Sinov yoʻsinida ishlamoqda

Temuriylar saltanatida qurʼoniy ilmlar rivoji (tafsirlar misolida)

O‘zbekiston tarixida o‘ziga xos uyg‘onish davri bo‘lgan temuriylar hukmronligi yillarida madaniy hayot, ilm-fan rivoj topdi; dunyoviy fanlar bilan bir qatorda islomiy ilmlar ham tarakqiy etdi. Jumladan, Qurʼoni karim va uning tafsiriga doir qator asarlar taʼlif etilgani maʼlum.

Hozirgi vaqtda Temuriylar davri madaniy hayotini o‘rganish ustida qo‘plab tadqiqotlar qilingan bo‘lsa-da, biroq o‘sha davrdagi qurʼoniy ilmlar bo‘yicha ilmiy izlanishlar juda oz. Vaholanki, mazqur mavzu endilikda tarix fanining dolzarb mavzularidan biriga aylangan.

Umuman olganda, o‘sha kezlardagi Qurʼoni karim bilan bog‘lik holda yozilgan asarlarni mazmun jihatdan uch turga bo‘lish mumkin:

1. Qurʼoni karimdan qo‘chirilgan nusxalar;

2. Qurʼon o‘qish qoidalariga oid risolalar, yaʼni tajvidlar;

3. Qurʼoni karimga yozilgan sharhlar.

Qurʼoni karimning o‘sha davrda ko‘chirilgan nusxalaridan bir qismi bizgacha yetib kelgan va ular hozir jahonning turli kitob xazinalarida hamda shaxsiy kutubxonalarda saqdanmoqda.

Temuriylar davrida bir qancha tajvidlar ham tuzilgan. Ibn Imod [Qurʼon] o‘qish qoidalari haqida risola», (yozilgan yili 803/1400-01) (O‘zFASHI qo‘lyozmasi iiv № 9038 /X) hamda «isfahonlik Hofiz» nomi bilan mashhur bo‘lgan Ibodulloh; Tohir Hofiz Isfahoniy (XV asr 1-yarmi) tomonidan tuzilgan «Manhol atshon fi rasmi ahruf al-Qurʼon» (O‘zFASHI qo‘lyozmasi inv № 2669 /XXIX) («Qurʼon harflarining yozilishida chanqoqlarning bulog‘i») asarlari shular jumlasidandir.

Qurʼoni karimning tafsirlari haqida so‘z yuritadigan bo‘lsak, temuriylar hukmronligi yillarida anchagina tafsirlar ham taʼlif etilgan. Mazkur tafsirlar o‘z zamonasining yetuk olimlari tomonidan Qurʼoni karimga tuzilgan sharhlar hisoblanadi. Jumladan, Xoja Muhammad Porso (vafoti 1420) tomonidan tuzilgan «Tafsir» («Qadr» surasidan «Humaza» surasigacha); (O‘zFASHI qo‘lyozmasi inv № 2180) Yaʼqub ibn Usmon ibn Mahmud ibn Muhammad G‘aznaviy Charxiy (vafoti 1447) tomonidan tuzilgan «Tafsiri Charxiy» (O‘zFASHI qo‘lyozmasi inv № 5174); Muiniddin Muhammad Farohiy Hiraviy (Muin al-miskin nomi bilan mashhur bo‘lgan (vafoti 1501) tomonidan tuzilgan «Tafsiri asrori Fotiha» (O‘zFASHI qo‘lyozmasi inv № 1815/II) («Fotiha (surasi) sirlarining tafsiri»), «Baxr ud-durur» (O‘zFASHI qo‘lyozmasi inv № 1582) («Durlar dengizi»), «Tafsiri surai Fotiha» (SVR XI tom 7374) va «Tafsiri surai Yusuf» (O‘zFASHI qo‘lyozmasi inv № 94 b./I); Abdurahmon Jomiy (vafoti 1492) tomonidan tuzilgan «Tafsir taavvuz Fotiha va tasmiya» («Taavvuz– tasmiya va Fotiha surasining tafsiri») (O‘zFASHI qo‘lyozmasi inv № 8415/II), «Tafsir min surai qof ila oxiri Qurʼon» («Qof surasidan Qurʼonning oxirigacha tafsiri») (O‘zFASHI qo‘lyozmasi inv № 2702); Xusayn Voiz Koshifiy tomonidan tuzilgan «Javohir at-tafsir li tuhfat al-Amir» («Amirga sovg‘a bo‘lgan qimmatbaho tafsir»), «Muxtasar ul-javohir» («Javohirning qisqartmasi»), «Jomeʼ us-sittiyn yo tafsiri surai Yusuf» («Oltmishta [fasl] jamlamasi yoki Yusuf surasining tafsiri») va «Mavohibi Aliyya» («Alisher Navoiyga tuhfa») kabi tafsirlar taʼlif etilgan.

