Sinov yoʻsinida ishlamoqda

Abulvajd Forigʻiy va uning adabiy merosi

Zahir ad-Din Muhammad Babur's efforts gave rise to a new literary milieu in India,centered on Persian and Turkish languages. This milieu attracted and nurtured intellectuals and artists from Khorasan, Movarounnahr, and Iran, fostering their creative maturity. Among the notable figures in this literary milieu, Sheikh Abulwajd Farigi stands out. He arrived in India from Herat during Babur's reign, capturing the ruler's attention and earning the title "malik ush-shuaro" during Humayun's reign. Abulwajd Farigiy's legacy lives on through his collection of ghazals in Persian and Turkish, known as "Devon." This article presents a concise overview of Abulvajd Forigiy and his literary contributions, drawing from authoritative sources.


Zahiriddin Muhammad Bobur nafaqat siyosiy arbob, shuningdek, ijodkor sifatida oʻzidan katta va qimmatli meros qoldirishi bilan birga, madaniyat, adabiyot homiysi sifatida oʻz atrofida ilm-fan, ijod ahlini birlashtirdi. XV asrning oxiri XVI asrning birinchi choragidagi kuchli ijtimoiy-siyosiy voqealar hamda iqtisodiy inqiroz yoqasida boʻlgan Hindistonga Xuroson va Movarounnahrdan ilm-fan, san’at va adabiyot, madaniyat namoyandalari: shoir, adabiyotshunos, tarixchi, rassom, naqqosh, xattot, tabib, me’mor, tarjimon kabi turli soha vakillaridan iborat yangi bir guruh kirib keldi. Buning natijasida Hindistonda turkiy va forsiy tillarga asoslangan yangi adabiy muhit vujudga keldi. Ana shu adabiy muhitning koʻzga koʻringan vakillaridan biri Abulvajd Forigʻiydir.


Sohibdevon zullisonayn shoir Abulvajd Forigʻiy XV asrda Hirotda tugʻilgan boʻlib, shayx Vajihuddinning farzandidir. Shayx Vajihuddin esa mashhur Shayx Zayniddin Havofiy avlodidan. Abulvajd Forigʻiyning tavallud yili noma’lum. Ismi Abulvajd, ayrim manbalarda Abulvajid, Abul Vojid, Abdulvohid ham deb tilga olinadi. Forigʻiy uning adabiy taxallusi. Shoir 1534- (hijriy 940) yil Agrada vafot etgan. Abulvajd Forigʻiy haqidagi ilk ma’lumot Alisher Navoiyning “Majolis un-nafois” tazkirasining “Alar zikridakim, holo zamon sahoifida maoiniy abkori alarning daqiq, ta’blari hullabofligʻidin nazm libosi kiyadur, nazm libosi alarning amiyq zehnlari moʻyshikofligʻidin san’at va salosat naqsh va nigore topadurkim, ba’zining mulozamatigʻa musharraf va sarbaland va ba’zining musohabatidin xushnud va bahramanddurbiz”, – deya izoh berilgan uchinchi majlisida tilgan olingan. Navoiy Forigʻiyni shaxsan uchratgan va suhbatidan bahramand boʻlgan shoirlar sirasiga kiritar ekan, uning oʻqimishli va darveshvash yigit ekanligi haqida qisqa ma’lumot beradi va bir forsiy baytini namuna qilib keltiradi: “Mavlono Forigʻiy – xonaqohi Jadidiyda boʻlur. Darveshvash yigitdur. Bu matla’ aningdurkim:


Az baski on, jafoju ozor menamoyad,

Andak tarahhumi u bis’yor menamoyad”

[Navoiy 2012, 348].


Mazmuni:

U jafo axtaruvchi yorim menga hamisha ozor berganidan

Koʻrsatgan ozgina gʻamxoʻrligi ham koʻpdek tuyuladi.


“Boburnoma”ning ikki oʻrnida Forigʻiy nomi tilga olingan boʻlib, undan biz shoirning Boburga yaqin kishilardan boʻlganini bilishimiz mumkin. “Boburnoma”ning 1525 - (hijriy 925) yil Hindistonga yurish boshlangan safar oyi avvalidagi voqealar tasviriga oid qismida quyidagicha fikrlar bayon qilingan: “Jolada she’r aytur el xeyli bor edi. Misli, Shayx Abul Vajd64 va Shayx Zayn va Mullo Alixon va Turdibek Xoksor, yana ba’zilar ham bor edi. Suhbatta Muhammad Solihning bu bayti mazkur boʻldikim:


Joye ki tu boshi digarero chi kunad kas?

