Komron Mirza, one of the notable figures in Turkish literature in India, was the second son of Babur. He was not only a gifted poet but also a remarkable talent who carried forward the rich traditions established by his father. This article conducts a comparative analysis of the poetic works of Zahir ad-Din Muhammad Babur and Komron Mirza, specifically focusing on their contributions in the Uzbek language,encompassing ghazals, rubai, and fards.
Komron Mirzo Kobulda tugʻilib Hindistonda yashagan boʻlsa ham, turkiy adabiyot bilan yaqindan tanish boʻlgan, xususan, Navoiy ijodiga muhabbat qoʻygan va hatto bir she’rida “Turkiyda Navoiyga yetsam, ne ajab, gʻoziy”, - deya niyat qiladi.
Shuningdek, otasi shoh va shoir Bobur asos solgan Hindistondagi turkiy adabiyotning rivojiga munosib hissa qoʻshadi.
Adabiyotshunoslik faniga Komron Mirzo devonining uch nusxasi ma’lum. Bulardan birinchisi Xudobaxsh kutubxonasi nusxasi boʻlib, qoʻlyozma 1556-milodiy
yili Mahmud Ibn Is’hoq Shahobiy Hiraviy tomonidan koʻchgirilgan. Bu devonga Mirzo Komronning oʻzbek, fors-tojik tillaridagi she’rlari kiritilgan. Bular: oʻzbek tilida 47 ta
gʻazal, 2 masnaviy, 1 tarkibband, 28 ruboiy, 1 toʻrtlik, 24 gʻazal, 8 ruboiy, 23 fard, 2 qit’a, 1 masnaviy. 3 qit’a, 21 fard; fors-tojik tilida
Devonning ikkinchi nusxasi bevosita boburiylar kutubxonasiga mansub boʻlib, devon oʻz ichiga oʻzbek tilida 47 ta gʻazal, 2 masnaviy, 1 tarkibband, 29 ruboiy, 1 toʻrtlik, 3 qit’a, 21 fardni; fors-tojik tilida 25 gʻazal, 8 ruboiy, 23 fard, 2 qit’a, 1 masnaviyni qamrab olgan.
Mirzo Komron devonining uchinchi nusxasi Osiyo jamiyati qoʻlyozmalar fondida saqlanib kelinadi. Bu nusxa Xudobaxsh kutubxonasida saqlanayotgan Is’hoq ibn Shahobiy Hiraviy tomonidan koʻchirilgan qoʻlyozmadan kitobat qilingan nusxa boʻlib, she’rlar tartibi Xudobaxsh nusxada qanday boʻlsa, bu nusxada ham aynan shu tartibda joylashtirilgan.
Komron Mirzo zullisonayn shoir boʻlgan. U oʻzbek va fors-tojik tillarida ijod qilgan. Biz tahlilga tortgan, oʻzbek tilida nashr qilingan devoniga shoirning 41 ta gʻazali, masnaviy, fard, tuyuq, qit’a va ruboiylaridan namunalar kiritilgan. Komron Mirzo devonida ham oʻsha davr an’analariga muvofiq gʻazal yetakchi janrlardan sanaladi. Aksar gʻazallar ishqiy mavzuda yozilgan boʻlib, asosan, ilohiy ishqni tarannum qiladi.
Mirzo devonida sharq she’riyatida keng qoʻllanadigan an’anaviy tashbehlar, tashxis, iyhom, mubolagʻa, tajnis, tanosub kabi bir-biridan goʻzal she’r san’atlari, qofiya san’atlarining turli koʻrinishlari, aruz vaznining jarangdor vaznlari qoʻllaniladiki, bularning bari Komron Mirzoning she’r ilmini puxta oʻzlashtirganligidan darak beradi.
Ayniqsa, nafaqat Bobur ijodiga, balki butun sharq she’riyatiga, turkiy adabiyotga xos boʻlgan tasviriy vositalarni mahorat bilan qoʻllay olishi devondagi she’rlarni yana-da
oʻqimishli qiladi. Shoir she’rlarining xalqona uslubga yaqinligi, sodda va samimiy ifodalar esa badiiy bitiklarning oʻquvchiga tushunarli boʻlishini ta’minlaydi:
Lolayi hamro degan yuzi emish yor-yor,
Nargisi shahlo degan koʻzi emish yor-yor [Komron Mirzo 1993, 21].
Xalq qoʻshiqlari ohangida yozilgan ushbu baytda ma’shuqaning goʻzal yuzi lolaga, shahlo koʻzlari nargisga qiyoslanadi. Bir qator she’rlarida sharq she’riyatida keng qoʻllanadigan Farhod va Shirin, Layli va Majnun kabi obrazlarga talmeh qilinadi:
Erur Laylo bilan Shirin bahona,
Jahonda sen solibsan shoʻru gʻavgʻo [Komron Mirzo 1993, 7].