Sanab o‘tilgan tafsirlar ichida Husayn Voiz Koshifiyning «Mavohibi Aliyya» nomli tafsiri ayniqsa mashhur bo‘lgan. Husayn Voiz Koshifiy asli sabzavorlik bo‘lib, keyinchalik Hirotda yashagan va shu yerda ijod qilgan, o‘z zamonasining yetuk olimi bo‘lib tanilgan. Uning asarlari astronomiya, matematika, etika, falsafa, tarix, ilohiyot, adabiyot, insho nazariyasi, pedagogika, nasr, nazm va boshqa fan sohalariga oid.

Koshifiy haqida uning zamondoshi Alisher Navoiy o‘zining «Majolis un-nafois» tazkirasida quyidagilarni yozadi: «Mavlono Husayn Voiz Koshifiy taxallus qilur, sabzavorlikdur. Yigirma yilga yaqin borkim shahardadur (yaʼni Hirotda) va Mavlono zufunun va rangin purkor voqeʼ bo‘lubtur, oz fan bo‘lg‘aykim, daxli bo‘lmagay. Husayn, vaʼz, insho va nujumki aning haqidur va har qaysida mutaʼayyin va mashhur ishlari bor...» («Majolis un-nafois». T., 1961,143-bet).

Koshifiy qalamiga mansub «Mavohibi Aliyya» asari o‘sha davrda yozilgan boshqa tafsirlarga qaraganda ancha mukammalligi bilan farq qiladi. Asar muqaddimasida taʼkidlanishicha, «Mavohibi Aliyya» asari Alisher Navoiyning taklifi, homiyligi va u bergan dastur asosida yozilgan. Jumladan, u shunday yozadi: «...Bu kitobni yozishga qalban moyil bo‘lib uni to‘rt jild qilishni rejalashtirdim va birinchi jildini tugallab, on Hazrat (Alisher Navoiy)ga ko‘rsatganimda u kishi qabul qildi. Lekin ko‘pgina tahrirchilarning qarshiligi sababli, keyingi jildi oxiriga yetmadi. Hijriy 897 (milodiy 1491) yili muharram oyining boshlariga kelib har narsani bilguvchi (Alloh) tomonidan gunohkor banda Husayn ibn Ali al-Voiz al-Koshifiyga bir ilhom keldi va qisqa vaqt ichida fazilatli shirinso‘z (Alisher Navoiy) dastur berib, har bir ishni kuzatib bordi. Qurʼon kalimalari maʼnolarini eʼtibor va muloxaza bilan tekshirdi. Furqon (Qurʼon) bog‘laridagi mevalar (kalimalarning maʼnolari) yetilishidan oldin (asarni) on Hazrat (sharafi)ga «Mavohibi Aliyya» deb belgilash xotiramga keldi. Yo‘qdan bor qiluvchi sulton (Alloh)dan, umidim shul erurki, yaqin kunlarda bu mavjud to‘siqlar tugab, yuzimiz yorug‘ bo‘lib, yoqimli shabada essa va qolgan uch mujalladini (ham) oxiriga yetkazsam...» (Said Muxammad Rizo Jaloliy Navoiy «Tafsiri Xusayniy yo Mavoxibi Aliyya». Tezfon 1942-1944).