Mahbubii har ishvagarero chi kunad kas?”


Mazmuni:


Sen boʻlgan joyda oʻzgani ne qilar kishi?

Har qanday ishvagar mahbubni ne qilar kishi?


dedukkim, bu goʻshada aytsunlar. Tab’i nazmi bor el aytmoq maqomida boʻldilar” [Bobur 2002, 185].


“Boburnoma”dagi ikkinchi ma’lumot 1528-yil (hijriy 935) voqealari tasvirida uchraydi. Unda Forigʻiy Humoyunning oʻgʻli tugʻilishi sharafiga ta’rix bitganligi quyidagicha bayon etilgan: “Dushanba kuni oyning oʻnida Bekkina Vays Logʻariy bila Bayonshayx otliq Humoyunning bir navkari Humoyunning qoshidan keldilar. Bekkina Humoyunning oʻgʻlining sevinchisiga kelibtur. Otini Al’omon qoʻyubtur, Shayx Abulvajd valodatigʻa tarix: “Shahe saodatmand” topibtur”. [Bobur 2002, 242]. Ta’rix moddasidan abjad hisobiga koʻra, 934-hijriy (1527-milodiy) yil hisobi chiqadi.

Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Bobur ma’lumotlaridan ayon boʻladiki, Forigʻiy Hirotda tavallud topib, shu yerda ulgʻaygan, shoir sifatida tanilgan.

Navoiy “Majolis un-nafois” tazrikasini yozayotgan 1492-1498-yillarda koʻpchilikning e’tiboriga tushgan oʻqimishli, ijodkor yigit boʻlgan. Temuriylar saltanatining tanazzulidan keyin Boburning Hindiston bilan bogʻliq faoliyati vaqtida uning huzuriga borgan. “Boburnoma” varaqlarini koʻchiruvchi kotib tomonidan qoʻshilgan soʻnggi sahifalarida ham Forigʻiy haqida fikrlar quyidagicha bayon qilingan: “Va necha ahli tab’kim, ushbu podshoh doimul avqot suhbatdin ayru qoʻymas erdi, bulardur: Abulbaqokim, ilmi hikmat bobida bebadal erdi. Va Shayx Zayn sadrkim, Zayniddin Xavofiyning nabirasi erdi: Hiddati tab’i bor edi, nazm va inshodin saliqaligʻ va Humoyun podshoh zamonida umaroligʻ ham topib erdi. Va Shayx Abulvohid Forigʻiykim, Shayx Zayn Xavofiyni abasi boʻlur erdi, xush tab’ va she’r ham aytur erdi...” [Bobur 2002, 267] Bundan ayon boʻladiki, Abulvajd Forigʻiy saroyning nufuzli ijodkor vakili boʻlib, Bobur vafotigacha unga yaqin boʻlgan. Ba’zi manbalarda Abulvajd Forigʻiy Bobur davridayoq taniqli shoir sifatida “malik ush-shuaro” unvoniga sazavor boʻlganligi qayd etiladi. Chunonchi, R.Inomxoʻjayev “Bobur va Hindistondagi turkiyzabon adabiyoti” maqolasida Forigʻiyni Hindistonga kelib, Bobur saroyida e’tibor topgani va malik ush-shuarolik martabasiga erishganini ta’kidlaydi [Inomxoʻjayev 1991, 15-16]. Forigʻiy haqida ma’lumot beruvchi yana bir manba Hasanxoja Nisoriyning “Muzakkir ul-ahbob” tazkirasidir. Tazkirada Forigʻiyning nasabi, fazilatlari, hayoti faoliyati “Shayx Abu al-Vajdning muqaddas yodi” nomi ostida quyidagicha bayon etilgan: “Hazrat shayx Zaynuddin Xofiyning majid avlodidan. Ilmu fazl va xushta’blikda zamon yagonasi va oʻlkaning durdonasi boʻlgan. Gʻaroyib va dilfarib soʻzlari bor. Bir oz vaqt Bobur podshoh xizmatida turib, podshohning lutfu marhamatidan safaroz boʻlgan. Bu gʻazal uning balogʻat nizom kalomidandir.


Gʻazal: Girift burqai xat moh rui jononro,

Hijobi kufr bipushid nuri iymonro.

Hanuz bar sari on kuy nogirifta vatan,

Dil az gʻarib navozi girifta jonro.

Daroz umrtar az man kase naxohad bud,

Agar zi umr shumorand ruzi hijronro.

Ba gʻayri surati xubi tu kay rasad ba xiyol,

Agar xiyol tavon kard surati jonro.

