XIV asr oxiri – XV asr Markaziy Osiyoda, xususan, Movarounnahr va Xurosonda Amir Temur va temuriylarning hukmronlik davri bo‘lib, bu davrda siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy sohalarda katta yutuqlarga erishilgan. O‘sha davr madaniy-maʼnaviy hayotida musiqa sanʼati ham keng darajada rivojlangan.
Temuriylar davrida musiqa ilmiga bag‘ishlab yozilgan asarlardan tashqari adabiy va tarixiy asarlarda ham o‘sha davrda yashab ijod etgan sozandalar va qo‘shiqchilar to‘g‘risida qimmatli maʼlumotlar mavjud.
Quyida biz temuriylar davri madaniy hayotida muhim o‘rin tutgan Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur va Mirzo Muhammad Haydar asarlaridagi maʼlumotlarga to‘xtalmoqchimiz.
Alisher Navoiyning «Majolis-un-nafois» asarida Husayn Boyqaro hukmronligi davri sozandalari Mavlono Muhammad Jomiy, hoji Yusuf Burhon, Mavlono Qadimiy, Mavlono Riyoziy, Muhammad Ali G‘aribiy, Mavlono Shayxiy, Mavlono Salimiy, xoja Abdulloh Marvorid, Pahlavon Muhammad Go‘shtigir va boshqalar to‘g‘risida qimmatli maʼlumotlarni keltiriladi.
«Majolis-un-nafois»dagi maʼlumotlarga qaraganda Abdurahmon Jomiyning inisi Mavlono Muhammad Jomiy bu davrning havor (qo‘shiq) va musiqa ilmining mashhur namoyandalaridan biri bo‘lgan (Abdurahmon Jomiyning ... bo‘lgan ... Muhammad o‘z davrining mashhur tabiblaridan ... shuhrat topgan edi. Qarang: Bertels Ye.E. Navoi i Djami. M.: str. 112). Navoiyning so‘zlariga qaraganda Mavlono Muhammad Jomiyning qabri Mavlono Saʼdiddin Qoshg‘ariy (Mavlono Saʼdiddin Koshg‘ariy (vaf. 1456 y.) - hirotlik shayx, naqshbandiya tariqatining yirik vakili, Abdurahmon Jomiyning maʼnaviy ustozlaridan biri. Qarang: Bertels Ye.E. Navoi i Djami. M.: str. 112, 113) qabrining oyoqlari tomonidadir (Alisher Navoiy. Majolis-un nafois. 14-jild. Matnni tarjima izohlar bilan nashrga tayyorlovchi S.G‘aniyeva. T., 1997. 28-bet. Bundan keyin Majolis-un nafois deb yoziladi). Navoiy ushbu asarida musiqa ilmida o‘zining ustozi bo‘lgan xoja Yusuf Burhon haqida ham baʼzi bir maʼlumotlarni keltiradi (Majolis-un nafois. 59-bet). Jumladan, u shayx-ul-islom Ahmadi Jomiyning (Shayx-ul-islom Ahmadi Jomiy – Abu Nasr ibn Abul Hasan (1049-1114). Zindaril laqabi bilan ham tanilgan. Bir qator asarlar muallifi. Qarang: Majolis-un nafois. 239-bet, 86-izoh) yaqin avlodi bo‘lib, ko‘proq o‘z sheʼrlariga musiqa bog‘lagan. Xususan, «Isfahon» amalini o‘zining ushbu baytiga bog‘lagan:
Rasad mavsumi shodiyu ayshu tarab,
Agar gado ba murodi dile rasad chi ajab.
Tarjimasi:
Shodlik, zavq va xushchaqchaqlik mavsumi kelib,
Gado ham o‘z dilidagi murodiga yetishsa ne ajab?
Xoja Yusuf Burhon Jomda vafot etgan. Qabri shayx-ul-islom Ahmadi Jomiy hazirasidadir.