Hozirgi vaqtda ushbu tafsirning fanda o‘rganilish tarixi quyidagicha:

Koshifiyning «Mavohibi Aliyya» asari keyingi vaqtlargacha tadqiqotchilar nazaridan chetda qolgan va O‘zbekiston mustaqilligi yillaridagina mazkur mavzuga oid bitta maqola – A.P.Qayumovning «Navoiyga bag‘ishlangan tafsir» nomli maqolasi (A.L.Qayumov. Navoiyga bagishlangan tafsir. Imom Buxoriy jurnali, 2001, 2-son) chop etildi. Bu makolada «Mavohibi Aliyya»ning O‘zR FA Alisher Navoiy nomidagi Davlat adabiyot muzeyida saqlanayotgan bir qo‘lyozma nusxasi haqida so‘z yuritiladi. Unda Koshifiyning Alisher Navoiyni ulug‘lab yozgan baytlari tarjimasi ham o‘z ifodasini topgan. Mazkur maqola mazmunida Husayn Voiz Koshifiyning «Mavohibi Aliyya» asari Alisher Navoiy davridagi ilm-fan, maʼrifat, maʼnaviyat rivoji tarixini o‘rganish nuqtai nazaridan muhimligi qayd etilgan.

«Mavohibi Aliyya» asari Qurʼoni karimning to‘liq tafsiri bo‘lib, 114 ta surani o‘z ichiga oladi. Asarni hijriy 897 yil muharram (milodiy 1491 noyabr oyida) yozishga kirishilganini muallifning o‘zi taʼkidlagani haqida yuqorida aytgan edik. Asarning yozib tugallangani uning oxirida berilgan va «Duvvum zi Shahri-shavvol» misrasida o‘z ifodasini toptan.

Uni abjad bo‘yicha hisoblaganda hijriy 899 shavvol oyining ikkinchi kuni (milodiy 1493, iyul) kelib chiqadi.

«Mavohibi Aliyya» qisqa vaqt ichida (897-899) yozilgan bo‘lishiga qaramasdan, unda Koshifiyning yuqori saviyadagi mufassirlik mahorati ko‘rinadi. Muallif Qurʼoni karim oyatlarini sharhlashda hadislar, rivoyatlar, baytlar, hikmatli so‘zlar bilan bir qatorda, tarixiy voqealardan ham misol tariqasida foydalangan.

Husayn Voiz Koshifiy «Mavohibi Aliyya» asari keyinchalik «Tafsiri Husayniy» nomi bilan keng shuhrat topdi (Koshifiyning asl ismi Kamoliddin Husayn bo‘lganligi uchun). Dastlabki paytlardanoq xattotlar tomonidan undan ko‘plab nusxalar ko‘chirilgan, ular dunyoning turli mamlakatlari kitob xazinalarida saqlanadi.

Uning qo‘lyozma nusxalari geografiyasi haqida biz chop etilgan kataloglardan (Баевский СМ Описание пеерсидских и таджикских рукописей института Народов Азии. М., Наука, 1968.; Стори Ч.А. Персидская литература. М., 1972. Browne Е.Р.History of persian literature under tar tar dominion. Cambride. 1920.; Тагиржанов A.T.Описание таджикских и персидских рукописей. Л., 1968) maʼlumot oldik. Shunga ko‘ra, mazkur asarning qo‘lyozmalari Germaniya, Angliya, Rossiya, Hindiston, Pokiston, Eron, Turkiya, Afg‘oniston va boshqa mamlakatlarning kitob xazinalarida saqlanayotgani maʼlum bo‘ldi. Istanbul universiteti forscha qo‘lyozmalar fihristi kitobida asarning birinchi jildi «Mavohibi Aliyya» nomi bilan tavsiflangan (A.Catalogue of Persian Menuscripts in the Library of Istanbul University).

«Mavohibi Aliyya»ning O‘zR FA Sharqshunoslik instituti fondida ham 61 ta qo‘lyozma nusxasi mavjud bo‘lib, quyidagilari nodir sanaladi: qo‘lyozma № 11369, eng qadimgisi, muallifi, yozilgan joyi va vaqti to‘g‘risida uning muqaddimasida maʼlumot berilgan. Ko‘chirilgan yili hijriy 899 (milodiy 1493) yilgacha, yaʼni asarning yozib tutallangan yiliga to‘g‘ri keladi. Nasx xatida, o‘lchami 16x25 sm.