Hadisi la’li labash Forigʻiy magu bo gʻayr,

Marez zi bahri xasu xor obi hayvonro.


Mazmuni:

Jononning yuzini goʻzal sabza xat ochib yubordiyu,

Kufr pardasi bekitdi iymon nurini.

Hali ul koʻcha boshida tutmayin vatan,

Dil musofirnavozlik yuzasidan jonni oldi.

Hech kim mendan umri uzunroq boʻla olmaydi,

Agar ayriliq kunlarini ham umr hisobiga kiritsalar.

Sening xoʻb suvratingdan boshqa narsa qachon esga tushibdi,

Agar jon suvratini xayolda gavdalantirib boʻlsa.

La’li labin hadisini, Forigʻiy, aytma oʻzgalar oldida,

Jannat suvini har qanday xoru has uchun ham zoe qilaverma.

Bu matla’si juda yaxshi chiqqan. Matla’:

Jon man az dida har dil mekunam manzil turo,

To nihon az mardumon binam ba komi dil turo.


Mazmuni:


Jonim, koʻzim qarochigʻi orqali dilimga olib kirgayman seni,

Tokim, odamlardan yashirin dilim toʻrida koʻrgayman seni”

[Nisoriy 1993, 128-129].


Hasanxoja Nisoriy ma’lumotlaridan ayon boʻladiki, Abulvajd Forigʻiy ilmli, fazilatlarga boy, xushta’b inson boʻlgan. Tazkiradagi “Uning gʻaroyib va dilfarib soʻzlari bor” jumlasi esa uning she’riyatiga, adabiy merosiga berilgan munosib baho hisoblanadi. Alavuddavla Qazviniy “Nafois ul-maosir” tazkirasida quyidagilarni keltirgan: “Forigʻiy Shayx Abulvajd Shayx Vajhiddinning oʻgʻlidurkim, muddatlar Hirot – Dor ussaltanasida zuhd va taqvoning joynamozida boʻlur erdi. Hargiz ahli sunnat va jamoaning tariqidin chiqmas erdi. Va Shayx Abulvajd benihoya darveshvash va foniy va mashrab kishi erdi. Mazali soʻzlik va shirin tillik bila mashhur. Aksar avqoti umrin ishq va oshiqliqgʻa sarf tutgʻon. Va beqaydliqi bu masobada erdikim, hargiz madrasaning qapusin qufl qilmas erdi va hech bir dunyoning amrlari bila ishi yoʻq. Va hazrat Mavlono Shamsiddin Muhammad Ruhiyning murididur. Alarning xizmatida koʻp ish koʻrgan va qilgʻon. Oʻz ravishin andoqkim ul tabaqaning rozi boʻlgʻon shevasi erdi, pinhon tutar erdi xalq bilmasun deb. Va hamisha zamonning sultonlarining suhbati bila shod va masrur boʻlur erdi. Oning she’rlaridindur:


Az baski on jafoju ozor minamoyad,

Andak tarahhumi u bisyor minamoyad.


Mazmuni:


U jafo axtaruvchi yorim menga hamisha ozor berganidan

Koʻrsatgan ozgina gʻamxoʻrligi ham koʻpdek tuyuladi.

Jununi ham bor:

Bihamdullohki vorastam zi ishqi masti badxuy,

Ki miaftod chun chashmi xud az masti bahar suy.

Chu sogʻar az baroi jur’ai lab barlabi har kas,

Surohivor bahar sogʻari moyil bahar suy.

Mazmuni:

Bihamdullohki, badxoʻ mastning ishqidan qutuldim,

Ki mastlikdan koʻzidek har tarafga tushdi.

Misoli sogʻar lab jur’asi uchun har kimning labiga,

May qadagʻidek har tarafga har sogʻarga moyil.


Hajvlarda ajib va gʻarib she’rlari bordur”, – deb uning hajviy she’rlari va gʻazallaridan namuna havola qilgan [Qazviniy 848, 118б-119а].

Shamsiddin Somiyning “Qomus ul-a’lam” tazkirasida Forigʻiyning Hindistonga safari, Humoyun iltifotiga sazavor boʻlishi va shoirning vafoti haqidagi ma’lumotlarni bayon etilgan: “Forigʻiy – Shayx Abulvajid bin shayx Vajhiddin Hirot mashoyixlaridan boʻlib, birodarzodasi Zayn Xavofiy ila birlikda Hindistona azimatla Humoyunshoha ikrom va ehsonina noil oʻlmish. 940 tarixida Agrada vafot etmishlar. Ushbu matla’ aningdur:

Bunyodi zamin kun chu koʻshti shiftagonro,

To koʻshtai tigʻi tu na binam digaronro” [Somiy 4598, 5].

