Sinov yoʻsinida ishlamoqda

Boburning til bilimi borasidagi qarashlari

This article analyses Zahir ad-Din Muhammad Babur's views on linguistics. The works "Baburnama" and "Mukhtasar" were taken as the basis for the analysis. The range of use of some words has been comparatively checked. Babur's attitude to the language of Alisher Navoi's works is considered.


O‘zbek klassik adabiyoti va eski o‘zbek yozma adabiy tili, o‘zbek tarixnavisligi rivojida Zahiriddin Muhammad Bobur (Ẓahīruddīn Muḥammad Bābur pādšāh ibn-i ’Umaršayx mīrzā ibn-i Sulṭān Abu-Sa‘īd mīrzā Körӓgӓn ibn-i Sulṭān Muḥammad mīrzā ibn-i Mīrānšāh mīrzā ibn-i Temürbeg Körӓgӓn)ning xizmatlari benihoya ulug‘. U o‘tmishda ulug‘ hukmdor va sarkarda, buyuk adib, mashhur tarixchi, adabiyotshunos va tilshunos, ajoyib san’atlar egasi sifatida iz qoldirgan.

Taniqli tazkiranavis Hasanxoja Nisoriy «Muzakkir-i ahbob» tazkirasining o‘tkinchi jahondan mangulik mulkiga ko‘chgan chig‘atoy sultonlariga bag‘ishlangan bo‘limida Zahiriddin Muhammad Boburni hurmat bilan yodga olib, shunday yozgan

edi: «Chig‘atoy sultonlarining eng sarasi va zo‘r shijoatlisi edi. Shamshir zarbi bilan Movarounnahr mamlakatlariga ega bo‘lib, uni saqlab qolishda ko‘p sa’y-harakatlar va jonini ayamay, jahd-u jadallar ko‘rsatdi. Mardona to‘qnashuvlar qildi, ammo taqdir o‘qiga tadbir qalqoni dosh bera olmagach, biror natija chiqara olmadi. ... Mulk qo‘ldan ketgach, tab to‘tisi hind shakaristoniga mayl bildirib, dengiz mavjli e’tiborini Hindiston mamlakatlarini egallashga sarf qilib, qorong‘ulik o‘lkasini quyosh yog‘duli qilichi shu’lasi nurlari bilan charog‘on etib, humoyun tole tufayli muxolif lashkariga shikast yetkazib, feruz baxt bilan shohlikning feruz taxtiga hazrat Dehlida komron o‘lturdi» [Nisoriy 1993, 51–52].


Boburning O‘rta Osiyoda Temuriylar saltanati (ya’ni Temür-begniŋ yurtï – BN.251)ni mustahkamlashga bo‘lgan urunishlari, jangu jadallari zoye ketgan esa-da, o‘z oldiga qo‘ygan ezgu maqsadi va ulug‘ ishlarini Hindistonda yuzaga chiqardi.

Bobur hayotining katta bir qismi jangu jadallar, davlat ishlari, xalq tashvishi bilan bog‘liq holda kechgan bo‘lishiga qaramay, badiiy adabiyot, ilmiy sohalarda ham misli ko‘rilmagan yutuqlarga erishdi. U butun ijodiy faoliyatini turkiy adabiyot va uning ravnaqi, o‘z ona tilisining rivojiga bag‘ishladi, tarixnavislik, badiiy adabiyot, adabiyotshunoslik, dinshunoslik, musiqa ilmi, harb ishi sohalarida ajoyib va tengi yo‘q asarlar yozdi.


Bobur qo‘llagan turkiy yozma adabiy til


Bobur o‘z davridagi Farg‘ona, Movarounnahr va Xuroson turkiy ulusini türk, uning tilini esa türkȋ, türkȋ til deb atagan. Jumladan, Andijon xalqi va uning tili haqida so‘z yuritib, yozadi: Eli türkdür. Šahrï-vu bāzārïsïda tükȋ bilmӓs kiši yoqtur (BN.5).

Yoki Bobur Husayn Boyqaro davridagi Hirot adabiy muhitini ta’riflar ekan, Alisher Navoiyni tilga olib, yozadi: ’Alȋ-šer-beg naẓīrï yoq kiši edi. Türkȋ til bilӓ tā še’r aytïpturlar, heč kim anča köp va xōb aytqan emӓs [BN. 355].

Yoki Sulton Husayn mirzo ta’rifida: Ṭab’-i naẓmï bar edi. Devān ham tartib qïlïp edi. Türkȋ aytur edi. Tahalluṣï Ḥusaynȋ edi, deb yozadi Bobur [BN. 341]. «Boburnoma»da türk so‘zining boshqa ma’nolari ham ishlatilgan; ularni «xalq, ulus; kishining qavmi» anglamidagi türk bilan qorishtirmaslik kerak. Masalan, Bobur amakisi Sulton Ahmad to‘g‘risida so‘z yuritar ekan: Heč nimӓrsӓ oquγan emӓs edi, ’āmȋ edi. Bāvujūd-kim, šahrda ulγanïp edi. Türk va sāda edi, deb yozadi (BN.37). Bu o‘rinda türk so‘zi «sodda, oddiy» ma’nosidadir.

Yoki Bobur qo‘llagan türk so‘zining boshqa bir ma’nosiga e’tibor qiling: Yana İslīm Barlas edi. Türk kiši edi (BN. 361); Yana Teŋri-berdi Samančï edi. Türk-u mardāna va qïlïčlïq yigit erdi (BN. 365); Yana Amīr ’Umar-beg edi. … Mardāna-vu türk va yaxšï kiši edi (BN. 365). Bu jumlalarda türk so‘zi «jasur, mard» ma’nosida kelgan. Buni uning mardāna so‘zi bilan juft holda kelgani ham tasdiqlab turibdi: mardāna-vu türk birikmasi – «mard va jasur» degani.

Türk so‘zining bu ma’nosi qadimgi turkiy bitiglarda ham uchraydi. Jumladan, Ikkinchi turk xoqonlig‘i davrida yashab o‘tgan yurt egalaridan biri Bilga xoqonni sifat va unvonlari bilan türk Bilgӓ qaγan deb aytilgan; bu o‘rindagi türk «qudratli; jasur» degan ma’nodadir: türk Bilgӓ qaγan – «qudratli / jasur Bilga xoqon» [Sodiqov 2004].

