Xattotlik va musavvirlik, umuman mo‘tabar qo‘lyozma kitoblarni badiiy bezash sanʼati Shimoliy Hindistonda, xususan XVI asrda jamiyat madaniy hayotida muhim o‘rin tutgan edi. Bular to‘g‘risida bizgacha yetib kelgan xattotlik, musavvirlik namunalari va yozma tarixiy manbalar guvohlik beradi. Yozma tarixiy manbalarda mavjud xattotlik va musavvirlik to‘g‘risidagi qimmatli maʼlumotlar, xattot va musavvirlar sanʼatining o‘z davri ijtimoiy madaniy hayotida tutgan o‘rnini aniqlashga yordam berishi shubhasiz.
Mana shu nuqtai nazardan qomusiy asar bo‘lmish XVI asr yirik tarixchi, davlat arbobi va olimi Abulfazl Allomiyning “Oyini Akbariy” kitobida mavjud xattotlik, xattot va musavvirlar to‘g‘risidagi maʼlumotlarni maxsus o‘rganish alohida ahamiyat kasb etadi. Undan biz Boburiylar davridagi xattotlik va nafis mo‘jaz rasm taraqqiyoti, Shimoliy Hindiston va Markaziy Osiyo xalqlari orasidagi mavjud bo‘lgan badiiy madaniy aloqalarni bilib olishimiz mumkin.
Umumiy iqtisodiy taraqqiyot, nisbatan tinchlik, mamlakatni yagona siyosiy kuch atrofida birlashgani, Boburiylarning o‘z qo‘shnilari Markaziy Osiyo va Eron bilan bo‘lgan iqtisodiy, madaniy aloqalari qator atoqli olim, shoir va sanʼat arboblarini yetib chiqashiga ijobiy taʼsir qildi. Shoirlardan Fayzi Fayoziy, tarixchilar Nizomuddin Ahmad, Abdulqodir Baduniy, shoir, homiy va tarjimon Mirzoxon Abdurahim Xoni xonon, rassomlar Mir Sayiid Ali Termiziy, Mavlono Abdussamad Sheroziy, Basovan, musiqachi Tansen, xattot Muhammad Husayn Kashmiriy va boshqalar yashab ijod qilganlar. Ularning ichida Jaloliddin Muhammad Akbarning do‘sti, vaziri Abulfazl Allomiy shaxsi alohida ajralib turadi.
Abulfazl yirik olim va ilohiyotchi Shayx Muborak Nagoriyning farzandlaridan biri bo‘lib, 1550 yili Agrada dunyoga kelgan (Nizomutdinov I. Abulfazl Allomiy). U va uning aksi, bo‘lg‘usi shoir Fayziy Fayoziy, oilada ajoyib tarbiya olganlar va ikkilasi ham o‘z davrining yirik madaniyat va davlat arboblari bo‘lib yetishdi.
1574 yili yosh Abulfazl Jaloliddin Muhammad Akbar saroyiga ishga jalb qilinadi va dunyoqarashining kengligi uchun Allomiy (keng dunyoqarashli olim) unvonini oladi. Keyincha bosh vazir etib tayinlanib, Boburiylar davlatining mustahkamlanishi, amalga oshirilgan iqtisodiy va madaniy tadbarlarda faol ishtirok etadi. Akbar Podshoh unga “Muʼtamani davla” (“Davlatning ishonchli kishi”)si xitobini beradi. U otasi va akasi Fayziy Fayoziy bilan Akbar Podshoh tomonidan “Dini ilohiy” nomli yangi umumiy din ishlab chiqishiga, shu yordamida saltanat barcha aholisini bir xalqqa aylantirishga yordam bergan. Abulfazl vazir bo‘lish bilan birga, Akbar Podshoh tarixini yozishga kirishib, uni “Iqbolnoma” yoki “Akbarnoma” deb atadi. U 1602 Dekandan qaytib kelishida dushmanlari shahzoda Sulton Salim yollagan odamlar tomonidan o‘ldirilgan.
