Sinov yoʻsinida ishlamoqda

Temuriylar davri yozma yodgorliklaridagi turkiy harbiy atamalar

Amir Temur 1370 yili Chig‘atoy ulusining g‘arbiy qismida yangi davlatga asos soldi va keyinchalik uni kuchli markazlashgan davlatga aylantirishga erishdi. Uning saltanatida tili, madaniyati va urf odatlari bir-biridan farq qiluvchi o‘troq va ko‘chmanchi xalqlar ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy jihatdan yagona hududiy birliqda yashab, ularning til va yozma madaniyati maʼlum muddat yagona muhitda shakllanib bordi.

Amir Temur va temuriylar hukmronlik qilgan XIV asr oxiri XV asrlar Markaziy Osiyo xalqlarining ijtimoiy-siyosiy madaniy-maʼnaviy va maʼrifiy hayotida tub burilish davri bo‘lish bilan birga turkiy tilning shakllanish jarayonida ham muhim ahamiyat kasb etdi.

Temuriylar davrida turkiy tilning mavqei faqatgina mazkur tilda yaratilgan adabiy asarlarda emas, balki davlat boshqaruviga doir atamalarda ham ko‘zga tashlanadi. Garchi, temuriylar davrida turkiy tilda yaratilgan tarixiy yozma manbalar nisbatan ozroq bo‘lsa-da, ammo bu to‘g‘ridagi maʼlumotlar o‘sha davr forsiy manbalaridan ham o‘rin olgan.

Umuman olganda, Temuriylar davri turkiy tili tilshunoslik nuqtai nazaridan 20 asr davomida ancha yaxshi o‘rganilgan va bu borada ko‘plab ishlari nashr etilgan. Bevosita Temuriylar davri harbiy sohaga oid atamalar H.Dadaboyev risolasida o‘rganilgan (Dadaboyev H. Amir Temurning harbiy mahorati. - T., 1992). Aynan temuriylar davri forsiy manbalaridagi turkiy so‘zlar qatlami sharqshunos G‘.Karimovning bir maqolasini nazarda tutmaganda umuman o‘rganilmagan (Karimov F. «Muntaxab at-tavorixi Muiniy» asaridagi turk-mo‘g‘ul harbiy atamalari. Sharqshunoslik, 1995. № 6. – B. 67-74). Shu sababli ham ushbu yo‘nalishda tadqiqot olib borish til tarixi, atamashunoslik, tarixshunoslik fanlari oldidagi dolzarb vazifalar qatorida turibdi.

Mazkur maqolada biz Sharafiddin Ali Yazdiyning «Zafarnoma», Ulug‘bekning «To‘rt ulus tarixi», Fasihiddin Xavofiyning «Mujmali Fasihiy», Mirxondning «Ravzat us-safo», Xondamirning «Habib us-siyar», Mirzo Haydarning «Tarixi Rashidiy» kabi o‘sha davrda yaratilgan tarixiy asarlardagi harbiy sohaga doir ayrim turkiy atamalarni tahlil qilishga harakat qildik.

Amir Temur o‘z davlatining kuch kudratini oshirish uchun yaxshi qurollangan muntazam ko‘shin tuzib, harbiy ilm va tajribalardan unumli foydalanishga intilgan. U o‘z lashkarida «amir» va «amir ul-umaro» (bosh amir) kabi yuqori darajali harbiy unvonlar joriy qildi; qo‘shin boshlikdarini tanlash, lashkar qismlari hamda ularning joylashish tartibi, navkarlarning qurollanishi, ichki intizom kabi masalalarga kata eʼtibor bergan (Bu haqda qarang: Temur tuzuklari. Fors tilidan H.Karmatov va A.Sog‘uniy tarjimasi. - T.: G‘.G‘ulom, 1991. – B. 69; Muhammadjonov A. Amir Temur va temuriylar saptanati. – T., 1996. – B. 31).