Bobur o‘zining boshqa asarlarida ham o‘z xalqi va ona tilisiga nisbatan türk, türkȋ, türkȋ til atamalarini ishlatgan. Masalan, aruz ilmiga bag‘ishlangan «Muxtasar» asarida «turkiy ulus, xalq» ma’nosida türk so‘zini qo‘llagan:Olim turkiy she’riyatdagi tuyuq haqida so‘z yuritar ekan, moγul xanlarï bilӓ türk salāṭinïnïŋ majālisïda tuyuqnïŋ köp ištihārï bar ekӓndür, deb yozadi [Muxtasar138a,13–138b, 1].Yoki: Bu vazn türk arasïda qošuqqa mavsumdur (Muxtasar. 132a,13).Bobur asarda türk so‘zi bilan bir qatorda atrāk (arab. )اتراکso‘zini ham ishlatgan[Muxtasar 146b,13]. Yoki Haydar Xorazmiy asarini tilga olar ekan, shoirning turkiygo‘y ekanligini ta’kidlab o‘tadi: Mavlānā Xaydar Xvārazmȋ türkȋgōynïŋ «Gulšanu-i-asrār»ïdur deb

yozadi Bobur [Muxtasar 165b, 11–12].

XV–XVI yuzyillarda butun Movarounnahr xalqi va tiliga nisbatan türk, türkčӓ, türkȋ so‘zlari bilan bir qatorda čïγatay ~ čaγatay atamasi ham qo‘llangan: yurtini, elini Čïγatay ~ Čaγatay, Čïγatay ~ Čaγatay eli / diyārï, xalqini čïγatay ~ čaγatay ulusï, čïγatay ~ čaγatay xalqï, uning tilini esa čïγatay ~ čaγatay tili deyildi.

Urg‘ulash o‘rinliki, čïγatay ~ čaγatay tili atamasi, asosan, turkiy yozma adabiy tilga nisbatan qo‘llangan.


Alisher Navoiy ham o‘z asarlarida čïγatay ~ čaγatay atamasini ishlatgan. «Favoyidu-l-kibar»da kechgan g‘azallarning birida shunday bayt bor:

Navāyȋ istӓ maẓāhirda čehra-i maqṣūd,

’Arab-u gar čïγatay, yoqsa türkmӓn-u xalaj [FK 211a,6].


Bu baytda čïγatay deganda «xalq, ulus» ko‘zda tutiladi. Navoiy čaγatay xalqï atamasini ham ishlatgan. U «Mezonu-l-avzon» risolasida tuyuγ, qošuq singari turkiy she’r o‘lchovlari xususida xabar berar ekan, yozadi: Yana türk ulusï, bataxṣīṣ čaγatay xalqï ara šāye’ avzān-kim, alar surudlarïn ul vaznlar bilӓ yasap, majālīsda ayturlar [MA 275b, 25–276a,1].

«Mezonu-l-avzon»da Navoiy türk tili atamasi bilan yonma-yon čaγatay lafẓï atamasini ham qo‘llagan: Türk tili bilӓ qalam surdum va har nečük qāidada-kim, ma’ni abkārïγa ziynat-u ārāyiš körgüzüp erdilӓr, čaγatay lafẓï bilӓ raqam urdum. Andaq-kim, bu maδkūr bolγan til-u lafẓ bināsïdur, heč nāẓimγa bu dast bermӓydür va heč rāqimγa bu muyassar bolmaydur (MA. 269b, 6–8). Bobur čïγatay so‘zini čaγatay deb ishlatgan, chunki asar qo‘lyozmasida bu so‘zni yozganda čīm dan keyin γayn keladi: Čaγatay-xan (( )چغتای خانBN.Fac-simile.12.11); čaγatay xanlarï (( )چغتای خانلاریBN.Facsimile.13.6–7).

Bobur o‘z asarida čaγatay xanlarï (BN.11) so‘zini ishlatsa-da, Farg‘ona, Movarounnahr va Xurosonning turkiy ulusi va uning tiliga nisbatan türk; türkȋ, türkȋ til so‘zlarini qo‘llagan. U ham umumxalq tili, ham yozma adabiy tilni ko‘zda tutib, shunday yo‘l tutgan ko‘rinadi. Bobur «xalq, ulus» ma’nosida sart atamasini ham ishlatgan. U Marg‘inon ( مرغینانMarγïnan – BN.Fac-simile. 7. 11), ya’ni Marg‘ilon qasabasi to‘g‘risida so‘z yuritar ekan, eli sarttur deb yozadi (BN. 7). Isfara haqida esa, eli tamām sart va fārsȋgōydur deb yozadi (BN. 7). Bu o‘rinda sart deganda hunarmandchilik, bog‘dorchilik va dehqonchilik bilan shug‘ullanuvchi o‘troq aholi, ya’ni turkiylar va tojiklar ko‘zda tutilgan. Asarning Porso Shamsiyev tayyorlagan nashrida bu o‘rinda sart va kōhȋdur deb yozilgan [BN.7]. Harqalay, u foydalangan nusxada ana shunday yozilgan bo‘luvi kerak.


Bobur «xalq, ulus; kishining qavmi» anglamida özbeg, özbeg ulusï atamasini ham ishlatgan. Lekin bu o‘rindagi özbeg atamasi Farg‘ona, Movarounnahr va Xurosonning turkiy ulusiga nisbatan emas, qipchoq o‘zbeklariga nisbatan qo‘llangan. Jumladan, Qosimbek qavchin to‘g‘risida so‘z borar ekan, uning qadimiy Andijon qo‘shin beklaridan ekanligini ta’kidlaydi, uning yutuqlari haqida yozadi: Bir martaba Kāsān navāḥisïnï čapqan özbegniŋ keyiničӓ barïp yaxšï bastï [BN. 27].

Yoki boshqa bir misol. Bobur asarda Sulton Mahmudxonning Qorako‘zbegim degan xotinidan tug‘ilgan Boboxon otli o‘g‘lini eslab, yozadi: Özbeglӓr xannï Xōjandta šahīd qïlγanda, anï va andaq nečӓ nārasidanï ḍāye‘ qïldïlar (BN.39).

Özbegdin elči kelür, özbeg ulusïda bu elči zōrγa mašhūr ekӓndür. Özbeg zōr kišini «bökӓ» der emiš. Jānibeg der-kim: «Bökӓmü-sen? Bökӓ bolsaŋ, kel kürӓšӓliŋ» [BN. 41].


Yoki yana: Šāh İsmā‘il özbegni Marvda basqanda Xānzāda-begim Marvda edi [BN.17]. «Boburnoma»da etnonim sifatida uyγur so‘zi ham tilga olingan: Yana bir Abdul-karīm ašrit edi, uyγur edi. Sulṭān Aḥmad mirzā qašïda ešik-aqa edi [BN. 45].

