Sinov yoʻsinida ishlamoqda

Fors va arab tillarida yozilgan tarixiy manbalar tadqiqi

Aytish mumkinki, hozirgi vaqtda Yevropada sohibqiron Amir Temur saltanati tarixi tavsifidan iborat fors va arab tillarida yozilgan aksari birlamchi tarixiy manbalar matnlari yoki tarjimalari nashr bo‘lgan. 

G‘iyosiddin Ali. «Ro‘znomai g‘azavoti Hindiston». Asar matni nashri (Petrograd, 1915) va rus tiliga tarjimasi (Moskva, 1958) mavjud; uning bitta qo‘lyozma nusxasi O‘zR FA Sharqshunoslik instituti fondida saqlanmoqda. 

Nizomiddin Shomiy. «Zafarnoma». Sohibqiron Amir Temurning hayotligida bevosita uning topshirig‘i bilan yozilgan asar. Bu kitob Amir Temur saltanati tarixi aks etgan dastlabki mukammal manba sanaladi, keyingi tarixchilar mazkur manbaga tayangan holda o‘z asarlarini yaratganlar. Nizomiddin Shomiy «Zafarnoma»sining ilmiy-tanqidiy matni Feliks trauer tomonidan nashr etildi (birinchi jild, 1937 yil, Praga, ikkinchi jild, 1956 yil, Praga). Uning to‘la ilmiy izohlar bilan o‘zbekcha tarjimasi mustaqillik yillarida O‘zbeksitonda chop bo‘ldi (Toshkent, 1996). 

Ibn Xaldun (to‘liq ismi Valiuddin Abu Zayd Abdurahmon ibn Muhammad ibn Xaldun, 1332-1406), arab tarixchisi, Mag‘rib (Tunis, Marokash) va Misr mamlakatlarida yashab ijod etgan. Qhirada madrasalarda dars bergan, qozilik vazifasida ham ishlagan. Ibn Xaldun 1400 yili Damashqda sohibqiron Amir Temur bilan uchrashadi va bu haqda «At-ta’rif bi Ibn Xaldun» (Ibn Xaldun bilan uchrashuv) asarida batafsil yozadi. Ibn Xaldunning asari «Chingizxon va tatarlar tarixi manbalari» nomi bilan inglizchaga tarjimasi 1956 yili AQSHda chop bo‘ldi. 

Ibn Xaldunning asosiy tarixiy asarlari 1988 yili Bayrutda «Tarix Ibn Xaldun» nomi bilan nashr qilindi. O‘zbekistonda mustaqillik yillarida mazkur arabcha nashrdan Ibn Xaldunning sohibqiron Amir Temur bilan suhbati haqida yozganlari o‘zbek tiliga o‘girilib, ilmiy izohlar bilan chop etildi (Ibn Xaldun. «Tarjimayi holi»dan Arab tilidan A.Habibullayev tarjimasi. Amir Temur va Ulug‘bek zamondoshlari xotirasida. – T., 1996. – B. 35-56). 

Rui Gonsales De Klavixo. «Samarqandga, Amir Temur saroyiga sayohat kundaligi». XV asr boshida Amir Temur davlati bilan G‘arbiy Yevropa davlatlari o‘rtasida elchilik munosabatlari rivojlandi. Jumladan, Kastiliya va Leon (Ispaniya) qiroli Genrix III (1390-1407) savdo-elchilik munosabatlarini yo‘lga qo‘yish maqsadida 1403 yili Amir Temur huzuriga Samarqandga elchilar yo‘llaydi, ular tarkibiga Rui Gonsales de Klavixo (vaf. 1412 yil) qo‘shiladi. Klavixo safar (1403-1406) davomida ko‘rgan-kechirganlarini kundalik tarzida yozib boradi va u fanda «Samarqandga, Amir Temur saroyiga sayohat kundaligi» nomi bilan tanilgan. 

Klavixoning mazkur «Kundaligi»ga O‘zbekistonda mustaqillik yillardagina jiddiy e’tibor qaratildi. Asar o‘zbek tiliga ilgariroq birmuncha ommabop tarzda O.Tog‘ayev tomonidan o‘girilib, to‘la holda jurnalda, keyinchalik esa qisman to‘plamda va alohida kitob shaklida bosilgan (O‘zbekiston san’ati. 1989. №9-12. Amir Temur va Ulug‘bek zamondoshlari xotirasida. – Toshkent: O‘qituvchi, 1996. – B. 57-99). Movarounnahrga oid qismidan lavhalar alohida risola shaklida chop etildi (Klavixoning Samarqandga sayohati Rus tilidan tarjima, kirish so‘z va izohlar O.Bo‘riyevniki. – Toshkent: Adolat, 2004). 

Muiniddin Natanziy. «Muntaxab at-tavorix» (yoki «Muntaxab at-tavorixi Muiniy»), hijriy 816 (milodiy 1413) yili yozilgan. Asar umumiy tarix, Chig‘atoy ulusi tarixi, Amir Temur kechinmalari va O‘rta Sharq mamlaktlari tarixi tavsifidan iborat. 

