Sinov yoʻsinida ishlamoqda

Bo‘limlar Tadbirlar Qozog‘istonda xalqaro konferensiya o‘tkazildi

Qozog‘istonda xalqaro konferensiya o‘tkazildi

Chimkent shahridagi Qozog‘iston xalqi assambleyasi binosida Bobur hazratlari tavalludining 540 yilligiga bag‘ishlangan "Zahiriddin Muhammad Bobur ijodi va Jahon hamjamiyati" deb nomlangan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazildi.

2023-10-26 11:55:29 126 Tadbirlar

Joriy yilning 24-25-fevral kunlari Chimkent shahridagi Qozog‘iston xalqi assambleyasi binosida Qozog‘iston xalqi assambleyasining qo‘llovi bilan Qozog‘iston o‘zbeklari «Do‘stlik» hamjamiyati, Xalqaro Amir Temur xahriya jamoat fondi, Jumabek Tashinov nomidagi universitet hamkorligida Bobur hazratlari tavalludining 540 yilligiga bag‘ishlangan «Zahiriddin Muhammad Bobur ijodi va Jahon hamjamiyati» deb nomlangan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazildi.


Anjumanni ochib bergan Qozog‘iston o‘zbeklari «Do‘stlik» hamjamiyati raisi, Xalqaro Amir Temur xayriya jamoat fondi Qozog‘iston Respublikasi bo‘limi rahbari Ikrom Xoshimjonov ma’ruzasida 2022 yil 21-22 dekabr kunlari Qozog‘iston Prezidentining mamlakatimizga tashrifi chog‘ida ikki davlat rahbarlari imzolagan «O‘zbekiston Respublikasi va Qozog‘iston Respublikasi o‘rtasida ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risida»gi shartnomaga to‘xtalib, uning zamirida qardosh xalqlar buyuk siymolari – shoir yozuvchilari, davlat arboblarining yubleylari keng nishonlanayotgani haqida so‘z yuritdi. Nutqi davomida anjuman ishlariga zafar tilab, Qozog‘iston xalqi assambleyasi raisi o‘rinbosari Marat Azilxanovning anjuman ishini yuqori saviyada o‘tishiga omad tilab va ishtirokchilarga yo‘llagan «Tabrik xati»ni o‘qib berdi. Elchi janoblari Qozog‘iston xalqi assamblechsa va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar mahkamasi huzuridagi millatlararo munosabatlar hamda horijiy davlatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi orasidagi hamkorlik memorandumi bandlarini amalga oshirish borasida olib borilayotgan amaliy ishlar borasida to‘xtalib o‘tdi.


O‘zbekiston Respublikasining Qozog‘istondagi elchisi Saidikrom Niyozxo‘jayev ham o‘z nutqi davomida ishtirokchilarga qutlovlarini o‘qib eshittirdi. Ushbu yig‘inga Turkiyadan tashrif buyurgan olim Aslan Baxtiyor ham o‘z ma’ruzasi bilan ishtirok etdi.

Qiziqarli tomoni shundaki, Qozog‘iston Respublikasi «Darin» davlat mukofoti lauriati dramaturg, taniqli kinoaktyor Bayg‘ali Yesenaliyev qozoq tarixchisi Muhammad Haydar Dug’lat Zahiriddin Muhammad Boburning tug‘ishgan xolavachchasi ekanligini tarixiy dalillar bilan isbotlab berib anjuman ishini jonlantirib yubordi. Bobur Hindiston shohi bo‘lib turgan paytida bo‘lasi Muhammad Haydar Dulati Kashmir shahrini xokimi bo‘lganligi ham tarixdan ayon edi. Bu degani qardosh o‘zbek va qozoq xalqlarining azaldan ildizi bir xalqlar ekanligida dalolat edi. Ayniqsa sahna ko‘rinishidagi Zahiriddin Muhammad Bobur va Muhammad Haydar Dulatilarning monologlari tomoshabinlar qalbini junbushga keltirdi.

Tadbir davomida Abubakir Xonxo‘jayev Sohibqiron siymosini gavdalantirgan sahna ko‘rinishlari bilan tomoshabinlar yuragida yana bir karra iz qoldirdi.


Anjumanning ikkinchi ish kuni Sayram hududidagi Yu.Saryomi nomli № 107 maktab-litseyida o‘tdi. Samarali va sermazmun o‘tgan ikki kunlik xalqaro ilmiy-amaliy anjuman ustozlar qalbida bir umr muhrlanib qoladi desak mubolag‘a bo‘lmaydi. O‘zbekistonlik mehmonlarga qozoq xalqining ramziy ma’nodagi yog‘ochdan yasalgan o‘yma qora shang‘iroq, qo‘biz va do‘mbradan iborat bo‘lgan suveniri ayollarga esa saukele tortiq etildi.

Boburiylar saltanatiga asos solgan Zahiriddin Muhammad Boburning 540 yilligiga bag‘ishlangan xalqaro anjuman juda yuqori saviyada va esda qolarli tarzda o‘tkazildi.

 

Xalqaro Amir Temur xayriya jamoat fondi axborot xizmatidan olindi.

Fikr qoldirish#