Asarda «xalq, ulus; kishining kelib chiqqan qavmi» anglamida qazaq so‘zi ham ishlatilgan: Adik sulṭān … qazaq sulṭānlarïdïndur (BN.23); qazaq ulusïnïŋ xanï Qāsimxan (BN. 23); qazaq xan va sulṭānlarï (BN.23) singari. Bobur o‘z asarida qazaqlïq degan so‘zni ham qo‘llagan. Muhimi, bu so‘z o‘zagining «xalq, ulus» ma’nosidagi qazaq qa bog‘liqligi yo‘q; u «sarson-sargardonlik» ma’nosidadir. Muallif o‘zining sarson-sargardonlikda yurgan chog‘larini qazaqlïqlarda deb eslaydi (BN.27).


Demak, Bobur davrida Farg‘ona, Movarounnahr va Xurosondagi turkiy ulus türk nomi bilan yuritilgan, uning tili, ya’ni Bobur o‘z asarlarida ishlatgan yozma adabiy til esa türkȋ, türkȋ til deb atalgan.


Boburning Alisher Navoiy asarlari tili haqida yozgan so‘zlari Turkiy klassik adabiyoti va adabiy tilining rivojiga ulkan hissa qo‘shganlar orasida ulug‘ mutafakkir Alisher Navoiyga tenglashadigani chiqmadi. Bu haqiqatni zamonasining peshqadam olimi Zahiriddin Muhammad Bobur ham to‘g‘ri anglagan edi.

Alisher Navoiy asarlari tilining hozirgi o‘zbek shevalariga munosabati xususida o‘zbek tilshunoslari orasida har turli qarashlar yuradi. Shulardan biri Zahiriddin Muhammad Boburning Navoiy asarlarining tili haqida aytgan so‘zlari asosida yuzaga keldi. Chunonchi, u «Boburnoma»da Farg‘ona viloyatining poytaxti Andijon ta’rifida yozadi: Eli türkdür. Šahrï-vu bāzārïsïda türkî bilmäs kiši yoqtur. Eliniŋ lafẓï qalam bilä rāsttur. Ne üčün-kim, Mīr ’Alȋ-Šer Navāyînïŋ muṣannafātï bāvujūd-kim, Hirȋda našvu namā tapïptur, bu til bilädür (BN.5; BN.critical. 5).

Zahiriddin Boburning ushbu so‘zlarini ro‘kach qilib, ba’zi olimlar Navoiy asarlari tilining asosini Andijon shevasi tashkil etgan deya qaraydilar [Doniyorov 1968]. Boshqa bir olimlar Navoiyning Andijonda bo‘lmaganligini vaj’ qilib, bu fikrni inkor etadilar [Abdullayev 1968].


Ta’kidlash joizki, bu o‘rinda Bobur haq. Tarixda Navoiy merosiga, qolaversa, uning ijodiy mahoratiga xolis baho berganlardan biri ham Bobur bo‘ladi. Biroq «Boburnoma»dagi ma’lumotlarni, to‘g‘rirog‘i, matnni xato tushunish, noto‘g‘ri talqin etish oqibatida olimlarimiz ichida turli bahslar kelib chiqmoqda. Anglashilmovchilik matndagi Eliniŋ lafẓï qalam bilä rāsttur jumlasining xato talqin etilayotganida. Buni ular «Andijon elining tili (ya’ni, shevasi) adabiy til bilan mos keladi» deya izohlaganlar. Shunday bo‘lgan taqdirda buning davomidagi Navoiy asarlari xususida aytilgan mulohazalar ham o‘z-o‘zidan shunga bog‘lanadi-qoladi. O‘sha qarashni quvvatlaydigan bo‘lsak, matnni «Hirotda yuksakliklarga erishgan Navoiy asarlarining tili ham ayni shevadadir» deya talqin etishdan boshqa yo‘l qolmaydi. Fikrimizning isboti uchun Bobur aytgan o‘sha jumlalarning ma’nosini bir boshdan chaqib ko‘raylik. E’tibor berilsa, muallif, matnda Farg‘ona viloyati to‘g‘risida ma’lumot bera turib, bu yurtning xalqi turklar, tilining esa turkiy til ekanligini ta’kidlamoqda. Matndagi Eliniŋ lafẓï qalam bilä rāsttur jumlasi ikki xulosaga olib keladi: (1) mazkur jumlada Farg‘ona (Andijon) elining lafzi (ya’ni, turkiy til) yozma shaklda (badiiy adabiyot orqali) mashhur ekanligi ta’kidlanmoqda; (2) bu jumla mantiqan xalq tili adabiy tilga yaqin ekanligini ham anglatadi.

Adabiy til tarixida bunday hodisa uchrab turadi. Masalan, qoraxoniylar davri adabiy tilida koshg‘ar shevasi yetakchilik qilgan. Shundan kelib chiqib, o‘sha davr adabiy tili ayrim manbalarda kāšγar tili ~ kāšγarî til deb ham atalgan. Boburning yozmalaridan ham o‘sha davrda farg‘ona shevasi adabiy tilga juda yaqin ekanligi ma’lum bo‘ladi.


Matn tahlilida davom etamiz. Bobur Hirot adabiy maktabining namoyandasi bo‘lgan Alisher Navoiy haqida so‘zlab, uning ham asarlari ushbu turkiy adabiy tilda ekanligini ta’kidlaydi. Buning bilan Bobur Navoiy asarlarining tiliga Andijon shevasi asos bo‘lganligini emas, balki Farg‘ona va Hirot adabiy muhitlarida yagona adabiy til amal qilganini ta’kidlamoqda. Boburning ushbu ma’lumoti Temuriylar davlatining barcha o‘lkalarida yagona turkiy adabiy til (eski o‘zbek adabiy tili // «chig‘atoy tili») amal qilganiga guvoh.


Mulohazalardan kelib chiqib, Boburning Farg‘ona elining tili to‘g‘risida yozgan so‘zlarini shunday talqin qilinsa, to‘g‘ri bo‘ladi: «Eli turkdir. Shahri va bozorlarida turkiy bilmas kishi yo‘qdir. Elining lafzi qalam bilan [yozma adabiyot tili, yozma adabiy til bilan] mosdir. Ne uchun-kim [ajablanarlisi], Mir Alisher Navoiyning tasniflari[asarlari], (uning o‘zi) Hiriyda o‘sib-ulg‘ayganligiga qaramay, ushbu tilda [ya’ni Farg‘ona va Hirot adabiy muhitlari uchun yagona bo‘lgan adabiy tilda]dir».

