Fransuz sharqshunosligida Bobur ijodini o‘rganish, u haqida tadqiqotlar yozish XVIII asrning ikkinchi yarmidan boshlandi. 1773 yilda sharqshunos A.De Longperye o‘zining «Asarlar» («Oeuvres») to‘plamida «Xatt-i Bobur haqinda» maqolasini eʼlon qildi. Muallif «Xatt-i Boburiy» xususida fikr yuritarkan, Bobur alifbosi murakkab arab alifbosidan o‘zining soddaligi va yozuvga qulayligi bilan farq qilishini taʼkidlab o‘tadi.
XIX asrga kelib Yevropa, xususan, fransuz sharqshunosligida Bobur merosini o‘rganish, uning asarlarini tarjima qilish borasida yangi davr boshlanadi. Bu yillarda «Boburnoma»ni fransuz tiliga tarjima qilish, uning matn xususiyatlarini o‘rganish, siyosiy-tarixiy ahamiyatini baholashda fransuz olimlari eʼtiboriga molik tadqiqotlarni yaratishdi.
«Boburnoma»ni fransuz tiliga tarjima va tadqiq qilishga sharqshunos Anri Jyul Klaprot (1783-1835) birinchilardan bo‘lib kirishadi. 1824 yil A.Klaprotning «Sulton Bobur yoxud «Boburnoma» tarixiga oid kuzatishlar» nomli maqolasi bosilib chiqadi. Markaziy Osiyo va Sibirda yashagan xalqlar tarixi, madaniyati va adabiyotini yaxshi bilgan Klaprot Yevropa sharqshunosligida «Boburnoma» xususida ilk bor to‘laqonli fikr yuritgan edi. Muallif «Boburnoma»ning ayrim boblarini fransuz tiliga o‘girib, o‘z tarjimalarini asl nusxa bilan qiyosiy tahlil qiladi va asar matnining lisoniy jihatlari haqida tegishli xulosalar chiqaradi.
1854 yilda Parijda «Hozirda va qadimda yashagan tarixiy shaxslar hayoti» nomli katta kitob chop qilinadi. Mazkur kitobdan sharqshunos M.Langle (1763-1824)ning «Zahiriddin Bobur hayoti va ijodi» nomli maqolasi ham o‘rin olgan edi. Maqolada Bobur haqidagi avvalgi manbalarga nisbatan ancha boy maʼlumot berilgan bo‘lib, o‘quvchi undan adib hayoti va ijodi to‘g‘risida chuqurroq bilim olishga muvaffaq bo‘ladi.
XIX asrning oltmishinchi yillarida fransuz leksikografi Pyer Larussning «XIX asr fransuz qomusiy lug‘ati» («Grand Larousse universal du XIX siecle»)ning ko‘p jildligi nashr etiladi. Lug‘atning ikkinchi jihatidan o‘rin olgan «Zahiriddin Muhammad Bobur» maqolasi diqqatga sazovordir. «Zahiriddin Muhammad Bobur Amir Temurning nabirasi (Manbada «Temurning nabirasi» tarzida xato yozilgan; to‘g‘risi: beshinchi zurriyoti, yaʼni «Temurning chevarasining o‘g‘li». (Sh.R.)) bo‘lib, 1483 yilda tug‘ilgan, – deb boshlanadi maqola, — 1494 yilda tatarlar (bu yerda o‘zbeklar maʼnosida – M.X.) yurtning g‘arbida, keyinroq Xurosonda taxtga o‘tiradi. 1525 yilda o‘ng ming otliq suvoriylari bilan Hindistonni egallab, Qandahor, Kobul, Dehli, Agra shaharlarini o‘ziga bo‘ysundiradi. So‘ngra Hindistonda Buyuk Mo‘g‘ullar imperiyasiga asos soldi.
XVIII asrning oxiriga qadar Hindistonda boburiylar sulolasi hukmronlik qildi. Bobur 1530 yilda vafot etdi». Ushbu satrlardan so‘ng maqolada «Boburnoma» kitobi xususida fikr yuritiladi. Maqola muallifi kitobning yozilishi va boshqa tillarga tarjima qilinishi tarixiga to‘xtalib, «bu asar, darhaqiqat, juda qiziqarli bo‘lib, hali Fransiyada qariyb maʼlum emas. Turkiy-chig‘atoy tilida yozilgan bu kitob dastlab forsiyga tarjima qilindi va Hindiston musulmonlari orasida shuhrat topdi», – deb yozadi.