«Majolis-un-nafois»da tilga olingan Mavlono Riyoziy ham advor va musiqa ilmida ijod qilgan (Mavlono Riyoziy – Imomuddin Riyoziy Samarqandiy (vaf. 1475 y.) musiqa ilmidan tashqari xattotlik, ilmi nujum bilan shug‘ullangan. Baʼzi tazkiralarda yoshligida vafot etganligi ko‘rsatilgan. Riyoziy devoni nusxalari London, Bangola, Dushanbe kutubxonalarida saqlanadi. Majolis-un nafois. 14-jild. T.: 1997. 241-bet. 113-izoh). Mavlono Riyoziy Samarqandlik bo‘lgan va shu yerda vafot etgan (Majolis-un nafois. 59-bet).
Alisher Navoiy «Majolis-un nafois» asarida o‘zining kichik tog‘asi Muhammad Ali G‘aribiy haqida ham to‘xtalib shunday yozadi: «... ko‘proq sozlarni yaxshi chalar erdi. Uni va usuli xub erdi» (Majolis-un nafois. 66-bet). Bu yerda muallifning «uni va usuli xub erdi» deganida Muhammad Alining ovozi va kuylash usuli yaxshi edi demoqchi bo‘lganligini anglash qiyin emas. Bu bilan Muhammad Ali G‘aribiyning shoir va sozanda bo‘lish bilan birga yaxshigina qo‘shiqchi bo‘lgan, deyishimiz mumkin.
Shuningdek, «Majolis-un nafois» asarida iroqlik Mavlono Solimiy va tabaslik Mavlono Shayxiy to‘g‘risida ham maʼlumotlar uchraydi. Navoiyning yozishicha Mavlono Solimiy Iroqdan Xurosonga tahsil olish uchun kelib, ud (Ud – Sharq xalqlarida keng tarqalgan torli chertib chalinadigan musiqa asbobi. Dastlab to‘rt torli bo‘lgan; tilga olinayotgan davrda esa, 10-12 juft torli bo‘lgan. Ud haqida qarang: Vыzgo T. Muzыka i miniatyurы Bexzada i xudojniki yego shkolы. V kn.: Kamaliddin Bexzad (k 525 letiyu so dnya rojdeniya). Materialы nauchnoy konferensii. T.: 1984. Str. 32) va tanbur chalishni o‘rganadi va musiqa ilmida tasniflar bitgan (Majolis-un nafois. 81-bet).
Mavlono Shayxiy esa advor va musiqa ilmini Iroqqa borib o‘rgangan. Tabasga (Tabas – hozirgi Xuroson viloyatining janubi-sharqidagi shahar) qaytib kelgach shayxlikni qabul qilib, shu yerda vaqf va tavliyat (Tavliyat – vaqf ishlari boshqaruvchisi) ishi bilan mashg‘ul bo‘lgan (Majolis-un nafois. 101-bet).
Bu davrning mashhur sozandalaridan Ustod Qulmuhammad Navoiyning yozishicha Shibirg‘ondan bo‘lib, yoshligidan g‘ijjak chalish bilan shug‘ullangan. Bundan tashqari qo‘bizni ham yaxshi chalgan. Muammo qoidalarini puxta egallagan Ustod Qulmuhammad «Nur» taxallusi bilan ham ijod qilgan (Majolis-un nafois. 135-bet). «Majolis-un-nafois» asarida xoja Abdulloh Marvorid (Xoja Abdulloh Marvorid – mashhur ..., xattot va davlat arbobi. Qarang: Yunusʼhoji ... M. Abdulloh Marvorid. T., 1979. Yunusxodja ... M. Izvestnыy kalligraf Gerata xodja Abdulla Marvarid sovremennik Kamaliddina Bexzada. V kn.: Kamaliddin Bexzad (k 525 letiyu so dnya rojdeniya). Materialы nauchnoy konferensii. T.: 1984. Str. 93-97) to‘g‘risidagi maʼlumotlar diqqatga sazovordir. Navoiy uni xoja Abdulloh Sadr deb tilga oladi va vazarot devonida muhrbosar lavozimida bo‘lganligini aytib o‘tadi va uning musiqadan tashqari muammo janrida «Dovud» taxallusi bilan ijod qilganligini yozadi (Majolis-un-nafois. 141-bet). «Majolis-un-nafois»dagi maʼlumotlarda nomi tilga olingan sozandalarning xulq-atvori xususida ham baʼzi xabarlar bor. Masalan, Navoiy Ali Karmalni o‘ta pastkash va badzabon deb taʼriflasa, xoja Abdulloh Marvoridni odamoxun, yaxshi suhbatdosh bo‘lish bilan birga g‘aflat va beparvolikdan o‘zga hech aybi yo‘q deb yozadi. Mavlono Riyoziyni esa takabbur kishi edi, deydi (Majolis-un nafois. 118, 141, 59-betlar).