Navoiy asarlarining tili haqida so‘z ketganda uni o‘sha kezlardagi mavjud shevalarning birortasiga bog‘lab qo‘yish mumkin emas. U Xurosondagina emas, butun Temuriylar saltanatida, Oltin O‘rda, qolaversa, musulmon turk ellarida amal qilgan adabiy tilda ijod qildi. U o‘z ijodi bilan temuriylar zamonida amal qilgan butun bir adabiy oqimning boshida turdi, turkiy adabiy tilga yetakchilik qildi. Buni «Lisonu-ttayr» asarida uning o‘zi ham ta’kidlagan edi:

Türk naẓmïda ču men tartïp ’alam

Äylädim ul mamlakatnï yakqalam [LT.192a,3].


Navoiy mamlakatnï yakqalam äylädim deganda o‘z asarlarining hamma uchun tushunarli bo‘lgan yozma adabiy tilda ekanligini qayd etayotir. Zahiriddin Muhammad Bobur ham, asarlarining katta bir qismi Hindistonda ekanligi chog‘ida yaratilgan esa-da, ana shu yozma adabiy tilda ijod qildi. Bobur ayrim joy otlarining kelib chiqishi, tarixiy otlari to‘g‘risida «Boburnoma»da muallif tarixiy voqealarni bayon etar ekan, ko‘plab joy otlari, suv otlarini ham tilga oladi. Qizig‘i shundaki, Bobur ular haqida so‘zlar ekan, bilimli tilshunos, zukko olim sifatida, ayrimlarining etimologiyasi – kelib chiqishi, tarixiy otlari, ular bilan bog‘liq rivoyatlarga ham to‘xtaladi.

Jumladan, Farg‘ona viloyatining qasaba, kentlari haqida so‘z yuritib, Konibodomga ham ta’rif beradi; Bobur uni Kӓnd-i-bādām ( )کندبادامdeydi (qarang: BNFac-simile. 9.13). Demak, hozirgi Konibodom o‘sha kezlar shunday atalgan ekan.

U yozadi: Kӓnd-i-bādāmdur. Agarči qaṣaba emӓs, yaxšïγïna qaṣabačadur.

Bādāmï yaxšï bolur. Bu jihattïn bu ismγa mavsūmdur (BN. 9).


Umarshayx mirzoning viloyati to‘g‘risida so‘zlar ekan, yozadi:

Farγāna vilāyatï edi va Xōjand va Ora-tepӓ-kim, aṣl-i atï «Usrūšna»dur, «Usrūš» ham derlӓr. Xōjandnï ba’ḍi dāhil-i Farγāna tutmaslar. Sulṭān Aḥmad mirzā-kim, Taškӓndgӓ moγul üstigӓ barïp, Čïr suyï yaqasïda-kim, šikast taptï. Ora-tepӓda Ḥāfiẓbeg dolday edi, (’Umar-šayx) mirzāγa berdi. Andïn beri Usrūšna ’Umar-šayx mirzā taṣarrufïda edi (BN. 17).


Yuqoridagi matnda Usrūšna, Usrūš deb keltirilgan toponim «Boburnoma» asarining qo‘lyozmasida alif-u vāv bilan emas, alif ning o‘zi bilan yozilgan. Matnning boshqa yerida [u] tovushining alif bilan berilish holati uchramaydi. Shunga ko‘ra, bu

joy otini [a] bilan o‘qilgani ma’qul: Asrūšna (( )اسروشنهBN.Fac-simile.17.14; 18.3); Asrūš(( )اسروشBN.Fac-simile. 17. 14). Eski o‘zbek tilining qoidasi bo‘yicha bu so‘z [a] bilan talaffuz qilingan ko‘rinadi.

Bobur Toshkentning tarixi haqida yozadi: Ul furṣatta Taškӓnd vilāyatï ’Umar-šayx mirzā taṣarrufïda edi-kim, kitāblarda Šaš bitirlӓr, ba’ḍi Čač bitirlӓr-kim, «kamāni čačȋ» andïn ibārattur, berdi. Ošal furṣattïn tārix-i toquz yüz sekizgӓčӓ Taškӓnd va Šāhruhiyya vilāyatï čaγatay xanlarïnïŋ taṣarrufïda edi (BN.11).

«Boburnoma» asarining qo‘lyozmasida bu shaharning oti Taškӓnd ( );تاشکندuning eski otlari esa šīn alif šīn; boshqa bir oti čīm alif čīm harflari bilan yozilgan: Šaš ()شاش va Čač (( )چاچqarang: BNFac-simile.13.4–5).


Bobur yana Samarqandning joylashgan o‘rni haqida so‘z yuritar ekan: … šimālï Taškӓnd va Šāhruxiyya-kim, «Šaš» va «Banākat» bitirlӓr deb yozadi (BN.93). Shunga qaraganda, Šāhruxiyya ning tarixiy oti Banākat bo‘lgan ekan.

Mahmud Koshg‘ariy Taškend ni Taškӓn deb keltirgan. U ham o‘tmishda bu shahar Šaš atalganini urg‘ulaydi: Taškӓn – Šaš ning oti. Uning asli Taškend bo‘lib, «toshdan qurilgan shahar» demakdir [DLT.176].

Bobur o‘z davrining bilimdon etimologlaridan biri edi. U Samarqand va uning tarixiy oti haqida ham qiziq ma’lumot bergan. U yozadi: Samarqandnï İskandar binā qïlγandur. Moγul va türk ulusï «Semizkӓnd» derlӓr.

Temür-beg pāytaxt qïlïp edi. Temür-begdin burun Temür-beg-deg uluγ pādšāh Samarqandnï pāytaxt qïlγan emӓstür (BN.91).

«Samarqand» o‘tmishda «Semizkӓnd» atalganini Mahmud Koshg‘ariy ham aytib o‘tgan. U kend~kӓnd so‘ziga izoh berar ekan, shunday yozadi: kend~kӓnd – o‘g‘uzlar va ular bilan yaqin turuvchilar tilida «qishloq», ko‘pchilik

turklar nazdida «viloyat»dir. Shuning uchun Farγāna ni Özkend – «o‘z shahrimiz» deydilar. Samarqand ni kattaligi uchun Semizkend – «semiz shahar» deydilar. Buni forslar Samarqand tarzida qo‘llaydilar (DLT.140).

