Sinov yoʻsinida ishlamoqda

Ulug‘ bobosidan ulgi olgan

Zahiriddin Muhammad Boburning harbiy yurishlari hamda sarkardalik isteʼdodi haqida o‘zbek olimlari va dunyo tarixchilari tomonidan ko‘plab tadqiqotlar olib borilgan. Uning yangi-yangi qirralari olimlarni hanuz hayratga solmoqda. Rus sharqshunosi Nikolay Ivanovich Veselovskiy yozganidek, «Boburning botirligining cheki bo‘lmagan: uning butun hayoti jasorat namunalari bilan to‘lib-toshib yotibdi».


Bobur 1507 yil boshlarida Hindistonga yurish boshlaydi. Ammo dastlabki urinishi muvaffaqiyatsiz tugab, poytaxt Kobulga qaytadi. 1519 yil bahoriga kelib, Hindistonni zabt etish rejalarini qayta amalga oshirishga kirishadi, 5-6 yil mobaynida bir necha yurishlar uyushtiradi. «Bobur avvaliga elchi jo‘natib, masalani urushsiz hal qilishga harakat qilgan. «Panjshanba kuni rabi ul-avval oyining g‘urrasida, bu jihattin Mullo Murshidni Sulton Iskandar o‘shul besh-olti oyda o‘lub, Hind saltanati munga tegib edi, elchilikka taʼyin qilib bir qarchig‘oy yiborib, qadimiy turkka taalluq viloyatlarni tiladuk», deb yozadi u «Boburnoma»da.


Qadimiy turkka taalluqli viloyatlar deganda Bobur Dehlining azaldan turkiy hukmdorlar izmida bo‘lgani va o‘z davrida Amir Temur saltanatiga qo‘shib olinganini ko‘zda tutgan. Hindistonlik tarixchi va siyosiy arbob K.M.Panikkar bu to‘g‘rida juda haqqoniy baho bergan: «Bobur Osiyoning har qanday mamlakatini egallab, uni merosiy mulk deb hisoblashi mumkin, negaki, uning ajdodlari butun dunyoni egallab, hukmronlik qilgan»».


Bobur urush manzaralarini tasvirlarkan, g‘alaba va mag‘lubiyatni harbiy kuch, askar va zobitlar soni, harbiy vosita, qurollar kuchi va o‘lchovi bilan belgilaydi, qiyoslaydi, solishtiradi. Uningcha, g‘alabaga erishish uchun raqibdan askar soniga ko‘ra ustun bo‘lish shart emas. Masalan, Dehli yonidagi jangda hindlar o‘z davrida Amir Temur qo‘shinlariga qarshi 30 ming askar va 120 ta jang fillarini qarshi qo‘ya olgan bo‘lsalar, Bobur Mirzoning salkam 12 ming qo‘shiniga esa ular yuz ming kishilik armiya va ikki mingga yaqin jangovar fillarni ro‘baro‘ qildilar. Ushbu jangda kuchlar nisbatiga ko‘ra Boburning g‘alaba qozonishini aqlga sig‘dirish qiyin edi. Lekin ana shunday aql bovar qilmas g‘alabani qo‘lga kiritishi Boburning harbiy sanʼati naqadar yuksak bo‘lagnini ko‘rsatadi.


«Boburnoma»da Panipat jangi batafsil bayon etilgan. Unda tadbirkor, ishbilarmon, mohir sarkarda, qo‘rqmas jangchi Boburning yuksak harbiy jasorati va mahorati turli qirralarda o‘z aksini topgan. Urush Bobur foydasiga hal bo‘lib, u juda kam sonli lashkari bilan kuchli harbiy aslaha va vositalarga ega Ibrohim Lo‘diy ustidan g‘alaba qozondi. Muhorabada g‘olib kelish uchun lashkar soni muhim emasligi haqida «Boburnoma»dagi dalillar «Temur tuzuklari»dagi tajribamda ko‘rilgankim, azmi qatʼiy, tadbirkor, hushyor, jang ko‘rgan, mard, shijoatli bir kishi mingta tadbirsiz, loqayd kishidan yaxshiroqdir», degan tuzukning isboti yanglig‘ yorqin taassurot qoldiradi. Oradan ko‘p o‘tmay (1527 yili 16 mart) Bobur yirik hind sarkardasi Rono Sango ustidan ham zafar qozonib, shimoliy Hindistonning Bengaliyagacha bo‘lgan qismini o‘ziga bo‘ysundirib oladi. Bu jangda Boburning buyuk sarkardalik mahorati yaqqol namoyon bo‘ldi. U o‘zining bek va navkarlari oldida otashin nutq so‘zlab, barchaning ruhiyatini ko‘taradi. Jumladan, bundan so‘ng sharob ichmaslikka qasam ichib, mayxo‘rlik chog‘ida ishlatiladigan oltin va kumush idishlarni urib sindiradi. Undan ibrat olgan uch yuzga yaqin kishi tavba qilib, ruhini poklaydi. Son jihatdan bir necha barobar ko‘p dushmanga qarshi chiqqan askarlar Sohibqiron harbiy merosi bo‘lmish «to‘lg‘ama» usulini qo‘llab, yorqin g‘alaba qozonadi.