Mazmuni:

Zamin bunyodini qil, oshiqlarni oʻldirdingdek,

To sening tigʻindan boshqalarning oʻlganini koʻrmayin.


Forigʻiyning Humoyun podshoh tomonidan taqdirlanishi haqidagi ma’lumot tarixnavis Xondamirning “Qonuni Humoyuniy” asarida ham uchraydi. Xondamirning yozishicha, Humoyun davrida Forigʻiy “malik ush shuaro” – shoirlar shohi unvoniga sazovor boʻladi [Inomxoʻjayev 1993, 59]. Ammo bu unvonni olgach, Forigʻiy koʻp oʻtmay, ya’ni 1534 - (940 hijriy) yilda vafot etadi va Agradagi Shayx Zaynuddin madrasasi hududida dafn etiladi.


“Tazkirayi Husayniy” muallifi ham Abulvajd Forigʻiy haqida ma’lumot berar ekan, u Jomiyning zamondoshi va nihoyatda xushkalom ekanini aytib, “Majolis unnafois”da keltirilgan bir baytini takrorlash bilan kifoyalangan [Sanbahliy 1292, 242]. Manbalarda qayd qilinganidek, Abulvajd Forigʻiy Hindistonga borgan va Bobur xizmatida e’tibor topgan. Husaynqulixon Azimobodiy “Nishtari ishq” tazkirasida keltirishicha, yoʻlda jiyani va doʻsti Shayx Zayn bilan och-nahor (ayrim manbalarda amakivachchasi deyilgan), hatto yeyish uchun hech vaqosi qolmaganidan soʻnggi umidlari – eski meshni bozorga sotishga majbur boʻladilar. Ular bu meshni qimmatbahoga sotish uchun oʻzaro kelishib, biri xaridor ikkinchisi sotuvchi boʻladi [Azimobodiy 1391, 1179].


Abulvajd Forigʻiy hayoti va adabiy merosi haqida adabiyotshunoslikda bir qancha olimlar tomonidan muxtasar boʻlsa-da, tadqiqotlar olib borilgan. Jumladan, oʻzbek adabiyotshunosligida birinchi boʻlib filologiya fanlari doktori, professor Saidbek Hasanov “Hindistonda Bobur davri oʻzbek adabiy muhiti” nomli maqolasida

Forigʻiy adabiy merosiga ilmiy jamoatchilik etiborini qaratgan [Hasanov 1983, 50-53]. Keyinchalik R. Inomxoʻjayev, N.Nizomiddinovlar oʻz maqola va tadqiqotlarida Forigʻiy shaxsiyati va “Devon” qoʻlyozmasiga oid muhim ma’lumot hamda xulosalarini, qoʻlyozma surati hamda gʻazallardan namunalarni taqdim qilgan [Inomxoʻjayev 1991, 15-16; 1993, 58-66; Nizomiddinov 2005, 272]. Shuningdek, fors olimlari Maqsud Ali Gundamoniy, Ali Rizo Karimiy va Murtazo Davlatobodiylarning “Digargunii mavqeyati joʻngoni farhang va ijtimoiy dar davrai temuriyoni Hirot dar ruzgori safaviy” nomli maqolasida Forigʻiyning Hindistonga safari e’tirof etilgan boʻlsa, pokistonlik olim Sayid Karim Purmoniyning “Zaboni forsiy dar davrai temuriyon” nomli maqolasida bir qancha forsiyzabon shoirlar qatorida Forigʻiy nomi qayd qilib oʻtilgan [Gundamoniy… 1397, 18-19; Purmoniy 932-1118].


Abulvajd Forigʻiydan bizgacha bir qoʻlyozma “Devon” yetib kelgan boʻlib, u Hindistonning Haydarobod shahridagi Solarjang kutubxonasida 1098–raqami ostida saqlanadi. “Devon” qoʻlyozmasi mikrofilmi professor Hamid Sulaymon boshchiligida Hindistonga uyushtirilgan ekspeditsiya chogʻida professor Saidbek Hasanov tomonidan mamlakatimizga keltirilgan. Qoʻlyozma noma’lum xattot tomonidan hijriy XVII asrda Dekan degan joyda koʻchirilgan. “Devon” qora rangli siyohda, goʻzal nastaliq xati bilan yozilgan. Matnning dastlabki olti misralik ikki sahifasi zarvaraq bilan bezatilgan. She’rlar ikki ustunda yozilib, ularning oʻzaro ajratilgan joylariga, boʻsh oʻrinlariga hind miniatura maktabiga xos uslubda xilma-xil qush, hayvon, gul, erkak va ayol rasmlari chizilgan.