Bobur Samarqand tevaragidagi viloyat va tumanotlar to‘g‘risida so‘z yuritib, Keshni ham tilga olgan. U yozadi: Yana Keš vilāyatïdur. … Bahārlar ṣaḥrāsï-vu šahrï va bāmï-vu tamï xōb sabz bolur üčün, «Šahr-i-sabz» ham derlӓr. Temürbegniŋ zād-u budï Kešdin üčün, šahr-u pāytaxt qïlurïγa köp sa’y-u ehtimāmlar qïldï … Čūn Kešniŋ qābiliyyatï šahr bolmaqqa Samarqandča emӓs edi, āxir pāytaxt üčün Temürbeg Samarqandnï-oq ixtiyār qïldï (BN.101).

Bobur Samarqand tevaragidagi viloyat va tumanotlarni ta’riflar ekan, Qarshini ham tilga olgan. Bobur yozadi: Yana Qaršï vilāyatïdur-kim, «Nasaf» va «Naxšab» ham derlӓr. «Qaršï» moγulča attur, «gōrxāna»nï moγul tili bilӓ «qaršï» derlӓr. Ǧālibā, bu at Čiŋgiz-xan tasalluṭïdïn söŋ bolγandur (BN.101).


Bu o‘rinda Bobur qaršï so‘zining etimologiyasiga biryoqlama yondashgan. U qaršï so‘zining mo‘g‘ulchada saqlanib qolgan birgina ma’nosiga e’tibor qaratayotir, xolos. Bu so‘z mo‘g‘ulcha emas, sof turkiydir. U mo‘g‘ulchaga o‘zlashib, u tilda so‘zning «go‘rxona» ma’nosigina saqlangan. Bobur ana shuni ko‘zda tutgan ko‘rinadi. Vaholanki, Qaršï so‘zi joy oti sifatida «go‘rxona» ma’nosidagi qaršï ga bog‘lanayotgani yo‘q.

Qadimgi turkiy tilda bu so‘zning qo‘llanish ko‘lami ancha keng. Masalan, Yusuf Xos Hojibning «Qutadg‘u bilig» asarida u «qasr, saroy; o‘rda» ma’nolarida keladi: Yana qaršïqa bardï ewdin turup. – «Uydan chiqib yana saroyga bordi» (QBS.210).


Asarda qaršï so‘zi saray, ordu so‘zlari bilan juft holda ham qo‘llanadi: Qaršï-saray – juft. «qasr-saroy»: Bu kün munda etmӓ bu qaršï-saray. – «Bu kun ba yerda qasr-saroy(lar) bezatma»; qaršï-ordu – juft. «qarshi-o‘rda»: Qalïr qaršï-ordu, saraylar qamuγ. – «Qarshio‘rda, saroylarning bari qoladi» (QBS.210).

Bobur joy otlari to‘g‘risida so‘z yuritar ekan, xalq orasida tarqalgan buning bilan bog‘liq rivoyatlarni ham chetda qoldirgan emas. Masalan, Xo‘jandning g‘arbidagi Hodarvesh degan joy tarixi to‘g‘risida shunday yozadi:

Xōjand bilӓ Kӓnd-i-bādām arasïda bir dašt tüšüptür, Hā-darvešγa mavsūmdur.

Hamiša bu daštta yel bardur. Marγïnānγa-kim, šarqȋdur, hamiša mundïn yel barur.


Xōjandγa-kim, γarbȋdur, dāyim mundïn yel kelür; tund yellӓri bar. Derlӓr-kim, bir nečӓ darveš bu bādiyada tund yelgӓ yoluqup, bir-birini tapa almay, «Hā darveš, hā darveš», dey-dey tamām halāk bolurlar. Andïn beri bu bādiyanï «Hā-darveš» derlӓr (BN.9).

Yoki, boshqa bir o‘rinda, Umarshayx mirzoning masof va urushlari to‘g‘risida so‘zlar ekan, yozadi: Üč maṣāf uruštï. Avval Yūnus-xan bilӓ Andijānnïŋ šimāl tarafïda Sayxūn daryāsïnïŋ yaqasïda Tӓkӓ-sekritgü degӓn yerdӓ. Bu jihattïn ul mavḍa’ bu ismγa mavsūmdur-kim, taγ dāmanasï jihatdïn bu daryā andaq tar aqar-kim, rivāyat qïlurlarkim, ul yerdin tӓkӓ sekrigӓndür, maγlūb bolup elikkӓ tüšti. Yana Yūnus-xan yaxšïlïq qïlïp, vilāyatïγa ruxsat berdi. Bu yerdӓ uruš bolγan üčün Tӓkӓ-sekritgü urušï ul vilāyatta tarix boluptur (BN.15).

Yuqoridagi matnda qayd etilgan joyning oti asar qo‘lyozmasida Tӓkӓ-sektitgü ( )تکه سیکریتکوdeb berilgan (BN.Fac-simile.17.1, 5). Muallifning yozishicha, bu joining oti tӓkӓ sekrigӓn ( ),تکه سیکریکانya’ni «taka sakragan» so‘zidan olingan (BN.Facsimile.17.3). Bobur so‘zlarning qaysi ma’nodan kelib chiqqanini ham yaxshi biladi. Uning yozishicha: Alačanïŋ vajh-i tasmiyasï munï derlӓr-kim, qalmaq va moγul tili bilӓ «öltürgüči»ni «alačï» derlӓr. Qalmaqnï nečӓ qatla basïp, qalïn kišisin qïrγan üčün «alačï» dey-dey kasrat-i iste’māl bilӓ «Alača» boluptur (BN.23). Bobur ishlatgan ayrim juft so‘zlar semantikasi Bobur asarning badiiyligi oshirish, ayrim nozik tushunchalarni ifodalash maqsadida juft so‘zlardan ham unumli foydalangan. Asardan olingan quyidagi jumlalarga e’tibor qiling:


Sulṭān Aḥmad mīrzā kamsuxun-u faqīr va ādamȋ kiši edi. Har söz-ün va iš-küč beglӓrsiz qarār tapmas edi (BN.33). Bu o‘rinda söz-ün – «maslahat; o‘rtaga tashlanadigan fikr», iš-küč – «amal; bajariladigan ishlar» ma’nosidadir.

Bobur Husayn Boyqaro va o‘g‘li Badiuzzamon o‘rtasidagi mojarolar to‘g‘risida so‘z yuritib, uni shunday xulosalaydi: Āxir atalïq-oγulluq arasïda bu guft-u gōylar aŋa munjarr boldï-kim, atasï atasïnïŋ üstigӓ va oγlï oγlïnïŋ üstigӓ Balx-u Astrābādqa čerig tarttïlar (BN.83). Ushbu jumlada ishlatilgan atalïq-oγulluq «yaqinlik, ota-o‘g‘illik» ma’nosidadir.Bobur yozadi: Taškӓndgӓ xan qašïγa bardïm. Šāh-begimni va uruq-qayašnï ham yeti-sekiz yïl bar edi, körmӓydür edim, bu bahāna bilӓ alarnï ham körüldi (BN.113). Bu jumlada kechgan uruq-qayaš – juft so‘z, «qarindosh-urug‘lar» anglamidadir.