O‘zbekistonda mustaqillik yillariad Muiniddin Natanziyning «Muntaxab at-tavorix» asaridan Amir Temur tarixiga oid voqealar tavsifi o‘zbek tiliga o‘girilib, undan ayrim tarjima-lavhalar, ilmiy maqola va kitobning ommabop izohli tarjimasi ham chop etildi (Karimov G‘. «Muntaxab at-tavorixi Muiniy» asaridagi turk-mo‘g‘ul harbiy atamalari. Sharqshunoslik. – Toshkent, 1995. № 6). 

Hofizi Abru (vaf. 833/1430), to‘la ismi Shihobiddin Abdulloh ibn Lutfulloh ibn Abdurashid Haraviy, fanda Hofizi Abru laqabi bilan mashhur bo‘lgan. Amir Temur va temuriylar tarixiga oid forsif tilda asarlar yozgan tarixchi olim. Dastlab Amir Temur xizmatida kotiblik qilgan, keyinchalik Mirzo Shohrux saroyida Hirotda tarixnavis, geografiya va geodeziyani yaxshi bilgan, she’rlar yozgan. 

Hofizi Abruning sohibqiron tarixiga bag‘ishlangan dastlabki asari «Zayli Zafarnomai Shomiy» deb ataladi, unda voqealar bayoni Amir Temur vafotigacha (1405 yil 18 fevralgacha) yetkazilgan. Mazkur «Ilova» mustaqillik yillari o‘zbek tiliga o‘girilib, Nizomiddin Shomiy «Zafarnoma» asari bilan bir kitobda chop etilgan. 

Hofizi Abruning ikkinchi kitobi tarixiy-geografik mazmundagi asarbo‘lib, maxsus nomi yo‘q, fanda «Hofizi Abru geografiyasi» nomi bilan tanilgan, 817-823 (1414-1420) yillarda yozilgan. Mazkur kitobdan sohibqiron Amir Temur va Mirzo Shohrux hukmdorligi chog‘ida qilingan bunyodkorlik ishlari haqida qimmatli ma’lumotlar o‘rin olgan. 

Hozirgi vaqtda Hofizi Abru «Gegorafiya»sining o‘nga yaqin qo‘lyozmalari mavjud. O‘zR FA Sharqshunoslik instituti fondida saqlanayotgani (№5361) nodir nusxalardan sanaladi, XVI asrda ko‘chirilgan. O‘zbekistonda mustaqillik yillarida Hofizi Abru «Gegorafiya»sidan ayrim lavhalar o‘zbek tiliga o‘girilib, chop qilindi (Bo‘riyev O. Temuriylar davri yozma manbalarida Markaziy Osiyo (tarixiy-geografik lavhalar). – Toshkent: O‘zbekiston, 1997. – 168 b). 

Hofizi Abruning yirik tarixiy asari to‘rt jilddan iborat «Majmai tavorixi sultoniya» (to‘rtinchi jildi «Zubdat at-tavorixi Boysung‘uriy») deb atalgan. Dastlabki uch jild ilgarigi asrlar tarixi, to‘rtinchi jild esa Amir Temur va Mirzo Shohrux saltanati tarixini (1427 yilgacha) o‘z ichiga oladi. 826-830 (1423-1427) yillarda yozilgan. Yurtimizda mustaqillik yillarida ushbu asardan parchalar o‘zbek tiliga o‘girilib chop etildi (Hofizi Abru. «Zubdat at-tavorix»dan: «Hazrat Sohibqironning mo‘tabar nasl-nasabi haqida». O.Bo‘riyev tarjimasi. Amir Temur va Ulug‘bek zamondoshlari xotirasida. – T., 1996. – B. 289-310). 

G‘iyosiddin Naqqosh. «Xitoy safari kundaligi». 1419-1422 yillarda yozilgan. Temuriylar davlati hukmdori Mirzo Shohrux saltanatida Xitoy imeratorining taklifi bilan 1419-1422 yillar davomida O‘rta Osiyo va Xurosondagi katta elchilar guruhi Xitoyga borib keldi. Ushbu safar qatnashchisi G‘iyosiddin Naqqosh shahzoda Boysung‘ur mirzo topshirig‘i bilan barcha ko‘rgan-bilganlarini kundalik shaklida yozib borgan. Hozirgi vaqtda G‘iyosiddin Naqqosh «Kundaligi» undagi ma’lumotlarning tarixiy jihatdan o‘ta muhimligi tufayli ko‘p marta nashr bo‘lgan va turli tillarga o‘girilgan. «Kundalik» forschadan o‘zbek tiliga o‘girildi va 1991 yili chop etildi (O‘rinboyev A., Bo‘riyev O. G‘iyosiddin Naqqoshning Xitoy safarnomasi. – Toshkent, 1991). 