Amir Temur qo‘shini o‘ntalik askariy birikmalar asosida tuzilgan bo‘linmalardan iborat bo‘lgan. Lashkar o‘n minglik – «tuman», minglik – «hazora», yuzlik – «xo‘shun» va o‘nlik –«ayl» birikmalariga bo‘lingan. Ularni boshqaruvchilar «tuman og‘asi», «miri hazora», «xo‘shun boshi» (yoki «yuzboshi») va «aylboshy» deb atalgan (Temur tuzuklari. – B. 70). Harbiylarga beriladigan maosh va boshqa imtiyozlar haqida Temur tuzuklarida aniq yozilgan.

Amir Temur qo‘shini joylashishida arabiy xalqlarning harbiy taktikasi tajribalaridan kirib kelgan maymana, maysara, qalb, izofa, qanbul kabi atamalar ham qo‘llangan. Lekin, ko‘shin tuzilishida ularning turkiy tildagi ekvivalentlari, masalan «maymana» (o‘ng) va «maysara» (so‘l) o‘rniga «juvong‘or» (o‘ng) va «burong‘or» (so‘l) qo‘llanilgan. Ko‘p hollarda esa, turkiy xalqlarning qadimiy jang uslublari turkiy atamalar orqali berilgan. O‘sha davr yozma manbalarda uchraydigan harbiy sohaga oid turkiy atamalarni quyidagi guruhlarga ajratish mumkin:

1. Harbiy lavozimlar: mingboshi, yuzboshi, o‘nboshi, tavochi, yasovul, tug‘begi.

2. Harbiy va jang anjomlari bilan bog‘lik atamalar: cherik, qo‘shin, o‘g‘ruq, olachuq, burg‘u, kurno, tunbak, tabl, juldu, bayroq, cho‘moq, to‘qmoq, qo‘shun, tug‘.

3. Jang taktikasiga oid atamalar: qo‘nalg‘a, qishlamishiy, burong‘or, juvong‘or, bustung‘or, buxtarma, muljar, buljor, ilg‘or, chopqun, chapovul, qarog‘u, qacharchi, takomishiy, chandavul, chig‘davul.

Quyida ularning ayrimlariga to‘xtalib o‘tamiz. Maʼlumki, harbiy lavozimlardagi mingboshi, yuzboshi va o‘nboshi atamalari so‘z maʼnosidan kelib chiqqan holda ming, yuz va o‘n kishilik bo‘linmalar boshligi maʼnolarini anglatishini bilib olish mumkin.

Bu haqda «Temur tuzuklari»da shunday deyiladi: «qachonki asl sipohiylardan ish ko‘rgan, jangu-jadal bilan suyagi qotgan o‘n kishi yig‘ilsa ulardan qaysi birining shijoati, botirligi ortiqroq bo‘lsa qolgan to‘kkiztasining roziligi va maʼqullashi bilan uni o‘zlariga boshchi saylab otini o‘nboshi deb atasinlar» (Temur tuzuklari. – B. 69). Xuddi shuningdek, yuzboshi va mingboshilarning tayinlanishi ham shu yo‘l bilan amalga oshirilgan.

Aslida Chingizxon davridan boshlab, Shayboniylar davrigacha nufuzli harbiy mansablardan biri bo‘lgan tavochi so‘zi bundan-da kengroq maʼnolarda qo‘llanilgan. Temuriylar davri manbalari tahliliga qaraganda, uning zimmasiga viloyatlarga borib qo‘shin to‘plash, yurish paytida qo‘shinning to‘xtash joyini belgilash qirgan.

Favqulodda holatlar vaqtida esa atrof aholini qalʼa ichiga olib kirish bilan hamda hukumatning maxsus topshirig‘i bilan maxsus inshootlar qurilishi, jazo choralarining bajarilishini ham nazorat qilgan. Eʼtibor beradigan bo‘lsak, Chingizxon davrida mo‘g‘ullarning ko‘chmanchi turmush tarzida aholining kalʼa ichiga olib kirish xamda xukumat topshirig‘i bilan maxsus inshootlar qurilishiga rahbarlik qilish kabi vazifalar bo‘lmagan. Tavochining bu kabi vazifalari sekin-asta o‘troq turmush tarziga o‘ta boshlagan Chig‘atoy ulusi davrida shakllanib, Amir Temur saltanatida uzil-kesil qaror topgan degan xulosaga kelish mumkin.