Zahiriddin Muhammad Bobur ham yuqorida taʼkidlangan sozandalar bilan birga Shayx Noiy, iroqlik Shohquliy G‘ijjakiy, Husayn Udiy, G‘ulom Shodiy, Mir Azu (G‘azu) va boshqalar to‘g‘risida ham to‘xtalib o‘tadi. Maslan, Ustod Qulmuhammadni Qul Muhammad Udiy, deb tilga oladi va uning g‘ijjakni uch torli qilib yasalganini aytadi (Boburnoma. T., 1960. 244-bet). «Boburnoma»da G‘ulom Shodiy haqida yozilgan maʼlumotlar misolida Shayboniyxon bosqinidan keyin, Husayn Boyqaro saroyi sozandalarining taqdiri qanday kechganligini ko‘rishimiz mumkin. Unda keltirilishicha, temuriylar davrining mashhur musiqachilaridan Shodiy xonadonidan bo‘lgan G‘ulom Shodiy Shayboniyxon tomonidan Qozon xoni Muhammad Aminxoja saroyiga yuborilgan (Boburnoma. 244-bet). Albatta bu tushunarli hol. Chunki, Husayn Boyqaro saroyi sanʼatkorlarining ovozasi qo‘shni davlatlarda ham maʼlum va mashhur edi.
Mirzo Muhammad Haydarning (Mirzo Muhammad Haydar (1499-1551) – muarrix, davlat arbobi va lashkarboshi. Hirot madaniy muhiti bilan yaqindan tanish bo‘lib, musavvirlik, xattotlik, zargarlik va boshqa hunarlarni ham egallagan. Nazmda, falsafiy-didaktik mazmundagi «Jahonnoma» va «Mahmudnoma» asarlari ham maʼlum. Mirzo Muhammad Haydar haqida batafsilroq qarang: Bartold V.V. Xayder Mirza. Soch. T. VIII. M.: 1973. Str. 598; O‘rinboyev A.Muhammad Qozi va Mirzo Haydar. Jamiyat va boshqaruv. 1997. № 1. 47-bet; Mirzo Muhammad Haydar Ayoziy. Jahonnoma. Nashrga tayyorlovchilar: S.A.Azimjonova, A.O‘rinboyev, O.H.Jalilov. T.: 1999. 3-21 betlar va boshq.) «Tarixi Rashidiy» asari nafaqat Markaziy Osiyoning XV-XVI asr boshlaridagi ijtimoiy-siyosiy tarixini balki, XV asrda Xurosondagi madaniy hayotni yoritishda ham qimmatli manbadir. Asarda shu davrda Xurosonda yashab ijod etgan qo‘shiqchi va sozandalar to‘g‘risida maʼlumotlar keltiriladi. Shuni alohida qayd etish lozimki, asarda Mirzo Haydar turli uslubda qo‘shiq ijro etuvchi qo‘shiqchilarni «hofiz» deb ataydi. Vaholanki, o‘sha davr adabiyotlarida «hofiz» deganda ko‘pincha Qurʼoni Karimni qiroat qiluvchilar (Maqolada «qiroat qiluvchilar» tarzida xato tarjima qilingan; to‘g‘risi: 1) «Qurʼoni karimni to‘liq yod olgan kishi, hofizi Qurʼon»; 2) hofiz (katta miqdorda hadis yod olgan kishi); qarang: Al-Qomus. Arabcha-o‘zbekcha qomusiy lug‘at. [Matn] [4 jildlik], J. 1. Tuzuvchilar: N. Ibrohimov [va boshq.] – Toshkent: G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi, 2017. – 848 b. –B.639) tushunilgan.