Pyer Laruss qomusidagi maqola muallifi «Boburnoma» matni badiiyligi xususida mulohaza yuritarkan, aniq xulosalar chiqarishga harakat qiladi. «Uslubi jihatdan, – yozadi muallif, – asarning birinchi va ikkinchi qismining boshlanishi juda qiziqarli yozilgan, voqealarga, detallarga boy, xronologik izchil, ifoda soddaligi va ravonligiga katta eʼtibor berilgan». Shuningdek, maqolada «Boburnoma»ga chizilgan miniatyuralar xususida ham ijobiy fikrlar bildiriladi, Boburning Afg‘oniston va Hindistonga qilgan yurishlari haqidagi rang tasvirlarda juda jonli ifoda etilganligi ham qayd qilingan.
Darvoqe, venger sharqshunosi Herman Vamberi 1873 yil Sankt-Peterburgda nashr qilingan «Buxoro va Transaksoniya tarixi» asarida «Boburnoma»ni «Sharq Sezarining xotiralari» deya baholaydi. Diqqatga molik tomoni shundaki, Pyer Laruss qomusidagi maqolada esa bu haqda Vamberidan oldinroq quyidagicha taʼrif berilgan: «O‘quvchida «Boburnoma»da xuddi Rim imperatori Yuliy Sezarning, »Xotiralar» kitobini eslatadi. Ha, Sezar «Xotiralar»i bilan bu asar o‘rtasida ko‘p o‘xshash jihatlarni kuzatish mumkin. Ikkala muallif ham voqealar bayoniga, haqqoniyligiga bir xil tasvirda yondashadilar, bir geografik joylar tasvirini berishda ayrim yaqinliklar ham mavjud. Birok, turk hukmdori (Bobur – M.X.) qalamida qahramonlar kayfiyatini, ichki va tashqi dunyosini chizishdagi mahorat Rim imperatorinikiga qaraganda badiiy jihatdan ustunroq. Yaʼni, birinchisi o‘z kitobida turli maroqli va jozibali sarguzashtlarini rivoyat va latifalar, xalq yumori, maqol va matallar ishtirokida badiiy mahorat bilan tasvirlaydi. Maqola so‘ngida «Boburnoma»ning fors va ingliz tiliga qilingan tarjimalari, bu tarjimalardagi ayrim kamchiliklar xususida ham fikr bildirilgan.
Zahiriddin Muhammad Bobur merosini o‘rganish, «Boburnoma»ni tarjima va lisoniy tarjima qilishda fransuz turkologi Anri Pave de Kurteyl (1821-1889)ning xizmatlarini alohida taʼkidlab o‘tmoq joizdir. Fransuz kolleji (College de France) turkiy tillar kafedrasi mudiri, Fransuz akademiyasi aʼzosi, Sankt-Peterburg fanlar akademiyasi muxbir aʼzosi bo‘lgan Pave de Kurteyl vatani Fransiyada turkologiya ilmining rivojlanishiga salmoqli hissa qo‘shdi. Professor A. Pave de Kurteylning olimlik faoliyatida u tuzgan «Sharqiy turkiy tillar lug‘ati» («Dictionnaire de turc orientale». – Paris, 1870), yoxud «Alisher Navoiy, Zahiriddin Bobur va Abulg‘ozi Bahodirxon asarlarini o‘qish uchun izohli lug‘at» alohida ahamiyatga molikdir.
Olim o‘z lug‘atini tuzishda Alisher Navoiyning «Xazoyinul – maoniy» devoni, «Xamsa»si, Zahiriddin Boburning «Boburnoma»si, Abulg‘ozi Bahodirxonning «Shajarai turk» asarlari matnidan manba tuzishda foydalanadi. Lug‘atda keltirilgan olti mingdan ziyod qadimgi o‘zbek tiliga oid so‘zlarni fransuz tiliga o‘girishda olim ijodiy yondashib, har bir so‘zning maʼnosini aniq, atroflicha izohlashga harakat qiladi. Akademik A.N.Kononov taʼkidlaganidek, mazkur lug‘at eski o‘zbek tili va adabiyotini o‘rganishda to hozirga qadar o‘z ahamiyatini yo‘qotgan emas (Qarang: Kononov A.N. Ocherk istorii izucheniya turetskogo yazыka. –L., 1976, s.25.).