Sharafiddin Ali Yazdiy. «Zafarnoma». Amir Temur yurishlari tavsifidan iborat eng mukammal tarixiy asar. Mirzo Shohruxning o‘g‘li Ibrohim sulton buyrug‘i va bevosita nazorati ostida yozilgan. Ibrohim sulton 1420 yili bobosi Amir Temur haqida turkiy va forsiy tillarda yozilgan ma’lumotlarni mushohidlar vositasida sinchiklab tekshirtiradi. To‘plangan materiallar ilmiy tahrirdan o‘tkazilgach, Sharafiddin Ali Yazdiy mazkur shahzoda topshirig‘iga ko‘ra uni o‘ziga xos badiiy mahorat bilan forsiy tilda kitob shakliga keltiradi. Uning «Muqaddima»sida ushbu tarixni yozishga 822 (1419) yili kirishilgani qayd etilgan va 828 (1424/1425) yili yozib tugallanganligi haqida Abdurazzoq Samarqandiy «Matlai sa’dayn...» asarida xabar beradi. 

Asar «Muqaddima»si Ibrohim sulton talabi bilan ancha keng yozilgan, unda Amir Temur nasabi turkiy sultonlar oilasidan bo‘lganligi isbotlangan. So‘ngra Chig‘atoy ulusida hukmronlik qilgan chingiziylar ro‘yxati 1360 yilgacha yetkazilgan. 

«Zafarnoma» aniq ma’lumotlarga boyligi va yuksak badiiy mahorat bilan yozilganliggi sababli o‘z davrida ham, keyinchalik ham e’tiborda bo‘lib keldi. Chunonchi, asar XV-XVI asrlarda shoir Lutfiy va Hotifiy tomonidan qisqa nazm etilgan, shayboniy Ko‘chkunchixon (1510-1530) topshirig‘i bilan Muhammad Ali ibn Darvesh Ali Buxoriy asarni o‘zbek tiliga o‘girgan, keyinchalik Hofiz Muhammad ibn Ahmad al-Ajamiy uning turkcha tarjimasini yaratgan. 1822 yili Xivada Xudoyberdi ibn Qo‘shmuhammad so‘fi kitobni qisqacha o‘zbek tiliga o‘girgan. Mavjud tarjimalar qisqartirilgan va erkin tarjimalar edi, lekin manba sifatida ularning ma’lum ahamiyati bor, albatta. 

Hozirgi vaqtda «Zafarnoma»ning qo‘lyozma nusxalari anchagina, biroq ularning aksariyatida «Muqaddima» berilmagan. Eng to‘la nusxalaridan biri Toshkentda O‘zR FA Sharqshunoslik instituti qo‘lyozmalar xazinasida saqlanadi (№ 4472). «Zafarnoma» fransuz (Parij, 1722), ingliz (London, 1723), turk (Istambul, 1929), eski o‘zbek (XVI asr) tillariga tarjima qilingan, matni Hindiston (1885-1888), Eron (1957) va O‘zbekistonda (Toshkent, 1972; 1997) (Sharafiddin Ali Yazdiy. Zafarnoma (fotomaksimil nashr). Nashrga tayyorlovchi, so‘zboshi, izoh va ko‘rsatkichlar muallifi A.O‘rinboyev. – Toshkent, 1972. – 439 b.; Sharafiddin Ali Yazdiy. Zafarnoma. Muhammadali ibn Darveshali Buxoriy tarjimasi. So‘zboshi, tabdil, izohlar va ko‘rsatkichlar mualliflari A.Ahmad, H.Bobobekov. – Toshkent, 1997) nashr etilgan. 

Mustaqillik yillarida O‘zbekistonda Sharafiddin Ali Yazdiy «Zafarnoma»sini o‘zbek tiliga o‘girishga kirishdilar. Uning dastlabki qismlari «Sharq yulduzi» jurnalida chop etildi (1992. № 3-12; 1993. № 1-2). Asarning «Muqaddima» qismidan Chig‘atoy ulusi hukmdorlari tarixidan iborat lavhalar o‘zbek tiliga o‘girildi va 1992 yili «Amir Temur ajdodlari» nomi bilan bosilib chiqdi (Amir Temur ajdodlari (Sharafiddin Ali Yazdiyning «Zafarnoma» asaridan terma tarjimalar). Fors tilidan tarjima, kirish so‘z va izohlar muallifi O.Bo‘riyev. – Toshkent, 1992). «Zafarnoma»ning asosiy qismidan 1360-1370 yillarda Movarounnahrda kechgan tarixiy voqealar tafsiloti ham o‘zbekchaga o‘girilib, alohida kitob shaklida nashr bo‘ldi (Sharafiddin Ali Yazdiy. Zafarnoma (fotomaksimil nashr). Nashrga tayyorlovchi, so‘zboshi, izoh va ko‘rsatkichlar muallifi A.O‘rinboyev. – Toshkent, 1972. – 439 b.; Sharafuddin Ali Yazdiy. Zafarnoma / Muhammadali ibn Darveshali Buxoriy tarjimasi. So‘zboshi, tabdil, izohlar va ko‘rsatkichlar mualliflari A.Ahmad, H.Bobobekov. – Toshkent, 1997). 

Shuningdek, asardagi Mo‘g‘uliston, Dashti Qipchoq va Xorazmga oid materiallar ham o‘zbek tiliga tarjima qilinib, «Amir Temur va Ulug‘bek zamondoshlari xotirasida» nomli to‘plamda chiqdi. 