Qadimgi turkiy tilda: qadaš ~ qaδaš – «qarindosh; tug‘ishgan» degani. Bobur qo‘llagan qayaš esa [d]~[δ] ning [y] ga o‘zgargan shaklidir: d ~ δ > y. Yoki yana: Bu jamā’atnï qalïn atlïγ-yayaq kelip, ul yerdin kötӓrip köčӓgӓ yïqïpturlar (BN.277). Bu jumlada kechgan atlïγ-yayaq – harbiy atamalar bo‘lib, «otliq va piyoda qo‘shin»ni anglatadi. Har yergӓ barγan-körgӓn nokarlarïm yïγïldïlar (BN.245).


Endi quyidagi jumlalarga e’tibor qiling: Sulṭān Mas’ud mīrzānïŋ beg-u ičkisi va yigit-yalaŋï āzurda bolup edilӓr (BN.115). Beglӓr-u ičkilӓr va yigitlӓr-kim, meniŋ bilӓ qalïp edilӓr, aksarïnïŋ köčlӓri Andijānda edi (BN.113).Beg-u begӓtdin va yigit-yalaŋdïn yeti-sekiz yüz kiši mendin tamām ayrïldïlar (BN.113). So‘nggi jumladagi yigit-yalaŋ so‘zi «Boburnoma»ning Harvard universitetida tayyorlangan nashridagi transkripsiyada yigit-yelӓŋ deb berilgan. Bunda juft so‘zning ikkinchi komponenti yel so‘ziga bog‘langan chamasi. Aslida bu juft so‘zni yigit-yalaŋ shaklida berilgani ma’qul. Sababi yalaŋ so‘zi «yosh, yigirma-o‘ttiz yoshlardagi», hatto «turmush qurmagan, boshi ochiq yigit-qizlar»ga nisbatan ishlatiladi: o‘zbekchada yosh-yalang deydi. Yoki boshyalang – «boshida ro‘moli yoki bosh kiyimi yo‘q kishi»ni aytadi. Toshkentning sharqiy biqinida Yalang‘och (< Yalaŋγač) degan yer bor. Bu «yapyalong‘och» degani emas, «yalangliq; ochiq joy», ya’ni yalaŋlïq egan ma’noni beradi. Yuqoridagi jumlada kechgan Beglӓr-u ičkilӓr va yigitlӓr birikmasi inglizchaga The families of most of the begs, ičkis deb; keyingi jumladagi Beg-u begӓtdin va yigityalaŋdïn birikmasi esa begs and warriors deb tarjima qilingan (qarang: BN.112). Bu o‘rinda ičkilӓr – «saroy ichidagi yuqori mansabli kishilar»dir; beg-u begӓtdagi begӓt – beg ning ko‘plik shakli; to‘g‘rirog‘i, stilistik jihatdan qaralganda, uning kuchaytirma shaklidir; yigit-yalaŋ deganda – «yosh-yalang, yigit-yalang» tushuniladi. Chog‘ishtiring: Yaraš ṭarḥïn araγa salïp ičkӓridin Maḥmūd barlas keldi. Tašqarïdïn Ḥājȋ Pīr bökӓwül-u uluγ aγalar va ne-kim bolγan sāzanda-vu xvānanda kelip … (BN.71). Yoki yana: Āxir Badī’u-z-zamān mīrzā araγa tüšüp, yarašïp, ičkӓri-tašqarï tüškӓn yigitlӓrni alïšïp, yandïlar (BN.71).

Tarjimada so‘zlarning ana shunday nozik ma’nolari inobatga olingani ma’qul. Juft so‘zlarning ishlatilishiga yana misollar: Qara-bulaqqa tüškӓndӓ ba’ḍi kirgӓn kend-kesӓkkӓ bašsïzlïq qïlγan moγullarnï tutup keltürdilӓr (BN.81). Bu jumlada kechgan kend-kesӓk «kichik-kichik kendlar» degan ma’nodadir. Meniŋ anam egӓčisingӓ qorγanda turup, bolγan köč-u uruq va kiši-qarasïnï Oratepӓgӓ čïqarïp yibӓrdi, özi bir nečӓ kiši-qarasï bilӓ jarīda qorγanda turdï (BN.183).Bujumladagi kiši-qarasï «oddiy kishilari, xalqi, fuqarosi» ma’nosidadir. Čūn qïš yawuq bolup edi, el ašlïq-tölükini tamām kötӓrip edilӓr, bu jihatlardïn nečӓ kündin söŋ Andijān sarï murāja’at qïlïldï (BN.65). Ushbu jumladagi ašlïq-tölükini «ovqati va kiyimlarini» degan ma’nodadir.

Bobur qarama-qarshi ma’noli so‘zlarni juftlash, so‘z qaytarig‘i, ya’ni bir so‘zni takrorlash usullaridan ham unumli foydalangan.

Asarda qarama-qarshi ma’noli so‘zlarni juftlash bilan anglashilayotgan ma’no umumlashtiriladi: Xusravšāhnïŋ yaxšï-yaman, uluγ-kičik nokarï tört-beš miŋ bolγay edi (BN.71). Mašvarat qïlïp, ölüg-tirigni Samarqand qorγanïnïŋ ičidӓ körüp, qorγannï berkitmӓk bolduk (BN.183). Ušbu yurtta ekӓndӓ, Kābulnïŋ üstigӓ fī’l-ḥāl barurnï-barmasnï keŋӓšildi (BN.259). Bu jumladagi barurnï-barmasnï «borish yoki bormaslikni» anglamidadir.


Matnda so‘z qaytarig‘i, ya’ni so‘zlar takrori ma’noni kuchaytiradi: Uluγ-uluγ beglӓr va yaxšï-yaxšï yigitlӓr, qalïn kiši bu urušta talaf boldï (BN.183). Barïp mulāzamat qïlsam, ötkӓn kūduratlar raf’ bolsa, yïraqta-yawuqta ešitür, körӓrga yaxšï bolγay (BN.63). Bu jumladagi yïraqta-yawuqta uzoq-yaqinda degan ma’noni anglatadi.