Professor A.Pave de Kurteyldagi bu katta tayyorgarlik, eski o‘zbek tili va adabiyotidan egallagan puxta bilim uni «Boburnoma»ni tarjima qilishga undagan edi. 1871 yilda «Boburnoma»ning Pave de Kurteyl tarjimasi ikki jildda nashrdan chiqdi («Memoire de Baber».Traduit pour la premiere fois sur le texte djagatai par A. Pavet de Courteille. – editions, 1871). Birinchi jildda tarjimonning o‘n olti sahifalik so‘zboshisi berilgan. So‘z boshida «Boburnoma»ning yozilishi tarixi, unda tasvir etilgan davrlar, Boburshohning Afg‘oniston va Hindistonda barpo etgan qudratli imperiyasi xususida maʼlumotlar berilgan. «Men tarjima qilgan bu asar faqat sharqshunoslar uchungina emas, – yozadi professor Pave de Kurteyl, – balki tarix va geografiya ilmi bilan shug‘ullanuvchi kishilar uchun ham foydalidir. Unda XV asrning oxiri va XVI asarning birinchi yarmida yashab o‘tgan arboblar va hukmdorlar hayoti, sharqiy turk adabiyotining oltin davri taʼrifi, shahzodalar, beklar hamda fuqaroning turmushi o‘z tavsifini olgandir ». Shuningdek, so‘zboshida Boburning taxtga o‘tirish davridan to Hindistonni zabt etguniga qadar bosib o‘tgan hayotiy yo‘li hikoya qilingan, ayniqsa, «Boburnoma» taʼrifiga keng o‘rin berilgan.
Maʼlumki, «Boburnoma»ning tili xalq tiliga, qolaversa, o‘sha davrda ijod qilgan yirik shoirlar va adiblar tiliga yaqindir. Bu xususida Pave de Kurteyl shunday yozadi: «Bobur tili usmonli turk tili emas, balki sof turkiy til (o‘zbek tili – M.X.) bo‘lib, har qanday arab va forsiy iboralardan xolidir. Bu til shoir Lutfiy va Navoiy, Sulton Husayn va Mir Haydar tili bo‘lib, juda sodda, boy hamda ifodalidir».
Yuqorida qayd etganimizdek, g‘arblik bir qator olimlar «Boburnoma»ning yaratilishini Bobur Hindistonda hukmron bo‘lgan davr bilan bog‘laydilar. Fransuz tarjimoni bu borada quyidagi fikrni aytdi: «Agar mendan «Boburnoma» qaysi davrda yozilgan, deb so‘rasalar, men kitob Bobur Hindistonni zabt etgandan so‘ng, yaʼni 1526 yildan boshlab yozilgan va Boburshoh hayotining oxirigacha davom etgan, deb javob qilardim». Professor Pave de Kurteyl bunday xulosaga kelishda, asarning dastlabki boblaridanoq Hindiston davri voqealarining uchrab turishini ko‘zda tutgan edi.
Shuningdek, so‘zboshida professor o‘ziga qadar amalga oshirilgan «Boburnoma»ning ikki mashhur tarjimasi xususida ham mulohaza yuritadi. Bular, Akbarshoh davrida uning topshirig‘i bilan qilingan Mirza Abdurahimxon ibn Bayramxonning forsiy tarjimasi hamda sharqshunos olimlar Jon Leyden va Vilyam Erskinning inglizcha tarjimasidir. «Parijdagi Milliy kutubxonada, – yozadi Pave de Kurteyl, – Mirzaxon, yaʼni Abdurahimxon tarjimasidan iborat qo‘lyozmaning ikki nusxasi saqlanadi. Abdurahimxon Humoyun podshohligi davrida uning saroyidagi eng nufuzli kishilaridan bo‘lgan, uning obro‘yi Akbar va Jahongir Mirzo davrida ham saqlanib qolgan (u 1626 yilda vafot etgan)». Olim taʼkidlaganidek, Abdurahimxonning forsiy tarjimasi «Boburnoma»ning Sharqda keng tarqalishiga yo‘l ochib beradi va Yevropa sharqshunoslarining ham diqqatini o‘ziga jalb etadi. Mazkur tarjimaning miniatyuralar bilan bezatilgan nusxalari hozir London, Parij, Kalkutta kutubxonalarida saqlanib kelinadi. Professor Pave de Kurteyl J.Leyden va V.Erskin bajargan inglizcha, A.Kayzer o‘girgan nemischa tarjimalariga yuqori baho berish bilan birga, ulardagi nuqsonlarga ham to‘xtalib o‘tadi.