«Muizz al-ansob fiy shajarat al-ansob» (Nisbalar shajarasida izzatli shaxslar nasabnomasi) – fors tilida yozilgan asar, muallifi noma’lum. Turkiy sultonlar xonadoni shajarasi uslubida tuzilgan (Chingizxon xonadoni), unga Amir Temur va avlodlar shajarasi (Husayn Boyqaro hukmdorligi) ilova qilingan. Tadqiqotlarda asar dastlab Rashiduddin Fazlulloh (645-718/1247-1318) tomonidan tuzilgani va temuriylar davrida davom ettirilgani qayd qilingan. Temuriylar davriga oid ma’lumotlarning bir qismi tarixchi Hofizi Abru tomonidan tuzilgan degan fikrlar ham mavjud. Bir nechta qo‘lyozma nusxasi bor. Hozirda «Muizz al-ansob ...» faksimile va ilmiy izohlar bilan rus tiliga o‘girilib chop qilingan (Istoriya Kazaxstana v persidskix istochnikax. III tom. Mu'izz al-ansāb (proslavlyayusheye genealogii). Otv. red. A.K.Muminov. Vvedeniye,d s persidskogo yazika, primechaniya, podgotovka faksimile k izdaniyu Sh.X.Voxidova; sost. Ukazateley U.A.Utepbergenovoy. – Almati: Dayk-Press. 2006. – 672 s). 

Ibn Arabshoh (to‘liq ismi Shihobiddin Ahmad ibn Muhammad ibn Abdulloh ibn Ibrohim, 1389-1450) arab tarixchi olimi. Amir Temur Shom o‘lkasiga yurishi chog‘ida uni oilasi bilan Samarqandga olib kelgan. 1408 yili vataniga qaytgan, 1436 yili Qohiraga borib o‘sha yerda yashab qolgan; bir qancha asarlar muallifi, jumladan, Amir Temurga bag‘ishlangan «Ajoyib al-maqdur fi tarixi Taymur» (Temur tarixida taqdir ajoyibotlari) 1436 yili yozib tugallangan. Ibn Arabshoh sohibqiron Amir Temurga nisbatan salbiy fikr yuritgan bo‘lsa-da, uning asarida muhim tarixiy ma’lumotlar o‘rin olgan. 

Ibn Arabshohning «Ajoyib al-maqdur fiy tarixi Taymur» asari R.Vate tomonidan fransuz tiliga tarjima qilingan va 1658 yili Parijda, so‘ngra J.Sandersning inglizchaga tarjimasi ham (1936) chop bo‘lgan. «Ajoyib al-maqdur»ni O‘zbekistonda o‘zbek tiliga o‘girish sharqshunos olim Ubaydulla Uvatov tomonidan o‘ttiz yil ilgari boshlangan bo‘lsa-da, biroq uni kitob holida nashr etish faqat mustaqillik yillarida amalga oshdi. Asar «Amir temur tarixi» nomi bilan 1992 yili chop etildi (Ibn Arabshoh. Ajoyib al-maqdur fi tarixi Taymur (Temur tarixida taqdir ajoyibotlari). So‘zboshi, arab tilidan tarjima va izohlar muallifi U.Uvatov. I-II kitoblar. – Toshkent, 1992). 

Fasih Ahmad ibn Jaloliddin Xavofiy (1375-1442). «Mujmali Fasihiy» (Fasihiyning qisqa tarixi) 1441 yili yozilgan, forsiy tilda. Muallif o‘z davrining taniqli tarixchilaridan, Mirzo Shohrux saltanatida Hirotda tarixnavislik bilan mashg‘ul bo‘lgan. Asarda dastlab umumiy tarix, so‘ngra temuriylar davriga oid muhim voqealar tarix (sana) ko‘rsatilgan tartibda lo‘nda bayon qilingan. 

O‘zbekistonda «Mujmali Fasihiy» dastlab rus tiliga (Fasix Axmad al-Xavafi. Mujmal-i Fasixi («Fasixova svod») perevod s persidskogo, predisloviye, primechaniya i ukazateli D.Yu.Yusupovoy. – Toshkent, 1980), so‘ngra asardan lavhalar o‘zbek tiliga o‘girilib to‘plamda chop etildi. 

Mirzo Ulug‘bek (796-853/1394-1449) «Tarixi arba’ ulus» (To‘rt ulus tarixi) – tarixiy asar, forsiy tilda yozilgan (boshqa bir nomi «Ulusi arba’ayi Chingiziy» – «Chingiziylarning to‘rt ulusi»). Mazkur kitobning bir qismi «Shajarat ul-atrok» (Turk xoqonlarining shajarasi) nomli muallifi noma’lum asardan saylanma shaklida olinganligi asarning o‘zida qayd etilgan. «Tarixi arba’ ulus» muqaddima va yetti bobdan iborat: dastlabki ikki bob qadimiy turkiy sultonlar tarixi, keyingi boblar esa Chingizxon va uning avlodilari (jumladan, yettinchi bobda Chig‘atoy ulusi hukmdorlari tarixi) berilgan. 