Abulfazl Allomiydan uch yirik asar meros bo‘lib qolgan: 1) uch jilddan iborat “Akbarnoma” asari. Bu kitobda 1593 yilgacha bo‘lgan siyosiy voqealar bayon etilgan. 2) “Oyini Akbariy” (“Akbar joriy etgan qonunlar”) bu uch jildli kitobda Akbar davlati boshqaruv tizimi, mamlakat jug‘rofiyasi, madaniyat arboblari va ijtimoiy madaniy voqealar tavsifi keltirilgan. 3) “Maktuboti Allomiy” tarixchining maktublar to‘plami. Bulardan tashqari u qadimgi hind masallar to‘plami “Panchatantra”ni yangi forsiy tarjimasini “Ayyor va Donish” nomi bilan yaratgan. Bu asarlarning barchasi Boburiylar davri tarixi, madaniyati va iqtisodini o‘rganish uchun juda katta ilmiy ahamiyatga ega. Shuning bilan bir qatorda, ular podshoh saroyi sharoitida yaratilgan bo‘lib, o‘z davriga xos xususiyatlarga ega ekanligini ham eʼtiborga olish zarur. Bir narsa shubhasizki, ulardagi maʼlumotlar o‘zining ishonchli ekanligi bilan alohida ajralib turadi.
Abulfazl Allomiyning boshqa asarlari kabi “Oyini Akbariy” ham ko‘pdan buyon tarixchi olimlar eʼtiborini o‘ziga jalb qilib kelmoqda (Antonova K. A. Ocherki obщyestvennыx otnosheniy i politicheskogo stroya mogolskoy Indii vremen Akbara). Kitob ikki marta ingliz tiliga tarjima qilingan, asar matni asliyatda fors tilida va toshbosma nusxada ham chop qilingan (O‘zR FA Sharqshunoslik intituti, toshbosma kitob 5245 raqami; Abulfazl Allami. Aini Akbari. Lukhnov, 1893). Ushbu kitobni o‘rganish uchun asarning Abu Rayhon Beruniy nomidagi O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Sharqshunoslik instituti xazinasidagi fors tilidagi toshbosma nusxa va kutubxonadagi uning ingliz tilidagi H. Bloxman amalga oshirgan tarjimadan foydalanildi.
“Oyini Akbariy” asari qomusiy xarakterga ega bo‘lib, unda xattotlar va rassomlar to‘g‘risidagi maʼlumotlar “Oyini rangomizi” ranglarni yaratish to‘g‘risidagi ixcham qismdan keyin keladi. “Oyini rangomizi”da muallif o‘zining ranglar, aniqrog‘i bo‘yoqlar to‘g‘risidagi tasavvurini bayon etadi. Uning fikricha, barcha ranglar oq va qora ranglarni aralashtirishdan kelib chiqib, qanday rangni olish uning o‘zaro mutanosibligiga bog‘liq deyiladi. Asosiy oyin “Oyini tasvirxona” deb atalib, u uch qismdan iborat. Mana shuning uchun asarni ingliz tiliga tarjima qilgan H.Bloxman uni ikki qismga ajratgan: birinchisini “Xattotlik va rassomlik sanʼati”, ikkinchisini esa “Rangtasvir” (musavvirlik) deb atagan. Birinchi qismda Abulfazl avval o‘zining xattotlik va musavvirlikka oid nuqtai nazarini shunday bayon etgan: “Biz shakl deb atagan narsa, uning ko‘rinishini bilishga olib keladi. Bu shakl ko‘rinishi uning mohiyatini yoki haqiqatini bilishga olib keladi. Xuddi shunday, biz xat shakli orqali yozuv yoki so‘zni bilishimiz mumkin. Bu esa bizni g‘oyani bilishga olib keladi. Xuddi shunday holat tasvirlarda ham yuz beradi” (Aini Akbari, 96 p) .
Yozuv yoki tasvir orqali inson fikrlarini ifodalash imkonlarini taqqoslar ekan, Abulfazl shunday yozadi: “Garchi rassomlar, ayniqsa yevropaliklar, narsalar shaklini tasvirlash va ularning tabiiy holatlarini ifodalashda shunchalik muvaffaqiyatga erishdilarki, kishilar ular tasvirlagan narsalar bilan haqiqiylarini adashtirishi mumkin. Lekin, tasvirlar baribir yozuv xatdagi harflar maʼnolaridan ko‘ra zaifroq, chunki yozuv xat o‘tmish donishmandligini o‘zida qamram olib, u aqliy taraqqiyotga xizmat qiladi”” (Aini Akbari, 96 p).