«Mening oldingi tarjimonlarga birdan-bir eʼtirozim, ular asl nusxa matni ustidan fors tiliga qilingan tarjimachilik (Mirza Abdurahimxon tarjimasi ko‘zda tutilmoqda – M.X.) qunt bilan ishlashmagan. Inglizcha va nemischa tarjimalar aslidan bir qadar uzoqlashgandir, ko‘pchilik hollarda geografik nomlar forsiyda qanday berilgan bo‘lsa, shu holda takrorlangan. Ayniqsa, Shimoliy Hindistondan keladigan daromad xususida gap ketganda, bu nuqsonlar ko‘zga yaqqol tashlanadi». Pave de Kurteylning bu tanqidi o‘rinli edi. Darhaqiqat, Boburning qo‘l ostida bo‘lgan joylardan keladigan daromad hisobi to‘g‘risida gap borganda, inglizcha tarjimada anchagina chalkashliklarning mavjudligini shu tarjimani tahlil qilgan munaqqidlar ham taʼkidlab o‘tganlar.
Xullas, Pave de Kurteyl Zahiriddin Muhammad Boburning merosini Fransiyada o‘rganish va targ‘ib qilishda o‘zining yuksak xizmatlari bilan katta hissa qo‘shdi, «Boburnoma»ning tarjimoni sifatida mashhur bo‘ldi. Olim boshlagan bu xayrli ish so‘nggi yillarda uning vatandoshlari tomonidan izchil davom ettirildi.
1888 yil «Osiyo jurnali» (Journal asiatique)ning ikkinchi jildida sharqshunos Jyul Darmstetye o‘zining «Kobul yozuvchilari. Boburshoh va boshqa mo‘g‘ul shahzodalarining qabrtoshlaridagi bitiklar» nomli maqolasini eʼlon qiladi. Ushbu maqolada olim Bobur va boburiylar maqbarasidagi bitiklar haqida atroflicha maʼlumotlar berish bilan birga, ularning fransuz tiliga tarjimasi va talqinini ham keltirib o‘tadi.
Maʼlumki, Boburning «Aruz risolasi» asari o‘zbek arab, va boshqa turkiy xalqlar sheʼriyati qonuniyatlarini o‘rganishda muhim ahamiyatga molik bo‘lgan qo‘llanma hisoblanadi. Bu asar qo‘lyozmasining saqlanib kelganligi ilmiy jamoatchilikka maʼlum emas.
Qo‘lyozmaning bir nusxasi Parijdagi Milliy kutubxonada saqlanib kelinayotgani haqida 1923 yil turk olimi M.F.Ko‘pruluzoda ilk bor maʼlumot beradi. Fransuz sharqshunosi Edgar Bloshe o‘zining Parijdagi «Milliy kutubxonada saqlanayotgan turkiy qo‘lyozmalar katalogi» kitobida «Aruz risolasi» asarining ushbu qo‘lyozmasiga keng tavsif berib o‘tadi. Taniqli olim, professor Hamid Sulaymonov 1968 yil Parijda bo‘ladigan E.Bloshe katalogida zikr etilgan «Aruz risolasi» qo‘lyozmasining mikrofilmini olishga muvaffaq bo‘lgan edi. Shuningdek, E.Blashe katalogida kutubxona fondining 1230 inventar raqami ostida Bobur «Devoni» qo‘lyozmasi ham saqlanayotgani tavsif qilinadi. Bloshe taʼrificha, 1515 yilda Kobulda ko‘chirilgan ushbu «Devon»ga Bobur g‘azallari va ruboyilari kiritilgan bo‘lib, chiroyli miniatyuralar bilan bezatilgan ekan.
XX asrda ham fransuz sharqshunoslari tarafidan Zahiriddin Muhammad Bobur merosini o‘rganish, «Boburnoma»ni tarjima qilish borasida ulkan ishlar amalga oshirildi. Fransuz qomuslarida Bobur hayoti, ijodi va «Boburnoma» kitobi haqida umumiy maʼlumot beruvchi maqolalar ko‘paydi. 1930 yil fransuz olimi Fernand Grenardning «Bobur. Hind imperiyasining asoschisi» (Baber. Fondateur de 1’Empire des Indes. – Paris: 1930, 179 r.) nomli risolasi nashr etiladi. Kitob o‘n bobdan iborat bo‘lib, unda Boburning bolalik vaqtidan to umrining so‘nggi davriga qadar boshidan kechirgan voqealar tarixiy-badiiy asnoda hikoya qilingan. Grenardning ushbu risolasi «Boburnoma»ga hamohang yozilgan bo‘lib, undagi voqealarga monand keluvchi ilmiy-ommabop ocherklardan Boburning Samarqandni tashlab chiqqan, Andijonni qo‘ldan chiqargan paytdagi holatini quyidagicha tasvirlaydi: «Orzu-umidlari chilparchin bo‘lgan Bobur orqaga qaytadi. Bahor fasli edi, u tog‘asi yurti (Toshkent – M.X.) tomon yo‘l oladi. U ezilgan ko‘ngliga taskin berish niyatida o‘zining quyidagi misra bilan boshlanuvchi g‘azalini bitadi:
Jonimdan o‘zga yori vafodor topmadim.