Mustaqillik yillarida O‘zbekistonda Ulug‘bekning «Tarixi arba’ ulus» asari uning Britaniya muzeyi (Angliya) nusxasi (ADD 26190)dan o‘zbek tiliga o‘girilib chop etildi (Amir Temur va Ulug‘bek zamondoshlari xotirasida. – T., 1996. – B. 194-224). 

Abdurazzoq Samarqandiy (to‘la ismi Kamoliddin Abdurazzoq ibn Jaloliddin Is'hoq Samarqandiy, 816-887/1413-1482) – Temuriylar saltanatining XV asrdagi asosiy tarixnavisi, Hirot shahrida yashagan, podshoh devonida mas’ul vazifalarda ishlagan; 845-848/1442-1444 yillarda poytaxt Hirotdan Janubiy Hindistonga jo‘natilgan elchilarga boshchilik qilgan va ushbu sayohat tafsilotlarini kundalik shaklida yozib qoldirgan. 

Asosiy tarixiy asari «Matlai sa’dayn va majmai bahrayn» (Ikki saodatli yulduzning chiqishi va ikki dengizning qo‘shilish joyi) bo‘lib, 872-875 (1467-1470) yillarda forsiy tilda yozilgan; ikki jildda birinchi jild – O‘rta Sharq mamlakatlarining o‘n to‘rtinchi asrdagi tarixi, ikkinchi jild – Temuriylar saltanati (XV asr) tarixi. 

Asar matni 1933-1949 yillarda Lahorda nashr etilgan. Undan anchagina lavhalar ingliz, fransuz, turk, rus tillariga tarjima bo‘lgan. Ular orasida salmoqli tarjima fransuz sharqshunosi Katrmerning fransuz tiliga tarjimasidir. 1843 yilda Parijda chop bo‘lgan. 

«Matlai sa’dayn...»ning o‘zbek tiliga tarjimasiga XX asrning 60-yillarida kirishilgan va «Abdurazzoq Samarqandiyning Hindiston safarnomasi» hamda ikkinchi jilddan birinchi qism (807-832/1405-1429 yillar voqealari) o‘zbek tilida chop bo‘lgan (O‘rinboyev A. Abdurazzoq Samarqandiyning Hindiston safarnomasi. – Toshkent, 1960; Abdurazzoq Samarqandiy. Matlai sa’dayn va majmai bahrayn. Fors tilidan tarjima, kirish so‘z va izohli lug‘atlar muallifi A.O‘rinboyev. – Toshkent, 1969). Shunigdek, Sharqiy Turkiston tarixiga oid lavhalar rus tiliga tarjima qilindi (Abd ar-Razzak Samarkandi. Matla' as-sa'dayn. Per. s persidskogo D.Yu.Yusupovoy. Materiali po istorii Sredney i Sentralnoy Azii X-XX vv. – Tashkent, 1988. – S. 171-184). 

O‘zbekistonda mustaqillik yillarida «Matlai sa’dayn...»dan dastlab temuriylar bunyodkorligiga oid ma’lumotlar, so‘ngra asarning ikkinchi jildi to‘la o‘zbek tiliga o‘girilib chop etildi (Abdurazzoq Samarqandiy. Matlai sa’dayn va majmai bahrayn. II jild birinchi qism. 1405-1429 yillar voqealari; II jild ikkinchi va uchinchi qismlar. 1429-1470 yillar voqealari. Fors tilidan tarjima va izohlar muallifi A.O‘rinboyev. geografik ismlar izohli lug‘ati O.Bo‘riyev tomonidan tuzilgan. – Tashkent: O‘bekiston, 2008. I jild – 631 b.; II jild – 831 b). 

Muhammad ibn Xovandshoh ibn Muhammad (Mirxond, 837-903/1433-1498) – Temuriylar saltanatidagi taniqli tarixchi olim, Hirotda yashab, Alisher Navoiy homiyligida ijod qilgan. Asosiy tarixiy asari «Ravzat as-safo fiy siyrat al-anbiyo va-l-muluk» (Payg‘ambarlar, podshohlar va xalifalarning tarjimayi holi haqida jannat bog‘i), forsiy tilda; muqaddima va yetti jilddan iborat (oxirgi jild chala, to 1467 yil voqealarigacha); shu sababdan mazkur jildni tarixchining nabirasi Xondamir yakunlagan va voqealar bayonini to 1523 yilgacha yetkazgan. Dastlabki besh jild umumiy tarix va O‘rta Sharq mamlakatlarining Amir Temur saltanati davrigacha bo‘lgan tarixini o‘z ichiga oladi. Oltinchi va yettinchi jildlarda Temuriylar saltanati tarixi haqida so‘z boradi. 

«Ravzat as-safo...»ning qo‘lyozma nusxalari ko‘p, turli kutubxonalarda, matni bir necha marta nashr ettirilgan: Tehron, 1853-1857; Lakhnav, 1883; Tehron, 1960. 

O‘zbekistonda mustaqillik yillarida «Ravzat as-safo...»ning Xorazmda bajarilgan o‘zbekcha tarjimasidan lavhalar Mahmud Hasanov tomonidan hozirgi o‘zbektiliga tabdil qilindiva u to‘plamda chop bo‘ldi. 