Muallif o‘zining yozuv xat va tasvirga o‘z qarashlarini ifodalab, xat tarixi bo‘yicha umumiy tarixini bayon etadi. Abulfazl Allomiy shuni eslatadiki, arab yozuvida avval unli tovushlarni anglatadigan belgi-harakatlar bo‘lmagan. Ularni bildirish uchun nuqtalar va turli rangdagi siyohlardan foydalanilgan. Unli tovushlarni bildiruvchi harakatlarni ixtiro qilgan shaxs sifatida Xalil ibn Ahmad (h. 100/718-719 vaf. H. 175/791 792 yoki h. 190/ 805 806 Bakra) nomini eslatadi. “Eron va Turon, Hindiston va Turkiyada sakkizta husnixat turi tarqalgan bo‘lib, - deb yozadi Abulfazl Allomiy, - ularning har biri kimgadir yoqadi. Mumtoz olti husnixat turi h. 310/ 922-923 yillari Ibn Muqla tomonidan Maʼqali va Kufi yozuvlaridan ixtiro qilingan: Bular suls, tavqi, muhaqqaq, nasx, rayhoniy va riqoʼdir. Baʼzilarga bular ro‘yxatiga g‘ubor xatini ham qo‘shib, bularning yettitasi Ibn Muqlaning ixtirosi deydilar. Nasx husnixatini ko‘pchilik ixtirosini xalifa Mustaʼsim Billoh g‘ulomi Yoqutga nisbat beradilar”.
Abulfazl bu husnixat turlari xususiyatlarini batafsil bayon etadi. Bundan so‘ng u yozadi: “Mashhur xattotlardan Ali ibn Xilol nomini eslatishim kerak. U ko‘proq Ibn Bavvob nomi bilan mashhur bo‘lib, olti husnixat turida birday muvaffaqiyatli yoza olgan. Yoqut bu husnixat turlarini kamolga yetkazdi. Yoqutning olti shogirdi nomlarini alohida eslatish zarur: 1) Shayx Ahmad, u Shayxzodayi Suhravardiy nomi bilan mashhur; 2) Arg‘un Kobuldan; 3) Mavlono Yusuf Shoh Mashhaddan; 4) Mavlono Muborak Shoh, u zarrin qalam nomini olgan; 5) Haydar, Gandanavis (yaʼni Jali yirik xatda yozuvchi); 6) Mir Yahyo.
Quyidagi xattotlar ham barchaga tanish: Sufiy Nasrulloh, uni Sadri Iroqiy deyishar edi; Arg‘un Abdulloh; Xoja Abdulloh Sayrafiy; Hoji Muhammad; Mavlono Abdulloh Oshpaz; Mavlono Muhiy, Sherozdan; Muinaddin Tauriy; Shamsiddin Xitoiy; Abdurahimi Xaluliy; Abdulhay; Mavlono Jaʼfar Tabrizdan; Mavlono Shoh Mashhaddan; Mavlono Maʼruf Bag‘doddan; Mavlono Shamsiddin Boysung‘uriy; Muinaddin Farahdan; Abdulhaq Sabzavordan; Mavlono Neʼmatulloh Bavvob; Xojagi Mumini Marvarid, u qog‘ozni turli ranglarga bo‘yashni va qum yordamida siyohni quritishni ixtiro etgan; Sulton Ibrohim, Shohrux Mirzo o‘g‘li; Mavlono Hakim Hofiz; Mavlono Mahmud Siyovush; Mavlono Jaloliddin Husayn; Mavlono Pir Muhammad; Mavlono Fazlulloh Qazvindan. Yettinchi husnixat turi taʼliq bo‘lib, u riqoʼ va tavqi xatidan kelib chiqqan. Bu yozuvda faqat to‘g‘ri chiziqlar istifoda etilib, Xoja Toji Salmoniy tomonidan mukammallikka yetkazilgan. U qolgan olti husnixat turida ham yaxshi yoza olardi. Baʼzilar uni ixtirochi deb ataydilar.
Zamonaviy xattotlardan Mavlono Abdulhayni eslataman, u Sulton Abu Saʼid Mirzoning shaxsiy kotibi bo‘lib, taʼliqni ham yaxshi yozgan; Mavlono Darvish; Amir Mansur; Mavlono Ibrohim Astroboddan; Xoja Ixtiyor; Munshiy Jamoliddin; Muhammad Qazvindan; Mavlono Idris; Xoja Muhammad Husayn Munshiy va hazrati oliylari (Akbar)ning shaxsiy kotibi Ashrafxon ham Taʼliq xatida shuhratga erishgan.