Numerativlarda so‘z qaytarig‘i bilan miqdor oshiriladi: Āxir közӓ-közӓ suw keltürüp quyup, tasqï elni naqbdïn qačurdïlar (BN.69).


Turkiy yozuv imlosi va kitobat ishi bilan bog‘liq ma’lumotlar


«Boburnoma»da bāburî xaṭṭï deb ataluvchi yozuv bilan bir qatorda arab alifbosi negizida shakllangan turkiy yozuv va uning uslublari, imlo xususiyati, kitobat ishi haqida ham so‘z yuritilgan. Turklar arab alifbosini o‘z tillariga moslab o‘zlashtirganlar. Shuning uchun ham asl arab alifbosi bilan turkiy tilga moslangan alifbo orasida imlo tizimida, harflarning vazifalarida anchagina farq bor. Arab alifbosi negizidagi turkiy yozuvning imlo prinsiplari puxta ishlangan edi. Yozuvda unlilarni ifodalash uchun alifbodagi uchta harf – alif, vāv, yā hamda harakatlar, turli harfiy ishoratlardan foydalanilgan. Ma’lumki, turklar o‘tmishda keng qo‘llagan uyg‘ur xatida unlilar yozuvda izchil tarzda ifoda etilar edi. Turklar arab xatini o‘zlashtirganlarida qadimgi turkiy yozuvning ana shu prinsipini saqlab qoldilar. Oqibatda, arab xati asosidagi turkiy yozuvda ham unlilar uchun alif, vāv, yā harflari, ko‘pincha, to‘liq ishlatiladigan bo‘ldi. Yozuvning bu xususiyati o‘sha zamon tilshunoslari nazaridan chetda qolgan

emas. «Attuhfatu-z-zakiyatu fillug‘ati-t-turkiyya» asarining muallifi arab alifbosi negizidagi turkiy yozuvning imlo xususiyatlari to‘g‘risida shunday yozadi: «Bilgilki, turk tilida shakl yo‘q. Shakl yo‘qligi uchun bir qancha aniqsizlik va xatolar paydo bo‘lar edi. Shuning uchun ana shu aniqsizlikdan qutilish uchun ot, fe’l va hurufni yozishda maxsus shakl qo‘llash usulini qabul qildilar. Ya’ni fatḥa o‘rnida alif, kasra o‘rnida yā, ḍamma o‘rnida vāv qo‘llay boshladilar» (AZFT,10). Bunda muallif «turk tilida shakl yo‘q» deganda turkiy yozuvda tovushlar tizimidagi «cho‘ziqlik» va «qisqalik»ni berish muhim emasligi, diakritik belgilarning turg‘un vazifasi yo‘qligini ko‘zda tutgan; «ana shu aniqsizlikdan qutilish uchun ot, fe’l va hurufni yozishda maxsus shakl qo‘llash usulini qabul qildilar» deganda esa arabiy yo forsiy matnlardan farqli o‘laroq, turkiy so‘zlarni yozishda matnda unlilarni harflarda to‘liq berish qoidasi joriy etilganini ko‘zda tutadi [Sodiqov 2020, 270–271]. Turkiy imlodagi bu o‘zgachalikka Bobur ham katta urg‘u qaratgan va uning ilmiy jihatlarini asoslab bergan edi. U o‘zining aruz ilmiga bag‘ishlangan «Muxtasar» asarida turkiy imlo haqida ma’lumot berib, yozadi: Yana alif-u vāv-u yā dur-kim, türkȋ imlāsïda fatḥa va ḍamma va kasra nïŋ ’alāmatïdur, talaffuẓγa kelmӓs, taqṭȋ’da sāqiṭ bolur, γāyataš ba’ḍi maḥalda mutallafaẓ bolsa, mujavuzdur [Muxtasar, 23a, 9–11]. Eng muhimi, «Muxtasar» asarida Bobur poetologiya, xususan, aruz nuqtayi nazaridan arab alifbosi negizidagi turkiy yozuvning o‘ziga xosligi, imlosi, harf va tovush munosabatlari, harflarning she’riy tizimdagi vazifalarini, turkiy she’r o‘lchovlarining fonologik qoidalarini yoritib berdi.

«Boburnoma»da kitobat ishi va yozuv amaliyoti, hujjatchilik ishlari bilan bog‘liq butun boshli atamalar tizimi qo‘llangan. Masalan, asarda «yozishma, maktub» ma’nosida xaṭṭ (arab. ’ ),خطarḍadāšt (fors. )عرضه داشتatamalari ishlatilgan: Sulṭān Ḥusayn mīrzānïŋ bu xaṭṭlarï mūjib-i nā-umidlik boldï [BN.251]. Bobur o‘z asarida kitābat (arab. )كتابةatamasini ham ishlatgan. U Alisher Navoiybilan bo‘lgan yozishmasini, xatini ana shunday atagan. Mana o‘sha yozganlari: Buikkinči navbat Samarqandnï alγanda, ’Alî-Šer-beg tirig edi. Bir navbat meŋä kitābatï ham kelip edi. Men ham bir kitābat yïbӓrip edim, arqasïda türkî bayt aytïp, bitip yibӓrip edim. Javāb kelgünčä, tafriqa-vu γavγā boldï (BN.175). «Boburnoma»da muhrning bir turi sifatida čahārsu muhr tilga olingan. Asarda Mir G‘iyos tog‘ayi to‘g‘risida so‘z borar ekan, yozadi: Moγul mīrzādalarï arasïda Sulṭān Abusa‘id mīrzā ešigida mundïn ilgӓrirӓk kiši yoq edi. Sulṭān Abusa‘id mīrzāning čahārsū muhrï munda edi (BN.29).

Ilk va o‘rta asrlarda Markaziy Osiyoning yirik madaniy markazlarida qog‘oz ishlab chiqarishga katta e’tibor berilgan. Sharqning bir qancha markazlarida ishlab chiqarilgan qog‘oz dunyo bozorida dovrug‘ qozongan edi. Jumladan, Samarqand, Hirot qog‘ozi o‘zining sifati bilan ajralib turardi.

Bobur Samarqanddagi hunarmanchilik ishlari, shaharning dovrug‘ qozongan yaxshi mol-tavarlari to‘g‘risida so‘z yuritar ekan, Samarqand qog‘ozini ham tilga oladi.U yozadi: ’Ālamda yaxšï kāγaδ Samarqanddïn čïqar. Juvāz-i kāγaδlar suyï tamām Kāni-gildïn kelӓdür. Kān-i-gil Siyāh-āb yaqasïdadur-kim, bu qara sunï «Āb-i-raḥmat» ham derlӓr [BN. 97, 99].