Davlatshoh Samarqandiy (1435-1495) «Tazkirat ash-shuaro» (Shoirlar zikrida) 1486 yili yozilgan, forsiy tilda. Mazkur asarda X-XV asrlarda O‘rta Sharq va O‘rta Osiyoda, jumladan, temuriylar davrida yashab ijod qilgan shoirlar va ayrim tarixchi olimlar haqida ma’lumotlar hamda ayrim tarixiy kechinmalar ham qayd etilgan. 

«Tazkirat ash-shuaro»ni 1900 yili Xivada Muhammad Rafi’ o‘zbek tiliga o‘girgan. Asar matni bir necha marta nashr bo‘lgan (Bombay, 1887; London, 1901; Tehron, 1958). 

O‘zbekistonda mustaqillik yillarida «Tazkirat ash-shuaro»dan ayrim lavhalar o‘zbek tilida chop etilgan (Davlatshoh Samraqandiy. «Tazkirat ash-shuaro»dan. Forsiy tildan B.Ahmedov tarjimasi. Amir Temur va Ulug‘bek zamondoshlari xotirasida. – T., 1996. – B. 8-14). 

Xondamir (to‘la ismi G‘iyosiddin ibn Humomiddin Muhammad; 1475-1535), tarixchi Mirxondning nevarasi, temuriylar, temuriylar saroyida tarixnavis bo‘lib xizmat qilgan. Bir qancha tarixiy asarlar muallifi. Asosiy tarixiy asari – «Habib as-siyar fi axbor va afrod al-bashar» 1529 yili yozib tugallagan. Asar uch jilddan iborat; oxirgi jildi Temuriylar saltanatining XV asr ikkinchi yarmi – XVI asr birinchi choragidagi hayoti aks etgan. 

Asar muhim tarixiy ma’lumotlarni o‘z ichiga olganligi tufayli ko‘p martalab ko‘chirilgan va matni bir necha marta nashr etilgan (Bombay, 1857; Tehron, 1855; 1955). «Habib as-siyar...»ning bir qismi eski o‘zbek tiliga ham o‘girilgan (1860). Hozirgi o‘zbek tilida Xondamir ijodiga bag‘ishlangan kichik bir risola chop etilgan (Ahmedov B. Xondamir.. – T., 1965. – 54 b). 

O‘zbekistonda mustaqillik yillarida Xondamirning ilmiy faoliyatiga bag‘ishlangan yirik ilmiy tadqiqot ishi amalga oshirilgan (Yusupova D.Yu. Xondamir i yego nauchnoye naslediye kak istochnik po istorii kulturi Sredney Azii: Avtoref. disss... doktor. nauk. – Tashkent, 2001) bo‘lsa-da, biroq uning tarixiy asarlaridan birortasi hozirgi o‘zbek tilida chop etilgani yo‘q. 

Zahiriddin Muhammad Bobur (1484-1530), temuriy shahzoda, Mironshoh avlodidan. Hindistonda boburiylar sulolasiga asos solgan, tarixchi olim va shoir sifatida ham tanilgan: bir nechta nazmiy asari bor. asosiy tarixiy asari «Boburnoma» nomi bilan ma’lum, sarguzasht (memuar) shaklida yozilgan, ya’ni unda voqealar yillar tartibida bayon qilingan. 

«Boburnoma» boshqa nomlari «Voqi’oti Boburiy», «Tuzuki Boburiy») (Boburshoh o‘zi mazkur kitobini { وقائع=وقايع }-[Vaqayi'] – «Vaqoye’»=«Vaqoyi’» deb nomlagan edi: «Xoja Kalon Xoja Yahyoning nabirasi mendin bitiyturgan «Vaqoye’»ni tilaydur edi, istiktob qildurub berdim» («B» - 363 a)(Sh.R.)) eski o‘zbek tilida yozilgan. Asarda Temuriylar saltanati tarixining XV asr oxirgi choragi – XVI asr boshlariga oid, shuningdek, boburiylar hukmdorligining XVI asr birinchi choragi voqealaridan hikoya qilinadi, asosan, Boburning o‘z ko‘rgan-kechirganlari bayonidan iborat. 

«Boburnoma»ning uncha to‘la bo‘lmagan nusxasigina bizgacha yetib kelgan. Qo‘lyozma nusxalari Angliya (London) va Hindiston (Haydarobod) kutubxonalarida saqlanadi. Asarning tarixiy nuqtayi nazaridan o‘ta muhimligini bir qancha yevropa taillariga qilingan tarjimalaridan va ko‘plab nashrlaridan (London, 1826, 1905, 1921; Qozon, 1957; AQSH, 1993; Yaponiya, 1995-1996 va b.) bilsa ham bo‘ladi. 

O‘zbekistonda «Boburnoma»ning Qozon nashridan ko‘chirilgan qo‘lyozma nusxalari O‘zR FA Sharqshunoslik instituti fondida saqlanadi. Asarning o‘zbek, rus tillaridagi to‘la ilmiy nashri ham amalga oshirilgan va u bir necha marta qayta chop bo‘lgan. 