Qoʻlyozma 41 sahifadan iborat boʻlib, har betiga asosan 11 yoki 12, ba’zan 13-14 qatordan turkiy va forsiy tillardagi she’rlar joylashtirilgan. “Devon”dan 182 ta gʻazal oʻrin olgan boʻlib, shundan 12 tasi turkiy tilda, 166 tasi forsiy tilda, 4 tasi shir-u shakar usulida turkiy va forsiy tillarida yozilgan. Gʻazallar asosan Bobur adabiy muhitida keng tarqalgan gʻazal hajmida, ya’ni besh baytda (161 gʻazal) yaratilgan boʻlib, ikki (1 gʻazal), uch (3 gʻazal), toʻrt (12 gʻazal), olti (4 gʻazal), yetti (1 gʻazal) baytlilari ham uchraydi. Forigʻiy “Devon”i sahifalarida joylashtirilgan gʻazallar hajmi 1790 misradan iborat. “Devon” qoʻlyozmasining fotonusxasidan ma’lum boʻladiki, koʻpgina sahifalar tushib qolgan. Ayrim sahifalarning boʻyalib ketganligidan oʻqish imkoniyati yoʻq. “Devon” an’anaga koʻra gʻazallar alifbo tartibida joylashtirilgan. “Devon” qoʻlyozmasida she’rlarning yozilgan vaqti koʻrsatilmagan. Bizningcha, qoʻlyozmaga kirgan turkiy gʻazallar shoirning shu tildagi ijodiy merosidan kichikkina bir lavha boʻlsa kerak. R.Inomxoʻjayev qayd qilganidek, Forigʻiy devonining hozirda ma’lum qoʻlyozmasidagi she’rlar shoir haqida ma’lumot beruvchi tazkiralarning birortasida uchramasligi va devon qoʻlyozmasidagi varaqlarning yetishmayotgani fikrimizni quvvatlaydi [Inomxojayev 1993, 65].


Demak, Forigʻiyning Hindistonga kelgunga qadar Xurosonda yaratilgan ijod namunalari bizga noma’lumligicha qolmoqda. Bu esa Forigʻiy ijodining hajmi 1790 misradan ortishini va uning ijodkorlik mahorati toʻgʻrisida tugal xulosaga kelishimizga erta ekanligini, izlanishlarni davom ettirish lozimligini koʻrsatadi. Abulvajd Forigʻiy oʻz davri an’analariga koʻra ikki tilda – turkiy va forsiyda qalam tebratgan. Uning she’riyatida Bobur ijodiga xos inson va uning muhabbatini tarannum etuvchi mavzular asosiy oʻrinni egallagan. Bu haqda Mahmud Futuhiy Rudmoʻjaniy “Sabki vosuxt dar she’ri forsiy” nomli maqolasida toʻxtalib, shoirning aksar she’rlari ishq va oshiqlik mavzusiga bagʻishlanganini qayd qiladi va “Bihamdullohki vorastim...” deb boshlanadigan she’rini tahlilga tortadi [Rudmoʻjaniy, 12]. Forigʻiy gʻazallarida inson hayoti-yu, uning tuygʻu va kechinmalarini ifodalashda turli manzara va tabiat hodisalari ishtirok etadi. Bularning barchasi ja’m boʻlib shoir ifodalamoqchi boʻlgan gʻoya va fikrlarga qanot bagʻishlaydi. Forigʻiy she’riyatining katta qismi oshiqona mavzuda. Azaliy mavzu hisoblangan ISHQ lirik qahramonning azaldan ishq bilan tugʻilganligida namoyon boʻladi:


Az azal bo ishq damsoz omadam,

Bo xayolash mahrami roz omadam [Forigʻiy, 29b].


Mazmuni:

Azaldan ishqqa damsoz keldik,

Hayoli bilan mahrami roz keldik.


Ishq, shuningdek, Forigʻiy talqinida Yaratganga boʻlgan muhabbatdir. Tasavvuf ta’limoti ruhida tarbiyalangan Forigʻiy misralari oʻz qalbining inkishofi. Bu ta’limotga koʻra, insonning eng yaqini va dardkashi Alloh. Forigʻiy baytlarida ham ana shu fikr oʻz ifodasini topgan. Ya’ni mendek gʻamzada uchun sendan boʻlak hech qanday hamnafasu oshiq yoʻq. Sendan boshqaga oshiq boʻlish men uchun begona.