Bu davrga oid harbiy sohaga doir turkiy atamalarning ko‘pchiligi jang taktikasiga mansubligi ham diqqatga sazovordir. Jumladan, «barong‘or» ( برانغار ) va javong‘or ( جوانغار ) ko‘shinning o‘ng va chap kanotini bildirgan. Ular markaziy qicm hisoblangan – qalb bilan birga Amir Temur qo‘shining asosiy jangovar qismini tashkil etgan (Dadaboyev H. Amir Temurning harbiy mahorati. – T., 1992. – B. 3-8).

«Chapovul» atamasi chig‘atoy turkiysida «chopmoq» yaʼni, xujum uyushtirmoq maʼnolarini bildirgan (Budagov 3.L. Sravnitelnыy slovar turetsko-tatarskoy narechiy. T.1-2. – M., 1960. T.1. – S. 452). Bundan tashkari, chapovul xabarchi, pochtachi maʼnolarida ham qo‘llanilgan. Chapovul qo‘shinning ushmanga to‘satdan hujum qiluvchi qismi bo‘lgan. Temur tuzuklaridagi maʼlumotlarga qaraganda, chapovul qo‘shinning shaqovul deb ataluvchi qismi bilan bir paytda jangga kiritilgan.

«Shaqovul» atamasi xam forsiy manbalarda uchraydi. Xususan, Nizomiddin Shomiyninng «Zafarnoma» asarida shaqovul qo‘shinning chap qanotini qo‘riklab turuvchi harbiy bo‘linma sifatida tilga olingan. Sharafiddin Ali Yazdiyning «Zafarnoma» asarida esa, elchilarni kerakli yaroqlar bilan taʼminlash ishlari bilan shug‘ullanuvchi saroy xodimi sifatida xam talqin qilingan (Nizomiddin Shomiy. Zafarnoma. Fors tilidan o‘giruvchi – Yunusxon Hakimjonov. Tarjimani qayta ishlab nashrga tayyorlovchi va masʼul muharrir – Asomiddin O‘rinboyev. — T., 1996. – B. 519).

«Chopmoq» feʼlidan kelib chiqqan yana bir turkiy atama bu «chopqun» bo‘lib, chopqun tunda dushman o‘rdasiga uyushtirilgan xujumni anglatgan. Bu atama fors tilidagi «shabixun» so‘zining maʼnodoshi.

«Ilg‘or» atamasi «ildam», «ildam yuruvchilar» (avangard) maʼnolarida kelgan bo‘lib, u Amir Temur qushinining asosiy qismidan yengil qurollanib, ilgarirok yuruvchi bo‘linmaga aytilgan (Nizomiddin Shomiy. Zafarnoma. – B. 510). Qo‘shinda yo‘lboshlovchilik vazifasini bajaruvchiga yana bir bo‘linma «qacharchi» deb atalgan (Nizomiddin Shomiy. Zafarnoma. – B. 521). Qacharchilar harbiy yurish vaqtida muhim ahamiyatga ega bo‘lgan. Shu sababli bu bo‘linmani Amir Temurning shaxsan o‘zi taqsimlab bergan (Muhammadjonov A. Amir Temur va temuriylar saltanati. - T., 1996. - B.29).

Qo‘shinning joylashishidan tashqari, jang paytida qo‘llaniladigan strategiyaga oid atamalar ham bo‘lib, ulardan biri «buxtarma» qadimgi turkiy tildan o‘zbek tiliga tarjima qilganda «pistirma» yoki «tuzoq» maʼnolarini bildirgan. Buxtarma atamasi bilan bir paytda uning maʼnosiga yaqin bo‘lgan mo‘g‘ul tilidagi «bustung‘or» atamasi ham keng qo‘llanilgan.