Xususan, Alisher Navoiy «Majolisun nafois» asarida «hofiz» deb tilga olingan Hofiz Ali Jomiy va Hofiz Yoriy Qurʼon xatm qiluvchi o‘tkir qiroatchilar bo‘lganligini taʼkidlaydi (Majolis-un nafois. 41, 42, 44-betlar).
Bu asarda yozilishicha, bu davrning eng mashhur qo‘shiqchilaridan biri hofiz Basir bo‘lib, u qo‘shiqchilik sohasida ustozlik qilgan. Aytishlaricha, bahor kunlarining birida hofiz Basir bog‘da qo‘shiq kuylaganda atrofidagi bulbul va kabutarlar kelib uning yelkalari va boshiga qo‘nib olgan ekan (Mirzo Muhammad Haydar. A.O‘rinboyev. ....). Uning shogirdi hofiz Ali esa, juda baland ovoz sohibi bo‘lgan va ayni paytda og‘ir hamda nozik qo‘shiqlarni maqomiga yetkazib ijro etgan.
Boshqa bir qo‘shiqchi hofiz Jomiy esa, past ovoz bilan muloyim ohangda, biroq hofiz Hasan Alidan oddiyroq usulda qo‘shiqlar kuylagan. Mirzo Haydarning sozandalar to‘g‘risidagi maʼlumotlari esa Navoiy va Bobur maʼlumotlarini to‘ldiradi.
«Tarixi Rashidiy»da keltirilishicha, Ustod Qulmuhammad g‘ijjak va udni juda yaxshi chalgan. Shayx Noyi esa «Ustod» nomi bilan tilga olinadi va barcha musiqa asboblarini chalishda ustod darajasiga yetganligini taʼkidlaydi. Shunday bo‘lsada Shayx Noyining asosiy mashg‘uloti nay chalish bo‘ladi va shu bilan shahrat topgan.
Navoiy va Bobur xoja Abdulloh Marvaridni qonunni chalishdagi mahoratini aytib o‘tadi. Mirzo Haydar esa, uning qonunni chalish bilan birga ushbu musiqa asbobini mukammallashtirganligi to‘g‘risida ham xabar beradi. Aniqrog‘i, xoja Abdulloh Marvarid qonun asbobining karnay qismini ixchamlashtirib uning ovozini yana ham yoqimli bo‘lishiga erishgan (Tarixi Rashidiy. str. 265).
Shuningdek, «Tarixi Rashidiy» asarida xoja Abdulloh Marvaridning o‘z sheʼrlari bilan Navoiy davrining Hiloliy, Ahliy kabi nomdor shoirlari bilan bir qator turganligi, taʼliq xatida xattotlar Mir Abdulhay («Tarixi Rashidiy»asarning oldingi sahifalarida Mir Abdulhay va Xoja Abdulhay nomli mashhur xattot va musavvir tilga olinadi (– B. 260, – B. 163 b.). Bu yerda Mirzo Haydar Mir Abdulhayni nazarda tutmoqda. Mir Abdulhay Astrobodiy (Nishopuriy) – taʼliq xatida nom qozongan mashhur xattot Jaʼfarning shogirdi. Temuriy Sulton Abu Said (1451-1469) xizmatida bo‘lgan. Keyinchalik, Oqquyunlilar hukmdori Sulton Yaqub (1679-1690) xizmatiga kirgan. Mir Abdulhay 1501 yil Tabrizda vafot etgan. Qarang: Иванов А.А. История изучения Мавераннахрской (среднеазиатской) школы миниатюры. Древность и средневековье народов Средней Азии. М.: 1978. стр. 39) va Mulla Darveshdan oldin, nastaʼliq xatida esa Sulton Muhammad Nurdan keyin turganligini bilib olamiz.