Mirzo she’rlarida ma’naviy san’atlar bilan birga lafziy san’atlar, takrorga asoslangan san’atlar ham koʻp uchraydi. Ayniqsa, Bobur ijodida koʻp kuzatiladigan (balo qaro – qaro balo kabi) tard-u aks (teskari takrorlash) san’ati yordamida original tasvirlar yaratiladi: “Vafogʻa va’da qilib, va’daga vafo qilsang”.
Komron Mirzoning ishqiy gʻazallarida tilga olinadigan nasroniy qiz muhabbati tasviri dastlab Navoiyning “Lison ut-tayr” asarida “Shayx San’on hikoyati”da uchrasa ham, “Komron gʻazalida nasroniy qizning lirik qahramon sifatida tanlanishi hamda shayxning oʻz e’tiqodiga xilof ichki kechinmalarini bir planga olib chiqilishi turkiygoʻy shoirlar ijodidagi sevgi kuch-qudrati madhiyasiga xos ilgʻor gʻoyalarni yana-da mazmunan kengaytiradi” [Nizomiddinov 2012, 318]:
Oʻt qoʻyar aql ila din xirmanigʻa shayx ila shob,
Chun tarab belga berur turrasin ul tarso qiz [Komron Mirzo 1993, 13].
Quyidagi baytda esa musulmon va kofir soʻzlari vositasida tazod (qarshilantirish) va mukarrar (Olloh-Olloh) san’ati vositasida yuqoridagi mazmunga hamohang tasvir yaratiladi:
Yuz musulmon qonini toʻkti koʻzungning gʻamzasi,
Olloh- olloh ne ajoyib kofiri xunxor erur [Komron Mirzo 1993, 11].
Zahiriddin Muhammad Boburning ijodiga havas qoʻygan va u yaratgan badiiy bitiklardan ilhomlangan otasi boshlab bergan Hindistondagi turkiy adabiyot an’analarini munosib davom ettirgan Komron Mirzo ijodi Bobur asarlari bilan shaklan va mazmunan yaqinlik kasb etadi. Bu tabiiy jarayon boʻlib, birinchidan, Bobur ijodi Hindistondagi turkiy adabiyotning dastlabki namunalari boʻlsa, ikkinchidan, oʻgʻilning otaga havas qilishi, kezi kelganda taqlid qilishi bilan izohlash mumkin. Boburning quyidagi gʻazalida “Menga” soʻzi radif vazifasini bajargan boʻlsa, Komron Mirzo devonida ham shu soʻzning radif sifatida takrorlanishi kuzatiladi:
Bobur:
Keltursa yuz baloni oʻshal bevafo menga,
Kelsun agar yuzumni evursam, balo menga! [Bobur 2008, 25].
Komron:
Yordin keldi xat-u ta’vizi jon boʻldi manga,
Qotili hajr ilgidin xatti amon boʻldi manga [Komron Mirzo 1993, 7].
Ayrim gʻazallar qofiyalanishi, radiflarning bir xilligi bilan uygʻunlik kasb etsa, ayrimlarida vaznlarning bir xilligini ham kuzatish mumkin.
Bobur:
Soʻrma holim/niki, boʻldim /burnogʻidin/ zorroq,
- v - - - v- - - v - - - v
Jism jondin / zoru jonim / jismdin af/gorroq [Bobur 2008, 67].
Komron: - v - -- v - -- v - -- v -
Sendin ayru /har zamon koʻng/lum mening gʻam/nokroq,
- v - - - v - - - v - - - v
Koʻkragim haj/r ilgidin pi/rohanimdin / chokroq [Komron Mirzo 1993,15].
- v - - - v - - - v - - - v
Komron Mirzoning Bobur qoʻllagan badiiy mazmun va tashbehlarni aynan takrorlamagani holda original tasvirlar yarata olishi Bobur she’riyatining munosib davomchisi va yuksak iste’dod sohibi ekanligini koʻrsatadi:
Bobur Mirzo
Charxning men koʻrmagan javr-u jafosi qoldimu?!
Xasta koʻnglum chekmagan dard-u balosi qoldimu?!
Komron Mirzo
Charxdin jonima bor ancha malol,
Ki, demon otini ham ogʻzinga ol.
Bobur Mirzo
Yor iti, qichqirma gar Bobur desa holin senga,
Naylayin, bu gʻurbat ichra sendin oʻzga yoʻq kishim.
Komron Mirzo
Iting to manga yor-u hamdam boʻlubtur,
Jahon ahlidin ulfatim kam boʻlubtur.