Sakkizinchi, men eslatadigan, husnixat turi bu nastaʼliq. Unda doira shaklidagi chiziqlar mavjud. Aytadilarki, Mir Ali Tabriziy, Amir Temur zamondoshi, buni nasx va taʼliq xati asosida ixtiro qilgan deb. Lekin shuni aytib aniqlik kiritib ketish kerakki, nastaʼliq xatida bitilgan kitoblar Amir Temur zamonidan oldin ham bo‘lgan. Mir Ali (Tabriziy)ning shogirdlaridan ikkitasini eslataman: Mavlono Jaʼfar Tabrizdan va Mavlono Azhar; boshqa xattotlardan taʼliq xatida yozgan mohir xattot Mavlono Muhammad Avlah (Avlah - Hirot yaqinidagi joy); Mavlono Boriy Hirotdan; Mavlono Sulton Ali Mashhaddan, u barchadan o‘tib ketgan. Uning olti shogirdi mashhurdir: Sulton Muhammad Xandon; Sulton Muhammad Nur; Mavlono Alovuddin Hirotdan; Mavlono Ziyovuddin (Nishopurdan); Mavlono Abdi Nishopurdan; Muhammad Qosim Shodi Shoh bo‘lib, ularning har birining o‘ziga xos eʼtiborli jihatlari mavjud.
Bulardan tashqari, juda ko‘p yaxshi xattotlar mavjud bo‘lib, ular nastaʼliq yozuvi tufayli mashhur bo‘lganlar: Mavlono Sulton ali Qoiniy, Mavlono Sulton Ali Mashhadiy (Maktubotdagi maʼlumotga ko‘ra Mavlono Sulton Ali Sher ham Mashhaddan); Mavlono Hijroniy va undan so‘ng Mashhur Mavlono Mir Ali, Mavlono Zayniddin shogirdi. Yangi xat uslubini, Mavlono Mir Ali ixtiro qilgan, bu uning ijodiy dahosini ko‘rsatib turipti; undan juda ko‘p xattotlik namunalari qolgan. Bir marta undan so‘rashgan, uning va Mavlono (Sulton Ali Mashhadiy) xati orasida qanday farq bor? U shunday javob bergan ekan: “Men uning yozuv uslubini kamolga yetkazdim, baribir uning xatida o‘zgacha joziba bor”.
Oxirida men yana quyidagilaring nomlarini keltirishim mumkin: Shoh Mahmud Nishopuriy, Mahmud Isʼhoq; Shamsiddin Kirmoniy; Mavlono Jamshid, muammoiy; Sulton Husayn Xo‘jandiy, Mavlono Ayshiy; G‘iyosiddin muzahhib, Mavlono Abdusamad; Mavlono Malik, Mavlono Abdulakarim, Mavlono Abdurahim Xorazmiy; Mavlono Shayx Muhammad; Mavlono Shoh Mahmud Zarrin qalam; Mavlono Husayn Tabriziy, Mavlono Hasan Ali Mashhadiy, Mir Muiz Koshoniy, Mirzo Ibrohim Isfaxoniy va boshqalar ham o‘z hayotini xattotlikka bag‘ishlaganlar.
Hazrati Oliylari (Akbar Podshoh) ushbu sanʼatga va turli xat uslublariga juda qiziqadi va ko‘plab ajoyib xattotlar yetishib chiqdilar. Ayniqsa nastaʼliq xat uslubi juda rivojlandi. Hazratning taxti soyasida xattotlikda mashhur bo‘lgan ijodkor Muhammad Husayn Kashmiriydir. Uni «zarrin qalam» deb ataydilar. U o‘z ustozi Mavlono Abdulazizdan ham o‘tib ketgan. uning yozuvidagi maddat va davori mutanosibligi shunchalikki, baʼzi xat bilimdonlari uning sanʼatini Mullo Mir Ali (Heraviy) mahoratiga teng deb biladilar. Xattotlardan Mavlono Boqir, mashhur Mullo Mir Ali (Heraviy) o‘g‘lini yetuk xattotlar sifatida eslatishim zarur. Yana Muhammad Amir Mashhadiy, Mir Husayn Kulohiy, Mavlono Abdulhay, Mavlono Dovriy nomlarini ham. So‘nggi xattot shogirdi Xoja Muhammad Husayn Ahadiy; Mavlono Abdurahim; Mir Abdulloh; Nizomiy Qazviniy, Ali Chaman Kashmiriy; Nurulloh Qosim Arslon”.
Mana shuncha xattotlar nomlarining Abulfazl Allomiy tomonidan keltirilishi uning bu sohadagi bilim doirasi juda keng, iqtidori kuchli ekanligidan dalolatdir. Bular ichida eng qimmatli maʼlumot sifatida muallifning o‘zi bilgan xattotlar to‘g‘risidagi maʼlumotlardir. Xattotlar nomlarining ushbu kitobda zikr etilishi ularning mashhurligi dalilidir. Umuman muallif “Oyini tasvirxona”da Yaqin va O‘rta Sharq mamlakatlarida qabul qilingan xattotlik tarixi bayon etgan deyish mumkin.