Bayt:

Jahon ro toke jon boshad, tu shohi mulki jon boshi,

Hamisha az parishoni dilho dar amon boshi [Forigʻiy, 40a].


Mazmuni:

Toki jahonning joni bor ekan, sen jon mulkining shohi boʻlarsan,

Hamisha dillarning parishonligidan omon boʻlgaysan.


Bejizga hind olimi M.A.Gʻani Forigʻiy ijodiga yuksak baho berib, shoir she’riyatini

shirin, pafosli va tasavvufiy ishqqa toʻla deya baholamagan [Inomxojayev 1993, 60].

Forigʻiyning ayrim gʻazallari bandaning Allohga munojati sifatida yangraydi.

Bunday baytlar umidvorlik mazmunida, irfoniy ma’no bilan yoʻgʻrilgan:


Kudurathoi hijron ro az dil bardor, yo Alloh,

Maro dar mehnatu anduhu gʻam maguzor, yo Alloh.

Baruzi hashr mixohamke bimoroni hijronro,

Nasozad binasib az sharbati didor, yo Alloh [Forigʻiy, 38b].


Mazmuni:

Qalbdan hijron kuduratini olib tashla, yo Alloh,

Meni mehnat va gʻamda qoldirma, yo Alloh.

Hijrondagi bemorlarni mahshar kuni

Uchrashuv sharbatidan benasib qilsin, yo Alloh.


Allohga qalbini ochgan lirik qahramon munojaat qilar ekan, dard-u hasratlarini aytib Yaratganga yaqinlashadi. Uning qalbi yanada nurlanadi, ma’rifat bilan limmo-lim toʻladi. Bunda unga ishq hadisidan ta’lim beradigan ma’shuqa – muhaddis kerak. Shoirning “muhaddis” radifli bir forsiy, bir turkiy gʻazalida ana shu masalaga e’tibor qaratilgan.


Forsiy baytlar:

... Juzi ishq makoʻn kori digar dar hama olam,

Sad bor baman goʻft batakror muhaddis.

Chun Forigʻiy bi saru po tolibi ilmam,

Har gohki gardida ba man yor muhaddis [Forigʻiy, 8a].


Turkiy baytlar:

Yuz shukrki boʻldi menga dildor muhaddis,

Qildi karam-u lutf bayak bor muhaddis...

Gʻam harfini mani gʻamzadai besarupoga,

Ta’lim qilurda qilur izhor muhaddis [Forigʻiy, 8b].


Ma’lumki, Forigʻiy zamonasining eng gullagan shaharlaridan Hirotda voyaga yetadi. U yerdagi adabiy muhit ta’sirida oʻsib ulgʻayadi. Shahzodalar oʻrtasidagi toj-u taxt uchun olib borilayotgan urushlar Hirotdagi adabiy hayotni ham izdan chiqaradi. Hirot ziyolilari ijod bilan shugʻullanish uchun osoyishta mamlakatlarga panoh izlab ketishga majbur boʻladilar. Shular orasida Forigʻiy ham oʻz ona shahrini tashlab oʻzga yurtlardan panoh izlaydi. U Hindistonda boburiylar saroyida xizmat qilib, ulugʻ martabalarga erishganiga qaramay, ona yurtini hech qachon yoddan chiqarmaydi. Vatan sogʻinchi, doʻstlar diydori kabi hissiy sezgilar Forigʻiy ijodida oʻz izini qoldirgan:


Joʻdo az gul’uzori xud mani divonai shaydo,

Chu bulbul mikoʻnam har dam figʻonu ohu vovaylo [Forigʻiy, 4a].


Mazmuni:

Gulzorimdan judo boʻlib men devonai shaydo bulbuldek,

Har doim afgʻon, oh va afsus nadomatlar chekaman.


Gʻazalning matla’sida shoir oʻzini bir devona baxt shaydosiga oʻxshatib, vatanni esa bir gulzorga qiyoslaydi. Goʻyo bulbul oʻz vatanidan judo boʻlganda nola qilganidek, men ham qaerda boʻlsam ham vatan sogʻinchi, uning dardi bilan yashayman, deb nola qiladi. Ba’zan shoir oʻzga yurtlarda qanchalik tinch-farovon yashamasin, ona yurtning sogʻinchi, unga yeta olmaslik dardidan ogʻrinadi. Forigʻiy she’riyatda faqat yor vasli, vatan sogʻinchi, dard-u alamlarnigina tasvirlab qolmasdan hayotdagi nohaqliklarni qoralovchi satirik hamda qiyinchiliklarni yengib, maqsad sari intilishga undovchi gʻazallar ham yaratgan. “Nafois ul-maosir” asarida xabar berilishicha, Forigʻiy akasining eshagi yoʻqolishi sababli yozilgan satirikhajviy asari borligi qayd etiladi. Lekin qoʻlimizdagi Forigʻiy “Devoni”ida bunday gʻazallarning yoʻqligi afsuslanarli holdir. Ammo uning ijodida ilgʻor fikrlarni tashuvchi, hayotsevarlik ruhidagi gʻazallar ham anchagina:


Harke mixohad rasad az sayd bar komi murod,

Shivai u dar jahon nabuvad bichoragi [Forigʻiy, 39b].