Ko‘nglumdin o‘zga mahrami asror topmadim.»
Boburning Hirot va Qobuldagi hayoti Grenard kitobida birmuncha jonli tasvirlanadi. Bu yerda Bobur taxtu toj uchun jangtalab sohibqiron emas, balki noziktaʼb inson va dilbar shoir qiyofasida ko‘rinadi.
1983 yil YUNESKO qarori bilan Bobur tavalludining 500 yilligi keng nishonlandi. Bu qutlug‘ sanaga fransuz olimlari ham ajoyib tuhfa tayyorladilar. Parijdagi «Pyublikasion oriyetalist de Frans» (ROG‘) nashriyoti «Boburnoma»ning yangi fransuzcha tarjimasini «Bobur kitobi» (Le livre de Babour) nomi bilan chop etdi. Mazkur tarjima yirik turkshunos olim, doktor Jan Lui Bakye-Grammon qalamiga mansub bo‘lib, u 478 sahifadan iboratdir. Tarjimadagi taniqli fransuz sharqshunosi, professor Lui Bazen so‘zboshi yozgan edi. So‘zboshidagi Boburning Buyuk Mo‘g‘ul imperiyasini barpo qilish yo‘lidagi kurashi, «Boburnoma»ning yozilish tarixi, bu asarning jahon adabiyotida tutgan o‘rni xususida atroflicha maʼlumot bergan. 1981 yil «Boburnoma»ning doktor Bakye-Grammon tarjimasi FIT (Xalqaro tarjimonlar federatsiyasi)ning bosh sovrinini oldi.
Doktor Bakye-Grammon tarjimasi «Bobur Movarounnahrda», «Bobur Afg‘onistonda», «Bobur Hindistonda» deb uch qismga bo‘lingan. «Bobur Movarounnahrda» qismiga o‘zbekistonlik olima Sabohat Azimjonova so‘zboshi yozgan. Olima «Boburnoma»ni tahlil qilarkan, dastavval, Boburning Farg‘ona viloyatida taxtga o‘tirishidan boshlab, Samarqandni egallashi, Shayboniyxon bilan toju taxt uchun olib borgan jangi va, nihoyat, Afg‘oniston tomon yo‘l olishi tafsilotlarini qiziqarli yoritib beradi. Shuningdek, olima «Boburnoma»ni o‘sha davrda yozilgan boshqa manbalar bilan solishtirib, o‘z davri siyosiy, iqtisodiy voqealarni tushunishda, madaniy hayotini yoritishda asardagi maʼlumotlarning ahamiyatini alohida taʼkidlab o‘tadi. So‘zboshining so‘ngida «Boburnoma»ning mavjud qo‘lyozmalari, forsiy, ingliz va fransuz tillariga qilingan tarjimalari haqida, G‘arb va Sharq olimlarining asari ustida olib borgan tadqiqotlari xususida ham to‘xtalib o‘tgan.
Tarjimaning «Bobur Afg‘onistonda» qismiga kirish so‘zining muallifi afg‘onistonlik olim, professor Abdulhay Habibiy bo‘lib, u Bobur faoliyati va ijodini o‘rganish borasida bir qator tadqiqotlar yaratgan. Boburning Afg‘onistonda o‘z davlatini mustahkamlashi, bir necha bor Movarounnahrni qayta qo‘lga olish uchun qilgan yurishlari haqida hikoya qilarkan, olim Kobuldagi Bobur va uning avlodlari dafn qilingan maqbaralardagi sag‘analarga bitilgan xatlar haqida maʼlumot beradi, bu yozuvlarni forsiydan fransuz tiliga tarjima qilib keltiradi. / «Bobur Hindistonda» sarlavhali o‘n olti sahifadan iborat kirish so‘zini hind olimi, Kashmir universiteti professori Muhibbul Hasan yozgan. Kirish so‘zida Boburning Hindistonga yurishlari, bu yerda uning davlatni mastahkamlash sohasiga olib borgan tadbirlari, hind xalqi bilan do‘stona munosabati, maʼrifat va adabiyotni rivojlantirishdagi xizmatlari eʼtirof etilgan.
