Sinov yoʻsinida ishlamoqda
Ko‘zumda muttasil ul egma qosh kerak bo‘lsa,
Qoshimda ko‘z yorug‘i ul quyosh kerak bo‘lsa.
Kim ko‘rar xurshidni, ul mohsiymo bo‘lmasa,
Kim so‘rar shakkarni, ul la’li shakarxo bo‘lmasa.
Gul tikandur ko‘zlarimga ul yuzi guldin yiroq,
Sarv o‘qtur bag‘rima ul sarvi bolo bo‘lmasa.
Jonima o‘t soldi ul ruxsorai zebo yana,
Ko‘ngluma ul zulf bo‘ldi moyai savdo yana.
Ko‘rsatib ruxsoru zulfin ul paripaykar manga,
Jonu ko‘nglumni qilibtur volavu shaydo yana.
O‘lum uyqusig‘a borib, jahondin bo‘ldum osuda,
Meni istasangiz, ey do‘stlar, ko‘rgaysiz uyquda.
Nekim taqdir bo‘lsa, ul bo‘lur tahqiq bilgaysiz,
Erur jangu jadal, ranju riyozat barcha behuda.
Xating aro uzoring sabza ichinda lola,
Ul chashmi purxumoring loladag‘i g‘azola.
Barcha parilar, ey jon, girdingda zoru hayron,
Go‘yo erur namoyon oy tegrasinda hola.
Soqi, erur ishrat chog‘i, afsurda bo‘lma day bila,
O‘ttek chog‘ir keltur, dag‘i suhbat tutoshur may bila.
Ulki yillar, oylar o‘tkargay g‘amu motam bila,
Shodu xurram bo‘lmag‘ay navro‘z ila, bayram bila.
Ulki davronning oyog‘idin damo-dam qon yutar,
Nash’a topmas, gar ichar har davr jomi Jam bila.
G‘urbatg‘a soldi charx meni yuz jafo bila,
Yod ayla men g‘aribni gohi duo bila.
Behad vafou mehr sanga ko‘rsatib edim,
Sen ham sog‘ing‘asen meni mehru vafo bila.
Xush ulkim, yordin qat’ aylabon tarki diyor etsa,
Jahon kezmak ila beqaydlig‘ni ixtiyor etsa.
Аningdek bo‘lsakim, aslo tafovut bo‘lmasa paydo,
Аgar bu dahri dun xor aylasa, gar e’tibor etsa.
Ulki manga yori dilnavoz ko‘rundi,
Javrni ko‘rsatti ko‘pu oz ko‘rundi.
Bo‘ldi boshim past poybo‘sida oxir,
Garchi burun asru sarafroz ko‘rundi.
Ne chamanda sarv bor ul qomati ra’no kibi,
Ne guliston ichra gul bor ul ruxi zebo kibi.
Ne jafo tavrida bor dunyoda ul bemehrdek,
Ne vafo bobida bor olamda men shaydo kibi.
Shomi hijronin manga ul bevafo ko‘rsatmagay,
Hajr shomi asru muhlikdur, Xudo ko‘rsatmagay.
Ul qaro ko‘z hajrida tundek qarordi kunduzum,
Yo Rab, andoq kunni ul ko‘zi qaro ko‘rsatmagay!
Yuz ko‘rsatib o‘lturursen, ey oy,
Yo‘q sen kibi xudnamou xudroy.
Qadding «alif»u qoshing erur «yo»,
Desam ne ajab agar seni oy.
G‘unchadek ko‘nglum mening gulzor mayli qilmag‘ay,
G‘am bila butgan ko‘ngul gulgasht ila ochilmag‘ay.
Ranga-ranga gullaringni, bog‘bon, arz etmakim,
Tah-batah qonlig‘ ko‘ngul gul orzusin qilmag‘ay.
Gahi sog‘in, ne bo‘ldi, zorlarni,
Unutmag‘il burunqi yorlarni.
Seni ko‘rmay, yirokdin zor bo‘ldum,
Biror yod et yiroqdin zorlarni.
Yo qoshing yanglig‘ egilgan jismi zorimnimu dey,
Yo sochingdek tiyra bo‘lg‘on ro‘zgorimnimu dey?
Hajri qotil birla ko‘nglum holatinmu sharh etay,
Dardi muhlik ichra joni beqarorimnimu dey?