Qo‘lyozma № 2597, asarning Institutda saqlanayotgan eng katta o‘lchamdagi nusxasidir. Mazkur nusxa Qurʼoni karim ikkinchi yarmining tafsiri bo‘lib, «Maryam» surasidan boshlangan. Oyatlarning arabcha matni sahifaning o‘rtasida, forscha sharhi esa, hoshiyada berilgan. An-nos surasigacha tafsir qilingan. Mazkur nusxa hijriy 1018 (milodiy 1609) yili xattot Muhammad Said tomonidan ko‘chirilgan, suls-nastaʼliq xatida, 456 varaq, o‘lchami 27x44 sm.

Husayn Voiz Koshifiyning «Mavohibi Aliyya» asari yillar davomida ilm toliblariga muhim ko‘llanma bo‘lib kelganligini, nafakat qo‘lyozma nusxalari ko‘pligidan, balki bir necha marta nashr qilinishidan ham bilsa bo‘ladi.

Asar ilk marotaba 1831-1832 yillarda Hindistonning Kalkutta bosmaxonasida chop etilgan. «Mavohibi Aliyya»ga, ayniqsa, XIX asrning ikkinchi yarmida Hindistonda ehtiyoj kuchaygan ko‘rinadi. Chunki asar Hindistonning ko‘pgina bosmaxonalarida qayta chop qilingan.

Dehli – 1877; 1886-87, 1878, 1893; Bombay – 1851-52, 1862-1863, 1873-1874, 1878-1880, 1886-1889, 1894-1895; Agra– 1890-1891; Kanpur – 1895; Lakhnav – 1871, 1874, 1888, 1894-1896; Gudxiana – 1877; Mazkur tafsir shuningdek, Erondagi «Eron» bosmaxonasida – 1859-1860; Tehron nashriyotida – 1838; 1942-1944 (noshiri doktor Said Muhammad Rizo Jaloliy Noiniy), 1988-89; 1990-91 yillarda chop etilgan.

«Mavohibi Aliyya» fors tilidan boshqa tillarga ham o‘girilgan. Chunonchi, uning urdu tiliga tarjima qilingan nusxasi 1867 yili Dehlida chop etilgan. Shuningdek, asar Abul Fazl Muhammad ibn Idris al-Bidlisiy tomonidan 1830-31 yillarda turk tiliga tarjima qilingan. Mazkur tarjima 1903-1907 yillarda Ismoil Farruxiy Afandi tomonidan «Tafsiri Mavokib» nomi bilan nashr qilingan (Тагиржанов А.Т. Описание таджикских и персидских рукописей. Л., 1968. 100-бет).

1911-12 yillarda Rossiyaning Qozon shahrida «Tasʼhil al-bayon» nomi bilan tatar tilida nashr kilingan tafsir kitobining kirish qismida, mazkur tafsir Koshifiy tafsirining tarjimasi ekanligi qayd etilgan. Ehtimol, u «Mavohibi Aliyya»dir, chunki Koshifiy qalamiga mansub bo‘lgan tafsirlar ichida faqat «Mavohibi Aliyya» mukammal holda bizgacha yetib kelgan.


* * *


As the article evidenced written sources of Koran in Temurids time are divided into three: copies from the original, dedications, interpretations. All authors of these dedications and interpretations of Temurids time are given. One of them is Husain Voiz Koshifi and his interpretation «Mavohibi Aliya» is detailed.


Hamidulla Lutfullayev.

Amir Temur va Temuriylar davri: yangi tadqiqotlar. «Amir Temur va Temuriylar davri: yangi tadqiqotlar» mavzuida o‘tkazilgan Respublika ilmiy anjumani materiallari. Masʼul muharrir: t.f.n. Nozim Habibullayev; ilmiy muharrir: t.f.n. Omonullo Bo‘riyev. O‘zR FA Temuriylar tarixi Davlat muzeyi. 18 oktabr 2004 yil. 2-KITOB. – Toshkent, 2005. – B.72-77. (O‘zbekcha); Развитие Коранических наук при правлении Тимуридов. (На примере толкований).

Fikr qoldirish#


O‘qish tavsiya qilinadi
Yosh shoirning shakllanishi yoki Bobur Mirzo Farg‘ona viloyati podshohi (1494-1504)

Zahiriddin Muhammad Bobur 1483 yil 14 fevral kuni Andijonda Farg‘ona...

Hukmdorlarga o‘rnak bo‘ladigan, dunyo olimlari havas qiladigan umr e’tirofi

This article explores the historical significance of Babur and the...


Maqolani baholang
0.0