Bobur Mirzo
Necha la’lingdin mening bagʻrim toʻla qon qilgʻasen?
Xotirimni necha zulfingdek parishon qilgʻasen?
Komron Mirzo
Gʻuncha yangligʻ la’lidin gahe koʻnguldur gʻarqi xun,
Gah parishon zulfi yangligʻ xotirim darhamdurur.
Bobur Mirzo
Sochining savdosi tushti boshima boshdin yana,
Tiyra boʻldi roʻzgorim ul qaro qoshdin yana.
Komron Mirzo
Oldi koʻnglumni ochib sochini ul ra’no qiz,
Soldi savdoyi boshimgʻa sochidin savdo qiz.
Komron Mirzo devonida gʻazallardan tashqari ruboiy janrida yozilgan she’riy asarlar ham mavjud boʻlib, ular ham Bobur ruboiylari bilan mazmunan yaqinlik kasb etadi.
Bobur:
Yod etmas emish kishini gʻurbatda kishi
Shod etmas emish koʻnglini mehnatda kishi.
Koʻnglum bu gʻariblikda shod oʻlmadi, oh,
Gʻurbatda sevunmas emish, albatta, kishi [Bobur 2008, 211].
Komron:
Ahbobga xushdurur rafiq oʻlsa kishi,
Imdod ila homiyi tariq oʻlsa kishi,
Islom eliga jon bila tarvij qilib,
Bir-biriga bu besh kun shafiq oʻlsa kishi [Komron Mirzo 1993, 28].
Bobur:
Ishvang bila gʻamzangni-yu nozingnimu dey?
Javrung bila soʻzung-u gudozingnimu dey?
Soʻzung, qiligʻing, navozishinmu aytay?
Ovozu usulingni-yu sozingnimu dey? [Bobur 2008, 215].
Komron:
Yo ravzayi rizvon kibi koʻyungnimu dey?
Yo gʻoyati e’tidol boʻyungnimu dey?
Yo husni kalom-u guftugoʻyungnimu dey?
Yo tab’i salim-u yaxshi xoʻyingnimu dey? [Komron Mirzo 1993, 28].
Bobur:
Shohim, senga ma’lum emastur, ne qilay?
Ohim senga ma’lum emasdur, ne qilay?
Men yuz-u qoshing dermen-u, sen – badr-u hilol,
Mohim, senga ma’lum emastur, ne qilay? [Bobur 2008, 217].
Komron:
Faryodki, faryodima yetmas ne qilay?
Ul shoʻx mening dodima yetmas ne qilay?
Har chand ki dardimni bayon aylarmen,
Dardi dili noshodima yetmas ne qilay? [Komron Mirzo 1993, 28].
Zahiriddin Muhammad Boburning biz tahlilga tortgan she’riy devoniga baytlar nomi bilan kiritilgan ikkiliklar va Komron Mirzo devoniga fardlar nomi ostida joylashtirilgan misralar orasida ham shakl va mazmun uygʻunlikni koʻrish mumkin.
Bobur:
Garchi olamda visol ayyomi dilkashdur axiy,
To bilingay vasl qadri, hajr ham xushdur axiy [Bobur 2008, 276].
Komron:
Gar tarahhum qilmasa hijron aro jonon axiy,
Boʻlgʻum ushbu gʻussadin ovorayi davron axiy [Komron Mirzo 1993, 22].
Dunyo tamaddunida shoh va shoir sifatida nom qoldirgan hazrati Boburning ikkinchi oʻgʻli Komron Mirzo, asosan, otasi Bobur yaratgan she’riy yaratiqlardan ilhomlangani, ularga ham shaklan, ham mazmunan yaqin misralar bitishga intilganini, bir soʻz bilan aytganda, she’riyatda Bobur an’analarini munosib davom ettirganini koʻrish mumkin. Mirzo devonidagi badiiy betakror ifodalar uning yuksak iste’dodidan, she’r ilmini puxta egallaganidan va ulardan oʻz ijodida mahorat bilan foydalanganidan darak beradi. Komron Mirzo asarlari Hindistonda Zahiriddin Muhammad Bobur asos solgan turkiy adabiyotning goʻzal namunalari sifatida qadrlidir.
Allambergenova Nodira Gulmurzayevna
Ajiniyoz nomidagi Nukus DPI, O‘zbek adabiyoti kafedrasi dotsenti v.v.b.,
Zahiriddin Muhammad Bobur merosining sharq davlatchiligi va madaniyati rivojida tutgan o‘rni
uluslararo ilmiy-nazariy konferansi materiallari Toshkent ., 2023
Fikr qoldirish#