Muhibbul Hasan «Boburnoma» xususida to‘xtalarkan, bu asarning Boburshoh shaxsiyati va davlat tizimini o‘rganishidagina emas, balki Hindiston tarixi, geografiyasi va madaniyati o‘tmishini o‘rganishda ham qimmatbaho manba ekanini, Hindistonni, uning xalqi hayotini tasvirlashda muallif idrokining naqadar o‘tkirligini alohida taʼkidlab o‘tadi. «Boburga qadar bironta musulmon tarixchisi yoki geografi (al-Beruniydan mustasno) Hindistonni bu qadar jonli va to‘g‘ri tasvirlagan emas,» – deydi muallif. Shuningdek, Shoh Boburning o‘z fuqarosi – hind xalqi bilan do‘stona muomalada bo‘lganini, hindlar ham shoh tuzumidan mamnun yashaganliklarini qayta-qayta taʼriflab o‘tadi.
«Boburnoma»ning doktor Bakye-Grammon tarjimasi fransuz o‘quvchisining didiga yaqin saviyada amalga oshirildi. Unda Bobur hukmronligi davri Movarounnahr, Afg‘oniston va Hindiston yerlarining xaritalari berilgan. Bu esa o‘quvchining yuqoridagi o‘lkalarning geografik o‘rni bilan tanishtiradi. Kitob oxirida qirq sahifadan ortiq joy nomlari, milliy atamalar va kishi ismlariga oid atamalar berilgan.
1985 yil «Boburnoma»ning fransuzcha tarjimasi qayta tarjima qilindi. Ikkinchi nashr birinchisidan o‘zining hajmi, qog‘ozi va sifatining afzalligi bilangina emas, balki unga kiritilgan yangi ilmiy manbalar, baʼzi tuzatishlar, ko‘p sonli miniatyura bezaklari bilan ham ajralib turadi. Bu nashrga professor Anri Mikel qisqacha kirish so‘zi yozgan. Professor Anri Mikel unda quyidagicha fikrni bildiradi: «Janglar, g‘alaba va mag‘lubiyatlar, kelishuvlar… bular shubhadan xoli, albatta. Shuningdek, xotiralar, fikrlar, zaifliklar, yurak dardlari haqida nihoyatda soddalik bilan, hech bir mubolag‘asiz hikoya qilinali. Bularning hammasi yuksak darajada tuzilganki, go‘yo kitob emas, jozibali bir tasvir deysiz».
1985 yilgi fransuzcha nashrga Dehli muzeyida saqlanayotgan «Boburnoma» qo‘lyozmasi uchun ishlangan ellikdan ortiq miniatyuralar va o‘ttizdan ziyod zamonaviy fotosuratlar ham kiritilgan bo‘lib, ular asar mazmuni ifodalangan yoki o‘sha davr miniatyuralarida tasvirlangan voqea, manzara, ko‘rinishlarning naqadar hayotiyligini tasdiqlab turadi. Shuningdek, yangi nashrga bir qator ilovalar ham kiritilgandir. Masalan, Bobur ajdodlarining shajarasi, S. Azimjonova tarafidan yozilgan «Xatti Boburiy» haqidagi maqola, shu asarning qo‘lyozmasi fotofaksimilesi ham o‘rin olgan.
Ko‘rinadiki, «Boburnoma»ning A.J. Klaprot, A.Longperye, M.Langle, A.Pave de Kurteyl, F.Grenard, Bakye-Grammon kabi tadqiqotchi va tarjimonlari Bobur merosining tarixiy-etnografik, bibliografik hamda lingvistik jihatdan tavsif qilish bilan Yevropada boburshunoslikning rivojiga munosib hissa qo‘shdilar. Qolaversa, Zahiriddin Muhammad Boburning ilm-fan, adabiyot va sanʼatga baxshida boy merosini to‘plash, nashr etish hamda jahon miqyosida munosib baholamoq uchun yuqoridagi manbalarni eʼtirof etish maqsadga muvofiqdir.
Muhammadjon Xolbekov, filologiya fanlar doktori, professor.
«Jahon adabiyoti» jurnali, 2010 yil, 4-son. – B. 167-171. (O‘zbekcha);
«Бобурнама» на французком языке.
Fikr qoldirish#