmat-eʼtiborini, ulamolar fatvosi zarur bo‘lgan masalalarni yakka o‘zi hal qilmasdan, bamaslahat bo‘lib, ularning fikriga qarab ish tutganligini ko‘rsatuvchi yorqin dalildir.
Sohibqiron bilan bo‘lgan uchrashuvlarning birida Ibn Xaldun hadya qilish uchun Kurʼoni karim, chiroyli joynamoz, misrlik shoir al-Busiriyning (1212-1296) Payg‘ambarni madh etib, so‘fiyona ruhda yozgan «al-Burda» («Chopon») qasidasidan bir nusxa va to‘rt quti shirinliklarni olib borganligini yozadi: «Musʼhafi (sharifni) ochgan edim. (Temur) ko‘rishi bilanoq, uni tanib, o‘rnidan turdi va qo‘liga olib boshiga tekkizdi. Keyin men unga «Al-Burda»ni berdim. U qiziqib, bu qanday kitob, muallifi kim ekanligini so‘radi. Bilganlarimni gapirib berdim («Al-Burda» qasidasiga o‘rta asrlarda kasalliklardan tuzatuvchi, shayton vasvasasidan saqlovchi vosita deb qaralgan. Unga juda ko‘p sharhlar yozilgan. Jumladan, mashhur «Zafarnoma» asarining muallifi Sharafiddin Ali Yazdiy ham sharh yozgan bo‘lib, uning qo‘lyozma nusxasi O‘zR FA Sharqshunoslik Instituti xazinasida mavjud). Undan keyii joynamozni uzatdim, u qabul qilib oldi. Odob yuzasidan qutilardagi shirinliklarning chetidan birinchi o‘zim olib, keyin unga uzatdim. (Temur) ularni o‘tirganlarning hammasiga tarqatdi...» (4, 737).
So‘ng Ibn Xaldun sulton Farajning Misrga keta olmay qolgan kotiblari, devondorlari va xizmatkorlari uchun sohibkirondan iltimos qilib, omonlik xati yozdirib oladi: «(Temur) kotibga (omonlik xati) yozishni buyurdi. Men duo qilib, tashakkurlar aytib, kotib bilan birga chiqib ketdim. Kotib omonlik xatini yozdi. Shohmalik esa unga sultonning muhrini bosib berdi. Men uni olib, yashash joyimga ketdim» (4,738).
O‘rta asrlarda Misrdagi odatga ko‘ra qozilar kul rang xachir minishar va boshqalarga bunday xachirda yurish taqiqlanardi. Qozilik lavozimiga tayinlangan kishiga xilʼat (chopon) kiydirish bilan birga, yaxshi xachir ham berilardi. Amir Temur Shohdan ketish arafasida Ibn Xaldunga uning xachirini sotib olmoqchi ekanligini bildiradi. Olim o‘rtalaridagi muomala yaxshi bo‘lganligi uchun xachirni sotishga uyalib, shundoq berib yuboradi. Ammo, keyinchalik Ibn Xaldun Misrga qaytib ketgach, sohibqiron o‘zining oldiga kelgan Misr podshosining elchilari orqali xachirning haqini berib yuboradi.
Amir Temur o‘zi Shomni tark etishdan oldin Ibn Xaldunga Misrga ketishga ruxsat berib, yaxshilab kuzatib qo‘yadi. Olim 1401 yilning martida Qohiraga yetib keldi va umrining oxirigacha shu yerda qoldi. Bir necha marta qozilik lavozimiga tayinlanib, undan yana chetlashtirildi.
Ibn Xaldunning tarixiy asari «Kitob al-ibar» («Ibratlar kitobi») deb nomlangan bo‘lib, u Shimoliy Afrika va musulmon mamlakatlari tarixini o‘rganiщda, muhim ahamiyatga ega manba hisoblanadi. Asarning muqaddima qismi ham alohida bir asar xususiyatiga ega va unda muallifning tarix ilmiga, tarixiy jarayonga bo‘lgan qarashlari bayon qilingan. «Muqaddima»ni rus olimi S.M.Batsiyeva mukammal o‘rganib, monografiya nashr etgan (2).
