Sinov yoʻsinida ishlamoqda

Bo‘limlar Mahalliy “Bobur: Yulduzli tunlar” ingliz tiliga tarjima qilindi

“Bobur: Yulduzli tunlar” ingliz tiliga tarjima qilindi

O‘zbekiston xalq yozuvchisi Pirimqul Qodirov qalamiga mansub “Bobur: Yulduzli tunlar” romanining inglizcha nashri (“Babur: Starry Nights”) chop etilgani barcha ijodkorlarni xursand qildi.

2024-02-05 09:51:29 156 Mahalliy

Poytaxtimizda ushbu kitobning taqdimot marosimi bo‘lib o‘tdi.   

Tarixiy roman atoqli shoir, sarkarda va davlat arbobi Zahiriddin Muhammad Boburning (1483–1530) dramatik hodisalarga boy qismatidan hikoya qiladi.  

Sohibqiron Amir Temur nasliga mansub Bobur Mirzo zamonaviy Hindiston, Pokiston, Bangladesh va Afg‘onistonning janubi-sharqiy qismini egallagan, Britaniya mustamlakasiga qadar, XIX asr o‘rtalarigacha hukm surgan Boburiylar davlatiga asos soldi. 


Bobur hayoti davomida boshidan kechirganlari, g‘alaba va mag‘lubiyatlari, shubha va iztiroblarini keyinchalik "Boburnoma" degan nom bilan mashhur bo‘lgan xotiralar daftarida bayon etib borgan. Pirimqul Qodirov betakror romanini yozishda "Boburnoma"ga tayangan.   

Kitobni o‘qir ekansiz, XV–XVI asrlarda Markaziy Osiyo va Hindistonda kechgan tarixiy voqealar bilan yaqindan tanishasiz.   

Romanni britaniyalik adabiyotshunos Kerol Yermakova ingliz tiliga o‘girgan. Tarjima matni Juli Uikenden tomonidan tahrir qilingan. Taniqli o‘zbek rassomi Bobur Ismoilov esa nashr uchun suratlar ishlagan. Kitob Fransiyaning nufuzli “Nouveau Monde Editions” nashriyotida chop etilgan.  

Ma’lumot o‘rnida aytish kerakki, “Babur: Starry Nights” kitobi Islom Karimov fondining 6 yillik faoliyati davomida amalga oshirgan o‘n oltinchi noshirlik loyihasi bo‘ldi.   


Manba: O‘zA 

Fikr qoldirish#