Mirzo Muhammad Haydar (1499-1551), «Tarixi Rashidiy» - forsiy tildagi tarixiy asar; unda O‘rta Osiyo va unga yondosh hududlar tarixi, asosan, Mo‘g‘uliston xonlarining XIV-XVI asr birinchi yarmi oralig‘idagi hukmdorligi tarixi xususida so‘z boradi. «Tarixi Rashidiy»ning muallif yashagan davrga oid qismlari sarguzasht (memuar) uslubida yozilgan va aniq tarixiy voqealarni o‘z ichiga oladi. Asarning qo‘lyozma nusxalari anchagina, jumladan, O‘zR FA Sharqshunoslik instituti fondida ham bir nusxasi mavjud. «Tarixi Rashidiy» Yevropada ingliz tiliga o‘girilib chop etilgan (London, 1895). 

O‘zbekistonda mustaqillik yillarida mazkur asar O‘zR FA Sharqshunoslik instituti olimlari tomonidan rus tiliga to‘la ilmiy tarjima qilindi va bosilib chiqdi (Zahiriddin Muhammad Bobur. Boburnoma. – Toshkent, 1948-1949; 1960; 1965-1966; 1989 ruschaga tarjima nashrlari: 1958; 1959. Zahiriddin Muhammad Bobur. Boburnoma / Porso Shamsiyev, Sodiq Mirzayev va Eyji Mano (Yaponiya) nashrlari asosida qayta nashrga tayyorlovchi Saidbek Hasanov. – Toshkent: Sharq, 2002. (Ushbu maqola muallifining izohi); Mazkur izoh «Mirzo Muhammad Haydar» maqolasiga emas, balki «Zahiriddin Muhammad Bobur. Boburnoma» maqolasiga oid bo‘lib, juz’iy xatolardan xoli emasdir. (Sh.R.)); bu nashr Qozog‘istonda qayta nashr bo‘ldi (Olma-ota, 1999). 

«Temur tuzukllari» («Tuzuki Temuriy»; boshqa nomlari «Malfuzoti Temuriy» – «Temurning aytganlari»; «Voqioti Temuriy» – «Temur haqida xotiralar»). Mir Abu Tolib al-Husayniy at-Turbatiy ismli shaxs (XVII asr) Yaman hukmdori Ja’far podshoh kutubxonasida Amir Temurning kechmishlaridan iborat bitta turkiy-chig‘atoy (eski o‘zbek) tilida yozilgan asar borligini aytgan. Mazkur asarni u forsiy tilga o‘giradi. Boburiylar saltanati hukmdori Shoh Jahon asar bilan tanishib chiqadi va saroy tarixchisi Muhammad Ashraf Buxoriyga qayta ishlab, tuzatib to‘ldirishni buyuradi. Natijada asarning yangi, kengaytiilgan tahriri yaratiladi. Unda Amir Temurning tarjimayi holi, davlat va qo‘shinining tuzilishi, Chig‘atoy ulusining tarixi haqida ma’lumotlar berilgan edi. 

Keyingi asrlarda «Temur tuzuklari» boshqa tillarga tarjima qilindi. Chunonchi, 1858 yili Xivada o‘zbek tiliga o‘girilgan. Uning nashrlari ham ko‘p. 

«Temur tuzuklari»ning forsiy matni va inglizchaga tarjimasi Yevropada chop etildi (Oksford, 1783). 

O‘zbekistonda «Temur tuzuklari» 1967 yili Alixon To‘ra Sog‘uniy (1885-1976) tomonidan hozirgi o‘zbek tiliga o‘girilgan va «Guliston» jurnalida e’lon qilingan. Asarning tuzatilgan, to‘ldirilgan yangi tarjimasi O‘zR FA Sharqshunoslik instituti xodimlari H.Karamatov va B.Ahmedov tomonidan amalga oshirildi, kirish so‘z va ilmiy izohlar bilan 1991 yili chop etildi (Temur tuzuklari. Forschadan Alixon Sog‘uniy va Habibullo Karamatov tarjimasi. B.Ahmedov tahriri ostida. – Toshkent, 1991). «Temur tuzuklari» 1992 yili A.Ahmedov tomonidan ham uning IX asrdagi ruscha tarjimasi (Maqolada «IX asrdagi ruscha tarjimasi» tarzida xatolikka yo‘l qo‘yilgan. To‘g‘risi – «XIX asrdagi ruscha tarjimasi»)dan o‘zbek tiliga o‘girilib, «Zafar yo‘li» nomi bilan chop qilindi (Amir Temur Ko‘ragon. Zafar yo‘li. Nashrga tayyorlovchi, tarjimon, so‘zboshi va izohlar muallifi A.Ahmedov. – Toshkent, 1992). 