Umrining oxirida Ibn Xaldun o‘zining tarjimai holini ham yozgan va u «at-Taʼrif bi Ibn Xaldun va rihlatuxu g‘arban va sharqan» («Ibn Xaldun bilan tanishuv va uning sharqu g‘arbga sayohati») nomi bilan tarqalgan. Ushbu «Tarjimai xol»ning bitta qo‘lyozma nusxasi Qohirada (Hadiviya kutubxonasi), ikkitasi Istanbulda (Ayyo So‘fiyo va Asad afandi kutubxonalari) saqlanmoqda. Shu qo‘lyozmalar asosida Kaliforniya universitetining professori Uolter Fishel «Tarjimai hol»dan Amir Temur va Ibn Xaldun uchrashuviga bag‘ishlangan qismining arabcha matnini tikladi, inglizchaga tarjima qilib, mukammal tadqiqot va izohlar bilan nashrga tayyorladi. 1952 yili bu tadqiqot arab tiliga va Said Nafisiy tomonidan fors tiliga ham tarjima qilingan (6 va 8).
1966 yil «Kuryer YUNESKO»ning 6-sonida jurnalist Barbara Breyning «Istorik Ibn Xaldun» maqolasi eʼlon qilingan va unda sohibqiron bilan olimning uchrashuvi haqida ham maʼlumot berilgan. Illy maqola asosida M.Qayumov «Somon yo‘li» nomli to‘plamda bu tarixiy uchrashuv bilan o‘zbek o‘quvchisini tanishtirgan (Qayumov M. Sohibqiron bilan uchrashuv. – Somon yo‘li/ Adabiy tarixiy majmua. Toshkent, 1992, 143-155 betlar).
1988 yilda Bayrut shahrida Ibn Xaldunning «Kitob al-ibar» asari «Tarix Ibn Xaldun» nomi bilan sakkiz jildda nashr etildi. Uning birinchi jildi «Muqaddima» va sakkizinchisi esa ko‘rsatkichlardan iborat. Yettinchi jild oxiriga esa «Tarjimai hol» to‘liq kiritilgan va u «at-Taʼrif bi Ibn Xaldun muallif haza-l-kitob» («Bu kitob muallifi Ibn Xaldun bilan tanishuv») deb nomlangan.
Albatta, ikki buyuk shaxs – sarkarda bilan allomaning uchrashuvi haqida Ibn Arabshoh ham o‘zining «Ajoyib al-maqdur» asarida, yuqorida zikr etganimizdek, qisqa maʼlumot bergan. Lekin, u mazkur uchrashuvning shaxsan shohidi bo‘lmaganligi uchun uni batafsil bayon qilish imkoniyatiga ega bo‘la olmagai. Shu jihatdan qaraganda ham Ibn Xaldunning o‘zi yozgan «Tarjimai hol» muhim ahamiyatga ega va tarix tadqiqotchilari uchun qimmatli manba hisoblanadi.
Biz «Tarjimai hol»ning Ibi Xaldun va Amir Temur uchrashuviga bag‘ishlangan qismini Bayrut nashri asosida o‘zbekchalashtirib, izohlar tuzishda U. Fishel tadqiqotlaridan foydalandik. Yaqinda tarjima «Amir Temur va Ulug‘bek zamondoshlari xotirasida» nomli to‘plamda nashr bo‘ldi. Shuning uchun ushbu maqolamizda mazkur tarixiy uchrashuv haqida qisqa maʼlumot berish bilan kifoyalandik.
Izohlar va dalillar.
1 Barbara Brey. Istorik Ibn Xaldun.– J. «Kuryer». YUNESKO, 1966, № 6.
2. Batsiyeva S.M. Istoriko-sotsiologicheskiy traktat Ibn Xalduna «Mukaddima». – M., 1965.
3. Ibn Arabshoh. Amir Temur tarixi. – U.Uvatov. Toshkent, 1993, 1-2 jild.
4. Ibn Xaldun. Tarix Ibn Xaldun. – Bayrut, 1988, 7- jild.
5. Ivanov N.A. «Kitab al-ibar» Ibn Xalduna kak istochnik po istorii stran Severnoy Afriki v XVI veke.– Arabskiy sbornik. M., 1959, s. 3-45.
6. Liqai Ibn Xaldun bi Taymurlang. Taʼlif. U.Fishel. – Dag‘dod–Nyu-York, 1952.
7. Qayumov M. Sohibqiron bilan uchrashuv. – Somon yo‘li/ Adabiy-tarixiy majmua. Toshkent, 1992, 143-155 betlar.
8. Temurlang va Ibn Xaldun. Mutarjim S.Nafisiy. Tehron, 1952.
A. Xabibullayev
Sharqshunoslik. № 7, 1996. - 208 b. B. 132-139. (O‘zbekcha);
Историческая встреча (Амир Темур и Ибн Халдун).
Fikr qoldirish#