“Oyini tasvirxona”ning ikkinchi qismi kutubxona tavsifi, Akbar Podshohning kitoblarga qiziqishi, yirik olimlarning tarjimonlik sohasidagi faoliyotini yoritishga bag‘ishlangan: “Hazrati oliylarining kutubxonalari bir necha qismdan iborat: baʼzi kitoblar haram ichida saqlanadi, qolganlari esa haramdan tashqarida. Kutubxonaning har bir qismi undagi kitoblar ahamiyatgi qarab bilim sohalariga ajratilgan. Nasriy, sheʼriy asarlar, hind tilidagi (Bu joyda qadimgi sanskrit tili tushinilmoqda), fors tilidagi, yunon tilidagi, kashmir tilidagi, arab tilidagi har biri alohida ajratilgan va mana shu tartibda saqlanadi”. So‘ngra tarixchi Akbar Podshoh kitoblar o‘qiganini eshitishni yaxshi ko‘rgan. Unga quyidagi 1) “Axloqi Nosiriy”, 2) “Kimyoi saodat” (Imom G‘azzoliy asari -Abd.M), 3)“Qobusnoma”,4) Munaurlik Sharaf asarlari, 5) (Saʼdiyning) “Guliston”, 6) Hakim Sanoiyning “Hadiqah”, 7) Jaloliddin Rumiyning “Masnaviyi maʼnaviy” , 8) “Jomi Jam”, 9) (Saʼdiyning) “Bo‘ston”, 10) (Abulqosim Firdavsiyning) “Shohnoma”, 11) Nizomiy Ganjaviyning “Xamsa”, 12) Amir Xusrav Dehlaviy asarlari, 13) Abdurahmon Jomiy asarlari, 14) Hoqoniy “Devoni”, 15) Anvariy “Devoni” va boshqa kitoblar juda yoqqan bo‘lib, ularni o‘qittirib eshitishni yoqtirar edi”.
Abulfazl Allomiyning kutubxona qoshidagi olim tarjimonlar guruhi to‘g‘risidagi maʼlumotlari ham madaniyat tarixi bilan shug‘ullanuvchilar uchun juda qimmatlidir. U yozadi: “Filolog olimlar hind tilidan (bu o‘rinda tarixchi sanskrit tilini nazarda tutmoqda - Abd. M.), yunon tilidan, arab, fors va boshqa tillardagi kitoblarni tarjima qilishga jalb qilingan edilar. Xususan, “Ziji jadida Mirzo” (“Mirzo Ulug‘bek “Zij”i - Abd. M.) Amir Fazlulloh Sheroziy rahnamoligida tarjima qilindi, shuningdek Kishanjoshi, Gangadhar, Mahesh, Mahanad tomonidan hind tilidan “Mahobharata” fors tiliga tarjima qilindi. Bu kitob Hindistonning qadimgi madaniy yozma obidasi bo‘lib, fors tiliga Naqib Haq, Mavlono Abdulqodir Badauniy va Tenesharlik Shayx Sulton tomonidan o‘girildi. Bu kitob hajmi yuz ming misra bo‘lib, hazrati oliylari uni “Razmnoma” urushlar to‘g‘risidagi kitob deb atadi. O‘sha olimlar guruhi “Ramayanani” fors tiliga o‘girdilar. Bu asar qadimgi Hindistonning benazir kitobi bo‘lib, Ram Chandraning hayot yo‘lini yoritadi. Unda qiziqarli va falsafiy qarashlar mavjud. Xoja Ibrohim Sarhindiy fors tiliga “Atharban” (“Atharvaveda”ni - Abd. M.) kitobini tarjima qildi. Bu kitob, hind olimlarining so‘zlariga qaraganda, to‘rt muqaddas diniy falsafiy asarning biridir. “Lalavati” hind matematiklarning arifmetika to‘g‘risidagi eng yaxshi asari hind pardasidan chiqib, fors tilida mening akam Shayx Abulfayz Fayoziy tomonidan ifoda etildi. Hazrati oliylari farmoniga binoan Muhammad Xon Gujarotiy fors tiliga “Tajak” nomli astronomiyaga oid asarni fors tiliga tarjima qildi. “Voqioti Boburiy” asarini “amaliy hayot dasturi” deb atash mumkin, o‘zbekchadan forschaga Mirzo Abdurahimxon, hozir Xoni Xonon lavozimini egallagan, tomonidan o‘girildi. Kashmir tarixi, o‘zida bu joyning to‘rt ming yillik solnomasidan iborat, kashmir tilidan fors tiliga Shoh Muhammad Shahobodiy tomonidan tarjima qilindi. (Yoqut Hamaviyning –Abd. M.) “Mo‘jam ul-buldon” asari shaharlar va mamlakatlar to‘g‘risidagi qimmatli kitob Mulla Ahmad Thatxax, Qosimbek, Shayx Munavvar va boshqalar kabi arab tili mutaxassislari tarafidan fors tiliga tarjima qilindi. “Xaribans”, Krishna hayoti to‘g‘risidagi asar, fors tiliga Mavlono Sheriy tomonidan tarjima qilindi. Hazrati oliylari tavsiyasiga binoan ushbu asar muallifi “Kalila va Dimna”ni yangi tahririni yaratib, uni “Ayyor va Donish” deb atadim. Bu kitob amaliy hayot dasturi ichida shoh asar bo‘lib, Nasrulloh Mustafiy va Mavlono Husayn Voiz fors tilida bayon etgan edilar, ammo ularda uslub kamyob o‘xshatishlar va tushunilishi qiyin so‘zlarga to‘la edi. Hindistondagi Nol va Doman muhabbati tarixi, qalbi nozik o‘quvchilar yuragiga taʼsir etuvchi hikoya, “Layli va Majnun” o‘lchamida masnaviy qilib sheʼriy tarjima qilindi, va uni hamma “Noli Doman” nomi bilan biladi (Fayzi Fayoziy –Abd. M.).