«Qarag‘u» atamasini esa, izohlashga hojat bo‘lmasa kerak. Bu so‘z o‘zbek tilidagi «qaramoq» feʼlidan olingan bo‘lib, soqchilar turadigan kuzatish joyini bildirgan. Demak karag‘u janglardan oldin vaziyatni o‘rganish uchun kuzatish joyi degan xulosaga kelish mumkin.

Abdurazzoq Samarkandiyning «Matlai saʼdayn» asarida uchraydigan «takomishiy» atamasi yuqorida tilga olingan «chopqun» so‘zi maʼnosiga yaqin. Lekin, aytilganidek, chopqun dushmanni oldindan belgilab olingan bir bo‘linmasiga uyushtirilgan va kutilmaganda amalga oshirilgan. Takomishiy esa jang oxirida chekinayotgan dushman qo‘shinini jadallik bilan quvib yetib olib yakuniy zarba berishni anglatgan. Masalan, «Zafarnoma»da «takomishiy kardand» (كردند تكامشى) (Sharafiddin Ali Yazdiy. Zafarnoma. O‘zR FA Sharqshunoslik instituti qo‘lyozmasi, № 4472, fotofaksimil nashr. Nashrga tayyorlovchi, so‘zboshi, izoh va ko‘rsatkichlar muallifi A.O‘rinboyev. - T.: Fan. 1972. – 193b varaq) so‘zi juda ko‘p uchraydi.

Harbiy yurishlar vaqtida qo‘shin to‘xtab dam olish lozim bo‘lsa, bo‘linib yoki bo‘linmasdan vaqtinchalik qarorgoh «qo‘nalg‘a» qurilgan. Qish paytidagi yurishlarda esa, askarlarning to‘xtab turishi «qishlamishiy» deyilgan. «Qishlamishiy» atamasi esa turkiy tilidagi «qish» so‘zi o‘zagidan kelib chiqqan bo‘lib, qishlaydigan joy emas balki, harbiy qo‘shin yoki hukmdor o‘rdusining qishlashi maʼnosini ifodalagan. Mahmud Qoshg‘ariyning taʼkidlashicha, «qishlik» – «قشليق» so‘zi qishlaydigan joy maʼnosini anglatgan (Maxmud al-Kashgari. Divan lugat at-turk. Perevod i predisloviye i kommentarii Z-t. A.M.Auezovoy. - Almatы, 2005. 2814). «Zafarnoma» asarida qish faslini o‘tkazish uchun o‘tov tikish «qishloq kardand» degan maʼnoda ko‘p qo‘llanilgan. «+ mishiy» komponentli ayrim turkiy so‘zlar G‘.Karimov tomonidan temuriylar davrining boshqa bir muarrixi – Natanziyning «Zubdat ut-tavorixi Boysung‘uriy» asaridagi maʼlumotlar asosida ham tahlil qilingan (G‘.Karimov «Muntaxab at-tavorixi Muiniy» asaridagi turk-mo‘g‘ul harbiy atamalari. – B. 67).

Qo‘shinning qo‘nalg‘asi markaziy qismi yaʼni, harbiy qo‘mondonlik joylashadigan hudud «o‘rdu» deb atalgan. O‘rdu yoki o‘rda chingiziylar davridan boshlab keng isteʼmolga qirgan bo‘lib, Oltin O‘rda, Ko‘k O‘rda, Oq O‘rda kabi atamalar keyinchalik davlat nomiga aylangan. XIX asrda Qo‘qon xonligida xon qarorgohi xamda Toshkent xokimining qarorgohi ham o‘rda deb atalgan.