Bobur hind kitobati haqida ham biz uchun qiziq bo‘lgan ma’lumotni keltirgan. U Hindiston nabototi haqida so‘z yuritar ekan, tār deb ataluvchi daraxtni tilga oladi. Uning ko‘rinishi, yaproqlarini ta’riflab, hindi xatini daftar yo‘sinli ana shu yaproqlarga bitishlarini ta’kidlaydi. U yozadi: Yana bir tārdur, tārnïŋ šāxlarï ham bašïda-oq bolur. Tārγa ham xurmā-deg közӓ baγlap, suyïnï alïp ičӓdürlӓr. Bu sunï «tārȋ» deydürlӓr. Munïŋ kayfiyyatï xurmā suyïnïŋ kayfiyyatïdïn tundraq bolur emiš. Tārnïŋ šāxlarïnïŋ bir qarï-bir yarïm qarïγača heč bargi bolmas. Andïn soŋ otuzqïrq barg šāxïnïŋ učïda bir yerdin-oq panja uradur. Bu barglarïnïŋ uzunluqï bir qarïγayawušur. Hindi xaṭṭlarnï daftar yosunluγ bu barglarda xeylȋ bitiydürlӓr [BN. 613].


Bobur o‘z davri hukmdorlari haqida so‘z yuritar ekan, ularning bilim darajasiga, kitob o‘qishiga ham e’tibor qaratadi. Jumladan, otasi Umarshayx mirzoning axloq va atvori to‘g‘risida so‘z yutitar ekan, yozadi: Ravān savādï bar edi. «Xamsatayn» va

masnavȋ kitāblarnï va tārixlarnï oqup edi. Aksar «Šāhnāma» oqur edi. Ṭab’-i naẓmï bar edi, vale še’rγa parvā qïlmas edi [BN. 13].

Muallif o‘z davrida shuhrat qozongan xattotlarni tilga olar ekan, ular qanday xat turida qalam surganlariga ham alohida e’tibor qiladi. Jumladan, Ali Darvesh to‘g‘risida so‘zlar ekan: Mardāna kiši edi, nasxta’liq xaṭïnï ṭavrȋ bitir edi, deb yozadi Bobur (BN.29).Husayn Boyqaroning umarosi haqida so‘z yuritar ekan, Xoja Abdullo Marvoriy haqida: Xuṭūṭnï xōb bitir edi. Ta’liqnï xōbraq bitir edi, inšānï xōb qïlur edi, deb yozadi Bobur (BN. 363). Bobur Hirot adabiy va madaniy muhiti to‘g‘risida so‘z yuritar ekan, kotib Sulton Ali Mashhadiyni ham tilga oladi. U yozadi: Xušnavīslardïn agarči heylȋ kiši bar edi, vale barïnïŋ sarāmadï nasx-ta’līqda Sulṭān ’Alȋ Mašhadȋ edi. Mīrzā üčün, ’Alȋ-šerbeg üčün qalïn kitābatlar qïldï. Har kündӓ otuz bayt Mīrzā üčün va yigirmӓ bayt ’Alȋ-šerbeg üčün biti(r) edi (BN.379)

«Boburnoma»da o‘rta asrlar uchun muhim sanalgan kutubxonalar to‘g‘risida ham ma’lumot bor. Muallif G‘oziyxonning qo‘rg‘onini zabt etkan chog‘da, uning kutubxonasiga ham kirganligini yozadi: Ǧāzȋxannïŋ kitābxānasïγa kildim. Bir nečӓ nafīs kitāblar čïqtï. Bir nečӓsini Humāyunγa berip, bir nečӓsini Kāmrānγa yibӓrdim. Mullāyāna kitāblar xud bisyār erdi. Vale anča nafīs kitāblar-kim, köz tuturulur edi, anča čïqmadï (BN.555).


Bobur o‘rta asrlardagi ilm tarmoqlari, ularning yirik namoyandalari haqida ham ma’lumot bergan. Masalan, Hirot ilmiy muhiti va uning vakillari haqida yozadi:Yana Mīr Jalāluddīn muḥaddis edi. Ḥadīs ’ilmïnï Xurāsānda anča bilür kiši yoq

edi (BN.371). Yana Mīr ’Aṭāullāh Mašhadȋ edi. ‘Arabȋyyat ’ilmïnï yaxšï bilür edi. Qāfiyada birfārsȋ risāla bitiptür (BN.373). Yana Qāḍȋ İxtiyār edi. Qāḍȋlïqnï xōb qïldï. Fiqhda bir fārsȋ risāla bitiptür, tavr risāladur. Yana bir maḍmūn bilӓ iqtibās üčün āyat-i kalāmȋnï jam’ qïlïptur (BN.373).


Tuganchi


Zahiriddin Muhammad Bobur ulug‘ hukmdor, ajoyib sarkarda, benazir adib va tarixchi, adabiyotshunos, musiqashunos bo‘lishi bilan birga, kuchli tilshunos ham edi. Boburiy xatini aytmaganda, uning tilshunoslikka oid maxsus asari yo‘q. Olim

«Boburnoma» asarini yozar ekan, ora-orada ayrim joy otlarining etimologiyasi haqida mushohada yuritadi, ularning tarixiy otlari haqida ma’lumot beradi. Yana bir jihati, asarda muallif turkiy tilning boy imkoniyatlaridan unumli foydalangan. U so‘zlarni bilib-bilib ishlatadi, so‘zlarning ma’nolari, ularning uslubiy xususiyatlarini anglashda har bir adib va tarixchi Boburga tenglashavermaydi. «Boburnoma» yuksak balog‘at darajasida yozilgan asardir. Bularning bari til bilimi sohasida Bobur kuchli bilim egasi,o‘tkir tilchi olim ekanini anglatib turadi.


Qosimjon Sodiqov

Filologiya fanlari doktori, professor, Toshkent davlat Sharqshunoslik universiteti

Zahiriddin Muhammad Bobur merosining sharq davlatchiligi va madaniyati rivojida tutgan o‘rni uluslararo ilmiy-nazariy konferansi materiallari Toshkent ., 2023

Fikr qoldirish#


O‘qish tavsiya qilinadi
Yosh shoirning shakllanishi yoki Bobur Mirzo Farg‘ona viloyati podshohi (1494-1504)

Zahiriddin Muhammad Bobur 1483 yil 14 fevral kuni Andijonda Farg‘ona...

Hukmdorlarga o‘rnak bo‘ladigan, dunyo olimlari havas qiladigan umr e’tirofi

This article explores the historical significance of Babur and the...


Maqolani baholang
0.0