Janobi oliylari (Akbar-Podshoh Abd. M.) tarix xazinalari bilan tanishgach, ayrim yaxshi bilimdon olimlarga alohida yangi tarixiy asar yaratishni buyurdiki, unda yetti iqlimda so‘nggi ming yil ichida ro‘y bergan voqealar bayon etilgan bo‘lsin, degan farmon berdilar. Naqib Xon va boshqalar bu tarixiy kitobni yozishni boshladilar. Uning anchagina qismi Thathoxlik Mulla Ahmad tomonidan qo‘shildi va oxirgi qismlari Jafarbek Osafxon tomonidan yakunlandi. Bu kitobga muqaddimani men yozdim. Bu kitob “Tarixi alfiy” yaʼni “Ming yillik tarix” yoki “Ming yil tarixi” deb ataldi” (Aini Akbari, 113 r).
Ushbu juda qimmatli maʼlumotlar XVI asr sharoitidagi madaniy hayot ahvoli to‘g‘risida bo‘lib, ularda o‘sha davr axloq odobiga rioya qilingan holda yaratilgan. Bu Shimoliy Hindiston sharoitida fors tiliga tarjima qilingan asarlar o‘sha davrdagi saroy ziyolilari talablarini qoniqtirgan va madaniyat bu zamonda qanchalik yuksak darajada bo‘lganligini ko‘rsatadi. Bu davrdagi mamlakat madaniy hayotida juda katta rivojlanish bo‘lganidan o‘sha davrda yaratilgan asarlar va fors tiliga qilingan tarjimalar guvohlik beradi.
“Oyini tasvirxona” uchinchi qismida nafis mo‘jaz rasm miniatyura rangtasviri to‘g‘risida maʼlumotlar keltirilgan. Bu joyda Abulfazl Allomiy o‘z homiysi Akbar Podshohning ushbu sanʼat turiga eʼtibori to‘g‘risida gapirar ekan, hindistonlik rassomlarning bu sohadagi yutuqlarini taʼkidlab o‘tadi. Ayniqsa, bu sohadagi to‘rt atoqli rassomning nomini alohida ajratib, yana yetakchi rassomlardan o‘n uchtasining nomini ham eslatadi. Tarixchi yozadi: “Hazrati oliylari juda yoshligidan rassomlikka katta qiziqish bilan qaragan va uni har tomonlama rag‘batlantirib, bu sanʼatga bilim va zavq olish vositasi sifatida qaragan. Mana shuning uchun bu tasviriy sanʼat turi gullab yashnadi va juda ko‘plab rassomlar bu sohada mashhur ijodkor bo‘lib yetishdilar. Dorug‘a va munshiylar har haftada bir marta hazrati oliylari eʼtiboriga hamma rassomlar asarlarini taqdim qilar edilar. So‘ngra u zot har biriga mahorati saviyasiga munosib mukofot berar yoki oylik maoshini ko‘tarar edilar. Rassomlar uchun zarur sharoitlar yaratilib, ularga kerakli ashyolarning narx navolari ham munosib tarzda belgilangan edi. Bo‘yoq tayyorlash yuksak darajada rivojlandi, shuning uchun rasmlar avvalgi davrlarga nisbatan yuqori mukammallikka erishdi. Hozirgi paytda shunday mahoratli rassomlarni uchratish mumkinki, ularning asarlarini ustod Behzod mo‘yqalamidan chiqqan deb, bu rasmlarni Yevropaning butun dunyoga mashhur atoqli rassomlari asarlariga yoniga bemalol qo‘yish mumkin. Rasmlar jozibasi, naqsh nazokati, ijro dadilligi va boshqa rasm xususiyatlari, hozirgi zamonda shu darajaga yetdiki, ulardagi oddiy ashyolar ham jonlidek tasavvur hosil qiladi. Yuzdan ortiq ijodkorlar bu sohada mashhur rassomlar bo‘lib yetishdilar, ularga yaqin yoki mahoratini oshirayotganlarning soni juda ko‘p. Boburiy rassomlar mahorati to‘g‘risida nima ham deyish mumkin, ularning rasmlarida tasvirlangan voqealar shu darajada hayratlanarliki, oddiy odam tasavvuriga sig‘ishi qiyin. Butun dunyoda bu tasviriy sanʼat sohasida ularga teng keladiganlarni topish qiyin.