Yerni larzaga solib, o‘kirib kelayotgan dushman fillariga nisbatan Bobur o‘zining buyuk bobosi Amir Temur ishlatgan yana bir usulni qo‘llaydi – yondirilgan kajava-g‘ildiraklarni ular tomonga yumalatib yuboradi. Olovdan qo‘rqib ketgan fillar orqaga burilib, saf-saf bo‘lib kelayotgan piyoda askarlarni ezib, qocha boshlaydi. / Artille-riyaning ilk shakllari – tufang va raʼd to‘plari haqidagi maʼlumotlar Amir Temur janglariga oid manbalarda uchraydi. Zahiriddin Muhammad Bobur mazkur aslahalarni isloh qilib, zamonasining eng ilg‘or harbiy texnikasi darajasiga yetkazadi. Hind mintaqasi ahli jang maydonida hali bu aslahaga duch kelmaganini bilib, undan ruhiy taʼsir vositasi sifatida ham foydalanadi: «Bajavr eli chun tufangni ko‘rmaydur edilar, tufang unidin hech parvoye qilmadilar, balki tufang unini eshitgach tamasxur qilib, muqobalada shaniʼ harakatlar qilurlar edi. O‘zga tufangdozlar ham tufang otmoqta bisyor jalodat ko‘rsatib, yaxshilab ottilar. Qalqondin, jibadin, govsardin o‘tkara-o‘tkara, yiqita-yiqita ottilar. Andin so‘ngra andoq edikim, tufangning zarbidin bosh chiqara olmaslar edi». /


Tarixchilar fikricha, Bobur tomonidan qo‘llanilgan artilleriya Hindiston zaminida birinchi bor qudratli kuchga ega ekanini isbotlagan. Panipat jangidan so‘ng Bobur o‘z muhandis-ustalariga kattaroq hajmdagi to‘palrni yasashni buyurgan. 1525 yil voqealari bayonidan boshlab, «Boburnoma» sahifalarida Ustod Aliquli – to‘p yasovchi usta nomi tez-tez keladi: «Ustod Aliquli ham g‘ulning oldidan necha qatla yaxshi farangilar otti. Mustafo to‘pchi ham g‘ulning so‘l qo‘lidin aroba ustidagi zarbzanlar bila yaxshi zarbzanlar otti».


Tarixiy manbalarda bobolarimiz qo‘llagan qurollar va ularni takomillashtirish haqidagi qaydlar juda kam. Boburning yuqoridagi bitiklari orqali esa harbiy aslahalari qatorida arobalarga o‘rnatilgan «zarbzan» nomli qurol haqida ham birmuncha maʼlumot olish mumkin.


O‘z davriga xos ilg‘or harbiy-strategik tafakkur borasida Bobur ulug‘ Sohibqironning munosib izdoshidir. U qo‘shin taʼminoti, zaxira, jangovar mashqlar va boshqa omillarni puxta yo‘lga qo‘ygach, Ustod Aliquli bilan birga artilleriya aslahasining yangi namunasini yaratishga kirishadi. Uzoq izlanishlar o‘z natijasini beradi: misli ko‘rilmagan, 1500-2000 metrgacha bo‘lgan nishonni urishga qodir to‘plar yaratiladi. Nihoyat, to‘pni sinab ko‘radilar. Bu qurilma toshni bir yarim chaqirim masofaga yoki Boburning yozishicha, «ming olti yuz qadam»ga otar edi. Bunday qurilmaning yaratilishi XVI asr boshlaridagi harbiy texnikaning katta yutug‘i sanaladi. Bu aslahadan Ibrohim Lo‘diyning askarlari vahimaga tushadi, to‘plardan g‘animning kemalariga qattiq zarbalar beriladi: «Bir necha kun ko‘pruk bog‘languncha ustod Aliquli yaxshilab tosh otti». «Boburnoma»da yozilishicha, bu to‘plarning qozoni va sakkizta ko‘rasi bo‘lgan.


Quyidagi maʼlumot Bobur artilleriyasi qudratini yaqqol ko‘rsatadi: Boburdan uch yuz yil keyin, yaʼni XIX asr boshlarida, o‘zi asli artilleriyachi bo‘lgan Napoleonning qo‘shinidagi zambaraklar 500-600 metrdan nariga ota olmagan!


Farang jahongiri Napoleonning to‘plari oppoq tutun purkab, gumburlab o‘q otayotganini kinolarda ko‘p ko‘rganmiz. Ammo Boburning ulardan uch barobar uzoqqa otuvchi to‘plarini kinolarda ko‘rish tugul, tasavvur ham qila olmaymiz. Chunki ular deyarli o‘rganilmagan, asarlarda va kinofilmlarda aks etmagan. Binobarin, taniqli olim Hasan Qudratullayevning ushbu mavzudagi tadqiqotlari asosida badiiy va hujjatli filmlar suratga olish fursati keldi.


Zahiriddin Muhammad Bobur harb ilmiga bag‘ishlangan «Harb risolasi»ni ham yozgan. U barpo etgan qudratli artilleriya Hind diyorida taraqqiy etgan bo‘lsa-da, g‘oyasi Turkiston o‘lkasida tug‘ilgan, uni qurgan muhandislar va mahorat bilan qo‘llagan jangchilari ham shu yurt farzandlari edi.


O‘zbekiston adabiyoti va san‘ati,

№ 7 (4962) 2020-yil 14-fevral. – B. 4. (O‘zbekcha);

Брал пример от великого деда.

Fikr qoldirish#


O‘qish tavsiya qilinadi
Yosh shoirning shakllanishi yoki Bobur Mirzo Farg‘ona viloyati podshohi (1494-1504)

Zahiriddin Muhammad Bobur 1483 yil 14 fevral kuni Andijonda Farg‘ona...

Hukmdorlarga o‘rnak bo‘ladigan, dunyo olimlari havas qiladigan umr e’tirofi

This article explores the historical significance of Babur and the...


Maqolani baholang
0.0