Mazmuni:

Agar har kishining uslubi faqatgina bechoralik

boʻlib qolmasa koʻzlagan maqsadiga yetadi.


Ma’lumki, har qanday ijodkor asarida boshqa bir shoir ijodining ta’siri sezilib turadi. Forigʻiy ijodida Bobur gʻazallarining ohangi seziladi. Goʻyo ular bir-biriga yaqin egizak misol boʻlsa-da, uning botinida toʻlqin uruvchi ikki ijodkor qalblarining alohidaligi har satr orasida bilinib turadi:


Firoq dardi mani zor-u notavon qildi,

Gʻarib miskin-u ovorayi jahon qildi [Forigʻiy, 39a].


Bu satrlar zamiriga joylashgan tuygʻularni izohlashga urinish uning ta’sir kuchini susaytirishga olib kelgan boʻlar edi. Undagi har bir soʻz ohu hasrat nidosi, chuqur dard va alam bilan toʻla qalb sadosini oʻziga singdirgan. Bularni oʻqigan kitobxon hayajonlanmasligi, unga hamdard boʻlmasligi mumkin emas. Bu satrlar zamiriga joylashgan dardu alamlar unda insongagina xos boʻlgan tuygʻu va qalb nolalarining quyuq jamlanganidir. Satrlardagi firoq, gʻarib kabi soʻzlar shoir qalbidagi iztirobli ohanglar bilan uygʻunlashib ketgan. Ular birlashib ayriliq, firoq simfoniyasini tashkil etadi. Xuddi mana shu kayfiyat, shu ohang Forigʻiy ijodining butun borligʻini qamraydi va yurt sogʻinchi bilan umri shamdek yonib borayotgan ikki ijodkor qarashlarini bir-biriga yaqinlashtiradi:


Vahki, hijron ilgidin bagʻrim toʻla qondur yana,

Sochining savdosidan holim parishondur yana,

-

deb boshlanuvchi ushbu gʻazal Boburning quyidagi matla’ bilan boshlanuvchi gʻazali bilan hamohangdir:


Sochining savdosi tushti boshima boshtin yana,

Tiyra boʻldi roʻzgorim, ul qaro qoshtin yana [Forigʻiy, 37a].


Forigʻiyning bu gʻazali Bobur gʻazali ta’sirida yozganligi bir qarashdayoq ma’lum boʻladi. Zero, Bobur gʻazallarida ham, Forigʻiy gʻazallarida ham hayotda roʻy bergan turli-tuman ijtimoiy voqealar, ulardan olingan taassurotlar, chiqarilgan ijtimoiy xulosalar aks etgandir. Bu holni biz ulardagi vatanni qumsash, sogʻinch ila ona yurtga nisbatan talpinishga boʻlgan urunishlar, vatanga yetolmay qolishdan umidsizlanib yozilgan hayajonli tuygʻular, ammo uzoqda boʻlsa-da, oʻgʻillik burchi sifatida uni qalb qoʻrida saqlash kabi ta’sirchan, goʻzal badiiy lavhalarni rango-rang manzaralariga duch kelamiz.


Forigʻiy gʻazallarining yana bir muhim belgisi shundaki, u oʻz gʻoyalarini xalq ohanglariga mos keladigan soʻzlar vositasida yozadi. Uning gʻazallari turli tasviriy vositalar, she’riy san’atlar bilan muzayyan qilingan. Ular goʻyo lirik kayfiyatdagi satrlarga musiqiylik va ta’sirchanlik baxsh etib, oʻquvchi qalbiga tezroq yetib borishida qulay vosita boʻlgan. Forigʻiyning “Vahki, hijron ilgidin bagʻrim toʻla qondur yana” misrasi bilan boshlanuvchi gʻazalida “yana” radif boʻlib kelgani uchun ham, gʻazalda ohangdorlik, ta’sirchanlik tuygʻular teranligini kuchaytirgan boʻlsa, “Moʻrdam ey oromijon az darde bi darmone tu” deb boshlanuvchi forsiy tildagi gʻazalida “tu”ning bir necha bor takrorlanib kelishi, ya’ni “tu” soʻzining radif oʻrnida kelishi ham yuqoridagi holatni yuzaga keltirganini koʻramiz. Bundan tashqari, Forigʻiy gʻazallarida zamondosh shoirlar ijodiga xos xususiyat – an’anaviy obrazlardan mahorat bilan foydalanib, ajoyib manzaralar bunyod etganini guvohi boʻlamiz:


Ul guli ra’nodin ayru kecha-yu kunduz ishim,

Andalibi hastadek faryod-u afgʻondur yana [Forigʻiy, 40b].


Misollarda gul va bulbul, Layli va Shirin hamda Farhodu Majnunlar, oʻtmish xalq ogʻzaki ijodi qahramonlari va an’anaviy obrazlaridir. Forigʻiy “Devon”ida toʻrtta gʻazal shir-u shakarda bitilgan. Shir-u shakarda yozilgan gʻazallar oʻynoqiligi, ikki xalq dilining bir-biriga yaqinligi belgisi sifatida ham xarakterlidir:


Koʻrbmen to ruxi gulfomi Farrux,

Boʻlubturmen asiri domi Farrux.

Nisor ettim anga jonu dilimni,

Sabo kelturdi to paygʻomi Farrux.

Umidim buki to kuyida etsam,

Koʻngulda bagʻlodim ehrom, Farrux.

Tani farsuda az sar to qadam suxt,

Zi dasti va’dahoi xomi Farrux.

Agar chun Forigʻiy tavfiq yobam,

Benusham boda ro dar jomi Farrux [Forigʻiy, 9b].


Mazkur gʻazalda tilga olingan bizga noma’lum Farrux shoir uchun qadrli shaxs. Xuddi shuningdek, shoir she’rlarida Hoja Qutbiddin nomi tilgan olingan. Shoirning quyidagi forscha gʻazalida Qutbiddin nomi ulugʻlanadi, ta’rif-tavsif etiladi:


Xojai xojaho ast Qutbiddin,

Rahbaru rahnamost Qutbiddin.

Bi shaku shubha mirasad ba Xudo,

Bar darash har ke sar nehad ba yaqin...

Forigʻiy shuda ast bandai ishq,

Na ba dunyo ast moʻtaqid, na ba din.


Xuddi shunday mazmundagi baytlar shoirning turkiy she’rlari ichida ham uchraydi. Ushbu baytlar shu jihatdan xarakterlidir:


To boʻldi qoshing koʻngulga mehrob,

Yoʻqtur manga sabru toqatu tob...,

Yuz shukrki Forigʻiy boʻlubtur,

Xoki rohi Qutbiddin aqtob [Forigʻiy, 7b].


Yuqoridagi har ikki tildagi baytlar ham Forigʻiyning Xoja Qutbiddinga boʻlgan muhabbatini belgilash bilan birga, shoirning ma’rifiy qarashlari va zullisonayn shoir sifatidagi mahoratini ham namoyon etadi. Xulosa qilib aytganda, shoir Abulvajd Forigʻiy oʻzining turkiy va forsiy tildagi she’riyati bilan boburiylar adabiy muhitida alohida oʻringa ega boʻlgan ijodkor sifatida tarixga muhrlandi. Shoir adabiy merosi adabiyotning boburiylar davri mavzu koʻlami, she’riy san’atlarni qoʻllash doirasi, devon tuzish an’anasi kabi kator mavzularda olib borilajak tadqiqotlar uchun qimmatli manba boʻla oladi.


Joʻrayev Jaloliddin Olimjonovich, Filologiya fanlari doktori, Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti,

Xoliqulova Gulsanam Yorqulovna Filologiya fanlari nomzodi, Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universiteti,

Zahiriddin Muhammad Bobur merosining sharq davlatchiligi va madaniyati rivojida tutgan o‘rni uluslararo ilmiy-nazariy konferansi materiallari. Toshkent ., 2023

Fikr qoldirish#


O‘qish tavsiya qilinadi
Yosh shoirning shakllanishi yoki Bobur Mirzo Farg‘ona viloyati podshohi (1494-1504)

Zahiriddin Muhammad Bobur 1483 yil 14 fevral kuni Andijonda Farg‘ona...

Hukmdorlarga o‘rnak bo‘ladigan, dunyo olimlari havas qiladigan umr e’tirofi

This article explores the historical significance of Babur and the...


Maqolani baholang
0.0