Bu sanʼat sohasidagi ustodlardan quyidagilarni alohida sanab o‘tish mumkin:
Mir Sayid Ali Tabrizdan kelgan (Mir Alauddavla Qazviniy. Nafois ul muosir. O‘zR FA SHI, qo‘lyozma № 848. Bu asarda Mir Sayyid Alining Termizdan ekanligi yozilgan.). U rassomlik sanʼatini o‘z otasi (Mir Mansur Musavvir - Abd.M.)dan o‘rgangan. Saroyga xizmatga kirgandan buyon Podshoh (Akbar)ning eʼtiborida bo‘lib kelgan. Rassom bu sanʼatda mashhurlikka va katta muvaffaqiyatlarga erishdi.
Xoja Abdussamad “Shirin qalam”. U (asli) sherozlik. Garchi bu rassomlik sanʼatiga saroyga xizmatga kelgaunga qadar o‘rgangan bo‘lsa-da, Hazrati oliylari (Akbar Podshoh - Abd. M.)ning uning to‘g‘risidagi g‘amxo‘rligi natijasida, u tashqi shakldan narsalar mohiyatini anglashni o‘zlashtirdi. Bu g‘amxo‘lik va rahnamolik natijasida Xojaning qator shogirdlari ustod darajasiga yetdilar.
Dasvant. U oddiy xizmatkor farzandi edi. Yoshligidan butun vaqtini bu tasviriy sanʼatga bag‘ishlab, bu muhabbati tufayli hamma yoqqa, hatto devorlarga ham rasm chizib tashlar edi. Bir kuni Hazrati oliylari (Akbar Podshoh- Abd. M.) nazari uning rasmlariga tushib, uning isteʼdodini payqab, uni Xoja Abdussamadga shogirdlikka topshirdilar. Qisqa vaqt mobaynida u barcha rassomlardan mahorat bobida o‘tib ketib eng zo‘r ustod darajasiga erishdi. Afsuski, uning yorqin isteʼdodi natijasida majnunlik kasaliga uchradi va o‘z hayotini suiqasd bilan yakunladi. Undan ko‘plab ajoyib rasmlar qolgan.
Basovan. Tarrohlikda, chehralar tasvirida, ranglar uyg‘unligida, narsalarni o‘xshatishda va bu sanʼatning baʼzi nozik sohalarida u ustod rassom sifatida shunchalik mahoratga erishganki, baʼzi sanʼat bilimdonlari Dasvantdan ko‘ra uni ustun deb biladilar.
Quyidagi ustod rassomlar Kesu (Gujarotiy - Abd. M.), Laʼl, Mukund, Miskina, Farrux Qalmoq, Madhu (Kalon - Abd. M.), Jagan (nath - Abd. M.), Mahesh, Khemkaran, Tara, Sonvala, Haribans va Ram (das - Abd. M.) mashhurlikka erishdilar. Bu ustod rassomlar har birining tasviriy sanʼatdagi mahoratini bayon etish ko‘p vaqtni oladi. Mening vazifam, gapni uzoq cho‘zmasdan, har chamandan bir gul, har boshoqdan bir eng ajoyib donani terishdir.