Bundan tashqari «Tarixi Rashidiy»da Navoiy va Bobur asarlarida tilga olinmagan sozandalar Ustod Sayid Muhammad G‘ijjakiy, Mazxari Udiy va Ustod Haydar Shoh Bolboniy to‘g‘risida ham maʼlumot olishimiz mumkin.
Yuqoridagilarga xulosa qilib aytish mumkinki, ko‘rilgan manbalar sozanda va qo‘shiqchilar to‘g‘risidagi maʼlumotlar yuzasidan bir-birini to‘ldirib keladi.
Navoiy ko‘proq sozanda va qo‘shiqchilarning sheʼriyatdagi ijodiga eʼtibor qaratadi. Shuningdek, ko‘pchiligi bilan bevosita tanish bo‘lganligi bois, ularning hayoti va xulq-atvoriga oid maʼlumotlarni ham eslatib o‘tadi. Uning «Majolis-un-nafois»dagi maʼlumotlarini ikki guruhga ajratishimiz mumkin:
1. Sozandalar, yaʼni asosiy mashg‘uloti sozandalik bo‘lgan va musiqa asboblarini mohirlik bilan ijro etgan boshqa soha vakillari. Bularga ustod Qulmuhammad, xoja Kamoliddin Udiy, Ali Karmal Udiy, Mavlono Qadimiy, Mavlono Solimiyni kiritishimiz mumkin.
2. Advor (qo‘shiq) va musiqa ilmini mukammal egallagan shaxslar. Ularning aksariyati bu sohadan tashqari ilm-fanning boshqa yo‘nalishida ham barakali ijod etgan. Mavlono Muhammad Jomiy, xoja Yusuf Burhon, Mavlono Riyoziy, Mavlono Shayxiy, Pahlavon Muhammad Go‘shtigir shu toifa kishilaridirlar.
«Boburnoma»da keltirilgan maʼlumotlar esa, asosan, Husayn Boyqaro saroyiga taalluqli bo‘lib, qisqa va lo‘ndaligi bilan ajralib turadi. «Boburnoma»dagi maʼlumotlarni ham ikkiga, sozandalar va musanniflarga ajratishimiz mumkin.
Mirzo Haydar esa, qo‘shiqchi va sozandalarning hayoti va faoliyatiga emas, balki ijod uslubi bilan bog‘liq tomonlariga ahamiyat beradi. «Tarixi Rashidiy»dagi maʼlumotlarni ham o‘z navbatida ikki guruhga, qo‘shiqchilar va sozandalarga ajratish mumkin. / * * * /
В статье рассматривается история музыкального искусства в эпоху средневековья в Средней Азии. Автор, наряду с изучением специальной литературы по эпохе Тимуридов, исследует различные письменные источники: сочинения Навои, Бабура и Мирзо Хайдара. Особое внимание уделяется жизни и творчеству известных певцов и музыкантов того времени. / * * * /
In this paper special attention Is drawn to the investition of history of musical art historical concerning study of special works in the epoch of Timurid’s, and at the same time some value of historical sourses have been shown.
Some facts, especially the history of music, life and creativity of singers and musicians, according to A.Navai, Z.M.Babur and M.M.Haidar.
O‘ktam Sultonov
Temuriylar davri madaniy yodgorliklari. («Temuriylar tarixiga oid manbalar: muammolar, mulohazalar» mavzuida o‘tkazilgan Respublika miqyosidagi ilmiy anjuman materiallari. Toshkent, Temuriylar tarixi Davlat muzeyi, 18 oktabr 2002 yil). Masʼul muharrir: t.f.n. Nozim Habibullayev; Ilmiy muharrir: t.f.n. Omonullo Bo‘riyev. O‘zR FA Temuriylar tarixi Davlat muzeyi 1-KITOB. – Toshkent, 2003. – B.99-105. (O‘zbekcha); Отражение культуры периода Тимуридов в источниках (по сведениям Алишера Навои, Бабура и Мирзо Хайдара).
Fikr qoldirish#