Asarning 1991 yilgi nashri asosida «Temur tuzuklari» 1996 yili qayta bosildi (Temur tuzuklari. Forschadan A.Sog‘uniy va H.Karamatov tarj.; B.Ahmedov tahriri ostida; so‘zboshi va izohlar B.Ahmedovniki. – Toshkent, 1996) va shu yili asarning uch tildagi (o‘zbek, ingliz, fransuz) nashri ham chiqdi. Bu manba 1999 yili rus tilida (forsiy matni bilan birga) ham bosildi (Ulojeniye Timura. Perevod s persidskogo X.Karamatova. pod nauchnoy redaksiyey B.Axmedova. Avtor predisloviya, primechaniy i kommentariyev B.Axmedov. – Toshkent, 1999). Keyinroq asarning «Voqioti Temuriy»ni qo‘shib kengaytirilgan shakli, uning XIX asrda Xorazmda qilingan o‘zbekcha tarjimasi nusxasi (Sankt-Peterburg qo‘lyozmasi asosida) matni va hozirgi o‘zbek tiliga tabdili chop bo‘ldi (Amir Temur Ko‘ragon. Qissai Temur («Malfuzoti Temuriy»). Arab alifbosidan kiril alifbosiga o‘girish, so‘zboshi, lug‘at va izoh mualliflari H.Bobobekov, H.Boboyev, A.Quronbekov. – Toshkent, 2000). 

Bu borada navbatdagi vazifa – asarning qadimiy qo‘lyozmalarini yig‘ib, yagona ilmiy tanqidiy matnini yaratish bo‘lib qolmoqda. 

Salohiddin Toshkandiy (to‘la ismi Mullo Salohiddin ibn mullo Aloiddin xoja eshon), «Temurnoma» – keyingi asrlarda sohibqiron Amir Temur kechinmalariga bag‘ishlab o‘zbek tilida qahramonlik janrida yozilgan tarixiy asarlardan biri. Muallif XIX asr oxirlarida yashab ijod etgan, she’rlar ham bitgan. 

«Temurnoma» erkin badiiy ijod namunasi, unda tarixiylik bilan badiiylik qorishib ketgan. Muallif Amir Temur saltanati haqida forsiy tilda yozilgan tarixiy manbalarga tayangan holda o‘zbek tilida «Temurnoma»ni yaratdi. Asar 47 doston (bob)dan tarkib topgan. Dastlab Movarounnahrning ilgarigi davrlar tarixidan so‘z boradi, so‘ngra Amir Temurning shajarasi va kechinmalari bayon qilingan (tug‘ilishidan to vafotiga qadar). 

O‘zbekistonda «Temurnoma» 1990 yili kiril alifbosiga tabdil etilib, so‘zboshi va lug‘at tuzilgan holda chop bo‘ldi (Temurnoma (Amir Temur Ko‘ragon jangnomasi). Nashrga tayyorlovchi, so‘zboshi va lug‘at muallifi P.Ravshanov. – Toshkent, 1990). 

Mustaqillik yillarda O‘zbekistonda ushbu mavzuda bir nechta to‘plamlar ham nashr etildi. Ular orasida 1996 yili sohibqiron Amir Temur tavalludining 660 yilligini nishonlash munosabati bilan «Amir Temur jahon tarixida» nomli to‘plamning to‘rt tilda (o‘zbek, ingliz, fransuz, rus) chop qilinganligi temurshunoslik tarixida katta yangilik bo‘ldi (qayta nashri 2001 yil). Unda birinchi marta Amir Temurning tarixdagi o‘rni keng ko‘lamda o‘z ifodasini topgan, xalqaro hamkorlik asosida O‘zbekiston olimlari bilan birga Fransiya olimlari olimlari ham ishtirok etganlar. Shuningdek, «Amir Temur va Ulug‘bek zamondoshlari xotirasida» (1996) va «Temuriylar bunyodkorligi davr manbalarida» (1997) to‘plamlarida ham bevosita temuriylar davri tarixiy manbalaridan tarjima-lavhalar berilgan. 

Xulosa qilib aytish mumkinki, mustaqillik sharofati bilan O‘zbekistonda Amir Temurning sarkardalik va davlatdorlik faoliyati, fan va madaniyatga homiyligi bilan bog‘liq tomonlariga haqqoniy baho berish imkoni yaratildi, temuriylar tarixiga oid ko‘pgina manbalar ilmiy muomalaga kiritildi va bu sohada manbalarni o‘zbek tiliga o‘girib chop etish yetakchi o‘rin egalladi. 


O.Bo‘riyev.

Temuriylar davrida ilm-fan va madaniyat rivojini o‘rganish va targ‘ib qilishning umumbashariy ahamiyati.

O‘zR FA temuriylar tarixi davlat muzeyi. Mas’ul muharrir N.Habibullayev. – T.: Akademnashr, 2015. – 128 b. – B. 58-70. (O‘zbekcha); Исследование исторических источников, сочиненных на персидском и арабском языках.

Fikr qoldirish#


O‘qish tavsiya qilinadi
Yosh shoirning shakllanishi yoki Bobur Mirzo Farg‘ona viloyati podshohi (1494-1504)

Zahiriddin Muhammad Bobur 1483 yil 14 fevral kuni Andijonda Farg‘ona...

Hukmdorlarga o‘rnak bo‘ladigan, dunyo olimlari havas qiladigan umr e’tirofi

This article explores the historical significance of Babur and the...


Maqolani baholang
0.0