Men yuqorida qayd qilganimdek, shakllar, ashyolarni kuzatish va ularni o‘xshatib tasvirlashni, baʼzilar foydasiz mashg‘ulot deb ham hisoblashadilar, bu esa yaxshi aql uchun bilim manbai va nodonlik zahriga qarshi malhamdir. Ayrimlar harflarning faqat tashqi shaklini ko‘rib, uning ichki mohiyatini tushunmaganlar, rassomlik sanʼatiga dushmanlik munosabatida bo‘ladilar. Ammo ularning ko‘zi bor haqiqatni ko‘rib turiptilar.
Bu zamonda rassomlik sanʼati asarlariga ko‘rsatilgan Podshoh (Akbar - Abd. M.) eʼtibori tufayli ularning soni juda ko‘paydi. Fors tilidagi sheʼriy va nasriy asarlar qo‘lyozmalari nafis mo‘jaz rasmlar bilan bezatilib, juda ham tasviriy sanʼat asarlari yaratildi. “Qissai Amir Hamza”ga o‘n ikki jildi bezatilib, ko‘plab ustod rassomlar bir ming to‘rt yuzdan ortiq rasmlar ishlangan. “Chingiznoma” (Fazlulloh Rashiuddinning “Jomi ut tavorix” asari- Abd. M.), “Zafarnoma” (Sharafuddin Ali Yazdiyning asari - Abd. M.), ushbu kitob (Akbarnoma - Abd. M.), “Razmnoma” (“Mahobarata”- Abd. M.), “Ramayana”, “Nal va Doman”, “Kalila va Dimna”, “Ayyor va Donish” va boshqa asarlar qo‘lyozmalariga rasmlar ishlangan.
Hazrati oliylari o‘zlarini rasmlari ishlatganlar va boshqa xizmatkorlarga ham rasmlarini ishlatishni buyurganlar. Buning natijasida zamondashlar tasvirlaridan ajoyib bir muraqqa albom yaratilib, vafot etganlar qayta tirilgandek bo‘ldilar, tiriklar tasviri esa abadiyatga muhrlanib, abadiy barhayotlikka erishdilar.
Xuddi mana shunday, rassomlarini rag‘batlantirilgandek, muzahhib, naqqoshlar, qog‘oz ustalari, sahhoflar, jadvalkash, qog‘ozrezlar mehnatiga ham katta eʼtibor berildi.
Ko‘plab mansabdor, xodimlar va xizmatkorlar bu bo‘limga tayinlangan edilar. Eng oddiy rassomlar maoshlari 1200 dan 600 damgacha bo‘lgan” (Oyini Akbariy, 107- 109 varaqlar).
Akbar Podshoh kutubxonasi to‘g‘risida keltirilgan qimmatli maʼlumotlar nisbatan juda qisqa bo‘lsa-da, Boburiylar davri xattotlik va rasm sanʼati to‘g‘risida qimmatli maʼlumotlarga ega. Hozirgi vaqtda zamonaviy sanʼatshunoslar Boburiylar saroyida yuz ellikdan ortiq rassomlar nomlari va juda ko‘plab rasmlar ishlangan qo‘lyozmalarni, rassomlari ijodi tafsilotlarini aniqlagan bo‘lib, ular maʼlumotlari Abulfazl Allomiy asaridagi tafsilotlarni yanada to‘ldirishga xizmat qiladi. Lekin bu tadqiqotlar o‘sha davr tarixchisining Boburiylar davri xattotligi va rasm sanʼati taraqqiyotini o‘rganishdagi xizmatini aslo kamsitmaydi.
Abulfazl Allomiyning “Oyini Akbariy” va o‘sha davr yozma yodgorliklari bo‘lmish Mir Alouddavla Qazviniyning “Nafois ul-muosir”, “Tazkirat vaqoye Humoyun va Akbar”, “Muosir ul-Rahimiy” asarlaridagi xattotlar va rassomlar to‘g‘risidagi maʼlumotlarni qiyosiy solishtirsak, tarixchining asaridagi maʼlumot maʼlum darajada batafsiligi va ishonchligi bilan ajralib turadi. Uni ilmiy qiymati jihatidan Qozi Ahmad Qumiyning “Gulistoni hunar”, Do‘st Muhammadning “Holoti hunarvaron” risolalari bilan tenglashtirish mumkin.
Tarixchi Abulfazl Allomiyning “Oyini Akbariy” asarida keltirilgan qimmatli maʼlumotlar XVI asr Boburiylar davri madaniy hayotini o‘rganishda qimmatli manba bo‘lib, bu davrda xattotlik va rasm sanʼati mislsiz taraqqiy etganini ko‘rsatadi.
Abdumajid Madraimov
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi,
tarix fanlari doktori, professor.
Fikr qoldirish#