Qo‘nalg‘a sifatida barpo qilingan o‘rdu atrofi vaqtinchalik mudofaa vositalari – «muljor», «buljor» «xandaq» yoki «o‘ra»qazilgan. Turkiy til lug‘atida esa, buljor ( بلجار ) va muljor ( ملجار ) so‘zi aynan bir maʼnolarni bildirishi qayd qilingan (Budagov Z.L. Sravnitelnыy slovar turetsko-tatarskoy narechiy. T.1. – S.298). Unga ko‘ra, buljor hujumga o‘tishdan oldin maʼlum bir bo‘linmaga ajratib berilgan yer, hujumga o‘tiladigan yer (Fasix Axmad al-Xavafi. Mudjmal-i Fasixi («Fasixov svod»). Per. s pers., predisl., primech. i ukazateli D.Yu.Yusupovoy. - T., 1980. – S. 180, 265). Qo‘nalg‘a esa, o‘rduning himoya uchun belgilab berilgan tomoni, unga alohida kishilar tayinlangan. O‘ra va xandaq esa qazilgan chuqurlik bo‘lib, dushmanning otliq va piyodalarining tez yaqinlashishiga to‘sqinlik qilgan.

Jangchilarning qo‘nalg‘adagi yotoqlari issiq vaqtlarda ochiq tabiatda, sovuq kunlarda esa «o‘g‘ruq», «olachuq» deb ataladigan chodirlarda bo‘lgan.

Temuriylar davri manbalarida harbiy sohaga doir atamalar ichida harbiy musika asboblari nomlari ham uchraydi. Ular puflab chalinadigan «burg‘u» va urib chalinadigan «tabl», «kurno» va «tunbak»dir. Kurno bu naqoraga uxshash cholg‘u asbobi bo‘lib, hajm jihatdan kattaroq bo‘lgan. To‘nbak esa ikki tomondan barmoqlari bilan urib chalingan. Umuman olganda, harbiy musiqa asboblari dushmanni dahshatga solish va jangchilar ruhiyatini ko‘tarishda muhim bo‘lib, ularning ijrosi bilan maxsus belgilangan jangchilar shug‘ullanganlar.

Yuqoridagilardan kelib chiqib aytish mumkinki, temuriylar davri harbiy sohaga doir atamalarning aksariyati turkiy-mo‘g‘uliy tilida bo‘lib, bu bir tomondan turkiy xalqlarning asrlar davomida shakllangan tili va anʼanalari bilan, ikkinchi tomondan esa Chingizxon va Chig‘atoy ulusi davrida shakllangan harbiy boshqaruv anʼanalari bilan bog‘liq.

The article is about the military terms in the ruling system of Amir Temur and Temurids epoch. There are some examples from the books: «Zafarnameh» by Sharafuddin Ali Yazdi, «Tarikhi ulusi arba» by Mirzo Ulughbek, «Mujmali Fasihiy» by Fasih Ahmad Khavofiy, «Ravzat us-safo» by Mirkhond, «Habib us-siyar» by Mirzo Khaydar in it.


Azizjon Sharipov

Temuriylar tarixiga oid manbalar. «Temuriylar tarixiga oid manbalar» mavzuida o‘tkazilgan Respublika miqyosidagi ilmiy-amaliy konferensiya materiallari. Toshkent, Temuriylar tarixi davlat muzeyi. 18 oktabr 2007 yil. «Ilmiy salohiyat va zamon» mavzuidagi yosh tadqiqotchilarning ilmiy-amaliy seminari materiallari. Masʼul muharrir: t.f.n. Nozim Habibullayev; ilmiy muharrir: t.f.n. Omonullo Bo‘riyev. O‘zR FA Temuriylar tarixi Davlat muzeyi.

18 oktabr 2008 yil. 4-KITOB. – Toshkent, 2010. – B. 80-84. (O‘zbekcha); Военные термины на тюрки в рукописных памятниках в эпохе Тимуридов.

Fikr qoldirish#


O‘qish tavsiya qilinadi
Yosh shoirning shakllanishi yoki Bobur Mirzo Farg‘ona viloyati podshohi (1494-1504)

Zahiriddin Muhammad Bobur 1483 yil 14 fevral kuni Andijonda Farg‘ona...

Hukmdorlarga o‘rnak bo‘ladigan, dunyo olimlari havas qiladigan umr e’tirofi

This article explores the historical significance of Babur and the...


Maqolani baholang
0.0